Sotilgan mahsulot (tovar, ish, xizmat)larning tannarxini
hisobga oluvchi schyotlarning (9100) bog‘lanishi
Sotilgan mahsulot (tovar, ish, xizmat)larning tannarxini hisobga oluvchi schyotlar sotilgan tayyor mahsulotlar, tovarlar, bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlarning tannarxi to‘g‘risidagi axborotni umumlashtirish uchun mo‘ljallangan.
Hisob quyidagi schyotlarda amalga oshiriladi:
9110 "Sotilgan tayyor mahsulotlarning tannarxi";
9120 "Sotilgan tovarlarning tannarxi";
9130 "Bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmatlarning tannarxi";
9140 "Davriy hisobda TMZ sotib olish/xarid qilish";
9150 "Davriy hisobda TMZ bo‘yicha tuzatishlar".
Tayyor mahsulotlar, tovarlar, ishlar, xizmatlar sotilganda, sotilgan tayyor mahsulotlar, tovarlar, ishlar, xizmatlarning tannarxi 9110 "Sotilgan tayyor mahsulotlarning tannarxi", 9120 "Sotilgan tovarlarning tannarxi", 9130 "Bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmatlarning tannarxi" schyotlarining debetida xarajatlar, tayyor mahsulotlar (2800), tovarlar (2900)ni hisobga oluvchi schyotlar bilan bog‘langan holda aks ettiriladi.
Hisobot davrining oxirida 9110-9130 schyotlari 9910 "Yakuniy moliyaviy natija" schyoti bilan yopiladi.
Sotilgan mahsulot (tovar, ish, xizmat)larning tannarxini hisobga oluvchi schyotlar (9100)dan amalda foydalanish korxonada qo‘llaniladigan tovar-moddiy zaxiralarning uzluksiz yoki davriy hisob usuliga bog‘liq.
Tovar-moddiy zaxiralarni uzluksiz hisobga olish usuli qo‘llanilganda har bir mahsulot yoki tovarning tannarxi uning ishlab chiqarish jarayonidagi harakatiga qarab xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlarda to‘planadi.
Tovar-moddiy zaxiralarni davriy hisobga olish usulidan foydalanilganda har bir mahsulot (tovar)ning tannarxi hisobot davri davomida vaqtinchalik 9140 "Davriy hisobda TMZ sotib olish/xarid qilish" schyotida yig‘iladi, biroq sotilgan mahsulotlar, tovarlarning haqiqiy tannarxini faqat TMZni inventarlash o‘tkazilgandan so‘ng aniqlash mumkin. 9150 "Davriy hisobda TMZ bo‘yicha tuzatishlar" schyoti - hisobot davrining oxirida inventarlash natijasida TMZ mavjudligini aks ettirish uchun foydalaniladigan vaqtinchalik schyotdir. Qayd etilgan schyotning debeti bo‘yicha TMZning kamayishi, krediti bo‘yicha TMZning o‘sishi TMZni hisobga oluvchi schyotlar (1000-2900) bilan bog‘langan holda aks ettiriladi.
9150 "Davriy hisobda TMZ bo‘yicha tuzatishlar" schyotining qoldig‘i 9910 "Yakuniy moliyaviy natija" schyotiga o‘tkazilishi orqali yopiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |