Bosqon uloqtirish texnikasi
Bosqon metall shardan iborat bo‘lib, po‘lat sim orqali dastaga biriktirilgandir. SHar temir, po‘lat, cho‘yan yoki lutundan yasaladi. U yaxlit quyilgan yoki ichiga ancha og‘ir metall (qo‘rg‘oshin, simob) to‘ldirilgan bo‘lishi mumkin. Uloqtirish uchun sportchining yoshiga qarab bosqon turli xil og‘irlikda bo‘ladi: erkaklar uchun – 7 kg 265 g, katta o‘smirlar uchun – 6 kg, kichik o‘smirlar uchun – 5 kg. Barcha asboblarning uzunligi bir xil (118-122 sm).
Bosqon uloqtirish musobaqasi 2,135 m diametrga ega bo‘lgan sement yoki asfalt doiradan turib, 34,92o sektorda o‘tkaziladi. Uloqtirish doirasi balandligi kamida 3,5 m bo‘lgan ehtiyot to‘ri bilan to‘silgan bo‘lishi kerak.
Bosqon uloqtirish uni dastlabki aylantirish, bir necha marta aylanish va snaryadni chiqarib yuborish bilan oxirlanadigan oxirgi kuchlanishdan iborat.
Uloqtirish vaqtida sportchi bosqonga o‘z kuchi bilan ta’sir o‘tkazib, uni doiraga yaqin bo‘lgan egri chiziq bo‘ylab jadal harakatlantira boshlaydi. Bosqonni gorizontga nisbatan optimal burchak ostida (440) uloqtirib tayyorlanish uchun uni qiya yuza bo‘ylab aylantiriladi.
Uloqtiruvchining bosqonga berilgan kuchi og‘irligini engish va unga markazga intiluvchi hamda urinma (tangensial) tezlanish bag‘ishlashga sarflanadi. Bosqonni aylantirayotganda juda katta markazdan qochuvchi kuch hosil bo‘ladi (60 m ga uloqtirganda bu kuch 270 kg dan ortiq bo‘ladi). Uloqtiruvchi ana shu kuchga qarshi tura olish uchun bosqonga qarama-qarshi tomonga engashishga majbur bo‘ladi. Bu esa aylanish vaqtida uning barqaror muvozanat holatini saqlab qolishga yordam beradi.
Aylanishlar vaqtida uloqtiruvchi bilan bosqon bir o‘q atrofida aylanayotgan yaxlit tizimni tashkil qiladi. Uloqtiruvchi va tortib turgan bosqon (aylanish vaqtida) faqat aylanma harakat qilib qolmasdan, uloqtirish yo‘nalishida olg‘a intiluvchi harakatni ham bajaradi. Aylanishlar tezligi tinmay o‘sib borishi kerak. Dunyodagi eng yaxshi uloqtiruvchilar bosqonni uch aylanishda uloqtiradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |