Yerlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishning huquqiy holati
Yerdan foydalanish huquqining vujudga kelish va bekor bo`lish asoslari va tartibi
Download 91 Kb.
|
Ekalogiya huquqi mustaqil ish DAVRON MURODOV
4. Yerdan foydalanish huquqining vujudga kelish va bekor bo`lish asoslari va tartibi.Yerdan foydalanish huquqi O`zbekiston Respublikasining Yer Kodeksiga binoan quyidagi asoslarda vujudga keladi: 1)doimiy foydalanish huquqi asosida; 2) meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida; 3)ijaraga olish huquqi asosida; 4) mulk huquqi asosida. Yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi deganda korxona, muassasa, tashkilotlarga va fuqarolarga oldindan belgilanmagan muddat asosida yer maydonlarini berib qo`yishlik tushuniladi. Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi deganda dehqon xo`jaligi yuritish, yakka tartibda uy-joy qurish, jamoa bog`dorchiligi va uzumchiligi yuritish uchun beriladigan yer uchastkalaridan foydalanish tushuniladi. Bu yer uchastkalari qonuniy meros huquqi asosida vorislarga o`tadi. Yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga dehqon xo`jaligi yuritish, uy-joy qurish, jamoa bog`dorchiligi bilan shug`ullanish maqsadlarida beriladi. Yerdan ijara asosida foydalanish deganda ijarachi tomonidan ma'lum muddatga, ma'lum haq evaziga yer egasidan yer uchastkasini foydalanish uchun olish tushuniladi. Yer uchastkasi ijarasining shartlari va muddatlari taraflarning kelishuviga binoan belgilanadi va shartnomada mustahkamlab qo`yiladi. Qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan yerlar ijaraga ellik yilgacha bo`lgan, biroq o`n yildan kam bo`lmagan muddatga beriladi. Yerdan ijara asosida hozirda asosan fuqarolar fermer xo`jaligi yuritish uchun foydalanadilar. Yerdan xususiy mulk asosida foydalanish ko`chmas mulk joylashgan yer uchastkalarini sotib olish asosida vujudga keladigan tasarruf qilish, egalik qilish va foydalanishdir. O`zbekiston Respublikasi Yer Kodeksining 18-moddasiga binoan yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo`lgan mulk huquqi savdo va xizmat ko`rsatish sohasi obyektlari ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga xususiylashtirilganda vujudga keladi. Bundan tashqari, diplomatiya vakolatxonalari xodimlari chet el yuridik va jismoniy shaxslari uy-joy sotib olganlarida shu uy-joy joylashgan yer uchastkalariga nisbatan mulk huquqi vujudga keladi. Yer uchastkalarini egalik qilish va foydalanish uchun berish yer ajratish tariqasida amalga oshiriladi. Yer uchastkalarini ajratib berish O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar, shaharlar hokimlari tomonidan amalga oshiriladi. Yerdan foydalanishni kelib chiqishida yer berish jarayoni muhim ahamiyatga ega. Yer berish foydalanishni keltirib chiqaruvchi asosiy vosita bo`lib, bu jarayon ma'lum bosqichlardan iborat. Dastlabki bosqich yer berilishini so`rab berishdir; ikkinchi bosqich ushbu arizani tegishli davlat organida ko`rib chiqish; uchinchisi yer berish to`g`risida qaror chiqarish; to`rtinchisi natura tartibida yer uchastkasini joyida yer tuzilishiga asosan ajratib berishdan iborat. Demak, yerdan foydalanish o`z-o`zidan kelib chiqmasdan, balki belgilangan tartibda, yer berish jarayoni orqali amalga oshiriladi. Yer uchastkasidan natura holida ajratib berilgandan so`nggina foydalanish mumkin. Aks holda yerdan g`ayri qonuniy foydalanish kelib chiqadi. Yer uchastkasini ajratib berish tegishli hokimliklarning qarorlari asosidagina amalga oshirilishi mumkin. Boshqa hech qanday organ yer uchastkalarini ajratib berish to`g`risida qaror chiqarishga huquqli emas. Yer uchastkasiga bo`lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar bo`lib "Yer uchastkasiga doimiy egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjati", "Yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini beruvchi davlat hujjati", "Yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjati", "Yer uchastkasiga bo`lgan mulk huquqini beruvchi davlat hujjati", "Yer uchastkasi ijarasi shartnomasi" hisoblanadi. Sanab ko`rsatilgan hujjatlarga ega bo`lish yerdan foydalanish huquqini keltirib chiqarishga asos bo`ladi. Yerga egalik qilish va undan foydalanish huquqini bekor bo`lish asoslari O`zbekiston Respublikasi Yer Kodeksining 36-moddasida ko`rsatilgan. Yerga egalik qilish huquqini va undan foydalanish huquqini bekor qilish deganda foydalanish uchun berib qo`yilgan yer uchastkalarini tegishli davlat organlari tomonidan qaytarib olish va shu yer uchastkasini bundan keyin o`sha foydalanuvchi ishlata olish huquqiga ega emasligi tushuniladi. Foydalanish uchun berib qo`yilgan yer uchastkalarini qaytarib yoki tortib olish, yoxud boshqacha qilib aytganda yerga egalik qilish huquqini va undan foydalanish huquqini bekor qilishga faqat tegishli hokimliklarning haqlari bor. Yerga egalik qilish huquqini va undan foydalanish huquqini bekor qilish asoslaridan birinchisi sifatida yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish belgilangan. Yer uchastkasi berilgan muddatning tugaganligi yerga egalik qilish va undan foydalanish huquqini bekor qilish uchun asoslardan biri hisoblanadi. Ma'lumki, shartnoma shartlari buzilganda yerni ijaraga berish shartnomasi shu yer uchastkalarini ijaraga bergan hokimlik tomonidan bir tomonlama bekor qilini mumkin. O`z-o`zidan ravshanki, shartnoma bekor qilinganda yerdan foydalanish huquqi ham bekor qilinadi. Yerdan foydalanuvchilar yerdan oqilona, samarali foydalanishlari, uni ehtiyot qilishlari kerak. Qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan har bir yer uchastkalarining hosildorlik darajasi belgilangan bo`lib, yerdan foydalanuvchilar shu yerlarning kadastrda ko`rsatilgan baholaridan pastga tushib ketishiga yo`l qo`ymasliklari shart. Ular aksincha, yerning hosildorlik darajasini yerdan foydalanishning ilmiy qoidalariga amal qilib, ya'ni almashlab ekishni keng yo`lga qo`yishlari, mahalliy o`g`itlar orqali yerga ishlov berish bilan doimo oshirib borishlari lozim. Aks holda esa bu yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganlik uchun unga egalik qilish va foydalanish huquqini bekor qilinishiga olib keladi. Yerdan foydalanuvchilar tuproq unumdorligini oshirish yuzasidan samarali choralarni ko`rishlari, tuproqni shamol va suv eroziyasidan saqlash yuzasidan tashkiliy-xo`jalik, agrotexnika, melioratsiya tadbirlarini amalga oshirishlari, yerlarning sho`rlanish, zax bosish, ifloslanish holatiga yo`l qo`ymasliklari, begona o`tlar paydo bo`lishining oldini olishlari, shuningdek tuproqning holatini yomonlashtiruvchi boshqa jarayonlarga yo`l qo`ymasliklari, mineral o`g`itlarni to`g`ri ishlatishlari, ishlab chiqarish chiqindilari va boshqa chiqitlar, oqova suvlar bilan ifloslanishga yo`l qo`ymasliklari, kimyoviy va radioaktiv bulg`anishga, umuman, ekologik holati yomonlashuviga olib boradigan boshqa holatlarni vujudga kelishiga imkon bermasliklari kerak. Sanab o`tilgan tadbirlarning bajarilmasligi yerga egalik qilish va undan foydalanish huquqini bekor qilinishiga sabab bo`ladi. Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan muddatlar mobaynida yer solig`i, shuningdek ijara shartnomasida belgilangan muddatlarda ijara haqi uzluksiz to`lanmaganida ham yerga egalik qilish va undan foydalanish huquqi bekor qilinadi. Qishloq xo`jalik ishlab chiqarishi uchun berib qo`yilgan yerlar eng qimmatli yerlar hisoblanib, aholini oziq-ovqat mahsulotlariga bo`lgan ehtiyojini qondirishda o`ta ahamiyatga ega. Bunday yerlarni qarovsiz yoki foydalanishsiz qondirilishiga yo`l qo`yib bo`lmaydi. Shuning uchun qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan yerlar bir yil davomida foydalanishsiz qoldirilsa, unga nisbatan egalik qilish va foydalanish huquqi bekor qilinadi. Noqishloq xo`jalik ishlab chichqarishi uchun berilgan yer uchastkalari, asosan har xil inshootlar, qurilmalar, uy-joylar va boshqa qurilishlar uchun mo`ljallangan maqsadda berilib, ularni bir yil mobaynida o`zlashtirish, belgilangan maqsadga erishishga qiyinroq bo`ladi. Shuning uchun qonunda bunday yerlarni o`zlashtirishga ikki yil muddat belgilangan. Shu ikki yil muddat mobaynida berilgan yer uchastkalaridan belgilangan maqsad yo`lida foydalanilmasa, unga egalik qilish va foydalanish huquqi bekor qilinishi mumkin. Yuqorida sanab o`tilganlardan tashqari, yerga egalik qilish va undan foydalanish huquqini bekor qilish uchun O`zbekiston Respublikasining Yer Kodeksida ko`rsatilgan yerning davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi (37-modda), shuningdek yerga egalik qilish va undan foydalanish qoidalari muntazam suratda bo`zilganligi tufayli olib qo`yilishi (38-modda) holatlari ham asos bo`ladi. O`zbekiston Respublikasi Yer Kodeksida yer uchastkalariga bo`lgan mulk huquqini bekor qilish asoslari va tartibi batafsil tartibga solingan (36-modda). Ushbu moddaga binoan yer uchastkasiga bo`lgan mulk huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi: 1) savdo va xizmat ko`rsatish sohasi obyektlari, shuningdek uy-joy binolari va boshqa binolar yoki binolarning bir qismi shu binolar joylashgan yer uchastkalari bilan birga sotilganda; 2) davlat va jamoat ehtiyojlari uchun savdo va xizmat ko`rsatish sohasi obyektlari, shuningdek uy-joy binoalri va boshqa binolar yoki binolarnin bir qismi ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda qayta sotib olinganda; 3) qonunda belgilangan savdo va xizmat ko`rsatish sohasi obyektlari, shuningdek uy-joy binolari va boshqa imoratlar yoki imoratlarning bir qismi ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga musodara etilganda. Yerdan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanganlik, oqilona foydalanmaganlik, kimyoviy va radioaktiv bulganligi, ekologiya vaziyati yomonlashuviga olib boradigan usullar bilan foydalanganlik uchun yerga egalik qilish va undan foydalanish huquqi bekor qilinganda bu qaror ustidan norozi bo`lgan yerdan foydalanuvchilar sudga shikoyat qilishlari mumkin. Agar yerga egalik qilish va undan foydalanish qonunga xilof ravishda, asossiz bekor qilingan bo`lsa, unda sud bu huquqni tiklashi mumkin. Yerga egalik qilish va undan foydalanish huquqini bekor qilish tartibi O`zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanib, shu yer uchastkasini bergan organning qaroriga binoan amalga oshiriladi. Bu qarorda yerga egalik qilish va undan foydalanish huquqini bekor qilish muddati ko`rsatiladi, yer uchastkasidan kelgusida foydalanish tartibi, zarur hollarda esa bu yer uchastkalaridagi imoratlar, inshootlar, ekinlar va daraxtlardan foydalanish tartibi belgilab beriladi. Download 91 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling