Yo Rab, uni nedan yaratding


Download 250.5 Kb.
Sana05.01.2022
Hajmi250.5 Kb.
#227786
Bog'liq
BIZ KIM AYOLDIRMIZ...


AXROROVA DILFUZA

BIZ KIM AYOLDIRMIZ...

Muallifdan!
Hurmatli kitobxon! Ushbu kitob mo’tabar volidayi-muhtaramalar, muqaddas ayollar, munis va mushtipar opa-singillar, sadoqatli jufti-halollarga bag’ishlanadi. Bu mavzuda qalam tebratishimizga sabab jamiyatiizda, umuman butun borliqda ayol degan nomni yanada chuqurroq tarannum etish, uning dunyosi, fe’l atvori, botiniy va zohiriy xislatlari haqidagi fikrlarimizni siz azizlar bilan bo’lishish, oz bo’lsa ham bu olamda Ayol degan nomning naqadar ulug’ va buyukligini, uning chunonan nozik biroq kuchlidan-kuchli hilqat qilib yaratilganini anglab yetishingizga yaqindan yordam berishdan iboratdir. Qo’lingizda turgan kichik kitobda ko’pgina buyuk shaxslar, yozuvchilarning o’ylagan fikrlariga tayangan holda yuqoridagi rozlarimizni to’ldirishga harakat qildik. Sevimli yozuvchilarimizning ko’nglimizga yoqqan va siz kitobxonlarning ko’nglingizdan ham joy oladigan otli misralarini asos qilib oldik.

Ushbu kitob bizning ilk to’plamimiz bo’lganligi bois unda ayrim juz’iy xatolar uchrashi mumkin. Ular yuzasidan siz aziz kitobxondan oldindan uzr so’rab qolamiz.

Inson uchun kitobdan azizroq va yoqimliroq suhbatdosh yo’qdir. Zero, ”Kitob barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql idrokning ilm-u donishning asosidir. U hayotni o’rgatuvchi murabiydir”,-deydi sohibqiron bobomiz Amir Temur. Doimo kitob hamrohingiz bo’lsin!

Yo Rab, uni nedan yaratding?!


“Onalarning obro’-e’tiborini jiddiy ravishda oshirish, ularning mehnatini, jismoniy sog’lom, ma’naviy boy hamda axloqan pok yosh avlodni tarbiyalashdagi xizmatini munosib baholashimiz kerak.Ona to’g’risida, uning farzandi to’g’risida g’amxo’rlik qilish davlatimizning muqaddas burchidir”

I.A.Karimov

Ona! Bu so’z naqadar yoqimli, naqadar hayotbaxsh, naqadar qudratli ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Bu so’z millonlab kishilar qalbidan mehr bulog’i kabi otilib chiqib, dillarni yayratadi, yashnatadi va yana o’sha qalblar tub-tubiga singib ketadi.

Samodanda buyukroq, ammo dunyodagi eng kamsuqum, eng kamtarin, eng kamtalab insonlar bu malaksiymo va farishtasifat onajonlarimizdir.

Ulug’ donishmandlar Vatanga eng munosib ta’riflar izlaganda, uni Ona siymosiga qiyos etganlarida katta ma’no bor. Dunyoda “Muqaddas” degan so’zga eng munosib zot ham Onadir.

Onani e’zozlash - bizning millatimiz, xalqimiz uchun oliy qadriyat darajasiga ko’tarilgan fazilat. Chunki, ayollarni qancha ulug’lasak, hayotmizning chirog’i, umrimizning guli deb e’zozlasak demakki, oilamizni, Vatanimizni e’zozlagan bo’lamiz.

“Inson onasini,- deb yozadi shoira Anbar Otin,- har nechuk donishmand egasi deb bilurman, uki ona shundoq onadur va mohir donodurki, Aflotun, Laqumojis va Doniyolni, Xizr va Ilyosni, Iskandar-u Doroni, Luqmon va Sulaymonni, Ibn Sino va Ulug’bekni, Jomiy va Sa’diyni, Navoiy va Firdavsiyni, Bedil va Hayyomni, Nodira va Uvaysiyni, meni va seni o’z qornida ko’tarib, turli ofatalardan saqlab, yegan g’izosidan rasani tortib, tugib … ko’zimizni ochib, olamni ko’rish qobiliyatiga davvor-u mohir qilibdur.

Ulug’ sarkarda bobokalonimiz, sohibqiron Amir Temurday davlatpanoh pokiza tuyg’ular-u buyuk niyatga to’liq qalb egasi bo’lmish Teginabegim jismida dunyoga keldi. El-yurt, qavm-qarindosh, tabarruk zamin, Vatanga muhabbat-u sadoqat unga onasining yurak nuridan quyildi. Buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning ulug’ligi ham onasi Qutlug’nigorbegimning yaxshi niyatlari-yu mehr-oqibatlari parvarishlaridandir.

Luqmon surasida: “Biz insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik: onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko’tardi, uni sutdan ajratish ikki yil ichidadir. Menga va ota-onaga shukr qilgin…”, deyilgan.

Onalarimiz bizlarni voyaga yetkazish uchun mehr-u muhabbatini ishga solib, oromidan kechib, kechalari uxlamay, tarbiyamizga mashg’ul bo’lgan. Xafa bo’lib qolsak yoki ko’nglimiz biroz ranjib qolsa atrofimizda parvona bo’lgan, tobimiz qochib qolsa, huzur-halovatini yo’qotgan ham ona. Bog’bonsiz biror daraxtning mevasi yaxshi bo’lmaydi. Ona esa biz uchun bog’bondir. U doimo bizni parvarish qilish payida bo’ladi. Buni faxmlagan har qanday bola o’z onasini barcha narsadan ustun qo’yadi va hamisha hurmatini qiladi.

Aqlli farzand bir daqiqa bo’lsa ham ona mehrini esdan chiqarmaydi, kichkina ishga qo’l urganda ham onani bundan voqif qilib, uning roziligni oladi, aytgan so’zlariga quloq solib, maslahatlariga amal qiladi har vaqt onani minnatdor qilishga urunadi.

Voyaga yetgan bolalar yaxshi tarbiya olib biror kasb egallab olganlaridan keyin har vaqt onalar oldiga kelganlarida bir vaqtlar shu onasidan sut emib katta bo’lganalarini, uning quchog’ida parvarish topganlarini o’ylab, hech qachon onaga qattiq gapirmaydilar, yumshoq so’zlar bilan uning ko’nglini oladilar. Onaning bir vaqtlar o’zlari uchun chekkan jafolarini ko’z oldilariga keltirib, shu chekkan jafo va mehnatlarini unuttirishga urunadilar, ularning dil roziligini olib, bir umrga shodmon qiladilar.

Bir kuni bir odam Payg’anbarimiz (s.a.v) huzurlariga kelib:


  • Yo, Rasululloh! Onam juda keksayib qoldi. Boladek bo’lib qoldi. Go’daklarga o’xshagan ishlar qiladi. O’rnidan tura olmaydi. Unga o’z qo’lim bilan ovqat beraman. Suvni ham o’z qo’lim bilan ichiraman, tahoratiga yordam beraman, so’ngra sajjoda (namoz o’qish joyi) ga opichib ko’tarib olib boraman xohlagan yeriga ko’tarib olib boraman. Yo Rasululloh! Onamning haqqini o’tay oldimmi, rozi qila oldimi, yo’qmi? – deb so’radi.

Sevikli Payga’nbarimiz salollohu alayhi vassalam:

  • Volidang senga: “o’g’lim o’sib, ulg’aysin, buyuk odam bo’lsin, umri uzun bo’lsin”, deb hizmat qilib, opichib yurardi. Sen esa unga, qachon o’ladi deb, o’lsa qutulardim deb xizmat qilasan. Bular orasida tog’dek, yer bilan osmonchalik farq bor. Onang seni boqqanda o’g’lim qachon ulg’ayib katta bo’ladi, dedi. Sen esa onam qachon o’ladi, deysan. Sizlarning bu niyatlaringiz o’rtasida katta farqning yana bir jihati bor: sen onangga qancha hizmat qilsang ham uning haqqini o’tolmaysan. Buni yaxshilab bilib ol. Hech bir farzand ota va onaning haqqini o’tay olmaydi shuni yaxshi bilginki, sen onangga xizmat qilsang Janobi Haq senga buyuk savoblar bergan. Ota va ona rizoligini olgan, ularning rizosiga noil bo’lgan odam Janobi Haq rizosiga noil bo’ladi, roziligini oladi, - dedilar.

Shu o’rinda yana bir hikoyatni keltirib o’tishni joiz deb topdim:

Tug’lishdan bir kun oldin go’dak yaratgan egamdan so’rabdi:



  • Men bu dunyoga nima uchun kelaman, bilmayman. Nima qilishim kerak?

Yaratgan egam javob berdi:

  • Men senga farishtani tuhfa etaman. U hamisha sen bilan birga bo’ladi. Ana shu farishta hammasini tushuntirib beradi.

  • Ammo men uni qanday tushunaman? Tilini bilmayman-ku!

  • Farishta senga o’zining tilini o’rgatadi. U seni barcha balolardan asraydi.

  • Men qanday qilib va qachon sening huzuringga qaytib kelaman?

  • Farishtang hammasini senga aytib beradi.

  • Farishtamning ismi nima?

  • Ismi muhim emas. Uning ismi juda ko’p. Sen ubi Ona deb ataysan .

Ayol – tarix tilsimida!


Ayol – Bahor – Tarix! Bu uchta qudratli so’zlar bir-biriga hamohang, hamnafas, bir-birini to’ldirib turuvchi so’zlardir. Keling bu so’zlarning bir-biriga naqadar bo’gliqligiga bir nazar tashlaylik.

Tarixdan bizga ma’lumki, o’tgan asrda Yevropada er-xotin o’rtasida tenghuquqlilik degan masala ko’tarildi. Sovet jamiyati bunga alohida e’tibor berdi. Ammo ayollarni erlar bilan teng huquqli qilaman, deb ularni aksincha cho’ridan battar holatga aylantirdi. Tenghuquqlilik degani er nima ish qilsa ayol bajarsin, degani emas. Er qurilishda g’isht terdi – ayol ham, beton quydi – ayol ham, traktor mindi – ayol ham. Bu o’ta ketgan insofsizlik-ku! Yevropada ko’tarilgan masala boshqacha edi. O’tgan asrda zavodda aynan bitta ishni bajargan erga ko’proq, ayolga esa kamroq haq to’langan ko’proq. Ayollaning xalqaro harakati haq to’lashdagi tenghuquqlilikni talab qilgan. Hammasi 1857-yilda boshlandi. Nyu-Yorkda to’qimachi ayollar Manhetten ko’chalari bo’ylab “bo’sh kastryukalar marshi” bilan o’tishdi. Ular oylik maoshni oshirishni, mehnat sharoitlarini yaxshilashni va ayollar teng huquqliligini talab qilib chiqishdi. Bu g’ayrioddiy voqea katta shov-shuvga sabab bo’ldi. Uni “Ayollar kuni” deya atay boshlashdi. 50 yil o’tib, 1908-yilning fevralida minglab ayollar yana Nyu-York ko’chalariga chiqdilar. Bu namoyish yuqoridagi “Ayollar kuni”ga to’g’irlangan edi. Ayollar saylov ovozini talab qilishdi, ayniqsa, bolalar mehnatiga qarshi norozilik namoyishi uyushtirishdi. 1910-yilda tenghuquqlilik tarafdorlari butun dunyo bo’ylab ”Ayollar kuni”ni o’tkazishdi. Keyinroq huddi shu yili AQSHda Kopengagenga ikkinchi xalqaro konferensiyaga delegat ayollar jo’naydi va shu yerda Klara Setkin bilan uchrashdilar. Anjumanda Setkin dunyo ayollari aniq bir kunni belgilab olishlari va shu kuni o’z talablariga umumjamiyat diqqatini qaratish taklifi bilan chiqdi. 17 mamlakatdan 100 nafardan oshiq ayollar bu taklifni ma’qullashdi. Natijada Xalqaro xotin-qizlar kuniga asos solindi. Lekin shu kuni aniq bir sana belgilanmadi. 1914-yildan boshlab bu kun 8 martda nishonlana boshlandi.

Bizning ma’rifatparvarbobomiz Hamza Hakimzoda Niyoziy 1927-yilga kelib Turkiston ayollariga shunday murojaat qilgan edi:

Keldi ochilur chog’i, o’zliging namoyon qil,

Parchalab kishanlarni har tomon parishon qil.

Maktab, anjuman borg’il, unda fikr ochib gohi

Ilm-u fan tig’i birla jahl bag’rini qon qil.

Soyalarda sarg’aygan yuzlaring qilib gulgun,

Sen ham ahli donishlar bazmini guliston qil.

Cho’rilikni mullolar senga qildilar taqrir,

Kel bugun bu zahmingga ma’rifatni darmon qil.

Onalik huquqingni hurmat etmaganlarga

Yuzlarin qaro aylab, fe’lidan pushaymon qil.

Oy yuzing qaro chimmat zulmidan qutultirgil,

Chiq qorong’u turmushdan nur ichida javlon qil.

Sen qachon maorifning dargohiga yo’l topsang,

Nurlarin olib ko’zga surmai Sulaymon qil.

Bugungi dorulomon kunlarimizda davlatimizda gender huquqi tengligi ya’ni, ayol va erkaklarning teng huquqli ekanligi belgilab berildi. Konstitutsiamizning 46-moddasida ham ayollarning huquq, ma’suliyat, imkoniyat, qadriyat va hatto natijalar asosida erkaklar bilan tenglashtirilganligi, ya’ni ”Erkaklar va ayollar teng huquqlidirlar” deb belgilab qo’yilganligi ham yuqoridagi fikrimizga yorqin dalil bo’la oladi. Endilikda yurtimiz ayollari nafaqat uyda, ro’zg’orda, balki jamiyatning har jabhasida o’zlarining munosib o’rinlarini yaratib bormoqda. Bu esa barchamizga yanada faxr baxsh etadigan jihatlardandir.

Bugungi kun – ertangi tarixdir. Tarix zarvaraqlarida bahor yuzli, otash nafasli, o’z imkoniyatlaridan to’la foydalana olib, buyuk momolarimiz – To’maris, Zebuniso, Nodira, Gulbadan Begim, Jahon Otin Uvaysiylardek o’chmas iz qoldiradigan oqila va fozila ayollarimiz ko’payishini istaymiz.
Muqaddas bitiklarda ayol mavzusi
Ayollar har doim ulug’ zotlar tomonidan e’zozda va e’tiborda bo’lishgan. Chunki Alloh Taolo muqaddas Qur’oni Karimda ”Xotinlarning haqlariga rioya etingiz. Ular bilan mehr-shavqat ila muolamalada bo’lingiz. Ularning haqlari xususida Allohdan qo’rqingiz. Xotinlar sizlarga Parvardigorning omonatidir” deb amr etgan. Bilamizki, omonatga hiyonat juda katta gunoh hisoblanadi. Shu sababli yaxshi kishilar omonatga hiyonat qilishdan qo’rqishadi. Yuqoridagi oyat ayol ham Alloh tomonidan erkakka omonat qilib berilgan ekanki, unga hech qachon hiyonat qilmasligi, uning oldidagi barcha burch va majburiyatlarini bajarishi lozimligini hech qachon eslaridan chiqarmasligini anglatib turadi. Qur’oni Karimining yana bir surasida shunday oyat borki, uni ta’kid qilib o’tishni lozim topdik: ”Xotinlaringiz bilan totuv turmusg kechiringlar. Agar ularni yomon ko’rsalaringiz (bilib qo’yingki) balkim sizlar yomon ko’rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko’pgina yaxshilik paydo qilar”. Sevikli payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v) ham o’z ayollariga mehr-shavqatli, juda hushmuomalada bo’lganlar. Payg’ambarimiz alayhissalom o’zlari ayollariga nisbatan go’zal muomalada bo’lib, doimo ularni erkalagan, lutf ko’rsatgan vanafaqalarini ko’paytirgan holda yashaganlar. U zot ayollari bilan hazillashib, ular bilan juda yaxshi muomalada bo’lar edilar.

Oisha onamiz: ”U kishi ayollari bilan holi qolganlarida, eng muloyim, karamli, sertabassum kishi bo’lar edilar”, deb rivoyat qilganlar.

Imom Ahmad va Imom Abu Dovudlar Oisha onamiz raziollohu anhodan keltirgan rivoyatlarida quyidagilar aytiladi: ”Nabiy sollallohu alayhi vassalam men bilan musobaqalashgan edilar, men u zotdan o’zib ketdim. Bir muddatdan so’ng meni go’shtim og’irlashganda yana men bilan musobaqalashib, mendan o’zib ketdilar va haligi bilan biru bir, dedilar”. Qarang, Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o’z xotinlari Oisha onamiz raziollohu anho bilan yugurish musobaqasi o’tkazgan ekanlar.

Imom Buxoriy, Muslim va Nasaiylar Oisha onamiz raziollohu anhodan rivoyat qiladilar: ”iyd kuni edi. Qoralar qalqon va nayzalarni o’ynashar edi. Yoki men Rasululloh alayhi vasallamdan so’radim. Yoki u zot:

”Tomosha qilishni hohlaysanmi?”dedilar.

”Ha”, dedim.

U kishi meni orqalariga turg’izdilar. Yuzim u kishini yuzlariga tegib turardi. U zot bo’lsalar:

”Ey bani arfidalar, davom etaveringlar”, derdilar.

Bu hol, to men malol olgunimcha davom etdi. Keyin:

“Bo’ldingmi?”, dedilar.

“Ha”, dedim.

“Ketaver”, dedilar.

Imom Termiziy Oisha raziollohu anhodan rivoyat qiladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’tirgan edilar. Shovqin va bolalarning ovozini eshitdik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turdilar. Qarasak, bir xabashiya childirma chalib, o’yin tushmoqda. Atrofida bolalar.

“Ey Oisha, bu yoqqa kel, qaragin”, dedilar U zot.

Borib jag’imni Rasulullohning yelkasiga qo’yib u(xabashiya)ga nazar sola boshladim. U zot:

“to’ymadingmi?” “to’ymadingmi?”, der edilar.

Men U zotning huzurlarida o’z manzilimni bilish uchun, yo’q, der edim.

Birdan Umar paydo bo’ldi. Odamlar u (xabashiya)ninh atrofidan qochib ketishdi. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam:

“men ins-u jinnning shaytonlari Umardan qochganlarini ko’rmoqdaman”, dedilar. Men qaytdim”. Savda binti Zam’a onamiz raziollohu anho avvalari ham kezi kelganda Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni kuldirib turar edilar. Payg’ambar sallollohu alayhi vasallamga u kishining bu sifatlari ma’qul kelar edi.

Nabiy sallolohu alayhi vasallam Savda binti Zam’a onamiz raziollohu anhoning hazil-mutoyabalariga o’ziga yarsha lutf ila muomala qilar edilar.

Ibn Sa’d o’zlarining “Tobaqot” nomli mashhur kitoblarida bu borada quyidagi rivoyatni keltiradilar:

“Savda raziollohu anho Rasululloh sallollohu alayhi vasllamga:

”Ey Allohning Rasuli, kecha ortingizdan namoz o’qidim. Shunchalar ruku qildingizki, qon otib ketmasin, deb burnimni ushlab turdim”, dedi.

Rasululloh sollolohu alayhi vasallam kuldilar. U ahyon-ahyonda Rasululloh sallolohu alayhi vasallamni kuldirib turar edi”.

Yuqoridagi rivoyat-u oyatlardan qadim-qadim zamonlardan eng ulug’ zotlar ham ayollarni naqadar e’zozlaganligini ko’ramiz va ushbu hikmatlardan o’zimizga yan bir bor saboq chiqaramiz.

Hazrati ayol!

Ayol-Oila-Ona… Ko’picha bunday ulug’vor mavzularda qalam tebratishda hatto eng mahoratli ijodkorlar ham o’zlariga ishonqiramay qarashadi… Bu mavzular ruhiyatiga asli so’lim Andijonlik bo’lgan betakror ijodkor, shoira, davlat va jamoat arbobi, ma’naviyat targ’ibotchisi bo’lgan, yurtimizning eng ko’zga ko’ringan, obro’li yozuvchi ayollaridandan biri Tursunoy Sodiqova kirib kela oldi va barcha kitobxon muxlislarni qalb eshiklari qulfini sehrli qalami ila ocha oldi, yuraklarini junbushga keltirib, yuqoridagi mavzular haqidagi teran mushohadalarga chorlay oldi. U oila tilsimi, hayot saboqlari, oiladagi erkak va ayolning o’rni va ro’li, farzandlarning ota-ona oldidagi burchi va ma’suliyati, insonlarning ezgu fazilatlari, kundalik muammolar yechimini, umuman olganda, insonning ruhiy va ma’naviy olamini boyitishga juda katta yordam beradigan ezgu fikrlar va g’oyalarni tarannum eta oldi va o’quvchi yuragida “jiz” etadigan uchqunni alangalatib yubordi. Quyida shoiraning o’tli misralaridan bir qanchasini keltirib o’tamiz.

Ayol Alloh yaratgan ne’matlarning sinoatlisi, mo’jizasidir. Uning ichiga o’t tushsa ham, yuzi sokin turaveradi, egilmagan qoyalarni ichiga yutib turaveradi… Ayol kim o’zi? O’zim ayol bo’la turib bu sinoatning poyoniga yeta olmayapman.

Ayolsiz uy – tun. Ranglar yo’qoladi. Atrofingiz beshakl. Gullarning hidini tuyasiz-u o’zini ko’rmaysiz. Feruza osmon yo’q. Ko’ksingizni yayratgan qushchalar berkingan, ko’zingizni yashnatgan chechaklar yumilgan. Bu kamlikdan, bu yarimlikdan, bu huvillashdan junjikkan yuragingiz ham qobirg’alaringiz ostiga cho’kib, mung’ayib oladi…

Ayol-sehr. Barmoqlarini shunday yurgizdirsa, keraksiz qiyqimlar chaman shakli tushgan yostiqqa, ko’rpachaga aylanadi. Uyga bir kirib chiqsa, pardalarga-yu devorlarga, javonlarga-yu mehroblarga bahor yuqqanday, izlarida ifor ufurganday bo’ladi. Ayoli bor uyning dasturxoni kambag’al bo’lsa ham, mazasi totli.

Ayol o’zi kim, deya yoqangni ushlaysan. Bamisoli, u to’g’onga qamalgan suv - ochilib ketguday bo’lsa, ho’l-u quruqni baravar yuvib ketadi.

Kulibgina turibdi, hotirjamgina turibdi, deb bo’lmaydi ayolni.

Kim o’zi ayol? Kenglikda osmonmi? Cheksizlikda dengizmi?.. Ayol - misli go’dak! Yolg’ondan yupatsangiz ishonadi. Bir shirin gap bilan baxtiyor bo’ladi. Bola onasiz javdirab qolgani kabi, ayol o’z bolasiga, juftiga, uyiga shunday mubtalo bo’lib yashaydi. Uning uchun dunyoni titratgan muammolar keyingi o’rindadir: jufti omon-eson ishdan qaytsa, bas, farovonlik shu. Joy-joyida uxlab yotgan bolalari jism-u jonini yayratgan sururdir! Go’dak uchun ota-onaning hunuk chiroylisi, boy-kambag’ali bo’lmagani kabi ayol uchun ham shunday, agar uni suysalar, e’tibor bersalar, avaylab muomala qilsalar, qora juftin oppog’im deb, sodda ro’zg’orini saltanatim deb, bag’riga bosib o’taveradi. Gohida erkaklar ayollarni kiyimparast, tilloparast, deydilar. Unday emas. Siz ayolingizni oltin taxtga o’tqazib, tillodan libos kiydiring. Ana, sen uchun yuz yilga yetadigan mol g’amlab qo’ydim, deng. Ammo birov shunchalikgina “Eringiz juda kelishimli ekan, ehtiyot bo’ling-da”, deb qo’ysa, bas (e’tibor bering hali gunoh, hali guvoh yo’q) ayolga hadya etgan arkoni davlatingiz kultepa bo’ladi qo’yadi. Tovonining tagiga cho’g’ tushib yonishga tushadi! Bu zot kim o’zi?!

Erkakdan hurmat so’ralishi ayolning bahosini oshirish uchun yoki uning “zaifa” atalgani uchun ko’nglini ko’tarish ma’nosida emas balki erkakning unda qarzlari behad ko’pligi uchundir.

Erkakka ro’baro’ bo’lgandan boshlab ayol bosgan har uch qadamning har ikkitasi aziyat. Ammo, Alloh uni shu qismatga ko’ndirib qo’ygan. Bu holatni u oddiy yashash tarzi deb biladi, minnat qilmaydi, fig’on chekmaydi. Ayol hech qachon o’zining hurmat qilinishini so’ramaydi! Hurmat ko’rguday bo’lsa hayrat va hayajon bilan mukofot tarzida qarshilaydi! O’zini bu darajotga munosib ko’rish jarayonida ayol qorong’u go’rni ko’rib qaytadi, “yo hayot, yo mamot” deya qutqu solib turgan ko’prikdan o’tadi. Bola onaning hamma a’zosidan yulib olinib, bola shakliga kirgan vujuddir! U tug’ilganda qo’llari musht holatda bo’ladi. Yana bu mo’jizani ko’ring, agar bolani tug’ilgan zahoti onaning qorniga dum yotqizib qo’yilsa hali ko’zlari ochilmay turib, sirpana-sirpana ona ko’kragini topadi. Aytishlaricha, sut oq rangdagi qon ekan, demakki, bola tug’ilgan zahoti onasining qonini so’rishga tushadi. Farzandning “shirin dushman” ekanligining dastlabki misoli shu! Bolani voyaga yetkazish degan janggoh har bir onadan o’zini qurbonlikka tortishni so’raydi.

Qoyil bo’lingki, bu yo’lda yaxshi ayol ham, yomon ayol ham jonini birday tikadi!

Alloh yaratgan mo’jizalarning eng nodiri – ayol! Uning fe’li sir-sinoatga to’la. Mingta fasli, mingta rangi bor. U cheksiz sahifali afsonaviy kitob, varaqlagan sari qizig’i chiqaveradi.

Ona borki charaqlab turmaydi, ona borki yaraqlab turmaydi – alvon ranglarini bolalariga berib, nursizgina ko’rinishlarini uning panasiga olib turadi. Ayol ona bo’lach, baland pardalarda jaranglashi to’xtaydi – jami qo’ng’iroqlarini bolasiga ilib qo’yadi-da, butun vujudi quloqqa aylanib, uni tinglagani tinglagan! Fitrati bitta duoda mixlanib qolgan: “Ilohim, bolamni asra, bolamni asrab bersang bo’ldi!” Jism-u joni shu jumlani tun-u kun shivirlab yashaydi!

Bag’rini yorib yam-yashil maysaga aylanayotgan boshoq mag’zini bolasiga berib po’choqqa aylanayotgan onadir u! Buloq buloq bo’libdi-ki, ko’ksidan sizib chiqqan turli tomonga tarqalib orqasiga qaramay, chopqillab uzoqlashib borayotgan irmoqlar ketidan termulgancha ko’z yoshlarini to’kib yotadi. U shu turishda farzandlarini hali kelinga, hali kuyovga, hali nabiralarga, ming bir yaxshi-yomon haridorlarga boy berib, nima bo’layotganini o’zigina bilib turgan Onaizordir!ko’rmay ba’zan hijolat chekib ham qo’yadi. Uning shu turishining o’zi buyuklik!

Ayol - ayol emas, ro’zg’or degan g’or ichida oila atalgan dovulli, chaqmoqli fasl ichida hamisha titrab turuvchi, shunda ham muattar bo’ylarini sochaverguchi, to’rt tomonga egilib, bukilaverguchi ammo negadir hech sinmaguchi guldir! Hargiz “kerak emassan” deya ko’rmang, unga! “Kim bo’lib qolibsan” deb yubormang!

Niholdek qaddi bilan poyingizga chaman fayzini to’shab turibdi, behosdan tovoningiz bilan ezib qo’ymang uni! Uning sizdan so’rab turgani shugina xolos! Ayoliga bir durra yoyingki arzon kavush bo’lsada sovg’a qilgan erkak unga jahon bankini bergan kabi rozilik oladi.

Shunday, azizim, Ayol o’zining asl bahosini bilmay o’tayotgan BUYUKdir…

O’zim shu toifadan bo’lsam-da, ayol iqlimini hayrat bilan kuzataman. Allohning betakror mo’jizasi u! Ayol sirli bir kitob – varaqlagan saring qizig’i chiqaveradi. Yil fasllari faqat to’rtta, ayolning esa ming bitta fasli bor. Uni butkul tushunib yetgan odam yo’q bu dunyoda! Uni tomosha qilib zerikkan inson yo’q yer yuzida! Unga ishi tushmagan kishi yo’q! Uni suymagan va u deb kuymagan … erkak zoti yo’q. Uni yozmay kimni yozay, kimni ta’riflay? Ayolni tushunish o’zi bir ilm. Bu ilmga yetishgan qancha ko’paysa, baxtli ayollar soni shuncha ko’payajakdir.

“Ayol” deb atalgan mo’jizaning hali tom ma’nodagi ta’rifi, o’lchovi va yarashiqli bahosi topilgani yo’q. Ayollik olamida yurgan ayollarning o’zi ham o’zini tugal tanimaydi. Olis sayyoralar o’rganildi, yetti qavat yerning siri oshkor bo’ldi, ammo ayol qalbidagi ochilmagan necha-necha qit’alar shundayligicha qolib bormoqda. Ruhiyatida, imkoniyatlarida ko’zi ochilmagan ming bir buloqlarning, qalbida sonsiz xazinalarning bag’rida daxshatli vulqonlarning mavjudligini bilmagan ayol siniqqina qadam bosadi. Sokingina beshik tebratadi. Nimta’zim bilan xushbo’y sabodan ohista

va sharpasiz yoningizdan o’tib ketadi. Shikasta ovoz bilan sizdan hol so’raydi, uning etaklarining nimovoz, mayin shildirashidan atrofingizda jannatiy havolar yaraladi. Bir so’zi bilan bor bo’lasiz, bir so’zi bilan yo’q… Ayol kim o’zi?

Gohida shunday gaplarni eshitasiz:


  • Ayol kishiga o’xshama!

  • Ayolligiga brib xato qilibdi, xafa bo’lmang!

  • Xotin kishiday maydalashma!

Mana shu gapni aytgan odamning o’zi ushoq. Ayol xususida bunday demoqdan tiyilmoq joiz. Va ogoh bo’laylikki, dunyodagi jami yaxlitlik va butunlik Ayol bilandir! O’rmalagan jonning bari ayolga yuzlanajak, onam deb undan jon olajak, nur, madad olajakdir!

Ayolning kamalakday fe’l-atvorini mazza qilib tomosha qilishni bilgan erkak baxtiyor erkakdir! Ayolning har bir barmog’i gullaydi. Gul bo’lganda ham, bugun bir turda gullasa, ertasiga boshqacha! Ayol bugun ipak bo’lsa, ertaga olov, uning vujudi ishtiyoq, u izlanuvchan jon – har kuni har xil narsa o’rganayotgan bo’ladi! Bu zot kim o’zi? U nedan yaralgan?!

Oydan-da go’zaldir, kundan-da go’zal!
She’r qalblarni bir-biriga bog’lovchi rishta. U odamni tabassumga o’rgatadi. Insonlarni bir-biriga mehribonlikka, do’stlikka o’rgatadi.

She’riyat nafaqat baxtiyor hayotni madh etishdan, balki, inson boshiga tushgan qayg’ular, kechinmalar, qolaversa barcha-barcha oliy tuyg’ularni ham ifodalab beradi. She’r o’quvchilarni tezda o’ziga rom qiladi, ularni shoir tushgan holatga kechinma va hissiyotga yaqin bir ahvolga solib qo’yadi. Quyida biz tanlagan ana shunday ta’sirli she’rlardan bahramand bo’ling.


Qorong’u kechada ko’kka ko’z tikib,

Eng yorug’ yulduzdan tadirseni so’raymen,

Ul yulduz uyalib, boshini bukib,

Aytadir men uni tushda ko’ramen.

Tushimda ko’ramen-shunchalar go’zal,

Bizdan-da go’zaldir, oydan-da go’zal!

Ko’zimni olamen oy chiqqan yoqqa,

Boshlaymen oydan-da seni so’rmoqqa

Ul-da aytadir: bir qizil yanoqqa

Uchradim tushimda, ko’milgan oqqa.

Oqqa ko’milganda shunchalar go’zal,

Mendan-da go’zaldir, kundan-da go’zal!

* * *

Erta tong shamoli sochlarin yoyib,



Yonimdan o’tganda so’rab ko’ramen.

Aytadir: bir ko’rib, yo’limdan ozib,

Tog’-u toshlar ichra istab yuramen!

Bir ko’rdim men uni – shunchalar go’zal,

Oydan-da go’zaldir, kundan-da go’zal!

* * *


Ul ketgach kun chiqar yorug’lik sochib,

Unda-da so’raymen sening to’g’ringda.

Ul-da o’z o’tidan bekinib, qochib

Aytadir: men ko’rdim, tushdamas, o’ngda.

Men o’ngda ko’rganda shunchalar go’zal,

Oydan-da go’zaldir, kundan-da go’zal!

* * *

Men yo’qsil na bo’lib, uni suyibmen,



Uning-chun yonibmen, yonib kuyibmen,

Boshimni zo’r ishga berib qo’yibmen,

Men suyib… men suyib kimni suyibmen?

Men suygan suyukli shunchalar go’zal,

Oydan-da go’zaldir, kundan-da go’zal!

Armon
Topmoq- yo’qotmoqdur.

Yo’qotmoq-topmoq.

Sen so’lib,

Men yashnab,

To’lishimga boq.

Sensiz topganimdan

Ko’proq yo’qotdim-

Sen meni yupatding,

Seni yig’latdim.

Sen meni yaratding,

Seni tugatdim.

Uyalmay Ona deb

Kelishimga boq…

* * *

Sog’inch haqda she’rlar,



Yozdim o’zimcha

Mendan – peshonangda

Dog’lar tizimcha.

O’g’ling bo’lmay o’lay.

Attang, ming attang.

Qiz tug’sang netardi,

Ko’proq qiz tug’sang!..

Tirgak bo’lolmadim

Bitta qizingcha,

Uyalmay shoirman

Deyishimga boq.
* * *

Bilsang, yuragimni

Bir alam elar,

Buyursang qo’limdan

Kelmaydi nelar,

Ayt,


Pichan yig’aymi,

Yerni haydayinmi,

Ko’k ag’daraymi?..

Itdek oyog’ingga

Suykalgim kelar.

Uchib- uchib mana,

Qo’nishimga boq.

* * *


Hech narsa kerakmas,

Bolam, hech deysan

Endi kech deysan-da,

Endi kech deysan

Yuzimni bosaman

Muzday yuzingga,

Onajon, zor qilib ketma izingga!

O’lim oldida ham, g’amimni yeysan

Men-chi, jim taqdirga ko’nishimga boq.
Qizlar

Ibroyim Yusupov


Biringiz qizimsiz, biringiz singlim,

Ko’zlarimning oq-u qarosi qizlar.

Sizlarsiz dunyoning qizig’i yo’qdir,

Har yigit umrining ma’nosi, qizlar.

* * *

Sizlarsizochilmas hayot gulzori,



Shohsanam g’aribning dil ohu zori,

Har ko’ngilning border bir gul uzori,

Sizlar tiriklikning Onasi, qizlar.

* * *


Oybarchinning Alpomishga vafosi,

Nodira g’azalin zavqi, safosi,

Qiz Zibek dardining yo’qdir davosi,

Durru marjonlarning shodasi, qizlar.

* * *

Yig’ilsangiz misli bahoristonsiz,



Gul ichida pinhon sehrli jonsiz,

Biringiz bir yulduz, biri osmonsiz,

Ko’rgan ko’zning dard-u, balosi qizlar.

* * *


Zamonamda to’ylar to’yga ulangay,

Shoir-u baxshisi Erkni kuylagay,

Avlodlarim hech yomonlik ko’rmagay,

Shu ozod, Vatanning, fidosi qizlar.

* * *

Vaqtni ortmoqlab kunlar o’tadi,



Tong ishqida kuyib tunlar o’tadi,

Ibroyim ham niyatina yetadi,

Ijobatdir elning duosi, qizlar!

O’zbekning ayollari

Muhammad Yusuf
Uxlamaydi tunlari,

Oy nurlari taralgan.

O’zbekning xotinlari

Farzand uchun yaralgan.

* * *

Yildan uzun kunlari,



Kim ko’nglini so’rolga.

O’zbekning xotinlari

Mehnat uchun yaralgan.

* * *


Qirq yil qirg’in bo’lsa ham,

O’z ahdida turolgan.

O’zbekning xotinlari

Toqat uchun yaralgan.

* * *

Yot oldidan sal nari,



Qachon kokil o’rolgan,

O’zbekning xotinlari

Iffat uchun yaralgan.

* * *


O’zbekning ayollari,

O’zbekning xotinlari,

Suvdan halol,

Guldan pok,

Qo’lari oltinlari,

Qay tomonga bursa yuz,Yo’llari oltinlari-

Izzat uchun yaralgan!

Oq ro’mol qizlar

Muhammad Yusuf

O’tib turing ko’chamdan goh-goh,

Ko’ngil yayrar ko’rganim sari.

Ey gulbadan, ey kiyik nigoh,

O’zbekoyim nabiralari-

Oydin qizlar, oyjamol qizlar,

Oydan tushgan oq ro’mol qizlar!..

* * *


Yerdanmi yo ko’kdan so’raymi,

Poyingizda jonim beraymi?

Sizni shunday ko’rib quvonchdan

Yorilmagan yurak- yurakmi?..

Oydin qizlar, oyjamol qizlar,

Oydan tushgan oq ro’mol qizlar.

* * *

Qonimda-ku abad-azalsiz,



Ammo yoddan chiqqan- g’azalsiz

Daryolarning ortida qolgan

Afsonaviy Tojimahalsiz.

Oydin qizlar, oyjamol qizlar,

Oydan tushgan oq ro’mol qizlar.

* * *


Yursa yo’lga yog’dular izi,

Parilarga orzular izi.

Siz- onamning yorishgan yuzi,

Siz- otamning yo’qotgan qizi…

Oydin qizlar, oyjamol qizlar,

Oydan tushgan oqro’mol qizlar.

* * *

O’sma o’pgan qoshmi bu zuluk,



Buncha poksiz, bunchalar suyuk?

Siz borsizki, muhabbat ham bor,

Siz borsizki, Muhammad buyuk.

Oydin qizlar, oyjamol qizlar,

Oydan tushgan oq ro’mol qizlar.
Ayol zoti

Guljamol Asqarova

Bu ayol zotiga so’z yo’q, ta’rif yo’q.

U yo’qkim dnyoda zoti orif yo’q.

Agarchi gunoh yo’q amri ma’ruf yo’q

Gunohkordir odam to kamolgacha.

* * *

Bu o’gir dard ekan, yomon og’ridim.



Yomon kuyar ekan bunda bag’ri dil,

Qutula olmasam kerakbu darddan

Kamolimdan tortib shu zavolgacha.

* * *


Ishq desa o’ynaydi hatto falaklar,

Sehridan yayraydi hurler, malaklar,

Ishq desa bo’larmish joni halaklar

Bo’ronlardan tortib sho’x shamollargacha.

* * *

Zoti ayol yashar pok gardi bilan,



Ko’ngil shod toabad bir mardi bilan,

O’lgan bo’lsa o’ldi ishq dardi bilan, Momo Havodan to-o-o…Guljamolgacha.


Ona degan nom…

Deydilar, qaxrli bahodirlar ham

Janglarda jon berar chog’i mardona,

Behad azoblarga chidab so’nggi dam,

Bitta so’z demishlar shivirlab: Ona.

Ulug’ bir donishmand olamni sharxlab,

Axiyri tanibdi tuqqan elini.

Zabon baxsh etganda ehtirom saqlab,

Ona, deb atabdi ilk bor tilini

Dunyo shoirlari Vatan sha’niga

Sifat axtarmishlar qator va qator

Nihoyat kelmishlar bitta ma’niga:

Ona Vatan deya bitmishlar ash’or

Bisyor bo’lsa agar bol ham beqadr

Takror aytilganda rangsizdir kalom.

Bu yorug’ olamda Vatan bittadir,

Bittadir dunyoda Ona degan nom!

Bizkim, Onadirmiz...

Bizkim, onadirmiz, kasbimiz ayol

Fe’limiz muloyim, lafzimiz halol,

Muhtoj bo’lmasak-da gavharga-durga,

Lekin mushtoqdirmiz hamisha nurga,

Azizlar! Siz bizni nu birla asrang!

* * *


Baxtimiz band emas yaltiroq toshga,

Vale ilhaqdirmiz mehri quyoshga,

Bardosh berolmasmiz qullik-zo’rlikka,

Loyiq emasdirmiz bunday horlikka,

Azizlar! Siz bizni hurlikla asrang!

* * *


Toqat qilolmasmiz yolg’on riyoga,

O’zni teng bilmasmiz nopok dunyoga,

Suyanib yashaymiz sof muhabbatga,

Iymonga yo’grilgan din-diyonatga,

Azizlar! Siz bizni iymonla asrang!

* * *


Onasiz bu dunyo qolgay qorong’u,

Agar bor topsangiz tuyulgay og’u

Onalar mehridan olam munavar,

Undanda yorug’ nur bo’lmas muqarrar,

Azizlar! Siz bizni mehrla asrang!

* * *


Onalar baxtidan hurlik-istiqlol,

Farzandlar iqboli oru’istiqbol,

Erk uchun onaning joni garovdir,

Duosin shu’lasi mangu olovdir.

Azizlar! Siz bizni erk uchun asrang!
Onalarning dardi

Ahad Qayum

Dunyoning tashvishin bir chetga surib,

Eng ko’xna ohanglar esga olinsa,

Har qanday tosh qal ham ketard erib,

Onalarning dardi kuyga solinsa.

* * *

Taqdir zarbasiga topolgan bardosh,



Qirqta joni mudom qirq yonga talosh,

O’z-o’zidan kelgay ko’zingizga yosh,

Onalarning dardi kuyga solinsa.

* * *


Farzandin kamolin o’ylab har lahza,

Vafo mezonini olgan dastavval,

Yillab olis ketsang yo’lingga mahtal,

Onalarning dardi kuyga solinsa.

* * *

Ikki og’iz so’zda qalbim jam mening,



Umrim msili yonib turgan sham mening,

Men uchun eng aziz volidam mening,

Onalarning dardi kuyga solinsa.

* * *


Shamsi iqbolingday porlagan zot kim,

Dunyodan bir ma’no izlasang garchim,

Tinglay olarmiding o’zing ayt, do’stim,

Onalarning dardi kuyga solinsa.

* * *

Qalbimni sizlarga ochdim azizlar,



O’ylasam onamni qalamim bo’zlar,

O’shanda Ahad ham dardidan so’zlar,

Onalarning dardi kuyga solinsa.

* * *


Dunyoning tashvishin bir chetga surib,

Eng ko’xna ohanglar esga olina,

Har qanday tosh qalb ham ketardi erib,

Onalarning dardi kuyga solinsa.


Ona

Abdulla Oripov

Kimdir savol berdi:”Aytgil Muhammad

Yolg’iz sen rasulsan butkul olamga

Kimga yaxshilik aylay o’zing ayt

Ota-oanamgami yohud bolamga?”

* * *

Rasul javob berdi tingla birodar,t



Gapimni uch bora quloqqa ilgil,

Imkon topa olsang dunyoda agar

Eng avval onangga yaxshilik qilgil.

* * *


Bu hikmat sharhini o’yladim uzoq,

Rostdan Ona erur qiblai-olam

Garchi barchamiz ham farzandmiz biroq,

Onadan tug’ilgan payg’ambarlar ham.

Turfa qiziqarli ma’lumotlar
Dunyoda 9 foiz ayolgina o’zini haqiqatdan ham jozibali deb o’ylaydi. 43 foiz ayollar “tabiiy” ko’rinishga egaman, 24 foizi o’zini o’rtacha tashqi qiyofali, 7 foizi yoqimtoyman, deb o’ylaydi va 2 foizgina erkaklarga yoqishini ochiq tan oladi.

* * *


Tinch okeani hududidagi Tivi qabilasida qizaloqlar tug’ilganidayoq turmushga uzatiladi.

* * *


Yer yuzida yiliga 210 000 000 ayol homilador bo’larkan.

* * *


Bu go’zal jins vakillari umrining 3 yili ko’zgu qarshisida o’tarkan. Millionlab ayollar kuniga o’rta hisobda 34 marta ko’zguga qararkan.

* * *


“Kolibri” byurosi eksperti Uta Rademaher o’tkazgan so’rovnoma natijasiga ko’ra natijasiga ko’ra, umumiy hisobda ayollar hayotining 78 kuni sumkasidagi kerakli buyumni izlashga sarf bo’ladi.

* * *


Ayollar erkaklardan ikki barobar ko’p kiprik qoqadi.

* * *


Sitsiliyalik Roza Puglizi evarali bo’lganida 83 yoshda edi. To’ng’ich farzandini dunyoga keltirganida 19 yoshda bo’lgan Roza momo birinchi avlodga tegishli bo’lsa, hozircha kenja hisoblanayotgan evarasi oltinchi avlod vakili.

* * *


Londonlik olimlarning tadqiqotlariga ko’ra, nomsiz barmoqlaridan kalta bo’lgan qizlarning sportda, ayniqsa, yengil otletika va tennisda muvaffaqiyatlarga erishish imkoniyatlari ko’proq bo’larkan.

* * *


2002-yilda “Pepsi” firmasi pop qo’shiqchisi Britni Spirsni o’z mahsulotlarini reklama qilish uchun taklif etdi. Firma rahbariyati 90 daqiqalik rolik uchun 7,53 million dollar ajratdi. Bu dunyodago eng qimmat reklama kampaniyasi bo’lgandi.

* * *


O’tkazilgan ko’plab so’rovnomalar natijalariga ko’ra, eng hurmatga sazovor ayol deb Elizaveta II tan olingan.

* * *


Yer yuzida ta’lim olish imkoniyatidan mahrum 300 million bolaning 2/3 qismini qizlar tashkil etadi.

* * *


“Koreus.com” sayti ma’lumotiga ko’ra, ayollarning 24 foizi erkak bo’lishni xohlar ekan. Boshqacha aytganda, 76 foizi bu jinsga mansubligidan mamnun. 120 million dollar. Bu- madonnaning “Live Nation” prodyusserlik firmasi bilan imzolangan shartnomasi summasi. Pop-yulduzlar orasidagi absalyut rekord!

* * *


Lablarini doimiy tarzda bo’yab yuradigan ayol butun hayoti davomida 2kg. lab bo’yog’i yerkan.

* * *


1901-2009 yillar davomida 40 nafar ayol Nobel mukofoti sovrindori bo’lgan.

Ayol – ezugulik mehrobi…


Ayolning ulug’ xizmatlariga har qanday tuzum, har qanday jamiyat doimo muhtoj. Ayol - xonadon chirog’i, jamiyat- tayanchidir. Oila- ayol demakdir.

Abdulla Oripov

* * *

Ayol kishi hayot trayektoriyasini o’zgartirishga qodir.



* * *

Ayollarni maqtaydigan ularni yaxshi bilamaydi. Ayollarni so’kadigan ularni umuman bilmaydi.

G. Pigo-Lebren

* * *


Ayollarning erkaklardan haqiqatdan ham yaxshi ekanligini bilmayman-u, lekin ulardan battar emasliklarini aniq bilaman.

Golda Meir

* * *

Ayollarning ko’zlariga shunchalik ko’p yosh sig’ishiga hech kim ishonmaydi.



Simona de-Bovuar

* * *


Ayolning nimaga qodir ekanligini faqat ayol biladi.

SomersetMoem

* * *

Ona - bu yosh bolalar tili va qalbidagi Tangrini nomi.



U. M. Tekkerey

* * *


Ona - o’z farzandining advokati, uning barcha qilmishlarini oqlaydi: ota esa ko’pincha prokurorga o’xshaydi - juda kam hollarda o’g’lini erkalaydi.

I. Shevelev


Ayollarni mukarram tutinglar.

“Avesto”dan

* * *

Oilani xalos qiluvchisi ham, halok qiluvchisi ham ayol. Ayol- erkakning buyuk tarbiyachisidir.



Anatol Frans

* * *


…Osmondan ham buyukroq yagona go’zal manzara - bu ayol qalbi.

Viktor Gyugo

* * *

Ayolni kamgaplik go’zallashtiradi.



* * *

Ayol kishining eng asosiy va muhim sifati- uning muloyim tabiatligi.

Jan. Jak. Russo

* * *


Ayollar, hatto erkaklar didini ham nafislashtirishadi.

Kant


Uyning oroyishi ayoldin,

Uylukning osoyishi andin.

Alisher Navoiy

* * *


Dunyoda muhabbatni har qanday qulfga tushadigan qilib olgan xotinlar ham bor.

Abdulla Qahhor

* * *

Ayol deganimizda ko’z o’ngiga birinchi navbatda barcha mavjudotlar orasida eng ulug’, eng qimmatli va eng muqaddas zot keladi, eng ajoyib, ko’p qirrali va keng ma’nodagi sevgi keladi, hayotdagi hech bir narsa bilan, hech bir go’zallik bilan, hatto barcha go’zallikning jamuljami bilan qiyos qilib bo’lmaydigan qandaydir hayratomuz va sirli va ohanrabodek jozibali nafosat keladi.



* * *

Kimki ayol diliga hokim,

Idrokidan sezadi ustun.

U olmagan cho’qqi yo’q, neki,

Ayol o’zi cho’qqidir bu kun

Zulfiya


* * *

Bir xotinning joni bitta emas ming bitta! Hozir tugab qolgan shamday lipillab yonayotgan joni basharti so’ngan taqdirda ham qolgan mingtasini yoqib, keyin so’nadi.

Abdulla Qahhor

* * *


Koxna Sharq hamisha tafakkur manbai bo’lib kelgan. Ko’xna Sharq onalari esa sadoqat, halollik, ezgulik mehrobi bo’lib kelgandir. Bu mehrobdan Sharq erkaklari hamisha o’zlariga botiniy kuch olib turadilar, xonadon shamchirog’i bo’lgan Ayol muhabbatiga sazavoe bo’lishga intiladilar.

Abdulla Oripov

* * *

Kimdir bir yumushdan yuzini burdi,



Kimdir va’da berdi, kimdir o’y surdi,

Ayolga ehtirom navbati yetgach,

Hamma birdaniga oyoqqa turdi

Abdulla Oripov

* * *

Ayolini qadrlagan el ulug’ bo’ladi. Chunki, ayol yaratadigan millat farzandlarining ilk vatani, ko’zlari yumuq holda ham chayqaladigan beshigi – Ona vujudi. Shu bois ham biz Onani Vatan deb ulug’laymiz. Uning himoyasiga jon qadar shay turamiz. Bilgan odamga Vatan – Onadir.



Abdulla Oripov

* * *


Ayol kishiga eng haqqi ko’p kishi erdir, erkak kishiga eng haqqi ko’p kishi – Onasidir.

Abu Lays Samarqandiy

* * *

O’zbek xalqi o’z paxlavon, botir otalari bilan bir qatorda jasur, qo’rqmas, bolalarning ko’ziga tik qaray oluvchi o’z onalari bilan bilan ham faxrlana oladi.



G’afur G’ulom

* * *


Yo’q bizga onadek mehribon,

Siynaga qlqon, bosh uzra soyabon.

Hamza Hakimzoda Niyoziy

* * *


Ayol kishi aslida nima haqida o’ylayotganini bilishini isitasangiz, unga nazar qiling, lekin eshitmang.

Oskar Uaylol

* * *

Ayol kishi bilmagan sirnigina saqlashi mumkin.



Seneka

* * *


Ayollarni ko’pincha go’zalligi kekkayishiga majbur qiladi.

Uilyam Shekspir

* * *

Ayol bolalarni erkakka qaraganda yaxshi tushunadi, lekin erkakda bolalalik ayolnikidan ko’p.



Fridrix Nichshe

* * *


Ayol oqila-yu, er ishbilarmon, demak kundan-kunga obod xonadon.

Agar ayollar bo’lmaganida, biz hayotimizning dastlabki soatlarida yordamdan, o’rtasida huzur-halovatdan, oxirida esa ovuntiruvchidan mahrum bo’lar edik.

Shamfor

* * *


Yomon xotin to’g’risida yozish, har narsa yozish mumkin. Lekin yozgan vaqtda yozishdan maqsad nima ekanini, onamiz ham, oilamiz ham xotin jinsidan ekanini esimizdan chiqarmasligimiz kerak.

Abdulla Qahhor

* * *

Bizning tarbiyachilarimiz, tarbiyalarimiz, muallimlarimiz, ham shu ayollarimizdir.



Fitrat

* * *


Yolg’iz bir go’zallik, ayniqsa ona va yor bo’lish ayollarning sifatlari, har qanday tuzumdan, har qanday toj-u taxtdan baland turgan va shunday bo’lib qolajak. Demak, dunyoda sira o’zgarmas bir mavzu bor u ham bo’lsa mehr-muhabbat-kim, uning asosiy qahramoni munis ayollarimiz.

Abdulla Oripov

* * *

Nomus, or, sadoqat, vafo, muhabbat kabi muqaddas tuyg’ularning timsoli- Ayoldir.



Abdulla Oripov

* * *


Ayol hamisha qo’l yetmas orzu, yuksak go’zallik manbai, nur, oliyjanobliklarning Ka’basi bo’lib qolishini tilayman.

Abdulla Oripov

* * *

Jamiyatning, millatning beqiyos rivoji, yurtning gullab-yashnashi Ayolning e’tiqodi, diyonati, axloq-odobi, halolligiga juda bog’liq.



Abdulla Oripov

Oila saodati – Ayol


Oila har bir xalqning, millatning davomiyligini saqlaydigan, milliy qadriyatlarning rivojini ta’minlaydigan, yangi avlodni dunyoga keltirib uni ma’nan va jismoniy barkamol qilib tarbiyalaydigan, jamiyatning asosiy negizi hisoblanuvchi muqaddas maskandir. Oilaning har tomonlama mustahkamligi ayolga bog’liq bo’lsa, uning kelajagi uchun yoshlar ma’suldir. Shuning uchun ham yurtboshimiz XXI - asrda ayollar tadbirkorligini oshirish, ularning turmushini yaxshilash uchun oilada, jamiyatda moddiy va ma’naviy sharoitlar yaratish, ayollar tadbirkorligini qo’llab-quvvatlash, mehnatini yengillashtirish chora-tadbirlarini belgilash, salomatligini mustahkamlash ilmiy ma’naviy-madaniy saviyasini yuksaltirish, jamiyatda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarda ularning imkoniyatlari, qobiliyatlari va salohiyatlaridan samarali foydalanish farzand tarbiyasidagi ma’suliyatini oshirish masalasiga jamiyatning diqqat-e’tiborini qaratmoqda. Ushbu benazir g’amxo’rliklarga javoban ayollardan jamiyat taraqqiyoti yo’lida fidoiylik, ma’naviy va jismoniy barkamollik, oilasiga sadoqat tadbirkorlik, tashabbuskorlik, har tomonlama namuna bo’lish talab etiladi.

Chunki, savodxon, fidokor ayolgina yuqori saviyali savodxon millat, Vatan taqdiri uchun foydali farzandlarni tarbiyalab yetishtiradi.

Ayol oila tinchligining tarozisidir. Jismi-jonidan tirik bir jonni ne azobda dunyoga keltirguchi ham ayoldir, turmush o’rtig’ini ertalab tabassum bilan ishga kuzatgan, qaytganda xursandchilik bilan kutib olgan ayol jannatidir. Bu toifadagi ayollar er urug’ini o’z urug’idek, qaynona-qaynotasini esa o’z ota-onasidek hurmat-izzat qiladi.

Oilada ayolning sadoqati, ozodaligi, shirin muomalasi, ishbilarmonligi qizlar uchun namunadir. Onaning mehmon kutish, taom tayyorlash, muomala va kiyinish madaniyatiga rioya etish, bola tarbiyalash, ma’naviy-madaniy savodxonligi qiz bola uchun oila dorilfununidir.

Muhammad (s.a.v)ning Hadisi Shariflarida aytilganidek “Jannat Onalar oyog’i ostidadur” yoki xalq maqollarida aytilgandek: “Erni er qiladigan ham, qaro yer qiladigan ham ayoldir”. Zotan, oqila, fozila, xulqi hatta-xarakati go’zal ayollar, oilaning, erning, farzandlarning faxr-iftihoridir. Oilaning asl tayanchi – ayoldir. “Xotinlar uyning gullari-yu, xonalarning chechaklaridir. Iffat ayol kishi uchun ziynatidir. Bu ziynatni sof saqlash uning baxti va saodati, umrining mazmuni, oilada, jamiyatda munosib o’rin demakdir. Hazrat Ali raziollohu anhu aytadilar: “Iffat xotunlarning eng ziynatli libosi, erkakning sarmoyayi ulviyatidir”. Buyuk alloma az-Zamahshariyning fikricha: “Ayol kishiga uning husn-u jamoli uchun emas, balki uning pokiza iffati bilan chiroy jam bo’lgandagina haqiqiy barkamolllik hosil bo’ladi”. “Yaxshi xotin oilaning saodati va baxtidir. Uyning ozdaligi undan, uy egasining hotirjam va osoyishtaligi undan. Husnli bo’lsa-ko’ngil yog’dusi, xushmuomlali bo’lsa - jon ozig’idir, Oqila bo’lsa ro’zg’orda tartib-intizom bo’ladi, asbob-anjomlar pokiza va saranjom turadi,”- degan edi Navoiy hazratlari.

Sabr ayoldan, kechirish ayoldan, farzand berish ayoldan, tarbiya ayoldan, ro’zg’or ishi ayoldan, millatning kelajagi ayoldan. Ayol borini siqib bolasining tomiriga quyib turgan zotdir.

Ayol jamiyatga vujudida borini beradi. Odam va olam ayolning mehr-muruvvati bilan ko’karadi.

Quyosh aslida ikkita: biri ko’kda, biri esa “Ayol” nomi bilan zaminda yashaydi. Ayol - malham dunyo! U-nur manbai! Jumlai olamni Quyosh, odamlar qalbini esa Ayol isitib turadi! Demakki, hali mukammal emas, uning to’kisligi ayol bilandir! Onasiz, opa-singilsiz, umryo’ldosh va mahbubasiz, qizingizsiz, xola-ammalarsiz va yoki qo’shni momolarsiz qolishni bir tasavvur qiling-a! Tepangizda o’nta Quyosh bo’lsa-da, bahoringiz qishga aylanib, yozlaringiz izg’irin bo’lgay!

Oila mo’jazgina bir jamiyatchadir. Butun insoniyat, jamiyatining daxlsizligi ham oilaning jipsligiga bog’liq. Oila jamiyatning durru gavhari. Ana shu kichik jamiyatda haqiqiy farovon jamiyatning asoschilari yetishadi. Ular esa aksariyat hollarda oila bekasi tomonidan tarbiyat etiladi. “Bizga yaxshi onalarni beringlar, biz yaxshi odamlar bo’lib yetishamiz”, degan edi Jan Pol, J.J.Russo esa, “Ilk tarbiya hamma narsadan ham muhim bo’lib, u shubhasiz ayollar zimmasidadir”, deydi. Millatning kelajagi onalar qo’lidadir. Insonning birinchi tarbiyachilari onalardir. Tarbiya… nihoyatda mashaqqatli ish. Bolasini suyishni hayvon ham biladi. Ularni tarbiyalay olmoq esa – qobiliyat va keng hayotiy bilimlarni talab etadi. “Ona zamindagi yagona Xudodir.”- degan edi Laguve. Murg’ak bolalar tili va dilidagi Xudo – Onadir! Yuqoridagi fikrlarimizning barchasini bir qolipga soladigan bo’lsak buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy bobomizning ushbu misralari yodimizga tushadi:

Onalar oyog’in ostidadur,

Ravzai jannat-u junon bo’g’i,

Ravza bog’i visolin istar ersang,

Bo’l onaning oyog’in tufrog’i.

Onalari baxtiyor yurt- kelajagi buyuk, tinchligi barqaror, farzandlari hech kimdan kam bo’lmagan, mangu ozod va obod yurtdir!


Xonadonimiz malikalari!
“Ey farzand, bilgilki, aql yuzasidan farzandga ota-onani izzat va hurmat qilish vojibdur, nedinkim uning asli ota va onadur. Ota va onani nima uchun hurmat qilurman deb ko’nglingg’a kelturmag’il, bilgilki ular sening uchun o’limg’a ham tayyor turadurlar.

Har farzandki oqil va dono bo’lsa, hech vaqt ota-onaning mehr haqini ado qilmoqdan holi bo’lmag’usidir. Ota-ona farmonbardordur. Bu farmonbardorlikda ham ish bo’lg’ay ham farmon bo’lg’ay. Ota-onaning ishi seni parvarish qimoqdir va farmoni senga yaxshilik o’rgatmoqdur. Ularni hech ham ranjitmag’il”

* * *

Erkakning iltimosi


Xudoning oldiga erkak kelib, zerikkanini bayon etibdi. Xudo o’yga botibdi: “Barcha ashyolar erkakni bunyod etishga sarflangan bo’lsa, ayolni nimadan yaratish mumkin?” Erkakning iltimosini rad etmay, uzoq o’ylab mulohaza yuritganidan so’ng Xudo ayolni yaratibdi. Unga quyoshning bir necha yorqin nurlari, tongning barcha fusunkor bo’yoqlari, oyning o’ychan g’amginligi, oqqush go’zalligi, mushuk bolasining noz-karashmasi, ninachi nazokati, mo’ynaning erkalatuvchi harorati, ohanraboning tortish kuchi – barchasini bir joyaga biriktiribdi. Shundan so’ng chuchimallikdan ogohlantirish maqsadida quyidagilarni qo’shibdi: yulduzlarning sovuq miltillashi, shamolning beqarorligi, ko’zi yoshlanib turadigan bulut, tulkining quvligi,pashshaning hiraligi, nahangning ochko’zligi, urg’ochi arslonning rashki, asalarining qasoskorligi, zulukning qonxo’rlik xususiyatlari… Shularni jamlabdi-yu so’ng hayot bag’ishlabdi. Natijada haqiqiy Ayol paydo bo’libdi.

Xudo bu ayolni erkakka hadya qilibdi. Keyin shunday deb tayinlabdi:

- U qanday yaratilgan bo’lsa, shu tariqa olaver, o’zgartiraman deb ovora bo’lma.

* * *


Soliha ayol
Ulamodan (olimlardan) biri yosh va go’zal ayolni imtihon qilish uchun bunday debdi:

- Senday go’zal bir ayolning shunday hunuk eri bo’lishi yaxshi emas.

Eri hunuk, kir yuradigan, nohush odam bo’lgan bu go’zal xotin ul odamga ushbu go’zal javobni berdi:


  • Ey Hakim! Siz ko’p yanglish so’zladingiz. Gapingiz to’g’ri emas. Bunday gaplarni sizday olimdan eshitib ko’p rajidim. Chunki erimning Alloh taolo oldida bir savobi borligidan bo’lsa kerak, meni ul savobga nisbatan bir mukofot o’laroq nasib etgandir. Balki men biror gunoh ish qilgan bo’lishim mumkin. Haq Taolo shu gunohimning jazosi satida meni unga bergandir. Janobi Haqning bergan taqdiriga rozi bo’lish kerak.

Ul olim go’zal ayolga:

- Bolajonim, men seni dindor va aqlli bir ayol ekanligingni sezgan edim, shuning uchun imtihon qilib ko’ray degandim, qizim, ayollatda jannatga kirish uchun eng buyuk nishon erining yomon fe’llariga sabr qilmoqdir. Jannatiy soliha ayolning nishoni va alomati erga itoat etmog’i, erining xotirini xush tutishi, eri yo’qligida xayr duo etmog’i va erining mol-mulkini saqlab, ehtiyot qilmog’i kabi xususiyatlardan iboratdir. Mening bu aytganlarim soliha ayolning Jannatga kirishi uchun bir nishondir – deb nasihat qildi.

* * *
“Oqila xotin o’z erining haqiqiy ko’makdoshidir. Bunday xotin o’z erining so’zlarini hech vaqt yerda qoldirmaydi. Mensimasdan qaramaydi. Uni har bir ishda qo’llab quvvatlaydi. Ammo oqila xotin erga itoat qilish kerak ekan deb, er boshlagan har xil qabix yo’llarga yuravermaydi, aksincha o’z erini yomon va jinoyatga olib boradigan yo’llardan qaytaradi.

Badxulq va bemani erga uchragan ayolning asosiy vazifasi shundan iboratki, u bor kuchini sarflab, erining noto’g’ri yo’ldan ketayotganini tushuntirishi, unga va’zu nasihat qilishi, barcha chora tadbirlarni qo’llaganda ham erining tuzalishiga ishonchi yo’q bo’lgach, undan ko’ngil uzishi, “qutilish yo’lini qidirishi kerak”, deydi Olimat al – Banot.

* * *
Boylikmi, oqila xonimmi?
Bir vaqtlar Bog’dodda yuz bergan kuchli yong’inda boyning hamma boyligi kuyib kul bo’libdi. Butun mol dunyosining bir pasta yo’q bolganiga chidamagan odam Bog’dod ko’chalarida faryod-u fig’on chekib yig’ladi. U odam ham yig’lardi, ham uyiga qaradi. Bu falokatni ko’rib, uning qarshisidan bir oqil odam chiqib debdi:

- Ey do’stim, bu kap-katta odamga yig’lash nimasi?

Uyi yongan odam:

- Men yig’lamay kim yig’lasin?.. Bir zumda hamma mol-mulkim kul bo’ldi ketdi! Bir lahzada faqir va qashshoq bo’ldim, - dedi.

Ko’pni ko’rgan kechirgan oqil odam:

- Ko’p g’am chekma, umr yo’ldoshing qanday? Aqllimi, erining dardi, erining kayfiyatini, erining qadrini biladimi? – deb so’radi.

Uyi yongan kishi bir zum o’ylanib qoldi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman. Allohga shukr farosatli, soliha xonimim bor, - dedi

Ko’rgan kechirgan kishining xotini afsuski, ko’ngildagidek emas, shu jihatdan baxtsiz edi. U uyi kuygan odamga bunday debdi:

- U holda nega yig’laysan, ey nodon?! Bu dunyoda mato uchun ham ko’z yosh to’kadimi? Men shunday bir xotinga uylanganmanki, aqli kalta, er qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmaysan. Sen aqli kalta, tili uzun, jag’i tinmas bir xotinga uylangin, o’shanda bilasan falokat nimaligini! Sen sog’ bo’lsang, hammasini topasan. Yoningda ko’nglingdagidek xotining senga madadkor bo’lib ma’naviy quvvat berib turganidan keyin tezda o’zingni o’nglab olasan.

* * *
Ray hukmdori Faxriddin Davlo vafot etadi. Sulton Mahmud G’aznaviy bu yurtni o’z ixtiyoriga olmoqchi bo’ladi. Ray saltanatini kichik o’g’li nomidan marhumning ayoli Saida Xotun boshqarayotgan edi. Bir umr bu mamlakatga ishtiyoqmand bo’lgan G’aznaviy Saida Xotunga noma yuboradi.

Unda:”Yurtni yaxshilik bilan menga topshir, juma namozi hutbasiga nomimni qo’shib o’qittir va mening ismim bitilgan tanga zarb qildir, yo’qsa yeringni bosib olib xalqingni xonavayron qilaman”, deb yozilgan ekan. Endi Saida Xotunning javobini eshiting: “Men sizni sultonlar ichida eng donosi va mardi deb bilaman. Mening erim Faxriddin Davlo sizning hujum qilishingizdan doin xavotirda turar edi. Erim vafotidan keyin men bu masalada hotirjam tortdim. Chunki sizdan aqlli hukmdor hotin kishi bilan jangga kirishishni o’ziga ep ko’rmasa kerak. Ammo men jangdan qochmayman lekinshuni aytayki she’rning erkagigina emas , urg’ochisi ham havflidir. Ikkidan biri bo’ladi. Yo siz yengasiz yo men. Agar g’olib kelsangizda bu sizga saodat keltirmagay, sababi hotin kishi bilan jang qilin muzaffar bo’lgan erkakni tarix mardlar qatoriga yozmagay. Mabodo men yengsam sizday dovruqli sultonning hotin kishiga yengilishi siz uchun yan uyatli bo’lur”. Xatni olib qo’shni hoqon lol bo’libdi-yu shashtidan qaytibdi…

* * *

Ayol omonatdir.


Irz (shon,sharar, hokimiyat,vijdon or nomus) iymon kabi qadrli va qimmatlidir. Bular bir erkakka berilgan eng buyuk, eng muqaddas omonatlardir. Payg’ambarimiz (s.a.v) Olloh qiyomat kuni quyidagi uch odamga rahmat nazari bilan qaramasligida, ularni jannatga qo’ymasligidan habar berganlar:

  • ota onasiga oq bo’lganlar(isyon qilganlar, ularning haqlarini oyoq osti qilganlar toptaganlar)

  • ayolni begona erkeklardan qizg’onmaganlar. (ayolning harom ishlar va aloqalardan zavq olgan erkaklar)

  • (qiliq, qiyofa-kiyinishi, hol va harakatlari bilan erkakka o’xshash) erkakchalish ayollar. Bu kimsalar tavbasiz o’lsalar oqibati hunuk. Lekin, gunohlarini to’g’irlab, tavba qilsalar rahmatga va jannatga yuzlangan bo’lganlar.

* * *


Onani jannatga eltuvchi azob
Rasuli akram (s.a.v) marhamat etdilarki, bolalari uchun chekkan azoblari tufayli yanoqlari sarg’aygan ayol eridan beva qolgan, bolalarini yaxshi undirib-o’stirgan, tarbiyalagan va o’lguncha o’zini ularga bag’ishlagan ayoldir.

* * *
Nikoh kunlarida betob bo’lib qolgan ayol


Bir vaqtlar bir odam oqila, aqlli va go’zal xonimga oshiq bo’lib qoldi. U kishi ham aqlli, esli odam edi. Afsuslar bo’lsinki bu hol uzoqqa cho’zilmadi. Mahbubasi nikoh kunlariyoq kasal bo’lib qoldi. Kasallik natijasida qizning husn-malohati yo’qoldi, yuzlari dog’ bo’lib, nimalardir toshib ketdi.

Qizni tabiblarga ko’rsatdilar, chora topilmadi. Hakimlarbu chechakka o’xshash kasallik dedilar. Qiz yigit bilan turmush qurmaslikka ahd qildi. Uyalib yigit ko’ziga qaray olmasdi.

Ayanchli vaziyatda kuyov ham kasal bo’lib qoldi. Bir ikki kun o’tganidan so’ng “ko’zlarim ko’rmay qoldi”, deb rozlana boshladi. Qizning rahmi kelib, unga turmushga chiqishga rozi bo’ldi. Ular turmush qurdilar. Bu ikki aqlli juft baxtiyor hayot kechira boshladilar.

Oradan necha yillar o’tib, ayol yana qattiq ksal bo’lib qoldi, shifo topilmadi, ajali yetgan ekan, vafot etdi.

Xotinini vafot etganidan ko’p g’am chekkan vafodor erning, endi ko’zlari ochilib ko’ra boshlagani ma’lum bo’ldi. Yaqinlari, qarindoshlari bunda qanday hikmat borligini so’raganlarida u odam:

-Buning sababi oilada. Uylanmoqchi bo’lgan qaylig’im kasalligi tufayli men bilan yashashga ko’navermagach, uni xastalik asoratidan siqilish tuyg’usidan qutqarish uchun o’zimni ko’rlikka solgan edim, - dedi.

* * *
Er qadrini bilagan ayol
Faqir bir odam qishlog’idagi hamma xonadonlarning sigirlarini yaylovda boqib berardi. Uning og’irligi birovga tushmasdi, oilani shu mehnati bilan boqardi. Bu cho’ponning ahvolini tushunadigan, erining qadrini biladigan farisatli oqila xotini bor edi. Shuning uchun qishloqda u eng baxtiyor odam xisoblanardi.

Qishloqda kimki xotinidan jahli chiqsa, “Bor cho’ponning xotinidan ibrat olib kel”, der edi. Kunlardan bir kun qishloq og’asi xotinidan xafa bo’ldi. Og’a xotini ila janjallashib:

-Eygapga tushunmaydigan, befaxm xotin, qishlog’imiz cho’ponining xotinidan ozgina bo’lsa ham aql o’rgan, u faqir xotindan ibrat ol, er qadrini o’rgan dedi. Uning xotini:

-cho’ponning xotinidan nimani o’rganaman. Eri cho’pon bo’lsa, o’zida na hunar, na fazilat bor,-deb qarshilik ko’rsatdi.

Og’a jahl bilan ishga ketdi.Uning xotini keyin bezovta bo’lib qoldi. O’rnidan turib “cho’ponning xotinini hamma ta’riflaydi, bir ko’rib kelay”, deb ularning uyiga bordi. Shu payt cho’ponning xotini hovlidagi, oftobdagi idishdan suv olib ichar edi.

Og’aning xotini:

-shu suvdan menga ham ozgina bering,-dedi

Cho’ponning xotini:

- Bu suv isib qolgan, sizga muzday suv olib kelaman, bir oz kuting-dedi.

Og’aning xotini:

- Mayli, lekin siz o’zingiz nega isib qolgan suv ichmoqdasiz?-deb so’radi.

Cho’ponning xotini:



  • Xonim, shu onlarda erim dalada jaziramada yuribdi. Quyoshda qizigan meshchasidagi suvdan ichayotgandir. Erim u yerda isigan suvni ichsa-yu, men bu yerda sovuq suv ichsam, xotinligim qayerda qoldi!..-deb javob bergan ekan.

Ona qalbi

Bundan ko’-o’-o’-p yillar avval bir narsadan qattiq iztirobga tushdim. Uch kecha-kunduz deyarli uxlamadim. Hech kim bilan gaplashmay qo’ydim…

Shunda onam ko’zimga uzoq termulib o’tirdi-da bunday dedi:

- O’g’lim! Sen uchun mening joni-jahonim otash-alangaga aylanib yonib ketganida boshqalarning etagini uchi ham tutamaydi! Nega meni bunchalik kuydirasan, bolam?!

…onamning o’sha gaplarini eslasam har gal tomog’imga bir nima tiqilib qolaveradi…


Laylak

Ona yosh edi. Ona navjuvon edi. Bola g’o’r edi, bola go’dak edi… kunlarning birida ona-bola qishloqqa – uzoq qarindoshlarinikiga boradigan bo’lishdi. Ona qaddini g’oz tutib, tez-tez yurib borar, bola esa alang-jalang qilib atrofdagi manzaralarni tomosha qilar edi. Qishloq guzarida yarmina yashin uchirib ketgan bahaybat chinor bor edi. Bola daraxtni ko’rib angrayib qoldi:chinorning tarvaqaylab o’sgan shoxida supradek kattakon uya qorayib ko’rinar, uyada esa oyg’I, tumisgug’i uzun bir qush turar edi.

Bola mo’jiza ko’rgandek taqqa to’xtab qoldi.


  • Anavi nima, oyi? – dedi osha tomondan ko’z uzmay.

  • Laylak, o’g’lim, laylak! – ona o’g’lining boshini silab qo’ydi. –yura qol, jonim.

Bola hech qachon bunaqa qushni ko’rmagan edi. Qush ngadir bir oyoqlab turardi. U yana to’xtab qoldi.

  • Nima u, oyi?- dedi tag’in chinor uchiga ko’z tikib.

  • Laylak, o’g’lim, laylak.

Ona kuldi:

-bir oyog’I chachagandir-da. Yura qol, jonim.

Oyog’i uzun qush negadir bo’ynini cho’zib, tumshug’ini osmonga qaratib silkitar, shunda “tarak-tarak” degan ovoz eshitilardi.

Bola tag’in to’xtab qoldi.



  • nima o’zi u, oyi?

Uning ko’zlarida quvonch bor edi. Hayrat bor edi. Ona shoshib turardi. Mingta yumushi bor. Hali shaharga qaytishi kerak.

  • Laylak dedim-ku, jinnivoy,- deb ohista egilib, o’g’lining yuzidan o’pdi. – Senga salom beryapti-da.

Ona yosh edi. Ona navjuvon edi.

... Oradan o’ttiz yil o’tdi. Bola yigit bo’ldi. Ona keksayib qoldi. Oyog’idan mador, ko’zidan nur ketdi.

Kunlardan birida ona-bola ittifoqo yana o’sha qishloqqa borib qoldilar. Yigit qaddini g’oz tutib tez-tez yurib borar, ona esa toliqqan oyoqlarini, og’ir-og’ir ko’tarib bosgancha harsillab kelardi. Guzardagi yarmini yashin uchirib ketgan chinor hali ham bor ekan. Buni qarangki, chinorning tarvaqaylab o’sgan shoxida hamon supradek uya qorayib ko’rinar, uyida esa oyog’i, tumshug’i uzun laylak turardi. Yigit laylakka bir qarab qo’ydi-yu yurishini tezlatdi.

Orqada kelayotgan ona nursizlanib qolgan ko’zlarini chinorga, chinor shoxida qorayib turgan uyaga tikdi. Shoxda osilib turgan narsa ko’ziga g’alati ko’rindi.



  • Anavi nima, o’g’lim? – dedi to’xtab.

  • Laylak, oyi, laylak!

Ona yaxshi eshitmadi. Uch-to’rt qadam yurib yana to’xtab qoldi. Savatdek narsa ichida bir nima oqarib ko’rinyapti. Tavba...

  • Nima, o’g’lim? – dedi ko’zlarini pirpiratib.

O’g’il taqqa to’xtadi. G’ashi keldi. O’zi shoshib turibdi: mingta shi bor! Odam qariganidan keyin ezma bo’lib qolarkan-da!

-Laylak! – dedi jerkib. – Laylak deyapman-ku, karmisiz!

Shunday dedi-yu, jahl bilan tez-tez yurib ketdi.

Nachora, yigit yosh, yigit navqiron. Uning yumushi ko’p. hali shaharga qaytishi kerak… uning g’o’r, go’dak bolalari bor…

O’zbegimning iftixorlari

To’maris


Kaspiy dengizning kun chiqish tarafida qush uchib o’ta olmaydigan bepoyon cho’l va qirlarda massagetlar yashar ekanlar. Eron podshosi Kir ularning yerlarini bosib olmoqchi bo’lib safarga otlanibdi…

U zamonlarda massagetlaga To’maris degan aqlli, dono bir ayol boshliq ekan. Kir To’marisni hiyla bilan o’ziga bo’ysindirmoqchi bo’libdi. To’marisning eri o’lib ketganini eshitgan Kir uni o’ziga xotin qilib olish yo’li bilan massagetlar yeriga ega bo’lish rejasini tuzibdi. Shu muddao bilan u To’marisga, sovg’alar, elchi-sovchilar yuboribdi. Ziyrak To’maris makkor podshoning yovuz niyatini sezibdi. Podshoga xotin emas, massagetlar yurti kerakligini anglabdi va sovchilarni qabul qilmabdi.

Kir hiyla-nayrangdan ish chiqmaganini ko’rgach, asl maqsadini namoyon etibdi. Araks daryosi tomon yurish qilibdi. U sollardan ko’prik yasatib, behisob qo’shini va asbob-anjomlarini sollarga solib, daryoning narigi qirg’og’ga o’tkazish chorasini ko’ribdi.

To’maris uning hamma ishlaridan xabardor ekan, tezlik bilan unga chopar yetkazib shu so’zlarni bayon qilibdi: “Ey, middiyalik maqtanchoq podshoh! Bu niyatlariningdan qayt, chunki bu qolayotgan ishlaringdan o’zingga foyda yo zarar tegishini bilmaysan. Tinchlik va osoyishtalik bilan o’z yurtinggga egalik qil, bizning yurtimizni o’zimizga qo’yib ber. Ammo, biz bilamizki, sen tinchlikni xoxlamaysan, shu sababli, basharti maslahatimizga kirmaysan, massagetlar bilan to’qnashishini istaysan, ko’prik yasayman deb ovora bo’lib o’tirma. Bizga aytsang, biz senga halaqit bermay daryodan uch kunlik yo’lga ko’chib ketamiz, bemalol daryodan o’tasan, so’ng yuzma-yuz urushamiz. Bordi-yu, agar biz bilan daryoning o’zi turgan qirg’og’ida uchrashmoqchi bo’lsang, uni ayt, unga ham biz rozi, faqat nomardlik qilma!”

Bu dadil gaplarni eshitib, Kir sarosimaga tushibdi, shoshilinch sur’atda Eron sardorlarini to’plabdi, ularni voqeadan xabardor qilib, maslahat so’rabdi. Ko’pchilikning fikri To’marisni Eronga keltirib jang qilish ustida to’xtabdi… Faqat qaxri qattiq vaziri Krez bu fikrga qarshi chiqibdi. To’marisning yerida urush ochishni talab qilib, to’l-yo’riq korsatibdi.

Shundan so’ng Kir To’marisning qirg’oqdan uzoqlashishini so’rab daryoning To’maris turgan betida urush qilishni taklif qilibdi. To’maris va’dasida turib uch kunlik yo’l bosib ketibdi…

Kir o’z qo’shini bilan daryodan o’tibdi. Kir daryoning shu qirg’gida sakkiz kun yo’l yuribdi. Keyin, Krezning maslahati bilan massagetlarga hiyla tuzog’ini quribdi. Noz-ne’mat va ichkiliklarni muhayyo qilib, eng yomon askarlardan bir to’pini orqada qoldirib, eng yaxshi askarlar bilan oldinga jo’nabketibdi. Massaget qo’shinlarining bir to’pi Kayxusrav qoldirib ketgan askarlarga behosdan hujum qilib, ularni qirib tashlabdi. Keyin massagetlar ziyofat ustidan chiqib, tayyor noz-ne’mat va sharoblardan boshini ko’tarolmabdi. Eroniylay qo’shini qaytib kelib, ularning ko’pini o’ldiribdi, ba’zilarini asir qilib olibdi. Asirlar ichida massagetlar boshlig’i bilan To’marisning o’g’li Sparganiz ham bor ekan.

“Ey, qonxo’r Kir, qilgan ishing bilan maqtanmay qo’ya qol. Sen mening o’g’limni yuzma-yuz jangda yengganing yo’q, uni makkorlik bilan sharob ichirib, qo’lga tushirding… Endi mening nasihatimga kir, o’g’limni menga topshirib ziyon zahmatsiz kelgan yeringga qaytib ket, massaget qo’shinining uchdan birini tushirganing bilan o’z elingda kerilib yuraver. Agar so’zimga kirmasang, massagetlar tangrisi-Quyosh nomi bilan qasamyod qilamanki, men senday ochko’z yuhoni qon bilan sug’oraman”.

Kir uning bu so’zlariga sira e’tibor qilmabdi. To’marisning o’g’li yosh Sparganiz esa ertasi xushiga kelib, hamma voqeadan xabardor bo’libdi, kishandan bo’shtishini Kirdan yolvorib so’rabdi. So’rovi bajo keltirilib, qoq’l-oyog’I banddan ozod qilinibdi. Ammo u o’z qilgan xatosiga pushaymon yeb, nomus kuchlilik qlib, o’zini-o’zi o’ldiribdi.

To`maris Kayxusravga qilgan nasixatlari kor qilmaganligini eshitibdi, barcha kuchlarini to’plab otlanib, unga qarshi jang boshlabdi. Shiddatli jang boshlanibdi. Aytishlaricha, ko’chmanchi urug’lar bungacha shunday qattiq, shunday daxshatli, jangi sira ko’rmagan ekan. Dastavval har ikki taraf qo’shini bir-biriga ro’para turib, yoylaradan tinmay o’q yog’diribdi, keyin o’qdonlarda o’q tamom bo’lib, askarlar bir-biri bilan aralashib ketibdi, nayzabozlik va qilichbozlik rosa qizibdi. Jang juda uzoq davom etsa ham, hech kim jang maydonini tashlab chiqib ketmabdi. Ular eroniylar qo’shinining ko’pini qirib tashlabdi, bir kam o’ttiz yil saltanat taxtida xukm surgan Kirni o’ldirishibdi.

To’maris jang tugaganidan keyin bir meshni odamzod qoni bilan to’ldirishni, Kirning murdasini o’liklar ichidan topib keltirishni buyuribdi. To’maris uning boshini qon bilan to’lgan meshga botiribdi va podshoning jasdiga g’azab va nafrat bilan qarab shu so’zlarni aytibdi: “ey nomard, sen meni, jangda halol yengib chiqqan bir ayolni, makkorlik bilan o’g’lidan judo qilib, seeni qon bilan sugo’rdim. Birovning yurtiga zo’ravonlik bilan bostirib kirganlarning jazosi shu!”.

Kir o’limining qissasi ana shunday ekan.

Saroy Mulk xonim (Bibixonim)
Saroy Mulk xonim chig’atoy ulusiga mansub mo’g’ul xonlaridan Qozonxonning qizi bo’lib, 1641 yilda tug’ilgan. Qozonxon taxtdan azl etilib, qatlqilingan chog’da Saroy Mulk xonim hali besh yoshda edi. Saroy Mulk xonim balog’atga yetgach, 1355-yilda Mavarounnahr hukmdori amir Qozonning nabirasi amir Husayn uni nikohiga kiritdi.

1370 yillar sohibqiron Amir Temur janga amir Husaynni yengib, uni qatl qildirgach, Mavorounnahr hukmdorligini o’z qo’liga oladi. Tabiiyki, amir Husaynning bir necha xotinlari bo’lib, haramning ulug’ bekasi- Tarmashirinxonning qizi Suyunch Qutlug’ Og’o edi. Sohibqiron Amir Twmur maqtulning haramidagi malikalar orasidan Qozonxonning qizi- Saroy Mulk xonimni, Bayon Sulduzning qizi-Ulus Og’oni, Xizir Yasriyning qizi-Islom Og’ni, Tag’oy Turkon Xotunni tanlab olib, idda muddati uch oy o’tgach o’z nikohiga kiritadi.

Sohibqiron Amir Temur Saroy Mulk xonimni o’z nikohiga kiritgach, “ko’ragon” unvoniga musharraf bo’ldi. Ko’ragon iborasi mo’g’ulcha so’z bo’lib, “kuyov” degan ma’noni ifodalaydi. Zebo, Saroy Mulk xonim mo’gul xonlaridan birining qizi bo’lgani tufayli sohibqiron Amir Temur mo’g’ul xonining kuyovi, ya’ni “Amir Temur Ko’ragon” nomini olgan edi.

Sohibqiron Amir Temur Saroy Mulk xonimni o’z nikohiga kiritgunga qadar, haramida boshqa xotinlari ham bor edi. Lekin xon alodiga mansub Saroy Mulk xonimharamdagi barcha malikalardan ulug’rog’i hisoblanib, “katta xonim” yohud “Bibixonim” degan unvonga moil bo’ladi. Albatta, bunday e’zozga musharraf bo’lish

uchun aql-zakovat, did-farosat, fikrlash doirasining ulkanligi bosh omil bo’lgan. Zotan, tarixiy manbalarning guvohlik berishicha Saroy Mulk xonim zamonasining idrokli, farosatli, tadbirkor va aql-zakovat sohibasi, husn-latofat bobida ham benaziri edi. Saroy Mulk xonim insonparvar, vatanni sevuvchi, mamlakatning ijtimioy-iqtisodiy va madaniy hayotidan yaxshigina xabardor bo’lgan, saltanat ishlarida dono maslahatlari bilan qatnashib turgan ayol edi. Ayniqsa, ilm-ma’rifatga alohida e’tibor ila qarar, tolibi ilmlarga homiylik qilardi.

Sohibqiron Amir Temurning xarbiy yurishlarida Saroy Mulk xonim ko’pincha birga yurgan. Tarixiy manbalarning yakdillik bilan bergan ma’lumotlariga ko’ra, o’ta ziyrak Saroy Mulk xonim saltanatni boshqarishga vujudga kelgan ayrim muammolarni hal qilishda o’zining oqila maslahatlari bilan faol qatnashgan. Amir Temur Saroy Mulk xonimga oshkora bo’ysunmasada-biroq uning oqilona maslahatlariga o’zida qandaydir ehtiyoj sezib turgan. Naql qilshlaricha, Amir Temur Eronga qarshi yurish boshlaganda, Isfaxonning qamali ko’pga cho’zilib, qo’shinni ozuqa bilan tamillashga mablag’ yetishmay qoladi. Nihoyat, Amir Temur Samarqandga chopar yo’llab, Saroy Mulk xonimga maktub jo’natadi. Maktub qisqa bo’lib, “qo’shinning zahirasi tugadi, xazinadan zar yuboring”, deydilgandi. Saroy Mulk xonim maktub mazmunidan xabardor bo’lgach, maktubning orqa tomonida “Ulug’ amir, zaringiz tugagan bo’lsa siyosatingiz ham tugadimi?”-deb yozadi va uni choparga tutqazadi.

Amir Temur maktubni olgach, Saroy Mulk xonimning kinoyali zamzamasini o’ylab-o’ylab, nihoyat bir qarorga keladi. Lashkarxonada so’yib yeyilgan qo’y, qoramol, ot va tuya suyaklarini o’sha kuniyoq yig’dirib, turli hajmlarda qirqtirib, katta hajmdagisiga katta qiymat, kichkinasiga kichik qiymat belgilab, unga po’lat

muxrini qizdirib tamg’a bostiradi hamda muvaqqat pul o’rnida muomalaga kiritishga farmon beradi. Natijada, qo’shni shahar va qishloqlarda suyak pulga qo’shin uchun oziq-ovqat sotib olinadi. Tez kunda Ifaxon taslim bo’lgach, suyak pullar zarb bilan almashtiriladi.

Amir Temur saroyida joriy qilingan tartibga ko’ra, chet ellik elchilarni qabul qilish marosimlarida hukmdor yonida xotinlari ham ishtirok etishgan. Ispaniya qiroli Genri IIIning Samarqand hukmdori Amir Temur huzuriga yuborgan elchisi Ryui Ganzales de Klavixonning yozishcha, 1402-yil 8-sentabr dushanba kuni Amir Temur Samarqand chetidagi “Dilkusho” bog’ida elchilarni qabul qiladi. Qabul marosimi katta ziyofat va tantana bilan boshlangan. Klavixonning hikoya qilishicha qabul marosimiga hukmdor Temurning yonida Saroy Mulk xonim boshliq boshqa xotinlari ham yuzlariga parda tashlab o’tirganlar.

Naql qilishlaricha, Saroy Mulk xonim kunlardan bir kun o’z jamg’armasi xisobidan hudo yo’liga bir madrasa qurdirishga eri Amir Temurdan ijozat so’raydi. Hukmdordan ruxsat bo’lgach otasi Qozonxon tomonidan sovg’a bir juft olmos baldog’ini sotuvga qo’yib bu mablag’ni madrasa qurilishiga sarflaydi va eng mohir ustalar ishtirokoida bunyod ettiradi.

Afsuski, Saroy Mulk xonim madrasasi uzoq turmaydi. Rivoyalarga ko’ra XVI asr oxirida Buxoro amiri Abdullahon temuriylarga husumati tufayli maxsus farmon bilan madrasani buzdirib tashladi. Faqat madrasa yoniga qurilgan maqbaragina saqlanib qolgan.

Samarqandda mashxur Bibixonim masjidi jo’mesi ham bor. Bu masjidni Amir Temur O’trorda vafot qilgach, Samarqand taxtiga uning nabirasi Halil Sulton Mirzo (1384-1411) o’tirdi. Ibn Arabshohning bergan ma’lumotiga ko’ra, Halil Sulton Mirzoning xotini Shod Mulk Begim 1408-yilda Saroy Mulk xonimni zaxarlab o’ldirgan. Saroy Mulk xonimning jasadi o’zi qurdirgan madrasasi yonidagi maqbaraga “tosh tobut”ga solib, mo’miyolanib dafn qilingan. 1941-yil iyul oyida Go’ri Amir maqbarasida abadiy uyquga ketgan Amir Temur, Shohrux Mirzo, Muhammad Sulton Mirzo va Ulug’bek Mirzolarning qabrlari ochib tekshiriladi. Saroy Mulk xonim qabri ham ochilib, jasadni tekshirish maqsadida Toshkentga olib kelishgan. Keyinchalik yana Samarqandga olib borib qo’yilgan.

Sohibqiron Amir Temur Saroy Mulk xonimdan farzand ko’rmagan. Ammo sohibqiron o’z o’g’li Shohruh Mirzoni, suyukli nabiralari Muhammad Sulton Mirzo, Halil Sulton Mirzo, Ulug’bek Mirzo va boshqa mirzolarni bevosita zukko Saroy Mulk xonim tarbiyasiga topshirgan edi.

Gulbadan Begim


Gulbadan begim Zahiriddin Muhammad Boburshohning Dildor begim nomli xotinidan tug’ilgan uchinchi qizidir. Gulbadan negim 1523-yili Kobulda tug’ilgan. Uning onasi Dildor begimning haqiqiy ismi – Soliha Sulton begim bo’lib, Zahiriddin Muhammad Mirzoshohning amakisi Sulton Mahmud Mirzoning qizi edi. Gulbadan begim otasi Bobur podshohning farmoniga ko’ra katta onasi, ya’ni Humoyun Mirzoning onasi – Mohim begim qo’lida tarbiyalanadi. Mohim begim Bobur podshohning eng sevimli katta xotini, hukmdorning xotinlari orasida eng oqila va bilimdoni edi. Binobarin, 1525-yili Gulbadan begimni Mohim begim o’z tarbiyasiga oladi. Gulbadan begim har ikkala onasini ham samimiy e’zozlagan. U o’z asarida onasini “Dildor begim” deb, Mohim begimni esa “onam hazratlari” deb tilga oladi.

Gulbadan begim 1529-yilgacha Kobulda yashaydi. Bobur Hindistonni qo’lga kiritgach, Mohim begim bilan birga podshoh otasining huzuriga – Agraga boradi. Otasi Bobur vafotidan so’ng, akasi, Humoyun podshoh saroyida yashaydi. 1539-yilda Gulbadan begimni Hizr Ho’jaxonga turmushga chiqaradilar. U bir o’g’il ko’radi, ismini Saodatyor deb ataydilar. 1556-yili Humoyun podshoh vafotidan so’ng saltanat taxtiga uning o’g’li Jaloliddin Akbarshox (1542-1605) o’tirgach, shoxning onasi Hamida bonu bilan Gulbadan begim saroyga – Dehliga qaytib keladilar. Ana shundan so’ng, Gulbadan begim umrining oxirigacha jiyani Akbarshoh saroyida yashaydi.

Gulbadan begim o’z zamonasining oqila va dono ayollaridan edi. U jiyani Jaloliddin Akbar podshohning “Firdavs makon va jannat oshyon Hazrat haqidagi voqealardan nimaiki bilsangiz, yozingiz”, - degan ishorasiga muvofiq, “Humoyunnona”nomli ajoyib va muhim tarixiy asarini yozishga kirishadi. “Humoyunnoma” Boburshoh bilan Humoyun podshohning hayot tarzi va sarguzashtlarining mutasar tarixi bo’lib, mantiqan “Boburnoma”ning davonidir. Bu asarning muhimligi yana shundaki, “Boburnoma” asaridagi ayrim voqealarning kelib chiqish sabablari mukammal ochib beriladi.

Gulbadan begim o’z asarida saroy ahlining hayot atrzi, shuningdek, tarixiy asarlarida uchramaydigan Bobur podshoh xonadoning nozik xususiyatlari, oilaviy sharoitlari, to’y va aza bilan bog’liq udumlar, uy-ro’zg’or asboblari, kiyim-kechak turlari kabi jihozlari haqida mufassal hikoya qiladi. Ammo, afsuski, asarning oxirgi qismi o’sha zamonning suronli yillarida yo’qolib ketgan.

Mir Mahti Mirzoning “Taskirat ul-havotin” asarida keltirilgan “Sevgisiz hayotda ma’no yo’q” mazmunidagi ikki baytiga qaraganda, Gulbadan begimning fazaliyotdan ham xabari bo’lgan.

“Akbarnoma” asarining muallifi Abul Fazlning berga ma’lumotiga qaraganda, 1575-yilda Gulbadan begim Kabtullo ziyoratiga jo’nab ketadi va 1582-yilda ko’p qiyinchiliklar bilan ziyoratgohdan qaytib keladi. Abul Fazlning yozishicha, Gulbadan begim 1603-yilda sakson yoshida vafot etadi. Akbar podshoh uni katta xurmat va ehtirom bilan dafn ettiradi. Akbar podshohning o’zi uning tobutini o’g’il sifatida ko’tarib, dafn marosimida o’g’illik burchini e’timomiga yetkazadi.


Zebuniso Begim
Zebuniso begim Zahiriddin Muhammad Bobur podshohning pandnevarasi Abu Zafar Muhiriddin Muhammad Avrangzeb (taxt bezagi) Olamgirning qizi. Uning onasi Dilrasbonu Shohnavozxonning qizi bo’lib, Bonurning Gulbadan begim ismli qiziga borib tutashadi. Zebuniso begim 1639-yilning fevral oyida Dehlida tug’ilgan.

Uning otasi Avrangzeb (1618-1707) yoshligidanoq dindorligi bilan nom chiqargan edi.

Zebuniso begim o’z zamonasining fozila ayollaridan Hafiza Maryam Bonuni qo’lida savod chiqargan. Otasi Zebunisoning shoirlik iste’dodini payqab, unga davrining yetuk olimlaridan Mullo Muhammad Ashraf Isfahoniy va Mulla Jevonni muallim qilb tayinlaydi. Zebuniso begim zabardast shoira, yetuk olima, usta tanbur certuvchi sozanda va mohir xattot bo’lib yetishadi. Arab-fors tillarini sarfu-naxv (marfologiya va sintaksis)ini fiqh (qonunshunoslik), mantiq, falsafa, tarix fanlarini puxta o’zlashtiradi. U nastalik, nasx va shikasta xatlarni zo’r mahorat ila bitgan. Qur’onni bir necha marotaba xusnixatda ko’chiragn va yodda qiroat bilan o’qigan. Zebuniso begim arab va fors tillarida sarf-u naxvini egallab, shu tillarda ham ijod qildi. Zebuniso begim olimlarga, shoiralarga va san’at ahllariga homiylik ko’rsatib, ularga maosh so’rab turgan. “Olami Islom” tazkirasidagi “Zebuniso begim otasi hukmdorlik bilan qozonolmagan shuxratini ilm va odob bilan qozongan” jumlalari fikrimizni tasdiqlaydi.

Zebuniso begim bir qator shogirdpeshlarini ilm-ma’rifat, odob va fazaliyot bobida tarbiyalab, kamolotga yetkazgan. Sharqning mashxur shoiri Mirzo Abdulqodir Bedil o’z qizini Zebuniso begim tarbiyasiga topshirgan. “Muntahabbudtavorix” va boshqa asarlardagi quyidagi bayt Mirzo Bedil qiziga nisbat berilgan:

Yoram maro va xonae tanxo nishondu raft

Guftam, kim man g’uboram, doman fishondu raft.

Mazmuni: yorim meni bir uyga yolg’iz tashladi-yu ketdi, hatto yo’lingda g’uboringman desam ham etagini qoqibdi-yu ketdi.

1922-yilda chop etilgan “Kobul” jurnalining o’ninchi sonida Zebuniso begim haqida shunday ma’lumot uchraydi: “Zebuniso begimning chiroyli bir devoni bo’lgan. Yana tasavvur falsafasiga oid “Munis ul-arvoh” asari ham bor. Tafsir sohasida 769 varaqli “Zeb at-tafsir” (“Go’zal tafsir”lar)ni yozdi. Bundan tashqari, ilohiyatga doir “Zeb an-nashoat” nomli asar uni ustozi xotirasiga bag’ishladi. Hindiston musulmonlari orasida dasturil amal bo’lib qolganc”Fatavoyi olamgiriy” (“Shariat qonunlari majmuasi”)asarini fors tiliga tarjima ham qildirgandi. Ko’rinib turibdiki, Zebuniso begim o’z zamonasining oqila va zukko qizi, o’sha muhitning barkamol ziyolisi edi.

Zebuniso begimning hayot yo’li afsonaviy voqealarga boy. Uning nasli ota tarfidan ham, ona tarafidan ham Bobur podshohga borib tutashdai, demak, shoh qizi, boz ustiga aql va idrokda tengsiz, yuksak she’riy iste’dod sohibasi, nazm mulkining malikasi, malikalar ichra g’ozali… zebinuso begim husn-u latofat va malohatda benazir, fazilatda beqiyos bo’lsa-da, 63 yillik umri davomidao’ziga munosib, hamdard yor topa olmadi. U 1702-yilda 63 yoshida Dehlida vafot etdi. Uni Dehlidagi “Zarzariy” qabristoniga dafn qilishgan.

Nodira
Nodira yuksak badiiy iste’dod sohibasi, dilkash, samimiy, ma’rifatparvar o’zbek ayolidir. U uvaysiy, Mahzuna, Dilshod, Anbar otin kabi o’zbek mumtoz shoiralari safining sardori bo’lgan.

Shoira 1792-yili Andijon hokimi Rahmon Qulubiy oilasida tug’ildi. O’tkir zehnli Nodira otin oyi qo’lida ta’lim oldi, xususiy mutolaa bilan shug’ullandi. Sharq mumtoz adabiyotini jiddiy o’rgandi, she’rlarni mashq qilib, yoshligidayoq shoira sifatida tanildi. Uning ulg’ayish yillari adabiyot ahli davrasida kechdi. 1808-yilda Qo’qon xoni Norbo’tabiyning o’g’li Umarxon bilan oila qurdi. 1810-yilgacha Marg’ilonda, undan keyin umrining oxirigacha Qo’qonda yashadi. Nodira Muhammadalixon va Sultonmahmudxon ismli o’g’illar tarbiyaladi. Amiriy tahallusi bilan ajoyib she’rlar yaratgan Amir Umarxon 1822-yilda vafot etib, umr yo’ldoshi Nodirani yolg’izlatib ketdi.

Yirik shoir Amiriy bilan birga o’tkazgan hayot davri Ndira qismatining baxtli onlarini tashkil qildi. Bu davrda u turmush lazzatlaridan bahramand bo’ldi. Farzand tarbiyaladi, tabiat va hayot go’zalliklarini tarannum etuvchi ajoyib she’rlar yozdi. Biroq Amir Umarxonning nogahoniy o’limi tufayli Nodira nazmidagi shodlik va baxt tuyg’ulari o’rnini alam va ayriliq iztiroblari tasviri egalladi. Haqiqiy isha tasviri kuchaydi, tasavvufiy ramzu timsollar chuqur ishlandi, sog’inch va ramon nolalari rivoj topdi. Nodira badiiy ijod bilan she’rlar yozib mukammal devon yaratishga muyassar bo’ldi.

Amir Umarxon vafotidan keyin Nodira davlat ishlarida ham bosh-qosh bo’ldi, bu borada o’g’li Muhammadxonga homiylik qildi. U ijtimoiy umrini ezgu ishlarga safarbar etdi. Shoiraning mana bu dono so’zlari uning ijtimoiy faoliyatida o’zining amaliy ifodasini topdi:

Husho oqilki, aylabyaxshilik dunyoni maxkam,

O’tarbu dayri foniydan o’zini neknom aylab.
Nodira ezgu ishlar bunyod etdi va o’tar dunyoda yaxshi nom qoldirdi.

Nodira islom diniga samimy e’tiqod qo’ygan, tasavvur maslagiga mehr boylagan komil musulmon shoira edi. U islom va tasavvur yo’nalishida katta kitoblar yartmagan bo’lsa-da, ijtimoiyfaoliyatini bu ezgu yo’lda shu qadar fidoyilik bilan safarbar etdiki, uning say- harakati bilan din hamda millat takomil uchun tabiiy sharoit vujudga keldi. Shoiraning amaliy faoliyati nazariy va ma’rifiy yutuqlar omili bo’ldi. Nodira ushbu tarixiy xizmatlarini devoni debochasida iftihor va qoniqish hislari bilan yozadi: “Ulamoi din rivojig’a imdod yetkurdim, to shar’I sharif rivoj topdi, zuhd ahliga ixlos va aqidatan zohir qildim, to din va millat kamol topdi. Fazlu donish qabilasiga shavqat va marhamatdin oncha inoyatlar ko’rguzdumkim e’tibor darajasig’atarqqiy qildilar. Soyil va gadolarni talablariga yetkurib, qaram va ehson eshigidin noumid yubormadim. Mushafi sharif va qutubi diniy va rasolayi yaqiniy ko’p yozdurdim. Barchasin xolisanlilloh vaqf qildim”.bunday iftihor izhori Nodira g’azallaridan ham sado beradi:

Din Nodiradin kamol topdi,

Iqbol rafiqu mulki obod.

Yuqoridagi singari savob ishlarni amalga oshirish Nodira faoliyatining qat’iy shioriga aylangan edi. Uning:

Aylag’il obod tavfiqu adolat mulkini

Komila, tavlo yo’lida himmati mardona tut

Bayti mazkur shiorning badiiy ifodasidir.

Ammo nosoz ijtimoiy muhit Nodiraga vafo qilmadi. Feodal jamiyatdagi ayovsiz kurash Nodira singari noir san’atkorlarni o’z manfaati yo’lida qurbon qildi. Aqlu-u donish va ezgu fazilatlar sohibi Nodirayi davron nomi bilan shuhrat qozongan shoira 1842-yili Qo’qon bosib olingan paytda Amir Nasrullo tomonidan qatl etildi.

Ayol go’zal-olam go’zal, ayol baxtli-oila , jamiyat baxtli

Ayol go’zal bo’lsa-olam go’zal, ayol baxtli bo’lsa – oila, butun jamiyat baxtli bo’ladi degan qarash ong-u shuurimizga chuqur kirib borayotgani bizning hayotiy falsafamizga aylanayotgani har tamonlama anglab yetmoqdamiz.hayot falsafasi, ma’no mazmuni va go’zalligi, eng avvola, barchamizni dunyoga keltirgan ona siymosida, ayol timsolida namoyon bo’ladi. Zero, o’zining mehribonligi, qalb saxovati bilan oilani oila qiladigan unga fayz-u baraka olib keladigan, farzandlarimiz qalbiga Vatanga sadoqat va muhabbat tuyg’ularini singdira oladigan ayollarning yuksak fazilatlari chuqur ehtirom va e’zozga munosibdir.

“Biz o’tgan davrda mamlakatimizda erkin va farovon, demokratik hayot qurish yo’lida xotin qizlarning jamiyatdagi o’rni va nufuzinu yuksaltirish, ularning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va imkoniyatlarini ro’yobga chiqarish, bir so’z bilan aytganda, ayollarni jamiyatimizning etng huquqli, faol va bunyodkor a’zosiga aylantirish borasida qanday ulkan ishlarni amalga oshiribkelayotganimiz haqida albatta barchangiz yaxshi xabardorsiz.

Bu haqda uzoq gapirmasdan, birgina o’tgan yilning o’zida “Sog’lom bola yili” dasturi bo’yicha qilgan ishlarimizga qisqacha to’taladigan bo’lsak, avvalo, 13 million 600 mingdan ziyod ayollar va bolalar tibbiy ko’rikdan o’tkazilib, buning natijasida 2 million 800 ming ayol va 2 million 500 ming bola sog’lomlashtirilganini alohida ta’kidlash zarur.

Shu bilan birga, yosh oilalarga uy-joy sotib olish, iste’mol tovarlarini harid qilish uchun qariyb 215 milliard so’mlik imtiyozli ipotka kreditlari va 57 milliard so’mlik foizsiz qarz mablag’lari ajratilgani, sportchi qizlarimiz uchun 6 milliard so’mlik sport kiyimlari bepul brilgani ham, o’ylaymanki ayollarimizga ko’rsatilayotgan g’amxo’rlikning amaliy namunasi bo’ldi.

Muxtasar aytganda birgina “sog’lom avlod yili” Davlat dasturini amalga oshirish uchun barcha manbalar hisobidan 4 million 795 milliard so’m va 260 million AQSH dollaridan ziyod mablag’ sarflanganining o’zi, hch shubhasiz, bu boradagi faoliyatimizning ko’lami va miqyosi naqadar ulkan ekanidan dalolat beradi.

Ayni paytda yurtimizda xotin-qizlarning siyosiy va huquqiy saviyasi, ijtimoiy faolligi tobora yuksalib borayotganini davlat va jamiyat boshqaruvining barcha bo’g’inlarida, sud-huquq tizimida, nodavlat tashkilotlar, ijtimoiy tuzilmalar faoliyatida, umuman, hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida yaqqol kuzatish mumkin.

Bu haqda gapirganda, Oliy Majlis Senati a’zolarining 17 foizini, Qonunchilik palatasi deputatlarining 16 foizini ayollar tashkil etayotgani, shuningdek, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlarida yuzlab opa-singillarimiz faol ish olib borayotganini qayd etish o’rinlidir. Keyingi uch yil mobaynida mamlakatimizdagi umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o’quvchilari, oliy o’quv yurtlari talabalari jahon miqyosida o’tkazilgan nufuzli fan olimpiadalarida g’olib bo’lib, jami 110 ta medalni qo’lga kiritgan bo’lsa, ularning 44 tasi qizlarimiz xissasiga to’g’ri keladi.

Yoki san’at va musiqa sohasida dunyoning Parij, Rim, Berlin, Tokio, Moskva, Praga, Qohira, Seul, Dehli kabi yirik madaniyat markazlarida bo’lib o’tgan xalqaro ko’rik tanlovlarda 530 dan ziyod o’quvchi va talabalarimiz g’oliblikka erishgani va ularning 240 nafarga yaqini qiz bolalar ekanini mamnuniyat bilan ta’kidlash o’rinlidir.

Keyingi uch yilda bir ming 850 dan ziyod iste’dodli sportchi yoshlarimiz xalqaro musobaqalarda zafar qozongan bo’lsa, ularning 620 nafarga yaqini aynan qizlarimiz kani albatta hammamizni quvontiradi.”, -degan edi muhtaram yourtboshimiz ushbu yilgi 8-mart xotin-qizlarga atalgan bayram tabrigida. Albatta ushbu holatlar davlatimizda ayollarga naqadar katta e’tibor berilayotganidan dalolat beradi.

Xotima


Ayol qalbi ulkan ummon. Yanada ulkan ummondan joy olgan ummon. Uning butun vujudi doimo ummon misoli mehrga to’lib yashaydi. Uning avvali-yu oxiri go’zallik va nafosat ila yo’g’rilgan. Zohiran nafis jussasi aslida nelarga qodir ayolni. Xullas, dunyoning usuni ham, olmosdanda qattiq bardosh sohibalari ham, shamoldanda tezroq zehn egalari ham, quyosh nuridan ham iliqroq mehribonlar ham aslida – Ayollardir. Ular haqida qancha gapirsak ham kam. Kichik kitob nima bo’libdi, ular haqda ne-ne buyk zotlar qalam tebratib sira charchashmagan, ular to’g’risida she’r-u g’azal bitib ta’riflarini hech tugata olishmagan. Ularning birgina kulishi bilan dilingiz yayrab ketadi, birgina o’ksishi bilan butun dunyolar ko’zlaringizga qorong’u ko’rinayotgandek tuyulaveradi. Ayol ana shunday buyuk va yengilmas afsunki, u butun zamonlarda va makonlarda doimo insonlarga yangi-yangi sir-sinoatlarni ochib beraveradi...

Bizning kamtargina harakatlarimiz qalbingizdan oz bo’lsada joy olgan bo’lsa bundan juda baxtiyormiz. Yurtimizda oliyjanob, pokiza, go’zal qalbli, aqlli, qanoatli, iffatli, vafoli, barcha harakatlarni o’ylab qiladigan, turmush o’rtog’ining borida ham yo’g’ida ham hurmatlab, o’zini, nomusini saqlaydigan, yaxshi yomon kunlarda fidokor bo’lishni o’zlariga shior qilib olgan, yuzidan kulgu arimaydigan, tili shirin, qo’li barakali, qadami qutlug’ ayollar ko’p bo’lsin.

Sizning qalbingizda esa doimo ayollarga nisbatan mehr-muruvvatga to’la bo’lishini, ularni mudom ardoqlab yurishingizni, ko’nglingiz markazidan ayol degan nom abadiy o’rin olishini tilab qolamiz!

Foydalanilgan adabiyotlar


1. Qur’oni Karimning ma’no tarjimasi. Alovuddin Mansur 1991

2. Hadis va hayot. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 2007

3. Yashash tilsimi. Tursunoy Sodiqova. Toshkent 2004

4. Tafakkur durdonalari. Yangi asr avlodi 2012

5. Oila ma’naviyati – milliy g’urur. Oynisa Musurmonova. O’qituvchi 1999

6. Darakchi gazetasi. 2010. 09

7. Onajon. O’zbekiston 2013

8. Qobusnoma. Kaykovus 1986

9. Ko’ngil nimadan qorayadi? Tohir Malik. 2014

10. Oilada farzand tarbiyasi. Usmonxon Alimov 2012

11. Saylanma. Muhammad Yusuf 2002

12. Erkalik imtiyozi. Guljamol Asqarova 2012

13. Agar ogoh sen… Narzilla Jo’rayev 1998

14. Odob va axloq bo’stoni. Mahmud Hasanov. 1994

15. Yolg’izman... Ahad Qayum. 2012

16. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. 2014


Aql kamolotining gultojisi



Kirish
Download 250.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling