Yоsh fiziologiyasi va gigiyenasi fanining vazifalari, rivojlanish tarixi. Odam organizmi rivojlanishining umumbiologik qonuniyatlari


Download 0.91 Mb.
bet8/107
Sana10.02.2023
Hajmi0.91 Mb.
#1184663
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   107
Bog'liq
Mustaqil ish matnlari 2023 (2)

Neyrogliya. Nerv to‘qimasi tarkibiga kiruvchi hujayra bo‘lib, orqa va bosh miyadagi nerv hujayralari orasida joylashadi. Neyrogliya hujayralarining o‘simtalari juda ko‘p bo‘lib, ular miyadan tashqariga chiqmaydi. Bu hujayralar neyronlarni oziqlantirish vazifasini bajaradi.
A’zo. Ma’lum funksiyani bajarishga moslashgan turli xil hujayralar va to‘qimalar to‘plami a’zoni hosil qiladi. Har bir a’zo odam organizmi uchun muhim bir vazifani bajaradi. Masalan, yurak nasos sifatida vena tomirlaridagi qonni arteriya tomirlariga o‘tkazib organizmda qon aylanishini ta’minlaydi. O‘pkalar nafas olish va nafas chiqarish orqali organizmning barcha hujayra va to‘qimalarini kislorod bilan ta’minlaydi. Buyraklar organizmda moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan qoldiq moddalarni tashqariga chiqaradi va hokazo.
A’zolar tizimi. Bir xil vazifani bajaradigan bir necha a’zolar yig‘indisi a’zolar tizimi deyiladi. Masalan, nafas olish a’zolari tizimi: burun, halqum, hiqildoq, traxeya, bronxlar hamda o‘ng va chap o‘pkalardan tashkil topgan. Qon aylanish tizimi: yurak,
arteriya, kapillyar, vena va limfa tomirlari hamda tugunlaridan iborat. Nerv tizimi: bosh miya, orqa miya, nerv tugunlari va nerv tolalaridan tuzilgan.Ovqat hazm qilish a’zolari tizimiga: og‘iz bo‘shlig‘i, (tishlar, til so‘lak bezlari), halqum, qizilo‘ngach, me`da, o‘n ikki barmoq ichak, ingichka va yo‘g‘on ichaklar, jigar hamda me`da osti bezi kiradi. Bulardan tashqari, odam tanasida tayanch harakatlanish, ayirish, jinsiy, endokrin, sezgi a’zolari tizimi ham mavjud.
Organizm va uning bir butunligi. Organizm ma’lum bir muhitda yashar ekan, unga o‘sha muhitning havosi, harorati, namligi, havo bosimi, yorug‘ligi, radiatsiyasi va boshqa omillari doimiy ravishda ta’sir qilib turadi.
Tashqi muhit omillari organizmga sezgi a’zolari (teri, eshitish, ko‘rish, hid bilish, ta’m bilish) orqali ta’sir etib, bu ta’sirlar markaziy nerv tizimida analiz va sintez qilinadi.Buning natijasida barcha to‘qima va a’zolardagi fiziologik jarayonlar mazkur muhit sharoitiga moslashadi.
Odam organizmida tashqi muhitning noqulay ta’siriga qarshi to‘qima va a’zolarning fiziologik faoliyati doimiy bo‘lishini ta’minlovchi moslanishlar (adaptatsion mexanizmlar) vujudga kelgan.Bunday barqaror ko‘rsatgichlarga: tana haroratining doimiyligi, qon va to‘qima suyuqligining osmotik bosimi,ular tarkibidagi kaliy,natriy, kalsiy, xlor va boshqa ionlarning hamda qand miqdorining doimiyligi kabilar kiradi. Albatta, organizm ichki muhitining doimiyligi nisbiydir.Tashqi muhitning noqulay ta’siri natijasida organizm ichki muhitining doimiyligi o‘zgaradi.Lekin nerv-gumoral tizimining boshqarish funksiyasi orqali bu doimiylik yana tiklanadi. Masalan, yoz oylarida havo harorati juda ko‘tarilib ketsa (40° dan yuqori), organizm tanani sovitish choralarini ko‘radi, ya’ni ko‘p ter ajratish yo‘li bilan tanadagi ortiqcha issiqlik energiyasi ta’sirida chiqariladi.
Shuningdek, to‘qimalarda moddalar almashinuvi sekinlashib energiya hosil bo‘lishi kamayadi. Bu bilan organizm qizib ketishdan o‘zini himoyalaydi. Qishning sovuq kunlarida esa bu jarayonning teskarisi bo‘ladi.Ya’ni terlash kamayib tanadan energiya ajratish ham susayadi, to‘qimalarda moddalar almashinuvi kuchayib energiya hosil bo‘lishi oshadi.Ushbu himoyalovchi reaksiyalar natijasida issiq va sovuq sharoitda tana haroratining doimiyligi ta’minlanadi.
Tashqi muhit odam organizmiga uning embrional rivojlanish davridan boshlab ta’sir ko‘rsata boshlaydi.Chunki,ona organizmi embrion (homila) uchun tashqi muhit bo‘lib hisoblanadi.Shunday ekan tashqi muhitning barcha zararli ta’siri ona sog‘lig‘i buzilishi bilan birga bolaning rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Homilador ayol organizmiga ta’sir ko‘rsatuvchi tashqi muhit omillariga uning yashash va ishlash joyidagi noqulayliklar, havo, suv, ovqat tarkibidagi zararli kimyoviy moddalar, spirtli ichimliklar, narkotik moddalar, tamaki tutuni, ovqat sifati kabilar kiradi.Hatto, atrofdagi odamlarning qo‘pol muomalasi tufayli homilador ayolning asabi buzilishi mumkin.Asab tizimi faoliyati buzilishi ba’zi endokrin bezlaridan (qalqonsimon,buyrak usti va boshqa) ajraladigan gormonlarning me`yoridan ortiq bo‘lishiga olib keladi, bu esa homilaning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Atrof muhitning ifloslanishi, ya’ni ekologiyaning buzilishi odam sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.Sanoat korхonalari va avtotransport vositalaridan ajraladigan tutun tarkibidagi zararli moddalar aholi orasida allergiya, nafas olish, me`da-ichak, yurak-qon tomir, asab, endokrin tizimi faoliyatining buzilishiga va har хil kasalliklarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.Bunday noqulay holatlarni bartaraf etish bo‘yicha hukumat va jamoatchilik tomonidan ma’lum chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, korхonalarga tozalash uskunalari, avtomobillarga zaharli gazlarni zararsizlantiruvchi qurilmalar, katalizatorlar o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda.Shunungdek, aholi yashaydigan joylarni ko‘kalamzorlashtirish ham bu boradagi tadbirlardan biridir.



Download 0.91 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   107




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling