Yoshlar kelajak poydevori reja: Kirish Yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan davlat siyosati


Yosh avlodning bilimli va ma’rifatli bo’lishi uchun amalga oshirilayotgan ishlar


Download 43.13 Kb.
bet3/5
Sana02.02.2023
Hajmi43.13 Kb.
#1147790
1   2   3   4   5
Bog'liq
YOSHLAR KELAJAK POYDEVORI

2.Yosh avlodning bilimli va ma’rifatli bo’lishi uchun amalga oshirilayotgan ishlar.
Bizning respublikamiz fuqarolari ijtimoiy kelib chiqishi va millatidan qat'i nazar, adolatli qonunlar, teng imkoniyatlarga ega bo'lgan, erkin, iqtisodiy rivojlangan mamlakatda yashashni istaydilar.
Har bir insonda bolalikdan vatanparvarlik tuyg'ularining asoslari yaratilishi kerak. Shu sababli, o'sib kelayotgan avlodning vatanparvarlik ongini shakllantirish jarayonida bolalar bog'chasi, maktab va boshqa har qanday ta'lim muassasasining o'qituvchilar tarkibi, oila va umuman jamiyatning birgalikdagi o'quv faoliyatini tashkil etishning roli juda katta. Ushbu strategiya hozirda maktab stolida o'tirganlar tomonidan amalga oshiriladi.Maktabning vazifasi fuqarolik faol insonni tarbiyalashga qaratilgan. Maktab yosh avlodni yuksak axloqiy tamoyillar, demokratiya madaniyati va vatanparvarlik hissini tarbiyalashda hal qiluvchi rol o'ynashi kerak.
Atoqli san‘atkor va iste‘dodli ijodkorlarni tumanlardagi madaniy ishlarga ko‘makchi sifatida biriktirish yaxshi natija berayotganini inobatga olinib, bu tajribani butun respublikaga yoyish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Unga muvofiq, taniqli artistlar tuman va shaharlarga ijodiy maslahatchi sifatida biriktirilib, o‘sha joylarda madaniyat va san‘atni rivojlantirishga mas‘ul bo‘ladi, tuman va shaharlar hokimlari esa ushbu ishlarga moddiy va tashkiliy jihatdan yordam beradi.
Musiqa va san‘at sohasida oliy ma‘lumotli kadrlarni ko‘paytirish masalasiga ham e‘tibor qaratildi. Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim hamda Xalq ta‘limi vazirliklariga muayyan mavzular bo‘yicha tarix darslarini muzeylar, tarixiy obidalar, qadamjo va teatrlarda sayyor o‘tkazilishini tashkil qilish topshirildi.
Ikkinchi tashabbusga doir masalalar muhokama qiladigan bo’lsak, mamlakatimizda 12 mingdan ziyod sport inshootlari borligi, lekin yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga qamrab olish darajasi yetarli emasligi qayd etildi. Umumta‘lim maktablarining sport anjomlari bilan jihozlanish ko‘rsatkichi respublika bo‘yicha 56 foizni, jumladan, Surxondaryo viloyatida 12 foizni, Xorazmda 14 foizni, Qoraqalpog‘istonda 15 foizni tashkil etadi, xolos. Yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish borasidagi chora-tadbirlar belgilab berildi. Tuman va shaharlar hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga mutaxassislar bilan birgalikda yoshlarning sport turlariga qiziqishi hamda sport inshootlarining jihozlanish darajasini o‘rganib, shu asosda takliflar berish, Vazirlar Mahkamasiga ularni amalga oshirish uchun zarur mablag‘lar manbasini aniqlash vazifasi qo‘yildi.
Olis va chekka qishloqlarda yengil konstruktsiyali sendvich panellardan kichik sport zallari va sun‘iy qoplamali maydonlar qurish, tashabbuskor tadbirkorlarga sport inshootlari tashkil etish uchun yer ajratish zarurligi ta‘kidlandi. Bunday tadbirkorlarga O‘zmilliybank tomonidan “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Joylardagi sport maktablariga xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan taniqli sportchilarni rahbar etib tayinlash, shuningdek, sportchilarni oliy o‘quv yurtlarining maxsus sirtqi bo‘limlarida maqsadli o‘qitish yaxshi natija berishi qayd etildi. Bolalar-o‘smirlar sport maktablari sonini ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Uchinchi tashabbus bo‘yicha videoselektorda yoshlarni internetdagi zararli xurujlardan asrash, ularni axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishga o‘rgatish masalalariga ham alohida ahamiyat qaratildi.Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ilg‘or xalqaro tajribalar asosida barcha shahar va tumanlar markazlarida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu markazlarda elektron tijorat va dasturlash bepul o‘rgatiladi, axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish bo‘yicha innovatsion ko‘nikmalar beriladi, “startap” loyihalarga yordam ko‘rsatiladi.
Bugungi kunda barcha maktablarda kompyuter texnikalari bo‘lishiga qaramasdan, internet xizmatidan yetarli darajada foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Xalq ta‘limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 2021 yilgacha barcha maktablardagi kompyuter sinflarini zamonaviy texnologiyalar va yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i bilan ta‘minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Tashabbuskor tadbirkorlarni jalb qilgan holda, kompьyuter o‘yinlari markazlarini tashkil etish, ularda yoshlarning bilim va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan test, viktorina, rivojlantirish strategiyalari va boshqa foydali dasturlar bo‘lishi zarurligi ta‘kidlandi. To‘rtinchi tashabbus bo‘yicha yoshlarda bolalik chog‘idan kitobga mehr uyg‘otish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish ularning hayot yo‘llarida mustahkam zamin bo‘ladi. Lekin ko‘plab qishloq va mahallalarda buning uchun zarur sharoit mavjud emas. Ilgarigi kutubxonalar o‘rnida tashkil etilgan “Axborot-resurs markazlari” o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajara olmadi.
Shu holatlarni hisobga olib, yangi tashabbus doirasida yoshlar sonidan kelib chiqqan holda joylarga qo‘shimcha kitoblar yetkazib berish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari mutasaddi vazirlik va uyushmalarga “Kitob karvoni” loyihasi doirasida badiiy, ma‘rifiy, ijtimoiy mavzularda kitoblar chop etish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarga 1 million nusxadan kam bo‘lmagan miqdorda yetkazib berish bo‘yicha topshiriq berdi.
Mahalliy hokimliklar har bir shahar va tuman markazida bittadan namunali kitob do‘koni tashkil etishi kerakligi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga barcha shahar va tumanlarda ko‘chma kitob pavilonlarini joylashtirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda “Bibliobus”larni yo‘lga qo‘yish orqali qishloq va ovullar aholisiga kutubxona xizmati ko‘rsatish vazifasi qo‘yildi.
Beshinchi tashabbus bo‘yicha yig‘ilishda xotin-qizlarni ish bilan ta‘minlash masalalari ham muhokama qilindi.Shu maqsadda 2019-2020 yillarda barcha tumanlarda sendvich panellardan 195 ta tikuv-trikotaj korxonalarini qurish belgilangan. Ularni qurish uchun aholi zich yashaydigan, mehnat resurslari ko‘p joylar tanlab olingan. Bu korxonalarni tashkil etish natijasida xotin-qizlar uchun 24 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Bo’layotgan o’zgarishlardan biri bu Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi hamda tuniversitet va uning filiallarida 2018-2019-o‘quv yilidan boshlab axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning kredit tizimi joriy etilishi O’zbekistonning oliy ta’lim tiziminig yangi boshqichga ko’tarilishidir.

3.Davlat taqdiri yoshlar qo’lida




Buyuk ajdodlarimiz ma'naviy-ruhiy kamolotga erishishni, doimo ogoh va hushyor yashashni, Vatan, el-yurt sha'ni, tinchligi uchun hatto jon fido etishni hayotining mazmuni deb bilgan. Avlodlarini ham ana shu ezgu amallar ruhida tarbiyalashga intilgan. Bu an'analar dunyo manzara­lari kun sayin o'zgarib, tinchlik-totuvlikka tahdidlar tobora kuchayayotgan bugungi davrda yanada dolzarblik kasb etmoqda.
XX asrning o'zida ikki jahon urushi va ularning ayanchli oqibatlarini boshdan kechirgan insoniyat garchi yer yuzida tinchlikning barqaror bo'lishi yo'lida keng ko'lamli ishlarni amalga oshirgan bo'lsa-da, hamon umumiy tinchlikka erisha olgani yo'q. Begunoh insonlar qonining to'kilishi, etnik guruhlar huquqlarining poymol bo'lishi, dinlararo nizolar, terrorchilik xurujlarining tobora keng ko'lam kasb etayotgani, harbiy kuch-qudratni o'stirishga qaratilgan harakatlarning davom etayotgani ham shunday xulosa chiqarishga asos bo'ladi.
Dunyo turli darajada rivoj­langan xalq va davlatlardan tash­kil topgan. Shu sababli yuksak ravnaq topgan davlatlar mus­taqil taraqqiyot yo'lini tutgan yangi davlatlarga o'z ta'siri­ni o'tkazishga harakat qiladi. Bu urinishlar, avvalo, inson ongu qalbiga qaratilgani bilan xatarlidir. Prezidentimiz Islom Karimov ta'kidlaganidek, “Qudratli davlatlar va muayyan siyosiy markazlar o'z maqsadlariga erishish uchun, avvalo, zabt etmoqchi bo'lgan mamlakatlarning aholisi ongini o'ziga qaram qilishga intiladi”.
Xalqlarni ma'naviy-mafkuraviy jihatdan tobe etishga intilishlar ommaviy axborot vositalari, axborot kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda o'z g'oyalarini targ'ib qilish, turli markazlar, nodavlat tashkilotlar vositasida “o'zaro hamkorlik”ka yo'naltirilgan ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy aloqalar orqali o'z manfaatlariga mos mafkuraviy muhitni shakllantirishga urinishlarda namoyon bo'lmoqda.
Jamiyat hayoti, odamlar ichki olami, ongu tafakkurini ma'lum o'zanga solishda dinning ta'sir kuchi beqiyos. Afsuski, hozirgi kunda o'zga mamlakatlarni istilo qilish, boyliklarini talash, xalqlarni arosatga solish, tarixiy ildizlaridan ayirishga qaratilgan g'arazli maqsadlarni amalga oshirishda dindan vosita sifatida foydalanilmoqda.
Diniy ekstremizm, aqidaparastlik, missionerlik, terrorizm odamlar qalbiga qo'rquv, davlatlar, xalqlar, millatlar o'rtasiga nizo solmoqda, dinlararo keskinlikni keltirib chiqarmoqda, g'ayriinsoniy tutumlarni keng yoymoqda. 
Bugungi kunda dunyoda yuzlab ekstremistik tashkilotlar mavjud bo'lib, ularning aksariyat qismi Islom dini niqobi ostida faoliyat yuritmoqda. Mus­taqillikning dastlabki yillarida mamlakatimiz hududida ham millatlar o'rtasidagi totuvlikni buzish, dunyoqarashi to'liq shakllanmagan yoshlarni milliy, diniy va ma'naviy qad­riyatlarimizga qarshi qo'yish, ularni aqidaparastlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan urinish­lar ko'p bo'ldi. Bugungi tinch-osuda hayotimiz, barcha sohalarda erishayotgan ulkan muvaffaqiyatlarimiz bunday aqidaparast kuchlarning g'oyalari nechog'lik asossiz ekanini isbotladi.
Tahlillar shuni ko'rsatadiki, diniy ekstremistik tashkilotlar turli tadqiqot markazlari, joiz bo'lsa, “g'oyaviy laboratoriya”lar mahsulidir. Bunday aqidaparast oqimlar Islom dinidagi “hijrat”, “jihod” kabi tushunchalarni soxtalashtirilgan holda hali hayotiy tajribaga ega bo'lmagan g'o'r yoshlarning ongiga singdirishga harakat qiladi. 
Dunyoning turli mintaqalarida ro'y berayotgan mudhish voqealarga uyg'oq ko'z, teran tafakkur bilan qarash va baho berishni hozirgi kunda hayotning o'zi taqozo etmoqda. Bu muammolarga mening daxlim yo'q, degan tushuncha bilan beparvo va loqayd yashash mumkin emas. Ayniqsa, o'zlarini go'yoki din himoyachisi sifatida ko'rsatayotgan aqidaparast kuchlar turli internet saytlari va ko'plab ijtimoiy tarmoqlar orqali hali mustaqil dunyoqarashga ega bo'lmagan yoshlarni o'z saflariga kelib qo'shilishga undayotgan bir paytda bu masala yanada dolzarbdir.
Darhaqiqat, bugun musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Yaqin Sharq va boshqa hududlardagi qator mamlakatlar chuqur siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli to'qnashuvlarni boshidan kechirmoqda. Mazkur hududlarda go'yoki haqiqiy “islomiy davlat” qurish shiori ostida ochiqdan­ochiq zo'ravonlik, insoniylikka zid, vahshiyliklarga asoslangan amallarga qo'l urayotgan turli guruh va jamoalar urchib ketdi. Muhtaram Prezidentimiz Islom Abdug'anievich Karimov O'zbekiston Respublikasi mus­taqilligining yigirma to'rt yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimda ta'kidlaganlaridek: “Bugungi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshilik­lar, qonli to'qnashuvlar, musulmon dunyosidagi turli mazhab va oqimlar o'rtasida kuchayib borayotgan nizo va ziddiyatlar, begunoh odamlarning qurbon bo'layotgani barchamizni tashvish va xavotirga solmay qo'ymaydi”.
Ushbu holat davlatning katta yoki kichikligi, dini va millatidan qat'i nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar aziz ne'mat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda.
Aqidaparast oqimlar mehnat migrantlarini o'z ta'sir doirasiga olish, “hujralar” tashkil etish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko'rinishda tarqatish, “Internet” orqali targ'ibot o'tkazish kabi usullar bilan yoshlarni to'g'ri yo'ldan chalg'itishga harakat qilmoqda. Ayniqsa, Internet tarmog'ida turli terroristik tashkilotlar go'yoki islom ravnaqi yo'lida kurashayotgan “mujohid birodarlar guruhi” ekani haqidagi targ'ibot-tashviqot keng ko'lamda olib borilayotgani, buning oqibatida dunyoning ko'plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar “hijrat” qilish va “jihod”da ishtirok etish da'vosida Suriya va Iroq hududiga borib, ushbu guruh safiga qo'shilayotganining guvohi bo'lmoqdamiz.
Mamlakatimizdagi tinchlik, hamjihatlikka raxna solishi mumkin bo'lgan tahdidlardan aholi, ayniqsa, yoshlarning ogohligini muntazam oshirib borish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, yoshlarni barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, yot mafkuralar, xurujlardan asrash, ularda turli g'oyaviy tahdidlarga qarshi turish ko'nikmalarini shakllantirish davlatimiz yuritayotgan siyosatning muhim yo'nalishlaridan sanaladi.
Tinchlikni saqlash hushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Afsus­ki, hayotimizda sodir bo'layotgan noqonuniy xatti-hara­katlarni ko'rib ko'rmaslikka oladigan, tinchlikni saqlash faqat davlatning ishi deb o'ylaydiganlar, farzandlarining tarbiyasi bilan qiziqmaydigan ota-onalar ham borligini qayd etish lozim. Vatan oiladan bosh­lanadi. Oilada tinchlik bo'lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat, mamlakatda osoyishtalik bo'ladi, yurt ravnaq topadi. Farzandlarimizning ilmiy saviyalari, kasbu hunarlari bilan axloqiy fazilatlarini ham o'stirib borishimiz kerak. Yosh avlodning turli yot oqimlar ta'siriga tushib qolishini oldini olish to'g'risida g'amxo'rlik nafaqat hukumatimiz yoki ta'lim muassasalarining vazifasi, balki har bir ota-­onaning ham muqaddas burchidir.
Yoshlarning ta'lim-tarbiyasi kelajagimiz uchun alohida ahamiyatga ega. Shu bois mamlakatimizda ularning puxta ta'lim-tarbiya olishi uchun qulay sharoit yaratish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Chunki jamiyatimiz osoyishtaligi, mamlakatimiz taraqqiyotiga raxna solmoqchi bo'lganlar ko'p hollarda yoshlarni o'z tomoniga og'dirishga harakat qiladi. Shu bois yigit-qizlarning turli g'araz niyatli guruhlarga qo'shilib qolishining oldini olish, bunday kuchlarga qarshi kurashish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
O'zbekiston hukumati tomonidan diniy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish, konfessiyalar va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 
Jumladan, bu yo'nalishda hukumatimizning bir qancha qaror va dasturlari, sohaga daxldor davlat va nodavlat tashkilotlarning qo'shma rejalari qabul qilinib, ijroga yo'naltirilmoqda.
Bu dasturlarda fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarni aqidaparastlik va missionerlik g'oyalaridan saqlash, buzg'unchi g'oyalarning asl mohiyatini tushuntirish, ularda yot g'oyalarga nisbatan mustahkam immunitetni shakllantirish ishlariga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Xususan, yoshlarni diniy ekstremizm, terrorizm singari buz­g'unchi va yot g'oyalar ta'siridan saqlash maqsadida yurtimizdagi barcha o'rta, o'rta maxsus va oliy ta'lim muassasalarida “Diniy ekstremizm va terrorizm – yoshlar kelajagiga tahdid”, “Ma'rifiy islom aqidaparastlikni qoralaydi”, “Missionerlik va prozelitizmning salbiy oqibatlari” mavzularida uchrashuv va seminarlar o'tkazib kelinmoqda.
Mazkur uchrashuvlarda yoshlarni mintaqamizda kechayotgan ayrim jarayonlar haqida xabardor qilish, ularda ogohlik va sergaklik, el-yurt tinchligi va taraqqiyotiga mas'uliyat hissini mustahkamlash, vatanparvarlik tuyg'usini kuchaytirish masalalari xususida fikr yuritilmoqda. Yoshlarga dunyoda kechayotgan global jarayonlarda turli missionerlik va prozelitizm harakatlari, diniy mutaassib­lik va ekstremizm muammolari kuchayayotgani, ularning xalqaro omillari, asl maqsadi, O'zbekis­tonga ta'siri haqida tushunchalar berilmoqda. 
Tadbirlarda namoyish etilayotgan “ISHID fitnasi”, “Zulmat girdobi”, “Zalolatni yuklab olma”, “Oydinda oy qidirganlar”, “Odnoklassniki.ru” va bosh­qa hujjatli fil`mlar, videorolik­lar yoshlarda katta qiziqish uyg'otmoqda. Ular din nomidan gapiruvchi ayrim kimsalar, diniy mutaassib oqimlarning asl maqsad-mohiyatini, hushyor va ogoh, yuksak ma'naviyatli inson hech qanday yovuch kuch domiga tushib qolmasligini teran anglashida samarali yordam bo'lganini ta'kid­lamoqda. Ularning o'z nuqtai nazariga egaligi, fikrini asoslab berishi ertangi kunga mus­tahkam ishonch bag'ishlaydi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida Din ishlari bo'yicha qo'mita, Toshkent islom universiteti va “Tasviriy oyina” uyushmasi hamkorligida tayyorlangan “Osuda hayot qadri” nomli fotoko'rgazma hamda so'nggi yillarda respublikada sohaga oid va ekstremizm va terrorizmning oldini olish mavzularida nashr etilgan ma'naviy-ma'rifiy adabiyotlar taqdimoti tashkil etilmoqda.
Ha, turli tahdidlarga qarshi tura oladigan, o'z ma'naviy kuch-qudratini isbotlashga qodir avlod tasodifan, o'z-o'zidan paydo bo'lib qolmaydi. Bunga yillar davomida muntazam va uzluksiz olib boriladigan ma'naviy tarbiya bilangina erishish mumkin. Xalqimiz tabiatiga xos mehr-oqibat, ahillik, o'zaro totuvlik singari fazilatlarni yosh avlod ongi va qalbiga chuqur singdirish ertangi kunimiz yanada charog'on bo'lishining, ezgu maqsadlarimiz ro'yobining muhim mezonidir.
Ma'naviy qadriyatlarimizni tiklash borasida Toshkent, Samar­qand, Buxoro, Termiz, Xiva, Andijon, Farg'ona, Shahri­sabz va Qarshi kabi shaharlardagi tarixiy yodgorliklarni tiklash yoki qayta ta'mirlashga katta ahamiyat berildi. Buyuk allomalarimizning ziyoratgohlari tiklanib, ularning ilmiy meroslari o'rganilmoqda. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abubakr Qaffol Shoshiy, Zamaxshariy, Abduxoliq G'ijduvoniy, Burhoniddin Marg'inoniy, Bahouddin Naqshband, Hoja Ahror Valiy kabi allomalarimiz nomlari bilan bog'liq qadamjolar, «Shohi Zinda», «Ko'kgumbaz» majmualari, masjid va madrasalar obodonlashtirildi.
Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan fuqarolarning vij­don erkinligini kafolatlash bo'yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Turli din vakillarining hech qanday to'siqlarsiz o'z diniga e'tiqod qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yurtimizdagi diniy tashkilotlar mustaqil huquqiy shaxs sifatida yer maydoni va manzilga ega. Ular diniy adabiyotlar nashr qilishi, diniy mutaxassislar tayyorlashi, turli tadbirlar o'tkazishi, muqaddas joylarga ziyoratlar tashkil etishi mumkin. Shu asosda har bir fuqaroning o'zi xohlagan dinga e'tiqod qilib, undagi barcha amal va marosimlarni emin-erkin bajarishiga imkon yaratilgan.
Mustaqillik yillarida diniy ta'lim tizimiga ham alohida e'tibor berildi. Ilgari diniy ta'lim tizimida faqat Buxorodagi «Mir Arab» madrasasi va Toshkentdagi Imom Buxoriy nomidagi islom instituti mavjud bo'lgan bo'lsa, bugungi kunda yana «Ko'kaldosh», «Xadichai Kubro», «Hidoya» (sobiq) «Mulla Qirg'iz», «Sayyid Muhyiddin maxdum», «Jo'ybori Kalon», «Faxriddin ar-Roziy», «Muhammad al-Beruniy» va «Xoja Buxoriy» o'rta maxsus islom bilim yurtlarining faoliyati yo'lga qo'yildi. 
Ulardagi ta'lim davlat standartiga to'liq moslashtirildi. Mazkur islom bilim yurtlarida bilim olayotgan farzandlarimiz diniy va dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda turli kasb-hunarlarni ham o'rganmoqdalar. 
Shuningdek, O'zbekiston Res­pub­likasi Prezidenti Qaroriga binoan Imom Buxoriy xalqaro markazi tashkil etildi. Hozirgi vaqtga qadar Markazning ma'naviy-ma'rifiy o'quvlarida respublikadagi masjidlarning barcha imom-xatiblari ham diniy, ham dunyoviy ilmlar bo'yicha o'z dunyoqarashlarini kengaytirib, bugunda doimiy ish joylarida amaliy faoliyat­larini samarali davom ettirmoqdalar.
Mustaqillikning ilk yillaridan 2015 yilga qadar 100 mingdan ziyod fuqaro haj amallarini, 80 mingdan ziyodi esa umra ziyoratini ado etdilar. Minglab xristian va yahudiy dinlariga mansub fuqarolar Rossiya, Isroil, Gretsiya kabi mamlakatlarda joylashgan muqaddas qadamjolarga ziyoratga borib keldilar.
Istiqlol davrida Qur'oni karim, hadislar to'plamlari, Bibliya tarkibidagi Yangi ahd va Qadimiy ahdning ba'zi qismlari o'zbek tiliga tarjima qilinib, ommaviy adadda chop etildi. O'zbekiston jahonda Misr va Tunisdan so'ng ko'zi ojizlar uchun maxsus Brayl yozuvida Qur'onni nashr qilgan uchinchi mamlakat hisoblanadi.
Bag'rikenglik tamoyillari Vatanimizdagi tinchlik va barqarorlikning muhim sharti hisoblanadi. 
Dinlararo bag'rikenglik g'oyasi nafaqat dindorlar, balki butun jamiyat a'zolarining ezgulik yo'lidagi hamkorligini nazarda tutadi. 
Shunday ekan, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, uning mustaqilligi va barqarorligiga munosib hissamizni qo'shish – har birimizning, shu aziz Vatanda yashayotgan barcha fuqarolarning, davlat yoki jamoat tashkilotida ishlashi, tadbirkor yoki boshqa kasb egasi bo'lishidan qat'i nazar, eng asosiy vazifalaridan bo'lib qolmog'i lozim.

Download 43.13 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling