H U K M
O’zbekiston Respublikasi nomidan
2001 yil 8 fevral kuni Nurobod tuman sudi o’z binosida
raislik qiluvchi sudya – (familiya),
xalq maslahatchilari - (familiyalar) dan iborat hay’atda,
(familiya) ning kotibligida,
tomonlardan – prokuror yordamchisi (familiya) va advokat (familiya) ishtirokida bo’lgan ochiq sud majlisida O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (bundan keyin O’zR JK) 109-moddasining 2-qismi bilan sudlanuvchi Ђaniyev Bahrom Abdivaitovichning 1-25-raqamli jinoyat ishini ko’rib chiqdi.
Sudlanuvchi Ђaniyev Bahrom Abdivaitovich 1980 yilda O’zR Samarqand viloyati Sovetobod tumanida tug’ilgan, millati o’zbek, O’z.R fuqarosi, partiyasiz, ma’lumoti to’liqsiz o’rta, oilalik, deputat emas, muqaddam sudlanmagan, Nurobod shahridagi xususiy novvoyxonada novvoy bo’lib ishlaydi. Nurobod tumani Ulus shirkat xo’jaligining O’rtabo’z qishlog’ida yashaydi, ayblash fikri nusxasini olgan, ehtiyot chorasi tilxat orqali ochiqda belgilangan.
Sud ushbu jinoyat ishi materiallarini tahlil qilib, ochiq sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko’rsatmalarini tinglab quyidagilarni aniqladi:
Sudlanuvchi B.Ђaniyev 2000 yilning 7 noyabr kuni taxminan soat 14:00 larda o’zi ishlaydigan novvoyxonada non yopayotgan vaqtida shu novvoyxonaga non olish uchun kelgan Nurobod tumani Kattaqo’rg’on shirkat xo’jaligi Nurdum qishlog’ida yashovchi, turmush o’rtog’i Mavlonova Mahbubaning sobiq eri Xolmurodov Oybekka «sen nima uchun kelding», deb uning yoqasidan ushlab tortganidan so’ng ular o’zaro janjallashib qoladilar. Novvoyxonadan chiqqanlaridan keyin u Oybekning boshi va yuziga qo’li bilan qasddan bir necha marta uradi va natijada Xolmurodov Oybek tan jarohati olib Nurobod tuman markaziy shifoxonasiga tushib, 2000 yilning 7 noyabridan 15 noyabrgacha davolanib chiqadi. Nurobod tumani sud tibbiyot ekspertizasining 2000 yil 20 noyabrda bergan 236-sonli xulosasida jabrlanuvchi Xolmurodov Oybekka sog’ligining buzilishiga sabab bo’lgan yengil tan jarohati yetkazilganligi ko’rsatilgan.
Ochiq sud majlisida sudlanuvchi B.Ђaniyev qilgan jinoyatiga iqror bo’lib quyidagicha ko’rsatma berdi: - Men 2000 yil 7 noyabr kuni taxminan soat 14:00 larda turmush o’rtog’im M.Mavlonovani tuz olib kelish uchun do’konga yuborib, o’zim non yopish bilan shug’ullandim. Shu vaqtda xotinim yig’lab kelib qoldi. Undan nima bo’lganligini so’raganimda indamadi. Shundan keyin novvoyxonaga turmush o’rtog’imning sobiq eri Xolmurodov Oybek kirib keldi va menga «Bahrom senmisan», deb janjallashib ketdi. Ikkalamiz sudrashib tashqariga chiqdik. Oybekka «yoqamni qo’yib yubor», deb siltagan edim, qo’lim uning yuziga tegib ketdi. Bizlarni novvoyxona egasi Muhiddin aka kelib ajratdi. Oybek ketdi. Oradan biroz vaqt o’tgandan keyin uning otasi Xolmurodov Ochil kelib, «nima uchun o’g’limni urding», deb menga dag’dag’a qildi. Yana Muhiddin aka kelib u kishini chiqarib yubordi. O’sha paytda qo’limda pichoq emas, xamir kesadigan kurakcha bor edi. Lekin u bilan ham Oybekka hamla qilgan emasman. Bu yerda Hasan va Bobosher ismli kishilar yo’q edi. Janjalga Bobosher aralashgan emas. Janjal novvoyxonada bo’lgan, avtobus bekatida emas.
Sudda B.Ђaniyev bergan ko’rsatmadan tashqari uning sodir etgan jinoyati so’roq qilingan jabrlanuvchi va guvohlarning quyidagi ko’rsatmalari bilan to’liq tasdiqlandi:
Jabrlanuvchi Xolmurodov Oybek: - 2000 yil 7 noyabr kuni otam bitta qo’y so’yib Nurobod shahriga keldi. Men shu qo’yning terisini olib otamning oldiga keldim. Otam menga non olib kelishimni buyurdi. Novvoyxonaga bordim. Novvoyxonada B.Ђaniyev «Sen Oybekmisan, bu yerga kir», dedi. Novvoyxonaga kirdim. B.Ђaniyev «Nega bu yerga kelding», deb yoqamdan ushlab, yuzimga va boshimga urdi. Burnim qonab qoldi. Kelib otamga voqyeani aytganimdan so’ng otam ikkalamiz uning oldiga bordik. Bahrom otamga ham baqirdi. Men ilgari B.Ђaniyevni tanimaganman. Uning xotini mening sobiq turmush o’rtog’im bo’lganligi rost. M.Mavlonovaning qo’lidan ushlab tortgan emasman. Janjaldan keyin sog’ligim yomonlashganligi sababli, kasalxonada 9 kun yotib, davolanib chiqdim. Sudlanuvchiga qonunga muvofiq jazo berishlaringizni so’rayman.
Guvoh Mavlonova Mahbuba: - Jabrlanuvchi O. Xolmurodov mening sobiq turmush o’rtog’im bo’ladi. Sudlanuvchi B.Ђaniyevga keyin turmushga chiqqanman. 2000 yilning 7 noyabr kuni erim B.Ђaniyev meni tuz olib kelish uchun do’konga jo’natdi. Tuz olib qaytayotganimda sobiq turmush o’rtog’im «Gap bor», deb qo’limdan ushlamoqchi bo’lganida novvoyxonaga qochib keldim. O.Xolmurodov ham orqamdan keldi. Keyin «Sen Bahrommisan», deb erimning yoqasidan ushladi. Ikkalasi tortishib qolishdi. Bahrom Oybekka qo’yib yuborishni aytib, qo’lini siltaganida, qo’li Oybekning yuziga tegib ketdi. Keyin Oybek borib otasini aytib keldi. Ular erim bilan janjallashmoqchi edilar Muhiddin aka yo’l qo’ymadi, ularni ajratdi. Shundan so’ng ular ketishdi. Bahrom ularning orqasidan avtobus bekatiga quvib borgan emas.
Guvoh Mavlonov Bobosher: - B.Ђaniyev kuyovim bo’ladi. 2000 yil 7 noyabr kuni singlim Mahbubani tuz olib kelishga yuborgan edik. U bir vaqt yig’lab kelib qoldi. Keyin uning izidan sobiq turmush o’rtog’i O.Xolmurodov ham keldi. Oybek va Bahrom janjallashib qolishdi. Bir-birlarining yoqalaridan ushlashib, tortishib ketishdi. Bahrom qo’lini siltaganda Oybekning yuzi va boshiga tegib ketdi. Novvoyxonaning egasi Muhiddin aka ularni ajratib qo’ydi. Oybek ketib, 10-15 minutlardan keyin otasi O.Xolmurodovni ergashtirib keldi. Ochil aka Bahromga «O’g’limni nimaga urding», deb baqirdi va u bilan urishmoqchi bo’ldi. Muhiddin aka kelib ularni chiqarib yubordi. Men janjalga umuman qo’shilgan emasman. Bahromning qo’lida pichoq yo’q edi. Oybekning orqasidan hyech kim quvgan emas.
Guvoh Xolmurodov Ochil: Jabrlanuvchi O.Xolmurodov o’g’lim bo’ladi. 2000 yil 7 noyabr kuni bitta qo’y so’yib, Nurobod shahriga go’shtini olib keldim. Terisini o’g’lim Oybek olib kelib sotib, mening oldimga borganida uni 2 ta non olib kelishga yubordim. Bir ozdan so’ng u yig’lab, yuzlari qon bo’lib keldi. B.Ђaniyev urganligini aytdi. Men o’g’lim bilan novvoyxonaga borib, B.Ђaniyevdan o’g’limni nima uchun urganligini so’raganimda u menga baqirib tashladi. Novvoyxonaning egasi Muhiddin aka kelib bizlarni ajratib qo’ydi. Bizlar ketdik. O’g’limning sog’ligi yomonlashganligi sababli uni kasalxonaga olib bordik va 9 kun davolanib chiqdi. Haqiqatdan ham o’g’lim Oybekning sog’ligi ilgaridan yaxshi emas. Uning jahli juda tez. B.Ђaniyevning xotini mening sobiq kelinim bo’ladi.
Bundan tashqari sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasi hamda ishda mavjud bo’lgan bayonnoma, ariza va tushuntirish xatlari ham bo’lib o’tgan voqyeani oydinlashtirishga ko’maklashadi.
Sud yuqoridagi tafsilotlardan kelib chiqib B.Ђaniyevning aybi tergov organi tomonidan O’zR JK 109-moddasining 2-qismi bilan to’g’ri malakalangan deb topadi.
Sud O’zR JPKning 465-468-moddalarini qo’llab hukm qiladi.
H u k m
Sudlanuvchi Ђaniyev Bahrom Abdivaitovichni O’zR JK 109-moddasining 2-qismi bilan aybdor deb topilsin. U O’zR JK 109-moddasi 2-qismi bilan 2 (ikki) yil axloq tuzatish ishiga jalb qilinsin. Jazo umumiy asosda o’talsin va har oylik ish haqidan davlat foydasiga 20 foizdan o’ndirilsin. Hukmni ijro qilish Nurobod tuman IIBning axloq tuzatish inspeksiyasiga yuklatilsin. Jazo muddati ish haqi undirilgan kundan boshlab hisoblansin.
Sudlanuvchi Ђaniyev Bahrom Abdivaitovichdan davlat foydasiga 5200 so’m undirilsin.
Hukmdan norozi tomonlar shu sud orqali Samarqand viloyat sudiga 10 kun ichida shikoyat qilishga va e’tiroz bildirishga haqli.
Sud raisi (familiya)
|