Oila ma’naviyati
Oila – Vatan timsoli. Negaki, oila va vatan tushunchalari bir-biriga chambarchas bog’liq. Vatan tuyg’usi oiladan, ona bag’ridan boshlanadi. Oila esa jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy boyligi hisoblanadi.
Oiladagi muhit insonning o’ziga xos ma’naviyati, dunyoqarashi, tasavvur va e’tiqodining shakllanishida, yuksalishida muhim omil. Inson qalbi va ongidagi eng sof, pokiza tuyg’ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari, aynan oila bag’rida shakllanadi.
Xalqimizda kishining qanday ekanligi, uning o’zini tutishi, tarbiyasi, fe’l-atvori oilasiga bo’lgan munosabat bilan baholanadi. Bu esa uning jamiyatda o’z o’rnini topishida muhimdir.
Ma’naviy barkamollik
Yosh avlodni jismoniy baquvvat, ma’naviy yetuk qilib tarbiyalashda ma’naviyatning ta’siri benihoya kattadir. Zero, barkamol avlod tarbiyasida, yoshlarimizning o’zligini anglashga, davlat va jamiyat, xalq va oila uchun munosib farzand bo’lishlarida ma’naviyat beqiyos kuch sifatida o’z ta’sirini o’tkazadi.
Ma’naviy ta’sir deganda aynan ma’naviyatga xos bo’lgan sifatlarning insonga bevosita ta’siri tushuniladi. U o’z ichiga axloq-odob, huquq, nafosat, mehr-muhabbat, muomala madaniyati, mas’uliyat, daxldorlik, olijanoblik kabi fazilatlarni qamrab oladi.
Ma’naviy ta’sir tushunchasini ikki xil ifoda etish mumkin: birinchidan, har qanday insonning kamoloti ma’naviy ta’sirning mahsulidir; ikkinchidan, insonning o’zi ham boshqalar uchun ma’naviy ta’sir manbaidir. Chunki har bir inson ajdodlardan qolgan ma’naviy-moddiy meros, ezgu fazilatlardan ta’sirlangan holda o’zida pok niyat, sof intilishlarni mujassam etib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |