Yusuf Saryomiy tasavuf adabiyoti
Download 169.5 Kb.
|
Yusuf Saryomiy tasavuf adabiyoti
Yusuf Saryomiy tasavuf adabiyoti Reja:
Yusuf Saryomiyning adabiy merosi Saryomiy lirikasi Saryomiy she`riyatida tasavvuf va shoirning tasavvufona g`azallari Saryomiy - satirik shoir Lirik asar asosida shoirning hayotdan olgan taassuroti yotadi. Shoir o`z shaxsini birinchi o`rinda tutgan holda, hayotdagi biror hodisani o`zining ichki kechinmalari orqali ifoda etadi. Ana shu hodisa tufayli shoir qalbida kechgan tuyg`ular va ularning ta`sir qudrati namoyon bo`ladi. Saryomiy ijodida mavzular ko`lami keng. Bizga qoldirgan merosida vatan, do`stlik mavzusidagi g`azallar, odob-axloqni yorituvchi so`zonli satrlar talaygina. Biroq, u misralarning zamirida tasavvufiy ruh va so`fiyona mazmun barq urib turadi. Mavlaviy Saryomiy lirikasi mohiyat e`tibori va obrazlar olamiga ko`ra badiiyati, mazmun, g`oya va ruhiy ta`sir kuchi jihatidan «Sharq xalqlari tafakkuri tarixida chuqur ildiz otgan tasavvuf ta`limotining» (N.Komilov) taraqqiyotida salmoqli hissalarini qo`shgan Lutfiy, Gadoiy, Navoiy, Bobur singari shoirlarimiz g`azaliyotiga yaqindir. Shu bois, biz bu shoirlar qatorida Yusuf Saryomiyning ijodiy tajribalari tasavvufiy maslakdan butunlay ajralmaganligini e`tirof etamiz. To`g`ri, Saryomiydagi tasavvuf Mashrab, Huvaydo asarlaridagi singari bo`rtib turmaydi. Undagi tasavvuf talqini ancha jo`n. Bu jihatdan shoir So`fi Olloyorga, undan ham ko`ra Yassaviyga yaqin turadi. Saryomiy ijodidagi tasavvuf unsurlari haqida gap ketganda buni hisobga olmoq kerak. Zero, tasavvufiy she`riyat – insonning ilohiy-ruhiy hayotini, nafsni qoralash va uni yengish yo`lidagi murakkab holatlarini, Haq sari talpinish va ruhoniy yuksalish mashaqqatlarini chuqur tadqiq qilgan she`riyat. Biz tasavvuf ta`limotini yaxshi bilmay turib, Atoiy, Gadoiy, Navoiy, Bobur kabi Saryomiy dunyoqarashi va adabiy merosini ham barcha murakkabliklari, falsafiy teranligi bilan to`liq holda to`g`ri, haqqoniy yoritib berishimiz mushkul. YE.E.Bertels ham musulmon Sharqi madaniy hayoti haqida yorqin tasavvur hosil qilish uchun tasavvuf adabiyotini chuqur tadqiq etish zarurligini ta`kidlaydi. Tasavvufshunos olimlar uni to`rt asos – husni mutlaqni tanish, uning sifat va af`olini bilish, nafs va uning sifatlarini to`liq idrok qilish va dunyo makrlaridan ogoh, vasvasalaridan forig` bo`lishdan tarkib topgan deb biladilar. Naql qilinishicha, bir zot Hazrati Muhammad payg`ambar yoniga kelib, «Ey Allohning rasuli, din nimadur?»- deya so`raganda, payg`ambar «Din go`zal axloqdur»- deya javob beribdilar. Savol bergan kishi payg`ambarning o`ng yoniga o`tib yana «Ey Allohning rasuli, Din nedur?»- deb so`rabdi. Payg`ambar esa: «Din go`zal axloqdur»,- debdilar. So`ng haligi kishi payg`ambarning orqasiga o`tib, «Ey Allohning rasuli, din nimadur?»- deganda payg`ambar: «Anglamasmusan, din g`azablanmaslikdur»,-degan ekanlar. Ayni shunga monand nuqtai nazar, ya`ni tasavvufni komil axloq deb, nafsni uning dushmani deb bilish ko`p tariqat vakillari o`rtasida, shuningdek, naqshband tariqatida ham tarmoq otgan axloqiy sifatlardan. «Tasavvuf nima?» degan savolga aytadilar: «Tasavvuf – nafs lazzatlaridan voz kechishdir, tasavvuf-rusum ham emas, umum tarzi ham emas, balki yaxshi axloqdir». Yoki Shayx safiy alishoh javobi bunday: Tasavvuf – nafs manzillarini bosib o`tishdir». Ushbu ulug` shayxlarning «tasavvuf» tushunchasiga bergan ta`rif va izohlari yuqoridagi singari umumiy qarashlarni aniqlashtiradi va yaxshi axloq asosini Allohdan rizolik sifatida tushunishga yordam beradi. Saryomiy she`riyatidan ham yuqoridagi allomalar ta`riflaganidek, islom va tasavvuf dunyoqarashining hayotbaxsh, donishmand zakovati ufurib turadi. Biroq, Saryomiyning tasavvufga munosabati, uning she`riyatidagi tasavvufiy mazmun, timsollar ancha mo`tadil. Albatta, u yoki bu shoirning she`rlaridagi ilohiy-falsafiy ma`nolarni tahlil qilmoq uchun birinchi galda, o`sha shoirning tasavvufga ichki yaqinligini aniqlash kerak. Shu o`rinda «Yusuf Saryomiy tasavvufning qaysi bir tariqatiga e`tiqod qo`ygan yoki o`zini mansub bilgan?» degan haqli savol tug`iladi. Shoir devonidagi g`azallarning aksariyati adibning naqshbandiya tariqatiga ixlos-e`tiqodi kuchli bo`lganligini tasdiqlovchi asosiy dalildir. Saryomiy she`riyatida tasavvufning asosida turgan pir va murid, solik va sulu odobi, tavba va sidq, nafs va nafsni yengmoq, darvesh va g`arib singari bir qancha tushunchalar o`z talqinini topgandir. Yusuf Saryomiyning ayrim baytlari Ahmad Yassaviyni esga tushiradi, bu yaqinlik ilk turk mutasavvifi bilan bog`lanishda quyidagi uch masalada yaqqol ko`rinadi: 1. «Piri Turkiston» sifatida alohida ixlos bilan qaraydi. 2. Yassaviy singari mehnat qilib kun kechirishni yuksak axloq deb hisoblaydi. 3. So`fiylikni, din va axloqni xalqqa singdirishda vosita deb biladi. Saryomiy devonidagi aksariyat g`azallar shundan dalolat beradiki, shoir tasavvufga munosabatda ilk tariqat talabi bo`lgan jahriya doirasida qolib ketmagan. Naqshband tariqatidagi asosiy manzillar vatanda musofirlik, anjumanda sukut, bosgan har qadamga orifona nazar tashlamoqlik, har damni xush o`tkazmoqlik kabi botiniy jarayonlar ham devonda o`ziga xos ichki talqinlar bilan aks etgan. G`azallarida dunyoning yaratuvchisi – Allohning kuch-qudrati, ma`rifati va sifatlari ta`rif etilgan. Payg`ambarning sha`ni-sharafi ulug`lovchi satrlar tizilgan. Din va shariat qoidalarining bayoni berilgan. «Devon»ning ta`sir darajasini undagi pand va nasihat ohanglarisiz tasavvur etish qiyin. Bu ohanglardagi samimiyat, fikriy joziba takrorlanmasdir. Bog`lama dunyoga ko`ngil, mulki moli fonidur, Kim ko`ngil bog`lar anga nodonlar nodonidur. Har bahor ayyomi ochilg`on gul ila lolalar, Yerga kirgan guljabinlar chehrai xandonidur. Sohili maqsudga yetmay jumlai piru juvon, Dasti hasrat boshida g`arqi fano to`fonidur. Abrinayson demagil gulshanda gul ahvoliga, Qatrai boron emasdur, diydai giryonidur. Rangi rohatdin bori ruxsorai zoli falak, Ro`zgori yo`q g`amu anduhu mehnat konidur. Kim xabarsiz bo`lsa o`zdin nafstanparvar bo`lib, Bu qaro yer ostida qolg`on balog`a jonidur. Bir muammodir tiriklik, o`zlukungdin urma dam, Bir jahon oyinadek asrorining hayronidur. Kim bo`lib mag`rur dunyo ahli dilni og`ritur, O`z zamonining o`shal Fir`avn ila Homonidur. (53-b.) Mazkur g`azalning muxtasar sharhidan shunday haqiqat ayon bo`ladi: bu dunyoning o`tkinchiligiga yurakdan ishonish, ilohiy qudrat nimaligini bir qadar anglab yetish, odamni iymonu e`tiqoddan ayirib, xudbinlikni, ya`ni o`zim bo`lay falsafasini tug`diruvchi nafs balosidan qutulish zarurligini zuhur etadi. Ravshanki, tasavvufning bosh maqsadi Insonni komillik darajasiga yetkazish va shu darajada Vaslga vosil qilmoqdir. Buning uchun albatta, Allohni, Allohga bo`lgan e`tiqodni ustivor qo`yish shart. Saryomiy oldinga surgan bosh g`oya, u amal qilgan yetakchi tamoyilning asosi Islomdir. Yashashdan maqsad oxirat hayotiga tayyorgarlik ko`rishdan iborat. kimki o`zligini unutsa, oxirat ne`matidan benasib qoladi. Bu inson uchun eng katta baxtsizlikdir. Baxtsizlikning sababchisi esa, nafstanparvarlikdir: Kim xabarsiz bo`lsa o`zdin nafstanparvar bo`lib, Bu qaro yer ostida qolgan baloga jonidur. Tiriklik haqida shoirlar ko`p yozganlar. Ayniqsa, majoziy dunyoni madh etgan G`arb she`riyatida tiriklik quvonch manbai sifatida ko`klarga ko`tariladi. XX asr bo`sag`asida turgan Saryomiy esa, hayotni inson ma`naviy dunyosi uchun bir muammo deb talqin etadi. Tasavvuf ta`limotining negizi real hayot sururi bilan emas, balki ruhoniy dunyo bilan sug`oriladi. Saryomiy qarashlarining, uning zarif baytlarining umumiy zamirida xddi ana shu tarbiya, ana shu g`oya yotadi. Shuning uchun ham Saryomiy g`azallari o`quvchi iymonini nurlantira oladigan manzumadir, ziyodir. Bu ziyo mustaqil va orifona tushunchaga ega sobit e`tiqodli odam uchun yanada fikriy mustaqillik va o`z-o`ziga ishonch imkoniyatlarini ochadi. Bu ishonch yurakdan g`alayon qo`zg`atadi, botiniy kurash uchun dalda beradi. bu kurashning siri shundaki, nafs bilan bog`liq gunoh va gumrohliklarga qarshi ichki jangni ifodalaydi va shunga da`vat etadi. Naqshband tariqatida aks etgan botiniylik jangi xudparastlik, beshafqatlik, dilozorlik, aqliy mahdudlik kabi qusur va illatlardan tamoman poklanishni shart qilib qo`yadi. Shoir bu o`rinda shunday deydi: Ridou harqa maydin ayla rangin subha torin uz, Ko`rarsan bu sanamlardin o`zing boshdin musulmon et. Kelib andin so`g`un piri xarobot ilgidin o`pgil, O`zungdin o`zlugingni tashlabon takmili iymon et.(23-b.) Bunday fikrlar insonning «Alloh» oldida kuchsiz va ojiz ekanligini haqqoniy anglashdan tug`iladi. Va ular fanolik shavqida yongan komil Ruhning «hoki dargohingga yo`l topmoq xayoli birla dil» deya abadiyatga intilishini ham aks ettiradi. Bu intilish orqaga, ya`ni kechgan umrga nazar solish, uni din va iymon mezoni bilan sarhisob qilishni mustasno etmaydi. Aksincha, o`tgan umrning ziddiyatli qatlamlarini ochadi: Xayfkim, ketti qo`lingdin navjuvonlig` fursati, Pir bo`lding bilmay umri bevafodin nola qil. Bilmading, qadri zamoning kechdurub g`aflat bila, Yoqa chok et, aylagon sahvu xatodin nola qil. Boisi g`aflat ekan, asbobidin sargarm eding, Nafs komin istagan zavqi safodin nola qil.(89-b.) Shu o`rinda sharqshunos olim N.Komilovning quyidagi fikrlarini keltirib o`tishimiz o`rinlidir: «Hikmat ahli va tasavvuf fikriga ko`ra insonga faoliyat uchun inon-ixtiyor berilgan, u harakat qilib, komillik kasb etishi, niyatlariga yetishi mumkin (muayyan chegaragacha). Shayx Aziziddin Nasafiy «Zubdat ul-haqoyiq» («Haqiqatlar qaymog`i») nomli risolasida yozadi: «Odamlarning so`zlari va faoliyati uchun oldindan belgilangan o`lchovlar yo`q. bilim va boylikka ega bo`lish odamning harakatiga bog`liq: Odam qancha ko`p g`ayrat qilsa, shuncha bilimi va mol-mulki ortadi». Yusuf Saryomiy ijodining g`oyaviy yo`nalishi ham xuddi shunday qarashlar asosiga qurilgan. Yuqorida keltirilgan misollardan ham ko`rinadiki, Saryomiy insonni o`ziga xos usul bilan tarbiyalaydi va unga o`z ta`sirini yetkazadi. U «navjuvonlik fursati»ni behuda o`tkazmay, izlanishlar yo`lidan borib, o`z hilqati, o`z mohiyati haqida o`ylanishga, O`zligini tanib, olamni va ilohni sevishga o`rgatadi va ta`lim beradi. Yuz quyoshdin keldi afzun zarrai atvori ishq, Yetti gardun qomatin xam aylagandur bori ishq. Arshu kursi birla bor o`lg`on jam`i mumkinot, Bir tarashshuh abri rahmatdin kelib osori ishq. «Uskunu» amri bilan jannat fazosida turub, Anglabon «la taqraboni» bo`ldilar bemori ishq... (77-b.) Naqshband tariqatidagilar islom olamining juda ilg`or va o`rnak kishilari bo`lganligi ma`lum. Naqshband tariqatidagilar uchun eng asosiy bosh masala – Ruhoniyat va pok iymon, ishq va axloq edi. Ular nafslarini poklamoq yo`lida ibodat qilib sajda etganlar, xilvatga chekinib chilla o`tirganlar, shavq sharobidan qonib ko`z yosh to`kkanlar. Ular mol-dunyo, shuhrat va martaba bandalari emas, Alloh yo`liga kirgan ozod yo`lchilar bo`lishgan. Ma`no va g`oyada har bir mutasavvuf niyati husni mutlaq bilan qovushmoq bo`lganligi uchun ham Yusuf Saryomiy devonda ana shunday ilohiy ishq dardi bilan o`rtangan mutasavvuflar hayoti, tarixi va taqdiriga daxldor ibratli hikoyatlarni so`zonli misralarda o`zgacha larzali ohangda tarannum etadi: Angladi jon pardasidinkim navoyi ishtiyoq, Bu sababdin choldilar Dovud musiqori ishq. Chun «analhaq» barqi so`zonig`a jonin kuydurub, Go`y aylab boshini Mansur osilg`on dori ishq. Yetti shahri ishq kezgan ko`hko` devonavor, Orifi billoh Fariduddin erur Attori ishq. Shohi Muhyiddin ki, Jiyloni toji Avliyo, G`avsul A`zam miri olamdo`z alambardor ishq. Piri Turkiston o`shal Sulton Ahmad Yassaviy, O`lmay o`lub yerga kirdilar bo`lubon yori ishq. Maxzani asrori haq, ya`ni Jaloliddin Rum, Shamsi Tabriziy qo`lidin toptilar tumori ishq. Xojai Mir Bahovuddini shohi Naqshband, Yurdilar ko`yi muhabbatda qalandarvori ishq...(78-79-b.) Shoir majoz va haqiqat uyg`unligi munaqqash etilgan shohbaytlarida nomlari zikr etilgan tasavvuf tarixidagi eng kuchli avliyolar, mumtoz va amaliy san`at ahli, orifu allomalar, fuzaloyu umarolar qatorida insoniy fazlu kamolga, ilmiy va badiiy tafakkurda zohiriy va botiniy uyg`unlikka erishmoqlikni maqsad qiladi. Mana shu nuqtada Saryomiy anglab yetadiki, ulug` shayxlarning ruhi tajalliy topadi, salaflar xalaflarga hidoyat aylaydi. Qolaversa, har qanday odamga emas, balki faqat baxtli solikka, so`fiylik yo`liga kirgan chinakam insonlargagina shunday tarbiya munosib ko`riladi. 47 bayd, 94 misrani tashkil qiluvchi ushbu manzumaning muxtasar sharhidan ana shunday haqiqat ayon bo`ladi. Shoirning tasavvufona g`azallarida o`zi mansub naqshbandiylik tariqati talab va shartlarini ham e`tibordan soqit qilmaganligini unutmaslik zarur, albatta. Chunki, naqshbanddagi asosiy tamoyillardan biri tavbadir. Alloh ta`qiqlagan har qanday narsadan uzoq bo`lish, manmanlik (nafsdan) tuyg`usidan paydo bo`ladigan har turli harakatlardan saqlanish, pok hulqlarni hayotga joriy qilish, halol luqmaga erishish, tunu kun Allohga muhtojlik tuyg`usi bilan nafas olish, tavakkul va rizo – bular naqshbandiya tariqatining boshlang`ich shartlaridir. Muxtasar qilib aytganda, Saryomiy ixlos qo`ygan Naqshbandiya ta`limoti «naqsh band bar dil band», ya`ni ko`nglingda Alloh taolo zikrini naqsh ayla demakdir. Ma`lumki, Saryomiyni reaksion-feodal toifaning dunyoqarashini ifodalagan, din niqobida badbinlik, tarkidunyochilikni targ`ib etgan, mazlum ommani zolimlarga tobe bo`lishga chaqirgan tariqatning vakillaridan biri sifatida tanqid etib kelindi. Saryomiy islom dinini shunchaki qabul qilib, badbinlik yo`lida targ`ib etgan emas. Bular mutlaqo asossiz fikrlar. Mavlaviy Saryomiy islom diniga, Koinotning yagona sohibiga cheksiz muhabbati bo`lgan, tasavvuf maslagiga mehr bog`lagan musulmon shoirdirki, buni devondagi islom dini arkonlari, payg`ambaru, sahobalar, Hadisi Sharif va shariat to`g`risida talay she`ru timsollar asoslaydi: Vodiyi zulmat, jahlu kufrdin so`yi najot, Topmadi yo`lkim quyoshdek bo`lmayin rahbar hadis. YO rasulluloh, so`zungizni fidosi jismu jon, Qilmadi ummatga sizdek hech payg`ambar hadis. (30-b.) Saryomiy e`tiqod xastaligi va imon shikastaligi uchun chora va shifoni islomiy ma`rifatdan, ishqi ilohiydan axtaradi. Iymon butun bo`lmog`i uchun Allohga, payg`ambarlarga, muqaddas kitoblarga, oxirat kuniga, yaxshilik va yomonlik Alloh tomonidan bo`lajagiga ishonadi. O`lgandan so`ng esa qayta tirilmoq, ixlos qilmoq, unga til bilan iqror bo`lib qalb bilan tasdiq etmoq darkorligini ta`kidlaydi. Zero, ixlos hamma amallarning boshi ekanligi, chin ixlos bilan qilinmagan hech bir amal Alloh huzurida qabul bo`lmasligi haqidagi falsafiy, axloqiy qarashlari shoirning tubandagi misralarida yorqin ifodasini topgan: Kimiki bo`lsa neku e`tiqod bo ixlos, Bo`lur tariqi xudo sori rahnamo ixlos... Kishini bo`lmasa ixlosi doimo munkir, Qabul emas a`moli bo`lmaguncha to ixlos. Hama amal boshi ixlos erur, mazidi sharaf, O`zingdin aylama, jono, dame judo ixlos...(72-b.) Tasavvufiy tushunchalar yoritilgan asarlarda odatda avval nafs to`g`risida fikr yuritilib, so`ng boshqa masalalarga o`tiladi. bu borada adabiyotshunos olim I.Haqqulov shunday fikr bildiradi: «Tasavvuf-xudosevarlik, Xudo ishqi va xayolidan bo`lak boshqa har qanday xorijiy fikr va tushunchalardan forig` bo`lmoq demak. Tasavvufda axloq-odob komilligi qanchalik muhim bo`lsa, taxliya-tasavvuf salohiyati ham nihoyatda muhim. Tasavvuf ilohiy shavq va fayz sirlarini ocharkan, insonga avvalo nafsni xor etish usullarini o`rgatadi». Haqiqatda, nafsni mag`lub qilmaguncha Haq yo`lida asosiy maqsadga erishib bo`lmaydi. «Nazm ul-javohir»dagi bir qancha ruboiylarda («Hirs o`tidin bo`lma dardparvar oxir», «Hirs ofatini nafs havosi bilg`il») deya nafsni taslim etmoqning «chora» va «usul»larini ko`rsatadi. Shuningdk, Saryomiy ham asosiy diqqatni tasavvuf adabiyotida keng talqin qilingan nafs masalasiga qaratadi. Insonning yaratuvchisi tangri taolo ekan, uning g`am-qayg`ulari, mehnat-mashaqqatlari nima va nimalardaligini bilguvchi ham o`sha sarvari koinotdir. Alloh bandasiga har kim va har narsadan yaqin Qur`onning bir necha oyatlarida (Mo`minlar 11, Rum 11, Yunus 15) ta`kidlaganidek, inson alaloqibat yana Tangriga qaytajak. Ana shuning uchun ham u nafsning emas, ruhning talab va istaklari bo`yicha kun kechirishga mas`ul. Saryomiy g`azallaridagi asosiy g`oya mana shular to`g`risida mushohadaga chorlaydi. Qur`onda Yusuf alayhissalom tilidan shunday deyilgan: «Men nafsimni oqlamayman. Chunki nafs – agar parvardigorim o`zi rahm qilmasa, albatta barcha yomonliklarga buyurguvchidir (Yusuf surasi, 53-oyat)». Inchunin, tasavvuf ahli yetti turli nafs mavjudligini e`tirof qilganlar: nafsi ammora –odamni yomonlik, riyokorlik, dunyoparastlikka zavqini oshiruvchi nafs; nafsi lavvoma – yomon ishlardan pushaymon qiluvchi, axloq va odobda ma`lum bir me`yorlarga rioya qiluvchi nafs, nafsi mulhama-ilohiy yo`l-yo`riqlar va jozibaga ilhomlantiruvchi nafs; nafsi mutmainna – iymon xotirjamligini ta`minlaydigan va xatoliklardan asray oladigan nafs; nafsi roziya – Allohdan rozi naf; nafsi marziya – Alloh rizosini qozongan va unga maqbul bo`la oladigan nafs; nafsi sofiya - qusru illatlardan tamoman poklangan nafs. Saryomiy nafs va ruh xususiyatlarini ochishda yuqorida zikr etilgan mohiyatlarga to`la asoslanib fikr yuritadi. Shoir nafs deganda, odamni riyokorlik, dunyoparastlikka hirsini oshiruvchi, insondagi shahvat, g`azab quvvatlarini jamlovchi taraflarini ko`zda tutib, nafsni aksariyat holda ayni shu ma`noda, ya`ni nafsning birinchi turiga ko`ra fikr yuritgan. Shoir talqinida, insonning insoniylik va haqsevarlik mohiyatini muhofaza etguvchi musaffo kuch bu – Ruh. Biroq, azaldan Inson ojiz qilib yaratilgandir. (Niso surasi, 27-oyat) Shuning uchun uning vujudida ko`pincha nafs g`oliblik qiladi. Shuningdek, shoir o`zining purma`no misralarida to`g`ri va ezgu yo`llardan ozdiruvchi, barcha tubanliklarga chorlovchi hirslarni nafsga nisbat beradi: Himmati dun sifla, atvori xasosatpeshalar, Nafs uchun har anjumanda oshu non aylar talosh. Bexabar kim bo`lsa kori dinu, ilmu shar`idin, Ul rivoji millatu dinni qachon aylar talosh. Bu zamoni keldi oshubi qiyomatdin ilm, Barcha nafsin komini istarda jon aylar talosh. Garchi Yusuf notavonu ojizu, aftodadur, Din rivojin oshkorau nihon aylar talosh.(69-b.) Qur`onning Zumar surasida shunday deyilgan: «Qachon insonni biror ziyon ushlasa, u Parvardigoriga tavba-tazarru qilgan holida duo-iltijo qilur. So`ngra qachon (Alloh) O`z tomonidan unga biron ne`mat ato etsa (inson), ilgari (Allohga) qilgan duo-iltijolarini unutib qo`yur va (o`zgalarni ham) Allohning yo`lidan ozdirish uchun u zotga «teng»larni (o`ylab) topur» (Zumar surasi, 8-oyat). Bularning hammasi nafsi zolimning qabohatlaridir. Demak, nafsning botiniy zulmlari cheksiz. Ulug` alloma Ahmad Yassaviy nafsga zolim sifatini berganda ming bora haq. Saryomiy ham nafsni insondagi butunlikni sindiruvchi, ma`naviy osoyishtalikka barham beruvchi ichki dushman sifatida talqin etib, bir-biridan purma`no jozib ilohiy baytlarida inson va iloh, fano va baqo birligini buyuk shoirlarga xos komil iymon-e`tiqod, ezgu xayolga mos mo`jaz she`riy san`at yo`g`irib ifodalaydi: Sen gumon etma baqo bor deb jahon ayvonida, Bil yaqin, avvalda foniy erdi, oxir foni(y)dur. Bas ko`rib, aldanmag`il oroyishi dunyo uchun Bu havoi naf hoxishlar bari shaytonidur. Ko`rinadiki, «nafs» zikr qilingan mana shunday so`zonli misralarda haqiqat aqidasi uyg`unlashadi. Haqni tanimaslik, shaytonsifatlik, beg`amlik, mol-dunyoga o`chlik. Takabburlik, nodonlik- bularning hammasi Saryomiy talqinlarida chirkin «nafsning hoxishidur». Mavzuga aloqador bir bayt: Nafsu havo qo`lida hama bo`ldilar xarob, Maqsad tamomi ziynat o`lib qasdi xurdi xob. Nafs hammani «xarob» qiladi, yomon yo`lga boshlaydi. Shoirning maqsadi esa ana shu nafsning yomonligini anglash – o`zligini tanish, demakki, ilohiylikni, ezgulikni anglashidir. Tasavvuf ahli nazdida nafs tushunchasi kengayib, chuqurlashib molu mulk, toju taxt masalalariga borib bog`lanadi. Yuqoridagi misralarda shoir xuddi shu masalani ko`zda tutadi. Baytlar davomida «Qattig` ushlamag`il molu johni», «Mahluqsanki xoliqing istagil mudom», «bandalikni bilg`il», «g`ayri xudo (likni) unut» deya qayta-qayta uqtiradi. Shunday, eng katta qahramonlik, jasorat – bu nafsni yengmoqlik, «Haqdin bo`lakni» unutmoqlik. Shu sabab toju taxtni, molu johni tark etib, darveshlik jandasini kiygan Ibrohim Adhamni so`fiy shoirlar «mardlar mardi» deb alqaydilar. Naqshbandiylik silsilasining asosiy tariqlaridan hisoblangan «faqr» Saryomiy ijodida ham yetakchi masalalardandir. «Faqr- tarki dunyo qilib hayotga qo`l siltash emas, balki olami botinni poklash» ekan, shoir Yusufiyning «Bog`lama dunyoga ko`ngil mulki moli fonidur», «Kim munda sanga aylasa, jabru jafo, unut», «Kel, ey dil, aylama hargiz tazoye`i avqot» misralari bilan boshlanuvchi g`azallarining boshidan oxirigacha faqr maqomining talab va shartlari o`z ifodasini topadi. Sharqning mashhur allomasi Husayn Voiz Koshifiy faqrlikning yo`ldoshi sidq va e`tiqod, uning asosi esa, darveshlar muhabbati hamda faqrlikning nihoyasi yaxshi hulq ekanligini ta`riflagan. Mavzuga aloqador bayt: Kim qanot ganjida dam urmasa beyodi haq, Faqr mulkida muhabbat kishvarini xonidur. Qanoat – bu Naqshbandiy mazhabining zarur shartlaridan bo`lib, bu sifat faqat yaxshi xulqlilargagina xos. Faqrlik mulkiga ega bo`lishda eng katta to`siq - bu qanoatsizlik, chunki qanoatsizlikdan badnafslik, o`tkinchi dunyoning hirsu havaslariga ruju qo`ymoqlik, izzatsizlik, umuman, barcha yomon xulqlar kelib chiqadi. Shunday ekan, kimki bu to`siqni yenga olsagina faqr kamoliga erishadi, ham botiniy, ham zohiriy poklanadi, qalbida ichki hurlik tantana qiladi. Shoirning ko`zlagan maqsadi va samimiy da`vati ana shu. Adabiyotshunos olim A.Abduqodirov faqrning g`anilik (davlatmandlik)dan afzalligini ta`kidlab, shunday yozadi: «G`anilikka intilish insonni fisq, kibr, razolat, jaholat va riyo botqog`iga botirsa, faqr esa uni o`zlikka mansub shu illatlardan tozalab, pok ruhga vosil qiladi». Shuningdek, shoir o`z she`rlarida faqr fanosiga yetishdagi yana bir to`siq o`zlik ekanligini alohida ta`kidlaydi: Istaram bu dayr aro bir jom vahdat xumidin, O`zlugum bunyodini yiqsa yetib faqru fano. (1-2-b.) «Naqshbandiylikda zohiran xalq bilan, botinan Haq bilan shiori amal qilar, shu sababli naqshbandiylarda tashqi jihatdan malomatiylik namoyon bo`lsa-da, ichki faoliyatda faqrga rioya sobit edi». Saryomiy ijodida ham shu holat o`z talqinini topgan bo`lib, shoir she`rlari tashqi tomondan malomatiya oqimining g`oya va odob yo`llarini o`zida singdirgan. Ayniqsa, Vaqtga munosabat masalasi Saryomiy e`tiborini chuqur jalb etgan. Vaqt deganda o`tgan muddat yoki endigi kelajak zamon emas, balki ayni nafas olib turgan, hozir kechayotgan, ardoqlab qadrlash mumkin ham shart bo`lgan vaqtdir. Ular vaqtni nechog`lik qadr-qimmatga egaligini nazarda tutib, yashashning tub mazmuni bo`lgan damni boy bermaslik, har lahzayu har soatni hushnudlik bilan o`tkazishda deb bilganlar. Uning: Umringni zoye aylama bedardlar bilan, Naqdi sharif sarfi xarubor qilmagil. Be sham`i ishq kirma bu zulmat saroyig`a, Gumrohlig` ila sa`ingni bekor qilmag`il. (87-b.) Baytlari ifodalangan hamda «Suyun ey dil, yana yetushti bahor», «Kori dunyoi bemador abas» misralari bilan boshlanadigan g`azallari ushbu da`voning xarakterli misoli bo`lishi mumkin. Shuningdek, malomatchi – o`zgalarning aybini emas, o`zining ayb nuqsonlarini ko`ruvchidir. Bu tushunchalar ham Saryomiy she`rlarida o`zining obrazli ifodalarini topgan: Naqdi umrim xato bila kechti, Jazm etub beshumorman, yo rab. Kechurub bas tamom g`aflat ila, Hama laydu nahorman, yo rab. O`tdi umri aziz be hosil Yusufi sharmisorman, yo rab. (16-b.) Yoki: Hirsu havo murodida yo`qtur qanoatim, Nafsim qo`lida banda bo`lib past himmatim. Yo`q loyiqi rizoi xudo hech toatim, Sharmandalikda dam badam ortar xijolatim. (1-8-b.) Ko`rinadiki, shoir Naqshband tariqatining qoidalariga bo`ysungan holda tashqi tomondan malomatiya tariqatining muhibi bo`lib ko`rinsa-da, ichki faoliyatida faqr talablariga rioya qiladi, ya`ni faqrning yana bir ulug` sifati – ko`ngilda pushaymonlikni his etadi. Husayn Voiz Koshifiy buni faqrning ulug` sifati deb biladi. Xuddi shuningdek, yuqoridagi baytlarda ham o`z ayb nuqsonlaridan afsuslanish, xijolat chekish va pushaymon bo`lish holatlari ko`rinadi. Naqshbandiy tariqida «Safar dar vatan» talabi borki, unda Vatanda musofir bo`lmoqlik falsafasi ilgari suriladi, bu esa kishini tiriklik haqidagi turg`un fikrlardan, o`tkinchi dunyoning balandparvoz da`volaridan mutloq xalos etadi. Hayotda unutilishi lozim bo`lgan narsalarning barchasi unutiladi. Xotirada faqat unutilmas mavjudlik qoladi. Bu Ishq va oshiqlikning yuqori bosqichidir. Saryomiy g`azallaridan birida bu haqda shunday yozadi: Ki munda sanga aylasa jabru jafo, unut, San ham kimiga mehr ila qilsang vafo, unut. Qolgay borisi har na yig`ib, san jafo chekub, Bu bevafoda har na erur bevafo, unut. Iqbolu kirudor jahonni saboti yo`q, Kechgay nafasda misli nasimu sabo unut. Rohat qayerda bo`lsa, bu kulfat saroyi dahr, Boru yo`qi barobar ranju ano, unut. O`lmascha qattiq ushlamag`il molu johni, Umring yetushsa mingga bo`lursan fano, unut. Na nomu, na nishonu, qani hoki turbati Bo`ldi tamom shohu, g`aniyu, gado unut. Mulki adamda sanga na nom erdi, na nishon, Qandoq qilibsan oni san, ey behayo, unut. Mahluqsanki xoliqingni istagil mudom San bandalikni bilgilu, g`ayri xudo unut. Ra`noi bog`i dahr ko`rib yemagil firib, Sandek hazor tozagul etmish ado, unut. Na yetsa ayla shukru qanoatki bandalik, Qulluq shudurki, bo`lmasa sabru rizo unut. Haqdin bo`lakni borisi begona Yusufiy, Onsiz na kim tutar o`zini oshno unut. (18-b.) Ma`lumki, Insonni komillik bosqichiga yetkazish tasavvufning bosh masalalaridandir. Bu darajaga yetish uchun esa xayrli ishlarni qilmoqlik, xayrli so`zlarni so`zlamoqlik, yaxshi hulqni o`zida kasb ettirmoqlik lozimdurki, bularning barchasining asl mohiyatini yurak-yurakdan his eta olsagina uning qalbi poklanadi. Tasavvufona tarbiyaviy jarayonning ibtidosi ana shundan boshlanadi. Shundagina Koinotning yagona sohibiga, Holiqiga chin muhabbat paydo bo`ladi. Albatta bunday ko`ngil qo`ymoqlik, avvalo, insoniy xurujlardan batamom poklanishni, molu mulkka havasmandlikni so`ndirishni taqozo qiladi. Shu bois Shayx Abusaid Abulxayr tasavvuf ta`limotining ta`rifini shunday keltiradi: «Boshingda ne bo`lsa chiqarib tashlash, qo`lingda neki bor qo`ldan berish va boshqalardan senga nima kelsa ranjimaslik». Shuningdek, Saryomiyning yuqoridagi g`azali matla`dan to maqtagacha ulug` shayxning fikrlariga hamohang, vobasta. Mazkur g`azalda «unut» so`zining radif sifatida qo`llanishi, she`rda yakohanglilikni vujudga keltiradi hamda baytlar davomida aytilmoqchi bo`lgan fikrni, maqsad va g`oyani mantiqan tadrijiy davom etishini ta`minlaydi. Ikkinchi va uchinchi baytlarda shoir taxliya va tasfiya yo`lini tutmoqlikka undaydi, ya`ni taxliya – holi bo`lmoqlik, qalbini bo`shatmoqlik, tasfiya – ruhni ag`yor begonadan tozalamoqlik. Ko`rinadiki, shoir haqiqiy komil inson bo`lish uchun o`zi bilan bog`liq hamma narsani unutmoq, o`zligidan butunlay kechmoq darkorligini nazmga soladi. Faqru fanoga erishish shu qadar shaxsiyatdan kechib o`zni unutishki, solikda o`zligidan zarracha narsa qolmasligi kerak, aks holda, bu Allohni anglash yo`lida parda, to`siq. Ana shu oradagi pardani ko`tarish, to`siqni olish uchun esa solik o`zi bilan birga har narsani – kimgadir mehr ko`rsatgan bo`lsa ham, kimdandir jabr ko`rsa ham, «jafo chekub» yiqqan molu johni ham «bu bevafoda har na erur» hammasini unutish kerak. Bahouddin Naqshband o`z tariqatida «Xush dar dam» manzilida har damni, olayotgan har bir nafasini g`aflat bilan o`tkazmay, Allohni yod etib, fikru xayollarini jilolvlab, Yolg`iz Sarvari Koinotga qaratish fikrini ilgari suradi. Bu haqda Sadriddin Salim Buxoriyning «Dil ba yor» kitobida shunday deyilgan: «Hazrat Bahouddin deganlarki, bu yo`lda nafas hal etuvchi omildir. YA`ni, nafas olayotganda xayol na o`tmish, na kelajakka band, balki xayol o`tmish va kelajak voqealaridan ozod bo`lishi kerak». Saryomiy satrlarida ham har dam, har nafasni behuda sarflamay, xayolni behuda narsalardan ozod qilib, har nafasda ham botinan, ham zohiran qalbini Alloh yodi iblan yod aylash lozimligini ta`kidlaydi. Shoir talqinida Xoliqning ibodatiga da`vat seziladi. Saryomiy islom dini g`oyalarini g`azalda tatbiq etib, Qur`ondagi oyatlar orqali ichki kechinmalarini, fikr va maqsadini teran ifodalaydi. Chunonchi, Qur`onda shunday yoziladi: «Albatta har bir og`irlik, mashaqqat bilan birga yengillik ham bordir» (Sharh surasi. 5-6-oyatlar). G`azalning navbatdagi to`rtinchi baytidagi asosiy g`oya ana shu asosga qurilgan. YA`ni mazkur surada ta`kidlanganidek, insonning boshiga biron qiyinchilik tushsa hargiz bundan ranjimasligi, aksincha, «ranju a`no»larni unutib, bularga sabr-toqat qilish kerakligi, zero, bu mashaqqatlarni yengib, ularni unuta olsa, mangu yengillik, abadiy saodatga yetajagini uqtiradi. Shoir beshinchi baytda ilgari surgan g`oyani yanada chuqurlashtiradi. Baytga «fano» kalimasining kiritilishi o`quvchi ko`zi oldida jismoniy o`limni gavdalantirishi mumkin. Yo`q, aslo. Shoir bu o`rinda uni nazarda tutgani yo`q. Gap «fano» kalimasining tariqatdagi asl ma`nosi ustida ketayotir. Tasavvuf ahli yaxshi sifatlarni, ya`ni rahm-shafqat, karam, sadoqat, vafo, hayolarni «axloqi mahmuda» deb, aksincha, hirsu havasga berilishni anglatuvchi zulm, nodonlik, manmanlik kabi yomon hulqlarni «axloqi mazmuma» deb atashgan. Tasavvufda «fano» deganda, ana shu «axloqi mazmuma»dan qutulishni nazarda tutadilar. Shoir yuqoridagi baytlardagi o`z fikrini quvvatlash maqsadida «fano» tushunchasiga alohida urg`u beradi. Uningcha mazmuma sifatlar insonni ma`naviy kamolotga erishuvida to`siq paydo qiladi, chunki u nafsning chirkin hohishi tufayli shakllangan, nafs esa futuvvat va sahovatni chetga surib, molu mulkka hirsu havasni orttiradi. Bas, shunday ekan, fano so`zi bilan «molu johni qattiq ushlamoqlik» kabi mazmuma sifatlardan qutulish va bunday «axloq»ni batamom unutish lozim demoqchi bo`ladi. Keyingi 6-7-baytlarda g`oyaviy mazmun tadrijiy yanada takomillashtiriladi. Ma`lumki, Ibrohim Adham dunyo tojini tark etdi, ammo Alloh uni oxirat toju taxtiga o`tqazdi. Bunday yuksak darajaga Koinotning yagona Xoliqiga chin muhabbati tufayli erishdi. Alloh yo`lida dunyo toju taxtini tark eta oldi, ularni unutishni uddaladi. Darhaqiqat, shoir Alloh yo`lida ana shunday yo`l tutmoqlik zarurligini uqtiradi. Navbatdagi baytlar Saryomiy san`atkorligi va mahoratining avj nuqtasidan dalolat beradi. shoir faqat Xoliqni istash, bandalikni bilib, xudodan boshqa narsalarni unutish, Allohga shukr keltirib sabru qanoat bilan yashamoqlikning jozibasini betakror qiyoslarda chizib beradi. Zero, sabr-barcha maqsadlarga eltuvchi yo`lning boshi, qanoat esa or, hayo, nomus deb atalgan inson qadriyatini qo`riqlovchi ulug` sifat. Saryomiy inson sabru qanoatni ixtiyor etsagina yuqorida ko`rsatilgan barcha mazmuma sifatlarni unuta oladi, mahmuda sifatlarni o`zida shakllantiradi, Haqdan bo`lakni o`ziga begona deb biladi, ana shundagina oradagi parda ko`tarilib, Allohga «oshno» tutinadi, uning dargohiga yo`l ochiladi degan nazmiy xulosaga keladi. Saryomiy bunday jiddiy xulosaga dab-durustdan kelmaydi. Buning uchun u mumtoz shoirlarimiz hayoti va ularning merosini chuqur o`rganadi, g`azallari mag`zini chaqadi va mushohada qiladi. Jumladan, mavzu tanlash va uni yoritishdagi, fikr mushohadalarning badiiy talqinini berishdagi yaqinlik, chuqur mazmunni sodda tilda ifodalay olishdagi o`xshashlik Saryomiyning ko`proq Navoiy va Fuzuliy sarchashmalaridan bahramand bo`lganligini ko`rsatadi. Chunonchi, shoir yuqoridagi g`azalni yaratishda Fuzuliyning «Bahri ishqa dushding, ey dil, zavqi dunyoni unut» deb boshlanuvchi «unut» radifli g`azali hamda Navoiyning «Gar oshiq esang zebu takallufni unut» misrasi bilan boshlangan taronai ruboiysidan ta`sirlangan. Shoir Yusuf bu bilan ham cheklanmaydi. Fuzuliyning mazkur g`azaliga muxammas-taxmis yaratib, falsafiy fikru qarashlarini davom ettirib, uni yanada chuqurlashtiradi: Mehnati obod jahona rohati joni unut, Chix bu dayri ko`hnadin afsurda ma`voni unut. Ayshi boqiyni dilarsan, har nakim foniy, unut, Bahri ishqa dushding, ey dil, zavqi dunyoni unut, Bolig` o`ldung kel rahmdin ichdiging qoni unut. (24-25-b.) Demak, misollar Saryomiy ulug` shoirlarimiz ijodidan bahramand bo`lganligini, asarlarini chuqur o`rganib, ulardan ilhomlanganligini isbotlovchi ishonchli hujjat bo`la oladi. Saryomiy she`riyatida ham boshqa shoirlar kabi ishqu muhabbatni kuylash asosiy mavzu sanaladi. Ishq - juda keng tushuncha. Hayotda faqat o`z jufti haloliga ko`ngil bog`lab shu ishq bilan yashash kerak deb o`ylamoqlik, pok ishqdan bexabar bo`lmoqlik – avomlikdan boshqa narsa emas. Bu boradagi mashhur naqlni eslaylik: Arastuning shogirdlari orasida ilmiy anjumanlarda Aflotun bilan ham bahslasha oladigan zo`r bir yigit bor edi. Shu yigit bir mahliqoga oshiq bo`lib qoldi-yu hamma narsani unutdi. Shunda ustoz bir chora izlab topdi, dori ichirib, qizning husnu jamolini tanadan ajratib oldi va suyuq bir narsani «sen ilmdek muqaddas narsaga almashtirganingni, ma ol!» deb yigitning qo`liga tutqazdi. Bu o`rinda insonning insonga bo`lgan muhabbati rad etilayotgani yo`q, albatta. Dunyoda faqat majoziy ishqqagina o`ralashib qolish xato ekanligi, majoziy ishq va ilohiy haqiqiy ishq bir-birlarini to`ldirishlari lozimligi uqtirilmoqda. Navoiy «Mahbub ul-qulub» asarining «Ishq zikrida» bobida shunday purhikmat fikrlarni yozadi: «So`zkim dard choshnisidin (ta`midan) harorati bo`lmag`ay va nazmkim ishq haroratidin hirqati (kuydirishi) bo`lmag`ay, nursiz sham bil va sarvarsiz (boshliqsiz)» jam` (jamoa) gumon qil». Ravshanki, har qanday so`zda va har qanday she`rda ishq harorati bo`lishi shart ekan. Saryomiy ijodidagi yo`nalish go`yo ustod Navoiy fikru qarashlarini tasdiqlayotganday. Zero, Mavlaviy Saryomiy nazdida ham har qanday so`z - ishq so`zidir. Saryomiy g`azallarining qat-qatiga kirib borsak, shoir ijodida ham majoz, ya`ni insonning insonga bo`lgan muhabbati ramziy ma`nodadir. Shoir Yusuf nazmining tubida uning haqiqiy pok ishq, ya`ni vujudi mutlaqqa, Yaratganga muhabbat tuyg`ulari yashiringan. Har fusungardin davo yo`q, har tabibedin iloj, Istamanglarkim, chaqibdur har jigarni mori ishq. Ey, bahaqqi hurmati izzu jaloli ishqi pok, Lutf etib, yorab, Yusufni qil hushyori ishq. Saryomiyning ishqqa falsafiy munosabati qat`iy va barqaror nuqtai nazari Alisher Navoiy dunyoqarashiga mos tushadi. Saryomiy ham xuddi Navoiylardek majoziy ishq va haqiqiy ishq tushunchalarini alohida ajratishni maqsad qilmaydi yoxud insonning insonga bo`lgan muhabbatini haqiqiy ishqqa qarama-qarshi qo`yib uni tamoman rad etayotgani yo`q. Saryomiy Navoiy aytganidek, bu ikki ishqni birday olib boradi. Navoiy «Mahbub ul-qulub» asarida ishqni turlarga ajratib, ana shunday ikki ishqni birday olib borganlar haqida shunday deydi: «Va mutaaxxirindin (oxirgilardan) ikki olamni (ham bu dunyo, ham u dunyo ishqini) bir dov (yurish) bila o`ynagan mukammir (qimorboz) shevalar pokbozi va ishq dayri fanosida haqiqat bodasidin mast rindlar (mayxo`rlar) hamrozi shams ul-millati va-d-din Xoja Hofiz SHeroziydur». Navoiy o`z fikrlarini davom ettirib, ustoz Abdurahmon Jomiyni ham «dunyo va oxiratni bir oh ila o`rtagan pok oshiqlar imomi» deb ta`riflab, ana shu ikki ishqni birday ko`rganlar qatoriga qo`shadi. Navoiyning o`zi ikkala ishqni - insonning insonga hamda insonning xudoga ishqini qo`shib kuylagan shoir. Shuning uchun ham ustozning SHeroziy, Jomiylar ishqiga mehri cheksiz. Mavzuga aloqador tubandagi so`zonli satrlarni o`qiylik: Qani bilsa holimi bir mardi ishq, Ko`p chekibdurman azobi dardi ishq. Kim o`qusa ishqdin bir harf agar, Diydai jonga tilar ul gardi ishq. (80-b.) Ayon bo`ladiki, Saryomiy «ishq» deya biz tushungan oddiy sevgini emas, aksincha, ma`naviy, ya`ni keng ma`nodagi ishqni, yanada aniqrog`i, Haqqa – tangriga bo`lgan ishqni ko`zda tutadi. Saryomiy falsafasiga ko`ra ishqning haqiqiysi – Allohga muhabbat ekanini uning asarlari asoslaydi. Hech shubhasizki, pok, ilohiy ishq kuylangan g`azallarning lirik qahramonlari – Yor va Oshiq. Tasavvufda Yor – husni mutlaq, ya`ni Alloh, Oshiq - ilohiy ishq orqali Haqni axtaruvchi va Haqning visoliga erishuvdan to`la umidvor insoni komildir. Tasavvufning tub mohiyatini ochishda bu ikki obrazning mavqei va ular o`rtasidagi o`zaro munosabatning roli nihoyatda katta. Mumtoz she`riyatimizdagi oshiq obrazi an`anaviy obraz sanalsa ham, har bir ijodkorda o`ziga xos tarzda ifoda etiladi. Shuningdek, bu obraz bilan bog`liq holat va kayfiyatlar shoir g`azallarining asosini tashkil qilar ekan, Saryomiy bni o`ziga xos ko`rinishda namoyon qiladi. Shoirning lirik qahramoni chinakam oshiqlik da`vogari. Biroq oshiq faqat da`vo qilibgina qolmaydi. Aksincha, haqiqiy ishqqa erishish yo`lida shamdek kuyib, parvonavor o`rtanmoqlikka intiladi: Har tun chu sham yondim izhori hol etarg`a, Bir shohidi murodim yalg`uz duchor topmay. Ul mulki husn shohi ko`yiga kecha bordum, Hasratda zor yondim, ko`rmakka bor topmay. (134-b.) Yoki: Shami ruxsorina tmaklik tilarsan, ey ko`ngul, Shart bukim, avvalo, jonu diling parvona qil. (85-b.) Tasavvufiy she`riyatda «shamdek yonmoq», «parvonavor o`rtanmoq» kabi tushunchalar mavjud bo`lib, tasavvuf ilmining sir-sinoatlarini chuqur bilgan Navoiy ishqiy mavzuni har tmonlama keng yoritgan falsafiy badiiy dostoni «Lison ut-tayr»da uning chiroyli tavsifini bergan. Asardagi «Parvonalar majmai shami haqiqiy sharhida» sarlavhali qismida parvonalar to`dasi haqiqiy sham, ya`ni Alloh vasliga vosil bo`lishdek ezgu maqsad yo`lida birin-ketin sham huzuriga qilgan parvozlari haqida yoziladi. SHe`r xosiyatini olamga yoish uchun juda qattiq urinadilar, ammo sham shul`asini sharhlashga ojizlik qiladilar. Chunki bu yo`lni bosib o`tmasdan uni tub mohiyatini anglay olmaydi, qalbi parvonadek olovda o`rtanmay turib haqiqiy sham vasli mohiyatiga yetib bo`lmaydi. Demak, «shami ruxsoriga», ya`ni Haq taolo vasliga «yetmaklik» uchun «jonu dilingni parvona qilmoqlik», ya`ni butkul fidoyi oshiq bo`lmoqlik darkor ekan. Ko`rinadiki, Saryomiyning ishqqa, oshiqlikka falsafiy munosabati, qat`iy va barqaror nuqtai nazari Navoiy dunyoqarashiga mos keladi. Shoir g`azaliyotidan shunday haqiqat ayon bo`ladiki, shoir ruboiylarining lirik qahramoni ruhiyatida bu o`tkinchi dunyoning huzur-halovatidan voz kechib, shamdek kuyib, parvonadek o`rtanib Tangri jamoliga talpinish tamoyili kuchli. Yusuf Saryomiy ijodida an`anaviy may obrazi ham uchraydi. N.Komilov may va mayparastlikni «visol behudligi, hayot, tabiat zeboligi hamda aql va tafakkur yetmaydigan, ammo ko`ngil bilan his etiladigan Mutlaq ruh mo`jizoti jilvasidan bahramandlik va shunga talpinish sarxushligidir» deya ta`riflaydi. Shu kabi shoirning tasavvufona ruhda yozilgan g`azallarida «may», «mayxona», «soqiy», «sog`ar», «xum», «qadah» kabi kinoya-timsollar, ramziy ma`noli so`zlar uchraydiki, sirtdan qaraganda shoir she`riyati mayni ulug`lovchi, mayxo`rlikni targ`ib qiluvchi bir she`riyatdek tuyuladi. Zotan, ular zohiran shunday bo`lsa-da, botinan falsafiy-tasavvufiy qarashlar silsilasiga borib bog`lanadi: Soqiyo, tut dam-badam sog`ar manga maydin to`lo, Rahm qil boshimg`adur hushyorlig` qattiq balo, Boladek hech bo`lmag`ay davron g`amini daf`iga, Bo`lmasa behudlug`um o`ldurgusi ranji ano. (1-2-b.) Bu baytlar zaminida qanday g`oya yotibdi? Shoir ichimlik mayga shunchalik shaydomi? Yo`q, aslo. Saryomiy zikr etgan may, Allohga sig`ingan, uning amallariga bo`ysungan taqvodor va pokdomon kishining muhabbatidir. Yuqoridagi g`azalda ifodalanayotgan mayni shoir ilohiy ishq - ma`rifat ishtiyoqining yuqori pallasi, oshiq dilida paydo bo`lgan kuchli zavqu sururning ramziy ifodachisi sifatida tasvirlamoqda. G`azalda oshiq (yoki tolib) «irfoniy huzur timsoli» bo`lgan bu nur chashmasidan huzurlanadi. Alhosil, baytning mazmuni quyidagicha: «...fayziyot, ma`rifat bulog`idan menga to`ldirib quyginki, meni hushyor etsin, g`amlarimni olib ketsin». Tasavvuf she`riyatidagi «may» timsolida «may», «sharob», «boda»ga tashnalik ko`pincha ana shu nurga tashnalik mazmuniga teng keladi. Shoirning oshiq qahramoni ham ana shu nur sari talpinadi, «ma`rifat mayi»dan qonib ichishni ixtiyor qiladi. Va ko`ngil o`zligini unutadigan, vujud yo`qoladigan, fano bo`ladigan maskan istaydi, hikmat va donish sharobidan ichib «boda» ziyosi hamda «qadah» vositasida u vujudi mutloq diydoriga yetishuvdan umidvordir: Boda sunsa mug`bacha o`psam oyog`in jon bilan Aylasam bir g`amzasiga yo`qu borimni fido. Istaram bu dayr aro bir jom vahdat xumidan, O`zlugum bunyodini yiqsa yetib faqru fano. Soqiy tasavvuf adabiyotida ma`rifat mayining tarqatuvchisi timsolida qo`llaniladi. Soqiy barcha mavjudotga fayoz beruvchi, sarxushlik ulashuvchi manba ekan, ular oriflar qalbini ma`mur aylaydi. Saryomiy g`azallarining birida: Soqiyo axmar qadahda tut manga bayzo sharob, Mardi afgan nash`asi otash kabi a`lo sharob deydi. Zero, bu sharobning qatrasi iymonsizga iymon bersa, bir qadahi bilan inson haqiqiy oshiqqa aylanadi. Tasavvufiy she`riyatda poetik obraz darajasiga ko`tarilgan «fano» tushunchasi bordirki, u o`zining murakkabligi bilan ajralib turadi. Ayrim mutasavvuflar fikricha, «fano»da Orif o`z ma`rifat moyasiga tamoman bog`lanib ketadi, o`zligini yo`qotadi, ilohiy sifatlarni o`zida mujassamlashtiradi. «Fano» mohiyatiga ko`ra «faqr»ning davomidir. Lekin gap shundaki, inson tabiiy ravishda jismoniy o`limdan ustun kelishni o`ylaydi. Bu hol insonning tabiatidan kelib chiqadi. «Fano»ning mohiyati esa jisman mahv bo`lishdir va ruhan yor (Alloh) visoli bilan qovushmoqdir. Shuning uchun ham Muhammad G`azzoliy «fano»da «orif» moddiy olamni idrok etish qobiliyatidan ajralib haqiqat olamini idrok qilishga erishadi. Tasavvuf ilmining sir-sinoatidan yaxshigina xabardor bo`lgan Yusuf Saryomiy fanoga erishish - baqo yo`lidagi mukammallik darajasi ekanligini qalbdan his etadi. Shoir «fano» hamda «foniy»likka erishishning murakkabliklarini tasvir ekan, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Rumiy, Bahouddin Naqshbandlarni (Saryomiy ularni Haqqa erishgan mo`tabar zotlar deb biladi). «Ilohiy ishq» kuychilari sifatida nomma-nom sanab bular orqali «fano» so`fiylarning hol-ahvoli bilan bog`liq bosqichlardan ekanligini ta`kidlaydi. Mahzani asrori haq, ya`ni Jaloliddini Rum, Aylabon kasbi fano payvand qildi tori ishq. Hojai Mir Bahouddini shohi Naqshband, Yurdilar ko`yi muhabbatda qalandarvori ishq. Kechturub faqru fano ganjida charxi ro`zgor, Hoyi xuviyatda chun sargashtai purkori ishq. Yuqoridagi purma`no baytlar zamirida ham umrni behuda sovurmaslikka, Ilohiy jamolga yetishish yo`lidagi mashaqqatli sinovlarga bardosh berishga da`vat bor. Ilohiy ishqni kuylab faqru fanoni targ`ib qiluvchi mazkur manzuma insonda komillik va oriflik fazilatlarini tarbiyalash yo`lida xizmat qiladi. Fanoga oid talqinlarni yanada ko`plab keltirish mumkin. Lekin yuqorida keltirilgan dalillarimiz ham ma`lum tasavvur bera oladi. Ko`rinadiki, Saryomiy ilohiy ishqni kuylab zoti mutlaqni madh etib yashamoq va o`lmoqni har tomonlama chuqur anglab yetishni ma`qul biladi. Shoir ana shunday islomiy va tasavvufiy qarashlarni bayon etish bilan birga dunyoviy lirikaning ham o`ziga xos namunalarini yaratadi. Saryomiy ilohiy ishqni kuylar ekan, hech qachon insonning insonga bo`lgan ishqini rad etmaydi. Muhabbatning inson taqdiridagi ayricha ahamiyatini ulug`laydi. Visol ayyomiyu, sadoqat sururini, hijron azobiyu vafosizlik og`riqlarini yurak-yurakdan his qiladi: Ey, guli bog`i malohat, san saqin ag`yordin, Bulbuli nozik adog`a yor bo`lmas zog` hech. Bormukin Yusufg`a ey jonon, visoling bazmida San bilan mast o`lturub mastona turmoq chog` hech. (32-33-b.) Deya yor vasliga vosil bo`lmoqlik onlariga yetmoqlikka ishonch bilan umid qiladi. Biroq, o`z ma`shuqasining kelmay qolishidan cho`chiydi, firoq dardida o`rtanadi: Devona xotirimg`a juz yodi yor kelmas, Bir yo`l so`rarg`a holim, na o`ldi, yor kelmas. Qon bo`ldi ko`zda ashkim shabi visoli, Gulgunuzor mohro`, ruh lolazor kelmas. (68-b.) Shoir she`rlarida qahramonlarning tabiiy hissi va kechinmalarini ochishga alohida ahamiyat beradi. Ayniqsa, mahbubaning husni jamolini ta`riflash, uni ko`z-ko`z qilish, bu go`zallikdan maroqlanish, unga maftun bo`lish kabi tuyg`ular ifodasiga jiddiy e`tibor qiladi: Chamanda sarvi qaddingdek latif emas shamshod, Yuzing guli kabi rizvon guli emas mumtoz. Yuzungni ravzada nasrin xayol aylasa kam, Latofatingni Eram bog`ida pari desam oz. (63-b.) Saryomiy so`z sohiri sifatida bu go`zallik tuyg`ularini nozik va chiroyli ifodalar ekan, go`zallik bilan barcha narsaning eng mayda tafsilotlarini latofat va nazokat bilan berilishiga qaratiladi: Kecha tebrandi sabodin, ey sumanbar, kokuling, Gul yuzing atrofida chun sunbuli tar kokuling. Bir taraf toroji dilga saf chekib mujgonlaring, Bir tarafdin dasta-dasta chekti lashkar kokuling. (83-.) Yoki: YO muqavvas qoshi ul, mushkin hilol ikki iyd, YO ikki uryon qilichlar, el ani qurbonidur. (54-b.) Shoir har ikkala misolda ham yorning husni tarovatini chiroyli o`xshatishlarda tasvirlar ekan, ular bir-birini takrorlamaydi. SHe`riyatning nozik jihati shundaki, shoir o`z tasvirlagan obyektining o`quvchida qanday zavq uyg`otishi va ta`sir qilishini nazarda tutishi lozim. Saryomiy bu borada ham mohirligini ko`rsatadi: Ul sarvi qaddi nozni ko`rganlar aytur ofarin, Shamshod yuza tahsin qilib bo`stonlar aytur ofarin. Ul zulfi mushkin torig`a chun nofai totorig`a, Sunbul o`zga chirmashib rayhonlar aytur ofarin. (105-b.) Quyidagi misralarga e`tibor bering: Sarvi qomatchagina, bachchag`ina, sozg`ina, Guljabin sho`xg`ina, mahvash, tannozg`ina, Lab shirinchasidin bizga tabassumcha qilib, Qo`l solib bo`ynig`inamg`a qiladur nozg`ina. (123-b.) Avvalo g`azal o`zining jo`shqinlig, ravon va o`ynoqiligi xalq qo`shiqlari singari sodda va samimiyligi bilan boshqalardan alohida ajraladi. Oshiq o`z ma`shuqasi tashqi go`zalligini misralar davomida «nuqtacha hollari» «qoshining yoychalari», «mushking`inasi», «la`lichasi» kabi so`zlar bilan erkalatib tasvirlashi o`quvchiga tez ta`sir qiladi, unga boshqacha badiiy zavq beradi. Oshiq ma`shuqaning go`zalligini xilma-xil tasvirlarda ochib beradi. Biroq butun vujudi bilan yor vasliga intiluvchi oshiq javobsiz muhabbatdan, hijron azobidan o`rtanadi. Shoir muxammaslarining birida bu holatni shunday tasvirlaydi: Kuydurdi jismu jonim vaslingni ishtiyoqi, O`ldurgudek nigoro xirmoningni siyoqi, Yo`ling boqib oqordi, sensiz ko`zim qaroqi, Yuz yil desam g`amimni qolgay hanuz boqi. Bo`lmas ekan firoqing sharhiga haddu g`oyat. Saryomiy g`azal, muxammas va tarjebandlarda ma`shuqaning malohatliligini, ayollik nazokati-yu nozu karashmalarini badiiy detallarda ochib beradiki, natijada kitobxon oshiqning mahbuba firoqida nechog`li o`rtanishiga, chekayotgan iztiroblariga ishonadi, xatto oshiq obrazi muhabbatni ardoqlovchi, hayotni sevuvchi, bu yo`lda kurashishga chaqiruvchi qahramonga aylanadi. Saryomiy insonning go`zalligi va ma`naviy ulug`ligini tabiat manzarasi go`zalliklari bilan bog`lab, uyg`unlashtirib yana bir manzara yaratadi: Bo`ldi bahor, vasli chaman topti zebu farr, Gul maqdamiga sochdi sahar shabnam guhar. Chun xati yor sabzai navxez subhidam, Bog`lab binafsha xizmati gulshan uchun kamar. (56-b.) Adabiyotshunos olim S.Rafiddinov ta`kidlaganidek: «Tabiat manzaralari tasvirini chizish, ulardan poetik obraz sifatida foydalanish sifatida badiiy lavhalar yaratish deyarli butun dunyo shoirlari ijodi uchun xosdir». Shoir Saryomiy ham tabiatni sevadi. Ayniqsa, bahor faslidan zavq oladi. Bahorning kirib kelishini «toza hayot» boshlanishi deb biladi: Suyun, ey dil, yana yetushti bahor, Lutfi haqdin xazoyini asror. Yana esti nasoyimi sahari, Yana yetti shamim mushki totor. Saryomiy lirikada inson va tabiat go`zalligi bilan bog`liq hilol, quyosh, tong, bahor, gul, bulbul, andalib, rayhon kabilardan poetik obraz sifatida juda ko`p foydalanadi. Shoirning mohir so`z san`atkorligi uning «Ey guli navras tutibdur bo`stonni shuhrating» deb boshlanuvchi muxammasida ham ko`rinadi. Muxammasda shoir insonning tashqi hamda ichki go`zalligini, tabiat va undagi narsalarning chiroyi bilan muqoyasa qilib undan ustun qo`yadi hamda go`zal ma`shuqaning barcha sifatlarini samimiy ifodalaydi: Qaddu zulfing mubtalosi sarvdin sunbulg`acha, Mehri ruxsoringga shaydo lola birlan gulg`acha. Holu xattingni asiri Hinddin Qobulg`acha, Mahvi Miroti jamoling Rumu Istanbulg`acha. YO qilich qoshingdin olmish Isfahonni shuhrating. (82-b.) Yuqorida Saryomiy ijodida mavzular ko`lami kengligini ta`kidlagan edik. Darhaqiqat, shoir she`riyatda juda ko`p qo`llaniladigan do`stlik mavzusida ham qalam tebratgan. Doimo do`stlikni ulug`lagan, do`st sari talpingan. Shoir bu haqda shunday yozadi: Hajringda mani zoru xarob aylama, ey do`st, Bag`rimni firoqingda kabob aylama, ey do`st. Mirot yuzing oyinai diydalarimdin, Mahjur tutub ko`zni purob aylama, ey do`st. (24-b.) G`azal Saryomiy mumtoz adabiyot namoyondalarining ijodidan bebahra emasligini dalillaydi. Jumladan, Hofiz Xorazmiy, Atoyi she`riyatida insoniy tuyg`uni qadrlovchi «ey do`st» radifli g`azal o`z tajassumini topgan. ayon bo`ladiki, ulug` shoirlarmiz Saryomiy ijodiga ham barakali ta`sir qilganlar. Yusuf Saryomiy lirikasi mavzu rang-barangligi jihatidan serqirra bo`lib, janr e`tibori bilan ham yakrang emas. Shoir ijodida chindan ham o`ziga xos tanqidiy yo`nalish vujudga keldi. Satira shoir ijodining muhim bir uzviy qismi darajasiga ko`tarildi. Shoir dunyoqarashining yetukligi, g`oyalarning barkamolligi, ijodining xalqchilligi, hayotiyligi satirada ham namoyon bo`ldi. Saryomiy o`z davrining yaxshigina hajvgo`yi bo`lganligi haqida shohid Muhammad Solih Qoraxo`ja o`g`lining «Tarixi jadidai Toshkand» asariga Murodxo`ja Solihxo`ja o`g`li yozgan taqriz va ilovalarda shunday asosli fikrni uchratami: «Yusuf Saryomiy hajviy she`r ayturg`a tabi moyil edi, ko`b aytar erdi va so`nggi umrlarida bu hajviy she`rlarini tamom kuydirib yubordi». Shoir hajviy asarlarining ko`p qismi bizgacha yetib kelmagan, yo`q qilib yuborilgan. Mo`minjon Muhammadjono bu haqda xotiralarida shunday yozadi: «Shoirning (Saryomiyning – M.T) qirq yoshlarg`a borg`an bir yamoqchi o`g`li otasining alifbo tartibi bilan yiqqan qo`lyozma she`r-majmuasini olib chiqib bizga ko`rsatdi. Shoirning kulg`i (hajviy) she`rlari ko`b bo`lur edi. Bunda ul kulg`ilardan oz toptiq». Shunday bo`lsa-da, Saryomiyning bizgacha yetib kelgan va ma`lum bo`lgan hajviyotidan ayon bo`ladiki, shoir satiralari shoirning o`z ideali tushunchasi va intilishi bilan bog`liq real ahvol hayot voqea-hodisalari o`rtasidagi ziddiyat hamda nomuvofiqlikning mevasi badiiy ifodasi sifatida maydonga keladi. Saryomiy uchun jamiyat va hayotdagi butun salbiylik, illat va qoloqlik uning satirasi uchun material bo`lib xizmat qiladi va tanqidiy yo`nalish uchun shoirga birinchi navbatda turtki asos bo`ladi. Navoiy «Mahbub ul-qulub»da satira va yumor uchun asos bo`luvchi kulgili holatning yuzaga chiqishini juda chiroyli tahlil qilib beradi: «Fosiq bari millatda nodondur va pokravlar orasida nodonroq. Fisq bari tariyqda yomondur va polrsoliq libosida yomonroq. Ne elga yorsen o`zingni ul nav tuz, Nechukki borsen o`zungni andoq ko`rguz». Ayni fikrlar Navoiy satirik asarlarini anglashga yordam berajagini professor A.Abdug`afurov «Navoiy ijodida satira» kitobida o`rinli ko`rsatib bergan Anglashilishicha, Navoiy ta`biri bilan aytganda yomonlik, buzuqlik holatini tan olsa hamda yo`q xislatlarini da`vo qilmasa, ya`ni «pokravlar orasiga» kirmasa u kulgili emas. Faqat u yomon fosiq xolos. Ammo o`z mohiyatini yashirib go`zallik, yaxshilik niqobiga o`rasa kulgilidir. Saryomiy satirik shoir sifatida ana shunday kulgili hayotning o`zida obyektiv mavjud oddiy ko`zga ilinmagan yoki nazarga olinmagan narsa holatlarni, voqea-hodisalarni ham ko`radi, payqaydi. O`z asari tasviri uchun ulardan moslarini tanlab oladi. Bu jarayonda shoirning hayotni chuqur tafakkur etishi hamda haqiqiy, chinakam kulgini ziyraklik bilan his eta olish qobiliyati muhim rol o`ynaydi. Chunonchi, M.Mirxoldorovning xotirlashicha, bir amaldor o`zi haqida yaxshi fikr aytar degan umidda shoirdan unga atab she`r aytishni iltimos qiladi. Hozirjavob Saryomiy unga boshdan oyoq qarab chiqib, shu misralarni o`qiydi: Otingni yurishi chaqqon ekan, Molchilar yem bilan boqqon ekan. Gerdayib o`tirishingdan bildim Quymichingni egar qoqqon ekan. Saryomiy hajviyotlarini kuzatar ekanmiz, adabiyotimizning tarixiy sharoit bilan izohlanuvchi umumiy holatidan shoir satirasining qator o`ziga xos xususiyatlari yuzaga chiqadi. Shoir satiralari qanday shakllarda yuzaga chiqmasin, u adabiy turlarning biron bir janrida tugal maxsus asar sifatida yoki nosatirik asarlar jismida parcha, epizod yoki lavhalar tarzida ko`rinmasin, keskin satirik munosabat, ayblov va hukmning, asosan shu «men» tomonidan isbotsiz va tafsilotsiz qat`iy logik xulosalar tarzida o`quvchilarga yetkaza oladi. Bu esa Saryomiyning umumsatirasi uchun xos bo`lgan asosiy birinchi xususiyatdir. Saryomiy hajviyotining ikkinchi xususiyati, shoir hajviy asarlarining katta qismi konkret shaxslarning kirdikorlarini ochib berishga qaratilganligidadir. Shoir bu turkum asarlariga hajv obyekti qilib shaxsan o`zi bilgan, tanigan yoki o`zgalar orqali bilgan shaxslarni tanlagan. Masalan, o`z davrida Sayramda mingboshi darajasida bo`lgan Hasanjon Maxdum otda ketaturib, qani shoir bo`lsang menga bir nima de-chi?- deganda, shoir darhol: Ot yangi, to`qim yangi, yugan yangi, Qozilikni talashgan Hasanjon hangi deya javob qaytargan ekan. Tekinxo`rlik bilan kun kechirgan Nurxon eshonga qarab shunday misralarni bitgan: Butmay mozor makoni, Qulli fosiqlar koni, Bormi yo`qmi imoni Nurxon eshon Saryomi. Shoirning satirik misralaridan kinoya va inkor ruhi yaqqol seziladi, ya`ni voqea-hodisalarga, obyektga nisbatan muallifning batamom ters pozitsiyada turishi, ularni ayovsiz, keskin fosh etishi, ular mohiyatidagi qoloq, ojiz, kuligili tomonlarini oldingi o`ringa surishi, kinoya, kesatiq, qochirimlar orqali sharmanda etishi va oqibat natijada umumiy ruh va yo`nalishga to`la muvofiq holda obyekt ustidan uzil-kesil ayblovchi, qat`iy qoralovchi hukm chiqarishi kabi hollarda ko`rinadi. Saryomiyning butun ijodi markazida Inson turadi. Fozil, halol, odobli, axloqli, iymoni but, xushsuxan, har tomonlama yetuk, barkamol, chin Inson – Saryomiyning ideali edi. Shuningdek, inson, chin odamiylik va xalqparvarlik Saryomiyda yaxlit, yagona bir tushunchani tashkil etadi. Buni mavzumizga aloqasi shundaki, shoir satirasining ijodidagi umumtanqidiy yo`nalishning shakllanish nuqtasi, yuzaga chiqish manbai ham xalqparvarlik tushunchasidir. Ana shu tanqidiy yo`nalishning, satirik munosabatning ham o`lchovi Saryomiy ijodida odamiylik, xalqparvarlikdir. Shu o`lchov bilan axloq normalariga, dinu diyonatiga nazar tashlaydi. Insonlar ustidan hukm chiqaradi. Xuddi shu yo`lda turib barkamol inson, chin odamiylik, haqiqiy xalqparvarlik manfaatlariga zid bo`lgan barcha narsalarni – davrning eng muhim ijtimoiy masalalaridan tortib, individiumidagi juz`iy salbiy belgilargacha ayovsiz fosh etadi, inkor qiladi: Yurtimizning boyi Abdulrasulboy, Shuncha puli bilan birinchi gadoy. Kiygan poyafzali o`ziga hamsola, Bir poyafzal bilan oqardi mo`ysara. Tortgan nonlari tunikaviy temir, Mullalar og`zingga olib qursillatib kemir. Shoir yumor yo`lida yozgan ushbu misralarida xasislikdanom chiqargan Abdulrasulboyning ustidan kuladi. Xasisligi shu darajadaki, kiygan oyoq kiyimi sochi oqarguncha yetadi, yegan noni temirday qattiqki, temir biror narsaga tekkanda qanday ovoz chiqarib taqillasa, Abdulrasulboyning qotgan nonlari ham mullalar og`zida shunday qirsillaydi. Saryomiyning badiiy mahorati satira ostiga olingan obyektning bosh xususiyatlarini va ichki dunyosini ochishda yaqqol ko`rinadi, bu esa tanqidning ishonchli va asosli bo`lishiga e`tibor berganligini ko`rsatadi. Shoir xasis ochko`z shaxslarni fosh etish mavzusini ishlashda, albatta, ustoz Navoiyga ergashadi. Bu borada A.Abdug`afurovning anglatishicha, «Navoiy nihoyatda ustalik bilan xasis xarakterini chizadi, uning ichki dunyosini, xasislikning tub mohiyatini poyama poya yuzaga chiqaradi». Ushbu holatga yaqin talqinni Saryomiyda ham uchratamiz. Shoir xasislar obrazini yaratishda ularning ruhiy holatini, maqsadini mohirlik bilan chizib shu orqali ularning pastkash va qoloqligini ochiq-oydin ochib tashlaydi. Saryomiy satiralarida kishilar tabiati va faoliyatidagi badaxloqlik, yovuzlik, buzuqlik, xudbinlik kabi nuqsonlarga nisbatan o`quvchilarning nafratli munosabati shakllantiriladi, ularning bu illatdan qutulish zarurligiga da`vat qilinadi. U o`zining ayovsiz tanqidi, kuchli satirasidan real va naqd natijalar kutdi. Yomonlik, axloqsizlik illatning shular vositasida yaxshilanishini beshubha deb bildi. Shoir shaxslar faoliyati va xarakteridagi jiddiy nuqsonlar to`g`risida lo`nda, siqiq misralarda aniq salbiy munosabatini ravshan ifodalaydi. Shoir tasvir obyektiga nisbatan o`zining satirik munosabatini deyarli hech bir izohsiz va tafsilotsiz tayyor xulosalar, tugal shakllangan, uzil-kesil hukmlar, o`zgarmas baholar tarzida bayon etadi, natijada bu munosabat isbot talab qilmaydigan mutloq haqiqat xarakterini oladi. Saryomiy ijodida satirik ruhdagi muxammaslar ham uchraydi. yusuf Saryomiy Navoiyning mashhur «Shayx» radifli g`azaliga muxammas bog`laydiki, bunda shoir ayrim shaxslarning kirdikorlarini, riyokor va munofiqligini fosh etishda Navoiyga yaqin turadi, ular faoliyatini qoralaydi. Muxammasning boshidan oxirigacha shayxlar, voizlar haqidagi satirik Navoiy g`azalining ruhi aniq sezilib turadi. Professor A.Abdug`afurov to`g`ri ta`kidlaganidek, «Navoiy uchun har doim reaksion shayox – bu avvalo munofiq ikkiyuzlama, ablah, buzuq, jirkanch, badaxloq bir shaxs; uning butun faoliyati aldov, makr-hiyla asosiga qurilgan; u – insoniy xislatlardan batamom mahrum ochko`z, shuhratparast». Navoiy shayxlarni shunday tushunadi va ular faoliyatidagi nuqsonlarni ayovsiz tanqid qiladi. Saryomiy muxammasida ham shayx tabiatiga nisbatan berilayotgan fosh etuvchi, qoralovchi tavsif juda go`zal misralarda aks etgan: Honaqahda halqai zikr ichra g`avg`o qildi shayx, Ahli dillar naqdi avqotini yag`mo qildi shayx. Ul biri – dom erdi, bu bir dona el saydi uchun, Har qachonkim azmi tasbehu musallo qildi shayx. Navoiyning shayxlar haqidagi satirik g`azallari adabiyotimizda shu ruh, shu mazmun va ko`pincha shu radif - qofiyalarda katta bir siklning yuzaga kelishiga jiddiy turtki bo`ldi. Shoir Miriyning: Honaqoh ichra kirib har necha g`avg`o qildi shayx Soddadil bechoralarni usru rasvo qildi shayx. Avaz O`tarning: Ichib tinmayin dayr aro boda shayx, May uchun qilur ruhni sajjoda shayx. Bayti bilan boshlanadigan satiralari Navoiy g`azalining bevosita ta`sirida dunyoga kelgan. Darhaqiqat, professor A.Abdug`afurov qayd etganidek, satirik asarlari birinchi navbatda shayxlar haqidagi XIX asr ikkinchi yarmida keng tarqaldi va shuhrat qozondi. Saryomiy tomonidan «soda shayx» g`azaliga muxammas bog`lanishi buning yorqin dalilidir. Shoir tanqid ostiga olgan shayxlarning salbiy xislatlarini topib ularni fosh etar ekan, bu yo`lda navoiyyona misralar yaratishga harakat qiladi: Qilur zohiri kori bori savob, Nihoni urar nuql birlan sharob. Vali suratu, lek botin xarob, May ustidagi xascha qilmang hisob. Agar suv uza solsa sajjoda shayx. (35-b.) Mazkur baytlar Navoiyning riyokor shayxlarga berilgan salbiy baholariga mos tushadi, shoirning tanqid qilinayotgan obyektga nisbatan qanday munosabatda ekanligi seziladi. Ayni zamonda Saryomiy Navoiy boshlagan tanqidni kuchaytiradi. Shoir shayxning tashqi qiyofasiga uning ichki dunyosini qarama-qarshi qo`yadi. Tashqaridan o`zini qanchalik chiroyli qilib ko`rsatmasin, uning ichki dunyosi botqoqqa bulg`anganligi «lek botin xarob» deya alohida ta`kidlaydi. Shunday ekan, u qanday karomatlar ko`rsatmasin, xatto oqayotgan suv ustida sajjoda yozib namoz ijro qila olsa ham «may ustidagi xascha»ga hisob qilinmasligini uqtiradi. Saryomiy shayxlarning qalbakiligini, turli hiylalar bilan o`z iflos basharalarini yashirishga urinishlarini oddiy kishilarni shayton, dev, iblislar to`g`risidagi safsatalari bilan qo`rqitib yo`ldan urishlarini qisqa satrlarda nihoyatda ravon va badiiy ifoda etadi: Ibodat etar: muddao- zaru sin, Qilur zarqi tomot bevahmu bim. Urar elni yo`ldin chu devi rajim, G`azabda – sabu shahvat ichra bahim. Agarchi erur odamizoda shayx. Bizningcha, ko`rib turganimizdek, Saryomiyning Navoiyga har tomonlama murojaat qilishi, radif, mazmun, xatto misra va baytlarni qabul qilishi tasodifiy emas. Professor A.Abdug`afurov «Saryomiy Navoiy ta`sirida shayxlarning qora ishlarini kuchli tanqid qilish, ularning riyokorliklarini xalq oldida fosh etib tashlash, ishiga katta ahamiyat berganligini» alohida qayd etadi hamda «Saryomiy Navoiyning «Soda shayx» g`azaliga o`tgan to`rt yuz yil mobaynida muxammas bog`lagan yagona shoirdir», deya unga yuqori baho beradi. Tahlil etilgan satira munosabati bilan shoir hajviyotiga xos bo`lgan to`rtinchi xususiyat, ya`ni satiralarining yuksak axloqiylik bilan yo`g`irilganligi ma`lum bo`ladi. Saryomiy o`zining hajviy asarlarida yuqori tabaqa vakillarining riyokorlikolarini katta mahorat bilan fosh qilar ekan, shoirning bu jihatdan «SHo`ring qursin!» satira tanlangan mavzuning dolzarbligi, haqqoniyligi bilan nafaqat o`z ijodiyotida balki o`sha davr she`riyatida ham ajralib turadi. Saryomiy bu asarida kichkina bir fojeaviy lavha vositasida «zamon zo`rniki» ekanligini jamiyatda haqiqat, adolat yo`qligini sodda, ammo realistik satrlarda bayon qilib isbotlab beradi. ushbu satirada konkret shaxs Said Ahmadning «hoji» bo`lmoqlik yo`lida qilgan riyokorliklari ochib tashlanadi va shoir jasorat bilan: Fig`on bu hol nechuk oshno, sho`ring qursun! Ki, hosil o`lmadi bu muddao, sho`ring qursin! Deya boshlab o`quvchini to`g`ridan to`g`ri voqea ichiga olib kiradi. Shoir chalasavod Said Ahmadning o`zini mulla ko`rsatib, xalqni talab, sudxo`rlik bilan pul to`plab Ka`baga bormoqchi bo`lganini achchiq istehzo bilan shunday tasvirlaydi: Borarg`a niyati haj deb kezib tomon qozoq, Niyoz uchun olibon ba`zidin sigir-buzoq. Ki berdi ba`zi yag`ir baytalu, qo`tir bo`zloq, Chu qoq arqon ila ba`zi berdi echku uloq. Chu qo`yi-qo`zi talab doimo sho`ring qursun! (6-b.) Saryomiy achchiq, ammo haqqoniy misralarda fosh etgan haj safari deb «mol ila pul» yiqqan, «hamisha nazr olurg`a shay» hojining «murodi hosil o`ladi», «ul kuni tavofi haramg`a» yetishadi, «muyassar o`ldi anga aylamaklik chiqib Arofat» deb yozadi shoir u haqda, biroq u chin ma`nodagi haqiqiy hoji emas, uning shariat hukmi yuzasidan o`qigan va`zlari bari yolg`on, ko`r-ko`rona. Shoir satirik qahramonimizga astoydil achinadi: Chun ravzai hasratda necha kun turding, Ul ostoni sharifg`a qaro yuzing surding, Durri saodatga yig`lab necha boshing surding Nigori ofatingga dur istab o`lturding. Duong erdi qabulsiz rijo – sho`ring qursin! Saryomiy Makkaga «haj» qilib kelgan hojining butun yaramas tomonlarini fosh qiladiki, bunday qabihlik progressiv shoirlar tomonidan hamma vaqt keskin tanqid ostiga olib kelingan. Masalan, Alisher Navoiy «Majolis un-nafois»ning uchinchi majlisida Mavlono Xurramiy nomli bir zot haqida gapirib, uning bir necha marta Makka va Madinaga borganini ammo «bu safarlardan kelgandin so`ngra borgandin burunroqdin bexabarroq va badaf`olroq» bo`lib kelganini qayd qiladi. Xuddi shu ma`noda Saryomiyning zolim, badfe`l, badaxloq, aldamchi, firibgar Sayyid Ahmad obrazini yaratishda Navoiyning ta`sirini qayd etamiz: Zakiy Sayyid Ahmadki, Hoja hoji laqab, Ajab qarilig`ida topti yori shakar lab. Mudom qanday odam, firib o`lub matlab, Asiri zulfi mahliqo, sho`ring qursun! Satirik obyekt Sayyid Ahmadni to`g`ridan-to`g`ri haqoratlash, tahqirlash, mazax qilish sohasida ham Navoiy uslubini, Navoiy sifatlashlari va taqqoslashlarining bevosita ta`siri bor. fosh etilayotgan obyektga navoiyvor munosabatda bo`lish, Navoiy kabi xulosalarga kelish ham ta`sirning bir ko`rinishi, Navoiy bilan hamfikrlilikning bir ifodasidir. Shoir o`z asarlarida dinga ko`r-ko`rona munosabatda bo`lganlarni hamda Islom dinining farzlaridan biri bo`lgan haj qilmoqlik bahonasida o`zining manfaati yo`lida nafsi uchun har qanday razilliklardan qaytmagan «soxta hojilar»ni dadil qoralaydi: Qachon bilur sharafi Ka`ba g`uli odamro`, Durul fayzi muhalli, ijobati davot. Tavofu sa`yi safoni na erkanin bilmas, Ki zabhi Muzdalifa ramyi niyati Jamarot. (37-b.) Ushbu purma`no baytlarning mazmunidan ham ko`rinib turibdiki, o`zi odam yuzli bo`lib, unda ilm bo`lmasa, u hajning fayzini qanday his qilsin?! Qachon duo bo`lish paytlarini bilmay turib, tavofni, sayi safoni bilmasdan Muzdalifada «zabh» qurbonlik qilishni qayoqdan bilsin? «Jamarot niyatin»- Arofat tog`ida tosh otish niyatini bilmasdan turib, qilingan hajning nechog`lik fayzu zavqidan qanday bahra olsin?! Shoir shariatga muvofiq amal qilmay qilingan hajni «bu qanday toat» deb achinadi va bunday aqlsiz, beor, beandisha, badaxloq shaxslarni haqli ravishda eshakka taqqoslaydi va tenglashtiradi: Chu bo`lsa mas`aladin bexabar na sud anga, Bahukmi shar` amal qilmasa nechuk toat. Eshak haramga agar borsa, yuz yo`la eshak, Nechuk bilur adabi tavfi say` ila arafot. Ko`rinadiki, Saryomiy satirik misralarida satirik o`xshatish va sifatlashlarni o`rinli qo`llaydi, bu esa bayonning go`zal, o`qimishli bo`lishini, tasvirning zavqli chiqishini ta`minlaydi, yanada boshqacha aytganda «zarifona bayon uslubini» yaratadi, ya`ni ular faqat yo`nalishinigina belgilamay, shaklga ham bevosita ta`sir etadi, obyekt zaminidagi kulgining yuzaga chiqishishiga sabab bo`ladi, asarni xalqqa yaqinlashtiradi. Shoir achchiq, ammo haqqoniy misralarda sharoiat yuzasidan va`z aytib, o`ziga bino qo`yib uyalmasdan o`zini el ichida baland tutgan hirs havoli, amallari noqis «hojilar» ustidan shunday kuladi: Bu rang bir necha nodon qilib tavobi haram, Bino qilur o`ziga aylamay xudodin uyot. Kelib el ichra o`zin barchadin baland tutar, Havou hirs bu nokas amal bilan hayhot. Bu parchada yumoristik tasvir, kulgi ham ravshan yuzaga chiqqan. Muallifning ochiq masxara qilishi, obyektning batamom «noqis amallarini» kalaka qilishi, unga mensimasdan munosabatda bo`lishi aniq sezilmoqda. ko`rib o`tganimizdek, Saryomiy lirik qahramonidagi o`z e`tiqodi ustidan shaxsiy manfaatini ustun qo`yuvchilarga, turmushdagi adolatsizliklarga norozilik bildirish kayfiyati, uni ma`lum tarixiy vaziyatda, shu kamchiliklarni tanqid qiluvchi satirik qahramonga aylantirdi. Shuningdek, shoirning lirik qahramoni va satirik qahramoni bir-biri bilan uzviy ravishda bog`langan va biri ikkinchisini to`ldiradiki, bu Saryomiy poetik mahoratining yana bir qirrasini yuzaga chiqaradi. Saryomiy hajviyoti o`zining keng qamrovliligi bilan ma`lum mazmunga va ilmiy asosga ko`ra ikki qismga – satira va yumorga bo`lib o`rganish imkoniyatini beradi. «Satira turmush illatlarini o`tkir tanqid orqali yo`qotishni maqsad qilib qo`ysa, yumor hayotdagi juz`iy ayrim kamchiliklar ustidan kuladi va ularni tuzatishni ko`zda tutadi. Shu ma`noda yumor oddiy kulgi emas, mazmundor kulgidir. Bularning har ikkovi zaminida ham kulgi, tanqid yotadi. Faqat biri qahrli, g`azabli, ikkinchisi esa hazil, mutoibali kulgidir» deb yozadi bu davr adabiyotining e`tiborli tadqiqotchisi marhum professor G`.Karimov. Ham satira, ham yumor ustasi bo`lgan Saryomiy echki mavzusida maxsus yumoristik asarini yaratdiki, muxammas shaklida yozilgan bu she`r «Dar marsiyai echku Yusuf Saryomiy» deb nomlanib, 20 band – yuz satrni tashkil qiladi. Shoir bu mavzuda o`ziga xos originallikka erishadi. Mavzuning turli tomonlarini ustalik bilan ochib. Xarob, ozg`in, «arzon-garov» sotib olingan echkining «nozi sitam» bilan «o`tloqu qo`ylar aro hukmi ravon yurishi», biroq «nozik»ligi tufayli qish kunlarining birida sovuqqa dosh berolmay bola tashlagani va o`limini masxaraomuz ko`rsatib beradi: Man dedim urdi sovuq , munga beringlar atala, Onchunon qotgan eding kecha yegandek ko`chala. Necha yolbordi hama: dorudur ich yoki yala! Tashlading anda mushukdin kattaroq qora bola, Dam-badam ko`p kuchanib rangi yomon echkiginam. Shoir o`zining ushbu yumorida konkret real echkm haqida so`zlab, ozgina sovuqdan ham nozik tanasi titrab, soqoli muzlagan, «qaddi kamon» bo`lgan echkining ayanchli ahvolidan kuladi. Hatto bechora echkining terisiga ham bozorda hech kim olmaydi, undan «qarg`ayu itlar»gina rohat qilishi mumkin: Yeb ketar nasyaga olishti eting qarg`au it, Demadi hech birisi narxini oz, bizga kamit. Oldilar o`rtag`a, bir damda qilishti titu pit, Ustixoningda eting qolmadi miqdori chigit, Qarg`au itga eting rohati jon, echkiginam. Ijodkorning bu misralari zaminidagi kulgi ostida jiddiy va salmoqdor mazmun yotadi. Qarovsiz, boquvsiz qolib xarob bo`lgan echki timsolida o`sha davrdagi mustamlakachilik zulmi ostida qashshoqlashgan hayot hamda xalqning og`ir turmushini ko`ramiz. Saryomiyning «Echkiginam» yumori beixtiyor demokratik adabiyot namoyandalari Muqimiy, Kamiy, Yoriy, Maxmurlarning ot haqidagi she`rlarini eslatadi. Ot yumorlarida Muqimiy «bedani chaynab yutishga darmoni qolmagan», Kamiy «bedavo illatga uchragan dardinok», shoir Yoriy esa «boshdin oyog`i» yara bo`lgan otni, Maxmur «ham harish, ham xarob, ham badnom, ikki ming ayb angadur mudom» otlar ustidan kulish orqali o`z davri hayotining ayanchli tomonlarini ko`rsatib beradi. YA`ni, xarob, ozg`in, qarovsiz qolgan otning turli-tuman qiliqlarini, kirdikorlarini masxaraomuz ko`rsatib berish zamondosh shoirlar o`rtasida kulgi yaratish musobaqasiga aylanadi. Chunonchi, Maxmur yumorining ba`zi xarakterli misralari: Suv ham ichsa tamog`iga tiqilur, Pashsha gar qo`nsa yoliga, yiqilur. Ko`zlaridur yuqoriyu bosh quyi, Olami vahmidur makoni – uyi. Tumshug`i yerga yakka qozuqdur, YAg`iri qarg`alarga ozuqdur. Maxmurdagi bu ajoyib yumor bilan Muqimiy muxammasi o`rtasida o`xshash nuqtalar bor. YA`ni: Bad qovoq, suvrat sovuq, rangida ko`rkim qoni yo`q, Bedani chaynab yutarg`a tish bila darmoni yo`q. Har qadamda qoqilur jismida log`ar joni yo`q, Mingan odam bo`lmasa majruh to imkoni yo`q, Go`yiyo qayrarg`a tig`i beniyom o`lsun bu ot. Muqimiyning toshkentlik do`sti Karimbek Kamiy ham Muqimiyning «O`lsun bu ot» radifli muxammasiga javob tarzida «Muxammas dar mazammati aspi mavlono Ruh» deb nomlangan muxammasini yaratadi. Muxammas shunday boshlanadi: Siynasi tig`i sitam-la chok-chok o`lsun oting, Bedavo illatga uchrab dardnok o`lsun oting. Ustuxoni yonchilibon mayda xok o`lsun oting, Tu`ma qilsun qurtu qush go`shtini pok o`lsun oting. Menga yetkurdi izo xullas xalok o`lsun oting. Ot seriyasidagi yuqoridagi yumorlarga javob tarzida shoir Yoriy ham «Ot haqida hajv» sarlavhali yumoristik asar yozdi. Shoir otning holatini shunday tasvirlaydi: Otim samandi masxara, boshdin oyog`idur yara, Yemu alaf yo`qlig`idin joni yetibdur xanjara. Jamshidu Zahhok davrini ko`rgan samandi ko`hna sol, Ko`z daf`ig`a erkak qamishdin yoqti Yoriy qarqara. Ko`rinadiki, har bir shoir o`ziga xos uslubda, temaning turli tomonlarini ochib beradi. saryomiyning echki haqidagi, shoirlarning ot haqidagi bu yumorlari ramziy usulda tasvirlangan obyekt sifatida tanlangan emas, aksincha, Saryomiy va boshqa shoirlar o`z yumorlarida konkret echki, ot to`g`risida so`zlaydilar. Ularning jonivorlik xususiyati yo`qolgan, yaroqsiz, ayanchli holatga tushib qolganligidan kuladilar. Zero, bu kulgi negizida jiddiy va chuqur salmoqli mazmun bor. Qarovsizlikdan «qaddi kamon» bo`lgan echki yoki boquvsiz qolib xarob bo`lgan ot qashshoqlashgan hayot, talangan xalqning ayanchli turmushi timsolidir. Shoirlar ushbu yumorlari orqali o`sha davr hayoti uchun xarakterli bo`lgan mayda-chuydakamchiliklar ustidan kuladilar, masxara qiladilar. Bu yumorlar shoirlarimizning atrofni o`rab olgan muhitdagi salbiy hodisalarga nisbatan murosasiz ekanligini ko`rsatadi. Bu yumorlar ular yuragidan chiqqan sog`lom kulgi bo`lishligi uning ijobiy idealidan darak beradi. Xullas, Yusuf Saryomiy satira va yumorning go`zal namunalarini yaratdi. U satirik tasvir orqali salbiylikni inkor etuvchi, idealni, ijobiylikni tasdiqlovchi, uning manfaatini ko`zlovchi jangovor va nihoyatda izchil didaktika yaratadi. Saryomiy «bizning adabiyotda satiraning ilk ustozi Navoiy»ning (Oybek), Turdi, Maxmurlarning ilg`or an`analarini davom ettirdi. Shu bilan bir qatorda Muqimiy, Zavqiy, Kamiy kabi shoirlarga g`oya ham mavzu jihatdan ancha yaqinlashdi. Shoir mahoratiga xos adabiy-badiiy hodisa hisoblangan g`oya va poetik obrazlarni hamda hajviy asarlar tabiatini o`rganib, quyidagi xulosaga keldik: 1. Shoirning mahoratini tushunishda uning «borliq, jumladan, inson haqidagi fikrlarining falsafiy asoslari» birlamchi mohiyat kasb etadi. 2. Saryomiy she`riyatining g`oyaviy, falsafiy, axloqiy zamini – tasavvuf. G`azallarida majoziy ishq tasviri Haqiqiy ishqni anglash yo`lidagi bir vosita, ko`prik bo`lib, shoir she`riyatida aks etgan tasavvuf darajasini anglashga yordam beradi. 3. Shoir devonidagi g`azallarning aksariyati adibning naqshbandiya tariqatiga ixlos va e`tiqodi kuchli bo`lganligini tasdiqlovchi asosiy dalil bo`lib xizmat qiladi. 4. Yusuf Saryomiy g`azaliyotida ayrim poetik obrazlar – «may», «mayxona», «soqiy», «fano» majoziy ma`noda qo`llanilganidek tuyulsa-da, mohiyatan irfoniy mazmun kasb etadi, ko`p hollarda o`z ma`no va mohiyati hamda imkoniyatining yangiligi bilan o`quvchi diqqatini tortadi. 5. Saryomiyning lirik merosida dunyoviy (majoziy) ishq tarannumi ham o`ziga xos chizgilar bilan ko`rsatiladi va shoir bu borada ham mumtoz lirikaning o`lmas an`analariga sodiq qoladi. 6. Yusuf Saryomiy satirik asarlarida Navoiy hajviy asarlarida ustivor bo`lgan tamoyillarga amal qilgan holda, ularni ijodiy suratda davom ettirdi. Uning hajviyoti ijobiy idealning tasdig`i, salbiylikni inkor etuvchi eng go`zal nazm namunalaridir. 7. Saryomiy satirasida g`azal asosiy janr sifatida ko`zga tashlanish bilan birga, u ushbu janrning poetik imkoniyatlarini satirik yo`nalishda kengaytirdi va bu jihatdan o`z zamondoshlariga namuna bo`larlik satirik g`azallar yaratdi. 8. Shoir muxammaslarida ham uning satirik g`azallariga xos bo`lgan poetik xususiyatlar, jumladan, u Navoiy asos solgan satirik poetika maktabini davom ettirish bilan o`z taxmislarida davrning eng asosiy salbiy hodisalarini tanqid ostiga olib, bu janrga xos poetik imkoniyatlarni uslubiy rang-baranglik bilan boyitdi. 9. Saryomiy yumoristik asarlarida o`z zamonida urf bo`lgan poetik sikllarga she`riy javob berish bilan birga ayrim mavzular talqinida novator shoir sifatida e`tibor topdi. 10. Shoirning satirik va yumoristik asarlarida davrining bosh mavzulari aks etganini uning zamondoshlari, xususan, Murodxo`ja Solihxo`ja o`g`li «Tarixi jadidai Toshkand» asariga yozgan taqriz va ilovasida ham tasdiqlangan. Download 169.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling