4-masala. O’quv rejalari va dasturlari
O’quv rejasi deb, maktabda o’qitiladigan fanlar, ularni o’qitish uchun belgilangan o’quv soatlari va o’quv yili tuzilishini belgilab beruvchi davlat hujjatiga aytiladi.
O’quv rejasi xalq ta‘limi Vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Unga kiritilgan fanlarning hajmi, sinfi, soatlar miqdori, o’quvchilarning yoshi va bilim saviyasiga qarab belgilanadi.
O’quv dasturi deb, alohida olingan har bir fan uchun o’quv rejasi asosida tuziluvchi, o’quv fanini o’qitish jarayonida o’quvchilarga beriladigan bilimlar hajmi, tizimi, mafkuraviy yo’nalishini belgilab beruvchi davlat hujjatiga aytiladi. Dasturda muayyan o’quv yili va muayyan sinfda o’quvchi o’zlashtirishi zarur bo’lgan bilim, ko’nikma va malakalar doirasi qisqacha ifodalab beriladi. Ta‘bir joiz bo’lsa, o’quv dasturi o’qituvchi uchun ta‘lim jarayonida yo’l ko’rsatuvchi kompasdir.
O’quv dasturida har bir sinfda o’qitiladigan fanning mavzulariga doir sarhadlari qat‘iy belgilangan, ilmiy-falsafiy asoslangan, nazariy qoidalarni amaliyot bilan bog’lashga qaratilgan, tarixiylik, muntazam ketma-ketlik, kontsentrik (markazlashgan) qoidalariga amal qilingan bo’lishi lozim.
Darslik deb, muayyan fan yuzasidan o’quvchilarga beriladigan ilmiy bilim, ko’nikma, malakalarni o’zida mujassam etgan, o’quv rejasi va dasturiga, o’quvchilarning yoshi va fiziologik xususiyatlariga, didaktik talablarga muvofiq keluvchi o’quv quroliga aytiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |