Zahiriddin muhammad bobur nomidagi andijon davlat universiteti falsafa kafedrasi ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning ma
Imom Abu Hanifa An-No’’mon r.a. U zotning hayotidan lavha (80-150 h.)
Download 454.2 Kb.
|
ETKM majmua 2019-2020 (2)
Imom Abu Hanifa An-No’’mon r.a. U zotning hayotidan lavha (80-150 h.).
Nasabi: Abu Hanifa An-No’’mon ibn Sobit al-Forsiy Imom A’zam nomi bilan tanilgandir. Bobolari asli Qobil ahlidan bo’lib, diyorlari fath bo’lganda asir olinib, so’ngra ozod etilganlar. Abu Hanifa garchi asirlikdan ozod etilgan kishining avlodi bo’lsada, na uning o’zi va na otasi qullikda bo’lmagan. Balki, asli hur bo’lgan. Forsiy nisbatining berilishi asrlar osha u zotning sharaflariga sharaf qo’shdi xolos. Zero, sahobalardan so’ng islom diyorida uzoq vaqt ilm maydonining markazida turganlarning aksar qismi ham mavlolardan edi[1]. Qolaversa, Rasululloh s.a.v.ning aynan shular haqida aytgan bashoratlari ham o’z tasdig’ini topgan edi: “Agar ilm Surayyoda bo’lganida uni fors o’g’lonlaridan bo’lgan kishilar olib tushar edi”.[2] Tug’ilishi va vafoti: Abu Hanifa r.a. Ko’fada saksoninchi hijriy sanada tavallud topdi. Shu yerda o’sib ulg’aydi va hayotining aksar qismini shu shaharda ta’lim olib, ta’lim berib o’tkazdi. Otasi Sobit ham islom dinida tavallud topgan. Rivoyat qilinishicha, u kishi bolalik vaqtida otasi Zuto bilan Ali ibn Abu Tolib bilan uchrashgan. Shunda Ali r.a. uning o’zi va zurriyotlari haqiga baraka tilab duo qilgan. Abu Hanifa sof islomiy oilada ulg’aydi. Hayotini tijoratchilik bilan boshladi. So’ngra o’z zamonasining faqihi Ash-Sha’biy undagi zakovat va fikrlash qobiliyati kuchliligini ko’rgach, tijoratni tashlamagan holda ulamolarning suhbatida hozir bo’lib turishlikni tavsiya qildi. Shundan so’ng u tijorat bilan shug’ullanish bilan bir paytda ilm olishga kirishdi. Ilm talab qilishi: Abu Hanifa r.a. o’z zamonasidagi islomiy ma’rifatni o’zlashtira bildi. Qur’oni karimni Osim qiroati bo’yicha yodladi, hadisdan dars oldi, nahv, adabiyot va she’rdan etarli darajada tahsil oldi. Shuningdek, kalom ilmi va din asoslaridan dars o’qidi. E’tiqod va shunga bog’liq masalalarda ixtilof qilayotgan firqalar bilan bahs va munozara olib bordi. So’ngra, fiqh ilmi bilan shug’ullanishga o’tdi. Umrining oxirigacha shu ilm bilan shug’ullanishda davom etib, bor tafakkurini shunga bahshida etdi. Fiqh ilmini tanlagani haqida u zotning o’zi shunday degan edi: “Har qachon fiqh bilan mashg’ul bo’lganimda qalbimda uning ulug’ligi yanada ortib boraveradi... Bildimki, farzlarni ado etish, dinni qoim qilish va ibodatni mukammal bo’lishi faqat fiqhni bilish bilan to’g’ri bo’ladi. Dunyo va oxirat talabi ham aynan fiqhni bilishdadir”. Abu Hanifa r.a. fatvo berishni o’rganish uchun o’z asrining ulug’ mashoyixlari sari yo’l oldi. Yigirma ikki yoshidan boshlab shayxi Hammod ibn Abu Sulaymonning xizmatida bo’lib, to shayxi vafot etgunicha, ya’ni qirq yoshigacha undan ajramadi. Abu Hanifa r.a. shayxi Hammodning xizmatida bo’lgan vaqtida ham ko’p marta Allohning baytiga haj ziyoratiga borgan, Makka va Madina shaharlaridagi fuqaho va muhaddis ulamolar bilan uchrashgan. Ulardan hadislar eshitgan, fiqhiy masalalarda ular bilan muzokara olib borgan, o’z navbatida ularning fiqhiy usullaridan boxabar bo’lgan. Tobeinlarni qaerda va qachon ilm olganlarini o’rganar, xususan fiqh va ijtihodda alohida o’rin tutgan sahobalar bilan aloqada bo’lgan tobeinlarga ergashar edi. Bu xususda Abu Hanifaning o’zi shunday degan edi: “Umar, Abdulloh ibn Mas’ud va Ibn Abbosning fiqhini o’zlarining ashoblaridan olganman”. Abu Hanifa r.a. qirq yoshida Ko’fa masjidida shayxi Hammodning o’rnini egalladi. Shogirdlari bilan yangi fatvolar va turli masalalar ustida muzokara olib borar edi. O’xshash misollarni bir-biriga kuchli mantiq va o’ta zakiy aql bilan qiyoslar edi va shu tariqa hanafiy mazhabining fiqhiy usuliga asos solindi. Abu Hanifaning axloqi: Abu Hanifa r.a. yuksak darajada dinga va ibodatga berilgan, kunduzlari ro’zador, kechalari bedor, Allohning kalomi Qur’oni karimni mudom tilovat qilishlikni o’ziga odat qilib olgan, o’ttiz yil davomida tunni namoz o’qib bedor o’tkazgan buyuk zot edi. Oxirat azobidan qo’rqib ko’p yig’lar edi. Hatto, qo’ni qo’shnilari uning ko’p yig’lashidan unga rahmlari kelar edi. O’ta hayoli, barcha go’zal odoblarni o’zida mujassam etgan, xususan shayxlariga nisbatan odob saqlagan shogird, ota-onasiga mehribonlik ko’rsatgan, har namozda ularning haqlariga duo qilib, nomlaridan sadaqalar qilgan farzand edi. Abu Hanifa o’ta parhezkor edi. Aytar ediki: “Agar banda hayoti davomida Alloh taologa ibodat qilib, hatto manabu ustunga o’xshab qurib qaqshasada ammo qorniga kirayotgan narsa halolmi yoki harom ekanligini bilmasa uning ibodati qabul bo’lmaydi”. Shuning uchun ham shubha aralashgan narsalardan o’zini saqlar edi. Agar biror molda shubha borligini gumon qilsa uni faqir va muhtojlarga tarqatib yuborar edi. Darhaqiqat, bir kuni tijoratdagi sherigi aybi bor ko’ylakni aybini aytmay sotib yuborgani uchun bor molining hammasini sadaqa qilib yuborgan. Abu Hanifa r.a. odamlar bilan bo’ladigan tijoriy muomalada juda ham buyuk omonat egasi edi. Hatto ko’pchilik u kishini tijorat sohasida Abu Bakr Siddiq r.a.ga o’xshatishar edi. U zot ulamolar orasida qanday yuksak maqomda bo’lsa, tijoratchilar orasida ham eng sodiq tijoratchining komil timsoli edi. U zot haqida zamondoshi Maliyh ibn Vakiy’ shunday degan: “Abu Hanifa r.a. buyuk omonat egasi edi. Allohga qasamki, buyuk qalbli inson edi. Allohning roziligini hamma narsadan ham yuqori qo’yar edi. Agar Alloh yo’lida boshiga qilich kelsa ham haqiqatdan qaytmas edi”. Oliyjanoblik va saxovatpeshalik u kishining eng ko’zga ko’ringan xulqlaridan edi. Taqvodorligi va ozgina foyda bilan kifoyalanishlariga qaramay tijoratlari ko’p foyda keltirar va daromadlarining aksarini mashoyixlar va muhaddislarning sharofati tufayli Allohning fazliga sazovor bo’lganini e’tirof etgan holda ularga infoq qilar edi. Fuzayl ibn Iyoz aytadi: “Abu Hanifa fiqh ilmida mashhur faqih kishi edi. Molu davlati bisyor, atrofidagi kishilarga xayr-ehson ulashish odati hammaga ma’lum, kecha-yu kunduz ilm olishga sabrli, tunlari qoim, ko’p sukut saqlar, to halol yoki harom haqida savol berilmaguncha gapirmas edi”. Abu Hanifa r.a. tashqi ko’rinishi go’zal qiyofada bo’lishiga juda ham katta e’tibor qaratar edi. U kishini odamlar qanday yaxshi sifatlar bilan zikr qilsalar, o’sha sifatlarga ega bo’lishga harakat qilar edi. Kiyim boshiga ahamiyat berar, hushbo’y surishni hush ko’rar, chiroyli hay’atda yurar edi. O’ziga yaqin bo’lganlarni ham mana shunga undar va Rasululloh s.a.v.ning: “Albatta, Alloh taolo bandasiga bergan ne’matining asarini unda ko’rishni yaxshi ko’radi”, degan hadislarini eslatar edi. Boshidan kechirgan sinovlari va vafoti: Abu Hanifa r.a. turli kuchlar o’rtasidagi ziddiyatlar va ixtiloflar avjiga chiqqan davrda yashadi. Ummaviylar va Abbosiylar davlatini ko’rdi. Atrofda sodir bo’layotgan voqealarga chalg’imay, har qanday holatda ham u o’z mavqesida turdi. Biror marta ham xorijiylarga qo’shilib davlatga qarshi chiqqan yoki qo’zg’olonchilar tarafida bo’lib hukumatga qarshi bosh ko’targan emas. Ummaviylarning Ko’fadagi voliysi Umar ibn Hubayra Abu Hanifani o’zi bilan birga ishlashini talab qilganda, bosh tortgani uchun zindonda azoblangan. So’ngra u erdan Makkaga qochib boradi va 130-136 h. yillar davomida Makkada qo’nim topib, u erda Ibn Abbos r.a.dan meros bo’lib qolgan usulda fiqh va hadis fanlari bilan tanishadi. Davlatni boshqarish Abbosiylarning qo’liga o’tgach yana Kufaga qaytib keladi. Ularga sodiq ekanligini e’lon qiladi va Ko’fa masjididagi dars halaqasiga qatnashni davom ettiradi. Abu Hanifa r.a. Abbosiylar davlatiga nisbatan yaxshi munosabatda davom etib borar edi, biroq Xalifa Mansurning Payg’ambar a.s.ning oilalariga nisbatan, ya’ni Ali r.a.ning ba’zi avlodlariga nisbatan salbiy munosabatda bo’lishi Abu Hanifaning xalifani bu ishini tanqid qilishiga sabab bo’ldi. Xalifaning atrofida Abu Hanifaga hasad qiladigan kimsalar ko’p edi. Ular xalifaning ko’nglida Abu Hanifaga nisbatan nafrat uyg’otishga harakat qilishar edi. Kunlarning birida xalifa Mansur Abu Hanifa r.a.ga uning xalifaga nisbatan ixlosini sinash uchun qozilik mansabini taklif qiladi. Abu Hanifa r.a. gunohkor bo’lishdan qochib qozilik mansabini qabul qila olmasligini aytib uzr so’raydi. Chunki, u qozilik mansabi juda og’ir ekanligini, uni to’g’ri ado etishga qurbi etmasligini yaxshi bilar edi. Aynan mana shu e’tirozi Abu Hanifaning o’ta og’ir sinovlarga duchor bo’lishiga sabab bo’ldi. Chunki, xalifa Mansur uchun Abu Hanifadan uning tanqidlari uchun o’ch olishga fursat paydo bo’ldi. Abu Hanifa r.a. bir qancha muddat zindonga tashlanib, azoblandi. So’ngra, faqat fatvo berish huquqi bilan zindondan ozod etildi. Ammo, u kelgan masalalarga fatvo bermay qo’ydi. Shundan so’ng, yana zindonga tashlandi. Keyinchalik zindondan chiqarildi va uy qamog’iga hukm qilindi. Uning oldiga odamlar kelishi va fatvo berishi man qilib qo’yildi. Eng ishonchli rivoyatlarga ko’ra Abu Hanifa r.a.ning hayoti to umrining oxirigacha shu holatda davom etdi. Ba’zi rivoyatlarda u kishini zindonda zaharlab o’ldirilgan, deyilgan. U 150 h. sanada vafot etgan. Abu Hanifa r.a. jasadini Xayzaron degan joyga dafn qilishlarini vasiyat qilgan edi. Uni o’sha erga olib borishadi. Janoza namozida qatnashganlarning adadi ellik mingdan ziyod bo’lganligi aytilgan. Janoza namozini xalifa Mansurning o’zi o’qidi. U Abu Hanifaning naqadar buyuk din va taqvo sohibi ekanligiga iqror bo’lib: sizning hayotingiz va o’limingiz uchun endi meni kim ma’zur tutadi, deb nadomat chekdi. Alloh taolo U zotni O’z rahmatiga olsin. Abu Hanifaning ilmiy darajasi: Abu Hanifa r.a. o’z dunyo qarashiga ega, o’ziga xos mustaqil yo’lni tutgan faqih olim edi. U haqida aytilgan maqtov sadolari avlodlar osha jaranglab U zotning siyratlariga xush bo’y taratib kelmoqda. Ulamolardan biri shunday degan edi: men Abu Hanifaning huzurida besh yil bo’ldim. U kishidek uzoq sukut saqlaydigan kishini ko’rmadim. Agar fiqhdan biror savol so’ralsa, ochilib, seldek quyilar edi. Zamondoshlaridan biri Abdulloh ibn Muborak U zotni: ilmning mag’zi, deb tavsiflaganidek, ilmning eng tubigacha etib borgan edi. Masalalarning tub mohiyatiga etib borar va o’zining usuliy qoidalarini shu asosga barpo qilar edi. Zamonasida fikri, ilmi va ilmiy munozaralari bilan shuhrat qozondi. Mutakallimlar bilan munoqasha qilar, bid’atchi toifalarning havoiy aqidalariga raddiya berar, turli firqalar bilan munozara qilar edi. U zotning kalom ilmi masalalarida o’ziga xos qarashlari borligi ma’lum. Hatto, bu ilmda u kishiga mansub risolalar ham mavjud. U zot fiqh, taxrij, hadislarni tushunish, ahkomlarning illatini istinbot qilish va unga usuliy qoidalarni asoslash borasida yuksak maqomga egadir. Bu haqda zamondoshlaridan biri: men hadisni tushunish borasida undan yaxshiroq kimsani ko’rmadim, degan. Abu Hanifada bunchalik ko’p ilm qaerdan paydo bo’ldi? Uning manba’si qaerda? Unga zamin tayyorlagan narsa nima? Unda qanday imkoniyatlar mavjud bo’ldiki, islom olami tarixida ilmi rivoyat qilib kelinadi. Abu Hanifaning ilmda etuklikka erishishiga asos bo’lgan to’rtta sabab bor. Birinchisi, uning tabiatidagi sifatlar. Ikkinchisi, uni ilmga yo’naltirgan va unga katta ta’sir o’tkazgan ustozlari. Uchinchisi, shaxsiy hayoti va tajribalari. To’rtinchisi, u yashagan zamon va uni o’rab turgan mafkuraviy muhit. Quyida ana shu sabablarning har biri haqida alohida so’z yuritamiz. Abu Hanifaning tabiatidagi sifatlari: Abu Hanifa r.a. uni ulamolar orasida eng cho’qqiga chiqishiga sabab bo’lgan sifatlar bilan sifatlangan edi. U sabotli, ishonchli, keng fikr yurituvchi, haqiqatlarni ilg’ab oluvchi haq rost olimning sifatiga ega edi. U o’ziga talabchan, hissiyotlarini jilovlab olgan ediki, unga qarshi aytilgan so’zlar uni o’zidan begona qilmas, nohaq aytilgan gaplar uni haqdan chetlata olmas edi. U doim shunday der edi: Ey, Allohim! Kimning bizga ko’ngli tor bo’lsa, bizning qalbimiz unga hamisha kengdir. Unga ato etilgan mustaqil fikrlash qobiliyati uni Kitob yoki sunnat yoki biror sahobaning fatvosidan boshqaga bo’y sunishga yo’l bermas edi. Bu borada unga birovga nisbatan muhabbat yoki adovat o’z ta’sirini o’tkaza olmas edi. Masalalar ustida juda chuqur fikr yuritar, zohiriy bahs yuritish bilan kifoyalanmas, iboralarning zohiriy ma’nosida to’xtab qolmas, balki uning botiniy tomonlari ustida ham fikr yuritar edi. Ehtimol, undagi mana shunday chuqur falsafiy aql yuritish xususiyati uni ilmiy hayotining avvalida kalom ilmi bilan shug’ullanishga, shuningdek, hadislarni chuqur tahlil qilib, undagi hukmlar qanday illatlarni o’z ichiga olganligini izlab topish darajasida o’rganishga turtki bo’lgan bo’lsa, ajab emas. Abu Hanifa r.a. hozirjavob inson edi. Hech qachon fikrlashdan to’xtab qolgan emas. Raqibi uni qanchalik mot qilishga urinmasin, undan osonlik bilan chiqib ketishga imkon topar edi. Bu borada U zotdan ajoyib va g’aroyib xotiralar qolgan. Hattoki, bu xususda shunday deyilgan: agar u kishi biror hukmni isbot qilish yoki inkor qilishni iroda qilsa, albatta buning uddasidan chiqar edi. Abu Hanifa r.a. doimo haq tomonida bo’lgan. U hox g’olib bo’lsin, hox mag’lub bo’lsin uning maqsadi faqat haqiqat bo’lar edi. Haqparvarligi uchun ham o’zining fikrini mutlaq haqiqat, deb o’zgalarni uni qabul qilishga majburlamas edi. Balki: bu gap mening fikrim, agar biror kishi mening so’zimdan ko’ra yaxshiroq gap aytsa, ana o’shaning gapiga ergashiladi, der edi. Ushbu sifatlar Abu Hanifa r.a.ni unga etgan ruhiy g’izodan oziqlanib buyuk faqih bo’lib etishishiga sabab bo’ldi. Uni ilmga yo’naltirgan va unga katta ta’sir o’tkazgan ustozlari: Imom Abu Hanifa r.a. bir nechta sahobalar bilan uchrashgan. Jumladan, Anas bin Molik, Abdulloh bin Abu Avfa va Sahl bin Sa’d raziyallohu anhumlar bilan ko’rishgan, ammo ulardan hadis rivoyat qilmagan. Chunki, ular bilan uchrashgan vaqtda u hali yosh bola edi. Lekin, ulamolar Abu Hanifani katta tobeinlar bilan uchrashgani, ularning majlisida o’tirib, ulardan dars olganligi hamda ulardan hadis rivoyat qilganligi, ularning fiqhini o’zlashtirganligiga ijmo qilganlar. Bu haqda Abu Hanifa r.a.ning o’zi shunday degan: men ilm va fiqh ma’dani ichida bo’lganman, uning ahli bilan o’tirishganman, fuqaholaridan birining etagini tutganman. Mana shuning o’zi Abu Hanifani ilmiy muhitda yashaganligi, ulamolar bilan o’tirgani, ularning ilmiy bahs yuritish yo’llarini o’rganganligiga dalolat qiladi. So’ngra u o’ziga fiqhiy qarashlarida munosib bo’lgan faqihni ustozlikka tanladi va o’n sakkiz yil uning xizmatida bo’ldi. U zot o’z zamonasida Iroq fiqhi mashoyixlarining so’ngisi deb e’tirof etilgan Hammod bin Abu Sulaymon edi. Hammod fiqhni asosan ahli ra’ylarning faqihi Ibrohim An-Naxa’iydan, shuningdek, ahli hadislarning faqihi Ash-Sha’biydan olgan edi. Ana u ikkisi buyuk sahobiylar Abdulloh bin Mas’ud va Ali bin Abi Tolib r.a.larning fiqhidan qongan edilar. Bu ikki sahobiy r.a. Kufada turib uning ahliga ulkan fiqhiy merosni qoldirib ketgan edi. Abu Hanifaning ustozlaridan yana biri Ato bin Abi Raboh bo’lib, u zot Ibn Abbos r.a.ning ilmiy xulosalarini uning mavlosi Ikrimadan olgan. Abu Hanifa r.a. Makkada yashagan vaqtida Ato bin Abi Rabohning mulozimi bo’lgan. Shuningdek, Abu Hanifaning ustozlaridan yana biri Ibn Umar r.a.ning mavlosi Nofe’dir. Abu Hanifa r.a. undan Umar bin Xattob r.a. va Abdulloh bin Umar r.a.ning ilmini oldi. Shunday qilib imom Abu Hanifada buyuk sahobiylar Umar, Ali, Ibn Abbos, ibn Mas’ud, Ibn Umar r.a.ning ilmlari ularga mulozim bo’lgan tobeinlar orqali jam bo’ldi. Imom Abu Hanifa r.a. faqatgina o’sha sanab o’tilgan fuqaholardangina ilm olish bilan cheklanib qolmadi. Balki, u Oli Bayt, ya’ni Payg’ambar a.s.ning avlodlaridan bo’lmish Imom Zayd bin Ali Zaynul Obidiyn, Muhammad Al-Boqir, Ja’far As-Sodiq, Abdulloh bin Al-Hasan bin Al-Hasandan ham ilm o’rgandi, ulardan dars o’qidi. Abu Hanifa ilmiy munosabatlarini faqat yuqorida zikri o’tgan ulamolar bilan bog’lashda to’xtab qolmay, u turli xildagi firqalarning fikrlari bilan yaqindan tanishib, ularning har biridan o’ziga xos xulosalar yasadi. Yuqorida o’tgan ma’lumotlardan so’ng aytishimiz mumkinki, Abu Hanifa r.a. fiqhni o’z zamonasida mavjud bo’lgan barcha manba’lardan olishga erishdi. Shunday bo’lsada, u ahli Ra’ylarning fikrlashidan ko’proq ta’sirlandi, balki uning o’zi ahli Ra’ylarning etuk shayxiga aylandi. Abu Hanifaning shaxsiy hayoti va tajribalari: Abu Hanifa r.a.ning hayoti va ilmiy tajribasi uni Iroqning birinchi raqamli faqihi bo’lish sari yo’naltirdi. U tijorat bilan shug’ullanar, tijoriy oldi-sotdi va urf-odatlarning barchasidan xabardor edi. Bu esa uni odamlarning o’zaro muomalalari va tijorat ahkomlarida etuk bilimdonning so’zini ayta olish imkoniyatiga musharraf qildi. U o’zining fiqhiy qarashlarida urfga katta e’tibor qaratdi. Qachonki, qiyos bilan hukm chiqarish manfaat va adolatga zid ko’rinsa, bu o’rinda istihsonni qo’llashni ma’qul ko’rar edi. Haj va boshqa maqsadlarda ko’p safar qilar, safari davomida ulamolar bilan uchrashar, ular bilan muzokara olib borar, rivoyat qilar va fatvolar berar edi. Bundan tashqari, safar qilishning o’zi ham unga ko’p foyda berar edi. Masalan, zehni charhlanar, vahy nozil bo’lgan joylar bilan tanishar, turli shaharlarni ko’rar, yangi xabarlar va asarlarning ma’nolari haqida ma’lumotlarga ega bo’lar, shunga qarab fiqhiy masalalarni tasavvur qilish bilan ularning hukmini yaxshi baholay bilish imkoniyatiga ega bo’lar edi. Abu Hanifa r.a. ilm talabini boshlagan yoshlik vaqtidayoq tortishuv va munozaralarga duch keldi. Uning aqida borasida tortishuvlari fikrining chaxlanishi, idrokining churuqlashuviga sabab bo’ldi. Fiqh borasidagi munozaralari ilgari unga tanish bo’lmagan hadislar, sahobalarning fatvolari bilan tanishish imkonini berdi. Imom Abu Hanifaning o’ziga xos dars o’tish usuli muallim va mutaallimni birdek ilmiy saviyasini oshirishga qaratilgan edi. U o’rtaga bir fikrni tashlab, uni shogirdlari bilan birga muhokama qilar, har kim bu masala ustida o’z fikrini erkin bayon qilgach, barchaning fikridan hosil bo’lgan xulosani yasab, barcha uni tasdiqlagach yozdirar edi. Mana shuning o’zi ham Abu Hanifaning ilmi muttasil o’sib, fikri to’lishib borishida muhim ahamiyat kasb qildi. Abu Hanifa yashagan zamon va uni o’rab turgan mafkuraviy muhit: Abu Hanifa r.a. Ummaviylar davlatining avji taraqqiy topgan, kuch-quvvatga to’lgan davrini ham, uning inqirozga uchrash vaqtini ham ko’rdi. Shuningdek, u Abbosiylar davlatining har tomonlama hukumronligi ortib, barcha ishlarida zafar qozonayotgan davrini ham topdi. Abu Hanifa Ummaviylar davrida ellik ikki yil yashadi. Bu vaqt ichida u ilmiy va fikriy komillikka etib ulgurdi. Qolgan o’n sakkiz yil umrini Abbosiylar davlati vaqtida yashadi va bu davrga kelib uning fikriy odatlari va ilmiy yo’nalishlari qaror topgan va u o’zining ko’plab natijalarini berayotgan edi. Shunga ko’ra Abu Hanifaning hayoti davomida olgan ilmlarining aksari Ummaviylar davriga to’g’ri keladi. Abbosiylar davri esa, avval boshlagan ishlarining natijalari xosil bo’lish pallasi hisoblanadi. Abu Hanifaning fiqhi: Hadis fuqaholarining eng mashhuri Imom Molik bo’lganidek, Abu Hanifa r.a. Ra’y fuqaholarining eng mashhuri sanaladi. Ra’y deyilganda quyidagilar nazarda tutiladi: faqih fatvo berayotgan masalada shar’iy nas topa olmagan taqdirda u o’z fatvosida dinning ruhiga mos bo’lgan jihatiga suyanishi, yoki muftiyning nazarida umumiy jihatdan shariat ahkomlariga muvofiq kelishiga e’tibor qaratishi, yohud shar’iy nas bilan kelgan masalaga unga o’xshash narsalarni bir biriga qiyoslashi. Shunga ko’ra, Ra’y tushunchasi qiyos, istihson, masolihul mursala va urf kabi usuliy qoidalarni o’z ichiga olgan qarashdir. Ahli ra’ylar bilan ahli hadislar o’rtasidagi asosiy ixtilof sunnat bilan hujjat aytishda emas, balki ra’yni qo’llash hamda ra’y asosida masalalar ishlab chiqishdadir. Darhaqiqat, ahli hadislar ra’yni hujjat sifatida qabul qilmas, faqat o’ta zaruriy holatdagina unga murojaat qilishar, voqe’ bo’lmagan masalalar ustida hukm chiqarmas, balki faqat voqe’likda sodir bo’lgan masalalarga fatvo berishar edi. Ahli ra’ylar esa, ko’pincha ijtihod qilayotgan masalalari borasidagi hadis sahih bo’lmasa ra’yga asoslanib fatvo berishar, faqat voqe’likda sodir bo’lgan masalalargagina hukm chiqarish bilan kifoyalanmay, balki hali voqe’ bo’lmagan, faraziy masalalarning ham hukmlarini ra’y asosida chiqarar edilar. Ahli hadis ulamolarning aksari Hijozda yashaganlar. Hijoz sahobalarning vatani, vahy nozil bo’lgan makon bo’lgani uchun, u erda yashagan tobeinlar ko’pam ra’yga berilmagan sahobalardan ta’lim olgan edilar. Ahli ra’y ulamolarning aksari esa, Iroqda yashaganlar. Shuning uchun ham ularning ko’pchiligi Ibn Mas’udning shogirdlari sanaladilar. Ma’lumki, Iroq ulamolari, jumladan Ibn Mas’ud ham Rasululloh s.a.v.dan hadis rivoyat qilishda juda ham ehtiyotkor bo’lganlar. Ya’ni, Rasululloh s.a.v.dan vorid bo’lmagan, yoki ishonchli bo’lmagan hadisni rivoyat qilishdan o’zlarini e’tiyot qilishar edi. Shuning uchun ham hadis ishonchli bo’lmagan holatda ra’y asosida ijtihod qilar edilar. Buning yana muhim bir sababi, Iroq qadimiy ilmlar o’qitilgan madrasalar va falsafalar vatani bo’lib, uning aholisi hadis rivoyat qilish sharoitlariga ega bo’lmagan edi. Abu Hanifa r.a. faraziy va taqdiriy masalalar ustida ijtihod qilish bilan ham tanilgan edi. Voqe’ bo’lmagan masalalarni farazan kashf qilib, ularning hukmini va dalillarini ham aytib ketar edi. Bu haqda uning o’zi shunday degan: Biz balo kelishidan oldin unga tayyor turamiz. Voqe’ bo’lganda unga qanday kirib, qanday chiqishni bilamiz. Shu tarzda Abu Hanifa taqdiriy, faraziy fiqhning rivojiga katta xissa qo’shdi. Ulamolar Abu Hanifaga mansub bo’lgan musnad hadislar va asarlar to’plami bor ekanligini aytib o’tishgan. Lekin, ko’pchilikning fikriga qaraganda Abu Hanifa r.a.ning fiqh borasida birorta ham kitobi yo’q. Aniqrog’i, Abu Hanifaning shogirdlari uning fiqhiy qarashlarini kitobga yozib borishgan. Gohida Abu Hanifaning o’zi imlo qilib turgan bo’lsa, gohida yozilgan kitobni ko’zdan kechirib, to’g’rilash kerak bo’lgan joylarini to’g’rilab, to’g’risini qoldirar edi. Shogirdlari bilan bo’lgan ilmiy majlislarda Abu Hanifa o’rtaga birin ketin malalarni tashlar, masala yuzasidan o’zining fikrini aytar, shogirdlarining fikrlariga quloq solar va birgalikda munozara qilar, toki fikrlari bir erga kelib to’xtagach Abu Yusuf uni asl masala qatoriga kiritar edi. Shu zaylda barcha asliy masalalar o’z isbotini topib, Abu Hanifaning mazhabi vujudga kelgan. Undan keyin shogirdlari boblarga ajratib, tartiblangan shaklda bitilgan kitoblar tarzida mazhabni yoyilishiga xizmat qildilar. Abu Hanifaning shogirdlari naql qilgan masalalar aksar holda dalillarsiz keltiriladi. Faqatgina naql qilingan asar yoki mashhur xabar yoxud sahobiyning fatvosi, gohida biror tobeiyning fikrigina zikr qilib o’tiladi. Ammo, qiyos yoki istihson esa juda kamdan kam zikr etiladi. Shubhasiz, bu bizni Abu Hanifa qiyosni qanday qo’llaganligini yaqindan bilishimizga to’sqinlik qiladi. Vaholangki, Abu Hanifa o’z zamonasining eng kuchli qiyoslovchisi, istehsonning asoschisi bo’lgan. U qiyoslagan yoki istihson qilgan masalada unga qarshi borishga hech kim jur’at qila olmagan. Abu Hanifaning shogirdalaridan keyingi kelgan tabaqa ulamolar masalalarning dalillarini keltirish, qiyoslangan hukmlarni aniqlash, istihson qo’llanilgan o’rinlarni bayon qilish hamda urfga asoslangan hukmlarni ko’rsatib berishga harakat qilganlar. Lekin biz haqiqatan ham ular keltirayotgan dalillar aynan Abu Hanifaning fikrlari va hukm chiqarishda tutgan yo’llarimi yo’qmi ekanligini komil ishonch bilan ayta olmaymiz. Abu Hanifa r.a.ning shogirdlari: Abu Hanifa r.a.ning shogirdlari juda ham ko’p bo’lgan. Ularning ba’zilari boshqa o’lkalardan kelib, u zotning darslarida qatnashib, Abu Hanifaning mazhablari bo’yicha yo’nalishlarga ega bo’lgach o’z yurtiga qaytib ketgan bo’lsa, ba’zilari u zotga mulozimlik qilgan. Abu Hanifa o’ziga mulozimlik qilgan shogirdlari haqida shunday degan: ular o’ttiz olti kishi bo’lib, yigirma sakkiztasi qozilikka yaraydi, oltitasi fatvo berishga salohiyati etarli va ikkitasi ya’ni, Abu Yusuf va Zufar esa qozi va muftiylarni tarbiyalay oladigan darajadadir. Abu Hanifa sanab o’tgan qozilik va muftiylikka yaraydigan hamda qozi va muftiylarni tarbiyalashga salohiyatli bo’lgan shogirdlari u zotning hayotlik vaqtlaridayoq ilmiy jihatdan pishib etilgan edilar. O’sha vaqtning o’zida ularga bunday mas’uliyatli vazifalarni hech qanday shubhasiz ishonib topshirish mumkin bo’lgan. Ular yosh jihatidan ham bunga layoqatli edilar. Ammo, Muhammad ibn Hasan esa, Abu Hanifa vafot etganida o’n sakkiz yoshda edi xolos. Uni yoshi qozilik mansabiga o’tirishga kichiklik qilar edi. Shunday bo’lsada, biz xususan Abu Hanifaning fiqhini va umuman iroqliklarning fiqhini Muhammad ibn Hasanning kitoblari orqali kelajak avlodga etib kelganini va ular bu sohadagi eng muhim qo’llanma va asosiy manba bo’lib xizmat qilganligini ko’ramiz. Download 454.2 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling