16-modda. Davlat organlarining jamoatchilik nazorati sohasidagi huquq va majburiyatlari
Davlat organlari:
jamoatchilik nazorati sub’ektlaridan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish to‘g‘risida va uning natijalari haqida axborot olishga;
jamoatchilik nazorati natijalariga ko‘ra tayyorlangan yakuniy hujjatlarda ko‘rsatilgan takliflar va tavsiyalarga nisbatan asoslantirilgan e’tirozlarini jamoatchilik nazorati sub’ektlariga yuborishga;
o‘zi amalga oshirayotgan faoliyat ustidan jamoatchilik nazorati masalalariga doir axborotni o‘z rasmiy veb-saytlarida, shuningdek ommaviy axborot vositalarida joylashtirishga;
jamoatchilik nazoratini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga haqli.
Davlat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Davlat organlari:
jamoatchilik nazorati sub’ektlariga jamoatchilik manfaatiga daxldor bo‘lgan o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotni qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda taqdim etishi;
o‘ziga jamoatchilik nazorati sub’ektlari tomonidan yuborilgan murojaatlar va so‘rovlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqishi, murojaatlarga va so‘ralayotgan axborotga javoblar taqdim etishi, bundan davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar yoxud topshirilishi jamoat tartibiga va fuqarolarning hayotiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar mustasno;
jamoatchilik nazorati sub’ektlari tomonidan yuborilgan takliflar va tavsiyalarni, shuningdek yakuniy hujjatlar va materiallarni ko‘rib chiqishi shart.
Davlat organlarining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
17-modda. Jamoatchilik nazoratining natijalari
Jamoatchilik nazoratining natijalariga ko‘ra bayonnoma, xulosa, ma’lumotnoma shaklida yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shaklda yakuniy hujjat tayyorlanishi mumkin.
Yakuniy hujjat axborot va tavsiya xususiyatiga ega bo‘ladi.
Yakuniy hujjatda bayon etilgan axborot, tavsiya va takliflar davlat organlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi hamda ular yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |