1- mavzu. O’rta osiyoning bronza davri ko’chmanchi madaniyatlari. Reja


Download 41.57 Kb.
Sana26.03.2023
Hajmi41.57 Kb.
#1296717
Bog'liq
panji konspekt


1- MAVZU. O’RTA OSIYONING BRONZA DAVRI KO’CHMANCHI MADANIYATLARI.
Reja:

  1. O’rta Osiyoning bronza davri ko’chmanchi madaniyatlari shakllanishi.

  2. Bronza davrida O’rta Osiyoda migratsion jarayonlar. Ariylar muammosi.

  3. O‘troq va ko‘chmanchi xo‘jalik tizimlari o‘rtasidagi aloqalar.

Qadimgi yozma manbalar va arxeologik yodgorliklarning ilmiy tahliliga ko‘ra, o‘zbek xalqining etnik asosi faqat o‘troq aholining qadimgi dehqonchilik madaniyatlari yodgorliklaridan iborat emas, balki uning shakllanishida chorvador etnik guruhlar ham faol qatnashgan.
Chorvador ajdodlarimizning aksariyati bronza davrida Avestoda tilga olingan tur urug‘ jamoalarini tashkil etgan. Turlar keng tarqalgan mintaqalar, ularning asosiy xo‘jalik xarakteridan kelib chiqib, Yevroosiyo dashtlari, O‘rta Osiyoning tog‘li va tog‘ oldi mintaqalari va cho‘l hududlari bo‘lgan. Aslida turlarning avlodlari Ahamoniy podsholarining qoyatosh kitobalarida saklar nomi bilan, antik davr yunon mualliflarining asarlarida kimmeriylar, skiflar, savramatlar, massagetlar, sarmatlar kabi nomlar bilan, qadimgi Xitoy manbalarida xular, dilar, xunnlar, yuechjilar kabi nomlar bilan bizgacha yetib kelgan.
O‘rta Osiyo turlarining avlodlari-saklarning bir qismi so‘nggi bronza va ilk temir davriga kelganda o‘troqlashib, Sarazm va Sopolli madaniyatlari vorislari bilan qorishib, Qadimgi Sharq sivilizatsiyasiga xos ilk temir davri o‘troq dehqonchilik madaniyatlarini tarkib topishida faol ishtiroq etganlar.
O‘rta Osiyo xalqlarining eng qadimgi yozma manbasi Avesto kitobining lingivistik tahliliga ko‘ra, rasmiy tarixda, ana shu madaniyat sohiblarining bizgacha qoldirib ketgan O‘rta Osiyoning tub joyli aholisi qadimgi eroniy tillarning shimoliy-sharqiy lahjalarida so‘zlashganlar, degan tasavvur fanda ustuvor mavqega ega. Bunday tasavvur arxeologik, antropologik va lingivistik topilmalarda ham o‘z tasdig‘ini topgan.
Moddiy va ma’naviy madaniyat yodgorliklari ilmiy tahlilidan ma’lumki, Qadimgi Sharqning yuksak madaniyati sug‘orma dehqonchilik va sertarmoq hunarmandchilikka asoslangan sivilizatsiya markazlari O‘rta Osiyo tub joyli aholisining etnomadaniy rivojlanishiga katta ta’sir o‘tkazgan.
Ana shu ta’sir nafaqat avtoxton aholining iqtisodiy – xo‘jaligiga, balki uning tilini shakllanishida ham katta rol o‘ynagan. Bu Avesto matnlarida, Ahamoniylarning qoyatoshlarga bitilgan kitobalarida, sug‘diy, xorazmiy, bohtariy va sak tillarida yozilib, bizgacha yetib kelgan qadimgi yozma manba parchalarida, etnotoponim, etnogeografik atamalarda o‘z aksini topgan. Shu boisdan, O‘rta Osiyoning tub joyli aholisining tili bronza davri va unga qadar qadimgi sharqiy eroniy tillar oilasining turli lahjalaridan bo‘lishi tarixiy haqiqatdir. Ana shu shimoliy-sharqiy eroniy tilda so‘zlashgan bronza va ilk temir, hatto antik davr ajdodlarimizning izlari O‘zbekiston va uning chegara hududlarida keng ko‘lamda topib o‘rganilgan arxeologik yodgorliklarda o‘z ifodasini topgan.
VI-1. Qadimgi Xorazm
Arxeologik tadqiqotlardan ma’lumki, Yevroosiyoning bronza davri urug‘ jamoalari mil. avv. II ming yillikning o‘rtalaridan guruh-guruh bo‘lib O‘rta Osiyo hududlariga kirib keladilar. Ular arxeologik ilmiy adabiyotlarda Andronova etnomadaniy birlik nomi bilan ma’lum. Ularning O‘rta Osiyo hududlariga ilk bor kirib kelishini dastlab, (1938 yil) S.P. Tolstov qadimgi Xorazm hududlarida aniqlagan (Teshik qal’a 1 va 2 manzilgohlari). Ulardan topilgan sopol parchalarining geometrik naqshlariga qarab, bu sopol quyi Volga havzalarida tarqalgan Srub madaniyati va Qozog‘iston va Janubiy Sibir dashtlarida o‘rganilgan Andronova madaniyati sopollarini eslatadi , deydi. Ikki yil o‘tgach, S.P. Tolstov rahbarligidagi arxeologik ekspeditsiya aynan shunday sopol buyumlarni Anqa qal’a yaqinidan topadi va bu joyni Angqa qal’a 1 manzilgohi deb nomlaydi. Bu uch mavsumiy manzilgohlarning sopol buyumlarining naqshlari tahliliga ko‘ra, S.P. Tolstov ular arxaika davrining tozabog‘yob kanali massivida ilk bor uchragani uchun “Tozabog‘yob madaniyati” nomi bilan atab, ularning yoshini mil.avv. II ming yillikning o‘rtalari bilan belgilaydi . S.P. Tolstovning arxeologik izlanishlariga ko‘ra, Tozabog‘yob madaniyati aholisining moddiy madaniyati Qadimgi Xorazmning mahalliy, tub joyli aholisi – Suvyorganliklar moddiy madaniyatidan tubdan farq qiladi. S.P.Toltovning Tozabog‘yob madaniyati sohiblarining kelib chiqish tarixiy ildizlarini topish yo‘lida olib borgan tadqiqotlariga ko‘ra, tozabog‘yobliklar mil. avv. II ming yillik o‘rtalarida Yevroosiyo dashtlaridan kirib kelgan bronza davrining Srub-Andronova madaniyatlari aholisi bo‘lib chiqdi.
Hozirgi kunda qadimgi Xorazm hududlarida 100 dan ortiq joylarda Tozabog‘yob madaniyati yodgorliklari topib o‘rganilgan. Ular asosan, Janubiy Oqchadaryo havzalarida keng tarqalgan. Shuningdek, ular Sirdaryoning Inkordaryo quyi havzalarida hamda Sariqamish massivida, Ichki Qizilqumdagi qadimgi o‘zan etaklarida ham uchraydi. Tozabog‘yob makonlarining keng tarqalgan hududlar odatda, Janubiy Oqchadaryoning qurib borayotgan o‘zanlari havzalari bo‘lib, ularning ko‘pchiligida taqirga o‘yilgan 50 ga yaqin yarim yerto‘lalar ochilgan.
M.A. Itina Janubiy Orol bo‘ylarida topib o‘rganilgan Tozabog‘yob makonlarini uch guruhga bo‘ladi: 1) Jonbos-ko‘kcha guruhi; 2) Angqa-bozor guruhi; 3) Qavat guruhi. Ular Oqchadaryo janubiy deltalarining ma’lum bir o‘zanlari havzalarida guruh-guruh bo‘lib joylashgan.
Jonbos-Ko‘kcha guruhi yodgorliklari asosan Oqchadaryo o‘zanlarining o‘rta va sharqiy havzalari oralig‘ida joylashgan. Bu guruhning ayrim makonlari Oqchadaryoning o‘rta o‘zanidan g‘arbroqda, uning sharqiy sohillari va Sharqiy o‘zan oralig‘ida ham uchraydi.
Angqa-Bozor guruhi yodgorliklari Oqchadaryo o‘rta o‘zanidan sharqda, asosan Oqchadaryo o‘zanlarining o‘rta va sharqiy deltalari oralig‘ida joylashgan. Uchinchi guruh esa Janubiy Oqchadaryoning g‘arbida joylashgan bo‘lib, ular Qavat yodgorliklar massivini tashkil etadi.
Jonbos-Ko‘kcha guruhi yodgorliklar kompleksini Jonbos 30, Jonbos 4, Jonbos 6, Jonbos 7, Jonbos 21, Jonbos 22, Jonbos 33, Jonbos 33a, Jonbos 34, Ko‘kcha 15, Ko‘kcha 15a, Ko‘kcha 16, Ko‘kcha 17, Ko‘kcha 18, Ko‘kcha 19, Baram-Qazg‘an 2 kabi manzilgohlar tashkil etadi. Ular atrofida yana 40 ta nuqtalarda ko‘tarma sopol parchalari uchratilgan.
Jonbos-Ko‘kcha guruhi yodgorliklari orasida yaxshi o‘rganilgan manzilgoh Ko‘kcha 15 bo‘lib, uning maydonida 7 ta yarim yerto‘la izlari o‘rganilgan. Shunday yerto‘lalar Ko‘kcha 12A, Ko‘kcha 16, Jonbos 30, Jonbos 33, Bayram-Qazg‘an 2 manzilgohlarida ham bitta yoki ikkitadan yerto‘lalar topib o‘rganilgan .
Angqa-bozor yodgorliklar massivida Tozabog‘yob madaniyati manzilgohlari yetarli darajada topilgan. Birgina Angqa qal’a atrofida 7 ta makon (Angqa 1, 2, 3, 4, 5, 7, 8) topilgan. Bu massivda Bozor 1, 2, 3, 4, 5, 7, 8, 9, 10, 11, Ko‘kcha 6, 7 manzilgohlari va Ko‘kcha 3 qabristoni topib o‘rganilgan . Bulardan tashqari ularning oraliqlarida 20 ga yaqin nuqtalarda ko‘tarma sopol parchalari uchratilgan.
Qavat guruhi yodgorliklari Janubiy Oqchadaryo havzasining g‘arbiy hududida joylashgan . Bu atrofda Qavat 3, Qavat 4, Qavat 6 manzilgohlari topilib, ular ichida Qavat 3 makoni arxeologik artefaktlarning boyligi bilan boshqalardan farq qilardi. Bu makonda qorni chiqqan, qisqa va tor bo‘g‘izli idishlar bilan birga, bikonik shakldagi idishlar ham uchraydi. Ular Suvyorgan madaniyati uchun xarakterli bo‘lib, Tozabog‘yob madaniyatining Bozor 2, Ko‘kcha 2, 4, 6 hamda Ko‘kcha 15, Ko‘kcha 15A, va Ko‘kcha 16 manzilgohlarida ham uchragan. Shuning uchun ularni sof tozabog‘yob makonlari turkumiga emas, balki suvyorgan-tozabog‘yob materiallari aralash komplekslarga kiritish mumkin.
M.A. Itina Jonbos 34 va Ko‘kcha 19 manzilgohlarini sof andronova makonlari sifatida talqin etadi. Uning yozishicha, bu yodgorliklarning sopollari taroq gulli va ichi to‘g‘ri chiziqlar bilan to‘ldirilgan egri uchburchaklar hamda to‘g‘ri chiziqlar bilan to‘ldirilgan meandrsimon naqshlar bilan qoplangan. Idishlarning shaklida to‘g‘ri devorli tuvaklar bo‘lib, ular Tozabog‘yob madaniyati uchun xarakterli emas, degan xulosaga keladi .
Yuqorida qayd etilgan manzilgohlardan va Ko‘kcha 3 qabristonidan (qabristonda 74 ta qabrlar ochilgan) topilgan sopol idishlar mahalliy Suvyorgan madaniyati sopollaridan farq qilib, ularning ko‘pchiligini yelka qismi naqshlangan. Naqshlar idish sirti bo‘ylab solingan zigzaglar, har xil ko‘rinishdagi shtrixlangan chizma va bosma uchburchaklar va meandrlardan iborat. Sopol idishlarning shakli va naqshlari tarkibiga ko‘ra, Tozabog‘yob madaniyati jamoalari Andronova madaniyatining Fyodorov bosqichi topilmalarini eslatadi. Ko‘kcha 3 kompleksi tarkibida turli hayvonlarning xom loydan yasalgan shakllari uchraydi. Shuningdek, shakllar orasida bir necha ayol-terrakota haykalchalari ham borki, bu topilmalar Tozabog‘yob madaniyati aholisining janubning qadimgi dehqonchilik jamoalari bilan aloqalari borligini eslatadi.
Tozabog‘yob madaniyati kompleksida metalldan ishlangan buyumlar kam uchraydi. Ular bir tig‘li pichoqlar, bigiz, dastali bronza ko‘zgu, isirg‘a va bilakuzuklardan iborat. Bilakuzuklar sirti kesma chiziqchalar bilan naqshlangan, qayrilgan uchi ilon boshini eslatadi. Bunday bilakuzuklar Srub va Andronova madaniyatlari yodgorliklarida tez-tez uchrab turadi.
Tozabog‘yob madaniyati (Ko‘kcha 3 qabristoni asosida) odamlarining antropologik tipi ikkiga ajraladi. Birinchi tip odamlarning bosh chanog‘i katta, dolixokran – uzun oval boshli, ikkinchi tip odamlarning boshi kichikroq, braxokefal – yumaloq boshli, dasht odamlariga xos protoevropeid, bronza davrining andronoid tipining o‘zginasidir. Ular (andronoidlar) uzoq vaqt, to antik davrining so‘nggi bosqichiga qadar (milodiy III-IV asrlarigacha) mahalliy avtoxton (o‘rta yer dengizi tipi) aholisi bilan qorishuvi natijasida yangi antropologik tip, ya’ni “O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i tipi” shakllangan. Bu tipga hozirgi zamon o‘zbek xalqi va voha tojiklari kiradi.
Qadimgi Xorazm bronza davri yodgorliklarini o‘rganishda M.A. Itina ustozi S.P. Tolstov tadqiqotlarini davom ettirib, Tozabog‘yob madaniyati yodgorliklarini 3 ta xronologik bosqichlarga bo‘ladi. Tozabog‘yob madaniyatining ilk bosqichining tipik yodgorligi sifatida Ko‘kcha 15A manzilgohini ko‘rsatib, uning yil sanasini mil. avv. XV-XIV asrlarga tegishli ekanligini ta’kidlaydi. O‘rta bosqich yodgorliklariga Ko‘kcha 15, 16, Qavat 3, Jonbos 30, 33, Bayram-Qazg‘on 2 va Ko‘kcha 3 qabristoni tegishli ekanligini qayd qilib, uning yil sanasini mil. avv. XIV- XIII asrlar bilan belgilaydi. So‘nggi bosqich yodgorliklariga Angqa 5, Jonbos 25, Ko‘kcha 19 kabi manzilgohlarni tegishli topib, uning yoshini mil. avv. XIII-XI asrlar bilan belgilaydi .
Ta’kidlash joizki, Tozabog‘yob madaniyatining sopol buyumlari, mehnat qurollari va zebu-ziynat buyumlari Andronova (uning g‘arbiy Qozog‘iston varianti) va Srub madaniyatlari bilan genetik jihatdan o‘xshashligi va yaqinligi bilan xarakterlanadi. Bu o‘xshashlik ularning boshqa jihatlari, birinchi navbatda, uy-joy qurilishi, xo‘jalik hayoti va dafn marosimlarida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Tozabog‘yob madaniyatini shakllanishiga olib kelgan murakkab etnomadaniy jarayonlar antropologik materiallarda ham o‘z aksini topgan. Masalan, Andronova va Srub madaniyati aholisi mutlaqo protoevropoidlardan iborat. Tozabog‘yob aholisi tarkibi esa, andronoidlar va o‘rta yer dengizi tiplarining qorishuvidan tashkil topgan . Bu esa shimoliy-sharqiy mintaqalardan Qadimgi Xorazmga kirib kelgan o‘zga etnik guruhlarning mahalliy suvyorganliklar bilan qorishib ketganligidan dalolat beradi. Shuning uchun Tozabog‘yob aholisini sof Andronova va Srub madaniyatlari aholisi deb bo‘lmaydi. Bu masalada, o‘z vaqtida akademik Ya.G‘.G‘ulomov ham o‘z mulohazalarini bildirgan edi, ya’ni Suvyorgan madaniyatining kelib chiqish tarixiy ildizlarini Kaltaminor neolit yodgorliklari bilan bog‘laydi . Uning bu ilmiy qarashlari keyingi tadqiqotlarda o‘z tahlil va ilmiy talqinini topmoqda. Masalan, A.V. Vinogradov Kaltaminor madaniyatining yakunlovchi bosqichiga oid Qavat 7 manzilgohi topilmalarini Qamishli makonlari materiallari bilan qiyosiy solishtirish asosida Ya.G‘. G‘ulomov qarashlarini to‘g‘ri ekanligiga ishonch hosil qildi . Shuningdek, Qamishli kompleksini tarkib topishida janubning dehqon jamoalarini madaniy-xo‘jalik ta’siri sezilarli bo‘lganligi inkor etilmaydi . Suvyorgan madaniyati idishlari orasida qorni chiqqan, sirtiga silliq jilo berilgan, qizg‘ish bo‘yoqli, qisqa va tor bo‘g‘izli idishlarning va bikonik shaklli idishlarning paydo bo‘lishi aynan janub ta’sirining natijasi edi.
Agar, biz andronova qabilalarining qadimgi Xorazm hududlarida ilk bor paydo bo‘lish sanasini Beruniy keltirgan ma’lumot asosida belgilaydigan bo‘lsak, u holda turkiy tilli qabilalarning ilk bor qadimgi Xorazm hududlariga kirib kelishi mil. avv. XIV asrda yuz bergan bo‘lib chiqadi. Aynan shu asrdan boshlab turkiy tilli andronova jamoalari guruh-guruh bo‘lib nafaqat qadimgi Xorazmga, balki butun O‘rta Osiyo hududlariga kirib kela boshlaydilar.
VI-2. Zarafshon vodiysi. Mil. avv. II yillik o‘rtalarida Zarafshon vodiysiga kirib kelgan turkiy tilli chorvador oriylar, mintaqada boshlangan muntazam iqtisodiy rivojlanishni izdan chiqarib yubormasada, ammo siyosiy va harbiy hukmronlik ular qo‘liga o‘tgach, uzoq yillar davomida Sarazmdan boshlangan urbanistik rivojlanishni butun vodiy bo‘ylab vaqtincha to‘xtab qolishiga olib keldi. Uning Zarafshon vodiysi bo‘ylab keng yoyilishi ancha vaqt kuzatilmaydi. Ular mavjud arxeologik topilmalarning tahliliga ko‘ra, dastlab, Zarafshonning quyi havzalarida tub joyli qabilalar (Kaltaminor madaniyatining so‘nggi bosqichi jamoalari) bilan yaqin, ko‘p qirrali aloqada bo‘ladilar. Oqibat natijada, quyi Zarafshonda eneolit va bronza davriga tegishli Zamonbobo madaniyati tarkib topadi.
VI-2a. Zamonbobo madaniyati. Qadimgi yozma manbalar va arxeologik yodgorliklarning ilmiy tahlili o‘zbek xalqining etnik asosi ajdodlarimizning faqat qadimgi dehqonchilik madaniyatlari yodgorliklaridan iborat emas, balki uning shakllanishida chorvador etnik komponentlar ham faol qatnashgan. O‘zbekiston hududidan topib o‘rganilgan cho‘l mintaqalarga xos ana shunday moddiy madaniyat obidalar kompleksining eng qadimgisi Zamonbobo madaniyatidir .
Zamonbobo madaniyatining asosini tashkil etgan yodgorliklar 1950-1953 yillarda Ya. G‘. G‘ulomov tomonidan topib o‘rganilgan Zamonbobo qabristoni va 1961-1962 yillarda A. Asqarov tomonidan topib o‘rganilgan Zamonbobo manzilgohidan iborat. Zamonbobo madaniyati kelib chiqish tarixiy ildizlariga ko‘ra, Kaltaminor madaniyatining Zarafshon vodiysiga xos Darvozaqir variantiga borib taqaladi. Uning shakllanishida Sarazm madaniyatining xo‘jalik ta’siri katta bo‘lgan. Bu etnomadaniy xarakterdagi aloqalar Sarazm madaniyati keramika kompleksida hamda Zamonbobo keramikasida yaxshi kuzatiladi.
Zamonbobo madaniyatining asosida so‘nggi Kaltaminor madaniyati an’analarining saqlanishi esa, nafaqat quyi Zarafshonning so‘nggi Kaltaminor va eneolit davriga tegishli Katta tuzkon 35, Kaptarni qumi, Beshbuloq va Lavlyakan mazilgohlari, balki Zamonbobo makonining shimoliy-sharqiy burchagida solingan stratigrafik shurf topilmalarida ham o‘z aksini topgan. Shurfning quyi gorizontida, taqir sathidan 160 sm chuqurlikda, taqir ostidan yupqa madaniy qatlam borligi aniqlangan. U yerdan topilgan materiallar o‘z xarakteriga ko‘ra, Kaltaminor madaniyatining so‘nggi bosqichiga tegishli ekanligi aniqlangan va uning sopol idishlari loyining tarkibi va tuxumsimon sopollar shakli Zamonbobo qabristonining eng qadimgi mozorlari, ya’ni eneolit bosqichi sopol buyumlarini eslatar edi.
Zamonbobo qabristoida 46 ta qabrlar ochib o‘rganilgan, manzilgohda esa, maydoni 170 kv. metr bo‘lgan yarim yerto‘la tipidagi bir urug‘ jamoasining kulbasi ochilgan. Yerto‘la ichida to‘plangan madaniy qatlam uch gorizontdan iborat bo‘lib, ularning eng pastki gorizontidan topilgan turli-tuman arxeologik materiallar ichida qoramtir, yassi tubli sopol parchalari ham uchraydi. Yuqori gorizont sopollari tarkibida esa, qizg‘ich g‘isht rangli qo‘l charxida ishlangan sopol parchalari uchraydi. Ammo, yerto‘la materiallarini gorizontlar bo‘yicha xronologik davrlarga bo‘lish iloji bo‘lmadi.
Manzilgoh maydonidan buzilgan o‘choq o‘rinlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, xo‘jalik asboblarining parchalari, terrakota va tosh urchuqtoshlar, sxematik antropomorf figuralar, tosh keli soplar, xonaki va yovvoyi hayvon suyak parchalari, qorayib ketgan bug‘doy va arpa donlari, loy suvoqlarda somon izlari, kulba va uning tashqarisida tosh yorg‘uchoqlar, chaqmoqtoshdan yasalgan qistirma o‘roq parchalari va boshqalar topilgan.
Zamonbobo qabrlari ayvonli lahat tuzilishidagi mozorlar bo‘lib, skeletlarning oyoq-qo‘llari buklangan, erkaklar o‘ng yoni, ayollar esa chap yoni bilan yotqizilgan.
Zamonbobo qabristonining ayollar qabrlarida sopol idishlardan tashqari turli xil qimmatbaho toshlardan yasalgan har xil shakldagi mo‘nchoqlar, kosmetika buyumlari, bronza surmadon, mis oyna, urchuqtoshlar, toshdan yasalgan keli soplari, terrakota ayol haykalchasi va oltin mo‘nchoqlar, qizil yoki sariq rangli oxra izlari, mel va mitti kurakchalar, erkaklar qabrlaridan esa, chaqmoqtoshdan yasalgan lavr bargi shaklida ishlangan kamon o‘q uchlari, bronza pichoqlar, sopol idishlar topilgan. Topilmalarning tarkibiga ko‘ra, Zamonbobo aholisi kompleks xo‘jalik yuritgan, ya’ni ulardan topilgan boy arxeologik topilmalar, uning aholisi qo‘ltiq dehqonchiligi va xonaki chorvachilik bilan shug‘ullanganligidan dalolat beradi.
Biroq, bu madaniyat tarkib topgan mintaqaning (janubiy-g‘arbiy Qizilqum) tabiiy – geografik sharoiti Zamonbobo madaniyati bazasida sug‘orma dehqonchilik xo‘jaligining rivojlanishiga, Zamonboboda monumental me’morchilik va dehqonchilik xo‘jaligining ustuvor yo‘nalishga aylanishiga olib kelmadi. Turli xil etnik madaniyatlar qorishuvidan tarkib topgan Zamonbobo madaniyatining iqtisodiy-xo‘jalik asosi cho‘l mintaqalari taqazo etgan. Ishlab chiqaruvchi xo‘jalikning ilk bosqichlariga xos xonaki chorvachilik va qo‘ltiq dehqonchilik xo‘jaliklarining parallel rivojlantirish yo‘lidan borgan edi.
Ammo, janubiy-g‘arbiy Qizilqumning chorvachilik xo‘jaligini rivojlantirishga moslashgan cho‘l sharoiti hamda bronza davrida bu yerga katta to‘lqin bilan kirib kelib, siyosiy va harbiy hukmronlikni qo‘lga kiritgan chorvador turkiy urug‘ jamoalari Zamonbobo madaniyati xo‘jaligining dehqonchilik yo‘nalishida rivojlanishiga imkon bermaydi. Oqibat natijada, Zamonbobo madaniyati aholisi mil. avv. II ming yillikning o‘rtalarida O‘rta Osiyoga uning shimoliy-sharqiy hududlari tomonidan kirib kelgan Yevroosiyoning chorvador dasht qabilalari tarkibiga singib ketadi.
VI-2b. Zarafshon vodiysida chorvador dasht qabilalari makon topgan mavsumiy manzilgohlar
So‘nggi bronza davrida O‘rta Osiyoning shimoliy-sharqiy hududlari tomonidan kirib kelgan dasht qabilalari qadimgi Xorazm sarhadlari bilan cheklanmadi. Ularning katta guruhi bronza va ilk temir davrida Amudaryoning quyi havzalaridan janubiy Qizilqum orqali Buxoro vohasining shimoliy-g‘arbiy hududlariga, Zarafshon vodiysining Mohandaryo havzalari bo‘ylab kelib o‘rnashadilar. Ular bu zaminning Zamonbobo madaniyati aholisini an’anaviy rivojlanish jarayoni ildizlariga putur yetkazib, ularni iqtisodiy va etnomadaniy inqirozga olib keladi. Bu qabilalar arxeologik ilmiy adabiyotlarda Andronova madaniyati qabilalari nomi bilan ma’lum.
Andronova urug‘ jamoalari tezda butun Zarafshon vodiysi bo‘ylab keng tarqaladi. Ularning moddiy madaniyat izlari Zarafshon vodiysining deyarli barcha hududlarida mavsumiy manzilgohlar, qabriston va yolg‘iz qabrlar ko‘rinishidagi yodgorlik sifatida bizgacha yetib kelgan.
Ular Qorako‘l tumanining shimoliy-g‘arbiy chegaralarida, ko‘chma qumliklar oralab o‘tgan Mohandaryoning Gujayli (Gurdush) o‘zani sohillarida, Zamonbobo ko‘lidan to Kichikt tuzkon, Katta tuzkon va Kaptarni qumigacha yoyilgan toshqin suv chegaralarida, shuningdek, Qashqadaryoning Moxandaryo tomon irmoq otgan quyi o‘zanlarining Qumsulton chegarasigacha cho‘zilgan o‘zanlari havzalarida 30 ta punktda mavsumiy manzilgohlar sifatida bizgacha yetib kelgan . Ulardan birida (Gujayli 9) hatto, madaniy qatlam saqlangan. Madaniy qatlamda sopol parchalari, chaqmoqtoshdan yasalgan mikrolit mehnat qurollari, tosh yorg‘uchoq va bronzadan ishlangan bir tig‘li pichoq, bigiz va hayvon suyaklari uchraydi. Manzilgoh maydonida uchta o‘choq o‘rni qul qatlami bilan topilgan. Ehtimol, aynan shu joyda chayla qurilgan bo‘lishi mumkin.
Mavsumiy manzilgohlar Kichik tuzkonda 2 ta, Katta tuzkonda 4 ta, Kaptarni qumli hududida esa 4 ta punktda topilgan. Chorvador jamoalar sopol buyumlari Moxandaryoning Gazli va Qamishli quduqlari oralig‘ida 4 ta nuqtada uchratilgan . Mavsumiy manzilgohlar Qashqadaryoning Poykent shahar xarobalarigacha yaqinlashgan qadimgi o‘zan bo‘ylab 4 ta punktda topilgan .
Ular arxeologik adabiyotlarda Paykent 6, Paykent 8, Paykent 9 va Paykent 10 nomlari bilan ma’lum. Ular orasida qabristonlar ham uchraydi Zamonbobo ko‘lidan 3 km.lar chamasi shimoliy-g‘arbda, Moxandaryoning Gujayli o‘zani yoqasida 1953 yilda Ya.G‘. G‘ulomov tomonidan 5 ta qabrdan iborat bronza davri qabristoni o‘rganilgan. Ularda 5 ta sopol idishlar, jez ko‘zgu, 40 dan ortiq marmardan ishlangan silindr, bikonik va romb shaklidagi munchoqlar, 20 ga yaqin bikonik shaklidagi bronza munchoqlari terib olingan . Qabrlarda yotgan skeletlarning deyarli barchasi ayollarga tegishli, g‘ujanak holatda, chap biqini bilan yotqizilgan, boshlari esa g‘arbga qaratilgan. Qabrlarda ashyoviy dalillar juda kam, bitta yoki ikkitadan ilon boshli bronza bilakuzuk, sakkiz raqami shaklidagi sirg‘a, mis va tosh munchoqlar va har bir qabrda yotgan skelet bosh chanog‘i yaqinida bittadan sopol idish topilgan . Idishlar sirti chizma naqshlar bilan bezatilgan. Bezaklar chizma va chekich gulli uslubda egri va kesilgan chiziqlar qatoridan, archasifat tik va egri qisqa chiziqlardan to ochiq va yopiq uchburchak, murakkab meandrlar, ichi chiziqlar bilan qoplangan romb va tomchi gulli naqshlar kompozitsiyasidan iborat.
Bronza davri chorvador turkiy urug‘ jamoalariga tegishli yana bir qabr 1958 yilda antik davri yodgorligi-Qizilqir I paxsa devorlari ostidan topilgan. Qabr juda boy bo‘lib, sakkiz raqam shaklida bronza baldoq, skeletning ko‘krak qismidan son-sanoqsiz oltin va qimmatbaho toshlardan ishlangan munchoqlar va qabrning g‘arbiy qismida 2 ta sopol idish topilgan .
Bronza davri manzilgohlari Zarafshonning o‘rta oqimi havzaridan (Novqatepa, Sazag‘on 2), Samarqanddan Qarshiga olib boruvchi Jom dasht yo‘li adirlaridan 1994-2002 yillar oralig‘ida (Galasherik qabristoni) topib o‘rganilgan . Qabristonda 4 ta qabr ochilgan. Qabrlarda skeletlar g‘ujanak holatda, o‘ng tomoni bilan yotqizilgan. Ularning bosh chanog‘i g‘arbga qaratilgan. Qabrlardan birida (qabr 1) o‘roqsimon bronza quroli, disksimon bronza ko‘zgusi va bargsimon shaklli bronza to‘g‘nog‘ich topilgan . Ikkinchisida (qabr 2) kulolchilik charxida yasalgan sharsimon xurmacha, dastasi va ko‘zgusi aylanasi bo‘ylab naqshlangan bronza oyna va shoxdor ohu haykalli bronza to‘g‘nog‘ich, bo‘g‘zi ostida ikkita teshikli bikonik shaklida yana bir sopol idish uchratilgan. Uchinchisida (qabr 3) disksimon bronza ko‘zgusi, chaqmoqtoshdan ishlangan paykon, bir qancha charxda yasalgan sopol parchalari uchratilgan. To‘rtinchisida (qabr 4) bir necha dag‘al sopol parchalari, bronzadan ishlangan bilakuzuklar va munchoqlar, karnaygul shaklida ishlangan 2 ta bronza baldoq topilgan. Qabrlarda yotgan skeletlar g‘ujanak holatda, o‘ng tomoni bilan yotgan. Ularning bosh chanog‘i g‘arbga qaratilgan.
Galasherik qabristoni arxeologik materiallar kompleksiga ko‘ra, odatdagi bir urug‘ jamoasi qabristoni emas. Bu joyda turli etnik guruhlar vakillarining qabristoni bo‘lsa kerak. Birinchi qabr materiallar tarkibiga qaraganda (o‘roq tig‘isimon qurol va qizg‘ich angobli sopol parchalari) Ko‘ktepa I topilmalarini eslatadi. Ikkinchi qabr aynan Sopolli madaniyatining mo‘lali bosqichi topilmalarining (dastali bronza ko‘zgusi naqshlari) dashtlashtirilgan variantini o‘zginasi. Uchinchi mozorga tegishli ashyoviy dalillar esa (chaqmoqtosh paykon, qo‘l charxida yasalgan g‘isht rangli sopol parchalari) Zamonbobo yoki To‘qayli manzilgohining qadimgi dehqonchilik madaniyati bilan bog‘liq etnik ildizidan guvohlik beradi. To‘rtinchi qabr aynan dasht qabilalari madaniyatiga tegishli bo‘lgan.
Shunday qilib, Jom qishlog‘ining Galasherik qabristoni hamda uning tevarak-atrofidan topilgan bronza mehnat qurollari, taqinchoqlar va sopol parchalari Jom qishlog‘i qadimda savdo karvon yo‘lida qad ko‘targan karvonlar to‘xtab o‘tadigan joy bo‘lganligidan dalolat beradi. Bu joydan topilgan ashyoviy dalillar uch xil etnik guruhlarga tegishli bo‘lib, ular o‘rtasida uzoq asrlar davom etgan iqtisodiy va madaniy aloqalar haqida guvohlik beradi.
Samarqand shahridan 9 kmlar chamasi g‘arbda, Zarafshon daryosining chap sohilidan 1975 yilda Chakka qabristoni topilgan . Bu yerda 4 ta qabrlar ochilgan bo‘lib, ularning ikkitasi bu joyda yer qaziyotgan buldozerchilar tomonidan buzib tashlangan. Qolgan ikkitasi ayollarga tegishli bo‘lib, ularning birida (qabr 2) marhumaning bosh tomonida 2 ta sopol idish, oltin suvi yuritilgan beshtadan spiralsimon bronza kokila, bilak suyaklarida uchtadan, hammasi bo‘lib 6 ta bilakuzuklar, skeletining belida yupqa yalpoq tasmasimon bronza parchalari (bukilgan xalqachalar) tizmasidan iborat belbog‘ va skeletning boldir suyagi atrofida (o‘ng oyoqda 38 ta, chap oyoqda 41 ta) mayda bronza munchoqlar topilgan. Ikkinchi qabrda (qabr 3) marhuma bosh tomonida 2 ta sopol idish, bosh chanog‘i ustida oltin suvi yurgizilgan 6 dona spiralsimon bezaklar, bosh chanog‘ining ostidan esa, oltin suvi yurgizilgan ichi g‘ovak halqa, skelet qovurg‘alari oralaridan 3 ta chig‘anoq, xolsedondan yasalgan kvadrat shaklidagi marjon, 2 ta yalpoq silindr shaklidagi lojuvard va 1 ta ellipssimon shakldagi aqiq munchoq, toz suyagi va umurtqa suyaklari ustida bronzadan ishlangan munchoqlar, bel suyaklari ustida ikki qator tasmasifat munchoq shodasi, boldir suyagining atrofida, har ikkala oyoqda 82 tadan ikki shoda munchoq tizmasi, ular orasida romb shaklida ishlangan 2 ta bronza tumor-taqinchoq, marhumaning bilaklarida, har birida to‘rttadan bilakuzuklar uchratilgan. Qabrlardan topilgan sopol buyumlarning tuvaksimon shakllari va ulardagi uchburchak, siniq chiziqlar va meandr gulli naqshlar esa dasht qabilalarining Andronova madaniyati, aniqrog‘i, qadimgi Xorazmning tozabog‘yob sopollarini eslatadi. Shuningdek, yuqorida tavsifi
keltirilgan qabr materiallari tarkibiga qaraganda, Chakka qabristoni xuddi Qizilqir I yolg‘iz mozori singari chorvador qabilalarning oriy aslzoda ayollariga tegishli bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
1977 yilda Afrosiyob tepaligining sharqiy darvozasi yaqinidan Siyob yoqasidan oyoq-qo‘llari buklanib, chap biqini bilan yotgan ayol skeleti topiladi. Uning bosh chanog‘ining quloq qismida bir juft sakkiz soniga o‘xshash bronza baldoq, qo‘l suyaklarida bronza bilakuzuklar, barmog‘ida burama ko‘zli uzuq, bo‘yin bo‘shlig‘i va ko‘krak qafasida feruza, aqiq va giltoshdan yasalgan mo‘nchoqlar sochilib yotgan. Bosh chanog‘i yaqinidan dasht qabilalariga xos sopol idishlar topilgan. 1987 yili Samarqand shahridan 16 km sharqda To‘qayli manzilgohi topilib, uning Zarafshonga tutash maydonidan, 2,4 m. chuqurlikda devorlari toshdan yasalgan yerto‘la-kulba uchratilgan. Yerto‘la ichida saqlangan madaniy qatlam 70 sm.gacha boradi . Yer to‘la ichi chorvador dasht urug‘ jamoalariga xos ashyoviy dalillarga to‘la bo‘lgan. Yer to‘ladan 20 m. naridan metal eritish qo‘rasi ham topilgan. Qo‘ra devorlari toshqolga aylangan. Qo‘raning atrofi mis toshqollar, oksidlangan ruda qoldiqlari, metall eritish qozonlarining parchalari, tosh bolg‘a va xovoncha dastalarining siniqlari, rudani maydalash uchun granit tagtoshlari, rudani yanchib maydalovchi tosh qurollar topilgan . To‘qayli arxeologik kompleksida dashtliklar madaniyatiga xos suyakdan yasalgan to‘qa ham bor. To‘qayli sopol parchalari orasida dashtliklarning dag‘al, qo‘lda yasalgan idish parchalari orasida charxda yasalgan sopol siniqlari ham uchraydi. Bu holat chorvador turkiy tilli dashtliklarning Zarafshon vodiysining sug‘diyzabon qadimgi dehqonchilik madaniyati jamoalari bilan ilk bor aralashib, qorishib yashay boshlaganliklaridan dalolat beradi.
Samarqand viloyatining Urgut tumani hududiy doirasidan turkiygo‘y ajdodlarimizning Saygus (1980 yilda) va Mo‘minobod (1965 yilda) nomlari bronza davri qabristonlari topilgan. Saygus mozoridan ayol skeletining bilak suyagida bronza bilakuzuklar, ko‘krak suyagi ustida, oyoqlarida bronza mo‘nchoqlar, jez oyna va bosh chanog‘i yaqinida sopol tuvakcha topilgan . Mo‘minobod qabristonidan esa 5 ta mozor ochilgan. Qabrlarga skeletlar bir yoni bilan, oyoq-qo‘llari bukilgan holatda, boshi g‘arbga qaratilib ko‘milgan edi. Har bir qabrda skeletlarning bosh tomonida 2-3 tadan sopol idishlar uchratilgan. Bir qabrda ayol bosh chanog‘ining quloq qismida karnaygul shaklida ishlangan bronza baldoq, mozor maydoni bo‘ylab mayda munchoq shodalari sochilib yotgan. Qabrning bir joyida 7 ta bronza bilakuzuk bir-birlariga qorishib ketgan. Ular bug‘doy poyadan to‘qilgan savatchada bo‘lib, marhumaning bisotidan bo‘lgan. Mozorlarning birida tosh yorg‘uchoq, boshqa birida yana karnaygul shaklida ishlangan oltin baldoq, boshqa shunday oltin baldoq skeletning burun teshigida bo‘lgan. Uning har ikkala qo‘l suyaklarida uchtadan bronza bilakuzuk, oyoq suyaklari ustida silindr va bikonik shaklidagi bronza munchoqlardan iborat marjonlar shodasi topilgan. Marhuma skeleti quyma bronza munchoqlar bilan qoplangan bo‘lib, ular kiyimga ip bilan qadab chiqilgan gul vazifasini o‘tagan. Chunki, ularning teshigida chirigan ip qoldiqlari saqlangan. Ushbu qabrda yotgan marhuma skeletining chap ko‘krak bo‘shlig‘idan (bu uning kiyimidagi cho‘ntak o‘rni bo‘lsa kerak) suyakdan ishlangan musiqa asbobi-nay topilgan. Naychaning o‘rta qismida romb shaklida teshikchasi bor. Teshikcha o‘tkir tig‘li qurol bilan kesilgan. Uning ikki uchi qiyaroq kesilib, ustiga oynadek silliq sayqal berilgan. Naycha teshikchalari atrofida tiniq qizil rang izlari uchraydi. Bu nay O‘rta Osiyo hududida bronza davri yodgorligida ilk bor topilgan musiqa asbobi bo‘lib, uni birinchi san’at asbobi sifatida ilmiy ahamiyati beqiyosdir. Qabr ashyoviy dalillari orasida bronzadan yasalgan bilakuzuklar aksariyat ko‘pchillikni tashkil etib, ularning uchlari ilon boshi sifat shaklida ishlangan. Oltin suvi berilgan karnaygulli sirg‘alar Janubiy Sibir va Qozog‘iston dashtlarining chorvador qabilalari mozorlarida keng ko‘lamda uchraydi . Bunday shakldagi sirg‘alar Andronova madaniyati uchun xarakterlidir.
Mo‘minobod qabristonidan topilgan odam bosh chanoqlari O‘rta Osiyoning neolit va eneolit davri odamlari bilan genetik jihatdan yaqin ekanligini ko‘rsatadi . Chunki, o‘rganilgan bosh chanoqlar uzunchoq oval shaklida, ularning yuz tuzilishi ham uzunchoq va o‘rtacha qirra burun hamda bodom qovoqli bo‘lib, bu tip Zamonbobo va Chust madaniyatlari odamlariga xosdir. Yevropoid irqining Andronoid tipi esa, ulardan faqat dumaloq bosh chanoqli ekanligi va qo‘y ko‘zligi hamda jussasining kattaligi bilan farq qiladi. Neolit davri Kaltaminor madaniyati va bronza davri Sopolli madaniyati aholisining burni uchi uchli tik qirra burunli bo‘lgan. Qadimgi tub joyli aholining uchi uchli tik qirra burunlikdan o‘rtacha qirra burunlikka o‘tishi Andronoid tipining etnik qorishuv ta’siri bo‘lishi kerak. Chunki, Mo‘minobod mozorlariga qo‘yilgan artefaktlar mutlaqo Andronova madaniyati ashyoviy dalillari edi. Mo‘minobod qabristonining paleoantropologik materiallari misolida kuzatilgan bu dalillar ikki etnik guruh odamlarining ilk bor qorishuvidan nishona edi.
Taniqli antropolog T.A. Trofimova Tozabog‘yob madaniyatiga tegishli Ko‘kcha 3 qabristoni antropologik seriyasini o‘rganganda, uning ichida Andronova madaniyatiga xos protoevropeoidlar bilan O‘rta Osiyoning qadimgi aholisiga xos O‘rta yer dengizi tipi aralash uchraganini ta’kidlaydi . Bularning barchasi bir tomondan, O‘rta Osiyo bronza davri madaniyatlari aholisining etnik tarkibi qanchalar murakkab ekanligini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, turli etnik guruhlar o‘rtasida iqtisodiy xo‘jalik va etnomadaniy aloqalalarning ko‘lami kengayib, chuqurlashib borayotganligi haqida tahliliy xulosalarga olib keladi, ya’ni o‘zbek xalqi etnogenezining boshlanishi bronza davriga borib taqalishiga asos beradi.
O‘zbek xalqi etnogenezining ilk bosqichlariga xos antropololik tip elementlari Dashti – Qazo qabristoni topilmalarida ham o‘z aksini topgan. Dasht qabilalarining ma’dan konlariga bo‘lgan hayotiy ehtiyoji yuqori Zarafshonda ochilgan mis va qo‘rg‘oshin konlari yaqinida, Dashti-Qazo deb atalmish nuqtada, Andronova urug‘ jamoalarini makon topishiga olib kelgan
Darhaqiqat, Zarafshon tog‘ tizmalarining vodiyga yaqin joyida, qadimdan Kanchach, Yori va Jilau polumetall konlari mavjud bo‘lib, arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, ana shu ma’dan konlari eneolit va bronza davrida Sarazm metallurgiya markazini tarkib topishiga olib kelgan. Qadimgi Sarazm aholisining an’anaviy mashg‘uloti dehqonchilik bo‘lib, ular Otchopar soyi hosil qilgan Oyimko‘l atrofida ziroatchilik bilan shug‘ullanganlar. Oyim ko‘lning shimoli to Zarafshon daryosining sohiliga qadar bobodehqonlarning ekin maydonlari bo‘lib, keyinchalik bu joylarda o‘zbek va tojiklarning yonma-yon va aralash Avazali, Gurach va Sohib Nazar qishloqlari qad ko‘taradi. Ularning janubiy va sharqiy qismida adirliklar bo‘lib, bu joylar Avazali va boshqa qishloq aholisining lalmikor dehqonchilik dalalari bo‘lgan. Ana shu adirliklar maydonida eneolit va bronza davrlarida bobodehqonlarning qishloqlari joylashgan. Bu joylar qadimda “Sari-zamin” atalib, yodgorlik sug‘dcha “Sarazm”, ya’ni Zarafshon daryosi vodiysining boshlanishi ma’nosini anglatgan.
Sarazm metallurgiya markazlarining dovrug‘i nafaqat janubiy mintaqalar, balki shimoliy chorvador jamoalarigacha yetib boradi.
Mil. avv. II ming yillik o‘rtalaridan Yevroosiyo chorvador oriylarining janubga migratsiyasi munosabati bilan bu ma’dan konlari ular qo‘liga o‘tib, Dashti-Qazoda, ya’ni bevosita konlar yaqinida chorvador oriylarning manzilgohlari va qabristoni paydo bo‘ladi. Ana shu tarixiy voqeliklardan yodgorlik sifatida bizgacha ma’dan konida ishlagan tutqunlarning qabristoni saqlanib qolgan.
1987 yilda Dashti – Qazo qabristonida 27 ta qabr ochiladi . Har bir qabrda 1 ta, ba’zan 2 tadan, hatto 3 kishi ko‘milgan edi. Bir qabrda bir vaqtni o‘zida ko‘milgan 7 kishini skeletlari uchratilgan. Ehtimol, 3 yoki 7 kishilik qabrlar konda yuz bergan o‘pirilish vaqtida o‘lganlar bilan bog‘liqdir. Odatda jamoaviy qabrlarda bolalar skeleti ham uchraydi. Ammo, Dashti – Qazoda esa qabrga qo‘yilgan skeletlar faqat katta yoshdagilarga tegishli bo‘lgan. Boz ustiga, 7 kishi ko‘milgan № 25 qabrda bironta ham ashyoviy dalillar uchratilmagan. Qolgan qabrlardan dashtliklar madaniyatiga tegishli bir donadan oddiy sopol idish, marhumani shaxsiy taqinchoqlari: bronza bilakuzuk, oddiy munchoq va sirg‘a, pasta munchoqlar topilgan . Dashti – Qazo sopollarida qo‘lda yasalgan sof Andronova madaniyati sopollari orasida kulolchilik charxida yasalgan Sopolli madaniyatining mo‘lali bosqichiga doir xurmacha uchratilgan . Bu sopol va bronzadan ishlangan taqinchoqlar tahliliga ko‘ra, bu qabristonni mil. avv. XIII-XI asrlar oralig‘i bilan davriy sanasini belgilashga imkon beradi.
Dashti – Qazo qabristonida 25-qabr, uni o‘rgangan mualliflarning ta’kidlashicha, dafn udumlari bilan boshqa qabrlardan farq qiladi, ya’ni qabr ustiga diametri 2,3m. aylana shaklida tosh g‘ov qilinib, qabr ustiga Zarafshon daryosi toshlaridan 2 qator qilib terib chiqilgan. Qabr lahadi maydalanib ketgan ko‘mir, bo‘r va qizg‘ish oxra bo‘lakchalari aralash tuproq bilan to‘ldirilgan. Qabr ustidagi tosh qurilma qo‘zg‘atilib, qabr ayvoniga ashyoviy dalillarga boy, ammo, suyaklari ezilgan ayol ko‘milgan. Qabrning chuqurroq sharqiy lahad qismida chap yonboshi bilan bukchaytirib yotqizilgan 7 ta skelet topilgan. Ularning toz suyaklari va oyoqlari ostida ko‘mir, bo‘r va qizg‘ish oxra bo‘lakchalari ko‘plab uchraydi .
Ushbu qabrga xos yana bir jihat shundaki, 7 kishi ko‘milgan qabrga hech bir ashyoviy dalillar qo‘yilmagan. Antropolog T.Q. Xo‘jaev bu qabrda yotgan skeletlarning uchtasi (№2, 7, 8) ayollarga tegishli bo‘lib, ular antropologik tip jihatidan qadimgi O‘rta yer dengizi tipiga, qolgan skeletlar (№3, 4, 5, 6) erkaklarga tegishliligi aniqlandi. Ularning ikkitasi (№3, 5) andronoid, qolgan ikkitasi (№4, 6) O‘rta yer dengizi tipiga kirishini aniqlagan .
Antropologik materiallarning tahlilidan shunday xulosa qilish mumkinki, konlar mil. avv. XIII asrda Zarafshon vodiysiga kirib kelgan turkiy tilli chorvador oriylari tomonidan ularning egalari sarazmliklardan tortib olinib, ularni konda ishlashga majbur etadilar. Konda yuz bergan o‘pirilish tufayli birdan 7 kishi halok bo‘ladi. Ular orasida 2 kishi oriylarning xizmatidagi mulksiz oddiy turkiy urug‘ jamoalaridan bo‘lib, ularning qismati ham tutqin sarazmlik kon ishchilaridan farq qilmagan.
VI-3. Toshkent vohasi. Bronza davrida qadimgi Xorazm va Zarafshon vodiysi hududlariga kirib kelgan shimolning turkiy tilli chorvador dasht qabilalari o‘z navbatida Toshkent vohasiga ham kirib keladilar. Ularning moddiy madaniyat izlari ilk bor 1898 yilda Chirchiq daryosining yuqori havzasida, Chimboylik qishlog‘idan topilib, bu topilma Toshkent tarix muzeyi kolleksiyasida Chimboylik xazinasi sifatida saqlanadi . Xazina tarkibida 4 ta topilma bo‘lib, ular zo‘g‘otali bronza bolta, ikki tig‘li bargsimon pichoq, to‘rt qirrali mis bigiz va bronza yombilardan iborat . Xuddi shunday bronza pichoqning tig‘ uchi Toshkent viloyatining O‘rtasaroy qishlog‘idan ham topilgan .
1927 yilda Toshkent shahrining “Nikiforov yerlari” deb yuritilgan sharqiy chetida buzilgan tuproq qo‘rg‘on ostidan bitta qabr ochilib, undan bitta sopol idish chiqadi.
1937 yilda arxeolog T.G. Oboldueva Yangiyo‘l shahri yaqinidan, Chirchiq daryosining o‘ng sohilida joylashgan ilk temir davri tuproq qo‘rg‘onlari orasidan bronza davriga tegishli qabrni ochadi . Qabrda o‘ng yonboshi bilan yotqizilgan skelet bo‘lib, uning oyoq-qo‘llari bukilgan, bosh tomonida 1ta sopol idish topilgan.
1940 yilda Toshkent kanalini qazish vaqtida bronza davriga oid bir qabrdan ikkita sopol idish topib olingan. Idishlar dasht qabilalar madaniyatiga tegishli edi . Xuddi shunga o‘xshash sopol idish Toshkent kanalining Ohangaron daryosiga tutash joyidan topildi . Bu topilmalarning barchasi shimol dashtliklarining Andronova madaniyatiga tegishli edi. Shuning uchun ular qadimgi Xorazmning Tozabog‘yob madaniyati, Janubiy Sibir va Qozog‘iston dashtlarining chorvador qabilalari madaniyati sopollariga o‘xshab ketardi .
Shu toifadagi sopol idishlar 1947 yilda Vrevskiy temir yo‘l bekati yaqinidan topilgan . Chirchiq daryosi yuqori oqimi Iskandar qishlog‘idan, buzilgan qabrdan dasht qabilalariga tegishli quyma bronza bilakuzuklar topilgan . Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududidan (Yuqori Chirchiq havzasi) buzilgan qabrlardan bronza munchoqlar va bir necha bronza buyumlar topilgan. Bronza buyumlar – to‘rtta ikki parrakli zo‘g‘otali bronza paykonlar bo‘lib, ular “Burchmulla xazinasi” nomi bilan ma’lum.
2009 yilda Angren shahridan 40-45 km.lar shimoliy-sharqda, Ertosh qishlog‘ining qabristonidan, yangi qabr uchun lahad qazish vaqtida bronza davrining dasht qabilalari mozori topilgan. Qabrda ikkita sopol idish va bronza bilakuzuk, karnaygulsimon baldoqlar hamda bikonik shakldagi bronza munchoqlar topilgan .
Shunday qilib, Toshkent vohasida shimoliy dasht qabilalari moddiy madaniyat izlarining aksariyat ko‘pchiligi turli xil yer qazish ishlari munosabati bilan tasodifan topilgan yolg‘iz mozorlardan chiqqan sopol idishlar, bronza taqinchoq va ayrim mehnat qurollari bo‘lib, ularning O‘rta Osiyo hududlari bo‘ylab keng yoyilishi mil. avv. II ming yillikning ikkinchi yarmida Yevroosiyo dasht mintaqalarida yuz bergan tub ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq edi. Topilgan moddiy madaniyat ashyoviy dalillarining o‘zga etnik guruhlarni materiallari bilan qiyosiy solishtirmalari Qozog‘iston dashtlari, Janubiy Sibir, O‘rolorti hududlari, Tog‘li Oltoy va Yenisey havzalari tomon yetaklaydi. Bu davrda O‘rta Osiyo va Yevroosiyo dasht hududlarida yuz bergan iqtisodiy va etnomadaniy aloqalar bir yoqlamali emas edi. Janubning qadimgi dehqonchilik mintaqalarining etnik guruhlari bronza davrida, ayniqsa, mil. avv. II ming yillikning ikkinchi yarmidan boshlab, shimoliy mintaqa jamoalari ichiga kirib boradilar. Bugungi kunda bu haqda dalolat beruvchi boy ashyoviy dalillarga egamiz .
VI-4. Qadimgi Farg‘ona. Miloddan avvalgi II ming yillikning ikkinchi yarmi davomida Yevroosiyo dasht qabilalari Farg‘ona vodiysining janubiy va g‘arbiy hududlariga ham kirib keladilar. Bu haqda dastlabki xabarni arxeolog A.N.Bernshtam bergan. U 1940 yilda Sulaymon tog‘ining janubidan topilgan sopol parchalari bilan tanishib, bu sopollar bronza davrining Andronova madaniyatiga tegishli ekanligini ta’kidlaydi va uni mil. avv. II ming yillikning oxiri va I ming yillikning boshlari bilan belgilaydi . N.G. Gorbunova va B. Z. Gamburglar 1950 yillarda Janubiy Farg‘onaning adirlik joylaridan bronza davrining Vodil va Karamko‘l yodgorliklarini topadilar.
Vodil qabriston maydonidan 273 ta tosh qo‘rg‘onlar borligini aniqlab , ular uch tipdagi tosh qo‘rg‘onlar ekanlini aniqlaydilar: birinchi tip qo‘rg‘onlar tuproq aralash yirik toshlardan qurilgan, ikkinchi tip - mayda tosh aralash tuproq qo‘rg‘onni eslatadi. Uchinchi tip mayda shag‘al aralash yassi tosh qo‘rg‘ondan iborat.
1954 yilda arxeologik qazishmalar uchinchi tip qo‘rg‘onlarda olib borildi. Ular ostidan oval shaklidagi tosh yashiklar ochiladi. Ana shunday tosh yashikli qo‘rg‘onlar Vodil qabristonida 70 dan ortiq bo‘lgan. Ulardan 12 tasi ochilgan. Tosh yashiklarda marhumlar g‘ujanak holatda yotqizilgan. Ochilgan qabrlarning 11 tasida marhum bosh chanog‘i g‘arbga, 1 tasida janubga qaratib ko‘milgan. Qabrlar juda kambag‘al, ularning deyarli barchasi o‘g‘irlangan, odam suyaklari qabr bo‘ylab sochilib yotibdi. Ulardan faqat ikkitasidagina skeletlar anatomik tartibda, sopollar o‘z joyida topilgan.
Bronza davrining Andronova chorvadorlarini izlari sopol parchalari, shoxdor bilakuzuklar sifatida O‘sh va O‘zganda ham topilgan . Vodil qabristonida qazish ishlari 1955 yilda davom ettirilib, yana 31 ta mozor-qo‘rg‘onlar ochiladi. Tosh yashiklar ustiga tosh plitalar yotqizilganligi kuzatiladi. Bu holat Janubiy Sibir va tog‘li Oltoy bronza davri Andronova madaniyati yodgorliklarini eslatadi . Shu xildagi bronza davriga oid qabrlar Tyanshanda, Arpa daryosi vodiysida uchraydi . Vodil qabristonidan topilgan bronza mo‘nchoqlar, bronza uzuklar, sopol idishlar shakli va ularning naqshlariga ko‘ra, G‘arbiy Qozog‘iston va Janubiy Sibir Andronova madaniyatini aynan o‘zidir. Vodil qabristonidan topilgan antropologik materiallar V.V. Ginzburg tadqiqotiga ko‘ra, dolixokefal yevropaliklar tipining andronoid variantiga tegishli ekanligi aniqlangan. Vodil qabristoni sanasini Andronova madaniyatining Fyodorov bosqichi davri bilan belgilash mumkin.
Vodil qabristonidan 40 km.lar chamasi shimoli-sharqda, Karamko‘l adirligida 16 ta qo‘rg‘on ochilgan . Ular huddi Vodil qabristoni qo‘rg‘onlari kabi mayda tosh va shag‘al aralash tuproq qo‘rg‘onlardan iborat. Ular ostida skeletlar tosh yashiklarga chap yoki o‘ng yoni bilan, boshi g‘arbga qaratilgan holda ko‘milgan. Mozorlarning barchasi o‘g‘irlangan, ashyoviy dalillar deyarli uchramaydi. Faqat bir mozorda (№ 2) pastadan ishlangan atigi bitta bezak topilgan bo‘lib, unga o‘xshash taqinchoqlar qadimgi Xorazmning Ko‘kcha 3 qabristonida uchraydi . Vodil va Karamko‘l yodgorliklarining aholisi etnik jihatdan nafaqat O‘rta Osiyoning bronza davri dasht qabilalari bilan qon-qorindosh, balki ularning kelib chiqish tarixiy ildizlari shimolning dasht qabilalariga borib taqaladi.
1956 yilda Farg‘ona viloyatida toshqo‘rg‘onlardan Yapagi va Chek qabristonlari topilib, o‘rganilgan .
Yapagi qabristonida 12 ta mozor ochilgan, ularning ichki tuzilishi katakomba shaklida bo‘lib, lahadga kirish teshigi-dromos ikki-uch zinali, lahad oval yoki to‘g‘ri burchak shaklida qurilgan. Mozorlarning barchasi o‘g‘irlangan, suyaklar qabr bo‘ylab sochilib yotibdi. Qabrlarda ashyoviy buyumlar juda oz topilgan. Bir qabrda (qabr №8) 1 ta sopol idish va mis oynacha topilgan. Boshqa birida (qabr № 2) mayda mis va argelit munchoqlar, qo‘yning oshig‘i, ikkita mis uzuk va ikkita sirg‘a parchalari topilgan, xolos. Uning davriy sanasi mil.avv. XIII-XII asrlar bilan belgilanadi . Chek qabristonida 11 ta mozor ochilgan. 11 ta mozordan 6 tasida jasadlar tosh yashiklarda ko‘milgan. Mozorlar o‘g‘irlangan, odam suyaklari qabrda sochilib yotibdi. Faqat bitta mozorda skeletning joylashishi anatomik tartibda, oyoq-qo‘llari buklanib, ko‘milgan marhum boshi bilan g‘arbga qaratilgan. Bir mozorda dasht qabilalari madaniyatiga xos sopol parchasi, boshqa bir mozordan bronzadan yasalgan xalqa topilgan. Boshqa mozorlarda hech bir zot topilmadi.
Farg‘ona o‘lkashunoslik muzeyi xodimlari 1972 yilda Janubiy Farg‘ona adirlaridan Arsif qabristonida arxeologik qazishmalar olib borgan. Qabriston 26 ta tosh halqalardan iborat bo‘lib, ularning 19 tasida qazish ishlari olib borildi. Tosh halqalarning tashqi diametri 3-4 m. Tosh halqa bir qator yer yuzasiga terilgan silliq toshlardan yasalgan. Ularning burchaklarida yirik va uzun toshlar tik o‘rnatilib, tashqi tosh halqaga qandaydir me’moriy mahobat berilgan. Tosh halqa markazida oval shaklida qiya tik o‘rnatilgan toshlar bo‘lib, ular ichki tosh halqa qurilmasini tashkil etadi. Ichki halqa oval yoki to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida, u yirik va uzun yassi toshlardan yasalgan qabr kamerasi bo‘lgan. Barcha tosh mozorlar o‘g‘irlangan, odam suyaklari kamera bo‘ylab tartibsiz yotibdi. Atigi bir mozorda skelet anatomik tartibda saqlangan. Qabr ashyolari sopol parchalari va ikkita bronza buyumlardan iborat. Arsif topilmalari qadimgi Farg‘onaning so‘nggi bronza davri dasht qabilalari madaniyati tarkibiga kiradi .
1986 yilda Farg‘ona shahridan 6 km shimolda, Qashqarchi massiviga suv quvuri o‘rnatish vaqtida qadimgi qabristonga duch kelinadi. 1986 yilda Farg‘ona shahar atroflarini, shu jumladan, Qashqarchi massivini o‘zlashtirish munosabati bilan qadimgi mozorlar ochilib qoladi. Mozorlar ichki tuzilishiga ko‘ra, katakomba shaklida bo‘lib, ularning dromosi yer sathidan 30 sm chuqurlikda ko‘rina boshlaydi. U uzun koridor shaklida, kengligi 150 sm, shimoli-g‘arbdan janubiy-sharqqa cho‘zilgan, yer sathidan 140 sm chuqurlikda bo‘lgan. Dromosning shimoliy-sharqiy tomonida diametri 50 sm.li qabr kamerasiga kirish teshikchalari bor. U teshikchalar xarsang toshlar bilan berkitilgan.
Yaxshi saqlangan dromoslarning joylashish tartibiga ko‘ra, qabrlar bir-birlariga yaqin, bir yo‘nalishda, zanjir halqasimon tartibda joylashgan. Arxeolog G.P. Ivanov bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ochilgan 6 qabr bir liniyada, ularning chuqurligi yer sathidan 370 sm. Ochilgan mozorlarning barchasi quvur o‘rnatish paytida buzilgan. Faqat, qabr № 1 o‘z asl holatida saqlanib qolgan. Qabrda skelet chap biqini bilan, g‘ujanak holatda, boshi g‘arbga qaratilgan holda yotibdi. Qabrlarda uchratilgan odam suyaklarida qizil oxra izlari kuzatiladi .
Qabr № 1da surmatosh, oltin zirak, bronza tugmacha topilgan. Qabr №1 va qabr №2 oralig‘ida uchta sopol idish, mis bigiz, yana bitta oltin zirak topilgan. Qabr №2 maydonidan tosh qirg‘ich, qo‘sh tig‘li bronza pichog‘i va sopol parchalari topilgan. Qabr №3 da ikki tig‘li bronza pichoq, mis bigizcha, 6 ta bronza munchoqlar, kattagina oltin zirak topilgan. Qabr № 4 da bronza zirak va bir necha bo‘lak sopol idish parchalari topilgan. Qabr № 5 da 20 dan ortiq bronza munchoqlari va sopol idish parchalari, ikkita kumush zirak hamda ikkita sopol idish parchalari topilgan. Qabr № 6 da bir necha sopol parchalari, bronza bilakuzuk va mitti tosh qayroq topilgan . Qabrlardan 3 ta oltin zirak va 2 ta kumush zirakni topilishini o‘zi Qashqarcha qabristoni qadimda qabr o‘g‘rilari hurujlariga uchramaganligidan dalolat beradi. Qashqarchi qabristoni sopollari shakli va bronza bilakuzuklar tarkibiga ko‘ra, Andronova madaniyatining Fyodorov bosqichini eslatadi. Uning yil sanasini mil. avv. II ming yillikning oxirgi choragi bilan belgilash mumkin .
Janubiy Farg‘onadan topilgan qabristonlar ashyoviy dalillari orasida topilgan qarnaygul shaklidagi bronza baldoqlar alohida ahamiyat kasb etadi. N.A. Avanesova Andronova madaniyatining metall buyumlarini kompleks tahlildan o‘tkazar ekan, shunday sirg‘alarni O‘rta Osiyo yodgorliklarida mil. avv. XIII-XII asrlarga tegishli ekanini isbotlagan . Karnaygul shaklidagi sirg‘alar Yapagi va Arsif qabristonlarida ham topilgan. Qashg‘archi qabristonida ham oltin va kumushdan yasalgan shunday sirg‘alar topilgan . Yapagi qabristoni arxeologik kompleksi tarkibiga kirgan bronza oynasi Qayroqqum madaniyati arxeologik kompleksida ham uchraydi . Oltindan yasalgan shunday sirg‘alar Samarqand viloyatining Mo‘minobod qabristonidan ham topilgan . Shularni hisobga olganda, Yapagi va Chek qabristonlarini yoshini mil. avv. XIII-XII asrlar bilan belgilash mumkin.
Qadimgi Farg‘onaning g‘arbiy qismida, Qayroqqum suv ombori qurilishi munosabati bilan, o‘tgan asrning 50 yillari o‘rtalaridan B.A. Litvinskiy rahbarligida keng ko‘lamli arxeologik izlanishlar olib borildi. Natijada, 1954-1956 yillar davomida 60 dan ortiq joylarda bronza va ilk temir davri chorvador dasht qabilalarining manzilgohlari, Daxana, punkt № 22 kabi qabristonlar topildi va ularda arxeologik qazishmalar o‘tkazildi .
Ma’lumki, Farg‘ona vodiysining sharqiy tumanlarida qadimgi dehqon aholisining Chust madaniyati yodgorliklari topilgan. Vodiyning g‘arbiy tumanlarida bronza davrining chorvador dasht qabilalari yodgorliklarini topilishi B.A. Litvinskiyga ularni mushtarak joylashgan makonlari nomi bilan “Qayroqqum madaniyati” deb atashga imkon bergan.
Qayroqqum hududlarining katta qismi taqirliklardan iborat. Aynan, mana shu taqirliklar yuzasida sopol parchalari ko‘plab uchraydi va ularning ma’lum maydonda qalinlashishi, bronza metallurgiyasining toshqollari, bronza va toshdan yasalgan xo‘jalik asbob-uskunalari, tosh yorg‘uchoq hamda mehnat va harbiy qurollar yasash qoliplari, olovda kuygan tosh uyumlari, taqir yuzasida o‘yilgan o‘choq o‘rinlari va boshqalar uchraydiki, har bir shunday ashyoviy dalillar qalin sochilib yotgan makonlar bronza va ilk temir davri urug‘ jamoalarining manzilgohlari bo‘lgan. Bo‘lajak suv ombori maydonidan, Sirdaryoning o‘ng sohili bo‘ylab (ya’ni Sirdaryo bilan Qoramozor tog‘ tizmalari oralig‘i) cho‘zilgan Taqir Yagana maydonidan 60 dan ortiq joyda bronza va ilk temir davri urug‘ jamoalarining manzillari topildi. Ular joylashish o‘rinlariga ko‘ra, uch qismga (sharqiy, markaziy va g‘arbiy) bo‘lib o‘rganildi. Topilgan qadimgi manzilgohlarning aksariyat ko‘pchiligida madaniy qatlam saqlanmagan, ular o‘z vaqtida yog‘ingarchilik va shamollar ta’sirida yemirilib, nurab, buzilib ketgan.
Izlanishlar davomida hisobga olingan 60 dan ortiq punktning 15 tasi qadimgi chorvador ajdodlarimizning hunarmandchilik faoliyatidan dalolat beruvchi metallurgiya ustaxonalari bo‘lib chiqdi. U joylardan ko‘plab toshqollar, metall eritish qo‘ralarining xarobalari, metall eritish qozonlarining parchalari, umuman, metallurgiya hunarmandchiligi bilan bog‘liq ashyolar bilan to‘la edi.
Sirdaryo o‘zining bahorgi toshqin vaqtlarida tez-tez chap sohiliga, ya’ni Qayroqqum massiviga loyqa tashlab turgan. Shu bois, ba’zi bir manzilgohlarda madaniy qatlamlar saqlanib qolgan. Bunday manzilgohlar Qayroqqum massivining pastqam joylariga joylashgan manzilgohlarda (makon №6,16,30) madaniy qatlam saqlangan. Ularda o‘choq (metall eritish qo‘ralari) o‘rinlari ham saqlangan . Ular bir qator bo‘lib, ma’lum joyda to‘plangan. Bir-birlariga zanjirday bog‘langan uchtadan to 7 tagacha o‘choqli (metall eritish qo‘rali) makonlar 6,16, 26, 27, 30, 35-punktlarda uchratilgan . Bunday holatlar bronza davri dasht qabilalar madaniyatinining boshqa yodgorliklarida ham uchraydi . O‘choqlarni (qo‘ralarni) zanjir halqalaridek, ma’lum masofa maydonida bunday joylashishi, birinchidan, ularning har biri juft oilaning metall eritish o‘choqlari (qo‘ralari) hisoblanib, ijtimoiy hayotda urug‘ jamoachilik an’analari hali davom etayotganligidan dalolat berar edi. Ikkinchidan esa, ularning bir-birlariga yaqin qurilishi bir oilaviy metallurgiya ustaxonalari bo‘lganligidan guvohlik beradi. Masalan, №16 makonda zanjirdek bir-birlariga yaqin qurilgan 7 ta o‘choq (qo‘ralar)ning joylashish tartibiga qaraganda, yerto‘la maydonining uzunligi taxminan 20 metr, kengligi 12 metrdan kam bo‘lmagan. №13 makonning maydoni ham undan kam bo‘lmagan. K.V. Salnikovning yozishicha, Janubiy Sibirning Zamaraeva makonida ko‘p o‘choqli yerto‘lasi maydoni 26x11 m.ga teng bo‘lgan , Kipelskiy makonining yerto‘lasi 8,5-10x9-11 m. bo‘lgan deydi.
Qayroqqum o‘choqlari tosh yoki loydan qurilgan. Tosh o‘choqlar taqir ustida, loy o‘choqlar taqir o‘yilib, chuqurcha devoriga tosh terilib, ularning yuqori qismini devori loydan yasalgan. Shuning uchun o‘choqlarning (qo‘ralarning) tosh qismi Qayroqqum makonlarida yaxshi saqlangan. Ularning shakllari doira yoki oval ko‘rinishida bo‘lgan. Tosh o‘choqlar yerto‘la ichida, loy o‘choqlar esa yerto‘la tashqarisida qurilgan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, loy o‘choqlar tosh o‘choqlar kabi bir joyda zanjirdek tizilmagan. Ular odatda makonlarda kam uchraydi. O‘choqlar maydoni bir xil emas. Loy o‘choqlarning o‘lchami kichik, tosh o‘choqlar maydoni ikki xil, kichiklarining diametri 0,6-1 bo‘lsa, kattalariniki 1-2 m.ga tengdir .
Qayroqqum makonlarida yerto‘lalar konstruksiyasi haqida aniq tasavvur hosil qilish qiyin. Birgina makon № 16 da qazishmalar vaqtida somonli loy suvoq parchalari uchragan. Ammo, makon №16 da yoki boshqa Qayroqqum makonlarida taqirga o‘yilgan yerto‘la yoki yarim yerto‘la izlari uchratilmagan.
Ammo, qayroqqumliklar uy-joy qurilishida toshdan, ya’ni slans tosh plitalaridan (bu hududda qatlamli slans toshlar yetarlicha bor edi), xuddi Daxana qabristoni misolidagidek, keng ko‘lamda foydalanishlari mumkin edi-ku. Biroq, dasht qabilalariga tanish bo‘lgan bu tajriba Qayroqqumda kuzatilmaydi.
Biz yuqorida, Qayroqqum makonlarining 15 tasida ma’dan eritish, metall xom ashyosidan mehnat va jangovor harbiy qurollar, uy-ro‘zg‘or va xo‘jalik asboblari ishlab chiqarish bilan bog‘liq ustaxonalar topilganligi haqida eslab o‘tdik. Agar dasht qabilalarining xo‘jaligida chorvadan keyingi ikkinchi o‘rinda metallsozlik turishini hisobga oladigan bo‘lsak, Andronova urug‘ jamoalarining katta guruhini g‘arbiy Farg‘onaga, Qayroqqum masssiviga kelib joylashishi bejiz emas edi. Chunki, bu yerdagi Qoramozor tog‘ tizmalari turli xil ma’danga boy konlari bilan ko‘chmanchi dashtliklar e’tiborini o‘ziga qaratgan. Ayniqsa, Navqat mis konlari Qayroqqum metallurglarini metall xom ashyosi bilan ta’minlab turgan. Qoramozor tog‘ tizmalarida mis konlari Uchkatli, Turungli, Jiydachamirsoy, Choqadambuloq, Qizilkotan, Varzik kabi punktlarda uchraydi . Navqat mis koni bevosita Qayroqqum makonlarining sharqiy guruhi yaqinida joylashgan. Makon №16 Navqat ruda konining Supatov punktidan atigi 5-6 km uzoqlikda joylashgan. Supatovda 3-4 m chuqurlikda qadimgi konchilar izlari (vыrabotka) uchratilgan . Geolog P.S. Nazarov kolleksiyasida Supatov ruda konidan topilgan bronza bolta va ruda qazish kirkasining dastasi topilgan . Topilmalar O‘z.FA Tarix muzeyi fondida saqlanadi . Supatov mis konining bronza davrida foydalanilgani haqida arxeologik izlanishlar xulosasi mavjud . Supatov ma’dan konida foydalanilgan bronza kirkalari Qayroqqum ustaxonalarida yasalgan. Shunday bronza qurollari ularning tosh qoliplari bilan birga punkt №16 ustaxonasidan topilgan. Ana shu topilmalarga asoslanib Supatov mis koni mil. avv. II ming yillikning oxirgi choragida Qayroqqum metallurglari tomonidan o‘zlashtirilgan, degan xulosaga kelish mumkin .
Qayroqqum hududida ruda eritish qo‘ralari ko‘plab topilgan. Deyarli barcha makonlarda ruda toshqollari uchraydi. Ba’zi joylarda toshqollar uyumi katta miqdorda saqlangan. Bunday punktlar albatta, ruda eritish ustaxonalari bo‘lganligidan guvohlik beradi. Punkt №32 da kulrang, pista qo‘mirdek maydalangan ko‘kimtir yaltiroq zarrachalar uyumi uchraydi. Ular bir kvadrat metrdan to to‘qqiz kvadrat metrgacha joyni egallagan. Ular yaltiroq mis zarrachali kukunlar bo‘lib, eritishga tayyorlangan mis ma’dani xomashyosi edi. Ular yaqinida 30x40 m. va undan ham ortiq maydonda ma’dan toshqollari to‘plangan. Taxminiy hisoblarga ko‘ra, bunday joylarda to‘plangan toshqollar 1,5-2 tonnagacha boradi.
Odatda ma’dan uyumlari mayda va yirik bo‘laklardan iborat bo‘lib, ular ko‘kimtir kulrang, orasi yaltiroq materiallardir. Qayroqqum makonlarining sharqiy guruhida (punkt №28) mis xom ashyosining yirik uyumi uchratilgan. Shunday ma’dan uyumlari markaziy guruhning g‘arbida uch punktda (№14, 33, 36), uning sharqiy qismida 4 punktda (№56, 57, 60, 61) uchratilgan. Ular markaziy guruh makonlarining qoq markazida 8 punktda (punkt №23, 24, 42, 43, 44, 45, 46, 47), ularning birinchi uchtasi manzilgohlar maydonida uchratilgan. Ularning atroflarida maydalangan ma’dan uyumlari mavjud. Ana shunday eritishga olib kelingan ma’dan parchalari 4-5 ga maydonni egallaydi . Bunday joylarni butun bir metallurgiya zavodi bilan qiyoslash mumkin. Ma’dan namunalarini kimyoviy tahlili navqat mis xom ashyosi polimetall xarakterda ekanligini ko‘rsatgan, ya’ni Supatov ma’dani tarkibida misdan tashqari temir, rux, sulfid, qo‘rg‘oshin bo‘lgan.
Qayroqqumda metall eritishdan tashqari, eritilgan metall xom ashyosidan turli xil mehnat va harbiy qurollar ishlab chiqarish yaxshi tashkil etilgan. Bu xildagi ishlarning izlari keng ko‘lamda №10, 12, 16, 63 punktlarda tashkil etilgan. Punkt №16 da toshdan metall quyish qoliplari topilgan. Ularda jangovor zo‘g‘otali bronza boltalari quyilgan .
Bronza ishlab chiqarishda sopol qozon (tigel) lardan foydalanish keng yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, punkt №10, 63 kabi makonlarda sopol qozoncha (tigl) parchalari uchratilgan. Ularning tagida mis eritmasi saqlangan . Qayroqqum metall buyumlarining kimyoviy tahlilida ko‘rsatilishicha, mis 83, 62%, qo‘rg‘oshin 10,23% (xanjar), mis 97, 08%, qo‘rg‘oshin 0, 24% (pichoq) bo‘lgan. Ularda yetishmagan qorishmalarni surma va rux tashkil etgan. Demak, Qayroqqumda metallurgiyaning misga moslashtirilgan markazi rivojlangan.
G‘arbi Farg‘onada chorvador dasht ajdodlarimizning makon va metallurgiya ustaxonalaridan tashqari, bir necha punktlarda qabriston yodgorliklari ham topib o‘rganilgan. Masalan, Qayroqqum yodgorliklarining sharqiy guruh makonlar orasida, punkt №22 da Xo‘ja Yagona mozori yaqinida, tosh yashiklarda uchta qabr topilgan. Mozorlar joylashgan makonda taqir yuzasi vaqt o‘tishi bilan yemirilib, slans tosh yashiklarning tepa qismi ochilib qolgan . Ularning bittasi (qabr 3) qadimda do‘nglikroq joyga ko‘milgani uchun buzilib ketgan. Qolgan ikkitasi taqirlikning pastroq joyiga ko‘milgani bois, ular saqlangan.
Ular to‘g‘ri burchakli tosh yashiklarga ko‘milgan mozorlar bo‘lib, yashiklar trapesiya shaklida. Qabr o‘g‘irlangan, odam suyaklari parchalanib ketgan. Qabrda 3 ta bronza munchoqlar, oval shaklida bronza bezak, grafit toshning parchasi va naqshsiz sopol siniqlari uchratilgan.
Ikkinchi qabr yosh bolaga tegishli bo‘lib, suyak parchalari yashik ichida sochilib yotibdi. Uning qo‘l suyaklari yaqinida bronza bilakuzuk topilgan. Yashik ichida 18 ta pasta munchoqlar, sopol parchasi va 2 ta pardozlangan qayroqchalar topilgan.
Qayroqqum makonlarining sharqiy guruhidan 35 km shimolda Daxana qishlog‘i atrofida guruh-guruh tosh uyumlaridan iborat qurumlar joylashgan. Mahalliy aholi ularni “qora qurum” deb ataydilar. Ular ikki guruhga bo‘linib, shimoliy guruh 1-4 tosh qurilmalarni tashkil etsa, ikkinchi janubiy guruh 5-8 qurilmalarni tashkil etgan. Ular yerga o‘ra qazilib, o‘ralar devori bo‘ylab tosh terilib, tosh yashiklar yasalgan. Yashiklarni o‘ra chuqurchasi bo‘ylab tik terilgan toshlarni uchi joylarda yer yuzasiga chiqib yotgan. Shulardan 7 tasida arxeologik qazishmalar olib borilgan.
Qabrlar to‘rtburchak shaklida, osti shag‘al, devoriga tosh terilgan. Tosh devorni pastki qismida katta tosh plitalar o‘rnatilgan. Tosh yashiklar o‘z vaqtida boylik qidiruvchi o‘g‘rilar tomonidan o‘g‘irlanganligi bois, ularning tosh qopqoqlari uloqtirilgan.
Yashik ichidan bir necha sopol siniqlari, parchalangan odam suyaklari, qarnaygulsimon zirakning parchasi va disksimon tosh g‘ildirakcha topilgan.
Daxana qabristonidan hammasi bo‘lib, 7 ta sopol parchalari 1 ta disksimon g‘ildirakcha va karnaygulsimon zirakning parchasi topilgan. Sopol parchalari mo‘rt, ochiq gulxanda pishirilgan, sirtiga ichi shtrixlangan uchburchak shaklidagi geometrik naqsh berilgan. Ulardan biri gorizontal chekma naqshlangan, qolganlari sifatsiz chiziqlardan iborat. Tiklangan idish shakli va ularning naqshiga ko‘ra, Daxana qabristoni Andronova madaniyatining Fyodorov bosqichini eslatadi. Kompleksning taxminiy sanasi mil. avv. II ming yillikning oxirgi choragi bo‘lishi mumkin .
G‘arbiy Farg‘onaning Qoramozor tog‘ tizmalarini janubiy tog‘ oldi dashtida, Asht qishlog‘idan janubiy-g‘arbda Asht qabristoni topilgan. Bu joyda 500 ga yaqin yarim aylana shaklida tosh qo‘rg‘onlar bo‘lib, ularning diametri 4-12 metrgacha boradi, balandligi 0, 4-1,5 m. Bular orasida yassi tosh qo‘rg‘onlar ham uchraydi.
Dashti Asht qabristoni XIX asrning 80 yillarida N.I. Veselovskiy tomonidan ochilgan. 1957 yilda 20 ga yaqin qo‘rg‘onlar B.A. Litvinskiy rahbarligida o‘rganilgan . 1967, 1971-1974 yillarda Asht arxeologik otryadi xodimlari tomonidan 200 ta qo‘rg‘onlar ochildi. Ulardan 48 tasi kenetaf mozorlari bo‘lib chiqdi. Ularning deyarli ko‘pchiligi o‘g‘irlangan. Umuman, Asht qo‘rg‘onlarini 4 ta xronologik guruhlarga bo‘lish mumkin. Ularning eng qadimgilari yolg‘iz skeletli qabrlar edi. Skeletlar ularda beli bilan, oyoq-qo‘llarini uzatib, boshi g‘arbga qaratib ko‘milgan. Qabrlar oval yoki to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida, qabr kamerasi oval shaklidagi tosh yashiklarda ko‘milgan (41-rasm). Qabrlarni osti gruntli. Bolalar qabrlari huddi Daxanin qabristonidek tosh yashiklardan iborat. B.A. Litvinskiy ularni ilk temir davri bilan yil sanasini belgilagan bo‘lsada, ammo, shunday tuzilishdagi qabrlarni A.M. Mandelshtam Janubiy Turkmaniston yodgorliklari misolida so‘nggi bronza davri bilan davriy sanasini aniqlaydi. Dashti Asht qabrlaridan bronzadan ishlangan bigiz, zirak va tugmachalar, sopol idishlar topilgan. Sopol idishlar bankasimon shaklda, qizg‘ish-qora angob bilan pardozlangan. Bir qism sopollar taroqsimon, archasimon chizma, chekma gullar bilan naqshlangan. Sopol idishlar ikki guruhga bo‘linadi. Birinchi guruh sopollari dasht qabilalar madaniyatini eslatsa, ikkinchi guruh sopollar Chust madaniyati sopollarini eslatar edi.
Dashti Ashtda ikki madaniyat sopollarini birgalikda uchrashi qadimgi Farg‘onada ikki etnik guruhlarni ilk konsolidatsiyasidan guvohlik berar edi .
VI-5. Shimoliy Baqtriya. Miloddan avvalgi II ming yillikning uchinchi choragi boshlarida Yevroosiyo dashtlarining chorvador qabilalari qadimgi Baqtriyaning shimoliy hududlariga ham kirib keladilar. Ularning izlari ilk bor 1941 yida Dushanbe shahrining sharqiy chegarasidan topilgan. Bu, boshi sharqqa qaratilib, g‘ujanak holatda yotgan odam skeleti bo‘lib , uning katakombali qabridan charxsiz qo‘lda yasalgan 10 ta sopol idish topilgan . O‘sha yili Dushanbedan janubda, Sharshara qishlog‘idan 3 dona sopol idish bilan yana bir qabr topilgan . Chaqaloq ona qornida yotgan holatda ko‘milgan yana bir qabr sopol idishlari bilan Dushanbe to‘qimachilik kombinati maydonini qazish vaqtida uchratiladi . Dushanbe shahar suv omborini qurish vaqtida huddi shunday yana bir qabr uchratiladi . Bronza davrining tasodifiy topilgan yana bir topilma – dastasiga qadama naqsh berilgan xanjar topilib, uning yil sanasi mil. avv. II ming yillikning oxiri bilan belgilandi . Hisor vohasining antik davriga tegishli Tupxona qabristonidan ikkita bronza davriga oid qabrlar ochildi. Ulardan birida qo‘y suyaklari va asosi chaqmoqtoshdan ishlangan nukleus uchratilgan. B.A. Litvinskiy mana shu nukleusga asoslanib, bu ikkala bronza davri qabrlarini ilk bronza davri bilan belgilaydi . Aslida ular mo‘lali davriga tegishli so‘nggi bronza qabrlari bo‘lgan.
M.M. Dyakonov kushonlar davri qabristonini o‘rganish chog‘ida bronza davriga tegishli mozorga duch keladi . Janubiy Tojikistonning tog‘li Sangvor qishlog‘i yaqinidagi Tavil Daradan ponasimon, zo‘g‘otali bolta, yana bir shunday bolta 1957 yilda Varzob yaqinidagi Arakchin qishlog‘idan topilgan. Bularning sanasi III ming yillikning oxiri va II ming yillikning boshlariga oid deb topilgan .
Janubi-g‘arbiy Tojikiston hududlaridan Andronova madaniyatiga tegishli yodgorliklar Hisor vodiysida Qumsoy qabristoni , Qo‘rg‘ontepa shahri yaqinida Kirov sovxozi manzilgohi , Andronova madaniyati keramikasi Jiliqul yaqinidan , andronova keramikasi va bronza qurollari Tutkaul va Say-Sayyod neolit davri manzilgohining yuqori qatlamida , andronova sopol parchalari Parxar shahri yaqinidagi Saksanoxur antik davr makoni ostida uchratilgan . Andronova madaniyatiga tegishli yolg‘iz qabrlar Dang‘aradan topilgan . Janubiy Tojikistonning Xovalin hududi Tuyun qishlog‘idan Andronova madaniyati qabristoni topildi . Andronova keramikasi Beshkent-Vaxsh madaniyatiga tegishli Toshguzar makonida uchratilgan. Andronova sopol parchalari Sharqiy Pomirda, Vaxsh daryosi chap sohilida, Qora Bo‘ri atroflarida uchratilgan .
Chorvador dasht andronova jamoalariga tegishli bu topilmalar Janubiy-g‘arbiy Tojikiston hududlari bronza davri qabilalari tomonidan keng ko‘lamda o‘zlashtirilgani haqida dalolat beruvchi topilmalar bo‘lib, bunday topilmalar Janubiy O‘zbekiston hududlarida ham uchrashini qayd etish mumkin. Masalan, Andronova madaniyatiga tegishli sopol parchalari va yolg‘iz qabrlar Jarqo‘ton yodgorligining 5-tepaligida, Jarqo‘tonning yuqori qatlamida, Bo‘ston VI qabristonida uchratilgan .
Sopolli madaniyatining mo‘lali bosqichida bu o‘zga etnik guruhlar Shimoliy Baqtriyaning mahalliy o‘troq dehqonchilik madaniyati qishloqlari va chorvador qabilalari jamoalari ichigacha kirib boradilar. Bu holat Jarqo‘ton, Teguzak, Kangurttut, Karimberdi, Ilk Tulxar, Ilk Aruktov, Tigrovaya Balka, Vaxsh, Makoni-mor, Beshkent I, II, III, Oyko‘l, Jarko‘l qabristonlari misolida yaxshi o‘rganilgan. Shuningdek, Shimoliy Baqtriyaga xos tabiiy-geografik muhit mintaqa etnik guruhlari xo‘jalik shakllarining rivojlanish yo‘llarini oldindan belgilab bergan.
Qumsoy qabristonida 1987-1988 yillarda olib borilgan arxeologik qazishmalar vaqtida bu joyda 21 ta mozor ochilgan . Qabr ichki tuzilishi ayvonli lahad shaklida bo‘lib, uning ayvon qismi tosh bilan to‘ldirilgan. Lahad tomi yiqilib, skeletlar tuproq ostida qolgan. Ulardan birida (1-qabr) skeletning ko‘krak qafasi va toz suyagi bo‘ylab 70 ta bronza munchoqlar, oyoqlarida 30 dan ortiq bikonik shaklda bronza munchoqlar topilgan. Kamera maydonida sopol parchalari sochilib ketgan. Quloq bo‘shlig‘ida 2 ta kumush suvi yuritilgan ziraklar, 3 ta pasta munchoq, bosh chanoq va bo‘yin ostidan bir shoda munchoqlar topilgan. Boshqa bir qabrda (3-qabr) odam skeleti tartibsiz sochilib yotibdi. Qabrda bronza va pasta munchoqlar, charxda yasalgan sopol idish parchasi topilgan. 4-qabrning ayvoni zinali, lahadda yosh ayol ko‘milgan. Uning qo‘l suyaklarida bronza bilakuzuklar, bosh chanog‘i yaqinida mayda bronza, kumush va pasta munchoqlar, bo‘ynida mayda bronza munchoqlar, toz suyagi yaqinida bronza munchoqlar va bosh chanog‘i yaqinida geometrik chiziqli bosma naqshli sopol idish topilgan. Boshqa qabrlarda sopol parchalari, bronza va pasta mo‘nchoqlar, sopol likopcha (9-qabr), sopol qadah va bronza zirak (10-qabr) uchratilgan. Qumsoy qabristonining qolgan 11 ta qabrlarida ham huddi shunday holatni kuzatish mumkin.
Yuqorida bayon etilgan topilmalar tahlilidan xulosa qilish mumkinki, Qumsoy qabristonida qabrlarning tashqi va ichki tuzilishida bir xil tuzilish ko‘zga tashlanadi. Qabristonda bolalar qabrlari alohida bir joyda jamlangan. Ko‘pchilik qabrlar ayvoni tosh uyumlariga to‘la holatda uchratilgan. Lahadlar qabr ayvonining shimoliy-g‘arbiy devori tomonida, skeletlar g‘ujanak yotgan holatda ko‘milgan, ularning boshlari shimoli-sharqqa qaratilgan, skeletlar yuzi bilan lahad eshigiga qaratib yotqizilgan. Erkaklar o‘ng, ayollar chap tomoni bilan yotqizilgan. Qabrlarda bittadan sopol idish, marhumalarning qo‘l suyaklarida bilakuzuklar, oyoq va ko‘krak yuzasida shoda munchoqlar uchraydi. 1997 yili arxeologik qidiruv davomida Qizilsuv havzasida birinchi bor Andronova madaniyatiga tegishli qabriston topildi . Bu qadimgi qabriston Tuyun qishlog‘i nomi bilan atalib, u joyda 2 ta qabr o‘rganilgan. Qabrlar katakombali bo‘lib, ulardan birining lahad kamerasida chap yoni bilan g‘ujanak holda yotgan o‘spirin qizcha skeleti topilgan. Skeletning quloq bo‘shlig‘ida bronza zirak, pasta munchoqlar, oyog‘ida bikonik shakldagi bronza munchoq shodasi, bosh chanog‘i yaqinida sopol idish bo‘lib, qabr ashyolarining tarkibiga ko‘ra, Tuyun qabristoni Andronova madaniyatining Fyodorov bosqichiga tegishli ekanligidan guvohlik beradi.
Vaxsh daryosining yuqori terrasasida, Qo‘rg‘ontepa shahridan 12 km narida 1971 yilda manzilgoh topilgan . Yodgorlik ikki madaniy qatlamli bo‘lib chiqdi. Uning quyi qatlamdan tosh o‘choq qoldiqlari, sopol parchalari, pichoq, oynaning quyma tosh qoliplari va yorg‘uchoqlar topilgan. Sopol idishlar shakli Andronova madaniyatining so‘nggi bosqichi – alekseevka keramikasini eslatadi. Sopol naqshlari chekma uslubida yasalgan uchburchaklardan iborat. Bunday naqshli sopollar Kangurtut makonida ko‘plab uchraydi. Sopollar orasida Kuchuk I tipidagi sopol parchalari ham uchraydi. B.A Litvinskiy manzilgohning quyi qatlamini bronza davri bilan belgilasa, uning yuqori qatlami Yaz I davri bilan tengdosh ekanligini ta’kidlaydi.
Arxeolog M.A. Bubnova arxeologik materiallar asosida andronova dasht chorvadorlarining Sharqiy Pomirgacha kirib borganligini asosladi . Bu joyda tosh uyumlari ostidan tosh g‘ov topilgan. Tosh g‘ov ichida tosh yashikda bolalar suyaklari, otning bosh chanog‘i, qabr markazida gulxan kullari, uning orasida hayvon suyaklari va sopol parchalari uchraydi. Bitta sopol parchasi chekma naqshli, meandr shaklida, Andronova madaniyatining Fyodorov bosqichi keramikasini eslatadi. Aynan shunday sopol parchalari Sharqiy Pomirning Jartigumbaz qabristonidan ham topilgan .
Shimoliy Baqtriya hududlarida Andronova madaniyati ta’sirida rivojlangan mahalliy chorvadorlarning yodgorliklari ham keng o‘rganilgan. Ular asosan, Shimoliy Baqtriyaning tog‘li mintaqalaridan topib o‘rganilgan. Ulardan biri Vaxsh madaniyatiga tegishli Toshguzar manzilgohi bo‘lib, uning keramika kompleksi orasida andronova sopol parchasi uchratilgan .
Shimoliy Baqtriya hududlari doirasida bronza davriga tegishli chorvador qabilalarning yodgorliklari kelib chiqish tarixiy ildizlariga ko‘ra, uchta etnik guruhlarga borib taqaladi. Birinchisi, chorvador Beshkent va Vaxsh madaniyati etnik guruhlari bo‘lsa, ikkinchisi, Sopolli dehqonchilik madaniyati etnik guruhlari, uchinchisi esa Yevroosiyo dashtlarining Andronova madaniyati etnik guruhlaridir. Demak, Shimoliy Baqtriya hududlari so‘nggi bronza davrida turli etnik guruhlarning o‘zaro iqtisodiy va siyosiy hamda etnomadaniy aloqalar markazi bo‘lgan.
Shimoliy Baqtriya hududlaridan topilgan arxeologik ashyoviy dalillar tahliliga qaraganda, bu zaminga shimoliy dasht (andronova) qabilalarining ilk bor kirib kelishi Sopolli madaniyatining ko‘zali bosqichida yuz beradi. Sopolli madaniyatining ko‘zali bosqichining yil sanasi miloddan avvalgi XIV-XIII asrlar bilan belgilangan bo‘lib, aynan shu asrlarda Yevroosiyo dashtlaridan chorvador oriy qabilalari O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘iga kirib keladilar. Shimoliy Baqtriyada Jarqo‘ton yodgorligidan topilgan Andronova madaniyati sopol parchalarini uchratilishi, ularning qadimgi dehqonchilik jamoalari orasiga ilk bor kirib kelishidan dalolat beradi . Huddi shu davrga tegishli sopollarning eng qadimgisi, masalan, Jarqo‘ton ibodatxonasining muqaddas buyumlar saqlanadigan koridordan, Jarqo‘ton qal’a-qo‘rg‘onining ko‘zali madaniy qatlamida uchratilgan . Shu davrga tegishli yana bir sopol parchasi Jarqo‘ton oralab o‘tgan jar ichidan topilgan . Uning sirtidagi naqsh qiyali uchburchak va meandr shaklida bo‘lib, sopol naqshiga ko‘ra Andronova madaniyatining Fyodorov bosqichi ilk fazasiga tegishli edi. Jarqo‘ton ibodatxonasining muqaddas kulxonasidan ham dashtliklarga tegishli bir necha sopol parchalari topilgan. Ular orasida yirik sopol gardishi bo‘lib, uning naqshlari ilk Fyodorov bosqichi keramikasini eslatar edi. Shimoliy dasht qabilalarining ilk Fyodorov bosqichini eslatuvchi sopol parchalari Bo‘ston VI qabristonida ham uchratilgan .
Jarqo‘tonda dasht qabilalarining kulolchilik an’analari ta’sirida ishlangan sopol parchalari ham ko‘p. Ular garchi kulolchilik charxida yasalgan bo‘lsa-da, ular sirtiga ishlangan chizma naqshlar, idishlarning shakllari, rangi, loyining tarkibi aynan tozabog‘yob idishlarini eslatar edi. Jarqo‘tonda ular ko‘plab uchraydi. Masalan, Bo‘ston VI qabristonida 11 ta shunday sopol parchalari uchratilgan . Bo‘ston VI qabristonida sof tozabog‘yob keramikasi ham yetarli darajada topilgan .
Sopolli madaniyatining qabrlarida shimol chorvadorlarini taqinchoq va turli xil bezak buyumlarining mitti nusxalari uchratilgan . Ularning aksariyati, Mo‘lali va Bo‘ston qabrlariga tegishlidir . Bu holatlar mil. avv. II ming yillikning ikkinchi yarmidan e’tiboran, shimoliy dasht chorvador qabilalarining O‘rta Osiyo hududlariga jadal kirib kelganligidan guvohlik beradi. Bu jarayonlar “Avesto” rivoyatlarida bayon qilingan andronova oriylarining mil.avv. II ming yillikning o‘rtalaridan janubga qilgan migratsiyalari bilan uzviy bog‘liq edi.
Ularning izlari nafaqat Jarqo‘ton va Bo‘ston yodgorliklarida, balki Janubiy Tojikiston hududlaridan topib o‘rganilgan qadimgi qabristonlar Nurek GES hududida , Hisor vodiysidagi Tandiryo‘l va Zarkamar qabristonlarida, Daxana va Teguzak makonlarida, Tairsuv daryosi havzasida Kangurttut qabristoni va makoni hamda Baraki-Kurug makonida va nihoyat yana bir yodgorlik-Xo‘ja G‘oyib (Ko‘lob vodiysi) da yodgorliklarida ham uchratilgan.
Shunday qilib, O‘rta Osiyoning 5 ta yirik tarixiy-madaniy mintaqalari (Qadimgi Xorazm, Zarafshon vodiysi, Toshkent vohasi, Qadimgi Farg‘ona va Shimoliy Baqtriya) hududlariga bronza va ilk temir davrida Yevroosiyo dashtlaridan kirib kelgan turkiy tilli chorvador qabilalarga tegishli yodgorliklar 230 dan ortiq joylarda topilgan. Ular kirib bormagan va o‘z harbiy-siyosiy hukmronligini o‘rnatmagan joylar qolmagan. Ular dastlab, mahalliy tub joyli o‘troq aholi ekin maydonlaridan chetroqqa kelib joylashadilar. Dastlab, bu ikki xo‘jalik sohiblari o‘rtasida o‘zaro iqtisodiy aloqalar o‘rnatiladi. Bu iqtisodiy-xo‘jalik aloqalari sekin-asta etnik aloqalar tusini ola boshlaydi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, hozirgi O‘zbekiston hududlari va tevarak-atrof hududlarda ungacha qadimgi eroniy tillarning sharqiy lahjalarida so‘zlovchi o‘troq dehqon va chorvador saklar yashar edilar. Ulardan qolgan arxeologik yodgorliklar O‘rta Osiyo bo‘ylab keng tarqalgan. Bu ikki etnik qatlamning bronza davridan boshlab bir hudud doirasida, bir-birlari bilan iqtisodiy va etnomadaniy aloqalar rivoji asosida yashashi va sekin-asta o‘zaro etnik yaqinlashishlarining boshlanishi aynan bronza davridan boshlab yuz berdi.
Ma’lumki, O‘rta Osiyo xalqlarining eng qadimgi yozma manbasi Avesto kitobining lingivistik tahliliga ko‘ra, bronza va ilk davrida tub joyli mahalliy aholi qadimgi eroniy tillarning shimoliy-sharqiy lahjalarida so‘zlashganlar .
Bunday tasavvur arxeologik, antropologik va lingivistik topilmalarda ham o‘z tasdig‘ini topgan. Chunki, bu zaminda unga qadar, ya’ni eneolit va bronza davri aholisining tarixiy ildizlari O‘rta Sharq mintaqalari bilan uzviy va bevosita bog‘liq bo‘lgan . O‘z navbatida Qadimgi Sharqning sug‘orma dehqonchilik va sertarmoq hunarmandchilikka asoslangan yuksak urbanistik madaniyati O‘rta Osiyo tub joyli aholisining etnomadaniy rivojlanishiga katta ta’sirini o‘tkazib kelgan.
Ana shu ta’sir nafaqat avtoxton aholining iqtisodiy – xo‘jaligiga, balki uning tilini shakllanishida ham katta rol o‘ynagan. Bu Avesto matnlarida, Ahamoniylarning qoyatoshlarga bitilgan kitobalarida, sug‘diy, xorazmiy, bohtariy va sak tillarida yozilib, bizgacha yetib kelgan qadimgi yozma manba parchalarida, etnotoponim, etnogeografik atamalarda o‘z aksini topgan. Shu boisdan, O‘rta Osiyoning tub joyli aholisining tili bronza davri va unga qadar qadimgi sharqiy eroniy tillar oilasining turli lahjalaridan bo‘lishini tarix taqozo etadi.
Ammo, qadimgi yozma manbalar va arxeologik yodgorliklarning ilmiy tahliliga ko‘ra, o‘zbek xalqining etnik asosi faqat o‘troq aholining qadimgi dehqonchilik madaniyatlari yodgorliklaridan iborat emas, balki uning shakllanishida chorvador etnik guruhlar ham faol qatnashgan.
O‘rta Osiyo chorvador aholisining aksariyat ko‘pchiligini Avesto turlari va mahalliy saklar tashkil etgan bo‘lib, ular qoldirib ketgan yodgorliklar haqidagi birlamchi ma’lumotlar esa ushbu asarning “O‘zbek xalqi etnik asosining chorvador qabilalari madaniyati yodgorliklari” nomli muayyan VI-bobida bayon etildi.
Yuqorida bayon etilgan yangi ma’lumotlar va ilmiy mulohazalardan kelib chiqib, aytish mumkinki, turkiy til hozirgi O‘zbekiston hududlarida ajdodlarimizning jonli tili sifatida turk xoqonligi yoki antik davrida emas, balki bronza davridan mavjud. Arxeologik materiallar va xalq yodnomalari tahliliga ko‘ra, turkiy til ikki daryo oralig‘i (Amudaryo va Sirdaryo) va uning tevarak-atroflariga ilk bor bronza davrida kirib keldi. Qadimgi yozma manbalar va arxeologik yodgorliklarning ilmiy tahlili ham o‘zbek xalqining etnik asosi ikkita etnik qatlamlardan iborat ekanligini ko‘rsatmoqda. Bu ikki etnik qatlamning har ikkisi ham qadimiy ekanligini moddiy madaniyat va yozma manbalar tasdiqlaydi.
Uzoq asrlar davomida turkiy qabilalar mahalliy eronzabon sug‘diylar, bohtariylar, xorazmiylar va O‘rta Osiyo sak qabilalarining ajdodlari bilan yonma-yon yashab, o‘zaro iqtisodiy va etnomadaniy aloqalar tufayli bir-birlariga yaqinlashadilar. Bu holatlar Qadimgi Xorazmning Suvyorgan va Tozabog‘yob madaniyatlari misolida, Qadimgi Farg‘onaning Chust va Qayroqqum madaniyatlari misolida, Qadimgi Baqtriyaning Sopolli va Andronova madaniyatlari misolida o‘z aksini topgan. Qadimgi Xorazmda ikki etnik guruhlar madaniyatining qorishuvi asosida so‘nggi bronza davrida (Qovundi bosqichida) ularning (ikki etnik guruhlarning) etnomadaniy komponentlar simbiozi kuzatilsa, Shimoliy Baqtriyada Sopolli madaniyatining Ko‘zali va Mo‘lali bosqichlari topilmalarida turkiy tilli ajdodlarimizning izlari moddiy madaniyatda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu holatlar o‘zbek xalqi ikki etnik (eroniy va turkiy tilli) qatlamlar qorishuvi asosida tarkib topganligi va bu qorishuv ilk bor so‘nggi bronza davridan boshlanganligidan guvohlik beradi. Afsuski, yaqin-yaqinlargacha o‘zbek xalqining turkiy etnik qatlami faqat chorvador ko‘chmanchilardan iborat, deb kelindi. Ammo, arxeologik, antropologik va qadimgi Xitoy yozma manbalarning yangicha qiyosiy tahlili esa, o‘zbek xalqining turkiy etnik qatlami so‘nggi bronza davridan boshlab, Sopolli va Sarazm madaniyatlari aholisining madaniy-xo‘jalik ta’sirida juda erta o‘troqlasha boshlaganligi, o‘zbek xalqi etnik tarixini shakllanishida faol ishtirok etganliklarini tasdiqlaydi.
Download 41.57 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling