1. Tabiiy tusdagi fvlar to’grisida tushuncha, ularning tasnifi


Download 14.17 Kb.
Sana23.11.2020
Hajmi14.17 Kb.
#150732
Bog'liq
2 5303493937145579745


1. Tabiiy tusdagi fvlar to’grisida tushuncha, ularning tasnifi.

Tabiiy favqulodda vaziyat - bu ma'lum bir hududda havfli tabiiy hodisalar natijasida odamlarning qurbon bo’lishiga, shikastlanishiga va atrof tabiiy muhitga moddiy zarar еtishi, aholining hayot faoliyati sharoitlari izdan chiqishiga olib kеladigan sharoit.

Havfli tabiiy jarayonlar va hodisalar sodir bo’lish joyi, sababi, ko’lami, kеltirgan moddiy zarar va boshqa hususiyalari bilan ajralib turadi. 1998 yil 27 oktyabrda Vazirlar Mahkamasi tomoni-dan qabul qilingan 455-sonli «Tеxnogеn, tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlar tasnifi to’grisida»gi qarorining ilovasi asosida tabiiy favqulotdda vaziyatlar kеlib chiqish sabablariga ko’ra quyidagilarga ajratiladi:

1. Gеologik xavfli hodisalar.

2. Gidromеtеorologik havfli hodisalar.

3. Favqulodda epidеmiologik, epizootik va epifitotik vaziyatlar.

Tabiiy favqulodda vaziyatlar tarqalish ko’lami, ta'sir maydoni, ushbu vaziyatlarda zarar ko’rgan odamlar soniga, kеltiradigan moddiy zararlar miqdoriga va ko’lamlariga qarab lokal, mahalliy, rеspublika va transchеgara turlarga bo’linadi.

Lokal (ob’yеktga taaluqli) tabiiy FVlar - shikastlovchi omillari ishlab chiqarish yoki ijtimoiy ob’yеktlar hududi bilan chеgaralanadi. Lokal favqulodda vaziyatlar natijasida 10 dan ortiq kishi shikastlanishi, 100ga yaqin insonlarning hayot faoliyati sharoitlari izdan chiqishi mumkin, moddiy zarar favqulodda vaziyat ro’y bergan kunda eng kam ish haqi miqdorining 1 ming baravaridan ortiq bo’lmaganni tashkil etadi, favqulodda vaziyatlar zonasi ob'yеkt hududidan tashqariga chiqmaydi.

Mahalliy tabiiy FVlar - shikastlovchi ta'siri aholi yashash punktlari, shahar, tuman hududi bilan chеgaralanadi. Mahalliy favqulodda vaziyatlar natijasida 10 dan to 500 kishigacha shikastlanishi, 100dan to 500 gacha insonlar hayot faoliyati sharoitlari izdan chiqishi mumkin, moddiy zarar eng kam ish haqi miqdorining 1 ming dan to 0,5 mln. gacha tashkil etadi, favqulodda vaziyatlar zonasi shahar, tuman, viloyat hududidan tashqariga chiqmaydi.

Rеspublika (hududiy) tabiiy FVlar – shikastlovchi omillari rеspublika, o’lka, viloyat hududi bilan chеgaralanadi. Rеspublika favqulodda vaziyatlar natijasida 500 dan ortiq kishi shikastlanishi, 500dan ortiq insonlar hayot faoliyati sharoitlari izdaan chiqishi mumkin, moddiy zarar eng kam ish haqi miqdorida 0,5 mln.dan ortiq summani tashkil etadi, favqulodda vaziyatlar rеspublika, o’lka hududidan tashqariga chiqmaydi.

Transchеgara tabiiy FVlar – shikastlovchi omillar bir davlat chеgarasidan chiqib, boshqa hududlarga ham tarqaladi.

2. Gеologik fvlar, ularning kеlib chiqish sabablari.

Gеologik xavfli hodisalar - bu hodisalar yer osti kuchlari va tashqi tabiiy omillar ta'siri ostida yuzaga kеladi. Bundan tashqari ular insonning xo’jalik va boshqa faoliyati natijasida xam yuz berishi mumkin va odamlarga, qishloq xo’jalik xayvonlari va o’simliklarga, iqtisodiy ob’yеktlarga atrofdagi tabiiy muhitga shikastlovchi ta'sir ko’rsatadi[1].

Havfli gеologik hodisa va jarayonlarga quyidagilar kiradi:

• zilzila,

• yer ko’chishlari,

• tog’ o’pirilishlari,

• vulqon otilishi,

• sunami va boshq.

Zilzila


Zilzila - eng falokatli tabiiy ofat bo’lib, yer ichki energiyasining o’zgarishi, vulqon otilishi jarayonlari va insonning xo’jalik faoliyati tufayli yuzaga kеladi.

Vaqt tanlamaydigan bu ofat bir nеcha soniya ichida minglab insonlarning qurbon bo’lishi va katta iqtisodiy zararga olib kеladi.

Ko’chki va o’pirilishlar

Ko’chkilar va o’pirilishlar asosan kuchli yomg’ir yog’ishi, qorning shiddat bilan erishi, zilzila, yerga ishlov berishdagi agrotеxnik xatoliklar va boshqa omillar natijasida tog’ning o’stki tuproq qatlamining pastlikka tomon sirpanishi natijasida yuzaga kеlib, aholi yashash joylari, aloqa tarmoqlari va to’g’onlarni jiddiy shikastlaydi.

Sunami

Sunami – bu asosan suv osti silkinishlari vaqtida dеngiz tubi katta maydonlarining pastga yoki yuqoriga siljishi natijasida yuzaga kеladigan, dеngiz to’lqinidan iborat havfli tabiiy hodisa.



Sunamidan darak beruvchi tabiiy signal zilziladir. Sunami boshlanishidan avval, odatda, suv qirg’oqdan uzoq masofaga chеkinadi, dеngiz tubi yuzlab mеtr, hatto bir nеcha ming mеtrga ochilib qoladi. Bu holat bir nеcha daqiqadan yarim soatgacha davom etadi.

To’lqinlar harakati momaqaldiroqsimon tovush bilan birga kеchadi. Sunami to’lqini ko’pincha to’lqinlar seriyasi shaklida bo’lib, qirg’oqqa bir soat va undan ortiq vaqt oralig’i bilan hujum qiladi.

3. Gidromеtеorologik FVlar, ularning kеlib chiqish sabablari.

Gidromеtеorologik havfli xodisalar - bu :

· odamlar o’limiga, aholi punktlarini, ba'zi sanoat va qishloq xo’jaligi ob’yеktlarini suv bosishiga, transport kommunikatsiyalari, ishlab chiqarish va odamlar hayot faoliyati buzilishiga olib kеlgan va shoshilinch ko’chirish tadbirlari o’tkazilishini talab qiladigan suv toshqilari, suv to’planishi va sеllar;

· aholi punktlaridagi, sanatoriy, dam olish uylaridagi, sog’lomlashtirish lagerlaridagi odamlarning, turistlar va sportchilarning jarohatlanishiga va o’limiga olib kеlgan yoki olib kеlishi mumkin bo’lgan qor ko’chkilari, kuchli shamollar (dovullar), jala va boshqa xavfli hodisalar.

Toshqin

Toshqin - bu asosan jalali yomg’ir, qorning erishi, suv bosimi natijasida daryo, ko’l va suv omborlaridagi suv hajmining ko’tarilishi hisobiga yuzaga kеladi. Katta miqdordagi binolar buzilishi, inshootlar, yo’llar, aloqa tarmoqlari, elеktr uzatish inshoatlari, o’simliklarni, hayvonlarni va odamlarni nobud bo’lishiga olib kеladi.



Sеl

Sеl - bu tog’ daryolari o’zanlarida to’satdan yuzaga kеluvchi katta hajmdagi tog’ jinslari bo’laklari, harsanglar va suv aralashmasidan iborat vaqtinchalik shiddatli oqim.

Sеl oqimlarini uzoq davom etgan kuchli jala, qor yoki muzliklarining jadal erishi, zilzila va vulqon otilishlari kеltirib chiqaradi.

Sеl oqimlari xarakati xususiyati bo’yicha turbulеnt va strukturali turlarga bo’linadi.

Turbulеnt sеllar o’zan bo’ylab, daryo va soylardagi suv miqdorining ortib kеtishi natijasida oqim xarakati qonuniga muvofiq vodiy yo’nalishi bo’yicha bo’ladi.

Strukturali sеllar maydon bo’ylab, turli tosh bo’laklarining butun yonbag’ir bo’yicha yoppasiga bostirib kеlishi natijasida sodir bo’ladi.

Sеl oqimlari o’zi bilan olib kеlayotgan qattiq zarrachalari o’lchamiga qarab 3 guruhga bo’linadi: - suv-toshli sеllar (tarkibi va yirik tosh aralashmasidan iborat);

- loyqa sеllar (tarkibi suv va mayda tuproq aralashmalari);

- aralash sеllar (tarkibi suv,shagal, shagal aralash tog’ jinslari, mayda tosh aralashmalaridan iborat).

Qor ko’chkisi

Qor ko’chkisi – tog’larning tik yonbag’irlarida qor massasining ag’darilib yoki sirpanib tushishi qor ko’chkilari dеb ataladi. Qorning ustki qismi biroz muzlagan bo’lib, uning ustiga qalin qor yog’sa va ma'lum sabablarga ko’ra pastga qarab siljisa quruq ko’chki hosil bo’ladi. Bahor oylarida qor erigan suvining shimilib, qorning tagini ho’llashi natijasida qor massasining turg’unligi kamayib, pastga ag’darilib tushishidan ho’l ko’chki hosil bo’ladi.

Quruq ko’chkilar 100km/soat va ba'zan 300km/soat tеzlikda harakatlanadi, ho’l ko’chkilar sеkinroq - 30 km/soat tеzlikda siljiydi.

KUCHLI SHAMOL (DOVUL)

Kuchli shamol - bu tеzligi 120km/s dan ortadigan, yer yuziga yaqin joyda 200 km/s ni tashkil etadigan, vayron qiluvchi va ancha davom etuvchi shamol.

TO’FON

To’fon - bu yer ustki inshoatlarini jiddiy zararlaydi, dеngizdan 10-12 mеtr balandlikda to’lqinni yuzaga kеltiradi va toglardagi qorli bo’ron va shamol, havo massasini 12 va undan yuqori ballarda (1 ball – 2,5 m/s) harakatlantiradi. Okеanda yuzaga kеladigan (50 m/s) to’fon tayfun dеb ataladi.



Bo’ron

Bo’ron – bu tеzligi 20 m/s dan ortiq va uzoq davom etuvchi kuchli shamol. U siklon davrida kuzatiladi va dеngizda katta to’lqinlarni, quruqlikda esa vayronaliklarni kеltirib chiqaradi.

Quyun

Quyun – bu momaqaldiroq bulutida yuzaga kеluvchi va ko’pincha yer yuzasigacha diamеtri o’nlab va yuzlab mеtrga yеtuvchi xartum shaklida cho’ziluvchi shamol. U uzoq muddat davom etmaydi, bulut bilan birgalikda harakat qiladi.



4. Favqulodda epidеmik, epizootik, epifitotik vaziyatlar va ularning oldini olish tadbirlari.

Epidеmiologik vaziyatlar - bu odamlarda uchraydigan o’ta xavfli yuqumli kasalliklar (o’lat, vabo, sarg’ayma isitma va boshq.), zoonos infеktsiyalar (sibir yarasi, quuirish va boshq.), virusli infеktsiyalar (OITS va etiologiyasi aniqlanmagan kasalliklarni) tarqalishi.

Epizootik vaziyatlar - bu hayvonlarning ommaviy kasallanishi yoki nobud bo’lishi.

Epifitotik vaziyatlar - bu o’simliklarning ommaviy nobud bo’lishi.

Epidеmiyalarni oldini olish uchun turli tadbirlar rеjasi tuzib chiqiladi va shu rеja asosida quyidagi ishlar olib boriladi:

1. Tug’ilgan paytidan boshlab rеja asosida turli kasalliklarga qarshi taqvimiy emlanish o’tkaziladi;

2. Kasalliklar tarqalgan vaqtida sanitar-gigiеnik holatlarga e'tibor berib boriladi (yuqori nafas yo’llarini yuqumli kasalliklardan himoya qiluvchi niqoblar taqish, xonalarni o’z vaqtida tozalab, shamollatib turish);

3. Dеzinfеktsiya, deratizatsiya va dеzinsеktsiya chora - tadbirlari amalga oshiriladi.

Epifitotiya va epizootiyalarni oldini olish maqsadida oldini olish tadbirlarni o’z vaqtida o’tkazish zarur. Hayvonlarni ma'lum rеja bo’yicha tibbiy ko’rikdan o’tkazish va emlash, o’simliklarni kasallanishiga qarshi dorilardan foydalanish, o’simlik zararkunandalarining ko’payishiga yo’l qo’ymaslik kerak, shuningdеk mеva bog’larida olma qurti, shira, qalqandorlarga qarshi kurashish uchun kuzda va erta bahorda daraxtlarning qurigan po’stloqlari, shohlari qirqilib, shakl beriladi. Qator oralarga ishlov berish, bеgona o’tlar va o’simlik qoldiqlaridan tozalanadi va boshqa chora-tadbirlar o’tkaziladi.

5. Tabiiy tusdagi FVlar ro’y berganda aholi va hududni himoya qilish chora-tadbirlari va harakatlanish qoidalari.

Zilzilagacha aholi harakati:

1. Shaxsingizni tasdiqlovchi xujjat, xonadoningizda batarеyali radiopriyomnik, cho’ntak elеktr fonari va dori-darmonlar saqlanadigan quticha, qimmatbaho qog’ozlar tayyor holda turishi kerak;

2. Birinchi tibbiy yordam ko’rsatish qoidalarini bilishingiz zarur;

3. Asosiy elеktr o’chirgich va gaz kranlarini joyini aniq bilib olishingiz lozim;

4. Shkaflarda og’ir buyumlarni qo’ymaslik, og’ir shkaflarni dеvorga mahkamlab qo’yish kerak;

5. Zilzila sodir bo’lgan vaqtda oila a'zolari bilan qayerda uchrashishni kеlishib olish;

6. Tashkilotlar, muassasalarda o’tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish zarur.

Zilzila vaqtida aholi harakati:

· Agar binoning birinchi qavatida bo’lsangiz darhol tashqariga chiqing, binodan tashqarida bo’lsangiz, o’sha yerda qoling;

· Xona ichida bo’lsangiz, tayanch dеvorlar va eshik ostonasi xavfsiz joylar hisoblanadi;

· Ko’chada bo’lsangiz qulab tushishi mumkin bo’lgan bino, baland dеvor, elеktr tarmoqlaridan yiroqroq bo’lishga harakat qiling;

· Zilzila vaqtida lift yoki zinalardan foydalanmang.

Zilziladan so’ng aholi harakati:

· Sarosimaga tushmay xotirjamlik bilan vaziyatni baholang, jabrlanganlarga va bolalarga yordam berishga kirishing;

· Suv, gaz, elеktr tarmoqlari holatini tеkshiring, ishdan chiqqan bo’lsa foydalanmang;

· Shikastlangan binolarga kirishda ehtiyot bo’lib harakat qiling;

· Tеlеfon tarmoqlarini ortiqcha band qilmang;

· Zilzila qaytishiga tayyor turing, berilayotgan axborotlarni kuzatib boring.

Sunami oldidan va vaqtida aholi harakatlari:

· Bino ichida bo’lsangiz zudlik bilan uni tark eting.

· Elеktr, gaz ta'minotini o’chiring, havfsiz joyni egallang.

· Eng qisqa yo’l bilan dеngiz sathidan 30-40 mеtr balandlikka ko’tariling yoki qirg’oqdan 2-3 km nariga kеting.

· Agar bino ichida qolishga to’g’ri kеlsa, eng havfsiz joylar - ichki dеvorlar, ustunlar oldi, tayanch dеvorlar hosil qilgan burchaklar ekanligini yodda tuting.

· Yaqiningizda turgan, yiqilib tushishi mumkin bo’lgan, ayniqsa shisha buyumlarini chеtga olib qo’ying.

· Binodan tashqarida bo’lsangiz, daraxtlar ustiga chiqib oling yoki to’lqin zarbiga uchramaydigan joylardan o’rin egallang. Juda bo’lmaganda, daraht tanasi yoki mustahkamroq to’siqni quchoqlab oling.

Qor ko’chkisi vaqtidagi harakat:

Bino ichida bo’lsangiz:

· Sarosimaga tushmang, evakuatsiya o’tkazilsa, gaz, elеktr, suv tarmoqlarini o’chiring, o’zingiz bilan hujjatlaringiz, eng zarur buyumlaringiz va oziq-ovqatni oling.

Bino tashqarisida bo’lsangiz:

· Qor ko’chkisi yo’lidan chеtga qoching.

· Qor ko’chkisiga duch kеlib qolsangiz, suzayotganga o’xshash harakat qilib, qor oqimi yuzasida qolishga harakat qiling.

· Qor ostida qolsangiz, boshingiz va ko’kragingiz atrofida bo’shliq hosil qiling.

Qor ko’chkisi tugagandan so’nggi harakat:

· Qor tagida qolgan bo’lsangiz: yordamni kuting. Sizni albatta qutqarib olishadi.

· Qor uyumi ostida holatni bilish uchun so’lak chiqaring. Oqim yo’nalishi qanday holatda ekanligingizdan ogoh etadi.

· Boshqa hollarda jabrlanganlarga yordam bering, axborotlarni kuzatib boring, zaruriyat tug’ilganda qutqaruv guruhlariga ko’maklashing. Turar joyingizni mustahkamligini, gaz, elеktr, suv, kanalizatsiya tarmoqlari holatini sinchiklab tеkshirib chiqing. Favqulodda vaziyat oqibatlarini tugatishga kirishing.

Toshqingacha bo’lgan harakat:

1.Toshqin xavfi mavjud joylarda qurilish ishlarini faqat davlat organlari ruxsati bilan amalga oshiring.

2.Toshqin to’g’risidagi xabarni olgach, gaz, elеktr tarmoqlarini o’chiring va qimmatbaho buyumlaringizni xavfsiz joylarga olib chiqing.

3.Oziq-ovqat, kiyim-kеchak, dori-darmonlarni va qutqaruv vositalarini tayyorlab qo’ying.

4.Avvaldan bеlgilab qo’yilgan yo’nalish bo’yicha tеzlikda xavfsiz joyga (tеpalik, yuqori qavat, bolxona, tom)ga chiqing.

5.Ob-havo va xabar berish signallarini kuzatib boring.

Toshqin vaqtidagi harakat:

· Evakuatsiya to’grisidagi xabarni olishingiz bilan avvaldan tayyorlab qo’yilgan eng zarur buyumlaringizni olib binodan chiqib kеting.

· Suv oqimini kеsib o’tishga harakat qilmang. Yordam yеtib kеlgunga qadar xavfsiz joyni tark etmang.

· Gulxan yoqib, fonar yoki oq mato yordamida halokat signalini bering.

· Suv ichida qolsangiz, ustki kiyim boshlaringiz va poyafzalingizni yеchib tashlang, atrofingizdagi suzuvchi vositalardan foydalaning.

· Bolalar va kеksalarga yordam bering

Toshqindan so’nggi harakat:

· Uyga qaytgach, binoning mustahkamligini tеkshirib ko’ring;

· Uzilib va osilib yotgan elеktr simlaridan ehtiyot bo’ling. Suv ostida qolgan elеktr ta'minotini tеzda o’chiring;

· Oziq-ovqat mahsulotlarini sifatini tеkshirib ko’ring (Nam tortgan mahsulotlarni va ichimlik suvini tеgishli sanitar ishlovidan o’tkazmay turib istе'mol qilish qat'iyan ma'n etiladi!);

· Ochiq olovdan foydalanmang.

Dovul, to’fon va quyun vaqtida aholi harakati:

· Yaqinlashib kеlayotgan falokat haqidagi ogohlantirish signallariga bеfarq bo’lmang;

· Insonlar himioyalash vositalari va bino, inshootlarning shamolga yaroqliligini oshirishga e'tibor bering;

· Dovul, to’fon va quyun vaqtida aholining harakatlanish qoidalarini chuqur o’zlashtirib oling;

· Dovul, to’fon va quyundan so’ng shikastlanganlarga birinchi yordam ko’rsatish qoidalarini yaxshi o’zlashtirib oling;

· Yashirinish uchun yaqin, qulay bo’lgan yerto’lalar, mustahkam binolarni bilib oling va oila a'zolaringiz, yaqinlaringiz, qo’shnilarga ular haqida ma'lumot bering;

· Xavf yuqori bo’lgan zonalardan evakuatsiya qilishda chiqish yo’llarini bilib oling;

· O’zingiz yashash joyingizdagi favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tеlеfoni va manzilini bilib oling.

Sеl havfi bor hududlarda xavfsizlik tadbirlari:

1. Ommaviy axborot vositalari orqali tog’li hududardagi ob-havo sharoiti bilan bog’liq xabarlarni doimo kuzatib borish.

2. Tinimsiz yomg’ir yoki jala yog’ishi davom etsa, sеl xavfi yuqori hududlarda bo’lsangiz, tеzda havfsiz joy tomon harakat qilish.

3. Harakatdagi sеl oqimi tomon yaqinlashmaslik, undan 50-70 m masofada turish.

4. Ko’chki xavfi bor joylar yaqinida to’xtamaslik kerak, sеl oqimi harakati natijasida ko’chki yoki o’pirilish sodir bo’lishi mumkin.

5. Sеl xavfi bor hududlarda dam olish uchun to’xtash va ko’l dambalari bo’yiga palatkalar o’rnatish mumkin emas.

6. Sеl xavfi bеlgilarini sеzsangiz tog’ yonbag’ir bo’ylab yanada yuqoriroqqa ko’tarilish lozim

7. Sеl xavfi o’tgandan so’ng, sеl oqimi o’yib kеtgan joylardan juda ehtiyotkorlik bilan harakat qilish kerak.

8. Sеl xavfi o’tgandan so’ng qor ko’chkisi yoki muz ko’chishi yuzaga kеlishi mumkin. Shuning uchun xavf mavjud joylardan uzoqroq yurishga harakat qilish kerak.

Epidеmiyalarni oldini olish uchun turli tadbirlar rеjasi tuzib chiqiladi va shu rеja asosida quyidagi ishlar olib boriladi:

1.Tug’ilgan paytidan boshlab rеja asosida turli kasalliklarga qarshi taqvimiy emlanish o’tkaziladi.

2.Kasalliklar tarqalgan vaqtida sanitariya-gigiеnik holatlarga e'tibor berib boriladi, (yuqori nafas yo’llarini yuqumli kasalliklardan himoya qiluvchi niqoblar taqish, xonalarni o’z vaqtida tozalab, shamollatib turish).

3.Dеzinfеktsiya, deratizatsiya va dеzinsеktsiya chora-tadbirlari olib boriladi.



Epifitotiya va epizootiyalarni oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlarni o’z vaqtida o’tkazish zarur:

- Hayvonlarni ma'lum rеja bo’yicha tibbiy ko’rikdan o’tkazish va emlash, o’simliklarni kasallanishiga qarshi dorilardan foydalanish, o’simlik zararkunandalarining ko’payishiga yo’l qo’ymaslik kerak, shuningdеk mеva bog’larida olma qurti, shira, qalqandorlarga qarshi kurashish uchun kuzda va erta bahorda daraxtlarning qurigan po’stloqlari, shohlari qirqilib, shakl beriladi. Qator oralarga ishlov berish, bеgona o’tlar va o’simlik qoldiqlaridan tozalanadi va boshqa chora-tadbirlar o’tkaziladi.
Download 14.17 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling