1 temButun dunyo miqyosida har yili 30-iyun Xalqaro parlamentarizm kuni sifatida keng nishonlanadi. Zero, 1889-yil aynan shu sanada Parijda Parlamentlararo Ittifoq parlamentlarning global tashkiloti tuzilgan


Download 13.8 Kb.
Sana04.02.2023
Hajmi13.8 Kb.
#1164121
Bog'liq
1 temaButun duny-WPS Office


1 temButun dunyo miqyosida har yili 30-iyun – Xalqaro parlamentarizm kuni sifatida keng nishonlanadi. Zero, 1889-yil aynan shu sanada Parijda Parlamentlararo Ittifoq — parlamentlarning global tashkiloti tuzilgan. Soʻngra, 2018-yil 22-mayda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ushbu kunni Xalqaro parlamentarizm kuni sifatida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Parlamentlararo Ittifoq vitse-prezidenti Akmal SAIDOV bilan mazkur xalqaro sananing mohiyati va ahamiyati haqida OʻzA muxbiri bilan suhbatlashdi.

Avvalambor, bu sana butun jahonda parlamentlar tizimining oʻrnini oshirish, taʼbir joiz boʻlsa, har bir parlamentning oʻz mamlakati hududida istiqomat qiladigan yuz minglab-millionlab fuqarolari hayotini yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgani bilan juda muhim, – deydi A.Saidov. – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Biz milliy parlamentimiz timsolida, avvalo, jamiyatimizning haqiqiy koʻzgusini, odamlarni oʻz ortidan ergashtirib, ezgu maqsadlar sari boshlashga qodir boʻlgan katta bir kuchni koʻramiz”.

Mazkur xalqaro bayramning aynan 30-iyun kuniga belgilangani ham bejiz emas. Bu sana sayyoramizdagi eng keksa xalqaro tashkilotlardan biri – Parlamentlararo Ittifoq tarixi bilan chambarchas bogʻliqdir.

Maʼlumki, 1889-yilda taʼsis etilgan mazkur Tashkilot oʻtgan davrda tom maʼnoda parlamentlararo xalqaro birdamlikning yorqin ifodasiga aylandi. Bu nufuzli Tashkilot dunyo parlamentlarining yetakchi xalqaro organi sifatida 179 mamlakatni oʻzida birlashtirgan. Mintaqaviy parlamentlararo birlashmalarning 13 tasi ham Parlamentlararo Ittifoqning uyushgan aʼzolari hisoblanadi. 1971-yildan buyon bosh qarorgohi Jenevada joylashgan.

Aʼzo parlamentlar va ularning deputatlari oʻrtasida yuksak qadriyatlarni ilgari suradigan ushbu Tashkilot barcha millatlar oʻrtasida hamkorlik va muloqotni ragʻbatlantirib kelmoqda. Ayni vaqtda tinch va hamjihat kelajakni taʼminlash uchun samarali qarorlar qabul qilish yoʻlida xizmat qilmoqda.

Parlamentlararo Ittifoq dunyo mamlakatlarining qonun chiqaruvchi organlari uchun global muloqot maydoni hisoblanib, uning doirasida muhokama qilingan masalalar jahon hamjamiyati eʼtiboriga yetkaziladi. Parlamentlar oʻrtasidagi aloqalarni ragʻbatlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat koʻrsatish uchun ularni birlashtirish mazkur Tashkilotning asosiy vazifalaridan biridir.

Bugungi kunda Parlamentlararo Ittifoqning ovozi dunyo boʻylab tobora baland yangramoqda. Mazkur Tashkilot faoliyati misolida hozirgi zamon xalqaro munosabatlari mezonlarining samaradorligi baralla koʻrinmoqda.

Oʻtgan yillar davomida Parlamentlararo Ittifoq koʻplab xalqaro va mintaqaviy parlamentlararo tashkilotlar yuzaga kelishi uchun namuna boʻlib xizmat qildi. Bunday tashkilotlarning soni ayni vaqtda 100 tadan oshadi.

Parlamentlararo Ittifoq BMT bilan yaqin hamkorlik qiladi va uning maqsadlari hamda vazifalarini qoʻllab-quvvatlab keladi. Parlamentlararo Ittifoqqa BMTning Bosh Assambleyasi qoshidagi kuzatuvchi-tashkilot maqomi berilgan.

– Oʻzbekiston bilan Parlamentlararo Ittifoq oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari qanday rivojlanmoqda?

– Oʻzbekiston Respublikasi Parlamentlararo Ittifoqqa 1992-yilda aʼzo boʻlgan. Mamlakatimiz 2017-yil 13-oktyabrdan mazkur Tashkilotdagi aʼzoligini qayta tikladi. Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Parlamentlararo Ittifoq bilan faol hamkorlik qilmoqda.

2019-yil 17-oktyabrda Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor mamlakatimiz vakili Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qoʻmitasining aʼzosi boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 2020-2023-yillar oraligʻidagi muddatga ushbu yuksak lavozimga saylandi.

Keyinchalik A.Saidov Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari etib tayinlandi. Shuningdek, Tashkilotning Moliya boʻyicha kichik qoʻmitasiga aʼzo boʻldi.

2020-yilda Parlamentlararo Ittifoq Oliy Majlisning koronavirus pandemiyasi davridagi faoliyatini yuqori baholadi. Bu haqdagi bayonot Tashkilotning rasmiy saytiga joylashtirildi.

Parlamentlararo Ittifoqning 2021-yili boʻlib oʻtgan 142-assambleyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Aslanov Parlamentlararo Ittifoqning Yosh parlamentariylar forumi aʼzoligiga qabul qilindi.

Parlamentlararo Ittifoqning 142-assambleyasida ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qoʻmita rasining oʻrinbosari N.Tilavoldiyev Parlamentlararo Ittifoqning Demokratiya va inson huquqlari boʻyicha doimiy qoʻmitasi aʼzoligiga saylandi.

Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati M.Baratova Parlamentlararo Ittifoqning Barqaror taraqqiyot boʻyicha doimiy qoʻmitasiga aʼzo boʻldi.

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong 2020-yil avgustida oʻtkazilgan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumida virtual rejimda ishtirok etgan. Yaqinda janob Martin Chungongning mamlakatimizga amalga oshirgan ilk tashrifi oʻzaro hamkorlik munosabatlarini tubdan yangi bosqichga koʻtardi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi qabul qildi. Moʻtabar mehmon Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi va Qonunchilik palatasi Spikeri bilan uchrashdi. Moʻtabar mehmon Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtadigan “Parlamentda yoshlarni qoʻllaymiz” mavzusidagi yoshlar parlament forumida ishtirok etdi.

Shuningdek, Martin Chungong 23-24-iyun kunlari Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” xalqaro forumida ishtirok etdi. Oʻz navbatida, 25-iyunda Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibining Samarqand shahrida keng jamoatchilik va din arboblari ishtirokida tashkil etiladigan “Millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni taʼminlashda parlamentning roli” mavzusidagi parlament forumida qatnashdi.

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, parlamentarizmni rivojlantirish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar holatini yaxshilash borasidagi oʻzgarishlarni ijobiy baholaydi. Martin Chungong Oʻzbekiston Prezidenti ilgari surgan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlash borasida parlamentlarning rolini oshirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyasini qabul qilishga doir tashabbusini xalqaro tashkilotlar rahbarlari orasida birinchilardan boʻlib qoʻllab-quvvatlagan.

– Yangi Oʻzbekistonda yangilanayotgan Parlamentning ahamiyati nimada?

– Chindan ham, Oʻzbekiston Prezidenti taʼkidlaganidek, bugungi Oliy Majlis yangicha parlamentdir. Chunki deputatlarimiz oʻz saylovchilarining xohish-irodasini hisobga olib, bevosita xalq bilan ishlay boshladi. Ayni paytda parlament vakolatlari izchil kengaytirilib, hatto Prezident vakolatlarining ayrimlari ham Oliy Majlisga oʻtkazib berilmoqda.

Milliy taraqqiyotning hozirgi oʻziga xos oʻtish bosqichida bularning barchasi hal qiluvchi rol oʻynaydi. Binobarin, taniqli fransuz adibi va faylasufi Jan Jak Russo aytganidek, “qonunchilik hokimiyati – davlatning yuragi boʻlsa, ijroiya hokimiyati – uning miyasi”.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda “Elektron parlament” tizimini joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi. Parlament nazorati shakllaridan koʻproq foydalana boshladik, joylardagi mahalliy Kengashlar faoliyati ham sezilarli darajada faollashmoqda.

Eng asosiysi, 2017-yildan boshlab Oʻzbekistonda yangicha davlat huquqiy amaliyoti – davlat rahbarining Oliy Majlis palatalariga Murojaatnoma taqdim etish anʼanasi joriy etildi. Prezident Murojaatnomalari nafaqat milliy parlament aʼzolariga, balki butun Oʻzbekiston xalqiga bevosita murojaat sifatida yana-da ahamiyatlidir.

Davlat boshligʻining parlamentga Murojaatnomasi – dasturiy siyosiy-huquqiy hujjatdir. Murojaatnomada, birinchidan, Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yoʻnalishlar boʻyicha nuqtayi nazari bayon qilindi; ikkinchidan, siyosiy, iqtisodiy, gʻoyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflar ilgari surildi; uchinchidan, u jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari boʻlinishi prinsipini taʼminlashga qaratilgan muhim huquqiy institut sifatida namoyon boʻldi.

Keyingi yillar tajribasi shuni tasdiqlamoqdaki, oʻtayotgan har bir yilimiz ulkan dastur va loyihalarni amalga oshirish, davlat va jamiyatni yana-da rivojlantirish borasidagi bilimu tajribamizni boyitish borasida yangi bosqichlarga yuksalish davri sifatida tarixga muhrlanmoqda.

Davlatimiz rahbari bu borada yangi anʼanani parlament amaliyotiga kiritish taklifi bilan chiqdi. Yaʼni, endilikda Bosh vazir hukumat aʼzolari bilan birga Oʻzbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi doirasida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha Senat va Qonunchilik palatasida har uch oyda hisobot bermoqda.

Ushbu jarayonlar ommaviy axborot vositalarida tanqidiy-tahliliy asosda keng yoritilmoqda. Natijada xalqimiz Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalar ijrosi qanday holatda ekanidan muntazam xabardor boʻlmoqda. Bu, oʻz navbatida, Hukumat faoliyatiga xalqning oʻzi baho berishi uchun qulay imkoniyat yaratadi.

Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini, vazirlarni ham Oliy Majlis tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy qilindi. Ayni paytda mahalliy Kengashlar viloyat va tuman idoralari rahbarlarini tasdiqlashi masalasi ham har boʻlish arafasida.

Bu kabi yangiliklar davlat boshqaruvini yana-da demokratlashtirish, davlat idoralarini xalqimizga yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda. Natijada Prezidentimiz ilgari surgan hayotiy gʻoya – xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerakligi qonunlar darajasida mustahkamlanmoqda.

– Parlamentning inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasidagi oʻrni va salohiyati qanday?

– Keyingi besh yilda mamlakatimizda Biznes-Ombudsman va Bolalar Ombudsmani tashkil etildi. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Gender tenglikni himoya qilish boʻyicha komissiya kabi yangi tuzilmalar ish boshladi.

Inson huquqlari Oʻzbekistonning xalqaro obroʻsini, imijini koʻtarishga xizmat qiladi. Inson huquqlarining ahvoli mamlakatga xorijiy sarmoyalar va ilgʻor texnologiyalar jalb etish uchun zarur sharoit, maqbul muhit yaratadi.

Inson huquqlari mamlakatda tinchlik va xavfsizlik taʼminlanishiga, barqaror iqtisodiyot rivojiga yordam beradi. Inson huquqlari amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga sodiqlikni koʻrsatadi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasi parlament faoliyatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Bu real voqelikni quyidagi ikkita dalil ham yaqqol isbotlaydi.

Birinchidan, keyingi yillarda inson huquqlari masalasida jahon hamjamiyatining Oʻzbekistonga munosabati tubdan oʻzgardi. Ilgari, mustaqillikning 25 yili davomida inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish borasida boshimiz tanqiddan sira chiqmagan. Shu chorak asrlik muddat Oʻzbekiston uchun inson huquqlari masalasida surunkali tanqid va malomatlar davri boʻldi.

Endi vaziyat butunlay oʻzgardi. Keyingi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan tarixiy ishlar dunyo hamjamiyati tomonidan muntazam eʼtirof etilmoqda va qoʻllab-quvatlanmoqda. 2016-yildan eʼtiboran Oʻzbekistonni inson huquqlari masalasida eʼtirof etish va namuna qilib koʻrsatish davri boshlandi.

Ikkinchidan, mamlakat ichkarisida ham bu boradagi munosabat butunlay oʻzgarayotgani kuzatilmoqda. Yurtdoshlarimizning davlat hokimiyatiga ishonchi osha boshladi. Bu, oʻz navbatida, bugungi kundan rozilik va shukronalik hamda ertangi kunga ishonch tuygʻularini mustahkamlamoqda. Natijada fuqarolarimizda Vatan, xalq taqdiri va kelajagiga haqiqiy daxldorlik hissi kuchaydi.

Shunday qilib, milliy parlamentimiz xalq farovonligini taʼminlash, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ham milliy, ham xalqaro darajada mustahkamlash borasida muhim rol oʻynamoqda.

Oʻzbekiston parlamenti qonunchilik ishlari bilan bir qatorda, hayotiy muhim masalalarni amalga oshirish boʻyicha monitoring funksiyalarini ham kuchaytirdi. Xususan, Gender tenglik masalalari boʻyicha komissiya, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha milliy komissiya, shuningdek, parlament yuqori palatasida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tuzildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya va Tashqi ishlar vazirliklarining hisobotlari eshitilishi tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

– Parlamentimizning xalqaro hamkorlik aloqalari holati haqida nima deya olasiz?

– Oʻzbekiston istiqlol tufayli mustaqil xalqaro huquq subyekt sifatida jahon hamjamiyati safidan mustahkam oʻrin egalladi. Oʻtgan davrda koʻplab nufuzli xalqaro tashkilotlarning teng huquqli aʼzosi boʻldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YUNESKO, YUNISEF, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Parlamentlararo Ittifoq, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi kabi xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar bilan faol xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.

Bugungi kunda Oliy Majlis mamlakatimizning milliy manfaatlarini himoya qilishga hamda ilgari surishga asoslangan tashqi siyosiy faoliyatning ham faol ishtirokchisiga aylandi. Soʻnggi yillarda Oliy Majlis Parlamentlararo Ittifoq, MDH Parlament Assambleyasi, YEXHT Parlamentlararo Assambleyasi kabi qator nufuzli parlamentlararo uyushmalarga aʼzo boʻlib kirdi.

Maʼlumki, 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi Kun tartibida bayon etilgan Barqaror rivojlanish sohasidagi 17 maqsad (BRM) 2016-yilda rasman kuchga kirdi. Harakatlar strategiyasi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish boʻyicha Oʻzbekistonning “yoʻl xaritasi” boʻldi va u besh bosqichda amalga oshirilmoqda.

Bu bosqichlarning har biri alohida har yilgi Davlat dasturini tasdiqlashni va uni yil eʼlon qilingan nomlanishga muvofiq amalga oshirishni koʻzda tutadi. Ushbu dasturilmal hujjat asosida quyidagilar amalga oshirildi:

birinchidan, davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha vakolatlari yana-da kengaytirildi;

ikkinchidan, qabul qilinayotgan qonunlarning amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga taʼsirini kuchaytirishga yoʻnaltirgan holda qonun ijodkorligi faoliyati sifati tubdan oshirildi;

uchinchidan, siyosiy tizimni rivojlantirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, ular oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish masalalariga qatʼiy eʼtiborda turibdi.

Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar “Inson manfaati hamma narsadan ustun” degan gʻoyani amalda roʻyobga chiqarishga qaratilgan boʻlib, davlatimiz tomonidan bu borada qator ishlar amalga oshirilib, ular mamlakatning xalqaro miqyosda obroʻyini yuksaltirishga katta turtki bermoqda.

Shuni taʼkidlash joizki, Harakatlar strategiyasi qabul qilingan davrga qadar Oʻzbekistonning parlamentlararo munosabatlari, xususan, xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro muloqotlari muzlatib qoʻyilgan edi. Aynan shuning uchun ham zamon shiddat bilan oʻzgarayotgan bir paytda, biz ushbu “muzni” eritib, taraqqiy etgan davlatlar bilan tenglik asosida siyosiy va iqtisodiy munosabatlarga kirishib, birinchi oʻrinda xorijiy parlamentlar bilan parlament diplomatiyasi doirasida yaqin munosabatlarni oʻrnatishga kirishdik.

Oʻzbekiston parlamenti xalqaro parlament jamoatchiligining teng huquqli aʼzosi sifatida Parlamentlararo Ittifoq hamda boshqa xalqaro parlamentlar forumlarida faol ishtirok etyapti. Oʻzbekiston Parlamentlararo Ittifoq va BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining “Parlament va inson huquqlari prinsiplari”ni qabul qilish, BMTning 75 yilligi boʻyicha Deklaratsiyaga bugungi xalqaro munosabatlarda milliy parlamentlar va Parlamentlararo Ittifoqning roli toʻgʻrisidagi qoidalarni kiritish boʻyicha tashabbuslarni qoʻllab-quvvatladi.

Keyingi yillarda Oʻzbekistonning tashabbuslari BMT darajasida qoʻllab-quvvatlanmoqda. Mamlakatimizga BMT Bosh kotibi, Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar, BMTning Diniy eʼtiqod boʻyicha maxsus maʼruzachisining amalga oshirgan tashriflari katta ahamiyatga ega boʻldi. Bu tashriflar yakunlari boʻyicha milliy parlament tomonidan “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi va izchillik bilan amalga oshirilmoqda.



Xulosa qilib aytganda, milliy parlamentlar oʻz mamlakatining rivojlanish jarayonlarida katta rol oʻynaydi. Qolaversa, Parlamentlar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning muhim vositasidir.

Shu maʼnoda, milliy parlamentimiz demokratik boshqaruvning yuragi sifatida hamisha fuqarolarning, saylovchilarning, fuqarolik jamiyatining huquq va manfaatlari himoyasida mustahkam turishi shart.
Download 13.8 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling