1990 yil 24 mart kuni O‘zbekiston ssr oliy Kengashining sessiyasida I. Karimov O‘zbekiston ssr prezidenti etib saylandi
Download 59.67 Kb.
|
Islom Abdug
Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1938 yil 30 yanvarda Samarqand shahrida, xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Malumoti - oliy. O‘rta Osiyo Politexnika va Toshkent Xalq xo‘jaligi institutlarini tugatgan. Muhandis-mexanik va iqtisodchi mutaxassisliklariga ega. Iqtisod fanlari nomzodi. Mehnat faoliyatini 1960 yilda Toshkent qishloq xo‘jalik mashinasozligi zavodida boshlagan. 1961 yildan 1966 yilgacha V.P.Chkalov nomidagi Toshkent Aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, yetakchi muhandis-konstruktor bo‘lib ishladi. 1966 yilda O‘zbekiston SSR Davlat plan komitetiga ishga o‘tib, bosh mutaxassislikdan respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi o‘rinbosarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. 1983 yilda I.Karimov O‘zbekiston SSR Moliya vaziri, 1986 yilda O‘zbekiston SSR Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari, respublika Davlat plan qo‘mitasining raisi etib tayinlandi. 1986-1989 yillar mobaynida Qashqadaryo viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, 1989 yilning iyunidan boshlab O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimlarida ishladi. 1990 yil 24 mart kuni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida I.Karimov O‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. 1991 yil 31 avgust kuni I.Karimov tarixiy voqea – O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qildi. 1991 yil 29 dekabrda muqobillik asosida o‘tkazilgan umumxalq saylovida I.Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 1995 yil 26 martda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi yakunlariga ko‘ra, I.Karimovning prezidentlik vakolati 2000 yilga qadar uzaytirildi. 2000 yil 9 yanvarda muqobillik asosida o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq, I.Karimov 7 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2007 yil 23 dekabrida muqobillik asosida o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, I. Karimov 7 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2015 yil 29 mart kuni muqobillik asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga ko‘ra Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq, Islom Karimov 5 yillik muddatga, mamlakatning oliy lavozimiga saylandi. I.Karimov suveren va mustaqil O‘zbekistonni barpo etish, xalqparvar, demokratik huquqiy davlat yaratish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta’minlash ishiga qo‘shgan ulkan hissasi, hamda, bu borada matonat va jasorat ko‘rsatganligi uchun "O‘zbekiston Qahramoni" unvoni, "Mustaqillik" va "Amir Temur" ordenlari bilan taqdirlangan. Shuningdek, u bir qancha xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning orden va medallari bilan ham mukofotlangan. I.Karimov O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zosi. Ayni vaqtda u iqtisod, fan, ta’limni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun ko‘pgina xorijiy mamlakatlar universitet va akademiyalarining faxriy fan doktori, hamda akademikligiga saylangan. O‘zbekiston xalqi istiqlol yillarida erishilgan salmoqli yutuqlarni haqli ravishda I.Karimov nomi va faoliyati bilan bog‘laydi. I.Karimov mamlakatda amalga oshirilgan ulkan ishlar, tarixiy o‘zgarishlarning tashabbuskori va rahnamosidir: O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi, mamlakat mustaqil taraqqiyot dasturini ishlab chiqqan va milliy taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan atoqli davlat arbobidir; demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to‘la javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy muallifi va uni hayotga tatbiq etishning kafolatidir; markaziy hokimiyat va uning joylardagi bo‘g‘inlarini isloh qilish, davlat, jamiyat va inson munosabatlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan yangi siyosiy-ijtimoiy tizim tamoyillarini ishlab chiqdi va amalga oshirdi; xalqning o‘ziga xos xususiyatlari hamda ilg‘or jahon tajribalarini mujassamlashtirgan, iqtisodiy islohotlarning yangi modelini ishlab chiqdi. Bu rivojlanish yo‘li iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi, qonun ustuvorligi, o‘tish davrida davlatning boshqaruvchilik roli, islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, kuchli ijtimoiy himoya kabi mashhur besh tamoyilni o‘z ichiga oladi va u dunyoda "O‘zbek modeli" deb e’tirof etilgan; O‘zbekiston davlatining hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini himoya qilishga qodir Qurolli Kuchlar, Chegara va Ichki qo‘shinlarni zamonaviy islohotlar asosida tashkil etish ishiga boshchilik qildi; KPSS Markaziy Komiteti boshchiligidagi kuchlar O‘zbekistonda adolatsizlik va tazyiqlarni avj oldirgan yillarda o`zbek xalqining nomini nohaq tahqir va haqoratlardan himoya qilish, xalqimizning or-nomusini, milliy g‘ururini tiklashda fidoyilik namunasini ko‘rsatdi; xalqimiz ma’naviy qadriyatlariga hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, asrab-avaylash va rivojlantirish, muqaddas dinimizni, urf-odatlarimizni, bebaho tarixiy merosimizni hayotga qaytarishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi; xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘-e’tiborini yuksaltirish, o‘zbek nomini butun dunyoga tarannum etishga ulkan hissa qo‘shdi; odamlarning tafakkurini o‘zgartirish, ularning ongida yangi milliy g‘oya, milliy mafkura asoslarini shakllantirish va mustahkamlash ishiga rahnamolik qildi; yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni, millatlar va fuqarolar o‘rtasida totuvlik va hamjihatlikni qaror toptirish, uni saqlash hamda mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shdi; mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mutlaqo yangi ta’lim-tarbiya tizimi – Kadrlar tayyorlashning milliy dasturini yaratish va uni amalga oshirishda bevosita yetakchi bo‘lib keldi; mahallaning davlat va jamiyat boshqaruvidagi nufuzini oshirish, vakolat va huquqlarini kengaytirish, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish tizimi sifatida uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tashabbuskori bo‘ldi; yurtimizning turar joylarida yangi qurilishlar, shu jumladan, ulug‘ ajdodlarimizning qadamjolarini obod qilish, iqtisodimizning salohiyatini oshirishda katta o‘rin tutgan yirik-yirik korxonalarni bunyod etishda, ko‘pgina shahar va qishloqlarimiz, avvalambor, poytaxtimiz Toshkentning shakl-qiyofasining tubdan o‘zgarishida bevosita rahbarlik qildi. Muxtasar qilib aytganda, Islom Karimov O‘zbekiston davlati va davlatchiligini barpo qilish, demokratik fuqarolik jamiyati qurish asoslarini yaratdi, mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqdi, yurtimizning yorug‘ istiqboli yo‘lida ko‘pmillatli xalqimizni birlashtirib, uni ulug‘ maqsadlar sari boshlab bordi. O‘zbekistonning taraqqiyot bosqichida davlat rahbari olib borgan siyosatning asosiy ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: mamlakatni modernizatsiya qilish, jamiyatni yangilash, iqtisodiyot jadal sur’atlar bilan o‘sishi va uning makroiqtisodiy mutanosibligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, bu yo‘nalishlarni amalga oshirishning garovi bo‘lmish tadbirkorlik, kichik biznes va fermerlik harakatining izchil qadamlar bilan erkin rivojlanishiga kafolat va imtiyozlar beradigan siyosatni davom ettirish va kuchaytirish; iqtisodiyotdagi chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, faol investitsiya siyosatini amalga oshirish, soliq yukini kamaytirish, yuksak texnologiyalar bilan qurollangan tarmoq va ishlab chiqarish korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish; o‘rta sinf vakillari – tadbirkorlik, fermerlik harakati va xususiy biznes tuzilmalarining, barcha moddiy va intellektual mulk egalarining manfaatlarini ustun qo‘yish, ularga to‘liq imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berish, ularni qo‘llab-quvvatlash; iqtisodiyot yuqori sur’atlar bilan rivojlanishini ta’minlash hisobidan xalqimizning real daromadlari va farovonligini oshirish, muhim ijtimoiy dasturlarni hayotimizga muvaffaqiyatli tatbiq etish; zamonaviy mehnat bozorini yanada kengaytirish asosida yangi ish o‘rinlari tashkil etish, sog‘liqni saqlash va aholi salomatligini muhofaza qilish, onalik va bolalikni himoya qilish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yordam va ko‘makka muhtoj toifalarga, kam ta’minlangan oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirishga qaratilgan ijtimoiy himoya siyosatini amalga oshirish; kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o‘tishga erishish; hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirishga doir islohotlarni faol davom ettirish, shu asnoda inson, uning huquq va erkinliklarini eng oliy qadriyat va boylik sifatida jamiyatimiz hayotida asosiy o‘ringa qo‘yish, "Inson manfaati har narsadan ulug‘" degan tamoyilni amalda ro‘yobga chiqarish; mamlakatni modernizatsiya qilish va zamonaviy jamiyat qurish yo‘lidagi murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yangi avlod kadrlarini tayyorlash; "Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch" degan hayot haqiqatidan kelib chiqqan holda, madaniy va ma’rifiy sohalarda olib borilayotgan ishlarning ta’siri va samarasini kuchaytirish; Jamiyatimizda demokratik jarayonlarni yanada chuqurlashtirish, jumladan, bu masalaning eng muhim sharti va garovi bo‘lgan ko‘ppartiyaviylik tizimi, fuqarolik institutlari va nodavlat tashkilotlar faoliyatini, ularning huquq va vakolatlarini kuchaytirish, jamiyatimizdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ommaviy axborot vositalarining tom ma’noda to‘rtinchi hokimiyat sifatida faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan barcha huquqiy va tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish; sud-huquq tizimini huquqiy davlatni shakllantirishning zarur tarkibiy qismi sifatida chuqur isloh etish va erkinlashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarning ta’siri va samarasini kuchaytirish, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash; "Adolat – qonun ustuvorligida" degan tamoyilni amaliy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarimizni zamon talablari darajasiga ko‘tarish yo‘lida yangi, amaliy qadamlar qo‘yish; tashqi siyosat sohasida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, dunyo mamlakatlari bilan teng huquqli asosda sherikchilik qilish, yuzaga keladigan har qanday mojaro va muammoni faqat tinch yo‘l bilan, siyosiy va huquqiy vositalar orqali hal etish, uzoq va yaqin qo‘shnilarimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik va totuvlikda yashash tamoyiliga qat’iy amal qilish; yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, barqarorlikni mustahkamlash, fuqarolar o‘rtasida totuvlik, turli millatlar va diniy konfessiyalararo hamjihatlikni yanada kuchaytirish; Qurolli Kuchlarimiz qudratini oshirish, milliy armiyamizni modernizatsiya qilish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ko‘z qorachig‘iday asrash. Mana shunday buyuk ishlarni amalga oshirgan O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abdug’aniyevich Karimov 2016 yil 2 sentabr kuni, 78 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. U 2016 yil 3 sentabr kuni Samarqand shahrida dafn etildi. Qabr va yodgorlik majmuasi Samarqandda joylashgan. Toshkentda Birinchi Prezident haykali va muzeyi ochildi. Prezident Respublika boshqaruv shaklidagi mamlakatlarda xalq tomonidan saylanadigan davlat rahbaridir. Parlament respublikalarida esa Prezidentning roli faqat davlat boshlig’i vazifalari bilan cheklangan. Prezidentlik respublikalarida Prezident ijro hokimiyati boshlig’i hisoblanadi va jamiyatni demokratiyalashda faol siyosat yuritishi mumkin.[1] Prezidentlik eng oliy lavozim. Konstitutsiyaviy-huquqiy ma’noda u davlat boshlig’i ma’nosini anglatadi. Prezidentning vakolatlari har qanday zamonaviy demokratik respublikalarda nihoyatda katta. Demokratik huquqiy davlatda Prezidentning maqomi, vakolatlari Konstitutsiya va u asosda qabul qilinadigan qonunlarda juda aniq qilib belgilab qo’yiladi. Prezident davlatni jipslashtiradi, ya’ni davlat hokimiyati mexanizmining barqarorligi va harakatliligini ta’minlaydi. Jahon prezidentlik amaliyotining ko’rsatishicha, davlat bir shaxs orqali muvofiqlashib, uning ayrim mamlakatlarda yo’qotilgan maqsad va vazifalari o’zaro birlashadi, yagona kuchga aylanadi. «Jahon konstitutsionalizmida prezidentlik institutiga quyidagicha tavsif beriladi. Birinchidan, Prezident muayyan davlatning boshlig’i va xalq birligining ramzi hisoblanadi. Uning birligini oliy davlat organlari mamlakatning ichida ham, tashqi xalqaro siyosatda ham namoyon etadi. Ikkinchidan, Prezident o’z xalqi nomidan ish tutadi, uning milliy mafaatlarini himoya etadi, partiyaviy, ijtimoiy, milliy va boshqa manfaatlar, ayniqsa, kelishmovchiliklardan yuqori turadi, jamiyatni o’zaro muvoflashtiradi, ijtimoiy-siyosiy hayotni mustahkamlaydi. Uchinchidan, Prezident mamlakatning umumiy holati uchun mas’ul bo’lib, siyosiy barqarorlikni ta’minlaydi, huquqiy targ’ibotni va xavfsizlikni ta’minlash, mamlakatni boshqa davlatlar oldidagi majburiyatini bajarish uchun qarorlar qabul qiladi, tezkor chora-tadbirlar ko’radi. To’rtinchidan, Prezident ijro hokimiyatini boshqaradi va uning faoliyatini yo’naltiradi. Beshinchidan, Prezident mamlakatning Oliy bosh qo’mondoni hisoblanadi va davlat mudofaasi va fuqarolarning harbiy xizmatni o’tashi uchun rahbarlik qiladi. Oltinchidan, Prezident ijro hokimiyati tizimida oliy lavozimga tayinlash vakolatini amalga oshiradi, fuqarolik masalalarini hal qiladi, fuqarolarni davlat nishonlari bilan mukofatlaydi va aybidan o’tadi, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning hamda mamlakatda Konstitutsiya va qonunlarning kafoloti hisoblanadi. Tabiiyki, bu sanab o’tilgan holatlar prezidentlikning umumiy xususiyatlari hisoblanadi. Ular har bir mamlakatda o’ziga xos ravishda qo’llanishi mumkin».[2] «O’tmishda O’zbekistonda davlat boshlig’i lavozimi yo’q edi. 1927, 1937 va 1978 yillardagi Konstitutsiyalarda davlat boshlig’i instituti nazarda tutilmagandi. Davlat boshlig’i vazifasini Oliy Sovet Prezidiumi amalga oshirardi. «O’zbekiston davlatchiligi tarixida prezidentlik instituti juda qisqa tarixga ega. O’zbekiston sobiq sho’rolar Ittifoqi tarkibida ekanligida prezidentlik lavozimini joriy etish to’g’risida so’z yuritish mumkin emas edi. Chunki respublikada hokimiyat faqat rasmiy ravishda bitta organ-sho’rolar qo’lida bo’lib, sho’rolar qonun chiqarish va ijro etish hokimiyatini birlashtirgan, hokimiyatining bo’linish printsipi amalga oshirishga yo’l qo’yilmagan edi».[3] 1990 yilda O’zbekiston Respublikada Oliy Kengashi sobiq ittifoqdosh respublikalar o’rtasida birinchi bo’lib prezidentlik lavozimini joriy etdi. Bu juda qaltis va xatarli davr edi. Hali Markaz o’ta kuchli va dahshatli bo’lib turgan kezlarda O’zbekistonda prezidentlik lavozimini ta’sis etish katta jasorat edi. O’sha paytda «Islom Karimov millat tarixining tub burilish-taqdirilomon sifat bosqichi ibtidosida turdi. Davlat feodalizmi bo’lmish totalitar mafkura hukmron SSSR davridayoq sobiq ittifoqchi respublikalar rahbarlari orasida birinchi bo’lib, mavjud siyosiy-ijtimoiy tuzumning boshqaruv tizimlarini dadil ravishda demokratik isloh qilishdek mardona siyosiy yo’lni tanladi va sobiq ittifoqdosh respublikalar rahbarlari oldida ilk bor O’zbekistonda boshqaruvning eng demokratik shakli-Prezidentlik institutini joriy etdi (1990). Bu siyosiy demokratik qadam bo’lajak istiqlol sari tashlangan birinchi amaliy odim edi. Mavjud totalitar tizimni demokratik isloh qilishda izchil davom etgan Islom Karimov Mustaqillik Deklaratsiyasining qabul qilinishi tashabbuskoriga aylandi. Tub siyosiy-ijtimoiy mlhiyati bilan bu hujjat bo’lajak milliy mustaqil davlatchilikning dastlabki huquqiy asosi bo’ldi».[4] Islom Karimov juda katta va murakkab siyosat maydoniga siyosiy kurashlar junbushga kela boshlagan, O’zbekistonda siyosiy, ijtimoiy -iqtisodiy, madaniy, tazyiqlar, inqirozlar yuz berib turgan og’ir bir sharoitda etuk siyosiy hodim sifatida maydonga kirib kelgandi. M.V. Gafarali va A.Ch. Kasaevning «Rivojlanishning o’zbek modeli: tinchlik va barqarorlik-taraqqiyot asosi» (T., «O’zbekiston» 2001 yil) asarida to’g’ri ta’kidlaganidek, 80-yillar oxirida jamiyatda hukmron doiralardan norozilik kuchayib bordi va xalq nazarida obro’sizlanib bo’lgan boshqaruv tuzilmalarini, eng avvalo, butun sho’ro siyosiy tizimining yadrosi bo’lgan xo’jalik vazifalarida ishlab kelgani, Karimovning sog’lom texnogratizmi va pragmatizmi uning taomillarini chetlab, partiya piramidasining cho’qqisiga ko’tardi. 1989 yil iyun oyidagi Karimov Qashqadaryo viloyatidan Toshkentga O’zbekiston Kompartiyasi Markazqo’mining birinchi kotibi sifatida qaytib keladi. Lekin, afsuski, respublikaning o’sha vaqtdagi partiya rahbariyati no’noq siyosat yuritganligi va harakatsizligi tufayli O’zbekiston fuqarolar urushi yoqasiga kelib qolgan edi (11-12-betlar). Islom Karimovning o’zi bir intervyusida O’zbekiston rahbari etib tayinlashini, o’sha paytdagi siyosiy vaziyatning naqadar og’irligini quyidagicha hikoya qiladi: «Men qanday qilib O’zbekiston Kompartiyasi Markazqo’mining birinchi kotibi bo’ldim? 1989 yilning iyuni edi. Tahlikali kunlar. Farg’ona, Qo’qon, Quvasoy, Guliston, Parkent, Bo’kada qonli to’qnashuvlar payti edi. Xuddi bug’ qozonni qopqog’i otilib ketgandek. Xo’rlik va tahqirli yillarda yig’ilib qolgan alamlar butun respublikada to’lqin bo’lib ko’tarilgan. Hokimiyat vaziyatni boshqarolmay qolgandi. Bu boshboshdoqlikni to’xtata oladigan odamni axtarishardi. Natijada menda to’xtashdi. Men, albatta, qanday mas’uliyatni bo’ynimga olayotganimni bilardim. Nafaqat mansab, obro’yimni, balki butun hayotimni garovga qo’yayotganimni bilardim».[5] Islom Karimovning siyosiy donishmandligi va tadbirkorligi tufayli O’zbekiston qisqa vaqt ichida to’fon bo’lib bostirib kelayotgan falokatdan saqlanib qoldi, millatlararo qarama-qarshiliklarga barham berildi, fuqarolar urushi yong’ini o’chirildi, ko’p millionli aholi yashaydigan respublikada va mintaqada tinchlik va osoyishtalik ta’minlandi, ko’pmillatli respublikamizda millatlar va dinlar o’rtasida totuvlik va barqarorlikka erishildi. Islom Karimov hokimiyat tepasiga kelgan mamlakatda tartib o’rnatildi. Buning uchun hech bo’lmaganda Farg’ona fojiasining va O’sh viloyatidagi o’zbeklar bilan qirg’izlar o’rtasidagi qurolli qarama-qarshiliklarni oldi olinganligini eslashning o’zi kifoya. Islom Karimov tashabbusi bilan Oliy Kengashda 1990 yil 20 iyunda qabul qilingan «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to’g’risidagi Deklaratsiya» o’zbek davlatchiligi tarixida birinchi tinch yo’l bilan o’z taqdirini o’zi belgilash huquqi to’g’risidagi hujjat edi. Unga ko’ra o’zbek xalqining davlat boshqaruvida har bir millatning o’z taqdirini o’zi belgilash huquqini va farovon hayot kechirishini ta’minlashni oliy maqsad deb o’z zimmasiga olgan holda, xalqaro huquq qoidalariga asoslanib, o’zining «Davlat mustaqilligi to’g’risidagi Deklaratsiyasi» ni e’lon qildi. Bundan buyon O’zbekiston o’zining tashqi munosabatlarida, davlat hokimiyati masalalarini hal etishda tanho hokimligini, uning chegaralari va hududi daxlsiz ekanligi, o’z taraqqiyot yo’lini, o’z nomini, davlat ramzlarini (gerb, bayroq, madhiya) o’zi ta’sis etishi va demokratik huquqiy davlat tashkil topganligini butun dunyoga ma’lum qildi. O’zbekistonda Prezidentlik lavozimining joriy etilishi mamlakatimiz xalqlari hayotida ro’y bergan buyuk tarixiy voqea bo’ldi. O’zbekistonda prezidentlik lavozimining ta’sis etilishini tasodifiy hodisa deb bo’lmaydi. Buni ob’ektiv zaruriyatga aylantirgan, kun tartibiga keltirib qo’ygan bir qancha sabablar mavjud edi. Ana shu sabablar, zaruriyatlar haqida batafsilroq to’xtalib o’tish maqsadga muvofiqdir. O’zbekistonda prezidentlik lavozimini joriy etishning sabablari quyidagilardan iborat: «Birinchidan, davlat mustaqilligiga intilish, respublikada boshqaruv jarayonlarini demokratlashtirish aynan prezidentlik institutini taqozo etar edi. Chunki parlament uzoq bahs va munozaralarga berilib ketib, operativ qarorlar qabul qilish va uni amalga oshirish imkoniyatiga ega emas edi. Shuning uchun ham mamlakatni bir kishi tomonidan boshqarish ehtiyoji paydo bo’ldi. Ikkinchidan, prezidentlik lavozimini joriy etish sabablaridan yana biri hokimiyatlarning bo’linish printsipini rivojlantirishdan kelib chiqadi. Prezidentlik davlat hokimiyati organlarining tizimini tashkil etishda demokratik printsiplarni amalga oshirishga yordam berishga qaratilgan edi. Qonunchilikda ijro va sud hokimiyati faoliyatini o’zaro muvofiqlashtirish ehtiyoji paydo bo’ldi. Uchinchidan, Prezident o’z zimmasiga hukumatni shakllantirish va uning ishiga rahbarlik qilishdek ulkan mas’uliyatni olishi uchun ob’ektiv zaruriyat tug’ildi. To’rtinchidan, vaziyatni barqarorlashtirish, tinchlikni ta’minlash va murakkab muammolarni tezlikda hal etish ehtiyoji paydo bo’ldi. Mavjud davlat strukturasi bu masalalarni hal etishga qodir emas edi».[6] Prezidentlik lavozimining joriy etilishi O’zbekiston Respublikasi uchun tamomila yangilikdir. Prezidentlik lavozimi respublikada ijroiya hokimiyatni mustahkamlash maqsadida vujudga keltirilganligini alohida qayd etishga to’g’ri keladi. Bu haqda Islom Karimov shunday degan edi: «Tarixning muayyan davrlarida, haqiqiy davlatchilik qaror topayotgan paytda, ayniqsa bir tizimdan ikkinchisiga o’tish davrida, har holda kuchli ijroiya hokimiyati zarur. Qon to’kilishiga va qarama-qarshilikka yo’l qo’ymaslik, mintaqada millatlararo va fuqarolar totuvligi, tinchligi va barqarorlikni saqlash uchun shunday bo’lish zarur, bu yo’lda men jonimni fido qilishga tayyorman. Ta’bir joiz bo’lsa, demokratiya sari harakat qilish uchun ham shunday bo’lishi zarur».[7] Respublika Oliy Kengashining o’n ikkinchi chaqiriq birinchi sessiyasida xalq deputatlari O’zbekistonning birinchi Prezidentini yashirin ovoz berish yo’li bilan sayladilar. O’zbekiston xalqi tarixida ilk bor Prezident bo’lib Islom Abdug’anievich Karimov saylandi. Ana shu Oliy Kengash sessiyasida Islom Karimov nutq so’zlab, O’zbekistonning siyosiy mustaqilligini mustahkamlash va yanada takomillashtirish, respublika iqtisodiy mustaqilligini, o’zini o’zi idora qilishga va o’zini o’zi pul bilan ta’minlashga o’tishni e’tirof etdi. O’zbekiston Prezidentlik lavozimining ta’sis etilishi mustaqillik sari qo’yilgan eng muhim qadam edi. O’zining halolligi, chuqur bilimdonligi, o’ta mehnatsevarligi, uzoqni ko’zlab ish qilishi, yuksak talabchanligi bilan el-yurt nazariga tushgan, xalq dardi, millat qayg’usi yo’lida kuyib -yonib yashaydigan, Vatani istiqboli uchun jon kuydiradigan Islom Karimovdek benazir inson va ulug’ zotning respublika oliy rahbari, O’zbekiston Prezidenti bo’lib saylanishi mamlakatimiz xalqlarini behad quvontirdi. Chunki xalq dardi, g’am-tashvishi, orzu-niyati yo’lida tinim bilmay harakat qiladigan bu insonni o’zbek xalqi o’ziga tog’dek tayanch deb bilar, najotkor deb hisoblardi. Iqtisodiyoti inqirozga yuz tutgan, qanchadan-qancha fidoyi farzandlari nohaqdan-nohaq qamalib ketgan, milliy, ma’naviy qadriyatlari, tili, dini, urf-odatlari oyoqosti qilingan o’zbek xalqi bu ajoyib farzandi sharofati bilan qaddini tiklab olishni orziqib kutardi. Ana shu ezgu ishlarga boshchilik qilishni o’zi uchun oliy maqsad deb bilgan Islom Karimov yuksak martabaga ko’tarildi. Jahon tajribasining ko’rsatishicha, tarixning eng qiyin, o’ta og’ir, o’ta murakkab, burilish davrlarida tarixiy shaxslar, siyosiy yo’lboshchilar hal qiluvchi rol o’ynaydi. Xalqning ko’p yillik taqdiri siyosiy yo’lboshlovchining, davlat boshlig’ining ezgu maqsadlar yo’lida qabul qiladigan qarorlariga, ilmiy-amaliy faoliyatiga, millati, xalqiga azaliy xos bo’lgan barcha noyob xislat va fazilatlariga ham ma’lum darajada bog’liqdir. Ulug’ zotlarning dono siyosati va qat’iyati mamlakatni chuqur tanglikdan, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-siyosiy inqirozlardan eson-omon olib chiqqan, uni dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari darajasiga ko’targan hollar tarixda ko’p bo’lgan. Butun bir davlatni qayta tiklab, istiqlol va taraqqiyot yo’lini belgilab bergan, uni ilg’or mamlakatlar darajasiga ko’targan, ilm-fani, madaniyati-ma’naviyati, texnika va texnologiyasini o’stirgan siyosiy etakchilarning hayoti va ijtimoiy faoliyati nafaqat ular mansub bo’lgan millat va xalq vakillarida, balki jahon jamoatchiligida ham katta qiziqish uyg’otishi tabiiy, albatta. Buyuk shaxslarni tarix yaratadi, millat qayg’usi, xalq dardi dunyoga keltiradi, deydilar. Bu-ayni haqiqatdir. «Zotan, muayyan millat, yohud bani bashar tarixan taqdirilomon tub o’zgarishlar pallasiga kirganda buyuk shaxslarga tabiiy muhtojlik sezishi-qonuniyat. Milliy kamolotning yangi sifat bosqichi, tarixiy qismat aynan shunday. Shaxslarni kashf etsagina favqulodda taqdirilomon mohiyat-maqsadlarga erishadi. Topolmasa yo’q... Tarixiy vaziyatning o’zi, davrning siyosiy-ma’naviy zarurati o’z tabiiy ehtiyojlarini qondirishga qodir buyuk arboblik salohiyati- sohiblarini, tafakkur daholarini kashf etadi, muqarrar istiqbolni ular taqdiri bilan bog’laydi. Bunday arboblar favqulodda Insoniy qudratlari, yuksak aqliy- shuuriy, teran quvvai hofizalari, xarakter va tafakkur kuchi bilan inkishof etgan tsivilizatsiya, davr taraqqiyotiga mislsiz buyuk ta’sir ko’rsatishadi. Tarixiy bu qonuniyat shu bois ham ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyotning hal qiluvchi taqdirilomon mohiyat chorrahalari, yangicha tsivilizatsiya ibtidolari uchun alohida qimmat kasb etadi».[8] O’zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov xalqimiz orasidan etishib chiqqan benazir inson va ulug’ yo’lboshchidir. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Vatanimiz taraqqiyoti, uning dunyo hamjamiyatidan munosib o’rin egallashi, ichki va tashqi siyosatda erishgan ulkan yutuqlari Islom Karimovning oqilona va amaliy siyosati bilan uzviy bog’liqdir. «Dunyoda har qanday etakchining nomi ham o’z mamlakati timsoliga aylanavermaydi. Bu-faqat noyob shaxslarning ne’mati. Mustaqil O’zbekiston uchun XX asr oxiri va XXI asr boshida Islom Karimov haqli ravishda o’z mamlakatining siyosiy timsoliga aylandi. O’zbekiston tarixan g’oyat qisqa muddatda milliy rivojlanishning qator hal qiluvchi bosqichlarini boshdan kechirdi. Har bir bosqich demokratiya va taraqqiyot sari yangi qadamdir. Ayni paytda, har bir bosqich-yangi muammolar, demakki, ularni bartaraf etish bilan bog’liq yangi vazifalar hamdir. O’zbekistondagi islohotlar ortga qaytmas tus oldi. Barcha yangilanishlarning tashabbuskori va amalga oshiruvchisi Prezident Islom Karimov bo’ldi. Uning yurtimizda demokratik huquqiy davlat barpo etish va uni rivojlantirish nazariyasi butun dunyoda tan olindi».[9] Islom Karimovning O’zbekiston Prezidenti, davlat boshlig’i bo’lib saylanishini Markaz, birinchi navbatda, Gorbachev va uning atrofdagilar nihoyatda qahr-g’azab bilan kutib olishdi. O’sha paytlarda yuz bergan voqealarni, Islom Karimovga bo’lgan nosamimiy, o’ta sovuq munosabatlar haqida Leonid Levitin Donal’d S. Karlayl bilan hamkorlikda yozgan «Islom Karimov – yangi O’zbekiston Prezidenti» nomli kitobi (T., «O’zbekiston», 1996, 11-bet) da quyidagilarni yozadi: «1990 yilning mart oyida u o’sha paytdagi ittifoqdosh respublikalar rahbarlari orasida birinchi bo’lib Prezidentlikka saylandi. Moskva buni juda salbiy qabul qildi. Gorbachev ochiqdan -ochiq g’azablandi. Boshqa respublikalar rahbarlari esa Karimovning Prezidentlikka saylanganini qalban - quvvatlasa-da, unga havas qilsa-da, televidenie va minbarlarda Gorbachevning «16 ta prezidenti bor davlat qanday davlat bo’ladi» degan so’zlarini qaytarish bilan band bo’ldilar. (Bu Gorbachevning navbatdagi mantiqiy fikri edi-yangidan paydo bo’layotgan davlatlar ittifoqida 16 ta parlament raislari bo’lishi mumkin emishu, 16 ta Prezident bo’lishi mumkin emas emish). Karimovdan qutulish uchun, uning o’zining gapiga qaraganda, tazyiqning barcha yo’llardan foydalanib ko’rishdi. Gorbachev uni o’ta ketgan amalparast deb aybladi. Bu vaqtda, men ishonamanki, Karimov haqoratlangan O’zbekistonning obro’sini ko’tarish haqida o’ylardi. «1990 yil 26 martida O’zbekiston Oliy Soveti Prezidentlikni joriy etdi va meni shu lavozimga sayladi. Shundan so’ng men Moskvaga SSSR Davlat Kengashi yig’ilishiga keldim. Gorbachev meni O’zbekiston Prezidenti deya piching, haqoratomuz so’zlar bilan kengash a’zolariga tanishtirdi va tartibga solib qo’yishga va’da berdi. Bu erda u prezidentlikni bekor qilishni nazarda tutdi. Men unga shunday davom etadigan bo’lsa, men kengashni tashlab ketaman» dedim. So’ng Moskva har qanday yo’l bilan bo’lsa ham meni olib tashlashga urindi, ammo hech narsaga erisha olmadi. Kuchlar endi boshqacha edi. Meni qo’llab-quvvatlagan xalq ham boshqacha fikrlay boshlagandi». Va bu kurashda Karimov o’zi va xalqi uchun hamma narsaga tayyor yo’lboshchi sifatida g’olib chiqdi». Islom Karimov juda qaltis paytda hokimiyat tepasiga keldi. Chunki u vaqtlarda SSSR ning taqdiri hal bo’layotgan edi. «Markaz» rahbarlari butun kuch va vositalarni, harbiy kuchlarni, iqtisodiy imkoniyatlarini, ayg’oqchilarni, ichki ishlar xizmatchilarini, butun boshli sud va prokuratura xodimlarini, ommaviy axborot vositalarini ishga solib, chirib borayotgan totalitar tuzumni qanday qilib bo’lmasin saqlab qolishga, umrini cho’zishga tish-tirnog’i bilan harakat qilardi. G’azabga kelgan Markaziy hokimiyat rahm-shafqat nimaligini bilmasdi, insonlarning qonini to’kishdan tap tortmasdi, yo’q joydan milliy mojarolarni, qirg’inborotlarni, xunrezliklarni keltirib chiqarardi. Qolaversa, sodir etilayotgan qonli to’qnashuvlar, ularning kelib chiqish sabablari haqida hech kim aniq ma’lumotga ega emasdi, minglab yillar davomida yonma-yon yashab, birodarlashib ketgan, tili tiliga yaqin, urf-odatlari deyarli aynan bo’lgan qardosh-qarindosh bo’lgan xalqlar va millatlar o’rtasidagi qonli nizolar va to’qnashuvlarning asosiy sabablari, negizlari, manbalari odamlardan, jahon afkor ommasidan ataylab sir saqlanardi. Holbuki, barcha mudhish voqealarning hammasi yuqoridan, Markazdan turib tashkil etilardi, boshqarib, alangalatib, olovga kerosin sepilib turilardi. Voqealar rivojlangan sari rivojlanib, kun sayin keskinlashib, ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar tobora avj olib, chuqurlashib, alal-oqibat Markazning tinka-madori qurib, umri qisqarib, vaqt-soati yaqinlashib borardi. Ana shunday o’ta qaltis, nihoyatda xatarli sharoitda taqdir Islom Karimov zimmasiga jamiyatning murakkab ichki va tashqi siyosiy sharoitda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va davlat, huquq masalalarini hal qilishga da’vat etilgan qayta o’zgartiruvchisi bo’lishidek nihoyatda og’ir vazifani yukladi. Shunday vaziyatda Islom Karimov o’zini buyuk davlat rahbari sifatida namoyon etdi. Haqiqatan ham O’zbekistonning o’z Prezidentini, keyinroq borib boshqa sobiq ittifoqchi respublikalarning bundan o’rnak olib o’z Prezidentlarini saylashlari SSSR ning sekin-asta parchalanib, tarix qa’riga abadul-abad ketishining asosiy sabablaridan biri bo’ldi. Yakkalanib qolgan, mamlakatdagi tobora og’irlashib borayotgan iqtisodiy va siyosiy vaziyatdan garang bo’lib qolgan Gorbachev esa bu qonuniy jarayonni oldini ololmay qoldi. Yagona markaz zaiflashib, ulkan mamlakatning hayoti butunlay izdan chiqdi. «Aytish mumkinki, bu jarayon XX asrning eng asosiy, eng muhim ijtimoiy-siyosiy tamoyili sifatida ajralib turadi. Va, nihoyat, asr adog’iga kelib tarix taqozosi bilan olamdagi yirik va so’nggi imperiyalardan biri bo’lmish SSSR emirildi. Har qancha olijanob shiorlar bilan bejab-bo’yalsa-da, mohiyat e’tiboriga ko’ra mustamlaka saltanati bo’lgan Sovet Ittifoqi besamar kommunistik tajriba qurboni bo’ldi. Dunyoning oltidan bir qismini egallagan ulkan mamlakatda mutelik holatida yashagan xalqlar qaramlik kishanlaridan halos bo’ldilar. Ularning har biri o’z imkoniyati, o’z aql-zakovati darajasida milliy davlatlarni barpo etishga kirishdi. O’zbekiston xalqi ham asriy orzusiga erishdi. Aziz Vatanimiz uzra istiqlol bayrog’i hilpiradi».[10] O’zbekistonning o’z Prezidentiga ega bo’lishi uning uchun mustaqillik yo’lidagi eng muhim, hal qiluvchi qadam bo’ldi. Birinchilardan bo’lib O’zbekistonning, undan so’ngroq esa sobiq ittifoqchi respublikalarning ham o’z Prezidentlarining saylashi vaqtdan e’tiboran SSSR ning parchalanib ketishidagi burilish nuqtalaridan biri edi. 1991 yil 31 avgustda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasi chaqirildi. Unda tarixiy ahamiyatga molik hujjatlar qabul qilindi. Bular «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qilish to’g’risida» O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Qarori, «O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to’g’risida Oliy Kengash Bayonoti» va O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to’g’risida» O’zbekiston Respublikasining Qonunidan iboratdir. O’zbekiston Oliy Kengashining «Bayonoti» da shunday deyilgan: «O’tmishdan saboq chiqarib va SSR Ittifoqining siyosiy hamda ijtimoiy hayotidagi o’zgarishlarni e’tiborga olib, -xalqaro-huquqiy hujjatlarda qayd etilgan o’z taqdirini o’zi belgilash huquqiga asoslanib, -O’zbekiston xalqlarining taqdiri uchun butun mas’uliyatni anglab, -shaxsning huquq va erkinliklari, mustaqil davlatlar o’rtasidagi chegaralarning buzilmasligi to’g’risidagi Xelsenki shartnomalariga qat’iy sadoqatini bayon etib, -millati, diniy e’tiqodi va ijtimoiy mansubligidan qat’i nazar, respublika hududida yashovchi har bir kishining munosib hayot kechirishini, sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlaydigan insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishga intilib, -mustaqillik deklaratsiyasini amalga oshira borib, O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Kengashi O’zbekistonning Davlat mustaqilligini va ozod suveren davlat – O’zbekiston Respublikasi tashkil etilganligini tantanali ravishda e’lon qiladi. O’zbekiston Respublikasining o’z tarkibidagi Qoraqalpog’iston Respublikasi bilan birga, hududi bo’linmas va daxlsizdir. O’zbekiston Respublikasining boshqa davlatlarga hududiy da’volari bo’lmay, u o’z hududi va uning tabiiy boyliklariga nisbatan oliy huquqqa egadir. Davlat hokimiyatining birdan-bir sohibi O’zbekiston Respublikasining ozod mustaqil xalqidir. O’zbekiston Respublikasi to’la davlat hokimiyatiga ega, o’zining milliy – davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralarining tizimini mustaqil belgilaydi... O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini hamda hududiy butunligini himoya qilish maqsadlarida Mudofaa ishlari vazirligi va milliy gvardiya tuziladi. Respublika hududida joylashtirilgan SSSR Ichki ishlar vazirligining, SSSR Davlat xavfsizligi qo’mitasining idoralari shuningdek, ichki qo’shinlar O’zbekiston Respublikasining huquqiy tobeligiga olinadi... Bundan buyon O’zbekiston Respublikasi hududida Respublika Konstitutsiyasi va qonunlari shak-shubhasiz ustun deb e’tirof etiladi. O’zbekiston Respublikasi oldindan hech qanday shart qo’ymagan holda barcha sheriklar bilan bevosita teng huquqli, o’zaro manfaatli bitimlar hamda shartnomalar tuzish uchun o’zini ochiq deb e’lon qiladi». Respublika Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasi 1991 yil 31 avgustda qabul qilgan hujjatlar orasida «O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida»gi konstitutsiyaviy Qonun ham favqulodda ahamiyatlidir. Qonun favqulodda ahamiyatga ega ekanligining ma’no-mohiyati shundaki, o’sha davrda amalda bo’lgan O’zbekiston SSR Konstitutsiyasida respublikaning mustaqilligi umuman nazarda tutilmagan edi. «Demak, mustaqillikning e’lon qilinishi mutlaqo yangicha konstitutsiyaviy asosni taqozo etdi. Konstitutsiyaviy asossiz e’lon qilingan mustaqillik esa rasman tan olinmas edi. Bu xalqaro huquqning mutlaq talabi. Shu sabab mustaqillikni rasman e’lon qilishdan oldin uning konstitutsiyaviy baza-asosi bo’lib, zudlik bilan Oliy Kengashning navbatdan tashqari VI sessiyasida qabul qilingan «O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida» gi konstitutsiyaviy qonun xizmat qildi. Konstitutsiyaviy qonun O’zbekistonning huquqiy holatini tubdan o’zgartirdi. O’z mohiyatiga ko’ra bu hujjat vaqtincha Konstitutsiya rolini o’ynadi».[11] Ushbu qonun Oliy Kengash tomonidan O’zbekiston SSR ning mustaqillik Deklaratsiyasiga va O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to’g’risidagi Bayonotiga asoslanib qabul qilingan va 17 moddadan iborat. Mazkur qonun O’zbekistonning Davlat mustaqilligiga erishganligini uzil-kesil mustahkamladi. 1-moddada, O’zbekiston Respublikasi o’z tarkibidagi Qoraqalpog’iston Respublikasi bilan birga, mustaqil demokratik davlatdir, deyiladi. 2-4-moddalarda O’zbekiston xalqining suverenligi va u respublikada davlat xokimiyatining birdan-bir sohibiligi, davlat hokimiyati uning xohish-irodasiga muvofiq vakillik organlari tizimi orqali amalga oshirilishi, hududi va chegaralari daxlsiz va bo’linmasligi, u O’zbekiston xalqining roziligisiz o’zgartirilishi mumkin emasligi belgilab qo’yilgan. 5-moddada O’zbekiston Respublikasida O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va uning qonunlari ustun ekanligi va davlat idoralarining tizimi, hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida qurilishi qonunlashtirildi. 6-moddada O’zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tuzish, milliy gvardiya va noharbiy (muqobil) xizmat qilish huquqiga ega, deb belgilab qo’yilgan bo’lsa, 7-moddada O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining moddiy asosi uning mulkidir, respublika hududidagi er, er osti boyliklari, suv va o’rmonlar, o’simlik va hayvonot dunyosi tabiiy va boshqa resurslar, uning ma’naviy boyliklari O’zbekiston Respublikasining milliy boyligi, mulki hisoblanadi, deb mustahkamlandi. 10-moddada belgilab qo’yilganidek, O’zbekiston Respublikasi o’z hududida oltin, boshqa qimmatbaho metallar va toshlarni qazib chiqarish, qayta ishlash va saqlashni mustaqil amalga oshiradi hamda nazorat qiladi, o’z oltin zahirasini yaratadi. Oliy Kengashning «O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida»gi Qonuni yuqorida qayd etilganlar bilan birga, O’zbekiston Respublikasi o’z hududida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy munosabatlarni rivojlantirish va tartibga solishda inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga muvofiq inson qadr-qimmati ulug’lanishini, o’z taraqqiyot yo’lini, o’z davlat ramzlari va davlat tilini o’zi belgilaydi, deb e’lon qildi. Mazkur qonunning qabul qilinishi mustaqillik davrida qo’lga kiritilgan yutuqlarning natijasidir. Shuning uchun ham bu qonunga O’zbekiston SSR Oliy Kengashining 1991 yil 30 sentyabr qarori bilan konstitutsiyaviy maqom berildi. Qarorda bu haqda shunday deyilgan edi: «O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida»gi 1991 yil 31 avgustida qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining Qonuniga konstitutsiyaviy maqom berilsin. O’zbekiston Respublikasi amaldagi Konstitutsiyaviy moddalari «O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida» gi qonunning qoidalariga amal qilinsin. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qabul qilgan bu tarixiy hujjatlar xalqimizning mustaqillik haqidagi asriy orzu-umidlari ro’yobga chiqqanligi va amalga oshganligining konstitutsiyaviy-huquqiy asosi bo’lib xizmat qildi. 1991 yil 31 avgustda e’lon qilingan O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi mamlakatimiz xalqlari tarixida tengi va qiyosi yo’q buyuk voqea bo’ldi. O’zbekiston suveren, mustaqil davlat deb e’lon qilindi. O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining nomi o’zgartirilib, O’zbekiston Respublikasi deb atala boshlandi. O’zbek xalqi ham dunyodagi juda ko’plab hur va erkin xalqlar qatoridan joy oldi, o’z taqdirini o’zi hal qilish imkoniyatiga ega bo’ldi, millatlar hamdo’stligining haqiqiy a’zosi bo’ldi. O’zbekiston xalqi jonajon o’lkadagi beqiyos boylikning abadul-abad haqiqiy egasi bo’lib qoldi. Mustaqillik-xalqimizning ko’p asrlik tarixida buyuk voqeadir. O’zbekiston Oliy Kengashining Qarori bilan 1991 yil 1 sentyabr-O’zbekiston Respublikasining mustaqilligi kuni deb e’lon qilindi. Bu kunni O’zbekiston mehnatkashlari eng ulug’ va eng buyuk bayram sifatida har yili nishonlaydilar. 1991 yil 18 noyabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining sakkizinchi sessiyasida «O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida» Qonun qabul qilindi. Qonunda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qilib yoshi 35 dan kam bo’lmagan va 65 dan ortiq bo’lmagan, saylanish huquqiga ega bo’lgan O’zbekiston fuqarosi saylanishi mumkin. Qonunda shuningdek, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti xalq deputati bo’lishi mumkin emasligi ham ta’kidlangan. Konstitutsiyaning 89-moddasida belgilab qo’yilganidek, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti O’zbekiston Respublikasida davlat va ijro etuvchi hokimiyat boshlig’idir. “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi mamlakat Prezidenti bir paytda ijro etuvchi hokimiyat rahbari ham ekanini belgilaydigan normalarning o’zgartirilishi muhim siyosiy-huquqiy qadam bo’ldi. Bugungi kunda Konstitutsiyaga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat rahbari bo’lib, davlat hokimiyati organlarining o’zaro uyg’un va hamjihat faoliyat yuritishini ta’minlaydi”[12] O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga muvofiq, «...O’zbekiston Respublikasining Prezidenti O’zbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan etti yil muddatga saylanadi. Prezidentni saylash tartibi O’zbekiston Respublikasining qonuni bilan belgilanadi». O’zbekiston Respublikasi Prezidenti bo’lib, O’zbekiston Respublikasining fuqarosigina saylanishi mumkin; davlat tilini yaxshi biladigan, O’zbekiston Respublikasi hududida kamida 10 yil muqim yashayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi ham Prezidentlikka saylanishi mumkin. O’zbekistonda Prezident saylovlari umumiy, teng, to’g’ridan-to’g’ri va yashirin ovoz berish yo’li bilan amalga oshiriladi. O’zbekistondagi 1991 va 2000 yillardagi Prezident saylovlari aynan shu yo’l bilan o’tkazildi. Respublika Konstitutsiyasining 91-moddasida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy-huquqiy maqomi belgilangan. Unga ko’ra, «Prezident o’z vazifasini bajarib turgan davrda boshqa haq to’lanadigan lavozimni egallashi, vakillik organining deputati bo’lishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanishi mumkin emas. Prezidentning shaxsi daxlsizdir va qonun bilan muhofaza etiladi». Prezident O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yig’ilishida qasamyod qilgan paytdan boshlab o’z lavozimiga kirishgan hisoblanadi. Prezident qasamyodining matni Konstitutsiyaning 92-moddasida berilgan: «...O’zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, Respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman» Konstitutsiyaning 93-moddasi O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga uning davlat hokimiyati organlari tizimidagi o’rniga mos ravishda ko’plab vakolatlar beradi. Prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlari davlat va jamiyat hayoti faoliyatining eng muhim sohalarini qamrab oladi. Asosiy qonunda belgilab qo’yilganidek, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolarning huquq va erkinliklariga, Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishning kafilidir. O’zbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish, milliy davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko’radi. Prezident mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda O’zbekiston Respublikasi nomidan ish ko’radi. Prezident muzokaralar olib boradi hamda O’zbekiston Respublikasining shartnoma va bitimlarini imzolaydi, Respublika nomidan tuzilgan shartnomalarga, bitimlarga va uning qabul qilingan majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlaydi. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti o’z huzurida akkreditatsiyadan o’tgan diplomatik hamda boshqa vakillarning ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qiladi. Prezident O’zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash uchun nomzodlarni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi. Prezident O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etadi. U ijro etuvchi hokimiyat devonini tuzadi va unga rahbarlik qiladi, respublika oliy hokimiyat va boshqaruv organlarining bahamjihat ishlashini ta’minlaydi, vazirliklar, davlat qo’mitalari hamda davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzadi va tugatadi, shu masalalarga doir farmonlarni keyinchalik O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig’igi kiritadi. Bundan tashqari Prezident O’zbekiston Respublikasining ordenlari, medallari va yorlig’i bilan mukofotlaydi, O’zbekiston Respublikasining malakaviy va faxriy unvonlarini beradi. O’zbekiston Respublikasining fuqaroligiga va siyosiy boshpana berishga oid masalalarni hal etadi. Prezident amnistiya to’g’risidagi hujjatlarni qabul qilish haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdimnoma kiritadi va O’zbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etadi. Respublika Prezidenti, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatini tuzadi. Milliy xavfsizlik xizmati raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, keyinchalik shu masalalarga doir farmonlarni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdig’iga kiritadi. Prezident ushbu Konstitutsiya va O’zbekiston Respublikasining qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. O’zbekiston Prezidenti o’z vakolatlarini bajarishni davlat idoralariga yoki mansabdor shaxslarga topshirishga haqli emas. Asosiy Qonunning 94-moddasida belgilab qo’yilganidek, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Konstitutsiyaga va Qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega bo’lgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. 95-moddada Qonunchilik palatasi yoki Senat tarkibida ularning normal faoliyatiga tahdid soluvchi, hal qilib bo’lmaydigan ixtiloflar yuz berganda yoxud ular bir necha marta O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda, shuningdek, Qonunchilik palatasi bilan Senat o’rtasida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib bo’lmaydigan ixtiloflar yuz berganda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan bamaslahat qabul qilgan qarori asosida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Senati tarqatib yuborilishi mumkin, deb belgilab qo’yilgan. Mazkur moddaning ikkinchi bandida, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Senati tarqatib yuborilgan taqdirda yangi saylov uch oy mobaynida o’tkaziladi, deyilgan. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati favqulodda holat joriy etilgan davrda tarqatib yuborilishi mumkin emas, deb qat’iy belgilab qo’yilgan. Agar O’zbekiston Respublikasining Prezidenti betobligi sababli o’z vazifasini bajara olmasligi O’zbekiton Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qo’shma qaroriga ko’ra tuzilgan davlat tibbiy komissiyasi xulosasi bilan tasdiqlangan taqdirda o’n kun muddat ichida palatalarning qo’shma favqulodda yig’ilishida deputatlar, senatlar orasidan uch oygacha bo’lgan muddatga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi saylanadi. Bu holda uch oy muddat ichida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining umumxalq saylovi o’tkazilishi shart. 97-moddaga muvofiq, vakolati tugashi munosabati bilan iste’foga chiqqan Prezident umrbod Senat a’zosi lavozimini egallaydi. Konstitutsiyaning 98-moddasida belgilab qo’yilganidek, O’zbekiston Vazirlar Mahkamasi O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o’rinbosarlari, vazirlar, davlat qo’mitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpog’iston Respublikasi hukumatining boshlig’i Vazirlar Mahkamasiga tarkibida o’z lavozimi bo’yicha kiradi. Ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi Vazirlar Mahkamasi tarkibi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantiriladi. O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan ko’rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining a’zolari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Ko’rinib turganidek, Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, O’zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi. Vazirlar Mahkamasi o’z kafolatlarini ijro etish maqsadida amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O’zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Konstitutsiyaning 89-moddasi va 93-moddasiga asoslangan holda Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini, O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri farmoyishlarini bekor qilishga haqli. Belgilab qo’yilganidek, Vazirlar Mahkamasi o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir. «O’zbekiston Respublikasi hukumati o’z faoliyatida bamaslahat ish ko’rish, demokratizm, qonuniylik, ijtimoiy adolat, O’zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning manfaatlarini himoyalash kabi printsiplarga rioya etadi».[13] O’zbekistonda Islom Karimov etakchi bo’lib ishlagan yillar tarixiy unutilmas voqealarga, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy va siyosiy-huquqiy sohalarda qilingan ishlarga nihoyatda boy ekanligini alohida eslatib o’tishga to’g’ri keladi. Shular ichida eng unutilmas tarixiy voqealardan biri-XXI asr bo’sag’asida O’zbekiston Davlat mustaqilligining e’lon qilinishidir. «Bu tabarruk kun,-Islom Karimov ta’biri bilan aytganda,-O’zbekistonning ko’p asrlik tarixidan porloq sahifa bo’lib joy oldi. Mustaqillik bizni mustabid va mafkuralashgan tuzum kishanlaridan ozod qildi, o’zbek xalqiga o’z yurtida boshini baland ko’tarib yurish, o’z madaniyati va an’analarini, qadr-qimmati, dini va e’tiqodini, ona tili va ma’naviyatini qayta tiklash imkonini berdi».[14] Mustaqillik sharofati bilan ma’naviy hayotimizda uyg’onish yuz berdi, ona tilimizni tikladik. Dinga munosabat o’zgardi. O’zligimizni angladik. Mustaqillik tufayli siyosiy yo’lda burilish bo’ldi, necha yillik orzu-umidlarimiz ro’yobga chiqdi, iqtisodiy sohada burilish boshlandi, ijtimoiy adovat joyiga tusha boshladi. «Bir so’z bilan aytganda, istiqlol biz uchun taraqqiyotning butunlay yangi, keng ufqlarini ochdi. O’z kelajagimizni o’z qo’limiz bilan yaratadigan bo’ldik. Hayotimiz va umumiy xonadonimizni milliy manfaat va qadriyatlarimizga, umume’tirof etilgan demokratik mezonlarga monand qilib qurishdek noyob tarixiy imkoniyatga ega bo’ldik. Bu juda katta boylik. Biz uning qadriga etishimiz, ko’z qorachig’idek asrab-avaylashimiz kerak».[15] O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning davlat va ijroiya hokimiyati boshlig’i sifatida yurgizib va amalga oshirib kelayotgan dono siyosati va qat’iyati mamlakatimiz taraqqiyotiga olib keldi. Ayni paytda uning davlat boshlig’i sifatida chuqur o’ylangan oqilona ichki va tashqi siyosati ham dunyoda allaqachonoq e’tirof etildi. Shunday qilib, Islom Karimov katta siyosat sahnasiga ko’tarilganidan hozirga qadar davlatni mustahkamlash, fuqarolar tinchligi, xavfsizligini ta’minlash, O’zbekistonda demokratik o’zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, jamiyatni yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etish yo’lida turli siyosiy-ma’naviy vosita va usullardan foydalanib kelmoqda. Uning Vatan, xalq millat, barcha o’zbekistonliklar oldida olijanob xizmatlari beqiyos. Download 59.67 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling