28-dekabr 1936 30-may 2016 taniqli oʻzbek shoiri, dramaturgi, adabiy tarjimoni va davlat arbobi


Download 37.36 Kb.
bet1/3
Sana29.01.2023
Hajmi37.36 Kb.
#1139021
  1   2   3
Bog'liq
orzigul kurs ishi


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
TOSHKENT VILOYATI CHIRCHIQ DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI
GUMANITAR FANLAR FAKULTETI O’ZBEK TILSHUNOSLIGI KAFEDRASI
O’ZBEK TILI VA ADABIYOTI YO’NALISHI 4-KURS 19/2 GURUH TALABASI
Toshturdiyeva Orzigul Zohiddinovnaning
‘‘Erkin Vohidov hayoti va ijodini o’rganishda musiqadan foydalanish “

Kurs ishi Gumanitar fanlar kafedrasida 2023 yil ______________ himoya qilindi va _____ foizga baholandi


Komissiya raisi:_________________
A’zolari:____________________

KURS ISHI


ILMIY RAHBAR. ___________________

MUNDARIJA


REJA
I bob.KIRISH
1-YOZUVCHINING HAYOT YO’LI
II bob. Asosiy qism
1.SHoirning Nido va Ruhlar isyoni tarixiy asarlari
2.SHoir asarlarining o’ziga xosligi
III bob.XULOSA
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxat


Erkin Vohidov (28-dekabr 1936 – 30-may 2016) — taniqli oʻzbek shoiri, dramaturgi, adabiy tarjimoni va davlat arbobi.[1] Vohidov oʻz sheʼrlarini yozish bilan bir qatorda taniqli xorij ijodkorlari, jumladan, Aleksandr Tvardovskiy, Johann Wolfgang von Goethe, Muhammad Iqbol, Rasul Hamzatov hamda Sergey Yesenin asarlarini yuksak mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Ayniqsa, shoirning Yesenen asarlaridan hamda Goethening „Faust“ asarini qilgan tarjimalari eʼtiborga loyiqdir. Vohidov 1983-yil Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 1987-yil Oʻzbekiston xalq shoiri unvonini olgan. 1999-yilda esa oliy darajadagi Oʻzbekiston Qahramoni mukofotiga sazovor boʻlgan.[2]
Vohidovning sheʼrlari oʻzbeklar orasida yaxshi tanilgan va tez-tez toʻplamlarda chop etiladi. Shoirning bir necha sheʼriga kuy bastalangan, jumladan, Sherali Joʻrayev tomonidan. 2020-yilning oktabrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilganligining 75 yilligi munosabati bilan Vohidovning „Inson“ sheʼri asosida yozilgan „Human“ (Inson) ashulasi arab, ingliz, italyan, qozoq, rus, tojik, turk va oʻzbek tillarida taqdim etildi.[3]


Erkin Vohidovich Vohidov 1936-yilning 28-dekabrida Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida tugʻilgan.[4] Oʻqituvchi boʻlib ishlagan otasi Choʻyanboy Vohidov Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, qaytib kelganidan keyin, vafot etgan. Vohidov oʻsha paytda toʻqqiz yoshda boʻlgan. Vohidov oʻsha davr qiyinchiliklarini shunday eslaydi:


Otam frontda ekanida onam qishloq kengashida kotiba boʻlib ishlar, qiyinchilik bilan kun kechirar edik. Joʻxori poyasini shimib tilimni qonatganim, bolalarga qoʻshilib kunjara yeganim uchun onam yuzimga shapaloq urgani va oʻzi kechgacha yigʻlaganini unutmayman.[5]




1945-yil Vohidov onasi Roziyaxon Vohidova bilan Toshkentga koʻchib borgan. Onasi ham koʻp oʻtmay olamdan oʻtgan. Vohidov togʻasi Karimboy Sohiboyev qoʻlida katta boʻlgan. Vohidovning sheʼriyatga boʻlgan qiziqishini togʻasi uygʻotgan:


Togʻam kasbi yurist boʻlsa ham adabiyot va sanʼatga qiziqqan, sheʼriyatni nozik tushunadigan kishi edi Uyimizga tez-tez kelib turadigan shoir Chustiy, xonandalar aka-uka Shojalilovlar, Maʼrufxoʻja Bahodirov, buyuk olim va tarjimon Alixon Sogʻuniy, oddiy pochta xizmatchisi Mulla Shukurjon, savdo xodimi Akmalxon akalarning zukko bahslariga mahliyo boʻlib oʻtirardim. Ular Hofiz, Navoiy, Bedil, Fuzuliy baytlarini tahlil qilib, har birlari oʻzlaricha talqin qilishardi. Bu suhbatlar ichkiliksiz, faqat sheʼr va qoʻshiq kayfi bilan, askiya zavqi bilan muzayyan boʻlardi.[5]




Vohidov 1960-yil Toshkent davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) filologiya fakultetini tamomlagan. Soʻng turli nashriyot va gazeta-jurnallarda ishlagan. Shoir 2016-yilning 30-mayida 79 yoshda vafot etdi.[6] Vohidov oʻzbeklarning eng sevimli shoirlaridan biri. Oʻzbekistonda koʻplab muassasa va joylarga shoir nomi berilgan. 2018-yilda Margʻilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi maktab-internat ochildi.[11] 2019-yilda esa shaharda Erkin Vohidov memorial muzeyi ochildi.[12]
Vohidov hayoti va ijodi haqida koʻplab kitob yozilgan, shu jumladan, „Erkin Vohidov saboqlari“ (2016), „To quyosh sochgayki nur“ (2016), „Soʻz sehri“, „Oʻzbegimning Erkin oʻzbegi“ kitoblari.
Odatda, ulkan va iste’dodli san’atkorlarning butun bir ijodigina emas, balki har bir asari o‘nlab, yuzlab olimlar tomonidan batafsil tadqiq qilinadi, sinchiklab o‘rganiladi. Mabodo, ular bir joyga jamlangudek bo‘lsa, ajoyib bir tafakkur chamanzori dunyoga keladi. Undagi bir-biriga mutlaqo o‘xshamagan har bitta gul o‘z rangi hamda tarovati bilan ko‘ngillarga orom beradi va ijodkor gulzorining turfaligini ko‘rsatuvchi fazilatga aylanadi. Masalan, ulug‘ Alisher Navoiy ijodi 500 yildan buyon tadqiq etilyapti, bundan keyin ham o‘rganilaveradi. Bu bilan Navoiy ijodi haqida aytiladigan fikr qolmadi, degan muammo kelib chiqmaydi. Aksincha, fikr fikrni uyg‘otadi deganlaridek, ijodkor uslubi va mahoratining yangi-yangi qirralari ochilaveradi. Chunki haqiqiy iste’dodli san’atkorning ijodiy merosi ummonga o‘xshaydi. Unga sho‘ng‘igan g‘avvos nasibasiga yarasha duru gavharlarni terib chiqaveradi, ular esa mutlaqo tugamaydi. Zamonamizning iste’dodli shoiri Erkin Vohidov ijodi ham ana shunday ummonlardan biridir. Agar shoir ijodi haqidagi ilk maqolalar matbuotda e’lon qilinganiga yarim asrdan oshganini inobatga olsak (T.To‘la. “Sharq yulduzi”ni varaqlab… “Sovet O‘zbekistoni” gaz. 1961. O.Sharafiddinov. Talant va mas’uliyat. “O‘zbekiston madaniyati” gaz. 7.08.1962), hozirgacha bu ummondan yig‘ib olingan javohirot xazinasining hisobiga yetish mushkul ekanligi ayon bo‘ladi-qoladi. Shundan buyon o‘tgan davr mobaynida biron bir o‘zbek adabiyotshunosi yo‘qki, o‘zining ilmiy-tadqiqot ishlarida, hech qursa, bir marta Erkin Vohidov nomini tilga olmagan, shoir ijodiga xos yangi bir fazilatni kashf etmagan bo‘lsin! Shunga qaramay, bu san’atkor ijodining ochilmagan qatlamlari juda serob. Men ham ana shu qatlamlar qa’riga kuchim va nafasim yetgancha sho‘ng‘ib, Erkin Vohidov she’riyatining o‘zim ilg‘agan ayrim fazilatlari haqida fikr yuritmoqchi bo‘ldim.
Avvalo, Erkin Vohidov poetik tafakkuri g‘oyat keng va tiniq shoir ekanligini ta’kidlash zarur. Hayotda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga teran nigoh bilan qarash, ularning tub mohiyatini anglashga intilish, qaysi biri xayrli, qay biri soxtaligini aniqlay olish istagi shoirning ilk ijodiy qadamlaridan buyon yo‘ldosh bo‘lib kelayotir. Shoirning badiiy tafakkuri doimiy harakatda bo‘lgani tufayli o‘zining sarxil mevalarini tez va mo‘l-ko‘l bera boshladi. Natijada, E.Vohidov ijodi jadal sur’atlar bilan kamolot cho‘qqisiga ko‘tarildi va ustoz adabiyotshunos Umarali Normatov lutf qilganlaridek, shoir qalamiga mansub har bir so‘z, har bir satr chindan ham “Ko‘ngillarga ko‘chgan she’riyat”ga aylandi.
Juda yaxshi eslayman: 1961 yilda Erkin Vohidovning mo‘‘jazgina “Tong nafasi” deb atalgan she’rlar to‘plami bosilib chiqdi va tez orada qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Ayniqsa, biz kabi yoshlar (o‘shanda 1-kurs talabasi edim) bu kitobchadagi barcha she’r­larni yodlab olib, davralarda, to‘y-ma’rakalarda, qizlar bilan uchrashuvlarimizda “o‘zimizniki” qilib o‘qib yurardik. Albatta, ba’zan dakki ham eshitardik, negaki, o‘sha paytda Erkin Vohidovni o‘qimagan odam yo‘q edi-da! Lekin biz bu tanbehlardan ranjimasdik, sababi Erkin Vohidov degan shoir o‘zimizning Oltiariqdan, demak, biz bitta odammiz degan yupanch bizga dalda bergan. Ha, Erkin aka birinchi she’rlar kitobi bilanoq o‘zimizniki bo‘lib qolgan, uning she’rlari bizning ko‘nglimizga ko‘chib kirgan, hecham chiqib ketgisi kelmasdi va hozirgacha ham bemalol yashayapti. Endi ayting-chi, shoir uchun bundan ortiqroq baxt, bundan buyukroq taxt bormi?!
Mana, shundan buyon 50 yildan ortiq vaqt o‘tdi. Bu davrda Erkin Vohidov ijodi ham bo‘yiga, ham eniga, ham aylanasiga beqiyos darajada o‘sdi, vazni va salmog‘i ortdi. Bugun Erkin Vohidov o‘zbek adabiyotining yorug‘ yulduzi, katta ijodiy maktab yaratgan ulkan san’atkor bo‘lib tanildi.
Ma’lumki, Erkin Vohidov tengdosh bo‘lgan avlod adabiyotga o‘tgan asrning 60-yillarida kirib keldi va o‘zbek she’riyatini ham shaklan, ham mazmunan tubdan yangiladi. Aynan shu yillarda qo‘liga qalam olgan shoiru yozuvchilar yuragi ozodlik, erk tuyg‘usi bilan to‘lib-toshgan edi. Hurriyatga, erkka intilgan bu ijod ahli o‘z asarlari ruhiga, eng avvalo, millatning qadr-qimmatini ulug‘lashni, milliy iftixor tuyg‘usini singdirishni istadi va bunga dadil kirishdi. Natijada, bu avlodning ilk she’rlariyoq o‘sha paytdagi jamiyatda chuqur tomir otgan yolg‘onga, soxtalikka, balandparvozlikka qarshi isyon sifatida jarangladi. Ammo bu isyonni ochiq-oshkora bayon etish mumkin emasdi. Chunki yakkahokimlikni boy berib qo‘yishni istamagan kommunistik mafkura zaharli tishlarini qayrab turardi. Xayriyatki, she’riyatda fikrni ramziy timsollar orqali ifodalash, tikonni gulga o‘rab “tortiq” qilishning turli usullari va vositalari bor. 60-yillar ijodkorlari ana shu usul va vositalardan unumli foydalanib, odamlar yuragiga kirib bordilar. “Mening ham o‘sha yillarga mansub she’rlarimning har uchtadan bittasida jamiyatdagi yolg‘onu aldovlarga qarshi isyon tuyg‘usi bor” deydi bu haqda E.Vohidov (“Bu obod kunlarga yetdik sog‘-omon…” Suhbat. “Tafakkur” j., 2011, 3-son).
Aslida, bu avlodning xizmati shu bilangina cheklanmaydi. Chunki ular o‘z qutlug‘ qadami bilan she’riyat sohasidagina emas, balki ijtimoiy-siyosiy jabhalarda ham, ma’naviy-ma’rifiy maydonda ham tub o‘zgarishlarni vujudga keltirdi. Har bir ijodkor qullikka mahkum etilgan xalq o‘zining ayanchli turmushi mohiyatini chuqurroq anglasin, unga tanqidiy nuqtai nazardan qarasin, degan qutlug‘ niyat bilan qo‘liga qalam oldi, butun adabiyoti, ma’naviyati, ma’rifati tarixida tom ma’noda yangi sahifalar ochdi. Ular badiiy so‘z vositasida odamlarning mudroq qalbini uyg‘otdi, ong-shuurida isyon yasadi.
Odamlarga faqat she’rigina emas, balki o‘zi ham kerakligini chuqur his etib yashash istagi Erkin Vohidovni hamisha ana shu avlodning oldingi safida yurishga undadi. Shoir ijodining ilk qadamlaridan ijodkorlik va fuqarolik mas’uliyatini chuqur his etib, uning zalvorli yukini ongli ravishda zimmasiga ortgan holda yashab va ijod qilib kelmoqda. Agar sinchiklab qaralsa, Erkin Vohidov asarlarida millat sha’niga maqtov yog‘dirishdan, unga hamdu sanolar o‘qishdan ko‘ra, ko‘proq insonning hayot oldidagi burchini anglashi, zamon uning yelkasiga ortayotgan tahqirli yukdan qanday qilib ozod bo‘lish yo‘llarini izlashi lozimligi to‘g‘risida yozishni muhimroq deb bilganini anglash qiyin emas. Shu boisdan, u butun hayoti davomida ham ijodiy, ham ijtimoiy faoliyatini bir-biriga qo‘shib olib bordi va bu uzviy bog‘liqlik shoir she’rlariga o‘ziga xos mazmun hamda rang bag‘ishladi.
Erkin Vohidov har doim ijodining boshlanishida aytgan:
Xalq – ustozim, men esa – tolib,
So‘z durlarin termoqdir ishim.
Odamlarning o‘zidan olib,
Odamlarga bermoqdir ishim, – degan printsipiga qat’iy amal qilib yashadi va ijod qildi. Buning natijasi o‘laroq, u chinakam xalq shoiri sifatida tan olindi. Shoir butun ijodi mobaynida o‘zini “erkalab bag‘riga bosgan, mehnatkash, bag‘ri keng, orzulariday ulug‘ xalqi”ning beqiyos fazilatlarini, dardini kuylab kelmoqda. Shuning uchun ham shoirimiz asarlarida xalqona ruh, soddalik mudom ustuvor bo‘lib kelayotir.
Dadil aytish mumkinki, Erkin Vohidovning nafaqat har bir she’ri, balki undagi har bir satri ham “to‘lqin urgan sirlar to‘la ummon”dir. Chunki chin ma’nodagi “shoir o‘z xalqining yurak parchasi” hisoblanadi. Bunday yurakda, shubhasiz, isyon tug‘iladi. Isyonga dosh bermoq esa osonmas, binobarin, isyon bedor qalb inqilobidir. Bunday qalb xalq dardi bilangina nafas oladi. Shu boisdan shoir “men”i xalqning tili va dili, jigarbandi, farzandi sifatida namoyon bo‘ladi. U yaxshimi, yomonmi, 30 millionlik xalqini o‘z qalbiga jo qilgan, uning tashvishi va quvonchi bilan nafas olayotgan tirik jondir. Ana shu xalqining dardi, so‘zini ifoda etmoqlik ijodkor o‘zligining tub mohiyatini tashkil etadi. Shoir tomonidan mana bu misralar bejiz yozilmagan:
Seni sezdim hargiz o‘zimda,
Menda fikring, o‘ying, tilaging.
Har nafasda yoniq ko‘ksimda
Urib turar sening yuraging.
Aynan ana shu xalqning yuragi urib turganligi uchun ham Erkin Vohidov she’rlarida “bahoriy iliqligu nahoriy tiniqlik” barqaror.
Erkin Vohidovning har bir she’rida davrning yorqin manzarasi, xalqning o‘lmas ruhiyati, millatning monumental qiyofasi to‘la aks etadi. Shoir she’rlarida ilgari surayotgan g‘oyani o‘quvchiga majbur qilib tushuntirmaydi, satrlar zimmasiga og‘ir yuk ortmaydi. Iloji boricha, oddiygina so‘zlar va lirik qahramonning xatti-harakati orqali yengilgina taqdim etadi. Quyidagi “Hoji ota Marg‘iloniy so‘zi”ga quloq tuting-a:
Yetmish yillik umrim o‘tdi xorijda,
Yuzdan oshgan Hoji otang bo‘laman.
Tirik yurdim Istanbulda, Porijda,
Ona yurtdan ayru qandoq o‘laman?
Qandoq ketay Vatanimni ko‘rmay hur,
Ilhaqlikdan zo‘r dunyoda hech dard yo‘q.
Mana, yetdim murodimga, ming shukur,
Endi, bolam, o‘ladigan nomard yo‘q!
Guvoh bo‘lib turibsizki, bu she’rda ortiqcha balandparvoz so‘zlar, vatanparvar shaxsning ehtirosli tuyg‘ulari, tashbehlaru metaforalar, ovozni ko‘tarib chiranishlar yo‘q. Oddiygina insonning odmigina suhbati. Biroq suhbat shu qadar samimiy, soddaki, unda yuz yoshdan oshgan Hoji otaning butun qalbi yarq etib ko‘rinyapti. Hoji ota fikrini ifodalash uchun tanlangan so‘zlar sodda va qahramonning yoshiga munosibligi bilan e’tiborni tortadi. Misralardagi bironta so‘z o‘rnini almashtirish ham mumkin emas. Har bir so‘zda uning shu paytgacha tortgan azob-uqubatlari, Vatan sog‘inchi, shukronaligi, yurtini ozod ko‘rish tuyg‘usidan qoniqish hissi yaqqol sezilib turibdi. Haqiqiy she’r shunaqa bo‘ladi, undagi har bir so‘z qalbni cho‘g‘day jizillatib ta’sir qiladi. Erkin Vohidov ijodiga xos bunday fazilat uning ilk ijodiy qadamlaridan boshlab hozirgacha hamroh bo‘lib kelayotir.
Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, istiqlol g‘oyasi, mustaqillik uchun kurash mavzusini XX asrning 60-yillarida o‘zbek she’riyatiga Erkin Vohidov olib kirdi. Sho‘ro davrida o‘sib, tarbiyalanib voyaga yetgan avlod xalq irodasi, o‘ziga xos tarixi, millatning sha’ni, qadr-qimmati, jismoniy va ma’naviy kuch-qudrati ifodalangan, ajdodlarining shon-shavkati ulug‘langan she’rlarni ishtiyoq bilan o‘qishi, o‘qiganda ham to‘g‘ri qabul qilishi (ya’ni uqishi) biroz qiyin edi. Shu bois o‘sha paytda Erkin Vohidov tomonidan yaratilgan “O‘zbegim” qasidasi odamlar ongi-shuuriga chaqmoqdek urildi. Ayrimlarni kuydirdi, ba’zilarni karaxt qilib qo‘ydi. Lekin bu chaqmoq juda ko‘pchilikning qalbidagi zulmatni yoritib yubordi. Buning boisi “O‘zbegim” qasidasi o‘z davrida millatning ma’naviy ehtiyoji tarzida dunyoga kelgan va xalqning ayni paytdagi biroz bo‘lsa-da, yangilanayotgan xohish-istagini ifodalagan edi. Qasida 60-yillar boshlarida esa boshlagan demokratiya shabadasidek millatning biqiq ko‘nglida burqsib turgan milliy or-nomus, milliy iftixor tuyg‘usi darchasini ochib yubordi. Natijada, bu she’r odamlarda o‘ziga ishonch, qat’iyat, milliy g‘urur paydo qildi. Oradan ozgina vaqt o‘tib yaratilgan “Ruhlar isyoni” dostoni, “Inson”, “Bu qo‘llardir” kabi qasidalari xalqimizning yorishgan ruhiyatini ishonchli kurash yo‘liga olib chiqdi. Shu jihatdan 80-yillar o‘rtalarida istiqlol uchun boshlangan ommaviy harakatda ana shu she’rlari va ular muallifi Erkin Vohidovning katta hissasi borligi shubhasizdir.
80-90-yillarda shoirning avvalgi she’rlariga xos lirik ohang chekinib, ovozi biroz dag‘allashganligini, fikri jiddiylashganligini, xulosalari keskinlik kasb etganligini sezish mumkin. Aslida, buni o‘z davri uchun ijobiy fazilat sifatida baholash o‘rinlidir. Negaki, mazkur xususiyatlar jamiyatda yuz berayotgan alg‘ov-dalg‘ov hodisalar, Sho‘ro hukumatining xalqni mensimaslik, uning erkini, or-nomusini toptashga qaratilgan amaldagi harakatlariga qarshi norozilikning aks-sadosi tarzida dunyoga kelgan edi.
Ohangdagi bunday sifat o‘zgarishlari, ayniqsa, Erkin Vohidovning “Tirik sayyoralar” kitobidan o‘rin olgan kuchli ijtimoiy xarakterdagi she’rlari, “Kanada turkumi”, “Donishqishloq latifalari”da aniq ko‘zga tashlandi. Garchi shoirning “Arslon o‘rgatuvchi”, “Ko‘cha chetidagi ayol”, “Sharqiy qirg‘oq”, “Kelajakka maktub” singari she’rlarida erk muammosi kuchli ijtimoiy ruh bilan sug‘orilgan bo‘lsa-da, ramziy timsollar orqali ifodalangan g‘oya biroz miskin kayfiyatda ifodalangan edi.
80-yillar oxirlarida Erkin Vohidov ijodiga azaldan yo‘ldosh bo‘lib kelgan hajviyot ham butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ldi. Ijodining dastlabki yillaridagi hazilga moyillik bora-bora tagi zil g‘oyalarni ilgari suruvchi jiddiy kulgiga asos yaratdi. E’tibor berilsa, bu tuyg‘u shoirning “Do‘stlarimni hayron qoldirar…”, “Tinglayman ko‘p o‘zbek so‘zlarin…”, “She’r haqida she’r” singari ilk hazillarida beg‘araz, samimiy kulgi tarzida ko‘ngilga yengillik bag‘ishlagan edi. 70-80-yillarga kelib bu yo‘nalish biroz jiddiylashdi, kulgida zahar moddasi quyuqlashdi, munosabat bildirilayotgan illatni inkor etish ochiq va keskin tus oldi. Bu jihatdan shoirning “Kulgu mushoiralari”dan iborat g‘azallari, “Donishqishloq latifalari”, “Kanada turkumi”dagi asarlari xarakterlidir. Masalan, “Kulgu mushoiralari”ni mutolaa qilgan o‘quvchi tanqid qilinayotgan qusurlarni qat’iy inkor etgan holda shoirning beg‘araz kulgisidan yayrasa, “Donishqishloq latifalari”ni o‘qib, dastlab Matmusaning devonalarcha qilgan qiliqlaridan qah-qah urib kuladi. Keyin esa birdan chuqur o‘yga toladi. Chunki shoir Matmusa tushgan vaziyatning tub mohiyatini anglamay kulayotgan bizdek nodonlarga nimtabassum bilan:
Ayo, do‘stlar, adashgan
Matmusadan kulmaylik.
Matmusadek o‘zimiz
Tandir kiygan bo‘lmaylik,
– deb tanbeh beradi. Chindan ham Matmusa kim? U, aslida, o‘z davrida kommunistik mafkura tandirini kiyib olib, ko‘zlagan manzil-makoni, maqsad-muddaosi noma’lum bo‘lgan o‘zimiz emasmi?
Darvoqe, Erkin Vohidov latifalaridagi tandir, dutor, qalpoq, lagan, eshak singari detallar Matmusa shaxsi bilan yonma-yon turib, rivojlana borib, qahramon xarakterini turli tomonlardan yorituvchi obraz darajasiga ko‘tariladi.
Erkin Vohidovning chinakam san’atkor sifatidagi bosh fazilatlaridan yana biri – o‘zining xalq dardini anglash, bu dardu tashvishlarni yengillatish uchun unga hamkoru hamdast bo‘lish an’anasiga, mustaqillikka erishilgandan keyin ham sodiq qolganligidir. Ya’ni shoir ayrimlarga o‘xshab, o‘zining bosh maqsadi – Vatani ozodlikka erishganidan keyin niyatiga yetgan fuqaro singari o‘zini chetga olmadi. Balki mustaqillikni yanada mustahkamlash, uni asrab qolish yo‘lida sobitqadamlik bilan ham ijodiy, ham amaliy faoliyatda namuna ko‘rsatdi.
Hurriyat – nomus-or, nafsoniyatdir,
Qadrin bilgan elga mangu niyatdir.
Hurriyatning o‘zi tayyor baxt emas,
Baxt uchun eng buyuk imkoniyatdir.
Hurriyatga ishonch, saboting kerak,
Jur’ating, parvozing, qanoting kerak.
Vatan hurriyati uchun hamisha
Fidolikka tayyor hayoting kerak.
Chindan ham shoirning o‘zi aytganidek, “Adabiyot – mo‘min-ma’qul odamlarning maydoni emas. Faqirona ko‘nikuvchanlik, o‘z tinchini o‘ylash iste’dodni halok etuvchi omillardir”. Bu bilan E.Vohidov she’riyat faqat hamdu sanolar vositasi emas, balki uning vazifasi mudroq xalqning ko‘zini ochish, erishilgan g‘alabani asrab qolish va ko‘paytirishdan iborat ekanligini amalda isbotlay oldi va istiqlol she’riyatini odamlar yo‘lini yorituvchi mash’alaga aylantirdi. Bu mash’ala hanuz porlab, o‘z qutlug‘ vazifasini sharaf bilan bajarib kelayotir.
Erkin Vohidov ijodining avvalgi bosqichlarida uchramagan murojaat usuli “Og‘riqli savollar”, “Davlat ishi”, “Shaharmi bu, qishloqmi bu…”, “Sen menga tegma”, “Bizdan keyin hech bir avlod qayta qurmasin” singari she’rlarida aniq ko‘zga tashlanadi. Ularda shoir-lirik qahramoni o‘quvchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qiladi, unga og‘riqli savollar berib, mantiqli javoblar kutadi. Ammo dilini qoniqtiradigan javob ololmay faryod chekadi. Binobarin, Erkin Vohidovning bu she’rlari inson qalbiga bevosita yo‘naltirilgan, inson sha’ni uchun kurashadigan, inson shaxsiga nisbatan mehr bilan sug‘orilgan she’riyat ekanligini isbotlaydi.
Erkin Vohidov bundan ko‘p yillar muqaddam:
Shoirlik – bu shirin jondan kechmakdir,
Limmo-lim fidolik jomin ichmakdir.
Shoirlik – jigarni ming pora etmak,
Bag‘ir qoni bilan satrlar bitmak.
O‘zni tomchi-tomchi, zarra va zarra
Elga qurbon qilib, eng so‘nggi karra –
Armon bilan demak: “Ey, ona yurtim,
Kechir, xizmatingni qilolmay o‘tdim… – deb yozgan edi. Bugun shoirning ulkan adabiy merosidan bahramand bo‘lish asnosida to‘la huquq bilan aytishimiz mumkinki, Erkin Vohidov xalqiga xizmat qila olgani uchun haqli ravishda “O‘zbekiston Xalq shoiri” unvonini oldi. “Limmo-lim fidoyilik jomini” ichgani va bu yo‘lda namuna ko‘rsatgani uchun muhtaram Prezidentimiz o‘z qo‘llari bilan ko‘ksiga “Oltin yulduz”ni qadab “O‘zbekiston Qahramoni” deb e’lon qildilar. Xalqimiz va Vatanimiz oldidagi buyuk xizmatlari munosib taqdirlanib kelmoqda.
Hozir Erkin Vohidov ijodi aynan shiraga to‘lgan payti. Bu fikrimizni shoirning keyingi paytda e’lon qilgan she’rlari, publitsistik maqolalari, suhbatlari to‘la isbotlab turibdi. Ona xalqiga, Vataniga chinakam mehr qo‘ymagan ijodkor har qancha iste’dodga ega bo‘lmasin bunday mavqega erisha olmaydi. Mehr-muhabbati kuchli, sadoqati beqiyos bo‘lganligi tufayli Erkin Vohidov xalqimizning chindan ham nihoyatda suyukli shoiri bo‘lib qoldi. Shoir o‘zbek she’riyatiga yangicha fikr, yangi shakl­lar, yangi obraz, yangicha ohang, yangicha usul va vositalar olib kirdi va uning tamoman yangilanishiga munosib hissa qo‘shdi. Shoir she’rlari ko‘ngillarga orom, ruhimizga ko‘tarinkilik, vujudimizga madad bag‘ishlaydi. Demak, shunday shoirni sevmaslik, asarlarini chin dildan suyib mutolaa qilmaslik mumkin emas!
1.SHoirning Nido va Ruhlar isyoni tarixiy asarlari


Download 37.36 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling