9- mavzu. Oks sivilizatsiyasining yozuv tizimi. Oks sivilizatsiyasining ashyolarga asoslangan yozuv usul- lari. Reja


Download 230.94 Kb.
Sana24.12.2022
Hajmi230.94 Kb.
#1055196
Bog'liq
9 mavzu


9- Mavzu. OKS SIVILIZATSIYASINING YOZUV TIZIMI. OKS SIVILIZATSIYASINING ASHYOLARGA ASOSLANGAN YOZUV USUL- LARI.
Reja:

1. Oks sivilizatsiyasidagi piktografik belgi, piktografik yozuv va ashyoviy yozuv turlari. Oks sivilizatsiyasining ashyolarga asoslangan yozuv usullari.


2. Jarqo‘ton yodgorligida bronzadan yasalgan mitti predmetlar. Akademik A.A. Asqarov va B.N. Abdullaevlarning Jarqo‘ton IVa qabristonidagi tadqiqotlari. Molali davriga oid qabrlardagi ashyolar.
3. N.A. Avanesovaning Bo‘ston 6 qabristonidagi tadqiqotlari. Sopolli madaniyati.
4. Predmetli yozuvlarni tushunishda mifologik va falsafiy dunyoqarashlarini o‘rni.

Tayanch so‘z va iboralar


Piktografik belgi, piktografik yozuv, ashyoviy yozuv, Jarqo‘ton, mitti predmetlar, Jarqo‘ton IVa qabristoni, Molali davri, N.A. Avanesova, Bo‘ston 6 qabristoni, Sopolli madaniyati, predmetli yozuv, mifologiya, falsafa.


III-BOB. OKS SIVILIZATSIYASINING YOZUV TIZIMI
III.1. Oks sivilizatsiyasining ashyolarga asoslangan yozuv usullari.
Oks sivilizatsiyasida piktografik belgi, piktografik yozuv va ashyoviy yozuv turlari keng tarqalgan. Tan olib aytish lozimki, bular ilk yozuvning ko‘rinishlaridir. SHu tipdagi yozuv juda ko‘plab sivilizatsiya darajasiga chiqa olmagan qadimgi xalqlarda ham bo‘lgan. Bir qator tadqiqotchilar, albatta ularning fikrlari to‘g‘ri, yozuvni sivilizatsiyaning eng asosiy belgisi sifatida qaraydilar va ibtidoiy jamiyat va sivilizatsiyani farqlab turadigan atribut sifatida baholaydilar. I.E.Gelbning xulosasiga ko‘ra yozuv faqat sivilizatsiyalar vaqtida yuz beradi, sivilizatsiyalar yozuvsiz shakllanishi mumkin emas1. T.V.Gamkreladze va V.V.Ivanovlarning qarashlari bo‘yicha «sivilizatsiya yozuvni kashf etgan, sinfiy jamiyat madaniyatidir»2, bu xulosa bilan juda ko‘plab hindoevropa va hindoeron xalqlari tarixi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar hamfikrdadir3. K.Mak-Neyl «shunday jamoani sivilizatsiyaga erishgan deb hisoblash kerakki, jamoada tug‘ilgan ijtimoiy muammolarni echishga qodir bo‘lgan, obro‘li jamoa boshliqlarining yozuv tekstlari shakllangan bo‘lsin»-degan fikrni aytib o‘tgan. Albatta, sivilizatsiya, sinfiy jamiyat va yozuvning bir-biriga bog‘liqligi tabiiy hol. R.Bartning fikriga ko‘ra yozuvning eng asosiy xususiyatlaridan biri hukmdorlar o‘rtasidagi ijtimoiy vositachilik belgisidir4. Qadimgi SHarq manbalari bo‘yicha fikr yuritadigan bo‘lsak, yozuv sivilizatsiyaning muomala vositasi sifatida ilk sinfiy munosabatlar shakllangan dehqonchilik jamoalari davrida paydo bo‘ladi. Dehqonchilik jamoalarining faoliyat yuritishi bilan bog‘liq bo‘lgan, o‘ziga xos chuqur ijtimoiy-iqtisodiy va ideologik-diniy sabablari ham mavjudki, avvalambor saroy yoki ibodatxona xo‘jaligi mexanizmining ishlashini, butun hisob-kitoblarni qamrab olgan tizimning o‘rnatilishi yozuvning shakllanishiga asos bo‘lgan.
Oks sivilizatsiyasi aholisida ma’lumotlarni bir-biriga ashyolar yordamida etkazish bo‘yicha yuqori rivojlangan an’anaviy usullari ancha rivoj topgan5. O‘rta Osiyo xalqlari tarixida ashyoviy yozuvning o‘rni nihoyatda baland va juda qadimdan ma’lum bo‘lgan. Ammo, izlanishlar shuni tasdiqlamoqdaki O‘zbekiston tarixida bu soha tadqiqotchilar tomonidan tizimli o‘rganilmagan va alohida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilmagan.
O‘rta Osiyoning qadimgi xalqlarida ashyoviy yozuvning nihoyatda rivojlanganligini biz tarix otasi (Gerodot) ning qoldirgan ma’lumotlari asosida ham bilsak bo‘ladi. Gerodotning yozishiga qaraganda Ahamoniylar hukmdori va islohotchisi Doro skif (sak) qabilalari ustiga urush ochganda ko‘chmanchilardan qush, sichqon, qurbaqa va beshta paykon solingan ashyolar majmuasini oladi6. Bu ma’lumot tarixchilar tomonidan juda ko‘p marotaba muhokama etilgan va predmetlarning etimologiyasi xususida quyidagi umumiy fikrga kelishgan «... agar sen qushlar singari osmonlarga uchmasang, sichqonlar singari er qa’riga kirmasang, qurbaqalar singari botqoqlarga sho‘ng‘ib ketmasang tirik qaytmaysan, shu paykonlar senga atalgan»7. Bu ma’lumot ashyoviy yozuvning qadimgi xalqlar o‘rtasida keng tarqalganligining yozma manba yordamida isbotlanishidir.
Alfavitli yozuv eng rivojlangan O‘rta asrlar davrida ham ashyoviy yozuv unutilmagan. O‘rta asr manbalaridan hisoblangan SHarafuddin Ali YAzdiyning «Zafarnoma» va Rui Gonsales de Klavixoning «Samarqandga-Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403-1406 yillar)» asarlarida ashyoviy yozuvga misol bo‘ladigan ma’lumot uchraydi. SHarafuddin Ali YAzdiy Yildirim Boyazidning Amir Temurga elchilar orqali peshkash tariqasida o‘nta qush va ot jo‘natganligi, bu holat Amir Temurning jahlini chiqarganligini qayd etib o‘tgan: «Alqissa, Rumdin kelgon elchilar peshkashlari bila kelib, sohibqironni ko‘rdilar. O‘n qush va o‘n ot tortib, yukunib, so‘zlarini eshitib, yibargon peshkashlarni qabul qilmay dedi: «Kishiga kim saodat yori qilmag‘ay, nasihat va nekxohluq foyda qilmas. Har necha dedimkim, ul mamlakatda bizning cherikdin tashvish tegmagay...»8. Bu voqea haqida turk tarixchilari ham quyidagicha fikr bildirishgan: «Bir rivoyatga ko‘ra, Yildirimning eng oxirgi yuborgan peshkashlaridan Temurning jahli chiqqan. Zero, yuborilgan arg‘umonlarning har birining miqdori o‘ntadan edi. Holbuki, turklarda to‘qqiz raqami odat tusiga kirganligi sababli, peshkash tarzida yuboriladigan arg‘umonlarning soni to‘qqiztadan bo‘lishi kerak edi»9. Rui Gonsales de Klavixo ham Amir Temur o‘rdasida bo‘lib o‘tgan katta bazmni tasvirlash chog‘ida bu odat haqida eslatib o‘tgan: «Ziyofat tugashi bilan uning eng yaqin a’yonlaridan, xonadonining eshik og‘asi SHamelik Mirassa (amir SHoh Malik) va Noraddin Mirassa (amir SHayx Nuriddin) podshohga sovg‘alar taqdim etdilar. Sovg‘a uzun poyali bir necha kumush idishlardan iborat bo‘lib, har biriga qand, mayiz, bodom, pista va boshqa shirinliklar solingan, ustiga bir parcha shohi gazlama tashlangan edi. Idishlar to‘qqiztadan edi, chunki podshohga taqdim etilayotgan sovg‘alar to‘qqiztadan iborat bo‘lishi-odat»10. Turklarda to‘qqiz raqamining o‘ziga xos ahamiyatini, nikoh to‘ylarida saqlanib qolgan «to‘qqiz tovoq» marosimidan bilsa ham bo‘ladi.
Oks sivilizatsiyasi aholisi o‘rtasida ashyoviy yozuvning keng tarqalganligini muhokama etishdan avval etnografik manbalariga e’tiborimizni qaratsak. O‘zbek xalqi etnografiyasida ham bu soha o‘rganilmagan ilmiy yo‘nalishlardan biridir. Ammo, ashyoviy yozuv bizning xalqimiz orasida juda keng tarqalgan, negaki etnogenezi bronza davriga borib taqaladigan o‘zbek xalqi juda kuchli falsafiy mushohada qiladigan xalqlar qatorida turadi. Ashyoviy yozuv uslubi o‘zbek xalqi madaniy hayotining har bir jabhasida kuzatiladi. Jumladan, kuyov bilan kelinni unashtirish jarayonida sovchilar kelishi, sovchilar o‘tirgan joyida biron narsasini qoldirib ketish odati ularning «biz yana bu xonadonga qayta kelamiz» ma’nosini, ashyolar orqali berish usulidir. YOki qudalarning bir-birlariga «oqlik» yuborish an’anasi bir-birlariga to‘kin-sochinlik, tinchlik, sog‘lik va barkamollik tilashlarini bildiradi.
SHuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, xalqimizda juda ko‘p so‘zlarning ikkilamchi ma’nolari, «perefrazalar» i mavjud. «Tulki» so‘zi hayvon nomi bilan birga, ayyorlik, yolg‘onchilik ma’nosini, «qora» so‘zi esa rang ma’nosi bilan birga zulmat belgisini, toq sonlar esa ayriliq ma’nolarini anglatadi.
O‘zbek xalqining kiyinish odobidan ham har xil ma’lumotlar olsa bo‘ladi. Azador ayollarning oq ro‘mol yopinishi, turmushga chiqqan qizlarning kokil qo‘yish odati odamlar orasida ularning ajralib turishini belgilasa, ikkinchi jihatdan ashyolar yordamida ularning azadorligi yoki turmush qurganligi haqida ma’lumot beradi. Erli ayollar keksa bo‘lishiga qaramay qizil salla, tul qolgan ayollar esa yosh bo‘lishiga qaramay oq salla kiyishi lozim bo‘lgan. Bosh kiyimidan ayollarning boshi ochiq yoki eri borligini bilish mumkin bo‘lgan. Hozirgi davrda ham ashyoviy yozuvning zamonaviy ko‘rinishlaridan ko‘pgina jabhalarda keng foydalaniladi. Jumladan, har xil sport turlarida hakamlarning bayroqcha, hushtak, jazolash kartochkalari, qo‘l harakatlari va h.k. lardan foydalangan holda musobaqalarni boshqarishlari va ular tomonidan amalga oshirilgan har bir harakatning sportchilar tomonidan so‘zsiz tushunilishi ashyoviy yozuvning zamonaviylashgan ko‘rinishlaridan biridir. Ko‘chalarda yo‘l harakatini tartibga solib turishda, svetofor chiroqlarining ranglari, tirband chorrahalarda turadigan tartibga soluvchining harakatlari (hushtak, qo‘l va tartibga solish tayoqchasi yordamida) va yo‘l belgilaridan barcha davlatlarda keng foydalaniladi. Har bir davlatda, davlat ramzlari hisoblangan bayroq, madhiya va tamg‘aning mavjudligi ham ashyoviy yozuvning eng mukammallashgan ko‘rinishidir.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I. Karimov davlatimiz ramzlari to‘g‘risida: «Davlatimiz ramzlari-bayroq, tamg‘a, madhiya O‘zbekiston xalqlarining shon-sharafi, g‘ururi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassamlashtiradi, mana shu ramzlarni e’zozlash o‘zining qadr-qimmatini, o‘z mamlakatiga va shaxsan o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash demakdir», deb aniq ta’rif bergan edi11. Aholi o‘rtasida hozirgi kunda ham ashyoviy yozuvdan foydalanish holatlarini kuzatishimiz mumkin. Bunday holatni xalqimizning to‘y va ma’rakalarda dasturxon tuzatishdagi farqlarida ko‘ramiz. Xalqimiz quvonchli kunlarda (to‘y va bazmlarda) dasturxonga qo‘yiladigan noz-ne’matlarning miqdorini juft qo‘ysa, ma’rakalarda esa toq miqdorda qo‘yadi. Bu bilan quvonchli kunlar juft bo‘lib kelishini, qayg‘uli kunlar esa qayta takrorlanmasligini o‘z harakatlari bilan ifodalaydilar. Xotin-qizlarda soat, uzuk va sirg‘a kabi taqinchoqlarni taqishdagi farqlar, kishilarga tuhfa etiladigan gullarning soni va rangidagi farqlar, ovqat va choyni suzish hamda uni uzatishda, dasturxon atrofiga o‘tirishda, dasturxonga qo‘yilgan noz-ne’matlarni iste’mol qilish ketma-ketligiga rioya qilishda kishilarning yoshi va obro‘-e’tiboriga qarash va h.k shular jumlasidandir. Bu holatlarni ham fanda ashyoviy yozuv tizimi deb atashimiz maqsadga muvofiqdir.
Insonlarning ashyolar yordamida fikrini bildirishi, ya’ni ashyoviy yozuv tizimi juda qadimdan shakllangan va simvollarning paydo bo‘lishiga olib kelganligini tasdiqlaydi. Jarqo‘ton yodgorligi tadqiqotchilari asarlariga murojaat qilinganda ular qabrlardan juda ko‘plab predmetlarning mitti shakllari topilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar berishadi12. Ular ko‘pincha bronzadan va loydan yasalgan bo‘lib, shakl jihatidan doira shaklli altar, ish va jang qurollari, narvon hamda haykal kabi ko‘rinishda ifodalangan. YAna shu narsa ham ma’lumki, miniatyura shaklidagi predmetlar hech qachon bir dona emas, eng kamida uchta, ya’ni yaxlit holatda uchraydi.
Bronzadan yasalgan miniatyura shaklidagi ashyolarni tadqiqotchilar metallni asrash, iqtisod qilish madsadida metall predmetlarning o‘zini emas balki obrazlarini yasab, mayit bilan birga ko‘mgan deb hisoblashadi. Bu farazning ham fanda yashashga xaqqi bor albatta, ammo olamdan o‘tgan aziz insonlar xotirasi uchun kishilar hech qanday predmetni ayamaslik holatini inobatga olsak yuqoridagi fikr o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Biz bu miniatyura shaklidagi predmetlarning vazifasi xususida haqiqatga yaqin bo‘lgan yangi fikr bildirmoqchimiz va opponentlarimizdan bu g‘oyaga astoydil munosabatda bo‘lishlarini istab qolardik. Aytmoqchi bo‘lgan fikrimiz shundan iboratki, Jarqo‘ton yodgorligi qabrlarida uchraydigan miniatyura shaklidagi predmetlar ashyoviy yozuvlar majmuasidir. YUqorida ta’kidlaganimizdek ular yaxlit holda uchraydi.
Bronzadan yasalgan miniatyura shaklidagi predmetlar Sopolli madaniyatining ko‘zali davridan boshlab erkak, ayol va hattoki kenotaf qabrlarda ham uchraydi13. Akademik A.A.Asqarov va uning shogirdi B.N.Abdullaev tomonidan Jarqo‘ton IVa qabristonida jami 719 ta qabrlarni ochib o‘rgangan. SHundan Ko‘zali davriga oid qabrlardan jami 24 ta miniatyura shaklidagi ashyolar topilgan bo‘lib, ularning 14 tasi pichoq, 5 tasi xanjar, 1 tasi qozon, 1 tasi tova, 1 tasi qoshiq, 1 tasi sanchqi, 1 tasi esa kapgir shaklida yasalgan14. Miniatyura shaklidagi topilgan predmetlar asosan ko‘proq boy qabrlarda uchragan. Jumladan, 30-35 yoshli ayol kishiga tegishli bo‘lgan № 49 qabrda bronzadan yasalgan 7 ta miniatyura shaklidagi predmet bilan birga 17 ta sopol idish, kenotaf bo‘lgan № 475 qabrda esa 3 ta miniatyura shaklidagi predmet bilan birga 8 ta sopol idish qo‘shib ko‘milganligi kuzatilgan15.
Molali davriga oid qabrlardan jami 18 ta miniatyura shaklidagi predmetlar topilgan, ular juda yomon saqlanganligi bois shakllarini aniqlashda qiyinchilik tug‘ilgan. Tadqiqotchilar ushbu ashyolarni har xil ko‘rinishdagi pichoq, bel, etikdo‘z ish quroli shakllarida yasalgan deb hisoblaydi16.
Miniatyura shaklidagi predmetlarning kattaligi 2-3, qalinligi 0,1 sm.dan oshmaydi. YUqorida ta’kidlanganidek, ular shakl jihatidan turli xil idishlar, ish va ov qurollari ko‘rinishida yasalgan.
Akademik A.A.Asqarov va shogirdi V.I.Ionesov Jarqo‘ton IVv qabristonidan jami 300 dan oshiq qabrlarni ochib o‘rgangan17. Bu qabristonning ham ayrim qabrlarida miniatyura shaklidagi predmetlar majmuasi uchragan. Jumladan, № 60 qabrga 35-40 yoshlardagi erkak kishi qo‘yilgan bo‘lib, uning skeleti anatomik shaklda yotmay, suyaklari bir joyga terib qo‘yilgan va ustiga qizil oxra sepilgan. Qabrda Molali davrining 10 ta sopol idishi, idishlarda ovqat qoldiqlari izlari, hayvon suyaklari bilan birga paykon (uzunligi 4,5 sm, eni 1,5 sm), pichoq (uzunligi 3 sm, eni 1,7 sm), qilich (uzunligi 1,5 sm, eni 1,7 sm) shaklli uchta bronzadan ishlangan miniatyura shaklidagi predmet va bosh kiyim shaklli kumushdan yasalgan predmetlar majmuasi topilgan18.
N.A.Avanesova tomonidan Bo‘ston 6 qabristonidan loydan yasalgan, tashqi tarafidan qizil oxra bilan bo‘yalgan, silindr shaklli idish va uning konik shaklli qopqog‘i topilgan bo‘lib, idish devoriga ikkita teshikcha o‘rnatilgan19. Mana shu idishning ichidan loydan yasalgan 3 dona silindr shaklli predmet, loydan yasalgan mitti idish, loydan yasalgan zoomorf yuzli odam haykali, doira shaklli altarning topilishi ashyoviy yozuvning rivojlangan shakli mavjud bo‘lganligini tasdiqlaydi.
Biz Jarqo‘ton va Bo‘ston yodgorliklari qabrlarini o‘rganish davomida topilgan miniatyura shaklidagi predmetlar haqida ma’lumotlar keltirib o‘tdik. Bu topilmalarning predmetli yozuv ekanligini asoslash zarur, albatta. YUqorida biz bronzadan yasalgan miniatyura shaklidagi predmetlarning vazifasi to‘g‘risida so‘z ketganda Sopolli madaniyati tadqiqotchilarining fikrlarini qo‘llamagan holda, ya’ni ularni tadqiqotchilar metallni asrash, iqtisod qilish maqsadida predmetlarning prototiplari yasalgan degan fikrlariga qo‘shilmadik, va o‘ylaymizki, to‘g‘ri qildik. Bo‘ston yodgorligida loydan yasalgan miniatyura shaklidagi predmetlarning mavjudligi, ular ham asosan boy qabrlardan topilganligi haqidagi ma’lumotlarni yuqorida ham keltirib o‘tgan edik. Bu holatda Sopolli madaniyati aholisi tuproqni ham iqtisod qilishganmi degan tabiiy savol tug‘iladi va biz chiqargan fikr, ya’ni ularning predmetli yozuv ekanligiga yana bir bor ishoradir.
Miniatyura shaklidagi predmetlar majmuasining barchasi qabrlarda uchraganligi sababli o‘quvchida ularni Oks sivilizatsiyasi aholisining mayitni ko‘mish an’anasidir degan fikr tug‘ilishi ham tabiiy hol, albatta. An’analar qaytariluvchi, takrorlanuvchi va ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib o‘tuvchi urf-odatlar hamda udumlardan tashkil topadi. Innovatsiya esa jamiyat hayotida yuz beruvchi yangilikdir. Sopolli madaniyati qabrlarini o‘rganish mobaynida an’ana va innovatsion jarayonlar bir muncha yaxshi o‘rganilgan20. SHunday bo‘lsa-da ta’kidlash zarurki, Jarqo‘ton yodgorligida 3000 ga yaqin qabr o‘rganildi, shulardan juda kam qabrlarda miniatyura shaklidagi predmetlar uchragan, demak bu holatga an’ana emas yangilik sifatida qarash kerak. Ikkinchidan, Sopolli madaniyatining ilk bosqichlarida, Sopolli va Jarqo‘ton davrlari qabrlarida mitti predmetlarning uchramasligi ham bu odatning innovatsion jarayon ekanligidan dalolat beradi. Biz ilgari surayotgan predmetli yozuv tizimiga Ko‘zali davridan boshlab asos solingan, shu davr moddiy madaniyatida predmetli yozuv usuli uchray boshlaydi.
N.A.Avanesova Sopolli madaniyatida miniatyura shaklidagi predmetlarning paydo bo‘lishini Andronovo madaniyatining O‘rta Osiyoga kirib kelishi, migratsiyasi voqeasi bilan bog‘laydi21. Olima o‘z qarashlariga ko‘chmanchi xalqlarda predmetli yozuv keng tarqalganligini asos qilib oladi. Haqiqatdan ham Jarqo‘ton davridan boshlangan ko‘chmanchi Andronovo madaniyatining migratsiyasi Ko‘zali davriga kilib juda kuchaygan22.
Predmetli yozuv o‘sha davr insonlari uchun juda oddiy hamda tushunarli bo‘lganligi va tez anglab olinganligi tabiiy hol, albatta. CHunki bu yozuv usuli ularning falsafiy dunyo qarashlari hosilasidir. Ularning ongida ifodalangan fikrlarning ashyolar ko‘magida ifodalanish holatidir. YUqorida keltirib o‘tilgan skiflar va Doro o‘rtasidagi muomala vositasi har ikkala xalq uchun nihoyatda tushunarli bo‘lganligi aniq, ammo zamonaviy tarixchilar uchun jumboqligicha qolaveradi. Bu tabiiy hol albatta, xuddi o‘zbek xalqi etnografiyasida mavjud bo‘lgan so‘zlarning va odatlarning ekvivalent ma’nolarining mavjudligi bu fikrga asos bo‘ladi.
Predmetli yozuvlarni o‘qish, aniqrog‘i tushunish uni yaratgan xalqlarning mifologik va falsafiy dunyoqarashlarini bilish, anglash bilan chambarchas holda kechadi. Agar miniatyura shaklidagi predmetlarning paydo bo‘lishini professor N.A.Avanesova ilgari surayotgan Andronovo madaniyatining ta’siri natijasida paydo bo‘lgan degan fikriga qo‘shiladigan bo‘lsak, Oks sivilizatsiyasining predmetli yozuvlarini o‘qishni indoariy xalqlariga tegishli vedalar yordamida yondashishga to‘g‘ri keladi. Baqtriyaning hududi, ya’ni Andronovo va Xarappa madaniyatlari oralig‘ida joylashishi ham bu manbadan to‘liq foydalanishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
B.N.Abdullaev Jarqo‘ton IVa qabristonidan topgan va fanga kiritgan miniatyura shaklidagi predmetlarning soni ko‘p, ammo adabiyotda ular umumlashgan holatda berilgan23. Qaysi qabrdan nechta predmet topilganligi va yaxlit holda berilmaganligi ularni anglashda qiyinchilik tug‘diradi. O‘zR FA Arxeologiya instituti SHerobod otryadining hisobotlarida har bir qabrning ta’rifi va topilmalari xususida to‘liq ma’lumot topish mumkin. Lekin, eslab o‘tilgan nashrda muallif miniatyura shaklidagi idishlar haqida umumiy ma’lumotlar berish bilan chegaralangan, xolos.
YUqorida ta’kidlaganimizdek, Jarqo‘ton IVv qabristonining № 60 qabridan bronzadan yasalgan paykon, pichoq, qilich va kumushdan yasalgan dubulg‘a shaklli miniatyura shaklidagi predmetlar majmuasi topilgan24. Ushbu mitti ashyolar majmuasi predmetli yozuvning tipik ko‘rinishidir. Bu erda harbiy sarkarda obraziga imitatsiya qilingan. Uning bosh kiyimi eng qimmatbaho metallardan biri bo‘lgan kumushdan yasalganligiga eng asosiy e’tiborni qaratish kerak. Dubulg‘a harbiylik, kumush esa oliy toifaga mansublik nishonasidir. Bronza davrining eng nodir qurollari jamlanmasi, uzoqqa otish quroli-paykonning, yaqindan jang qilish quroli-pichoq va bronza davrida kashf etilgan qilichning bir joyda yaxlit to‘planishi harbiy kuchlarning bir qo‘lda mujassam bo‘lganligining nishonasi deb xulosa qilsak, ashyoviy yozuvning ma’nosini to‘g‘ri anglagan bo‘lamiz.
Bo‘ston 6 qabristonidan silindrokonik shaklli idish ichidan 3 dona silindr shaklli predmet, idish, odam haykali hamda doira shaklli altarning topilishi ashyoviy yozuvning rivojlangan shakli mavjud bo‘lganligini tasdiqlaydi va bu ashyoviy yozuvni anglash uchun tadqiqotchidan keng falsafiy mushohadani talab qiladi. Bu ishni eng sodda 3 dona silindr shaklli predmetdan boshlasak. Ular juda oddiy yasalgan va ko‘plab tadqiqotchilarning umumiy fikrlariga qaraganda sanoq tizimini anglatgan25. Bu fikrga biz ham qo‘shilamiz, negaki nafaqat bronza davrida, keyingi davrlarda ham, hattoki yaqin davrlarda ham yozuvni bilmaydigan cho‘ponlar qo‘y va echkilar sonini yog‘ochdan yasalgan tayoqchalar yordamida hisob kitob ishlarini olib borganligi ma’lum.
«3» soni dunyo xalqlari mifologiyasida keng tarqalgan va ko‘plab ilohiy jihatlarni anglatgan. Ammo, Oks sivilizatsiyasiga eng yaqin bo‘lgan hindoevropa xalqlar mifologiyasiga murojaat qilish bilan chegaralansak. Unda «3» soni ilohiy ma’noni, dunyoning vertikal joylashishini er va er usti dunyosi hamda osmon jismlarini anglatgan26. Oks sivilizatsiyasi aholisi bilan yaqindan madaniy aloqada bo‘lgan qadimgi hind xalqlaridan qolgan Vedalarga murojaat qiladigan bo‘lsak, «3» soni insonlarning har xil ins-jinslardan tozalanishining uchta ko‘rinishi, xudolar insonlarga beradigan uchta ilohiyatning mavjudligini tasdiqlaydi. Bularning birinchisi Soma beradigan qalb go‘zalligi, ikkinchisi Savitara beradigan ta’sirlanish, to‘lqinlanish va nihoyat Agni beradigan energiya, kuchdir27. Bizningcha, Bo‘ston VI qabristonidan topilgan mitti konussimon uch dona predmet hindoevropa xalqlari kosmogoniyasiga yaqin tushunchani anglatgan, negaki Sopolli madaniyati muhrlarida ham dunyoning uch qatlamdan iboratligiga ishora qiluvchi syujetlar tasvirlangan28.
Doira shaklli mitti altarlarning ashyoviy yozuv tizimida uchrashi tabiiy hol, albatta. Altarlar O‘rta Osiyoning juda ko‘plab bronza davri yodgorliklarida topilgan va olovga sig‘inish atributi hamda protozardushtiylik va zardushtiylikning eng asosiy elementi sifatida talqin qilingan29. O‘rta Osiyo yodgorliklaridan topilgan altarlar tuzilishiga ko‘ra ikki tipga ajratilgan:

Doira shaklli altarlarning diametri 0,90-1,6 m, devor qalinligi 15–22 sm, balandligi 8-10 sm. Ularning Osiyo bo‘ylab, eneolit va bronza davrlaridan boshlab keng hududda tarqalishi kuzatilgan. Doira shaklli altarlar Janubiy Turkmanistonning Aynatepa31, CHangtepa, Geoksyur 132, Tojikistonning Sarazm33, Hindistonning Kalibangan34, Kavkazning Kuraaraks35, Eronning Suza36, Turkiyaning Anadoli yodgorliklarida, ya’ni mil.avv. III ming yillikka oid madaniy qatlamlarida o‘rganilgan37.
Ikkinchi tipdagi altarlar keng hudud bo‘ylab tarqalmagan, Tojikistonning Sarazm38, Turkmanistonning Oltintepa39, Dashtli-340 yodgorliklarida qayd etilgan.
O‘rta Osiyo halqlari juda qadim davrlardan boshlab diniy udumlarini olovsiz o‘tkazmagan bo‘lsalar-da, maxsus qurilmalar atrofida ilohiy sig‘inish eneolit davridan boshlanganligi aniqlangan va bronza davriga kelib keng hududlarga tarqalishi kuzatiladi41.
Altarlarning joylashishiga qaraganda Sopolli madaniyatining ilk bosqichlarida oilaviy olovga sig‘inish va Jarqo‘ton bosqichida esa markazlashgan ibodatxonada jamoa býlib olovga sig‘inish amalga oshirilganligi, shu bilan birga har bir patriarxal oilada o‘zlarining maxsus oilaviy olovga sig‘inish altarlari bo‘lganligidan guvohlik beradi. Sopolli madaniyatining so‘nggi bosqichlarida esa Jarqo‘ton aholisi markazlashgan ibodatxonalarda jamoa tarzida olovga sig‘inishgan42.
Doira shaklli altarlar osmon va quyosh shakliga taqqoslash natijasida paydo bo‘lgan, unda yongan olov ham quyoshga mengzalgan. Mitti altarning qabrda uchrashi o‘lgan «iste’dodli» odamni botayotgan quyoshga o‘xshatgan bo‘lishi mumkin deb o‘ylaymiz.
Biz ashyoviy yozuv deb e’tirof etayotgan mitti majmualar orasida odam shaklidagi, loydan ishlangan statuetka-haykalcha ham bor. Uning bo‘yi 15 sm, eni bosh qismida 3,5 sm, ko‘krak qismida 7 sm, taz qismida 5 sm. Oks sivilizatsiyasining deyarli barcha yodgorliklarida haykallar uchragan. Ular ayrim hollarda mayitning o‘rniga ham qo‘yilgan. YUz tuzilishiga qarab ularni uch turga ajratish mumkin, yuzsiz, zoomorf yuzli va realistik qiyofada ishlangan haykallar uchraydi. Biz tahlil qilayotgan predmetli yozuvlar majmuasi orasida topilgan haykalchaga erkak yoki ayolligiga urg‘u berilmagan, yuzi ham chizilmagan. Demak, xayoliy obraz, mumkinki xudo obrazi, timsoli ifodalangan. Bizning tasavvurimizcha, haykalchaning altar bilan birga topilishi uning ilohiylikka oidligi haqida ishoradir. Demak bu erda olov xukmdori Agni ifodalangan. Ma’lumki, «Rigveda» Agni gimni bilan boshlanadi va u xudo bilan insonlar orasidagi bog‘lovchi obraz sifatida kuylanadi43.
Qadimgi Jarqo‘tonliklar oddiy loydan yasalgan, mitti predmetlar yordamida butun bir falsafiy dunyoqarashlarini ifoda eta olgan. Agar biz bu topilmalarni Vedalar bilan to‘g‘ri taqqoslagan bo‘lsak, bu erda juda katta dunyoqarash, ma’no yashiringanligining guvohi bo‘lamiz. Altar-otashparastlarning topinish vositasi, haykalcha-olov hukmdori Agni timsoli, uchta konussimon shaklli predmetlar sanoq tizimi va dunyoning uch qatlamli ekanligiga, er osti va er usti mavjudodlari hamda osmon jismlaridan iborat ekanligiga ishora qilingan.

10-rasm. Jarqo‘tondan topilgan haykallar majmuasi.

Jarqo‘tonda ashyoviy yozuv turining mavjud bo‘lganligini nafaqat miniatyura shaklli predmetlar hamda bu erdan topilgan, loydan yasalgan ikkita embrion shaklli, ikkiqat ayolning qorin qismi va o‘lgan erkak kishining byust haykali misolida ham kuzatish mumkin44. Topilmalarning hammasi yaxshi qorilgan loydan yasalgan. Embrion deb mushohada qilinayotgan loy massasi dumaloq shaklda bo‘lib, ular ikkita. Birinchisi kichikroq hajmda (d-7 cm), atrofi qizil rang bilan bo‘yalgan, ikkinchisi esa biroz kattaroq bo‘lib, tashqi tarafidan inson ko‘zi va qulog‘i qora rang bilan chizilgan, loy massasining o‘zi esa qizil rang bilan bo‘yalgan.


SH.SHaydullaevning ta’kidlashicha, ayol kishining qorni, uning homiladorligini anglatish uchun bo‘rttirib, dumaloq qilib ishlangan. Saqlanib qolgan ikki qo‘li esa qorni ustiga qo‘yilgan holatda ifodalangan. Ikki qo‘li bilan qorni o‘rtasida ikkita ilonning harakatlanib borayotgan holati ifodalangan. Qorin va qo‘lning ayrim joylari qizil bo‘yoq bilan bo‘yalgan.
Topilma muallifining ta’kidlashicha, erkak kishining byust-haykali to‘liq saqlangan. Uning sochi, soqol va mo‘ylablari qora rangda tasvirlangan. YOnoqlari qizil rangda. Qirra burun, shalpang quloq, og‘zi ochiq, ko‘zlari esa yumuq holatda ifodalangan. Og‘zi ochiq va ko‘zlarining yumuqligini inobatga olib, ushbu haykalda vafot etgan kishi ifodalangan deb hisoblash mumkin va ajdodlar ruhining homilador ayolni va u dunyoga keltirishi kutilayotgan bolalarini balo-qazolardan saqlashining, ya’ni ajdodlar ruhi diniy qarash sifatida ifodalanishining arxeologik kuzatilishi deb hisoblaymiz. Homilador ayol qorin qismining ayrim qismlari qizil rangga bo‘yalishi, qo‘l bilan qorin oralig‘ida ilonlarning ifodalanishi narigi dunyo tushunchasini beradi. Ma’lumki, mifologiyada qizil rang qonni, ilon esa er osti xudoligini belgilaydi. Jarqo‘ton yodgorligi aholisining tushunchasi bo‘yicha, dard azob-uqubatlaridan homilador ayolni, «ajdodlar ruhi qutqara olishi mumkin» 45.
SH.SHaydullaev ushbu topilmaning boshqa tushunchasini ham aytib o‘tgan. Ikkinchi fikr falsafiy qarash bo‘lib, dunyoning paydo bo‘lishi, uning doimiyligini ko‘rsatuvchi, diniy qarashlarga nisbatan hayotiy manzarani tasvir etish g‘oyasi yotgan ko‘rinadi. O‘lgan odam ® homilador ayol ® inson sifatida shakllangan embrion ® inson sifatida shakllanayotgan embrion. Qon va ilonlar tasviri esa bu erda ham «qora kuch» lar sifatida namoyon bo‘ladi.
Oks sivilizatsiyasida ashyoviy yozuv tizimi asosan miniatyura shaklli predmetlar yordamida, gohida haqiqiy kattalikdagi predmetlar asosida ham ifodalanganligining guvohi bo‘ldik. Ularning haqiqiy ma’nosini anglash og‘ir masala, ularni to‘g‘ri o‘qidik deb da’vo qilishimiz ham noto‘g‘ri, bizning asosiy maqsadimiz bronza davridan boshlab ashyoviy yozuvning mavjud bo‘lganligini aniqlash, sivilizatsiyaga erishgan xalq o‘z fikrini ifodalashning har xil uslublaridan foydalanganligini ko‘rsatib berishdan iborat.



1 Гельб И.Е. Опыт изучения письма. – М., 1982. – С. 211.

2 Гамкрелидзе Т.В., Иванов В.В. Индоевропейский язык и индоевропейцы. – Тбилиси, 1984. Т. 2. – С. 885-890.

3 Сафронов В.А. Индоевропейские прародины. – Горький, 1989. – С. 72.

4 Барт Р. Семиотика. Поэтика. – М., 1994. – С. 304-306.

5 Avanesova N.A. Spatbronzezeitliche Kulturkontakte in der baktrischen Flusoase nach den Befunden der Nikropole Bustan 6. // AMIT 29, 1997. – S. 147-178.

6 Геродот. История. В девяти книгах. / Пер. Г.А.Стратановского. – Л., Наука, 1972. – Кн. IV, 131-132.

7 Лосев А.Ф. Проблема символа и реалистическое искусство. – М., 1976. – С. 131-134.

8 Шарафуддин Али Яздий. Зафарнома. Сўз боши, табдил, изоҳлар ва кўрсаткичлар муаллифлари А.Ахмад, Ҳ.Бобобеков. – Т., 1996. – Б. 256.

9 Yasar Yusel, Ali Sevim. Turkiye tarixi. C. 2. – Ankara, 1990. – S. 62.

10Гонсалес, Руи Де Клавихо. Самарқандга-Амир Темур саройига саёҳат кундалиги (1403-1406). Масъул муҳаррир: Муҳаммад Али; сўзбоши ва изоҳлар муаллифи М.Сафаров; тарж. О.Тоғаев. – Т., «O’zbekiston», 2010. – Б. 171.

11Мустақиллик: Изоҳли илмий-оммабоп луғат. // Муаллифлар: М.Абдуллаев, М.Абдуллаева, Г.Абдураззоқова ва бошқ.; А.Жалолов ва Қ.Хоназаров умумий таҳририда. – Т., «Шарқ», 1998. – Б. 45-46.

12 Ионесов В.И. Становление и развитие раннеклассовых отношений в оседлоземледельческом обществе Северной Бактрии. Автореф. дис. ... канд. ист. наук. – Самарканд, ИА АН Уз.ССР, 1990. – 21 с.

13Аскаров А.А., Абдуллаев Б.Н. Джаркутан (к проблеме протогородской цивилизации на юге Узбекистана). – Т., 1983. – С. 24.

14Аскаров А.А., Абдуллаев Б.Н. Джаркутан ... – С. 24.

15 Аскаров А.А., Абдуллаев Б.Н. Джаркутан ... – С. 67.

16 Аскаров А.А., Абдуллаев Б.Н. Джаркутан ... – С. 30.

17 Ионесов В.И. Становление и развитие раннеклассовых отношений в оседлоземледельческом обществе Северной Бактрии. Автореф. дис. ... канд. ист. наук. – Самарканд. ИА АН Уз.ССР. 1990. – 21 с.

18 Отчет Шерабадского отряда за 1985 год. Архив Института археологии АН РУз. Фонд 5, Опись 1, Дело 75. – Самарканд, 1986. – С. 36-37.

19 Avanesova N.A. Spatbronzezeitliche Kulturkontakte in der baktrischen Flusoase nach den Befunden der Nikropole Bustan 6. // AMIT 29, 1997. – S. 147-178.

20 Аванесова Н.А. Новое в погребальном обряде Сапаллинской культуры. // Археологические вести. – СПб., 1995, № 4. – С. 63.

21 Avanesova N.A. Spatbronzezeitliche Kulturkontakte in der baktrischen Flusoase nach den Befunden der Nikropole Bustan 6. // AMIT 29,1997. – S. 147-178.

22 Рахманов У.В., Шайдуллаев Ш.Б. О влиянии культур степной бронзы на керамические комплексы Сапаллинской культуры. // ОНУз., 1985, № 11. – С. 58-63.

23 Аскаров А.А., Абдуллаев Б.Н. Джаркутан (к проблеме протогородской цивилизации на юге Узбекистана). – Т., Фан, 1983. – 120 с.

24 Отчет Шерабадского отряда за 1985 год. Архив Института археологии АН РУз. Фонд 5, Опись 1, Дело 75. – Самарканд, 1986. – С. 36-37.

25 Аванесова Н.А. Предметное письмо доисторической Бактрии. // Transoxiana. – М., 2002. – С. 16-23.

26 Дюмезиль Ж. Верховные боги индоевропейцев. – М., 1986. – С. 12.

27 Ригведы. // Ригведа. Мандалы IX-XI. – М., «Наука», 1999. – IX, 26. – С . 24-25; IX, 67. – С. 57-60.

28 Шайдуллаев Ш.Б. Ўзбекистон ҳудудида давлатчиликнинг пайдо бўлиши ва ривожланиш босқичлари ... – б. 38; Sarianidi V.I. Seal-Amulets of the Murgab Style. // The Bronze Age Civilization of Central Asia. Recent Soviet Discoveries. Ed. by Kohl P. L., New York, 1981; Sarianidi V., Amiet P. L’age des echanges inter-iraniens 3500-3700 avant J.-C. Paris, 1986. Информационный бюллетень МАИКЦА. Вып.14, - М., 1988. – С. 99-100.

29 Аскаров А.А., Ширинов Т.Ш. Ранняя городская культура эпохи бронзы юга Средней Азии. – Самарканд, ИА АН РУз., 1993. – 162 с.; Сарианиди В.И. Исследования памятников Дашлинского оазиса. // Древняя Бактрия. Материалы 1969-1973 гг. – М., Наука, 1976. – С. 21-86; Сарианиди В.И. Маргуш. Древневосточное царство в старой дельте реки Мургаб. - Ашхабад, 2002. – 360 с.

30 Рахимов К.А. Сополли маданияти ёдгорликларида олов билан боғлиқ қурилмалар ва ошхона идишлари типологияси. Т.ф.н. ... дис. автореферати. ЎзР ФА археология институти. – Самарқанд, 2011. – 21 б.

31 Хлопин И.Н. Модель круглого жертвенника из Ялангач-депе. // КСИА, вып. 98. – М., 1964. – С. 87-89.

32 Сарианиди В.И. Памятники позднего энеолита юго-восточной Туркмении. // Археология СССР. Часть 4. – М., 1965. – С. 87-89.

33 Исаков А. Саразм – новый раннеземледельческий памятник Средней Азии. // СА, № 6, 1986. – С. 152-167.

34 Бонгард-Левин Г.М. Древнеиндийская цивилизация, философия, наука, религия. – М., 1980. – С. 16.

35 Мунчаев Р.М. Кавказ на заре бронзового века. – М., 1975. – С. 156-157.

36 Mecquenet R. De Fouilleg de suse, 1933-1939. MMA en Iran. – Paris, 1943, - XXV. – P. 107-108.

37 Мунчаев Р.М. Кавказ на заре бронзового века. – М., 1975. – С. 156.

38 Исаков А. Саразм-новый раннеземледельческий памятник Средней Азии. // СА, № 6, 1986. – С. 152-167.

39 Массон В.М. Алтын-депе. // Труды ЮТАКЭ, т. XVIII. – Л., 1981. – С. 64.

40 Сарианиди В.И. Древние земледельцы Афганистана. – М., 1977. – С. 34-39.

41 Рахимов К.А. Сополли маданияти ёдгорликларида олов билан боғлиқ қурилмалар ... – 21 б.

42 Рахимов К.А. Сополли маданияти ёдгорликларида олов билан боғлиқ қурилмалар ... – 21 б.

43 Ригведы. // Ригведа. Мандалы I-IV. М., «Наука», 1999. – 767 с. (I, 12. – С. 15-16.)

44 Шайдуллаев Ш.Б. Ўзбекистон ҳудудида давлатчиликнинг пайдо бўлиши ва ривожланиш босқичлари ... – Б. 115.

45 Шайдуллаев Ш.Б. Ўзбекистон ҳудудида давлатчиликнинг пайдо бўлиши ва ривожланиш босқичлари ... – Б. 116 б.

Download 230.94 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling