A a a allohga taqvo qilish


Download 28.09 Kb.
Sana20.10.2020
Hajmi28.09 Kb.
#135096
Bog'liq
Rizqning kengayishiga sabab


Rizqning kengayishiga sabab bo‘luvchi omillar

Yurtimizda

A A A

Allohga taqvo qilish

“Taqvo” so‘zini ulamolar turlicha ta’riflashgan. Imom Rog‘ib al-Asfahoniy: “Taqvo nafsni gunohdan saqlashdir. Bu harom ishlarni tark etish bilan bo‘ladi. Hatto ba’zi muboh ishlarni ham tark qilish taqvoning komilligidandir”, degan. Imom Navaviy aytadi: “Taqvo Allohning amr va qaytariqlariga ergashishdir. Uning ma’nosi esa, U Zot subhanahu va taoloning g‘azabi va azobidan ehtiyot bo‘lib yurishdir”.

Qur’oni karimning ko‘plab oyatlari va hadisi shariflarda Allohga taqvo qilish keng rizqqa sabab bo‘lishi ta’kidlangan.

Alloh taolo aytadi:

Kim Allohdan qo‘rqsa, U zot uning uchun chiqar yo‘lni (paydo) qilur va uni o‘ylamagan tomonidan rizqlantirur” ("Taloq" surasi, 2-3 oyatlar).

Ya’ni, qaysi bir banda Alloh taologa taqvo qilsa, U zot buyurgan amallarni ixlos bilan bajarib, qaytargan narsalardan saqlansa, Alloh bunday bandani har qanday kulfat va musibatlardan, g‘am-anduhlardan forig‘ etib, uni o‘zi o‘ylamagan, xayoliga keltirmagan tomondan rizqlantirib qo‘yadi.

Ba’zi tafsir kitoblarida ushbu oyat “Kimki haromdan taqvo qilsa, Alloh u banda uchun halolga, qiyinchiliklardan farovonlikka va do‘zaxdan jannatga chiqar yo‘l paydo qiladi” deb tafsir qilingan (“Tafsirul alusiy”).

Ismoil Bajjiy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy  sollallohu alayhi va sallam:“O‘zingizga amr qilingan amallarni to‘liq ado qilganlaringizda, albatta ekin ekmagan holda rizqlantirilgan bo‘lar edingiz”, deganlar” (Imom Buxoriy “Tarix”da rivoyat qilgan).

Imron ibn Husoyn roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kimki o‘zini Allohga bag‘ishlasa (taqvo qilsa, ibodatiga ajralib chiqsa), U Zot o‘sha bandani o‘ylamagan tarafdan rizqlantiradi. Kimki o‘zini dunyoga bag‘ishlasa, Alloh dunyoni u bandaga vakil qilib qo‘yadi” (Imom Tabaroniy va Ibn Abu Hotim rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Kimki ushbu oyatni cho‘kayotganda yoki yirtqich hayvon hamla qilganda o‘qisa, unga hech narsa ziyon keltirmaydi”, degan.

Qatoda aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot o‘sha bandani dunyodagi shubha-gumonlardan, o‘lim chog‘idagi musibatdan va qiyomat kunining dahshatlaridan saqlaydi. Shunday ekan, sizlar o‘zingiz uchun Allohga taqvo qilishni lozim tutinglar! Zero, bu bilan Alloh sizlarga dunyoda rizq beradi va oxiratda mukofotlaydi”.

Alloh taolo aytadi:

Agar qishloqlarning ahli imon keltirib, taqvodor bo‘lganlarida edi, albatta Biz ularga osmonu Yerdan barakot (darvozalari)ni ochib qo‘ygan bo‘lur edik. Lekin ular (payg‘ambarlarimizni) yolg‘onchi qildilar. Bas, ularni o‘zlari qilgan gunohlari sababli jazoladik” ("A’rof" surasi, 96-oyat).

Oyati karimada zikr qilingan “qishloqlar” avval yashab o‘tgan, ammo imon yo‘lini xushlamagan kofir qavmlarning makonlarini anglatadi.

Ya’ni, mana shu qishloq ahli payg‘ambarlar olib kelgan narsalarga imon keltirib, ularni tasdiqlashganida, Allohga taqvo qilganlarida, Parvardigorining izni bilan osmon ularning ustlariga barakali yomg‘ir yog‘dirar va Yer turli navdagi ne’matlarni undirib chiqargan bo‘lar edi. Natijada rizqlari kengayib, yaxshiliklar ko‘payardi. Ammo ular bunday qilishmadi. Payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqarishdi. Shu sabab Alloh ularni munosib jazoladi.

Alloh taolo aytadi:

Agar ular (To‘g‘ri) Yo‘lda sobitqadam turganlarida, albatta Biz ularni mo‘l yomg‘ir bilan sug‘organ bo‘lur edik” ("Jin" surasi, 16-oyat).

Ya’ni, agar Quraysh kofirlari Allohga imon keltirib, U Zotga ibodat qilishda bardavom bo‘lganlarida, Biz ularning ustlariga ko‘p miqdorda barakotli yomg‘ir yog‘dirar edik. Buning sababidan ularga keng rizq va farovon hayot ato qilardik.

Ibn Abbos aytadi: “Ushbu oyat yetti yillik og‘ir qahatchilik va qurg‘oqchilikni boshidan kechirgan Quraysh kofirlari haqida nozil bo‘lgan”.

Abu Molik: “Oyatdagi “yomg‘ir”dan murod “boylik”dir”, degan (Abd ibn Humayd rivoyati).

Robiy’ ibn Anas oyatdagi “mo‘l yomg‘ir”ni “farovon hayot” deb tafsir qilgan (Abd ibn Humayd rivoyati).

Alloh taolo aytadi:

Agar ular Tavrot, Injil va Parvardigorlari tomonidan nozil qilingan barcha narsalarga amal qilganlarida edi, ustlaridan (osmondan) ham, ostlaridan (Erdan)ham rizqlantirilgan bo‘lur edilar” ("Moida" surasi, 66-oyat).

Agar ahli kitob bo‘lmish yahudiy va nasroniylar Tavrot va Injilga to‘liq amal qilganlarida, uni xuddi Allohning dargohidan nozil qilinganidek, o‘zgartirmay tilovat qilganlarida, bu narsa ularni Muhammad sollallohu alayhi va sallam olib kelgan narsaga imon keltirishlariga sabab bo‘lardi. Agar ular Haqqa ergashib, o‘z kitoblarida bashorati kelgan Muhammadning Risolatiga imon keltirganlarida edi, Alloh ularga keng rizq berar, osmon o‘z yomg‘iri va barakotini tushirar, Yer o‘z yaxshiliklarini undirib chiqarar edi. Lekin, ularning ko‘plari Allohning hukmiga bo‘sunmadilar. Faqat ozchilik qismigina mo‘min bo‘ldi.

Muhammad Sayyid Tantoviyning “Tafsirul vasit” kitobida: “Ushbu oyat, agar banda Allohning yo‘lida bardavom bo‘lsa, uning rizqi keng bo‘lishiga dalolat qiladi. Qur’oni karimda bu ma’noda yana ko‘plab oyatlar keltirilgan”, deyilgan.

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Ey odamlar, Allohga taqvo qilishni tijorat qilib olinglar. Shunda sizlarga savdo-sotiq va tijoratsiz rizq keladi”, dedilar va: “Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot unga chiqar yo‘lni (paydo) qiladi va uni o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizqlantiradi” oyatini o‘qidilar” (Ibn Mardavayh, imom Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu yerda ummatlarini ikki dunyo saodatiga yetaklovchi amalga targ‘ib qilmoqdalar:

Ey odamlar, Allohga taqvo qilishni tijorat qilib olinglar”.

Ya’ni, ey ummatim, Alloh taqvo qilishni o‘zingizga foyda keltiradigan vosita qilib olinglar! Zero, bu narsa oxiratda sizlarga katta yutuq keltiradi. Alloh roziligini topasizlar, do‘zaxdan uzoqlashtirilib, jannatga kiritilasizlar. Allohga taqvo qilishni tijorat qilib olish nafaqat oxiratda, balki ushbu dunyoda ham sizlarga manfaat keltiradi:

Shunda sizlarga savdo-sotiq va tijoratsiz rizq keladi”.

Agar Allohga taqvo qilsangiz, savdo-sotiq, oldi-sotdi bilan shug‘ullanmasdan turib ham keng rizq va farovon hayotga erishasizlar.

Bu yerdagi “savdo-sotiq va tijoratsiz” birikmasini noto‘g‘ri tushunib, hech qanday kasb-hunarsiz va harakat qilmaydan ham Allohga taqvo qilsa, boyib ketish mumkin ekan-da, deb tushunmaslik lozim. Odatda, kishilar nazdida tijorat, savdo-sotiq boshqa sohalarga qaraganda eng serdaromad kasb sanaladi. Shu sabab ham keng rizq va farovon hayot ma’nolarini ifodalash uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu usuldan foydalanib, mo‘min-musulmonlarni Allohga taqvo qilish va shariat ahkomlariga to‘liq bo‘ysunishga chaqirmoqdalar.

Va: “Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot unga chiqar yo‘lni (paydo) qiladi va uni o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizqlantiradi” oyatini o‘qidilar”.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Allohga taqvo qilish bandaning dunyo va oxiratda saodatmand bo‘lishiga, xususan keng rizqqa ega bo‘lishiga sabab ekanini aytib o‘tgach, so‘zlarini quvvatlash uchun Taloq surasining 2-3 oyatlarini  tilovat qilibdilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Kimning qorni ochsa yoki (biron narsaga) ehtiyoj sezsayu, buni odamlardan yashirib, Allohga oshkor qilsa, u banda uchun bir yillik halol nasiba (keladigan yo‘l)ni ochish Alloh zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy “Kabiyr” va “Avsat”da rivoyat qilgan. Imom Tabaroniy rivoyat qilgan boshqa hadisda: “Haloldan bo‘lgan yaxshi rizq(keladigan yo‘l)ni ochish Alloh azza va jallaning zimmasida bo‘ladi”, deyilgan).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kimki biron narsaga muhtoj bo‘lib, uni odamlarga oshkor qilsa, uning hojati ravo qilinmaydi. Kimki biron narsaga muhtoj bo‘lganida, uni Allohga izhor qilsa, Alloh u (banda)ni tezda yoki bir oz muddat o‘tgach rizqlantiradi” (Abu Dovud, Termiziy va Hokim rivoyati).

Inson hayotda yashar ekan, doimiy suratda turli narsalarga ehtiyoji tushib turadi. Bu ehtiyoj esa uni harakat qilish va izlanishga undaydi. Lekin ehtiyojni qondirish va shu yo‘lda intilish bandaning holatiga qarab turlicha bo‘ladi. Hadisda aytilishicha, kimning biron narsaga ehtiyoji tug‘ilganda, uni odamlardan yashirib, ulardan hojatini ravo qilishlarini so‘ramay turib, hojatini Allohdan so‘rasa, Alloh uning ehtiyojini qondiradi. Unga bir yillik halol rizq keladigan yo‘lni paydo qiladi. Bunga har birimiz imon keltirishimiz va mana shu hadis ta’limotiga asosan ishlarimizni yo‘lga qo‘yishimiz lozim. Afsuski, hayotdagi faoliyatlarimizga nazar solsak, ushbu hadisdan bexabar ekanimiz yaqqol namoyon bo‘ladi. Bizda biron hojat tug‘ilsa, darrov kimnidir o‘rtaga solib, ishimizni bitirishga harakat qilib qolamiz. Allohga duo qilish, U Zotdan mushkullarimizni oson qilishini so‘rash xayolimizga kelmaydi. Faqat bandasining qo‘lidan biron ish kelmagachgina U Zotga duo qilishga o‘tamiz. Biz bu bilan odamlar orqali hojatini ravo qilishni qoralayotganimiz yo‘q. Balki banda eng avvalo Rabbiga iltijo qilishi, shunday keyingina sabab va vositalarni ishga solishi kerak. Bu narsani Alloh taolo Muso alayhissalom misolida bizlarga bayon qilgan. Muso alayhissalom Madyan qudug‘i oldiga yetib kelganida, u yerda bir to‘da odamlar chorvalarini sug‘orayotgan edilar. Ularning narirog‘ida esa ikki ayol tortinganlaridan chorvalarini sug‘ora olmay, ularni suv ichishdan qaytarib turganlarini ko‘rdi. Shunda u ikkisining oldiga borib, sizlarga nima bo‘ldi, nega chorvalaringizni sug‘ormayapsizlar, deb so‘raganida, ular biz mana bu podachilar sug‘orib bo‘lmagunlaricha qo‘ylarimizni sug‘ora olmaymiz, otamiz esa qari chol, deb javob berdilar. Buni eshitgan Muso alayhissalom tezda ularga yordam qo‘lini cho‘zdi. Qur’oni Karim bu jarayonni quyidagicha ifodalaydi: “Shunda (Muso) ularga (qo‘ylarini)sug‘orib berdi. So‘ngra (daraxt) soyasiga borib: “Parvardigorim, men O‘zing men uchun nima yaxshilik tushirsang, o‘shangga muhtojman”, dedi” ("Qasas" surasi, 24-oyat).

Ya’ni: Muso alayhissalom ikki ayolni qiyinchilikka qo‘ymay, darrov hojatlarini ravo qilgach, bir chetdagi daraxt soyasiga borib o‘tirdi va Rabbiga tazarru’ qilib shunday dedi:

– Ey Rabbim, men Sen O‘z dargohingdan tushiradigan rizqqa muhtojman!

Muso alayhissalomning ixlos bilan duoga ko‘tarilgan qo‘li bo‘sh qaytmadi. Alloh taolo uning boshiga tushgan og‘irlikni tez fursatda bartaraf etdi. Alloh taoloning Muso alayhissalom duosiga ijobati qanday bo‘lganini quyidagi oyatda ko‘rib o‘tamiz: “Bas, ulardan biri hayo bilan yurib kelib: “Otam seni bizlarga (qo‘ylarimizni) sug‘orib berganing haqqini berish uchun chaqirmoqda”, – dedi” ("Qasas" surasi, 25-oyat).

Ibn Kasir aytadi: “Ikki ayol qo‘ylarini sug‘orib, otalarining oldiga qaytishgach, u bundan ajablanadi va sababini so‘raganda, Muso alayhissalom ularga yordam berganini aytishadi. Shunda otasi ikki qizidan birini Musoni chaqirib kelish uchun yuboradi”.

Xullas, Muso alayhissalom hojatini odamlardan berkitib, uni Allohga oshkor qilgani, U Zotga ixlos bilan duo qilgani bois Alloh uni munosib tarzda rizqlantirdi.

O‘zining biron narsaga muhtoj ekanini yashirib, uni Alloh ijobat etishini kutish, Allohga duo qilish va U Zotning rahmatidan umid qilish ham taqvodorlik ekanidan yuqoridagi hadis va oyati karimalar ushbu bobda keltirildi.

Oxiratni dunyodan ustun qo‘yish

Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Kimning tashvishi oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbida boylik paydo qiladi va xotirini jam etadi. (Mol-)dunyo unga sudralib keladi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning ikki ko‘zi oldiga faqirligini keltiradi, xayolini parishon qiladi va unga(mol-)dunyodan faqat o‘ziga taqdir qilinganigina keladi” (Termiziy, Ibn Moja, imom Bazzor, imom Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan. “Zavoid” kitobida hadisning sanadi sahih, deyilgan).

Imom Bazzorning rivoyatida ushbu hadis boshqa shaklda keltirilgan: “Kimning niyati oxirat bo‘lsa, Alloh taboraka va taolo uning qalbida boylik paydo qiladi, xotirini jam etadi va uning ikki ko‘zi oldidan faqirligini olib tashlaydi. Dunyo unga sudralib keladi. U boy holida tong ottiradi va boy holida kunini kech qiladi. Kimning niyati dunyo bo‘lsa, uning ikki ko‘zi oldiga faqirlikni keltiradi. Bas, endi u faqir holida tong ottiradi va faqir holida kunini kech qiladi”.

Ushbu hadisda ulkan bir haqiqat ta’sirchan usulda bayon qilinmoqda. Har bir insonning o‘ziga yarasha tashvish va muammolari bo‘ladi. Lekin bu tashvish va muammolar dunyo yoki oxiratga tegishli ekaniga qarab bandalar ikki toifaga bo‘linadilar. Shunga ko‘ra ularga beriladigan rizq ham ikki xil bo‘ladi:

Kimning tashvishi oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbida boylik paydo qiladi va xotirini jam etadi. (Mol-)dunyo unga sudralib keladi”.

Qaysi bir bandaning asosiy g‘am-tashvishi oxirat bo‘lsa, qiyomatda Allohning roziligini topib, jannatga doxil bo‘lish bo‘lsa, Alloh bunday bandaning qalbida boylik va qanoat paydo qiladi hamda ko‘zini to‘q va xotirini jam qilib qo‘yadi. Endi u boylik vasvasasiga uchmaydigan, hoyu havaslar girdobidan ozod va xotirjam bir bandaga aylanadi. Bunday bandaga taqdirida yozilgan rizqi hech bir qiyinchiliksiz keladi.

Oxiratni dunyodan ustun qo‘yadigan bandani Alloh taolo ikki dunyoda aziz qiladi. Bu hadisda esa uning ushbu dunyoda ko‘radigan ba’zi yaxshiliklari zikr qilinmoqda. O‘z o‘rnida bu bilan bandalarni oxirat g‘ami bilan yashashga targ‘ib qilinmoqda. Oxirat g‘ami keng ma’nodagi tushunchadir. Qisqa qilib aytganda, oxirat g‘ami imon va uning salomatligi hamda oxirat obodligi bilan bog‘liq narsalar haqida qayg‘urishdir. Imonini kufr, shirk va nifoqdan asrash, Allohning amrlarini bajarish, musulmonlar va Islom dinining rivoji, kelgusi avlodlarining mo‘min-musulmon bo‘lib o‘sishlari va shu kabi narsalar haqida o‘ylab, ularning tashvishida yashagan banda oxirat g‘ami bilan yashagan bo‘ladi.

Hadisning davomida oxiratni unutish va faqat shu dunyo tashvishlari bilan o‘ralashib qolishning qanday oqibatlarga olib borishi haqida so‘z boradi:

Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning ikki ko‘zi oldiga faqirligini keltiradi, xayolini parishon qiladi va unga (mol-)dunyodan faqat o‘ziga taqdir qilinganigina keladi”.

Bu yerda umuman dunyo haqida o‘ylash va muammolarini hal qilishga intilish emas, balki qiyomatni butkul unutib, faqat mana shu besh kunlik o‘tkinchi dunyoga bog‘lanib qolish nazarda tutilmoqda.

Ya’ni, qaysi bir bandaning eng asosiy maqsadi va tashvishi dunyo bo‘lsa, garchi u boy-badavlat bo‘lsa-da, Alloh uning ko‘zi oldiga faqirligini keltiradi. Uni kelajagi haqida yomon va tashvishli fikrlar girdobiga soladi. Hirsi va ochko‘zligini ziyoda qiladi. Bunday banda qalb xotirjamligi, sokinlik ne’matidan bebahra qoladi. Doimo biron-bir o‘tkinchi muammolar ustida sarson-sargardon holida kezadi. Vaqtini faqat dunyoning o‘tkinchi muammolari bilan o‘tkazadi. Unga taqdirida yozilgan rizqidan boshqa nasiba yetmaydi va unga xayr-baraka ham berilmaydi.

Molik ibn Dinor aytadi: “Dunyoni o‘ylab qanchalik tashvinlansang, oxirat g‘ami qalbingdan ko‘tariladi. Oxiratni o‘ylab qanchalik tashvishlansang, dunyo g‘ami qalbingdan ko‘tariladi”.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim dunyo lazzatidan ichsa, undagi uchta musibatga bog‘lanib qoladi: qiyinchiligi nihoyatsiz mashaqqat, boyligi qoniqtira olmaydigan ochko‘zlik, oxiri ko‘rinmaydigan orzu. Kim dunyoni izlasa, oxirat uni talab qiladi va hatto unga o‘lim yetadi. Kim oxiratni izlasa, dunyo uni talab qiladi va hatto dunyoda uning rizqi but bo‘ladi”, dedilar” (Tabaroniy rivoyati).

Namoz o‘qish

Alloh taolo O‘zining suyukli Payg‘ambariga shunday xitob qiladi:

Ahlingizni namoz o‘qishga buyuring va o‘zingiz ham (namoz o‘qishda) chidamli bo‘ling! Biz Sizdan rizq so‘ramaymiz, (balki) O‘zimiz Sizga rizq beramiz. Chiroyli oqibat – jannat (ahli) taqvonikidir” ("Toha" surasi, 132-oyat).

Bu yerdagi “namoz”dan murod besh vaqt farz namozlaridir.

Oyatdagi “ahlingiz”dan murod esa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning zavjalari, qizlari va kuyovlari Ali roziyallohu anhu, qolaversa butun ummatlaridir.

Ya’ni: ey Muhammad, Alloh sizlarni jahannam azobidan xalos qilishi uchun ahlingizni namozlarni o‘z vaqtida mukammal holda o‘qishga buyuring. O‘zingiz ham sabrli bo‘lib, namozni to‘liq tarzda ado eting. Zero, gap bilan qilingan nasihatdan ko‘ra amal bilan qilingan ibrat ta’sirchanroqdir. Agar namozni qoim qilsangiz, o‘zingiz o‘ylamagan tarafdan rizqlanasiz. Siz o‘zingizni rizqlantirishga mas’ul emassiz. Balki Biz sizlarni rizqlantiramiz. Parvardigoriga taqvo qilib, U Zotga itoat etganlarning mukofoti faqat jannatdir!

Xabarlarda kelishicha, barcha payg‘ambarlar (ularga Allohning salavoti va salomi bo‘lsin!) boshlariga og‘ir yumush tushganida yoki biron muammoga duch kelganlarida darrov namoz o‘qishga kirishib, Allohdan yordam so‘rar ekanlar.

Hadisi qudsiylarning birida: “Ey bandam, ibodatimga forig‘ bo‘l! Shunda qalbingni boylikka to‘ldirib, faqirligingni ketkazaman. Agar unday qilmasang, qalbingni bandlik (muammo) bilan to‘ldiraman, faqirligingni ketkazmayman” deyilgan (Ushbu hadisni Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilishgan).

Odamlar ichida: “Namoz o‘qish bilan ovora bo‘lsak, kasb-kor va tirikchiligimiz nima bo‘ladi, farzandlarni kim boqadi?” deb savol beruvchilar bo‘lishi ehtimolidan Alloh taolo:“Biz Sizdan rizq so‘ramaymiz, (balki) O‘zimiz Sizga rizq beramiz”, deb aytmoqda.

“Tafsirul alusiy” kitobida: “Ushbu oyat namoz rizqning doimiy suratda barakali bo‘lishi va g‘am-tashvishlarning ko‘tarilishiga sabab bo‘lishiga dalolat qiladi”, deyilgan.

Ma’mar qurayshlik bir kishidan rivoyat qiladi: “Agar Nabiy  sollallohu alayhi va sallamning oilalariga rizqdan tanglik yetsa, ahli-oilalarini namoz o‘qishga buyurar edilar va“Ahlingizni namoz o‘qishga buyuring va o‘zingiz ham (namoz o‘qishda) chidamli bo‘ling!” oyatini o‘qirdilar” (Imom Tabaroniy, Abu Nuaym,  Abd ibn Humayd, Abdurazzoq “Musonnaf”da va Bayhaqiy  “Shu’abul iymon”da sahih sanad bilan rivoyat qilgan).

Nabiy sollallohu alayhi va sallamning xonadonlari dunyodagi eng mukarram va eng hurmatli xonadonlardan bo‘lishiga qaramay, vaqti kelsa ushbu muborak oilada rizqdan tanglik holatlari uchrab turar, ushbu makon ham qiyinchilik va muammolardan xoli emasdi. Bu esa, mo‘min bandaning kambag‘al yoki qiyinchilikka giriftor bo‘lishi uning Alloh dargohidagi darajasiga zig‘ircha ham ta’sir qilmasligiga ishoradir.

Muhtaram Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning uylarida ana shunday mushkul holat yuz berganida, u zot yuqorida biz o‘rgangan oyatga ("Toha" surasining 132-oyati) amal qilib, o‘z ahli oilalarini namoz o‘qish va shu yo‘l bilan hojatlarini ravo qilishni so‘rab, Allohga duo qilishga buyurar edilar. Biz ummatlari ham xoh farovonlik vaqtlarida, xoh musibat yetganda namozlarni qoim qilib, bandalik burchimizni ado qilishimiz va barcha hojatlarimizni Mehribon Rabbimizga oshkor etib, U Zotdan mushkullarimizni oson qilishini so‘rashimiz lozim.

Silai rahm qilish

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Kimni rizqi keng bo‘lishi va ajali kechiktirilishi (ya’ni, umri uzoq bo‘lishi)xursand qilsa, bas, qarindoshlik aloqalarini bog‘lasin!” deganlarini eshitganman” (Imom Buxoriy va imom Ahmad rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Nasablaringizni bilib olinglar. Shu bilan qarindoshlik aloqalarini bog‘laysizlar! Zero, silai rahm (qarindoshlik aloqalarini bog‘lash) ahliga muhabbat tug‘diradi, boylikni ko‘paytiradi va umrni ziyoda qiladi” (Imom Termiziy, imom Ahmad va Hokim rivoyat qilgan).

Rizqi keng bo‘lishi”dan murod “rizqning barakali bo‘lishi”dir. Zero, qarindoshlar bilan yaxshi muomala qilish sadaqaning bir turidir. Sadaqa molni poklab, uning o‘sishi va ko‘payishiga sabab bo‘lishi oyat va hadislarda ko‘p bor aytilgan.

“Ajali kechiktirilishi”dan murod esa, avvalo banda umrining barakali, manfaatli va fayzli bo‘lishidir. Ba’zilar: “Umrning ziyoda qilinishi solih zurriyotdir”, deb aytishgan. Chunki ortidan solih zurriyotlar qolib, uning haqqiga istig‘for aytishsa, farzandlari Allohning amriga muvofiq hayot kechirsa, ular qilayotgan yaxshi amallarning savobi kamaytirilmasdan ota-onalariga yetib turadi.

Demak, kimki dunyoda rizqi keng va barakali, hayoti farovon va osuda, umri savobli ishlarga to‘la bo‘lishi, ortidan solih va soliha farzandlar qolishi, vafotidan keyin ham kishilar tomonidan yaxshi xotiralar bilan eslanish va nomai a’moliga solih amallar yozilib turilishini xohlasa, bas, qarindosh-urug‘lari bilan yaxshi muomalada bo‘lsin. Ularning hollaridan xabar olib tursin. Xoh moddiy, xoh ma’naviy tomondan bo‘lsin, qarindoshlariga yordam qo‘lini cho‘zsin.

Bahz ibn Hakim otasidan , otasi bobosidan rivoyat qilishicha, Nabiy  sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Yaxshi ishlar ko‘ngilsiz hodisalardan saqlaydi. Albatta maxfiy (tarzda berilgan) sadaqa Parvardigor g‘azabini so‘ndiradi. Albatta silai rahm umrni uzun qilib, kambag‘allikni ketkazadi” (Quzo’iy “Musnadush shihob”da rivoyat qilgan).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu hadisda solih amallar, xususan sadaqa va silai rahmning foydalari haqida xabar bermoqdalar.

Yaxshi ishlar ko‘ngilsiz hodisalardan saqlaydi”.

“Yaxshi ishlar” deganda mutloq yaxshiliklar va solih amallar nazarda tutiladi. Xoh ajri eng ulug‘ namoz ibodati bo‘lsin, xoh imon jihatidan qaraganda eng quyida turadigan amal – musulmonlar yo‘lidan ozor beruvchi narsalarni olib tashlash bo‘lsin, hamma-hammasi yaxshi ishlar sirasiga kiradi. Alloh buyurgan amallarni bajarish bandani oxiratdagi badbaxtlikdan, yomon oqibat va qiyinchiliklardan asrashi shubhasiz. Oxirat g‘am-tashvishi oldida o‘tkinchi dunyo tashvishi dengizdan bir tomchi degan gap. Solih amallar bandaning oxiratda kulfat-mashaqqatdan eminda bo‘lishini ta’minlar ekan, bas, dunyoda bo‘ladigan har xil balo-ofatlar, fojeali voqea va musibatlardan saqlashiga ham hech qanday shubha yo‘qdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Yaxshi ishlar ko‘ngilsiz hodisalardan saqlaydi”, deb aslida biz ummatlarini solih amallarning  hech birini arzimas deb qaramay, ularni ixlos bilan amalga oshirishga targ‘ib qilmoqdalar.

 “Albatta maxfiy (tarzda berilgan) sadaqa Parvardigor g‘azabini so‘ndiradi”.

Alloh, agar bandalari solih amal qilsalar, riyo va sum’adan saqlangan holda ixlos bilan amalga oshirishlarini xohlaydi.

Sadaqa maxfiy va oshkora tarzda berilish hammaga ma’lum. Lekin bularning eng afzali maxfiy tarzda, birovga bildirmay amalga oshirilganidir. Alloh taolo aytadi: “Agar sadaqalarni oshkor holda bersangiz, yaxshi va agar maxfiy qilib faqirlarga bersangiz – bu o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir. Va qilgan gunohlaringizga kafforat bo‘ladi. Alloh qilayotgan amallaringizdan Xabardordir” ("Baqara" surasi, 271-oyat).

Demak, ixlos bilan maxfiy tarzda amalga oshirilgan sadaqa bandadan Allohning g‘azabini qaytaradi. Allohning g‘azabidan salomat bo‘lgan bandalarga qandoq ham yaxshi!

Shuningdek, o‘ng qo‘li berganni chap qo‘li bilmaydigan qilib maxfiy suratda infoq-sadaqa qilish bandaning qiyomat kunida Alloh Arshining soyasidan joy olishini ta’minlaydi. Bu haqida sahih hadis rivoyat qilingan.

“Fayzul qodiyr”da buni: “Ixlos nuri va ehson martabasi Allohning g‘azabini o‘chiradi”, deb izohlangan.

Ba’zi donishmand zotlar shunday deyishgan: “Agar sen bir yaxshilik qilsang, uni berkit. Agar senga bir yaxshilik qilinsa, uni oshkor qil. Kibrlanib ketmaslik uchun qilgan amalingni kichik sana. G‘urur va xotirjamlikka berilmaslik uchun esa amallaringni kam va nuqsonli deb bil”.

Albatta silai rahm umrni uzun qilib, kambag‘allikni ketkazadi”.

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Nabiy  sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Kim umri uzaytirilishi, rizqi keng qilinishi va yomon o‘limdan saqlanishni xohlasa, bas, Allohga taqvo qilsin va qarindoshlari bilan (yaxshi) munosabatda bo‘lsin!”(Imom Tabaroniy va Bazzor rivoyati).

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu aytadi: “Kim Rabbiga taqvo qilsa hamda silai rahm qilsa, uning umri uzaytiriladi, boyligi ko‘paytiriladi va ahli-oilasi uni yaxshi ko‘radi” (Imom Buxoriy “Al-adabul mufrad”da rivoyat qilgan).

Silai rahm qilish banda umrini uzaytirib, mol-dunyosiga baraka kiritar ekan, unda qarindoshlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lish faqat moddiy holatga bog‘liqmi, degan savol tug‘iladi kishida.

Qarindoshlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lish, silai rahm qilish deganda ularga moddiy va ma’naviy tomondan yaxshilik qilish, yomonlikni bartaraf etish tushuniladi. Bu esa xoh boylik bilan, xoh boshqa narsa bilan ado qilinsin, farqi yo‘q. Shu ma’noda imom Ibn Abu Jamra aytadi: “Silai rahm mol bilan, hojatlarini ravo qilishga yordamlashish bilan, zararni ketkazish bilan, ochiq chehra ila munosabat qilish yoki duo qilish bilan bo‘ladi”.

Mana shu jumla silai rahmning asl mohiyatini ochib beradi. Ba’zilar o‘ylagandek, qarindoshlar bilan bordi-keldi qilish faqat pul yoki moddiy holatga bog‘liq emas. Agar moddiy sharoiti ko‘tarsa, ularga shu yo‘l bilan ko‘proq yaxshilik qilingani afzal. Ammo shu narsani bahona qilib, bir-birlari bilan bordi-keldi qilmay qo‘yish yaxshi emas. Chunki qarindoshlarga yaxshilik qilishning turlari ko‘p. Hatto ular uchun moddiy tomondan biron-bir manfaat keltirishga umuman ojiz qolgan taqdirda haqlariga duo qilib qo‘ysangiz ham bo‘ladi. Agar ularga moddiy tarafdan yordamlashib, hojatlarini ravo qilgach, haqlariga duo ham qilib qo‘ysangiz, nur ustiga nur bo‘ladi.



Manba: azon.uz
Download 28.09 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling