Ajdodlar merosida oilaviy munosabatlar talqini
Download 18.46 Kb.
|
Oila manaviyati
AJDODLAR MEROSIDA OILAVIY MUNOSABATLAR TALQINI Mazkur maqolada ajdodlarimiz zardushtiylar ta’limoti va ularning muqaddas kitobi “Avesto” matnlarida yoritilgan oilaviy munosabatlar tizimi hamda farzandlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi mazmuni yoritilgan. Kalit soʻzlar: ajdodlar merosi, tarbiya, ma'naviyat, ezgulik, oila, farzand, salomatlik, barkamollik. В статье раскрыто содержание семейных традиций и духовно-нравственного воспитания детей в семье, которое отражено в учении наших предков зороастрийцев в их священной книге “Авесто”. Ключевые слова: родовое наследие, воспитание, духовность, доброта, семья, дети, здоровье, совершенство. This article describes the content of the spiritual and moral upbringing of children in the family, which is reflected in the teachings of our ancestors Zoroastrians and their holy book “Avesto”. Key words: ancestral heritage, upbringing, spirituality, kindness, family, children, health, perfection. Kirish. Har qanday jamiyatning asosini, oʻzagini oila tashkil etadi. Xalqimizning azaliy qadriyatlari, an’analari hisoblanmish: halollik, or-nomus, mehr-oqibat, sadoqat, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi insoniy fazilatlar, eng avallo, oilada shakllanadi. Ayniqsa, oʻzbek oilalarining mustahkamligi, muqimligi va manguligi ana shu ma’naviy an’analarga tayanganligi bilan bog‘liqdir. Shularni hisobga olgan holda “oʻzbek oilalarining ma’naviy asoslarini tadqiq qilish” [7] muhim ahamiyatga ega. Asosiy qism. Zardushtiylarning hayot tarzi, ularning tabiat va olam haqidagi tassavurlari, axloqiyijtimoiy qarashlari, shuningdek, “Avesto”ni oʻrganishga qaratilgan tom ma’nodagi yirik tadqiqotlar XVIII asr boshlarida G‘arb olimlari va tadqiqotchilari tomonidan amalga oshirila boshlandi. J.Bauje, F.Vol'f, G.Pommel, Jem Darmsteter, En Rasko, G.Ritter, A.Bryunuf, X.Bartolome, M.Myuller, A.Dyuperon, I.Maymers, M.Boys, R.Fraylar zardushtiylik dini, tarixi, falsafasi, zardushtiylarda dunyoviylik, hayotiylik, turmush madaniyati, urf-odatlar, an’analar, shuningdek “Avesto” va boshqa pandnomalarning badiiyma’rifiy qimmati, tili va koʻpgina boshqa jihatlari yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borib, keyingi davr ilmiy xodimlari uchun mustahkam poydevor yaratdilar. Mustaqillik sharofati bilan Zardushtiylarning tarixi va “Avesto”ni oʻrganishga boʻlgan talab va ehtiyoj bir qator taniqli tarixchi, adabiyotshunos, etnograf, musiqashunos, huquqshunos, geograf, ekolog olimlarning ushbu sohaga murojaat qilib, tadqiqot ishlarini amalga oshirishlariga imkoniyat yaratdi. Olima Fozila Sulaymonovaning “Sharq va G‘arb”, H.Homidiyning “Avesto fayzlari”, “Avesto va tibbiyot”, “Avestodan Shohnomaga”, S.Nishonovaning “Komil inson tarbiyasi”, T.Mahmudovning “Avesto haqida”, H.Boboev, S.Hasanovlarning “Avesto ma’naviyatimiz sarchashmasi”, “Avesto Sharq xalqlarining bebaho yodgorligi”, M.Umarzodaning “Ovisto sirlari”, M.Ishoqovning “Avesto”da ezgulik va yovuzlik, N.Mahmudovaning “Avestoda ta’limiy-axloqiy qarashlar”, A.Ashirovning “Avesto”dan meros marosimlar”, Q.F.Abdullayevning “Zardushtiylarning ta’lim tizimi” kabi bir qator tadqiqotlarida Zardushtiylik ta’limotining nazariy asoslari, zardushtiylarning udumlari, odatlari, oilaviy munosabatlar tizimi, “Avesto”ning yaratilishi, vatani, ilmiy-ma’rifiy jihatlari, axloqiy, ekologik, huquqiy tarbiya masalalari singari koʻp jihatlari muayyan tarzda oʻrganilib yangi ilmiy xulosalarga kelingan. Qadim zamonlardan boshlab, Turonzaminda xalq og‘zaki ijodi namunalari, Qur’oni Karim va hadislarda, buyuk qomusiy olimlarimizning betakror, oʻlmas asarlarida oila masalalari, oilaviy munosobatlar tizimi talqin etilgan , maxsus tavsif etilgan. Ana shunday ma’naviyatimizning koʻhna sarchashmalaridan biri boʻlgan, qadimgi Turon va Eronzamin xalqlarining mushtarak ma'naviy qadriyati hisoblanmish “Avesto”da ham insoniyat va uning taraqqiyoti bilan bog‘liq tasavvurlar, ma’naviy-ruhiy va axloqiy mezonlar, olamni, tabiatni bilishga boʻlgan ehtiyoj va intilish, insondagi eng oliyjanob, pok fazilatlar kuylanishi bilan bir qatorda, oila asoslari, tuzilishi, tarkibi, oila ma’naviyati, ota-onalarning oiladagi mavqelari, oilada ayol erki, burchi va huquqlari yuksak ma’naviy va axloqiy chizgilar asosida tavsiflanganligi diqqatga sazavordir. “Avesto”da patriarxal oila jamiyatning eng quyi boʻg‘inini tashkil etilishi aytilib, u oʻz ichiga 4 avlod va 9 guruhni olganligi ta’kidlanadi. Oila markazida oila boshlig‘i - kadxudo turgan. Xoʻjalikni er va xotin boshqarib, oila davrasiga: ota-ona , er-xotin, farzand va nevaralar kirishgan. Shuningdek oila tarkibiga: otaning aka-ukalari va opa-singillari, aka-ukalari hamda ularning bolalari va nevaralari ham mansub https://buxdu.uz PEDAGOGIK MAHORAT 3 (79) 2021 96 boʻlishgan. Lekin ona tomon qarindoshlar va ota tomondan opa-singillarning bolalari oila tarkibiga kiritilmagan. Chunki ular oʻz xonadonlarining oila a’zolari hisoblanishgan. Istisno tariqasida ota tomon akaukalarning qizi oilaning toʻla huquqli a’zosiga aylangan [3, 90]. Zardushtiylarning oila ta’limoti asosini hayotning davomiyligi, naslning aslligini ta’minlash va, avvalo, oila qanday negizga qurilganligi masalasi tashkil etadi. Oilani tashkil etish esa, dastavval, nikoh bilan bog‘liqdir. “Avesto”ning Vendidod qismida oila butunligini saqlash, nikoh tuzish tartiblari, nikohning bekor qilinishi sabablari va shartlari ancha batafsil bayon qilingan: “- ikki kishi, xoh dindosh, xoh birodar, xoh doʻst bir-birovi bilan nima xususda paymon bog‘lasalar - biri ikkinchisining xonadonidan oʻziga xotin tanlasa, soʻzsiz uning talabi qondirilishi lozim” [1, 44] yoki: “men bu soʻzlarim bilan kuyov tanlamoqchi boʻlgan bolig‘a qizlarga va siz ikki tanga ham nasihat qilaman. Mening oʻgitlarimga quloq solinglar va uni haqiqatda xotirangizga jo qiling va oʻz dinlaringizni topinglar-da, uni amalda joriy etinglar” [1, 32]. Bunga koʻra nikoh zurriyod qoldirish uchun irodasi mushtarak ikki tanni qovushtiradi. U yigit va qizning bir-birini chuqur hurmat qilishiga asoslangan birligidir. Qadimgi ajdodlarimizda balog‘at yoshi 15 yosh hisoblanib, oila qurishga imkoniyati va qobiliyati boʻlgan har bir yigit oila qurish va oʻzidan zurriyod qoldirishga majbur boʻlgan. Imkoniyati boʻla turib, uylanmay yurgan yigit badnom qilinib, temir kamar bog‘lab yursa, balog‘atga yetgan qiz bola umuman turmushga chiqishni istamasa qopga solinib yigima besh darra kaltaklanish bilan jazolangan va darmongoh huzuridagi dori tayyorlash korxonasiga ishga jalb etilgan. “Kimning xotini boʻlsa, u xotinsiz va dunyodan farzandsiz oʻtayotgan kimsadan yaxshiroqdir” [1, 47]. Lekin oila masalasida yoshlar erki paymol qilinmagan. Qiz bolani turmushga berish ota-ona izmida boʻlsa ham, nikoh oldidan uning roziligi soʻralgan. Shuningdek, “Kadxudo (er), kadbonu (xotin) mashvaratisiz, roziligisiz, qizini erga berish huquqiga ega boʻlmagan” [5, 59]. Bu oʻrinda oila ahilligi, yaqinlar oʻrtasidagi iliq munosobatlar, oʻzaro hurmat, xususan, ayollarga ehtirom va ular erkini himoya qilish zarurligi yuksak axloqiy tamoyil sifatida e’zozlangan : “- Qoʻy, nikohga intiq boʻlgan g‘ayratli qizlar, Soʻrasinlar zor-intizor kutgan kunlarin Xonadonin bir bahodir sohibini ham” [1, 177]. Nikohga va oila qurishga tayyorgarlik jarayonida qiz bola tarbiyasiga alohida e’tibor berilgan. Qiz balog‘atga yetguncha oʻz davrining barcha hunarlarini bilishi, chorva mollariga qarash, parvarishlash, uy roʻzg‘or yumushlarini mukammal tarzda ado etishi, pokiza, ozoda yurishi shart boʻlgan. Bu yoʻnalishda qiz bolaning ham ma’naviy, ham jismoniy sog‘lom , barkamol boʻlishi, birinchidan oilaning mustahkam, xonadonning farovon boʻlishini ta’minlasa, ikinchi tomondan sog‘lom farzandlarning dunyoga kelishiga zamin yaratgan boʻladi. Zardushtning oʻz qiziga qarata “Ey Puruchista, .. Ey Zardushtning bolig‘a qizi! Mazda Ezgu niyat va Ashah haqiqatga inongan zotni senga tiriklikning yoʻldoshi aylaydi. Shunday ekan, oʻz aqling va idrokingdan savol ayla, .. Hushyorligingni ziyoda qil!” deya xitob qilishi barcha qizlarga oʻrnak qilib koʻrsatiladi. Zardusht qizining ismi Puruchista deb atalashi bejiz emas. Chista – pahlaviyda “farzang”. Ma’nosi - bilim, donish, ogohlik, farzonalik. Ilmu donish ilohasi. Oʻn oltinchi yasht “Din yasht”da Chistaga keng ta’rif berilgan, uning sha’niga olqish va madhiyalar oʻqilgan. “Din yasht”da ilm-fan, bilim va donishmandlik ilohasi Chistaning madh etilishi shuni koʻrsatadiki, zardushtiylik dini rahnamolari va peshvolari qiz bolalar tarbiyasida ilm-fan va dinning uyg‘unligi va bir butunligini ta’kidlaganlar. Mehr yashtda Chista “oq libosli” sifati bilan tavsiflanadi. Shu oʻrinda zardushtiylik dini ustoz va murabbiylari dastur va ma’budlarining ham doimo oq libos kiyib yurishlari Chistaga, ilm-fanga boʻlgan hurmat va ehtirom ramzi sifatida izohlanadi. Prof. H.Homidov “Avesto”da turmushga chiqish va uy bekasi boʻlishning 5 turi: 1) podshoh xotin; 2) ayuqxotin; 3) chokar xotin; 4) oʻzboshimcha xotin; 6) sita xotinlar koʻrsatilganligini aytib oʻtib, ularning har biriga qisqacha izoh beradi. Bu izohlarda nikoh tuzish va oila qurishdagi huquqiy holatlar, oila tuzilishi va shakllari tavsiflanganligi diqqatga sazavordir. Shuningdek, nikohni bekor qilish tartiblariga toʻxtalib oʻtib, arzimas bahonalar bilan nikohni buzish, bekor qilish jamiyat tartibining susayishiga olib kelinishini alohida qayd qiladi. Muhokamalar va natijalar. “Avesto”da zurriyodning pokizaligi, naslning sog‘lomligi xususida qayg‘urilib, bunga erishish yoʻli sifatida atrof-muhitni muhofaza qilish, jamoat, oila, shaxsiy ozodalik, gigiyenaga rioya qilish, shuningdek, oila qurish jarayonida har jihatdan benuqson, sog‘lom kelinlar tanlash uqtiriladi. Hozirgi kunda mamlakatimizda ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarning asosini “har tomonlama yetuk, barkamol, sog‘lom shaxsni tarbiyalash” masalasi tashkil etar ekan, ajdodlarimizning 3 ming yil ilgari, bu a’molga yetishning yoʻllari, qoidalarini ishlab chiqib, davlat va jamiyatning poydevori hisoblanmish oila negiziga qoʻyganlari yuksak tahsinga sazavordir: “Menga barkamol va dinogoh, vatansevar va anjumanoro, ahil, ezgu andishali, zulmatdan, tanglikdan qutqaruvchi farzandlar bag‘ishla” [1, 90]. https://buxdu.uz 3 (79) 2021 PEDAGOGIK MAHORAT 97 Qadimda yaratilib, asrlar osha sayqal topgan bu oʻgitlar keyingi zamonlarda yangicha ta’limot ta’sirida muayyan oʻzgarishlarga uchrab, ularning mazmunan yaqin variantlari paydo boʻlganini koʻrish mumkin. Jumladan, Kaykovus “Qobusnoma”da: “xotin olsang ulug‘ salog‘lig‘ xonadondin xotin talab qilg‘il... Xotin kamolg‘a yetg‘on, oqila boʻlg‘on...boʻlsin” [4, 82] desa buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur oʻz “Tuzuklar”ida: “Oʻg‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e’tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng koʻrdim. Kelin boʻlmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim” deya ibratli mulohazalarini bayon etgan. Koʻrinib turibdiki, barcha zamonlarda ham ajdodlarimiz xalq va millatning sog‘lom, jisman va ma’nan barkamolligi xususida qayg‘urishgan. Qadimgi ajdodlarimiz nasl sog‘lomligining irsiy jihatlarini ham yaxshi bilgan koʻrinadilar. Shu maqsadda ular yaqin qarindosh-urug‘lar, ya’ni aka-uka, opa-singillar farzandlarining oʻzaro nikohga kirishiga aslo yoʻq qoʻymaganlar. Bunday nikoh naslning, qonning buzilishiga, nuqsonli bolalarning tug‘ilishiga olib keladi degan aqidaga qat’iy amal qilganlar. “Vendidod”da bu holatlarga maxsus fargardlar bag‘ishlangan. “Avesto”da qattiq qish kelib, barcha tirik jonzotlarning qirilib ketish xavfi tug‘ilganda shoh Jamshid tangri buyrug‘iga koʻra, yer ostiga shahar-varlar qurganligi va bu manzilgohlarga “Axriman nafasi tekkan”, deb har xil kasalliklarga chalingan, nuqsonli kishilar va jonzotlarni kiritmaganligi tasvirlanadi: “… zinhor u yerga bukrilar, pushtsizlar, g‘oʻllar, duyasana (haromzoda bolalarning ota-onasi), dayvak, kasvish, vizborish (tanasi va badanida illati bor kishilar), soʻyloq tishli, umuman Axriman oʻz dog‘ini qoldirgan biror bir kimsani kirita koʻrma!” [1, 110]. Shuningdek, “Avesto”da oilaning mustahkamligini ta’minlaydigan asosiy aqoidlardan biri bu sadoqat va oʻzaro ishonch ekanligi ta’kidlanib, er-xotinning bir-biriga xiyonati qattiq la’natlangan, begona erkak bilan juftlashgan ayol badnom qilinib, jazolangan va nikohdagi eri uchun “harom” hisoblangan: “ey jodugar xotin, yoʻqol! Ey badkor xotin-kaxovariza, yoʻqol!” “Avesto”da keltirilgan dalillar shuni koʻrsatadiki, qadimgi ajdodlarimiz bolalarning nafaqat benuqson tug‘ilishi va hatto chaqaloqligidan jismoniy tarbiyasiga jiddiy e’tibor beribgina qolmasdan, balki ilmuhikmat va hunarlarni oʻrganishi, ma’naviy sofligi, yaxshilik va ezgulik xislatlarini egallashlari toʻg‘risida ham bevosita g‘amxoʻrlik qilishgan. Zeroki, bolalarda axloqiy, aqliy, jismoniy, jinsiy, mehnatsevarlik, ishbilarmonlik, vatanparvarlik tarbiyasini berish qatorida rostgoʻylik, saxovatlilik, insonparvarlik kabi fazilatlarni tarbiyalashga jiddiy e’tibor berilgan [6]. Xulosa. Koʻrinib turibdiki, zardushtiylar hayotida ma’lum qoida va ahkomlarga aylangan oilaviy munosobatlar tizimi hozirgi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas. Xususan, oila mustahkamligiga e’tibor berish barcha zamonlar uchun muhimdir. Ajdodlarimizning boy ma’naviy-madaniy merosi oila va turmushning turli qirralarida, yosh avlodni oila va nikohga tayyorlashda, ularni ma’naviy, axloqiy xislatlarini shakllantirish va takomillashtirishda qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi. Adabiyotlar 1. Mahkam A. Avesto. -T.: “Sharq”, 2001. 2. Абдуллаев К.Ф. Особенности воспитания и образования у зороастрийцев. GISAP. Educational sciences 3 (2014). 47-50. 3. Маковельский О. Авеста. –Баку, 1961. 4. Kaykovus. Qobusnoma. -T.: “Oʻqituvchi”, 1988. 5. Homidov H. Avesto fayzlari”. T. 2001. 59-bet 6. Yuldasheva M. M. Qadimgi pandnomalar yosh avlod ma'naviy kamoloti sarchashmasi sifatida. // “Tibbiyotda yangi kun”. 2-son 2020, 27 -29 –betlar. 7. Safarov O., Mahmudov M. Oila ma’naviyati. -T.: “Ma’naviyat”, 1998. 4-b. Download 18.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling