Badiiy asar kompozitsiyasida portretning o‘rni alijanova Maftuna Azimjon qizi


Download 46 Kb.
Sana20.12.2022
Hajmi46 Kb.
#1035177
Bog'liq
ALIJANOVA MAFTUNA 1-KURS MAGISTRANT MAQOLA


BADIIY ASAR KOMPOZITSIYASIDA PORTRETNING O‘RNI
Alijanova Maftuna Azimjon qizi,
FarDU 1-kurs magistranti
Annotatsiya
Maqolada badiiy asar kompozitsiyasi va unda portretning o’rni tadqiq etilgan. Portretning statik va dinamik turlari haqida fikr yuritilgan.
Kalit so‘zlar: kompozitsiya, shakl va mazmun, syujet, badiiy portret, statik, dinamik, g’oyaviy-estetik maqsad
Annotation
The article examines the composition of the work of art and the role of the portrait in it. Static and dynamic types of portraiture are discussed.
Keywords: composition, form and content, plot, artistic portrait, static, dynamic, ideological and aesthetic purpose
Badiiy asarda mazmun va shaklning o’zaro uyg’unligini ta’minlashda kompozitsiyaning roli kattadir. Kompozitsiya grekcha so’z bo’lib, qurilish, tuzib chiqish, tartibga solish degan ma’nolarni anglatadi. Demak, kompozitsiya bu syujet bo’laklarining, detallarning, badiiy-tasviriy vositalarning yozuvchi g’oyaviy-estetik maqsadiga ko’ra muayyan tartibda joylashtirilishi. Shunday ekan, “badiiy asar qismlarining, detallarning san’atkor ko’zda tutgan g’oyaviy-estetik niyatga muvofiq ma’lum me’yorda yaratilishi va joylashtirilishi badiiy asar kompozitsiyasi deyiladi” (Shukurov N., v.b. 1979: 90.) Akademik Izzat Sulton kompozitsiyaga quyidagicha ta’rif beradi: “Asarning turli qismlari orasidagi mutanosiblik kompozitsiya deb ataladi. Asar kompozitsiyasi, dastavval, muallifning tasvir etilayotgan hayotiy materialga munosabatini belgilaydi, ya’ni kompozitsiya birinchi navbatda g`oyaviy-estetik tushunchadir”. Ko’rinadiki, kompozitsiya asar shakli, g’oyasi va mazmuniga uzviy bog’liq tushunchadir. “Kompozitsiya asardagi unsurlarni shunday uyushtradiki, natijada unda bironta ham ortiqcha unsurning o`zi bo`lmaydi, zero har bir unsur asar butunligida o’zining funksiyasiga ega bo’ladi, muayyan g`oyaviy-badiiy yuk tashiydi”. [Quronov D. 2005, 112 ) Badiiy asar faqat voqealar tizimidangina iborat emas, unda rivoya, tafsilotlar, peyzaj, portret, interyer, lirik chekinish, qistirma epizod kabi sujetdan tashqari qator usrurlari ham mavjud. Yozuvchi bu unsurlardan me’yorida foydalanadi, natijada badiiy asarning ta’sirchanligi ortadi. Kompozitsiya unsurlari biri ilkkinchisiga o`zaro hamohanglikda bog`lanadi va albatta, o`z o`rnida qo’llanilishi lozim.
“Adabiyotshunoslik lug’ati”da portret (fr. tasvirlamoq) – personajning so’z vositasida tasvirlangan tashqi ko’rinishi (qiyofasi, jussasi, kiyimi, yuz-ko’z ifoddalari, tana holati va harakatlari, qiliqlari) o’quvchi tasavvurida jonlanadigan to’laqonli inson obrazini yaratish va uning xarakterini ochish vositalaridan biri. Portret epik asarning kompozitsion unsuri bo’lmish tavsifning bir ko’rinishidir. (Quronov D, 2013: 226) Professor D.Quronov portretning turlari haqida fikr yuritib, statik va dinamik portretlarni quyidagicha izohlaydi: statik portret navida personajning tashqi qiyofasi syujet voqeasi to’xtatilgan holda mufassal, detallashtirib chiziladi. Dinamik portretda esa voqea va dialoglar tasvirida, ya’ni harakat davomida berib boriluvchi personaj tashqi ko’rinishiga xos ayrim detallar nazarda tutiladi. Bunday portret detallari personajlar ruhiy holatini ifodalashga xizmat qiladi. (Quronov D, 2013: 226) A.Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanida Ra’no portreti quyidagicha chizilgan: “…bu go’zal qiz och ra’no gulning tusida, yoki oq-sariq tusda yaratilgan edi... Ra’noning sochi gungurt-qora, ya’ni quyoshsiz joylarda qora ko’rinsa ham, quyoshda biroz sarg’ish bo’lib ko’rinar edi. SHunga o’xshash, Ra’noning ko’zida ham buning asari ko’riladi: shu davraga moyilroq jodu ko’zi ishiga qattiq qaraganda qoralikdan boshqacha yana bir turli qizg’ish nur sochar edi”. Yozuvchi Ra’no portretini chizar ekan, uning ichki va tashqi qiyofasini mutanosiblikda chizadi. Adib ra’no portretini yaratar ekan, statik portret navidan foydalanganligini ko’rish mumkin. Adabiyotshunos olim E.Xudoyberdiev ta’kidlaganidek: “Yozuvchilar adabiy asarlarda qahramonlar ruhiyatini, xarakterlarini ochishda ularning tashqi qiyofalari, ya’ni portretlarini chizishga jiddiy e’tibor beradilar. Ko`pincha qahramonlar portreti ularning tashqi ko`rinishlaridagi belgilarini jamlash yo`li bilan hosil etiladi” [Xudayberdiyev E. 2003: 97]. Shuningdek, “San’atkor yozuvchi qahramonning tashqi qiyofasini chizish orqali ham uning ruhiyatiga kirishga intiladi. Xususan, portret unsurlaridan ko’z, yuz, kulgi, ko’z yoshi va boshqalar san’atkor uchun qahramon ruhiy dunyosini ochuvchi kalit bo’lib xizmat qiladi. [Boboyev T., 2002: 178].
Xulosa qilib aytganda, badiiy portret insonning tashqi ko’rinishi, yuzi, kiyimi, yurish-turishi tasviri bo’lib, qahramonning ma’naviy qiyofasini yorqinroq, aniqroq tasvirlash san’atidir. Mahorat bilan yaratilgan portret tasvirida qahramonning yoshi, kaysi ijtimoiy tabaqaga xosligi, kasbi, mashg’uloti, madaniy darajasi, xarakteri, odobi, psixikasi, ruhiy holatlari, hattoki, qaysi davrga mansubligi ham o’z ifodasini topadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Shukurоv Н., Xоtamоv Н., Xоlmaтоv Sh., Мahmudоv М. Adabiyotshunоslikka кirish. – Тоshкeнт: O‘qiтuvchi, 1979. – B.90.

  2. Quronov D. Adabiyotshunoslikka kirish. Тоshкeнт: 2001. – B. 112

  3. Quronov D., Sheralieva M., Mamajonov Z. Adabiyotshunoslik lug’ati. – Toshkent, Akademnashr, 2013. – B.226.

  4. Xudayberdiyev E. Adabiyotshunoslikka kirish. Тоshкeнт 2003. – B. 97

  5. To’xta Boboyev. Adabiyotshunoslik asoslari. Toshkent, 2002. – B. 178

Download 46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling