Badiiy matnda sifatlash


Download 118.45 Kb.
bet1/10
Sana17.06.2023
Hajmi118.45 Kb.
#1537336
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
Badiiy matnda sifatlash


Badiiy matnda sifatlash
Badiiy nutqda qo‘llaniladigan barcha so‘zlar u yoki bu darajada tasviriylikni vujudga keltiradi. Chunki har qanday so‘z matnda o‘ziga xos ma’no ifodalaydi, voqea-hodisaning tasvirini yaratadi. Shuningdek, tilda tasviriylikni vujudga keltiruvchi maxsus vositalar ham mavjud bo‘lib, ular fikrni obrazli ifodalash asosida badiiy ta’sirchanlikni kuchaytiradi. Shunday vositalardan biri sifatlash (epitet)dir. Sifatlash tropning bir turi bo‘lib, unga badiiy obrazlilikni ta’minlovchi tasviriy vosita sifatida qaralgan1 . Sifatlash umumuslubiy vosita. Binobarin, nutqning barcha turlarida bu vositadan foydalaniladi. U narsa, hodisaning biror xususiyatini belgi sifatida alohida ta’riflash vazifasini bajaruvchi tasviriy vositadir.
Sifatlashlar mohiyatan aniqlovchilarga yaqin bo‘lib, aniqlovchilardan emotsional ta’sirchanligi, badiiy nutqqa xosligi jihatidan farqlanadi. M.Mukarramov sifatlash va aniqlovchilarning ma’no va grammatik jihatdan farqlanuvchi beshta xususiyatini ajratib ko‘rsatgan2 . A.T. Rubaylo sifatlash tropning metafora va metanomiyaga yaqin bo‘lgan turi ekanligini ta’kidlab uni badiiy aniqlovchi deb ataydi3 . R. Qo‘ng‘urov sifatlashning doimiy aniqlovchilardan farqli ravishda ekspressivligi, ko‘chma ma’noda ishlatilishi kabi xususiyatlari mavjudligini ta’kidlab, uni poetik aniqlovchi deb ataydi4 . Darhaqiqat, sifatlashlar, obrazlilik darajasining kuchliligi, emosional-ekspressivligi va nihoyat badiiy nutqqa xosligi jihatidan aniqlovchilardan keskin farq qiladi. M.Kojina sifatlashni narsahodisani obrazli ifodalovchi, xarakterli xususiyatlarini ta’kidlovchi, ko‘proq badiiy nutqda qo‘llanilib, estetik vazifa bajaruvchi so‘z sifatida talqin qiladi5 . Shu nuqtai nazardan badiiy matnlarda uchraydigan sifatlashlarni xarakteriga ko‘ra ikki turga ajratish mumkin: A. umumnutq sifatlashlari; B. badiiy sifatlashlar.
Umumnutq sifatlashlarida obrazlilik, ekspressivlik kuchli bo‘lmaydi, umumnutq sifatlashlarida narsa, hodisalarning biror tomoni, hammaga Ma’lum bo‘lgan belgi asosida ko‘rsatiladi. Sifatlashlarning bu turi ham ifodadorlik ko‘lami bilan ajralib turadi. Bunday sifatlashlar inson holatini ta’riflash vazifasini bajaradi va badiiy asarlarda bu tipdagi sifatlashlar orqali inson o‘y-kechinmalari, narsa-hodisaga munosabati kabilar ifodalanadi. Masalan, Xayolidan zo‘r-bazo‘r haydagan mudhish o‘ylar qayta yopirilib kelar, o‘rnidan sapchib turib ketardi. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar...”) Bu matnda asar personajining holatini ifodalanishi mudhish o‘ylar sifatlashi orqali aniq ta’riflangan. Ushbu sifatlash personaj kayfiyatini ko‘rsatuvchi, unga bir paytlar sodir bo‘lgan allaqanday noxushlikni eslatib turuvchi vosita vazifasini bajargan. Sifatlash vazifasidagi mudhish so‘zi badiiy nutqqa xos. Bu so‘z yordamida hosil bo‘lgan sifatlashlarning badiiy asarlarda turli predmet nomlarining sifatlovchisi bo‘lib kelishi individual uslubga xoslikdan dalolat beradi. Badiiy nutqda mudhish so‘zi yordamida hosil bo‘lgan mudhish o‘y, mudhish tun, mudhish kun, mudhish voqea kabi sifatlashlar uchraydi. Badiiy sifatlashlar kо‘pincha individual sо‘z qо‘llanilishining namunasi bо‘lib, ifodadagi favquloddalik, yangilik, emotsional-ekspressivlikning kuchayishi uchun imkon yaratadi. Bunday sifatlashlar orqali narsa-hodisa kishi xayolida obrazli gavdalanadi. Badiiy sifatlashlarda kо‘pincha ma’no metaforik asosda, yoki о‘xshatish-sifatlash asosida vujudga keladi.
Badiiy matnlardagi sifatlashlarni sinchiklab kuzatish shunday xulosaga olib keldiki, sifatlashning metaforik sifatlash turi kо‘proq poetik asarlarga xos bо‘lib, nasriy asarlarda bu tur u darajada faol emas. Shu boisdan nasriy matnlarda sifatlashlarning badiiy sо‘zlar vujudga kelgan kо‘rinishlari ma’no xususiyatlari bilan alohida ajralib turadi. Masalan, Shovvozning so‘zlari Shoqosimga bamisoli zaharli qamchi kabi bo‘lib tegdi-yu, shartta o‘rnidan turib ketdi. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar”) Bu matnda asar personajining holatini ifodalanishi zaharli qamchi sifatlashi orqali aniq ta’riflangan. Ushbu sifatlash personaj kayfiyatini ko‘rsatuvchi, unga ayni paytda aytilgan so‘z qahramonga naqadar kuchli ta’sir etganligini ifodalovchi vosita vazifasini bajargan. Sifatlash vazifasidagi zaharli so‘zi badiiy nutqqa xos va mazkur so‘z orqali ro‘y berayotgan voqea va shu vaqtdagi qahramon holati, so‘zning unga qanchalik og‘ir ta’sir qilganligini ifodalashda muhim ahamiyat kasb etgan. Bu so‘z yordamida hosil bo‘lgan sifatlashlarning badiiy asarlarda turli predmet nomlarining sifatlovchisi bo‘lib kelishi individual uslubga xoslikdan dalolat beradi. Oysuluvning zahil, rangpar yuzi xuddi uyqudan hozir uyg‘ongan gо‘dakning yuziday tinikdashgan, qirra burni, lablari, chuqur botgan kо‘zlarining chetidagi ajin tо‘rlari gо‘yo kamaygan, silliqlashgan. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar”) Bu matnda asar personajining holatini ifodalanishi ajin to‘rlari sifatlashi orqali aniq ta’riflangan. Ushbu sifatlash personaj yoshi va tashqi ko‘rinishini ko‘rsatuvchi vosita vazifasini bajargan.
Sifatlash vazifasidagi to‘rlar so‘zi badiiy nutqqa xos va u qahramon yuzida ajinlar ko`pligi, ularning bir-biriga tutashib ketganligini badiiy jihatdan yoritishga xizmat qilgan. Bu so‘z yordamida hosil bo‘lgan sifatlashlarning badiiy asarlarda turli predmet nomlarining sifatlovchisi bo‘lib kelishi individual uslubga xoslikdan dalolat beradi. Badiiy sifatlashlar nutqqa pardoz berish, predmetlarning xarakterli tomonlarini badiiy bо‘yoqdor holda kо‘rsatishi bilan xarakterlanadi. Sifatlashlarning bu turi emotsionalobrazlilikning kuchliligi bilan farqlanadi. Bunday sifatlashlarda aksariyat hollarda bir necha sifatlovchi belgi mavjud bо‘ladi. Masalan, yirik qora gulli lola rang shol rо‘mol; mayin dilgir ashula; kо‘rkam va latif kо‘rinish kabi. Keltirilgan sifatlashlardagi obrazlilik predmetlardagi bir necha belgining mavjudligi asosida kuchaygan. Zero, sifatlashlarning bu turida predmet belgisini о‘ta aniq, butun tafsiloti bilan ajratib kо‘rsatilishi asosida ekspressivlik darajasi ham kuchayib boradi. Badiiy nasr sifatlashlarga boy bо‘lib, unda doimiy sifatlashlar bilan bir qatorda individual sifatlashlar ham kо‘plab uchraydi.
Masalan, Erining dilida qo‘zg‘algan alamli tug‘yonlarni his etgan Oysuluv unga mehr bilan tikilib qaradi, biroq indamadi. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar”) Bu matnda asar personajining holatini ifodalanishi alamli tug‘yon sifatlashi orqali aniq ta’riflangan. Ushbu sifatlash personaj kayfiyatini ko‘rsatuvchi, unga bir paytlar sodir bo‘lgan allaqanday voqealarni eslatib turuvchi vosita vazifasini bajargan. Sifatlash vazifasidagi alamli so‘zi badiiy nutqqa xos. Bu so‘z yordamida hosil bo‘lgan sifatlashlarning badiiy asarlarda turli predmet nomlarining sifatlovchisi bo‘lib kelishi individual uslubga xoslikdan dalolat beradi. Shovvozning yuragiga boyafi oftobday iliq mehr xazin bir kuyday yopirilib keldi. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar”) Umuman, badiiy nasrda sifatlashlar predmet, narsa va hodisaning a) belgi xususiyatini bildirgan sо‘zlar yordamida hosil bо‘ladi: payvasta qosh, tig‘iz kiprik, bodomgul dо‘ppi, tiniq, jozibali yuz, nozik bо‘yin, latif kuy, sarin shabada, mayin shabada va boshqalar.
Sifatlashlarning belgi-xususiyatlarni bildiruvchi ushbu sо‘zlar asosida vujudga kelgan tiplari doimiy sifatlashlardir. Biroq badiiy sо‘zlar asosida vujudga kelgan sifatlashlar nasriy nutq uchungina doimiy, umumnutqda bunday sifatlashlardan foydalanilmaydi. b) predmet, narsahodisaning holatini ifodalaydigan sо‘zlar vositasida hosil bо‘lgan: jimjit sahro, о‘tkir qarash, mayus yuz, uyqusiz kо‘z, hissiz nazar va boshqalar. Rang bildiruvchi sifatlashlarning biror predmetning rangiga qiyoslash orqali hosil bo‘lgan turlari ta’sirchanlik va obrazlilik darajasining kuchliligi bilan ajralib turadi. Chunki sifatlashning bu turida ham o‘xshatish, ham sifatlash holati mavjud bo‘ladi. ...Uning so‘zlariga go‘yo yosh bolaning so‘zlariga kulayotganday, lolarang lablarini himarib bir kulib qo‘ya qolardi. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar”) Matndagi diqqatni jalb etuvchi ifodalardan biri lolarang lablar sifatlashidir. Bu sifatlash orqali qizil rang ifodalangan. “Qizillik” tushunchasining ifodalanishida shu sifatlashning o‘xshatish, ya’ni labning lolaga qiyoslanishi asosida vujudga kelganligi sabab bo‘lgan. Loladagi qizil rang o‘xshatish uchun asosiy belgi vazifasini bajargan.7 Qirmizrang o‘rikzorlar orasida nafis tillarang bedazorlar, hanuz ko‘m-ko‘k chinorlar, kumushrang yaproqlari hali to‘kilib bitmagan oq teraklar ko‘zga tashlanar. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar...”) Bu matn sifatlashga boyligi bilan xarakterlanadi. Zero, unda bir necha sifatlash mavjud bo‘lib, ular orasida rang so‘zi yordamida hosil bo‘lgan o‘xshatishli sifatlashlar qirmizrang o‘rikzorlar, tillarang bedazorlar, kumushrang yaproqlar alohida ajralib turadi. Bu har uchala sifatlashda uch xil qizil, sariq, oq rang belgi sifatida ajratilib ko‘rsatilgan va har uch holatda ham belgi o‘xshatish natijasida hosil bo‘lgan. Badiiy nasr sifatlashlarga boy. Zero, fikriy tugallikka ega bo‘lgan birgina matnda bir necha sifatlashlarni kuzatish sifatlashning nasriy matnlarda keng miqyosda qo‘llaniluvchi vosita ekanligini ko‘rsatadi. Matnda sifatlashning bu xilda ketma-ket kelishi nutqning ta’sirchanligiga ta’sir qilmay qolmaydi. Masalan, Biroq sal o‘tmay ko‘z oldiga yana so‘nggi uchrashuv kelar, Mehrinisoning sovuq muomalasi, lablaridagi kinoyali tabassum, gulday ochilib ketgan ruxsori, bashang ust-boshlari namoyon bo‘lardi-yu, xayolidan zo‘r-bazo‘r haydagan mudhish o‘ylar qayta yopirilib kelab, o‘rnidan sapchib turib ketardi. (O. Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar...”) Bu matnda oltita sifatlash qo‘llanilgan. Binobarin, so‘nggi uchrashuv, sovuq muomala, kinoyali tabassum, gulday ochilib ketgan ruxsor, bashang ust-bosh, mudhish o‘y kabi sifatlashlar fikrni yorqin, ta’sirchan ifodalash imkonini yaratgan. Garchand, bu sifatlashlardan ayrimlari, ya’ni so‘nggi uchrashuv, gulday ochilib ketgan ruxsor, bashang ust-bosh nisbatan an`anaviy, predmet, harakat holatdagi doimiy belgiga asoslangan bo‘lsa ham, fikrning jozibador ifodalanishiga sezilarli ta’sir etgan. Bu jihatdan, ayniqsa, gulday ochilib ketgan ruxsori sifatlashi xarakterli. O‘zbek adabiyotida gul yuzli, gul yuz, yuzi gul kabi sifatlashlarning qo‘llanilishi an`anaviy va ko‘pincha gul so‘zi bilan bog‘liq sifatlashlar sof sifatlash xarakterida bo‘ladi. Ushbu matndagi gulday ochilib ketgan ruxsori sifatlashi o‘xshatishli sifatlash. Shuningdek, sifatlovchi vazifasida yuz so‘zining badiiy nutqqa xos sinonimi ruxsor so‘zining qo‘llanilishi ushbu mavjud ifodada individuallik kasb etgan. Matndagi sovuq muomala, mudhish o‘y sifatlashlaridagi sifatlovchi vazifasidagi so‘z ham sifatlanmish uchun muayyan belgini bildirmaydi. Shu boisdan bu ifodalarda ham ijodkor olami, badiiy ruh, badiiy bo‘yoqdorlik mavjud. Sifatlashning badiiy nutq jarayonidagi asosiy vazifasi tasviriylikni ta’minlashdir. Shunga ko‘ra predmet, narsa-hodisaning bir necha belgisini ajratish orqali ta’riflanishi badiiy sifatlashlarning muhim turlaridan hisoblanadi va badiiy bo‘yoqdorligi bilan ajralib turadi. Sifatlashning о‘xshatishli sifatlash turi oddiy sifatlashlardan predmetning birdan ortiq bо‘lgan belgisini ajratib kо‘rsata olish xususiyatiga ham ega. Masalan, U bot-bot orqasiga о‘girilib qarar, shunda yupqa lablariga bilinar-bilinmas kulgi yugurib, simobday miltiragan mungli kо‘zlarida hayratomuz bir ifoda jilva qilardi. (O.Yoqubov. “Oqqushlar, oppoq qushlar...”) Mazkur matnda ikkita sifatlash mavjud. Birinchi sifatlash yupqa lab bо‘lib, bu sifatlashda labning bitta belgisi ajratib kо‘rsatilsa, ikkinchi sifatlash mungli kо‘zlarda, “qayg‘ulilik” belgisi mavjud.

Download 118.45 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling