Buxoro jahonning eng qadimiy va tarixiy-me'moriy obidalarga boy go'zal shaharlaridan biri bo'lib, u azaldan islom olamida yuksak nufuzga EGA bo'lgan. Buxoro nomi dastlab IX asrda tarixchi Narshaxiy tomonidan zikr etilgan


Download 18.68 Kb.
Sana23.06.2023
Hajmi18.68 Kb.
#1651736
Bog'liq
Buxoro jahonning eng qadimiy va tarixiy


Buxoro jahonning eng qadimiy va tarixiy-me'moriy obidalarga boy go'zal shaharlaridan biri bo'lib, u azaldan islom olamida yuksak nufuzga ega bo'lgan. Buxoro nomi dastlab IX asrda tarixchi Narshaxiy tomonidan zikr etilgan. Ko'plab tarixchilar, tilshunoslar fikricha, Buxoro so'zi qadimgi hind – sanskrit tilidagi “vixara” so'zidan kelib chiqqan bo'lib, “qal'a” ma'nosini anglatadi. Qadimda shahar Numijkat va Faxira, deb ham atalgan. Bu shaharning har bir go'shasida – boy tarixga ega minoralari, osori- atiqalari, muqaddas qadamjolari va obidalarida olis o'tmishning aks-sadosi, qoldirgan izi bor. SHuningdek, u SHarqu G'arbda “ochiq osmon ostidagi muzey, shavkatli tarixning jilvakor ko'zgusi” nomini olgan. VIII asrda mintaqaga islom dini kirib kelishi ortidan Buxoro asta-sekin eng muhim diniy markazga aylanib, islom olamida sharif sanaladigan to'rtta shahardan biriga aylangan. Buxoroi sharifdan butun jahon tan olgan buyuk olimlar, mutafakkir va donishmandlar etishib chiqqan.

Ushbu zamin Imom Buxoriy, Ibn Sino, Narshaxiy, Naqshbandiy, G'ijduvoniy kabi buyuk allomalarning dunyoga tanilishida muhim rol` o'ynadi. Ular yozgan asarlar jahon ma'naviy mulkining durdonalariga aylandi. Ayniqsa, Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” to'plami va boshqa asarlari, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonuni” kitobi islom olami va jahon ilmi javohirlari, deb e'tirof etiladi.


Buxoro hududida ulkan tarixiy ahamiyatga ega muqaddas qadamjolar, masjidu maqbaralar, minoralar va madrasalar joylashgan. Islom ta'limi tizimida universitet maqomida bo'lgan nizomiya madrasalari, ya'ni oliy madrasalar aynan Buxoroda faoliyat yuritgan. Ularning eng mashhurlari Mir Arab va Ulug'bek madrasai oliyalaridir.


Islom madaniyati va san'atining ajralmas qismlari – xattotlik, miniatyura, kulollik, zargarlik, me'morlik, gilamdo'zlik, misgarlik, yog'och o'ymakorligi sohalarida ham buxorolik ustalar va hunarmandlar hamisha peshqadam bo'lganlar.


Buxoro ahli qadim zamonlardan bag'rikenglik namunasi bo'lgan. Qadimda mutaassiblar tomonidan quvg'in ostiga olingan nasorolar va yahudiylar aynan Buxoro zaminida panoh topganlar. Buyuk Ipak yo'lida joylashgan ushbu shaharda ko'plab millat vakillari istiqomat qilganlar va doimo ahil bo'lganlar. XV asrda Buxoro sarroflari 20 dan ortiq davlatning pullarini almashib berish bilan shug'ullanganlar.


Mustaqillik yillarida shahar yanada chiroy ochdi. Mir Arab madrasasi yana oliy diniy ta'lim maskaniga aylantirildi. Ushbu madrasada o'z davrining olimu fuzalolari ta'lim olganlar.


Buxorodagi islomiy me'moriy yodgorliklar – Ark qal'asi, Mir Arab madrasasi, Poyi Kalon majmuasi, eski shahar ansambli, mashhur Buxoro hovuzlari asriy ko'rkamligi va jilosini yo'qotmasligi uchun zarur konservatsiya va restavratsiya ishlari bajarildi.


O'zbekiston — ulug' avliyolar Vatani. Bu erda buyuk so'fiy darg'alar yashagan va sof islomiy ta'limot hamda uning ma'rifatini tarqatgan.


Buxorodagi etti pir — Abduxoliq G'ijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag'naviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband me'moriy majmualari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanadi.


Manbalarda etti piri komil payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vassallamdan boshlangan “oltin silsila”ning davomchilari sifatida e'tirof etilgan. Ular ko'ngilni nafsu hirsdan poklash, halol mehnat qilib umr kechirish, Allohni jon-dildan sevish g'oyalarini targ'ib qilgan. Ushbu aziz-avliyolarning asarlari, qilgan ishlari zamonlar osha odamlarni tarbiyalab, ularga dinu diyonat, odob-axloq, ezgu so'z va amaldan saboq berib kelmoqda.


Ta'kidlash kerakki, Buxoro ahli ota-bobolarining madaniyati va san'atini saqlash, an'analarini boyitishda ham peshqadamlik qilmoqda. Ming yil avval Toqi zargaron yoki Toqi telpakfurushonda qanday savdo qilingan bo'lsa, bugun ham sayyohlar va mehmonlar o'zlariga yoqqan narsalarni timlar tagida joylashgan bozordan xarid qiladilar. Zargarlar, zardo'zi ustalari, gilamdo'zlar, kulollar ham ming yil ilgari ishlab chiqarilgan nafis ashyolarni hamon didingizga mos qilib ishlab chiqarmoqdalar.


Buxoro 2020 yilni Islom olami madaniyati poytaxti maqomida kutib oldi.




Biz Buxoroning yangi maqomi bilan faxrlanish barobarida bu erga keladigan mehmonlarni ochiq yuz hamda ilm-fan, tafakkur va bunyodkorlikka yo'g'rilgan ulkan salohiyat bilan qarshi olishga tayyormiz!
Download 18.68 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling