Fanning maqsadi va vazifalari va boshqa fanlar bilan aloqasi Fanning rivojlanish tarixi


Download 26.72 Kb.
bet1/3
Sana22.01.2023
Hajmi26.72 Kb.
#1110167
  1   2   3

1-Mavzu: Kirish. Kanalar, nematodalar, kemiruvchilar va ularga qarshi kurash choralari fanining maqsadi va vazifalari. fanning rivojlanish tarixi.


Reja:

  1. Fanning maqsadi va vazifalari va boshqa fanlar bilan aloqasi

  2. Fanning rivojlanish tarixi

  3. Kanalar, nematodalar, kemiruvchilarning qishloq xo`jalik ekinlariga keltiradigan zarari



Tayanch iboralar: fitogelmintologiya, zararli organizmlar, umurtqasiz hayvonlar, nematodalar, kanalar,kemiruvchilar

Xozirgi kunda bozor iqtisodiyoti sharoitida qishloq xo`jalik mahsulotlaridan mo`l xosil yetishtirish va ularni xalqimizning faravon hayot kechirishlarida muxim rol o`ynashi mustaqil O`zbekistonimizning o`z oldiga qo`ygan vazifalaridan biridir.


Bunday vazifalar oldimizda turar ekan, qishloq xo`jalik ekinlaridan mo`l xosil olishining birdan-bir yo`li qishloq xo`jalik ekinlarini agrotexnikasini, kasallik va zararkunandalarini mukammal o`rganib, ularga nisbatan qarshi kurash choralarini qo`llashdan iboratdir.
Kanalar, nematodalar, kemiruvchilar va ularga qarshi kurash choralari fanini o`rganish muhim amaliy va nazariy ahamiyatga ega bo`lib, uni o`rganish jarayonida qishloq xo`jalik ekinlariga zarar keltiruvchi kanalar, nematodalar, kemiruvchilarning anatomiyasi, morfologiyasi, biologiyasi, fiziologiyasi, ekologiyasi hamda ushbu zararli organizmlarning qishloq xo`jalik ekinlariga keltiradigan zarari haqida to`liq ma`lumotga ega bo`lish mumkin. Shuningdek ushbu zararli organizmlarga qarshi samarali kurash usullarini o`rganish ham fanning asosiy maqsad va vazifalaridan biri hisoblanadi.
Bu fan qishloq xo`jalik ekinlariga zarar keltiruvchi 3 – gurux zararli organizmlarni o`ziga jamlagan:

  1. Nematodalar – umurtqasiz hayvonlar bo`lib to`garak chuvalgchanglar tipiga, nematodalar sinfiga kiruvchi ushbu zararli organizmlar qishloq xo`jalik ekinlariga sezilarli darajada zarar yetkazadi. Bu sinfga tuproqda va suvlikda erkin hayot kechiruvchi xilma-xil turlar bilan bir qatorda odam, hayvon va o‘simliklar organizmida yashovchi parazitlar ham kiradi.

  2. Kanalar – Bo`gimoyoqlilar tipining o`rgimchaksimonlar sinfiga, kanalar turkumiga kiradi. Ushbu zararli organizmlar guruhi ham qishloq xo`jalik ekinlariga jiddiy zarar yetkazadi. Jumladan o`rgimchakkana asosiy qishloq xo`jalik ekinlaridan bo`lgan g`o`zani ashaddiy so`ruvchi zararkunandasi hisoblanadi.

  3. Kemiruvchilar – Xo`rdalilar tipiga, sutemizuvchilar sinfi, kemiruvchilar turkumiga kiradi. Kemiruvchilar asosan mayda o`simlikxo`r sutemizuvchilardir. Bular haqida keyingi mavzularda to`liq ma’lumotlar berib o`tamiz.

Kanalar, nematodalar, kemiruvchilar va ularga qarshi kurash choralari fanini chuqurroq o`rganishda aloqador fanlar qatoriga Zoologiya, Gelmintologiya, Umumiy va qishloq xo`jalik entomologiyasi, Umumiy va qishloq xo`jalik fitopatologiyasi, O`simliklarni uyg`unlashgan himoya qilish kabi fanlarni kiritish mumkin.
1934 yilda Rossiyalik olim I.N.Fillipeva tomonidan «Qishloq xo`jaligida nematodalarning foydasi va zarari» nomli kitob nashr qilinadi.Shunday qilib, Ukraina, Boltiq bo`yi respublikalarida, Gruziya va O`rta Osiyoda tekshiruv ishlari olib boriladi. 1952 yilda Butun Sobiq Ittifoq o`simliklarini ximoya qilish institutida bir guruh olimlar ish boshladilar, ularga akademik K.I. Skryabin boshchilik qiladi va u yerga yirik mutaxassislar jumladan fitonematolalar bo`yicha A.A.Faramonov taklif qilinadi.
Xozirgi kunda Qishloq xo‘jaligi rivojlangan barcha mamlakatlarda fitogelmintologiya (o`simlik nematodalarini o`rganuvchi fan) fanining sezilarli darajada ta­raqqiy etayoganligi kuzatilmoqda. Bu o‘z vaqtida tabiatda­gi barcha mikroskopik yumaloq chuvalchanglarni, jumladan, o‘simlik parazitlarini, ya’ni nematodalarni aniqlash bilan xarakterlanadi. Deyarli barcha o‘simlik turlarini 2000 turdan ko‘proq nematodalar zararlaydi va har yili dunyo o‘simliklar olami hosildorligining 10% gacha nobud bo‘lishiga olib keladi.
Nematodalarni hisobga olish va aniqlashdagi asosiy uslubiyatlari fitopatologiya va entomologiyada qo‘llaniladigan uslubiyatlardan sezilar­li darajada farq qiladi. Aso­san, nematodalar majmuini o‘rganish usullari, parazit nematodalar turlarini topish va aniqlash, jumladan, o‘ta xavfli turlarini shuningdek, nematodalar ta’siri­da zararlangan o‘simliklarni aniqlash ko‘pgina ilmiy-us­lubiy qo‘llanmalar hamda ilmiy adabiyotlarda yoritilgan. Qishloq xo‘jaligida nematodalarning ahamiyati ortib borishi munosabati bilan ixtisoslashgan fitogelminto­logiya laboratoriyalari tashkil etilmoqda.
Bu borada yurtimizda ham keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining respublika va viloyat inspeksiya­lari laboratoriyalarida tashqi karantin obyekti bo‘lgan nematodalarni respublikamiz hududiga kirib kelishini oldini olish, shuningdek, tuman va viloyatlarida nematodalarning tarqalishi to‘g‘risida ma’lumotlarni yig‘ish, zararlangan ekin maydonlarini aniqlash, zararlanish darajasini o`rganish kabi ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Qishloq xo`jalik ekinlariga ushbu uch guruh zararli organizmlar sezilarli darajada zarar yetkazadi. Misol uchun deyarli barcha o‘simlik turlarini 2000 turdan ko‘proq nematodalar zararlaydi va har yili dunyo o‘simliklar olami hosildorligining 10% gacha nobud bo‘lishiga olib keladi.
Nematodalar ta’sirida qishloq xo‘jalik ekinla­ri, texnik va mevali daraxtlarning hosildorligi o‘rtacha 6-25% gacha kamayadi. Ayrim hollarda nematodalar ta’sirida hosildorlikning 70-90% gacha nobud bo‘lishi aniqlangan. Nematodalar qishloq xo‘jalik ekinla­rining turli xil organlarida, ya’ni to‘qimalarida parazitlik qiladi. Hattoki ko‘pgina o‘simliklar bu parazitlar bilan kuchli zararlanganligi natijasida halok bo‘ladi va kuchli zararlangan maydonlarda uzoq vaqt iqtisodiy muhim ekinlar ekilmay ham qoladi. Nematodalar vi­ruslarni tarqalishiga, bakterial va zamburug‘li kasalliklarning avj olib rivojlanishiga, asosan, ildiz chirishi­ga sababchi bo‘ladi.
Parazit nematodalar o‘simliklar­ning mahsulot sifatini pasaytiradi. Ko‘pgina hollarda tuproq strukturasining buzilishi fitonematodalar bilan bog‘liq. Nematitsidlar yordamida fitonematodalarning yirik populyatsiyalarini bartaraf etish bilan ko‘pgina qishloq xo‘jalik ekinlari­ning hosildorligini bir necha martaga oshirishga erishish mumkin.
Mavjud adabiyotlardagi ma’lumotlarga qaraganda, fitonematodalar AQSHda umumiy hosilning 10 foizini nobud qiladi. Bu pul hisobida 500 mln. dollarni tashkil etsa, Kaliforniyada esa har yili 90-140 mln. dollar, Angliyada 2 mln. funt sterlingni tashkil etadi. 1974 yilda amerika­lik fitogelmintolog A. G. Nyuxoll AQSHda birgina bo‘rt­ma nematodasining o‘zi 35 mln. dollar hajmida ziyon keltirganligini aniqladi.
Kanalarning zarari haqida misol qilib esa g`o`zaning asosiy so`ruvchi zararkunandasi o`rgimchakkananing zarari haqida to`xtalib o`tamiz. O‘rgimchakkana g‘o‘za va ko‘pgina boshqa ekin va daraxtlarning ashaddiy va doimiy zararkunandasidir, u hammaxo‘r zararkunanda bo‘lib, o‘simliklarning 200 dan ortiq turida, shulardan begona o‘tlarning 173 turida, daraxt va butalarning 38 turida hamda ekinlarning 40 dan ortiq turida uchraydi. G‘o‘za, sabzavot, poliz, dukkakli ekinlar, yer yong‘oq, gul va bog‘zorlar shular jumlasidandir. Kana asosan barglarning orqa tomoniga joylashib unga shikast yetkazadi, bargni juda ingichka kulrang o‘rgimchak iplari bilan o‘raydi. Uning nomi ham shunga qarab qo‘yilgan. O‘rgimchakkana og‘iz apparatining xelitseralarini hujayraga sanchib kiritib,
undagi moddalarni so‘rib oziqlanadi. Zararlangan barglarning ustki tomonida och tusli, qattiq zararlangan joylarida esa qo‘ng‘ir va qizg‘ish dog‘lar paydo bo‘ladi. Kuchli shikastlangan barglar to‘kiladi, o‘simlik yalong‘ochlanadi va juda majmag‘il bo‘lib qoladi. O‘rgimchakkananing zarari uning g‘o‘zaga tushish muddatiga va o‘simliklarda qancha turishiga bog‘liq. U qanchalik erta tushsa, g‘o‘zaga shunchalik ko‘p shikast yetkazadi. Masalan, F.M. Uspenskiyning ma’lumotlariga ko‘ra, iyunda zararlangan g‘o‘zalar (himoya choralari ko‘rilmaganda) hosilning 50-60% ini, avgustda tushganda esa 2-6% ini yo‘qotgan. O‘rgimchakkana ingichka tolali navlarga sust, o‘rta tolali g‘o‘za navlariga kuchli ta’sir etadi. Bu ushbu o‘simliklar bargining morfologik tuzilishida bo‘lgan farqqa bog‘liq. F.S.Tolipovning o‘tkazgan tadqiqotlariga asosan, g‘o‘zaning o‘rgimchakkanaga bardoshli yoki chidamli bo‘lishi uning barglaridagi ostki epiderma va g‘ovak parenxima hujayralari qavatining balandligiga bog‘liq. Bu xujayralarning balandligi 150,7-166,9 mkm (mikron) ga teng bo‘lganda, kana ustunchasimon parenxima hujayralarining shirasi bilan oziqlana olmaydi, chunki yetuk o‘rgimchakkanada sanchib so‘ruvchi og‘iz apparatining uzunligi 116,9-120,7 mkm ni, katta yoshdagi lichinkalarida esa 102,6-105,4 mkm ni tashkil qiladi. G‘o‘zaning o‘rgimchakkanaga bardosh berish darajasiga barg maydoni birligidagi hujayralarning zichligi, hujayra shirasining osmotik bosimi hamda yuqorida qayd etilganidek, ostki epiderma va mezofillaning g‘ovak parenximasi katta ta’sir qiladi. Bu ko‘rsatkichlarga mineral moddalar bilan oziqlanish ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Y.Sodiqovning tadqiqotlaridan ma’lumki, amaldagi sarf me’yorlarga nisbatan ikki baravar oshirilgan superfosfat bilan oziqlantirish g‘o‘zaning o‘rgimchakkana bilan zararlanishini ikki marta kamaytiradi. O‘rgimchakkananing ko‘pgina (qariyb 40 dan ortiq) kushandasi bor, ammo bulardan stetorus qo‘ng‘izi (Stethoruspunctillum), kanaxo‘r trips (Scolothrips acariphagus), yirtqich qandala (Orius albidipennis) va oltinko‘z (Chrysopa carnea) eng ko‘p ahamiyatlidir. Kanaxo‘r trips bir kecha-kunduzda kananing 50 tagacha tuxumi va lichinkalarini yeydi, stetorus lichinkasi va qo‘ng‘izlari 100 tagacha, oltinko‘zning katta yoshdagi lichinkasi esa 800 tagacha tuxumini yeb qo‘yadi.
O‘rgimchakkananing g‘o‘zada urchishini oldindan bilish (bashorat qilish) O‘simliklarni himoya qilish ilmiy tadqiqot institutida yaratilgan uslub asosida o‘tkaziladi. Uzoq muddatli (kelgusi yil va undan keyingi yillarga mo‘ljallab), shuningdek qisqa muddatli (shu yildagini) bashorat qilish uslubi mavjud. Uzoq muddatga mo‘ljallangan bashorat qilish usuli qishlaydigan kanalarni va ularning holatini hisobga olgan holda, shuningdek ularning qishlovdan chiqishini kuzatish asosida olib boriladi. Qisqa muddatli bashorat esa, kutilayotgan havo haroratini o‘n kunliklar bo‘yicha, hamda g‘o‘za ekiladigan mintaqalar bo‘yicha aniqlash yo‘li bilan o‘tkaziladi. Kananing urchishi uchun o‘simliklar orasida havoning issiq saqlash darajasi 14,5 kkalni, psixrometrik qutichada esa 13,0 kkal bo‘lishi eng qulay sharoit hisoblanadi. Bu ko‘rsatkichlar o‘zgarsa, kananing ko‘payish
sur’ati pasayadi.
Kemiruvchilar ham nematodalar va kanalar kabi qishloq xo`jalik ekinlariga sezilarli zarar yetkazadi. Misol uchun Sariq yumronqoziq bedaga, donli ekinlarning maysa va boshoqlariga sezilarli darajada zarar yetkazadi. Bundan tashqari yumronqoziqlar o`zidagi burgalar orqali yuqumli kasallik mikroblarini odamlarga ham yuqtiradi.
Yana bir kemiruvchi ko`rsichqon esa O`rta Osiyoda keng tarqalgan bo`lib, beda, urug`lik piyoz va paxta, g`alla ekinlarini ba’zan pitomniklardagi meva ko`chatlarini kemiradi, natijada meva ko`chatlari yaxshi rivojlanmaydi, xatto qurib qoladi.
Bu uchchala guruh zararkunandalarining zarari, ularning morfologik va anatomik tuzilishi, ularga qarshi kurash choralarini keyingi mavzularimizda batafsil ko`rib chiqamiz.


Download 26.72 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling