Farosatsiz eshak (O‘zbek xalq ertagi)


Download 254.5 Kb.
Sana21.06.2023
Hajmi254.5 Kb.
#1642202
Bog'liq
ertekler


Farosatsiz eshak

(O‘zbek xalq ertagi)


Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir eshak bo‘lgan ekan. U o‘zini juda aqlli deb bilar ekan. Kunlardan bir kuni u bir bog‘ga kiribdi. Qarasa, daraxtlarda mevalar, polizda qovun tarvuz-u qovoqlar pishib yotgan emish.Eshak darxtlardagi mevalarga, polizdagi qovoqlarga qarab, diqqat bo‘libdi.Shalpang quloqlarini qimirlatib:- Xudoyim-ku hamma narsani bilib yaratgan-a, lekin ko‘p narsalar borki, ularni boshqacharoq qilib yaratish kerak edi-da, — debdi.Daraxt shoxida o‘tirgan chumchuq eshakdan:- Qani ayt-chi, senga bularning nimasi yoqmadi? — deb so‘rabdi.


- Ko‘rmayapsanmi? — debdi eshak, olma-qovoqlarga imo qilib. — Shunday katta daraxtlarning solgan mevasini qara, bolalarning mushtumidan ham kichkina. Endi anavi qovoqlarni ko‘r, kallamday keladi, nozik palaklarda ilinib turibdi…- Hamma hikmat shunda-da, — debdi chumchuq.- Bunda hikmat nima qiladi? — debdi eshak. — olmalar qovoqdek, qovoqlar olmadek bo‘lsa, tuzuk bo‘lardi.Shunday deb, eshak olma daraxtiga surkangan ekan, bitta olma uzilib “taq” etib boshiga tushibdi.Shunda eshak: Voy, boshim yorilayozdi!.. — debdi.Chumchuq kulib:- Yaxshiyamki, olma qovoqdek emas, bo‘lmasa miyangning qatig‘ini chiqarib yuborardi, — debdi.Rost aytding, og‘ayni! — debdi eshak va olma daraxti tagidan nari ketibdi.



Qizg‘anchiq it


(Ertak)

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. juda ochko‘z kuchuk bor ekan. Bir kuni u sheriklari bilan talashib, kattakon bir suyakni olib qochibdi. U suv ustidagi yakka cho‘pdan o‘tayotsa, suvda bir it og‘zida katta suyak tishlab, ko‘zlarini olaytirib itga tikilib turgan emish. It: “Ir-r,ir-r-r”, — deb tishini irjaytirgan ekan, suv ichidagi it ham tishini irjaytiribdi.Qizg‘anchiq it uning og‘zidagi suyakni ham tortib olmoqchi bo‘libdi va “Xap!” — deb itga tashlanibdi. “Xap” deyishi bilan og‘zidagi suyak o‘zidan oldinroq “cho‘lp” etib suvga tushib ketibdi. Qizg‘anchiq it rossa shalabbo bo‘lib, suyagidan ajralib, suvdan chiqibdi.




Suv va Daraxt
(Zamira Ibrohimova)

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonlarda bir Daraxt va Buloq bo‘lgan ekan.


Ular yonma-yon yashar ekanlar. Buloq endigina ko‘z ochgan, sho‘x-sho‘x qaynab chiqayotgan suvlari kichkinagina ariq hosil qilgan ekan. Nihol esa nozikkina, sal shamol tursa, butun tanasi chayqalib-chayqalib ketarkan…
Oradan kunlar, oylar, yillar o‘tibdi. Buloq suvi katta ariqni to‘ldirib oqa boshlabdi. Nihol ham ko‘kka bo‘y cho‘zib, sarvqomat daraxtga aylanibdi. Bu yerdan o‘tgan yo‘lovchilar Daraxtning soyasida dam olib, Buloqning tiniq suvidan ichar ekan. Ketayotganlarida esa:
Zap qomatdor daraxt bo‘libdi-da, — deb maqtab ketisharkan.
Bu gaplardan Daraxtning dimog‘i ko‘tarila boshlabdi. U hatto Buloqni mensimay qo‘yibdi.
Agar bu yerda men gurkirab turmaganimda, yoningda kim ham to‘xtardi? Na, soyayang bor, na husning! — debdi Daraxt buloqqa.
Buloq hafa bo‘lib ketibdi-yu, lekin indolmabdi.
Kunlardan bir kuni:
Men bormanki, hayot bor! — deb qolibdi yana Daraxt.
Buloq ortiq chidolmabdi va o‘z oqimini o‘zgartirib yuboribdi. Shundan so‘ng Daraxt ildizlariga bir tomchi ham suv kelmay qo‘yibdi.
Daraxt buni ancha vaqtgacha sezmay, mag‘rur turaveribdi. Ammo ko‘p o‘tmay qandaydir o‘zgarish bo‘layotganini, a’zoyi badani bo‘g‘ilib borayotganini sezibdi, qarasa suv o‘z oqimini o‘zgartirgan ekan.
Nahotki, u menga quvvat berib turgan bo‘lsa? — o‘ylanibdi Daraxt. Uning ahvoli tobora yomonlashibdi, yaproqlari qovjirab to‘kila boshlabdi.
Oxiri u suvning zarurligini, tiriklikning kuchi hamkorlikda ekanini tushunibdi. Shundagina suv yana eski yo‘nalishi bo‘yicha oqa boshlabdi.

Laylak bilan Tulki


(Ertak)
Laylak bilan tulki do’st bo’lgan ekan. Qimmatchilik vaqti kelib, ikkisi bola-chaqasi bilan och qolibdi. Bir kun laylak tulkiga:— Tulkiboy, sen uyga qarab o’tir Men uchib borib o’zimizga va bolalarimizga ovqat topib kelay,— debdi.Tulki rozi bo’lib, uyda bolalarga qarab qolibdi. Laylak ovga ketibdi. Tulki uyda o’zining va laylakning bolalariga qarab o`tiraverib oradan besh kun o’tibdi, olti kun o’tibdi, laylakdan darak bo`lmabdi. Tulkining qorni nihoyatda ochib, holdan ketay deb qolibdi, ochdan o’lar holga kelibdi. Tulki u yoq-bu yoqqa qarab, hech kim yo’qligidar foydalanib, laylakning bitta bolasini tappa bosib yeb qo’yibdi. Bolani yeb bo’lgandan keyin qarasa, laylak ikki toshbaqa, beshta qurbaqa, ikki ilonni olib, ovdan kelyapti. Tulki o’zicha: — Ey, attang-ga, bir kun qarasam ekan, do’stim ancha oziq olib kelar ekan, endi nima deb javob beraman,— deb yig`lay beribdi. Laylak uyga kelsa, tulki do’sti yig`lab o`tirgan emish. Laylak:— Ey tulki do’stim, nega yig’laysan?— deb so’rabdi Tulki уig’і aralash: — Hay, hay, laylak do’stim, bo’yni uzunjonning biri kasal bo’lib o’lib qoldi, shunga yig’layapman, deb suyaklarini ko’rsatibdi. Laylak xafa bo’libdi, yig’labdi va bolasini olib, tulkidan yashirib boshqa yoqqa uchib ketibdi.

Quyoncha, ayiqcha va kasal tishcha


(Tish shifokoridan qo'rqadigan bolalar uchun)
Saida Ibodinova


Kattagina o'rmonda qadrdon do'stlar: mitti quyoncha va kuchli ayiqcha yashar ekan. Ular juda yaqin do'st ekan, har doim birga o'ynashar, birga yurishar ekan. Shuning uchun quyonchani hech kim xafa qilolmas ekan. Hattoki ayyor tulki ham ayiqchaning kuchli g'amxo'r himoyachisi borligini bilar ekan. Do'stlar bir-biriga juda o'xshashar, faqat quyoncha turp, sholg'om, sabzi va karamni, ayiqcha esa asal va shirinliklarni xush ko'rar ekan. Quyoncha ertalab va kechqurun tishlarini tozalashni kanda qilmas, ayiqcha esa tish yuvishni uncha yoqtirmas ekan. Bir kuni do'stlar o'rmonda sayr qilishga kelishib olishibdi, biroq ayiqcha kutilgan joyga kelmabdi. Quyoncha bundan xavotirga tushibdi. Chunki ayiqcha doim aytilgan joyga vaqtida yetib kelarkan-da. Quyoncha ayiqchaning uyiga yuguribdi. Borsa ayiqcha jag'ini bog'lab olib, yum-yum yig'layotgan ekan. Uning tishi juda qattiq og'rib qolgan ekan-da. Quyoncha unga shifokorga borishni maslahat beribdi. Ayiqcha esa qo'rqqanidan rozi bo'lmabdi. U og'riq o'tib ketsa kerak deb o'ylabdi. Quyonchaga bir oz kutib turishini aytibdi. Quyoncha og'riq qoldiruvchi giyog'lardan terib kelish uchun o'tloqqa otlanibdi. Shunda ayor tulki uning ortidan tushibdi. U ayiqcha bilan quyonchaning gaplarini poylab eshitib olgan ekan-da. Biroq quyoncha tulkini sezib qolibdi va ayiqchaning iniga qarab qochibdi. Tulki uni tutib olishiga sal qolibdi. U ayiqchaga bo'lgan voqeani aytib beribdi. Ayiq uning qo'rqoqligini deb do'sti xatarga qolganidan uyalibdi va tish shifokoriga yo'l olibdi. Qo'rqmasdan tishlarini davolatibdi. Ayiqcha shu kundan boshlab tishlarini parvarishlashga qattiq kirishibdi. Shirinliklar yeyishni kamaytirib, sabzavotlar yeyishni boshlabdi.
Boshoqcha
(Ukrain xalq ertagi)

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan Krut va Vert ismli ikkita sichqoncha va baland ovozda qichqiradigan xo‘rozcha bor ekan. Sichqonchalarning bilgan ishi faqat qo‘shiq aytish, raqs tushish, aylanish va burilish edi. Xo‘rozcha esa tong otganda turib, birinchi bo‘lib barchani uyg‘otar, keyin esa ishga kirishar edi. Bir kuni xo‘rozcha hovlini supurayotib bug‘doy boshoqchasini topib oldi.


– Krut, Vert! – chaqirdi u, – qaranglar, men nima topib oldim.
Sichqonchalar yugurib kelib: – Buni yanchish kerak. – dedilar.
– Kim yanchadi? – so‘radi xo‘rozcha.
– Faqat men emas! – qichqirdi birinchi sichqoncha.
– Faqat men emas! – qichqirdi ikkinchisi ham.
– Yaxshi, – dedi xo‘rozcha – unda o‘zim yanchaman deb ishga kirishdi.
Sichqonchalar esa koptok o‘ynay boshladilar. Xo‘rozcha yanchishni tugatib, qichqirdi:
– Hoy, Krut, Vert qaranglar men qancha don yanchdim!
– Endi esa donni tegirmonga olib borib, un chiqarish kerak!
– Kim olib boradi? – so‘radi xo‘rozcha
– Faqat men emas! – qichqirdi Krut.
– Faqat men emas! – qichqirdi Vert.
– Yaxshi, – dedi xo‘rozcha, – tegirmonga donni o‘zim olib boraman.
Xo‘rozcha qopni yelkasiga ortdi va ketdi. Bu vaqtda esa sichqonchalar ustma-ust sakrash uyinini boshladilar. Bir-birlarini ustidan birin-ketin sakrab quvonardilar.
Xo‘rozcha tegirmondan kelib, yana sichqonchalarni chaqirdi:

– Krut, Vert bu yerga kelinglar! Men unni olib keldim.


– Voy, xo‘rozcha! Yashavor! Endi esa xamir qorib pirog pishirish kerak!
– Kim xamir qoradi? – so‘radi xo‘rozcha. Sichqonchalar esa o‘z bilganlaricha chiyilladilar.
– Faqat men emas!
– Faqat men emas!
Xo‘rozcha o‘ylab o‘ylab shunday va dedi:
– Yana o‘zim qilishimga to‘g‘ri keladi.
U xamir qordi, o‘tin keltirdi, o‘choq yoqdi. O‘choq isishi bilanoq unga pirogni qo‘ydi.
Sichqonchalar ham vaqtini bekor o‘tkazmasdan, qo‘shiq kuyladilar, raqs tushdilar.
Pirog pishdi, xo‘rozcha uni chiqarib stolga qo‘ydi, sichqonchalar esa hoziru nozir bo‘ldilar. Ularni chaqirishning hojati ham bo‘lmadi.
– Voy, men och qoldim! – chiyilladi Krut.
– Voy, yegim kelyapti! – chiyilladi Vert.
Tezda dasturxonga o‘tirishdi, xo‘rozcha esa ularga dedi:
– Shoshmanglar, shoshmanglar! Siz menga birinchi bu boshoqchani kim topganini aytinglar?
– Sen topding! – baland ovozda qichqirishdi sichqonchalar.
– Kim boshoqchani yanchdi? – yana so‘radi xo‘rozcha.
– Sen yanchding! – sekingina javob berdilar ikkalalari ham.
– Kim donni tegirmonga olib bordi?
– Albatta sen! – dedi Krut va Vert yanada past ovoz bilan.
– Kim xamir qordi? Kim o‘tin tashidi? Kim o‘choq yoqdi? Kim pirogni pishirdi?
– Barchasi sen. Barchasi sen – zo‘rg‘a eshitilarli qilib chiyilladilar sichqonchalar.
– Sizlar nima qildinglar?
Nima deb javob berish mumkin? Hyech narsa deyish mumkin emas. Krut va Vert stoldan turib keta boshladilar, xo‘rozcha esa qaytarishga ham urinmadi. Chunki bunday ish yoqmas dangasalar pirog bilan mehmon qilishga arzimaydi-da.
Download 254.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling