1-mavzu: O’zbekiston tarixi predmeti, uni o’rganishning metodologik tamoyillari, manbalari va ahamiyati Reja
Download 5.05 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- 5. MUSTABID SOVET TUZUMINING O’ZBEKISTONDA YURITGAN QATAG’ON SIYOSATI VA UNING OQIBATLARI Sobiq Ittifoqda ma’muriy-buyruqbozlik, totalitar tizimning qaror topishi.
- Respublika huquqlarining cheklanishi
- Sovet hokimiyatining O’zbekistonda yuritgan qatag’onlik siyosati va uning oqibatlari
- Ziyolilarning qatag’on qilinishi.
Adabiyot. Bu davrda o’zbek adabiyoti ham jiddiy hayotiy sinovlar jarayonini boshdan kechirdi. O’zining boy tarixiy an’analariga ega bo’lgan bu adabiyot xalq ruhining ko’zgusi sifatida uning ma’naviy hayotida muhim rol o’ynadi. Biroq bu muhim soha faoliyati sovetlarning doimiy nazorati ostida kechdi. Ularning nazarida adabiyot kuchli mafkuraviy qurol sifatida yangi tuzumni mustahkamlashga xizmat qilishi, millionlar ommasini shunga da’vat etmog’i kerak edi. Bu, albatta, har bir ijodkor zimmasiga jiddiy mas’uliyat yuklardi. Negaki, har bir shoir yoki adib sovet mafkurasi talablaridan chetlashguday bo’lsa, o’z xalqining boy tarixiy o’tmishi yoxud ulug’ ajdodlari hayotidan asar yozguday bo’lsa, uning og’ir jazoga ro’baru kelishi hech gap emas edi. Mana, nima uchun 30-yillarda xalqimiz faxru-g’ururi bo’lib qolgan bir qator favqulodda iste’dod sohiblari qatag’on qilindi, ijodlari bo’g’ildi. Xususan, «xalq dushmanlari» tamg’asi bilan nomlari badnom qilingan A.Qodiriy, A.Cho’lpon, U.Nosir, A.Fitrat, Elbek, G’.Yunus, M.Botu singari so’z san’atkorlarining achchiq qismati bunga yaqqol misoldir. Biroq har qanday tazyiqu ta’qiblarga qaramay o’zbek adabiyoti bu yillarda muayyan yutuqlarga erishib bordi. Hamza, S.Ayniy, A.Qodiriy, A.Cho’lpon, A.Fitrat singari katta avlod namoyandalari izidan G’.G’ulom, A.Qahhor, M.Oybek, H.Olimjon, U.Nosir, K.Yashin, R.Uyg’un, Mirtemir, G’ayratiy, Oydin, S.Abdulla singari qalam ahllari adabiyot jarayonga kirib keldi. Ular o’zlarining serqirra ijodlari bilan o’zbek adabiyoti xazinasini boyitishga munosib ulush qo’shdilar. Bu o’rinda A.Qodiriyning «O’tgan kunlar», «Mehrobdan chayon», A.Cho’lponning «Kecha va kunduz», S.Ayniyning «Odina», «Sudxo’rning o’limi», A.Fitratning «Abulfayzxon», «Hind sayyohi bayonoti», Oybekning «Qutlug’ qon», «Navoiy», A.Qahhorning «Sarob», G’.G’ulomning «Ko’kan», “Yodgor” va shu singari o’z davri uchun muhim voqea bo’lgan, badiiy g’oyasi yuksak asarlarni alohida qayd etmoq lozim bo’ladi. Lekin, bu adabiyotning aksariyat zabardast namoyandalari totalitar tuzum ixtiro etgan qatag’onlik domiga tashlanib, aybsiz ayblanib, qatli om etildilar. Ularning betakror ijodi esa avlodlar nigohidan uzoqlashtirib kelindi. Milliy istiqlol sharofati tufayligina ularning ijodi yangidan dunyo yuzini o’rib, xalqimiz tomonidan sevib o’qilmoqda va o’rganilmoqda. 5. MUSTABID SOVET TUZUMINING O’ZBEKISTONDA YURITGAN QATAG’ON SIYOSATI VA UNING OQIBATLARI Sobiq Ittifoqda ma’muriy-buyruqbozlik, totalitar tizimning qaror topishi. Respublika huquqlari, manfaatlarining cheklanishi Totalitar rejimining qaror topishi. XX asrning 20-yillari ikkinchi yarimlariga kelib sovetlar mamlakatining hokimiyat boshqaruv - idora tizimida ham keskin o’zgarish hollari yuz berib bordi. Partiya va davlat boshqaruvi muruvvatlarini o’z qo’li ostiga kiritib borgan I.V. Stalin asta-sekinlik bilan o’zining yakka xokimligini butun choralar bilan qaror toptirish harakatida bo’ldi. Shu maqsadga erishish yo’lida u o’z atrofiga bir guruh hushomadgo’y, labbaychi rahbar kadrlarni to’plab, ularni ishga solib, partiyaning ko’plab tajribali, inqilobiy kurashlar jarayonida toblangan, g’oyaviy va siyosiy jihatdan yetuk, nufuzli arboblarini obro’sizlantirishga intildi. 20-yillarda atayin avj oldirilib, odatiy tusga kirgan «partiyaviy tozalashlar» bahonasida mamlakat hayotining u yoki bu muhim masalasida sog’lom, xolis fikr bildirgan kadrlarni egallab turgan yuqori vazifalaridan chetlattirib borildi. Stalin o’z yo’liga g’ov bo’lgan bunday muxolifatchi kuchlar, kadrlarni tor-mor etish, o’z shaxsiy hokimiyati rejimini qaror toptirib borishda V.M.Molotov, K.E.Voroshilov, L.M.Kaganovich, L.P.Beriya singari maslakdoshu hamfikr safdoshlari xizmatidan ustamonlik bilan foydalandi. Mamlakatda yuz berayotgan barcha o’zgarishlar, yangilanishlar Stalin nomiga nisbat berildi. Hukmron Markaz mafkurasi bu nomni zo’r berib ko’klarga ko’tarib maqtash, madh qilishga yo’naltirildi. 20-yillar oxirlariga kelib Stalin tomonidan yangi nazariy qarash sifatida ilgari surilgan «sotsializm mustahkamlanib borgan sari sinfiy dushman qarshiligi ham shunchalik kuchayib boradi», degan soxta g’oya butun mamlakat uchun halokatli oqibatlarga olib keldi. Stalin va uning yaqinlari mamlakat va partiya hayotiga oid har bir masalada o’z irodasi, hukmini boshqalarga majbur etib bordilar. O’z davrida kompartiya va sovet hokimiyati rahbariyatining o’zak-negizini tashkil etgan Trotskiy, Buxarin, Kamenov, Zinovyev, Rikov, Tomskiy singari taniqli arboblar shunday muxolifatchi guruh vakillari sifatida egallab turgan lavozimlaridan olinib, keyinchalik qatag’onlik domiga duchor etildilar. Shu tariqa, sobiq Ittifoqda 1917-yildan boshlab shakllanana boshlagan totalitar siyosiy rejim 20-yillarning oxiri 30-yillarning boshlarida to’liq qaror topdi. Totalitar rejimning mazmun-mohiyati, belgilari quyidagilardan iborat: -ko’ppartiyaviylik tugatiladi, bitta partiya (VKP(b)) butun mamlkatda yagona hukmron partiyaga aylanadi, uning qarorlari, ko’rsatmalari barcha hokimiyat organlari tomonidan so’zsiz bajarilishi majburiy bo’ladi; -davlat boshqaruvi markazdan, diktator tomonidan ma’muriy-buyruqbozlik tarzida amalga oshiriladi, mahalliy hokimiyat organlari amalda qo’g’irchoq bo’lib qoladi; -ijtimoiy munosabatlar siyosiy, iqtisodiy, mafkuraviy, jismoniy zo’rovonlik asosda tartibga solinadi, xususiy mulkni milliylashtirish orqali shaxsning iqtisodiy erkinligi tugatiladi, rejali iqtisodiyot qaror topadi; -oshkoralik, turli xil fikr bildirish, muxolifatchilik harakatlari qat’iyan man etiladi; -ommaviy axborot vositalari, ta’lim tizimi, ijodiy uyushmalar orqali targ’ibot- tashviqot ishlari kuchaytirilib, aholi rasmiy (kommunistik) mafkura nuqtai nazardan qayta ishlanadi, ular ongiga mafkuraviy aqidalar singdiriladi; -siyosiy qatag’onlik shaxsning ongi va hatti-harakatlarini nazorat ostiga olish, mavjud tuzumga nisbatan xayrixohlik, sodiqlik, qo’llab-quvvatlash tuyg’usini singdirishning asosiy vositasiga aylanadi; -rasmiy mafkuraga mos bo’lmagan barcha nashriy mahsulotlarni yo’q qilishga, intellektual va ijodiy faoliyatni bo’g’ishga yo’naltirilgan senzura organi faoliyat yuritadi; -siyosiy qatag’onlikni amalga oshirish uchun maxsus hokimiyat organlari, mehnat va axloq tuzatish lagerlari tarmog’i tuziladi va faoliyat yuritadi, birga ishlovchi, qo’ni- qo’shnilardan kuzatuvchi, ig’vogar-chaqimchilar yollanadi, aholi qo’rquv ostiga olinadi. Respublika huquqlarining cheklanishi. Mamlakatda totalitar tizimning qaror topishi, shubhasiz, milliy sovet respublikalari hayotiga ham dahl qilib, ularning butun inon-ixtiyorini Ittifoq davlati tasarrufiga bog’lab qo’ydi. Bu O’zbekiston timsolida ham yaqqol ko’zga tashlandi. Avvalo, respublika hokimiyati boshqaruvining hamma bo’g’inlari to’liq ravishda SSR itifoqi organlariga bo’ysundirildi. Shuningdek, bu yerdagi yagona rahbar tashkilot - O’zbekiston kompartiyasi ham VKP(b) ning viloyat bo’limi maqomida faoliyat yuritardi. Binobarin, hukmron partiya va uning Markazqo’mi qabul qiladigan har qanday qaroru farmoyishlar, rahbariy ko’rsatmalar respublika partiya tashkilotlari tomonidan bajarilishi majburiy va shart edi. Respublikaning kasaba uyushmalari, yoshlar tashkiloti (Komsomoli) va boshqa jamoat tashkilotlari ham Markazdagi shu xildagi tashkilotlarning aynan andozasi asosida tuzilgan bo’lib, ularga to’liq bo’ysungan holda faoliyat yuritardi. Shu bilan birlikda bu tashkilotlarning barchasi kompartiya yetakchiligida, uning siyosiy-g’oyaviy ta’sirida bo’lib, o’z a’zolarining ongi, tafakkurini shu partiyaning mafkurasi, g’oyasi ruhida shakllantirib, tarbiyalab borishlari kerak edi. Negaki, mustabid tuzum sharoitida jamiyat a’zolarini boshqacha ruhda tarbiyalash to’g’risida gap bo’lishi mumkin emasdi. Stalincha ma’muriy - buyruqbozlik tizimi ko’zga ko’rinarli va ko’zga ko’rinmas ming xil qizil iplar bilan O’zbekistonni o’z domiga ilintirib, uning amaldagi rasmiy mustaqilligini yo’qqa chiqargan edi. Uning mahalliy rahbariyati respublikaning iqtisodiy, xo’jalik, madaniy-ma’naviy hayotiga oid biror bir masala, muammoni mustaqil hal etishga haqli, huquqli emas edi. Buning uchun avvalo Markazning roziligini olish talab etilardi. O’zbekiston mustaqilligining nechog’lik rasmiy, yuzaki mazmunda bo’lganligi fakti uning yuksak qonuniy hujjatlarida ham o’z aksini topgan edi. Jumladan, O’zbekistonnning 1937-yilda qabul qilingan Konstitutsiyasi ham mohiyat e’tibori bilan asosan 1936-yil 5- dekabrdan kuchga kirgan SSSR konstitutsiyasining aynan nusxasi edi. Unda respublikaning mustaqilligi, fuqarolarining huquqlari, erkinliklari madh etilmasin, biroq ular amaliyotda nechog’lik soxta, quruq safsatalar bo’lib chiqqanligi hammaga ayondir. Sovet hokimiyatining O’zbekistonda yuritgan qatag’onlik siyosati va uning oqibatlari Mustabid tuzum Markazda va joylarda o’z mutlaq hokimiyatini shakllantirib, mustahkamlab borar ekan, bunda u o’ziga sodiq muayyan siyosiy va ijtimoiy kuchlarga tayanib ish yuritmog’i kerak bo’lardi. Shu maqsadda Markaz hukumati yangi sotsialistik jamiyat qurilishining butun davomida O’zbekistonga o’zining ko’p sonli sadoqatli xodimlari, vakillarini rahbariy lavozimlarga yuborib turganligi bejiz emas. Xususan ular yordamida o’lka hayotida kechayotgan barcha jarayonlar, o’zgarishlardan doimiy xabardor bo’lish, ularning yo’nalishlarini, maqsad, vazifalarini belgilash, mahalliy kadrlar faoliyatini kuzatish, nazorat qilish mumkin bo’lardi. Markaz O’zbekistonlik milliy kadrlarning kundalik ishlariga «ko’z quloq» bo’lish, ular faoliyatini tekshirish, taftish qilish barobarida sotsializm qurilishi yo’liga sadoqat bildirganlarni tanlash, tarbiyalash, ularni yuqori mansablarga ko’tarishni o’z e’tiboridan chetda tutmadi. Shu bois Markaz ishonchini qozonib, uning nufuzli namoyandalari bilan yaqindan hamkorlik qilgan, kerak bo’lganda o’z xalqining manfaati, qiziqishlarini ko’zlab ish yuritgan bilimdon kadrlar soni ham ko’payib borganligi faktdir. Ammo Stalinning yakkahokimligi kuchayib, totalitar tuzum bedodligi avj olib borgan sari bunday kadrlarni arzimas sabab va bahonalar bilan qiyin-qistovga olish, vazifalaridan chetlashtirish odatiy tusga kirib bordi. Rahbar kadrlar, ayniqsa o’z xalqi, yurtining milliy manfaatlarini himoya qilib, uning istiqbolini ko’zlab, o’zida kuch, iroda topib, bor haqiqatni aytishga jur’at qilgan millat kishilari birinchi navbatda hukmron Markaz uyushtirgan qatag’onlikka duchor bo’ldi. Buning yorqin ifodasini Sovet mafkurachilari tomonidan o’zbek milliy kadrlari sha’nini bulg’ashga qaratilgan, atayin to’qib chikarilgan «18 lar guruhi», «Inog’omovchilar», «Qosimovchilar» guruhlari misolida ko’rish mumkin. Ularning faoliyatiga oid tarixiy hujjatlarni ko’zdan kechirar ekanmiz, bu insonlar faoliyatida ularni ayblashga bois bo’ladigan hech bir asosli ashyoi dalillar bo’lmaganligiga to’la amin bo’lamiz. Ularning yagona «gunohi» - bu o’z millati dardi, tashvishi va manfaatini ko’zlab ayrim muhim muammolarni ko’targanligi va ularni hal etishga yuqorining e’tiborini jalb etganligi holos. Xo ’sh, bu guruhlar tarkibi kimlardan iborat bo ’lgan? Ular sovet mutasaddilari oldida qanday “gunoh” qilgan edilar? Respublikaning taniqli arboblaridan iborat «18 lar guruhi» (I.Xidiraliyev, M. Saidjonov, U. Ashurov, R. Rahimboboyev, Eshonov) ga yer-suv islohotiga qarshi chiqqan, boy-quloq va yer egalarining manfaatini himoya qilib chiqqanlar, mahalliychilik va millatchilik g’oyalarini ilgari, degan soxta aybnoma qo’yildi. Aslida esa ular hukmron Markazning ulug’ davlatchilik va shovinistik siyosatiga, milliy kadrlarga nisbatan bepisandlik, loqaydlik yo’liga qarshi chiqib, adolat va haqqoniylik tamoyillarini himoya qilganlar. Shu bois rasmiy partiya organlari tomonidan mazkur guruh keskin qoralanadi va uning a’zolari turli jazolarga giriftor etiladilar. «Inog’omovchilik» guruhi to’g’risida gap borganda ham unga qo’yilgan barcha ayblarning to’liq tarzda to’qib chiqarilganligi ayon bo’ladi. Ma’lumki, Rahim Inog’omov O’zKP(b) Markazqo’mi Matbuot bo’limi mudiri va O’zSSR Maorif Xalq Komissari vazifasida faoliyat yuritib kelgan. R.Inog’omov o’zining bir qator nutqlarida O’zbekiston kompartiyasining mustaqil faoliyat yurita olmayotganligiga, Markaz organlarining o’lka hayotidagi zo’ravonligiga ham alohida urg’u bergan. Respublikaning bir qator mas’ul xodimlaridan N.Mavlonbekov, I.Isamuhammedov, M.Aliyev, Bobonazarov singari hammaslaklar Inog’omov qarashlarini qo’llab-quvvatlab chiqqandilar. Bunday muxolifatchi chiqishlar hukmron partiya mutasaddilarining qahriga uchramasdan qolmasdi, albatta. Shu bois 1926, 1927-yillarda bu guruh faoliyati partiya tashkilotlarida bir necha bor muhokama qilinib, og’machi guruhbozlikda ayblandi. Inog’omov tarafdorlari vazifalaridan olinib, nomlari qoralangan. «Qosimovchilik» guruhi ham 1929-1930-yillarda sovet hukmron rejimi tomonidan milliy kadrlarni, zyolilarni qatog’on qilish, jazolash maqsadida atayin uyushtirilgan navbatdagi uydirma edi. O’z SSR Oliy Sudining raisi lavozimida ishlagan A.Qosimov va uning yaqin maslakdoshlari: N. Alimov, Musaboyev, Sharipov, Sirojiddinov va boshqa jami 7 kishi 1929-yilning 2-yarmida «bosmachilik» harakatiga yon berganlikda ayblanib qamoqqa olinadilar. Ular respublikadagi millatchi tashkilotlar bilan aloqa bog’laganlikda ayblandilar. Bu guruhning 4 ta a’zosi shunday asossiz ayblar bilan ayblanib, otib tashlandilar. Qolganlari esa ko’p yillik qamoq jazosiga hukm qilindilar. Mustabid tuzum hukmdorlari uchun O’zbekiston singari milliy sovet respublikasi rahbarlari, xodimlarini to’la itoatda tutishning birdan-bir sharti - bu ularning mustaqil faoliyatiga izn bermaslik, vaqti-vaqti bilan silkitib turish, mabodo xato, kamchiliklari topilguday bo’lsa, shafqatsiz jazolash yo’li edi. Milliy kadrlar faoliyatiga nisbatan bunday noinsoniy, g’ayriqonuniy yondashuv oqibatida respublikada o’z ongli hayoti, jo’shqin faoliyatini sovetlarning yolg’on, soxta g’oyalari, sotsializm g’alabasi uchun bag’ishlagan, shu yo’lda jon fido etib kurashgan qanchalab yetuk partiya va davlat rahbarlari qatag’onlik domiga g’arq bo’ldilar. O’zbekiston ravnaqi, xalqining baxtu saodati uchun fidoyilik qo’rsatgan Akmal Ikromov, Fayzulla Xo’jayev, Abdulla Rahimboyev, Isroil Ortiqov, Abdulla Karimov va boshqa o’nlab mahalliy rahbar kadrlarning hayot qismati pirovarida mana shunday fojia bilan yakun topdi. Mustabid tuzum hukmdorlari va ularning chaqqon dastyorlarining yeng shimarib qilgan «sa’y-harakatlari» natijasida 1937-1938-yillar davomida O’zbekistonda bir qator yirik aksilinqilobiy tuzilmalar tuzilgan, faoliyat yuritmoqda, degan soxta ma’lumotlar to’plandi. Mana shunday soxta ma’lumotlar asosida respublika rahbarlari A.Ikromov va F.Xo’jayev boshchiligidagi «Burjua - millatchilik aksilinqilobiy tashkiloti markazi», Abdurauf Qoriyev rahbar bo’lgan «Musulmon ruhoniylarning millatchi-isyonkor tashkiloti», «Aksilinqilobiy o’ng trotskiychi josuslar tashkiloti markazi», «Buxoro va Turkiston baxt-saodati» nomli aksilinqilobiy tashkiloti, I.Ortiqov boshliq «Yoshlarning aksilinqilobiy burjua-millatchilik tashkiloti», «Ingliz josuslik rezidenturasi», «Yapon josuslik-qo’poruvchilik rezidenturasi» kabi tashkilotlar sovet hokimiyatiga qarshi faoliyat yuritmoqda deb e’lon qilindi, ularni tuzishda gumon qilinganlar qatag’on qilindi. Eng so’nggi ma’lumotlar, tarixiy hujjatlarni har tomonlama o’rganish, tahlil qilishlar, surishtirishlar bunday tashkilotlarning respublikada umuman bo’lmaganligini to’la tasdiqlamoqda. Demak, bunday aksilinqilobiy tashkilotlar qatag’onlik tuzumi buyurtmasi asosida Markaz va uning jazo organlari tomonidan atayin to’qib chiqarilgan va hayotga izchil tatbiq etilgan. Buning orqasida ming-minglab begunoh insonlar shafqatsiz jazolangan umrlari xazon bo’lgan. XX asr boshidan 40-yillargacha 450 ming vatandoshlarimizga nisbatan «jinoiy ish» ochilganligi, ularning hayoti ostin-ustun bo’lib ketganligi faktdir. Faqat 1937-1939-yillarda O’zbekistonda hammasi bo’lib 43 mingdan ziyod kishi qamoqqa olingan. Ulardan 6 ming 920 nafari otib tashlangan. 37 ming nafari esa turli muddatli qamoq va surgunlarga hukm etilgan. Mustabid tuzum jallodlarining bu bedodligini hech narsa bilan oqlab bo’lmaydi. Yaqin milliy tariximizning bu qorong’u zulmati xalqimiz dilida mangu o’chmas armon bo’lib qoldi. U faqat milliy istiqlol tufayiligina to’la yuzaga chiqib, bundan yurtimiz fuqarolari chinakam ro’shnolik ko’rish baxtiga musharraf bo’ldilar. Ziyolilarning qatag’on qilinishi. Stalincha siyosiy qatag’onlikdan jamiyatning sog’lom kuchlari, milliy ziyolilar eng ko’p aziyat chekdi, mislsiz qurbonlar berdi. Negaki, totalitar rejim mutasaddilari o’zlari jaholatparast kimsalar bo’lganligidan, ilmu ma’rifat, ziyo ahlini qadrlash, e’zozlash o’rniga ularni xo’rlash, tahqirlash, kerak bo’lsa yo’q qilishni o’zlariga kasb qilib olgandilar. Shu bois vaqti-vaqti bilan ziyoli kadrlarni qatli om chig’irigidan o’tkazish, saflarini «yagonalab» turish ular uchun odatiy hol bo’lib qolgandi. Masalan, butun hayoti ijodini millat baxt-saodati, yurt istiqboli uchun bag’ishlagan Munavvar qori shu davrda avj olgan sovetlar ig’vosi va bo’htonining aybsiz qurboni bo’ldi. Uning rahnomoligida millat ravnaqi va istiqloli yo’lida faoliyat yuritgan, xalqqa ziyo taratib kelgan «Milliy istiqlol» tashkilotining 87 a’zosi ustidan sud uyushtirildi. Ularning 49 nafari «Xalq dushmani», «burjua millatchisi» degan ayblar bilan qoralanib, og’ir jazolarga hukm qilindilar. O’zbek adabiyotining ustunlari bo’lgan, noyob ijodlari xalq mehrini qozongan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho’lpon, Usmon Nosir, Mahmud Botu (Xodiyev), Elbek (Mashriq Yunusov), Fozi Yunus kabi ajoyib iste’dodlarni quruq bo’htonu tuhmatlar asosida «xalq dushmanlari» sifatida jismonan yo’q qilinib, yorqin faoliyati so’ndirildi. Masalan, ulardan biri - professor Fozi Olim Yunusovni oladigan bo’lsak, u 50 dan ziyod asarlar muallifi edi. Arab, fors, nemis, ingliz va barcha turkiy tillarni puxta bilardi. U hatto rus, arab va nemis tillarida Samarqand universiteti, Toshkent pedagogika instituti hamda Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutida umumiy tilshunoslik va til bilimiga kirish kabi maxsus kurslardan ma’ruzalar o’qirdi. Biroq bunday iste’dodlar qatag’on jallodlari uchun sariq chaqalik qadr-qimmatga ega bo’lmagan. Mustabid tuzum farmonbardorlari ayniqsa bunda o’zbek xalqining milliy ongi, tafakkurini yoritish, uning o’zligini tanitishga fidoyilik qilgan, istiqlol darg’alari bo’lgan jadid namoyandalarini yo’q qilishni o’z oldilariga maqsad qilib qo’ydilar. Bunga erishdilar ham. O’zbekiston hukumatining tashabbusi va sa’y-harakati bilan 20-yillarda xorijga o’qishga yuborilib, yaxshi mutaxasislar, fan arboblari bo’lib yetishgan kishilar atayin qatliom qurbonlari bo’ldilar. Agar Germaniya yoki Turkiyada ta’lim olgan bo’lsalar ularga o’sha mamlakatlarning josuslari degan ayb qo’yildi. Buning uchun ularning uyida tintuv paytida chet elda bosilgan kitob topilguday bo’lsa, shuning o’zi yetarli dalil edi. Axir ular chet el oliy o’quv yurtlarida o’qigan bo’lsalar ularda shunday kitoblar bo’lishi tabiiy edi. Masalaning bunday mantiqiy jihatlari chalasavod jazo organlari vakillarini qiziqtirmagan. Xorijda ta’lim olib, professorlik unvoniga sazovor bo’lgan Ahmadjon Ibrohimov, Majid Ibrohim, Ibrohim Yorqin, Tohir Shokir, Abduvahob Ishoq, Saida Shermuhammad qizi, Sattor Jabbor, Otajon Hoshim va boshqalar o’sha davrlarda millat faxri bo’lganlar. Ularga ham “xalq dushmani”, “chet el josusi” qabilidagi tavqi la’nat tamg’asi bosilib qatliom etildilar. Stalincha totalitar-mustabid tuzum bedodligi va zulmining haddan ziyod kuchayib borishi davomida nafaqat yurtparvar milliy kadrlar, fidoyi ziyolilarning hayot tarzi, qismati zavol topdi, balki shu bilan birga millionlab yurt fuqarolarining oddiy insoniy qadr-qiymati, or-nomusi toptaldi, tahqirlandi. G’addor tuzum zulmkorlari o’z g’ayriqonuniy hatti-harakatlarini avj oldirib, bunda har bir insonning yurish-turishi, kundalik mashg’uloti, muomalasidan tortib to uning qanday tafakkur yuritishigacha bo’lgan hamma jarayonlarni ham o’z nazoratiga olishga intilganlar. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad esa insonlar erki, irodasini jilovlash, uni muayyan chegara doirasida ushlab turish va shu yo’l bilan badkirdor tuzum sha’niga dog’ tushirmaslik, uning soxta obro’- nufuzini asrash, avaylash edi. Sovetlar o’z siyosatidan salcha og’ish, unga zid keluvchi hollarga shafqatsizlik bilan munosabatda bo’lardi. Buning oqibatida kishilar dunyoqarashi, e’tiqodini o’z izmiga bo’ysundirish, uni kommunistik axloq, ilmiy va ateistik tamoyillar ruhida shakllantirish uchun hujumkor kurash olib borgan sovet mafkurasining respublika mehnatkashlarining ma’naviy hayotiga yetkazgan zarari behisob bo’ldi. Shu yo’l bilan xalq ma’naviy-ruhiy hayotiga asrlar osha muhim hissa qo’shib kelgan butun boshliq ruhoniylar tabaqasi yo’q qilindi. Din peshvolari qattiq ta’qibu quvg’inga olindi. Bu davrda insonni qoralash, uning peshonasiga «xalq dushmani» tamg’asini bosish tuzum zolimlari uchun huddi «xamirdan qil sug’urganday» gap bo’lgan. Hatto shunday hollarga duch kelindiki, respublikadagi ko’p xonadonlarda vaqti-vaqti bilan o’tkazilgan tintuv paytida mabodo arab yozuvida bosilgan biror kitob topilguday bo’lsa, uning nomi, mazmuni so’rab, surishtirilmasdan o’sha xonadon sohibiga jamiyatga yot unsur degan la’nat tamg’asi bosilib, u qamoq yoki surgun jazosiga hukm etilaverilgan. Shunday qilib, stalincha qatag’onlik respublikamiz hayotining barcha sohalari uchun qonli fojialar, beadad yo’qotishlar bilan to’lib toshgan davr bo’ldi. U millionlab odamlarning taqdir-qismatida asoratli iz qoldirdi va mislsiz xunuk oqibatlarni yuzaga keltirdi. Shunga qaramay xalqimiz o’z bukilmas irodasini, matonatini namoyon etib, yorug’, charog’on kunlar kelishiga intiqib, kurashib yashadi. U stalincha qatliomning har qanday shiddatiga dosh berib, o’z asriy qadriyatlarini, udumlari, rasm-rusumlarini saqlab, imon-e’tiqodida sodiq qola bildi va hamisha milliy istiqlol sari dadil harakatlanishda davom etdi. Biz, milliy istiqlol davri kishilari jonajon yurtimiz ozodligi va mustaqilligi yo’lida kurashib, stalincha qatag’onlik qurbonlari bo’lib ketgan aziz insonlar xotirasini doimo qalbimiz to’rida saqlamog’imiz kerak bo’ladi. Bu har birimiz uchun farzu qarzdir. Yurtboshimizning 2001-yil 1-maydagi farmoni bilan har yili 31-avgust kunini «Qatag’on qurbonlari» xotirasini nishonlash kuni, deb e’lon qilinganligi g’oyatda quvonarlidir. Bu hozirgi minnatdor avlod kishilarining shahid ketganlar xotirasi oldidagi ehtiromining umumxalq e’tirofidir. Download 5.05 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling