«O‘zbekistonning zamonaviy bank tizimi: 1991-2016 yillarda» nomli kitob-albom nashrdan chiqdi
Download 0.58 Mb. Pdf ko'rish
|
Без названия
Бош саҳифа «O‘zbekistonning zamonaviy bank tizimi: 1991-2016 yillarda» nomli kitob-albom nashrdan chiqdi 20.09.2016 Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida bank-moliya tizimida izchillik bilan amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar ushbu soha istiqbollarini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etgani va rivojlanishning yangi bir bosqichiga o‘tishga zamin hozirlagani bilan tarixga kirdi. Istiqlol yillarida banklar aynan yirik loyihalarning tashabbuskori bo‘lib, korxonalarning faoliyat rivoji yo‘lida ularni faol moliyaviy qo‘llab-quvvatlamoqda hamda bunday moliyaviy va investitsiyaviy ko‘mak natijasida O‘zbekistonda iqtisodiyotning kelgusi taraqqiyoti hamda jamiyat ijtimoiy hayotida muhim bo‘lgan ob'yektlar barpo etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan mamlakatimizning tarixiy sanasi - O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab tayyorlangan «O‘zbekistonning zamonaviy bank tizimi: 1991-2016 yillarda» nomli kitob-albomning qayta ishlangan va to‘ldirilgan ikkinchi nashri aynan bank tizimining istiqlol yillarida bosib o‘tgan shakllanish va rivojlanish bosqichlarini yanada teranroq anglash imkonini beradi. Yangi bo‘limlar bilan to‘ldirilgan mazkur kitobda bank faoliyatiga joriy etilgan innovatsion yondashuvlar, chakana biznesning rivojlanishi va banklar faoliyatida korporativ boshqaruvning tatbiq qilinishi, bank xizmatlarida elektron tijoratning taraqqiy etishiga oid ma'lumotlar kiritilgan. Shuningdek, nashrda bank tizimida Bazel III standartlarining joriy etilishi ham o‘rin olgan. Kitobda 1991 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston va jahon iqtisodiyotida yuz bergan o‘zgarishlar jarayonida bank-moliya tizimining tadrijiy rivojlanish bosqichlarini ifoda etuvchi yangi va to‘ldirilgan ma'lumotlar o‘z aksini topgan. Olti bo‘limdan iborat mazkur nashrda mamlakatimizda istiqlol yillarida «Taraqqiyotning o‘zbek modeli» deya nom bilan butun dunyoda tan olingan va keng e'tirofga sazovor bo‘lgan rivojlanish strategiyasiga muvofiq, milliy demokratik davlat barpo etish, yangi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni shakllantirish borasida O‘zbekiston Respublikasi va xalqi bugungi kungacha bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘li hamda erishilgan yutuqlari xususida so‘z yuritiladi. Shu bilan birga, bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, bank tizimi vazifalari va uni shakllantirish prinsiplari bank ishi boshqaruvida ishtirok etuvchi eng muhim institutlardan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyati misolida ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va uning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani yoritib berilgan. Shuningdek, kitobda O‘zbekistonda shakllangan keng qamrovli professional bank-moliya ta'limi tizimi haqidagi ma'lumotlar ham o‘z ifodasini topgan. Ushbu nashrda asosiy e'tibor bank-moliya va kredit munosabatlarining tadrijiy rivojlanishiga, tijorat banklari bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi sub'yektlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga, banklar tomonidan xizmat ko‘rsatishning zamonaviy usullari va vositalariga qaratilgan. Kitobda banklar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik bazasini shakllantirish va takomillashtirish masalalariga ham to‘xtalingan.
http://qishloqqurilishbank.uz/uz/news/1628/ © 2020 © Qishloq Qurilish Bank Download 0.58 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling