G'afur G'ulom (1903-1966)


Download 14.46 Kb.
Sana26.01.2023
Hajmi14.46 Kb.
#1123730
Bog'liq
10)G\'afur G\'ulom ✓✓


G'afur G'ulom
(1903-1966)
G'afur G'ulom XX asr o'zbek bolalar adabiyotining tamal toshini qo'ygan faylasuf, shoir, benazir adibdir. Uning "Sen yetim emassan" , "Yodgor" , "Mening o'g'rigina bolam" kabi talay asarlarini hisobga olmaganda ham o'sha davrdagi butun Turkiston aholisining turmush tarzi, maishati manzaralariga bag'ishlangan birgina "Shum bola" qissasi folklorga xos falsafiy ruhi, she'riy asarlarga xos jo'shqin hissiyotga boyligi, mayin lirizmga yo'g'rilganligi, tasvirning bo'yoqdorligi bilan adabiyotimizning oltin fondiga kiradi.
Badiiy ijodning o'lmas qonuniyati - har qanday asarda yozuvchi tarjimai holining muhim bir qirrasi aks etishi G'afur G'ulom asarlariga ham xos xususiyatdir. Bu holat shoirning " Sen yetim emassan" she'ridagi :
Yetimlik nimadir
Bizlardan so'ra.
O'ninchi yillarning
Sargardonligi,
Istima aralash
Qo'rqinchli tush kabi
Xayol ko'zgusidan
O'chmaydi sira,
Men yetim o'tganman
Oh, u yetimlik .
Voy bechora jonim,
Desam arziydi.
Men odam edik - ku
Inson farzandi...
kabi lirik chekinish tarzida keltirilgan misralari bilangina belgilanmaydi. "Tirilgan murda" hikoyasining "Otam o'lib maishatim tanglikda qoldi" nomli birinchi jumlasidayoq yoxud " Shum bola" qissasidagi Shum bolaning sarguzashtlari tasvirida ham o'zining chuqur aksini topgan desak xato bo'lmaydi.
" Asarda tasvirlangan ijtimoiy muammolarni anglamoq uchun jahon muxorabasini boshlab, xalqni nochor ahvolda qoldirgan va bundan manfaatdor kishilarga xos g'ayriinsoniy jihatlardan tamomila farqlanuvchi moddiy muhtojlikdan, kundalik vahimalardan asabiylashgan oddiy, samimiy insonlarga xos jihatlarning bir - biriga qarama - qarshi qo'yilishidan izlash foydaliroq bo'lardi. Murakkab vaziyatlarda ham sof insoniy qiyofalarini yo'qotmagan kishilarning ruhiy to'lqinlarini tushunmoq G'afur G'ulom ko'zlagan maqsadlarni anglashga yordam beradi. Ma'noli, mazmunli hayotni qo'msagan, taqdirini endilikda qorin to'qligi-yu xotirjam kun o'tkazishgagina bog'lab tasavvur qila olmaydigan Shum bola qalbining tongday tiniqligi, o'zini shunday yengil his etayotganligi, ko'kragini to'ldirib nafas olishi kabi ramziylik bilan qissaning yakunlanishi zinhor bejiz emas. Bu G'afur G'ulomga xos inson taqdirining qo'l bilan yaratilishi haqidagi ijodiy-estetik ideallarga borib taqaladi.
Qissaning aksariyat qahramonlari ojiz bir banda sifatida taqdir sinovlari oldida betadbir qoladilar. Bunday o'rinlarda inson ojizligi-yu iymon qudrati namoyon bo'lgandek tuyuladi. Alohida olingan kishilar va olomon ruhiyati tasvirlangan o'rinlarda bu hol yaqqolroq ifodalangan "1.

_____________


1T.Matyoqubova ."G'afur G'ulom badiiyati" 2006 . 72-bet.

Adib qissa qahramonlarining boshdan kechirgan sarguzashtlari misolida o'sha paytdagi xalq hayoti, turmush tarzi manzaralariga keng miqyosda nazar tashlagan bo'lsa-da, kishi bilmas shaxsiy munosabatini sezish qiyin emas. Zero, asar voqealari mashhur adibning hali bolaligidayoq yashash uchun kurashish borasidagi o'y-fikrlari, turmushning beadad sinovlari yuzasidan chiqargan hukm-xulosalarining badiiy talqinidir.
G'afur G'ulomning badiiy mahorati haqida so'z ketganda uning ijodining o'zbek mumtoz adabiyoti va folklor an'analaridan oziqlanganligini qayd etmoq joiz. Bu "Ko'kan" poemasining :
Bir bor ekan, bir yo'q ekan, shu zamonda,
Mamaniyoz bo'lar ekan, Chust tomonda, -
tarzida ertaklar syujetiga xos tasvir uslubidagina emas, balki "Shum bola" qissasida "Ming bir kecha" ertaklariga hamohang voqealardan voqea keltirib chiqarishiga ham, "Yasha, deyman, o'g'lim", "Oq terakmi, ko'k terak" , "Buni toping, qizlarim", "Kaptar uchar, g'oz uchar", "Chitti gul", "O'ylashni o'rganamiz", "Men so'ray, siz javob bering" kabi zukkolikni talab etuvchi falsafiy yumoristik she'rlariga ham, "Nortojining kurak tishi", "Ahmad yomon bola emas-ku, ammo", "Kekkaymachoq Sobirjon", "O'rdak va Turg'un" singari hajviy she'rlariga ham xos mushtarak xususiyatdir.
Shoirning ikkinchi jahon urushida ota-onasiz yetim qolgan go'daklarga bag'ishlab yozgan "Sen yetim emassan" she'ri XX asr o'zbek she'riyatining yuksak namunasidir. She'rda mehribon padar timsolidagi Vatanning o'z farzandlariga mehr- muhabbati "uxla, jigarim", "tinchlan, jigarim", "cho'chima, jigarim", "ko'zim usti minnating boshimga durra" kabi erkalovchi, allalovchi iboralar bilan bildirilsa, Gitler timsolidagi fashizmga nafrat "Dayus", "Oq padar", "Haromi", "Mal'un", "Ota-onasining tayini ham yo'q" singari so'zlarda o'z aksini topadi.
G'afur G'ulomning talay she'rlari folklor asarlariga hamohang o'ynoqi uslubda yaratilgan. Yana ham to'g'rirog'i shoir xalq qo'shiqlarini yangicha hayotiy mazmun bilan boyitadi.
Masalan:
Tojxon qiz o'zi-o'zi,
Boshida yo'rmado'zi,
Yo'rmado'zi yarashgan,
Oyisiga qarashga
Hayyu chitti gul.
Muallif she'rida shunchaki Toshxonning ta'rif-tavsifi bilan chegaralanmaydi. Aksincha, kitobxon diqqatini qizaloqning a'lochiligi, chevarligiga ishora qilish orqali muhim tarbiyaviy g'oyani ilgari surishadi. Chistonlar shaklida bitilgan "Buni toping, qizlarim" she'rida esa poliz ekinlar va mevalarga xos sifatlarni eslash orqali kichkintoylar tabiat bilan tanishtiriladi.
O'z g'oyaviy niyatini ifodalashda jonvor va narsa-predmetlarning tashqi ko'rinishi bilan bog'liq sifatdoshlar, jonlantirish hamda o'xshatishlarga murojaat qilish kabi bolalar she'riyatiga xos tasvir usuli G'afur G'ulom ijodiga ham begona emas. Shoir "Ona buloq" she'rida bolalarga tanish manzara - buzoqning tashqi ko'rinishini she'riy san'atlar vositasida qayta yaratib, kitobxonlarga taqdim etadi. Ola buzoq tilining lola yaprog'iga, tikka qulog'ining sapsar gulga, tishlarining sadaf munchoqqa, ko'zlarining olxo'riga, cho'zinchoq yuzining bosvoldiga, baqbaqasining marjon ostiga, tumshug'ining chakich bosganga o'xshatilishi har qanday kitobxonni hayratga solishi tabiiy.
O'zbekiston xalq shoiri G'afur G'ulom yuqorida nomlari qayd qilingan asarlaridan tashqari, "Mukofot", "Tongotar qo'shig'i", "Bari seniki", "Bir g'uncha ochilguncha", "Siz mening yoshligimsiz" kabi qator to'plamlariga kirgan she'rlari bilan ham o'zbek bolalar adabiyotining so'z san'ati sifatida shakllanishiga katta ulush qo'shgan yirik so'z san'atkoridir.
"Shoir siymosida Sharq adabiyotining yetuk bilimdonini ko'rgan Ozod Sharafiddinov: "G'afur G'ulom Sharq adabiyotini chuqur biladigan fozil odam edi" - deb yozadi" 1.
"G'afur G'ulom vafotidan uch oy keyin yaratilgan yuz misradan iborat Maqsud Shayxzodaning "G'afurga xat" nomli marsiyasidan olingan quyidagi misralar buyuk shoirning ijodkor va inson sifatidagi o'ziga xos dunyosini teran anglashga yordam beradi.
Tinmas, tolmas, jonparvar ko'z bordir senda,
Qurq shoirga yetarlik so'z bordir senda.
Hofizangda yuz ming bayt, o'n ming latifa,
Ming sarguzasht, yuz qissa, sonsiz sahifa...
Hammasi senda edi va sendan edi,
Idrokingdan, zehningdan, ko'ksingdan edi " 2.


_________________
1Sharafiddinov O. Birinchi mo'jiza. 207bet
2 Maqsud Shayxzoda ."G'afurga xat". Jahon adabiyoti. 2003 N5 20-bet
Download 14.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling