Islom dinida musiqaga munosabat qanday?


Download 20.6 Kb.
bet1/2
Sana18.06.2023
Hajmi20.6 Kb.
#1577300
  1   2
Bog'liq
Islom va misiqa


ISLOM DINIDA MUSIQAGA MUNOSABAT QANDAY?
12
Mar
Hits: 5392
Islom dinida musiqa san’atiga munosabat haqida gap ketganda, dastlabki qarashda bir-biriga zid fikrlar yuzaga chiqishi yoki bu borada muayyan to‘xtamga kelinmagandek tasavvur hosil bo‘lishi mumkin. Ming afsuski, ayrim o‘zini “olim”, deb hisoblovchi kimsalar din faqat taqiqlardan iborat bo‘lishi kerak, deb tushunadilar.
Albatta, har bir masalada biror hadisni keltirib, “u mumkin emas ekan”, “bunisi harom ekan”, deb ketavermasdan avval bir mavzuga tegishli barcha manbalarni atroflicha o‘rganib, keyin xulosa chiqarilsa, haqiqat oydinlashadi. Har holda buning imkoni bor. Faqat qarshi fikr bildirganning dalillari bilangina cheklanib, haqiqatni izlamaslik ilm hisoblanmaydi. Zero, “Kishi – bilmagan narsasining dushmanidir”, degan naql bor.
Musiqa san’ati borasidagi ko‘p ziddiyatlar aynan xolis ma’lumotning kamligi natijasida yuzaga kelgan. Shu bois islom manbalarini chuqur tahlil etib o‘rganib chiqilsa, dastlabki yuzaki xulosalar o‘rnini haqiqat egallaydi.
Avvalo, Qur’oni karimda bu xususda qat’iy bir taqiq yo‘qligini bilib olish kerak. Qur’onning bironta oyatida “Musiqa eshitmanglar”, “Musiqa harom”, “Musiqa nojoiz”, degan mazmundagi fikr yo‘q.
Ayrimlarga o‘xshab, “Qur’onda musiqaning haromligiga dalil bo‘luvchi oyatlar ko‘p”, deb Allohga tuhmat qilmaslik lozim. Biror narsani “Harom” yoki “Halol”, deb e’lon qilish Allohning haqqi, bunga hech kimning daxl qilishga haqqi yo‘q. Alloh taolo Nahl surasi 116-oyatda marhamat qiladi:
Allohga nisbatan uydirma to‘qish uchun “Bu halol, bu harom”, deb tillaringiz vasf qilgan yolg‘onni gapirmanglar. Albatta, Allohga nisbatan uydirma to‘quvchilar najot topmaslar”.
Islom dinining muqaddas manbalariga nazar tashlasak, musiqa to‘g‘risida taqiqlar qat’iy emasligini ko‘ramiz. Rum surasining 15-oyatida: “Imon keltirgan va yaxshi amallar qilganlar esa (jannat) gulshanida shodlanurlar”, deyilgan. Ko‘pchilik sahobiylar va mufassirlar oyatning oxiridagi “shodlanurlar” fe’lini “musiqa tinglaydilar”, deb izohlaganlar. Abulqosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariyning “Tafsir al-Kashshof” tafsirida ushbu oyatga bir hadis ilova qilingan bo‘lib, uning mazmuniga ko‘ra, Payg‘ambar (alayhis-salom) jannat ne’matlarining vasfini keltirganlarida, qavmning oxirida bir badaviy: “Ey, Allohning Elchisi, jannatda ham musiqa tinglash bormi?”, deydi. Shunda Payg‘ambar (alayhis-salom) “Ha, ey a’robiy... bu jannat ne’matlarining afzalidir”, degan ekanlar.
Shunday bo‘lsa-da, musiqaning shar’iy hukmi haqida ilm ahli o‘rtasida ham muayyan ixtiloflar mavjud. Qur’oni karimning Luqmon surasi 6-oyatida musiqaning haromligi haqida gap ketgan, degan fikrlar bor. Ammo, avval oyatning o‘zini o‘rganib chiqish kerak:
Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular bilimsizlik bilan (oʻzgalarni) Alloh yoʻlidan ozdirish uchun va u (yoʻlni) masxara qilish uchun behuda soʻz(lar)ni sotib olurlar. Ana oʻshalar uchun xor qiluvchi azob bordir” (Luqmon, 6).
Musiqani harom deydiganlar odatda, ushbu oyatdan keyin Abdulloh ibn Mas’ud va Ibn Abbos (r.a.) “oyatdagi “behuda so‘z” — qo‘shiqdir”, deganlarini va bir qancha tobeiylar buni tasdiqlaganlarini keltiradi. Biroq Abu Iso Termiziy, Ibn Hajar Asqaloniy, Imom Suyutiy kabi olimlar bu yo‘sindagi hadislarning deyarli barchasini zaif, ba’zilarini mavzu (to‘qima), ayrimlarini esa asosi noma’lum, deb topganlarini ham bilish foydadan holi emas.
Agar bu xabarlar zaif bo‘lmaganda ham, ularni hadis, deb baholab bo‘lmasdi. Chunki, ularda Payg‘ambarimizdan biror bir rivoyat kelmagan, balki, sahobiylarning fikrlari aytilgan. Bu alohida manba bo‘lib, uni “qavlus-sahoba” (sahobiylarning gapi), deyiladi. Ammo, ana shu gaplar ham sahih holda yetib kelmagan ekan. Masalan, ulardan eng mashhuri Imom Jaloluddin as-Suyutiyning “Al-Jome’ as-sag‘ir fiy-ahodis al-Bashir an-Nazir” kitobida keltirilganidek, Abdulloh ibn Mas’uddan qilingan rivoyat, deb bilinuvchi “Gʻino (qo‘shiq) qalbda nifoqni xuddi suv o‘simlikni o‘stirgandek o‘stiradi”, deyilgan qavl ham aslida zaif.
Qozi Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh Ibn al-Arabiy o‘zining “Ahkomul-Qur’on” asarida Luqmon surasining 6-oyati sharhida ushbu oyatda “g‘ino” nazarda tutilgan, deyiluvchi hadislarni keltirib o‘tib, ularning barchasi botil, degan hukmni aytadi:
“Ushbu keltirib o‘tgan hadislarimizdan biror narsa hech bir holda sahih emas. Ularni naql qiluvchilarning ishonchlilari (siqalari) yo‘qligi tufayli... Bu o‘rinda eng sahih “Albatta, bu gap botil”, deyuvchining gapidir”.
Keyingi masala, keltirilgan oyatdagi bir qator belgilar bu yerda ochiq-oydin musiqa haqida gap ketmayotganini ko‘rsatib turibdi. Birinchidan, oyatdagi “bilimsizlik bilan”, “Alloh yo‘lidan ozdirish uchun”, “masxara qilish uchun” jumlalari “behuda so‘zni sotib olish”ning maqsadi sifatida keltirilmoqda. Ammo, gap mutlaq musiqa to‘g‘risida bo‘lganida edi, unga yuqoridagi maqsadlar izofa qilinmas edi. Yoki ushbu maqsadlarning yo‘qligi o‘z-o‘zidan musiqaning joizligiga dalolat qilar edi. Xullas, bu oyatda mutlaqo musiqa yoki qo‘shiq to‘g‘risida gap ketayotganiga qat’iy dalil yo‘q. Islom shariatida qat’iy dalilsiz hukm sobit bo‘lmaydi.
Bu o‘rinda aniq bir holat va aniq bir shaxs nazarda tutilayotgani oyatning siyoqidan ham ma’lum bo‘lib turibdi. Avvalo, ushbu oyat o‘zidan keyingi oyat bilan chambarchas bog‘liq va uni umumiy ma’nodan (kontekstdan) ajratib olib talqin etish noto‘g‘ri. Keyingi oyatga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ushbu fikrning tasdig‘i namoyon bo‘ladi:
Qachonki, unga oyatlarimiz tilovat qilinsa, go‘yo ularni eshitmagandek yoki quloqlarida og‘irlik (karlik) bordek, kibru havo bilan yuz o‘girib ketur. Bas, unga alamli azob haqida “xushxabar” berib qo‘ying” (Luqmon, 7).
Ya’ni, qachonki o‘sha “behuda so‘z”ni sotib olgan kimsaga Qur’on oyatlari o‘qib berilsa, u odam eshitmay yuz o‘girib ketar ekan. Tafsirlarda bu kimsaning ismi va “behuda so‘z” nima ekani Ahmad al-Ansoriy al-Qurtubiyning “Al-Jome lil-ahkom al-Qur’on” kitobida aniq keltirilgan.
“Ushbu oyat Nazr ibn Horis to‘g‘risida nozil bo‘lgan. Chunki, u a’jamlarning “Rustam” va “Esfandyor” kitoblarini sotib olib, o‘zi Makkaga o‘rnashib olgan edi. Qachonki, Qurayshliklar “Muhammad bunday dedi”, deyishsa bundan kular va ularga Fors podshohlari hayotidan gapirib berardi hamda “ushbu gaplarim Muhammadning gaplaridan yaxshiroq”, der edi (Imom Qurtubiy ushbu oyat tafsirida Farro va Kalbiydan rivoyat qilgan). Bu rivoyat barcha moʻtabar tafsirlarda bor.
Ushbu xabardan ma’lum bo‘ladiki, “bilimsizlik bilan, “Alloh yo‘lidan ozdirish uchun” va “masxara qilish uchun” “behuda so‘zni sotib oluvchi” kimsa aniq bir shaxs bo‘lib, u sotib olgan narsa musiqa ham, qo‘shiq ham emas, balki, fors ertaklari va dostonlari ekan. Ammo, darhol “...unda ertak va dostonlar harom ekanda”, deb xulosa chiqarmasdan, oyatda uning sotib olgan narsasi emas, balki, sotib olishdan ko‘zlagan maqsadi – ya’ni “bilimsizlik bilan”, “Allohning yo‘lidan ozdirish uchun”, “masxara qilish uchun” va Qur’on oyatlariga bo‘lgan bepisand munosabati qoralanayotganini tushunib olish kerak. Negaki, Qur’oni karimda:
Ey imon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo‘ygan pokiza narsalarni haromga chiqarmangiz va haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi” (Moida, 87), deyilgan.
Ba’zilar Isro surasining 64-oyatida kelgan Alloh taolo Iblisga qarata:
Ovozing ulardan qo‘lingdan kelganini yo‘ldan ozdir...”
deyilganini musiqaga yo‘ymoqchi bo‘ladilar. Ya’ni, shaytonning ovozi, deganda musiqa tushuniladi, degan da’voni qiladilar. Ammo, Qur’on tarjimoni nomi bilan tanilgan sahobiy Ibn Abbos roziyallahu anhu bu oyatni “Shaytonning ovozi bu Allohga osiylik qilishga chaqiruvchi har qanday da’vatchidir”, deb tafsir qilganlar. Ya’ni sahobiylardan bizga yetib kelgan tafsirlardan ma’lum bo‘ladiki, bu oyatda musiqa to‘g‘risida hech gap yo‘q.
Ana endi musiqaning shar’an joizligiga dalil sifatida butun islom olamida Qur’ondan keyingi eng ishonchli manba, deb e’tirof etilgan “Sahihi Buxoriy” hadislaridan quyidagilarni ko‘rib chiqamiz:
“Oisha (r.a.) rivoyat qiladilar: “Huzurimga (otam) Abu Bakr kirdilar. Oldimda ikkita ansoriya joriya qizlar “Buos” kuniga bag‘ishlangan baytlarni ashula qilib aytayotgan edilar. Lekin ikkala joriya qiz ham ashulachi emas edi. Shunda Abu Bakr: “Shaytonning surnaylari (kelib-kelib) Rasulullohning uylarida chalinadimi?” – deb koyidilar... Shunda Rasululloh (alayhis-salom): “Ey Abu Bakr, qo‘yavering ularni, har bir qavmning bayrami bordir, bugun bizning bayramimiz!”, degan edilar”.
“Sahihi Buxoriy”dan mavzuga doir yana bir hadis:
“Rabi’ bint Muavviz aytadilar: “Men kelin bo‘lib tushirilgan kechaning ertasiga ertalab Rasululloh (alayhis-salom) kirib keldilar-da, men solgan to‘shakka xuddi siz o‘tirganingizdek o‘tirdilar. Qizlar esa, doira chalishib, Badrda vafot qilgan otalarini eslashardi, ularning bittasi: “Oramizda Payg‘ambar borlar, ertaga nima bo‘lishini ham biladilar, – deb kuyladi. Shunda Rasululloh (alayhis-salom): “Bu qo‘shig‘ingni bas qil, avvalgi qo‘shig‘ingni aytaver!” – dedilar”.
Shuningdek, “Sunani Ibn Moja”ning birinchi jildi “Gʻino va duf” (Qo‘shiq va nog‘ora) bobida sahih sanad bilan kelgan quyidagi hadis rivoyat qilingan:
“Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadiki: “Bir kuni Payg‘ambar (alayhis-salom) Madina ko‘chalaridan ketayotganida joriya qizlarning: “Biz Banu Najjor qizlarimiz, Muhammadga qo‘shni bo‘lganimizdan xursandmiz” – deb kuylayotganini eshitib qoldilar, va ularga: “Allohga qasamki, men ham sizlarni yaxshi ko‘raman” – dedilar”.
Yuqoridagi hadisni Imom Bayhaqiy “Daloilun-nubuvvat” asarida ham keltirgan. Imom Ahmadning rivoyatida bu voqea Rasululloh (alayhis-salom) Madinaga kirib kelayotganlarida sodir bo‘lgani batafsil keltirilgan:
“Oisha (roziyallohu anho) aytadilarki, “Nabiy (alayhis-salom) Madinaga kirib kelgan kunlari oldilarida nog‘ora chalindi. Shunda Abu Bakr qarshi bo‘lgandilar, Rasululloh (alayhis-salom): “Ularni qo‘y, ey Abu Bakr, toki yahudiylar dinimiz go‘zalligini ko‘rib qo‘ysinlar”, dedilar. Ular (joriyalar) nog‘orani urib, “Biz Banu Najjor qizlarimiz, Muhammadga qo‘shni bo‘lganimizdan xursandmiz” – deb kuylay boshladilar”.
Ushbu hadisni Imom Busiriy o‘zining “Misbohuz-zujoja fiy zavoidi Ibn Moja” asarida keltirib: “Ushbu sanad sahih, roviylari ishonchli (siqot) ba’zi qismi “Ikki sahih”da Oishadan va “To‘rtta sunan” sohiblarida Rabi’ bint Muavvizdan kelgan”, degan so‘zlarni aytadi.
Birorta sahih hadisda Payg‘ambarimiz (alayhis-salom) o‘zlari musiqani harom, deganlari yoki eshitmaslikni buyurganlari, o‘zlari eshitishdan bosh tortganlari haqida gap yo‘qligi ko‘rinib turibdi. Qolgan rivoyatlar esa, zaif va to‘qima asoslarga tayanganini aytib o‘tdik. Bu bugungi kunning gapi emas, O‘rta asr muhaddislarining xulosasi. Buning aksiga ergashadigan odam, sahih xabarni tark etib, zaifiga ergashishni tanlagan odamdir.
Musiqa va qo‘shiq tinglashni joiz, deb biluvchilar orasida Hujjatul-islom Imom Gʻazzoliy, Shahobiddin Suhravardiy, Hujviriy kabi islom olamining darg‘alari va qancha boshqa tasavvuf namoyandalari ham bor. Imom Gʻazzoliyning “Mukoshafatul-qulub” asarida shunday deyiladi: “Musiqa tinglash, duf (nog‘ora) ishlatish haqidagi nasslar, g‘ino, raqs, duf chalish, qilich va nayzalarni o‘ynatish, shuningdek, ushbularni tomosha qilish hamda tinglashning joizligiga ishora qiladi. Payg‘ambarimizning (s.a.v.) safdoshlaridan Abdulloh ibn Ja’far, Abdulloh ibn Zubayr, Mug‘ira ibn Shu’ba, Muoviya va boshqalar qo‘shiq tinglaganlar. Qadimda yashab o‘tganlardan, sahobiylar va tobeiylardan bir qanchalari ham musiqa tinglashni ayb ko‘rmaganlar. Solim ibn Abu Hasandan “qo‘shiq tinglashni harom, deya olasizmi?” deb so‘rashganda, u shunday degandi:
– Mendan yaxshiroq kishilar uni joiz hisoblashar va tinglashar edi. Shunday bo‘lgach, men nima deya olaman?”
Sahih hadislarda Payg‘ambar (alayhis-salom) “...boshqasini aytaver”, deb turganlaridan keyin, kim musiqa tinglashni yoki qo‘shiq aytishni joiz emas, deya oladi? Hadisga e’tibor qaratsak, Payg‘ambar (alayhis-salom) qo‘shiqning mazmunigagina e’tiroz bildirganlar. To‘g‘ri, keltirilgan hadislarda Abu Bakr Siddiq e’tiroz bildirganlari aks etgan. Ammo Payg‘ambar (alayhis-salom) bu munosabatni ochiqchasiga quvvatlamaganlari ko‘rinib turibdi.
Bundan xulosa shuki, kimdir shaxsan qo‘shiq yoki musiqani yoqtirmasligi mumkin, bu uning ixtiyori, ammo taqiqlash darajasiga bormasligi kerak. Yana bir masala, ayrim qo‘shiqlarning mazmuni, sifati tanqid ostiga olinishi, hatto, taqiqlanishi ham mumkinligi tabiiy. Bugungi kunda ayrim o‘zini qo‘shiqchi deb bilgan, aslida “ommaviy madaniyat”ning yalovbardorlari bo‘lgan kimsalar bundan o‘zlariga xulosa chiqarib olishlari kerak.
Hanafiy faqihlardan Ibn Humom o‘zining mashhur “Fathul-Qadiyr” asaridagi ushbu gaplarini bu o‘rinda mazhabning xulosasi sifatida keltirish mumkin: “Qo‘shiqda harom narsalar kuylansa, masalan, aniq bir shaxsning chiroyi yoki sifatlari (g‘iybat bo‘lgani uchun), mayxo‘rlikka undovchi mayga maqtovlar aytish, kimningdir oilaviy hayotidan lavhalar yoki kimningdir sha’niga masxaralovchi va mazax qiluvchi gaplar bo‘lsagina harom hisoblanadi”.
Islom dini ilm-fan, madaniyat va san’at ravnaqiga hech qachon to‘sqinlik qilmagani, hatto muayyan cheklovlar o‘rnatilganida ham yangi-yangi g‘oyalar va uslublar, san’atning o‘zgacha yo‘nalishlari rivojiga yo‘l ochib bergani ko‘rinib turibdi. Bu esa o‘z navbatida, hozirgi zamon musulmon kishilarining zamonaviy turmush tarzida keng tarqalgan madaniyat namunalari va san’at asarlariga kengroq dunyoqarash bilan yondoshish, o‘ziga yoqqan narsadan estetik zavq olish, yoqmagan narsaga bag‘rikeng munosabatda bo‘lish, go‘zallikni har kim o‘zicha tushunishi, uning turli qirralarini anglash, madaniy saviyaning shakllanishida har bir unsurning o‘z o‘rni borligini anglab yetishini talab etadi. Musulmon jamiyati did va nafosatni, san’at va madaniyatni shakllantiruvchi, muhofaza etuvchi, rivojlantiruvchi, boshqalarga targ‘ib etuvchi va bu borada o‘rnak bo‘luvchi salohiyatga ega jamiyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolishi kerak.

Download 20.6 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling