Jahon adabiyoti va o’zbek adabiyoti nasri qiyosiy tahlili (Paulo Koelo “Alkimyogar” va Ulug’bek Hamdam “Bir piyola suv”) asarlari misolida. Qoramirzayeva Kamola Karim qizi


Download 20.51 Kb.
Sana14.05.2023
Hajmi20.51 Kb.
#1460184
Bog'liq
Jahon adabiyoti


Jahon adabiyoti va o’zbek adabiyoti nasri qiyosiy tahlili (Paulo Koelo “Alkimyogar” va Ulug’bek Hamdam “Bir piyola suv”) asarlari misolida.
Qoramirzayeva Kamola Karim qizi
Filologiya va tillarni o’qitish: o’zbek tili ta’lim yo’nalishi 2-bosqich talabasi
Ilmiy rahbar: Himmatova Go’zal
Annotatsiya: Paulo Koilo, Ulug’bek Hamdam ramziy asarlarini tahlil qilish.
Kalit so’zlar: Ramz, o’zlikni anglash, inson ruhiyati, vaqt va komillik.
Modernizm adabiyotining bir turi simvolizm (yun.symbolon-belgi, ramz, timsol) degan ma’nolarni anglatadi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida daslab Fransiyada, keyin Yevropaning boshqa mamlakatlarida paydo bo’lgan adabiy oqim hisoblanadi. Simvolizm g’oyalarini adabiyotda ilk bor fransuz shoiri K.Bodler e’lon qilgan bo’lib, u rang tasvirdagi tasviriy vositalar (bo’yoqlar, chiziqlar va boshqalar) rassomning qalb olamini aks ettiruvchi timsollardir deb hisoblagan. Bundan tashqari Bodler, Verlen, Malyarm kabi fransuz shoirlari simvolizmni shakllantirishga katta ta’sir ko’rsatgan. Simvolizm nafaqat lirikada, balki nasrda ham juda katta ahamiyatga ega yo’nalish hisoblanadi. Jahon adabiyoti durdonalaridan biri bo’lgan Paulo Koeloning “Alkimyogar” romani simvolizmning yorqin namunasidir. O’zbek yozuvchisi Ulug’bek Hamdamning “Bir piyola suv” hikoyasi ham ramziy hikoya hisoblanadi. Ushbu asarlarni shunchaki o’qish mumkin emas, chunki har bitta jumla-rebus, ortida bir dunyo fikr yotadi. Ularni tushunib yetish uchun har bir jumlaning kalitini topishga, mag’zini chaqishga to’g’ri keladi. Aks holda qoniqish hissini tuymaysiz. Ushbu asarlarni tushunish yo’lida kitobxondan nafaqat keng dunyoqarash, tafakkur, balki g’ayri oddiy qarashga ham ega bo’lishi talab etiladi. Paulo Koeloning “Alkimyogar” romani va Ulug’bek Hamdamning “Bir piyola suv” hikoyasi g’oya jihatidan bir-biriga o’xshash. Ikkala asarda ham o’zlikni anglash, komillikka intilish tasvirlanadi. P.Koeloning “Alkimyogar” asaridagi bosh obraz cho’pon yigit Santyago ramziy obraz-o’zligini anglashda bir qancha mashaqqatlarni yengib o’tgan, bu yo’lda juda ko’p voqealarga guvoh bo’lgan va o’zining asl vazifasi nima ekanligini bilishga intilgan inson obrazi hisoblanadi.
“Xudo bu dunyodagi har bir bandaning yo’lini alomatlar bilan belgilab qo’ygan, xazinaga yo’lni o’sha alomatlar orqali topib borasan. Alomatlarning faqat sen uchun yozilganlarini o’qiy olmog’ing darkor” [1:15-b].
U.Hamdamning “Bir piyola suv” hikoyasidagi vazifa topshirilgan yo’lovchi ham ramziy obraz-bu dunyoga kelgan inson timsoli. Dunyoga kelgan insonga qandaydir vazifa topshiriladi, umri davomida nimanidir ado etishi kerak bo’ladi. Doim inson xazinasini topishga harakat qilib yashaydi. Kimdir ertaroq,kimdir esa kechroq topadi.
“Menga vazifa yuklatilgan edi. Biroq nima uchun aynan menga?-bilmayman. Kim va qanday vaziyatda topshiriq berdi?-buni ham negadir eslay olmayman? [1:1-b].
Hikoyada qahramon nega unga, nega bajarishini va yonidagi aravaga ortilgan narsa nima ekanligini ham bilmaydi. Ikkala asardagi bosh obrazlar bir-biriga o’xshash.Ikkalasi ham siz-u bizning asardagi ko’rinishimiz .Ya’ni bu dunyoga kelgan insonlar timsoli.
P.Koeloning “Alkimyogar”dagi urim va tummim-oq va qora toshlar kun va tun, vaqt, ezgulik va yorug’lik timsoli. Chunki toshlar doim qahramon bilan birga yuradi. Kun va tun, ezgulik va yorug’lik ham yonma-yondir.
“Mana, ol. Bu toshlar Urim va Tummim deyiladi. Oq tosh –“Ha” degani, qora tosh-“Yo’q” degan ma’noni bildiradi. Alomatlarni anglashda ikkilansang, ular senga yordam beradi” [2:38-b].
“Bir piyola suv”da ham ikki ot-kun va tun, vaqt ramzi. Ular tinim bilmay yugurishadi. “Ikki ot bir maromda yo’rtib bormoqda. Ahyon-ahyonda jilovini qimirlatib qo’yaman, shuning o’zi farosatli hayvonlarga kifoya,imillash yo’q. Namuncha esli bo’lmasa bular? - deyman o’zimga o’zim. Xuddi vazifadan boxabardek! Tavba…” [2:1-b].
“Alkimyogar” asaridagi sahro - dunyo ramzi. Bu makonga ko’p odamlar kelib ketgan. Lekin sahro o’zgargani yo’q,boqiyligicha, sobitligicha qolavergan. U bu qumlarga qadam ranjida qilgan podsholarni ham, gadolarni ham ko’p ko’rgan” [2:48-b].
“Bir piyola suv” hikoyasida dunyo ramzi-karvonsaray. “Boshida ko’p-da umidlanmadim, zero sarobdan yurak oldirib qo’ygandimda. Biroq yovuqlashsam ham ki, sardobaning qorasi o’chavermadi. Qaytaga tobora tiniq tortib, ko’z o’ngimda butun mahobati butkul yuksalib, qad ko’tardi. U yo’l chetidagi kattakaon karvon -saroy bo’lib chiqdi. Quvonganimdan otlarni qanday to’xtatib, aravadan qanday tushganimni-yu, ko’z ochib yumguncha tabaqalari lang ochiq darvoza qarshisida paydo bo’lganimni bilmayman [3:1-b].
“Alkimyogar” asarida Andalusiyalik qiz – nafs timsoli. “Santyago boshini ko’tarib qizni ko’rdi – u haqiqiy andalusiyalik edi: qop-qora, mayin sochlari taqimiga tushgan, ko’zlari bir zamonlar Ispaniyani zabt etgan arablarniki kabi charos ko’zlar edi” [3:17-b].
U.Hamdamning hikoyasida nafs ramzi – sarvqomat qiz. Bu dunyoga kelgan insonlarning nafsga aldanishini yozuvchi go’zal qiz obrazi orqali ochib bergan. “Bo’sag’ada meni sarvqomat, ko’zlari ohunikini eslatadigan jonon qiz qirmizi dudoqlarida nim tabassum ila kutib oldi” [4:2-b].
U qahramonni o’ziga chorlayveradi, natijada qahramon zimmasidagi vazifani unutib qo’yadi. Sarvqomat qiz unga “bir piyola suv” beradi va uning chanqog’i bosiladi. Bu yerda ham ramziylik bor. Yo’lovchining zimmasiga yuklatilgan vazifa esidan chiqib, o’z nafsiga qurbon bo’lishi, nafsini qondirish uchun “bir piyola suv” ichishi va qonmasligi, yillar davomida karvonsaroyda qolib ketishi – insonning o’z nafsiga qurbon bo’lishini ramziy ma’noda tasvirlab bergan.
“Alkimyogar”da ham andalusiyalik go’zal qiz Santyagoning aqlini ob qo’yadi va soatlab vaqtini o’g’irlaydi. Natijada vazifasini unutib qo’yishga bir bahya qoladi. Xazinani izlashdan to’xtamoqchi ham bo’ladi qiz uchun. Lekin vazifasidan voz kechmaydi. Asardagi qaroqchi – o’z taqdiri uchun kurashmaydigan nafs qurbonlari ramzidir. U bir tushni deb sahroni kezib nima qilaman deb o’z taqdiraga befarqligini ko’rsatadi.
U.Hamdamning “Bir piyola suv” hikoyasida karvonsaroydagi suv uchun haq to’lovchilar – o’z nafsiga qurbon bo’lib, afsuslanganlar timsoli. Ular nafsi uchun haq to’lashga navbat kutayotgan insonlar obrazi. “Ko’zim etakdagi, umumiy manzaradan panaroqdagi odamlarga tushdi, ular saf tortib turishardi. Ammo yuzlarida negadir shodlik alomatlarini ko’rmadim. Tavba -a-a, dedim tong qolib. Chunki tund qiyofalar bu yerdagi salobatga, dabdabaga yeb ichib, kayf – safo qilib o’tirgan kishilarning yalpi ko’tarinki kayfiyatiga uyg’un kelmasdi-da!” [5:2-b].
Yozuvchi karvonsaroyga kirgan odamlar, o’z nafsiga aldanganlar avvaliga shod-xurram bo’lishini, keyin haqinni to’laydigan vaqt kelganda esa xonush bo’lishini tasvirlaydi.
“Alkimyogar” asaridagi xazina – o’zlikni anglash ramzi. Chunki u xazina topishda qancha mashaqqat chekadi va ko’plab narsalarni anglab yetadi va shu o’rinda o’zligini ham. Ehromga keladi va u yerdan xazina topa olmaydi. Xazina uning o’zligida ekanligini anglab yetadi. Xazina o’zi tug’ilib o’sgan yurtida, ya’ni Ispaniyadagi mehrobda tutanjir o’sib chiqqan cherkovda bo’ladi. Bu esa o’zligini anglab yetishining isbotidir. “Yarim soatdan so’ng belkurak qattiq bir narsaga tegdi, bir soatlar o’tib Santyagoning qarshisida qadimiy oltin tangalar bilan limmo – lim sandiq turardi. Sandiqda yana qimmatbaho toshlar, oq va qizil patlar bilan bezalgan oltin niqoblar, gavhartoshlar ham bor edi [4:58-b].
“Bir piyola suv” hikoyasida o’zlik xazinasi – qahramonning o’zi obketayotgan aravasidagi suv bo’ladi, lekin o’zining aravasida suv borligini bilmaydi. Karvonsaroydan chiqib o’zining aravasini va yuklarini topadi. “Hassaga tayana –tayana, bir-bir bosib aravaga yaqinlashib, hasrat-la unga suyandim. Shunda o’mganim, yonboshim jiqqa ho’l bo’lganini sezib, tislandimda ko’zlarimni yirib aravaga qaradim: undan suv sizar va tuproq betida namlik hosil qilgan edi. Ajablandim, bor madorimni to’plab arava ustiga yopilgan matoni qaltiroq, ramaqijon qo’llarim bilan tirmalab ochdim…ne ko’z bilan ko’rayki, aravaning ichida suv to’la ko’zalar qator tizilishib turar, ulardan bittasi yiqilib singan-u, suvi quyiga-asriy tashna qumliklarga chak-chak tomardi” [6:3-b].
Ikkala asarda ham o’zlikni anglash, bu dunyoning o’tkinchi ekanligi, har narsa insonning o’zida mujassam ekanligini yoritib bergan. Ushbu asarlar mualliflariga tashqarining “shakl-u shamoyili” emas botiniy go’zallikning shaffofligini qalban tushunib yetish sharaf hisoblanadi. Zero, insoniyat o’zligini anglasagina nafsini yenga oladi. O’zligini anglab yetgan inson esa komil inson hisoblanadi. Ushbu asarlar komillikka chorlaydigan haqiqiy mash’aldir.
Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Paulo Koelo “Alkimyogar” asari.

  2. Ulug’bek Hamdam “Bir piyola suv” hikoyasi.

Download 20.51 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling