Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari


Download 23.01 Kb.
Sana28.01.2023
Hajmi23.01 Kb.
#1134970
Bog'liq
Janubiy osiyo


Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari. Janubi-sharqiy Osiyo subregioni tarkibiga Hindixitoy yarimoroli, Malay arxipelagi orollari, Yangi Gvineyaning g‘arbiy qismi kiradi. Uning maydoni 4,5 mln km.kv bo‘lib, umumiy quruqlik maydonining 3% ni egallaydi. Aholisi soni 630 mlnga yaqin. Ya’ni bu subregionda jahon aholisining 8,5% dan ko‘prog‘i istiqomat qiladi. Geografik joylashuvi jihatidan Vyetnam, Kambodja, Laos, Myanma, Tailand va Malayziya yarimorol, Bruney, Indoneziya, Singapur, Filippin va Sharqiy Timor esa orol davlatlar hisoblanadi. Bu yerda maydon kattaligi, aholi soni, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasiga ko‘ra bir-biridan farq qiluvchi 11 ta davlat joylashgan. Ular orasida faqat Laos quruqlik ichkarisida joylashgan davlat bo‘lganligi sababli to‘g‘ridan to‘g‘ri dengizga chiqa olmaydi. 

Davlatlarning 4 tasi monarxiya boshqaruv shakliga ega. Ma’muriy-hududiy tuzilishiga ko‘ra, Malayziya va Myanma davlatlari federativ davlatlar hisoblanadi.


Hind va Tinch okeanlari oralig‘ida joylashganligi; mintaqa davlatlari iqtisodiyoti rivojida ikki yirik sivilizatsiya – Xitoy va Hindiston ta’sirining kuchli ekanligi; buyuk geografik kashfiyotlar davrida rivojlanishni boshlagan xalqaro savdo va dengiz yo‘llari ustida joylashganligi mintaqa geografik o‘rnining asosiy xususiyatlari hisoblanadi. 


Subregion relyefida tog‘li va tekislik hududlar salmog‘i deyarli teng. Mintaqada yirik tekislik hududlari mavjud emas. Asosan, subekvatorial va ekvatorial iqlim mintaqalarida joylashgan bo‘lib, iqlim xususiyatlari bu yerda doimiy yashil tropik o‘rmonlarning mavjud bo‘lishiga sababchi bo‘lgan. Mintaqaning 42% hududi o‘rmonlar bilan qoplangan. Suv resurslari bilan yaxshi ta’minlangan. Mekong, Iravadi, Chao-Praya, Xongxa daryolari eng asosiy chuchuk suv manbalari hisoblanadi. Mintaqaning yirik daryolari, asosan, yarim orol davlatlar hududidan oqib o‘tadi.


Dunyo okeani biologik resurslari ham davlatlar iqtisodiyotida katta ahamiyatga ega. Ular aholi tomonidan iste’molda keng foydalaniladi. Malay arxipelagining ba’zi orollarida tabiiy dur yetishtiriladi. 


Mintaqa tabiiy resurslari orasida mineral resurslar muhim iqtisodiy ahamiyatga ega. Myanma hududidan to Indoneziyagacha cho‘zilgan qalay-volfram belbog‘i o‘tgani sabab barcha yarimorol davlatlari hamda Indoneziya hududidan katta miqdorda qalay rudalariga qazib olinadi. Subregion qalayning umumiy zaxiralari bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinni egallaydi. Surma zaxiralari bo‘yicha Janubi-sharqiy Osiyo qit’ada birinchi, jahonda esa ikkinchi o‘rinni egallaydi. Bundan tashqari, ushbu hududdan neft (Indoneziya, Malayziya, Bruney), toshko‘mir (Vyetnam, Indoneziya), uran rudalari (Indoneziya, Filippin), oltin (Myanma, Vyetnam, Filippin), volfram (Myanma, Tailand), boksit (Indoneziya, Filippin, Malayziya) kabi mineral resurslar ham qazib olinadi.Janubi-sharqiy Osiyoning deyarli barcha davlatlarida aholining tabiiy ko‘payish darajasi yuqori. Bunga birinchi navbatda milliy, diniy omillar katta ta’sir ko‘rsatadi. Indoneziya, Filippin, Vyetnam mintaqaning aholi soni ko‘p bo‘lgan davlatlari hisoblanadi. Janubi-sharqiy Osiyo hududida 200 dan ortiq xalqlar yashaydi. Ular orasida malayliklar, laolar, tayliklar, vyetnamliklar, semanglar, birmaliklar, filippinliklar, yavaliklar, xitoylar katta salmoqa ega. 


Indoneziya, Malayziya, Bruneyda islom diniga e’tiqod qiluvchilar oldingi o‘rinda turadi. Tailand, Laos, Kambodja, Myanma hamda Vyetnamda buddizm, Singapurda esa konfusiylik dini keng tarqalgan.


Ayrim davlatlarda katoliklarning salmog‘i katta (Filippin, Sharqiy Timor). Subregionda o‘rtacha zichlik 1 km.kv.ga 140 kishini tashkil etadi. Kichik hududli davlatlarda bu ko‘rsatkich ancha yuqori (masalan, Singapurda o‘rtacha zichlik 1 km.kv. ga 8000 kishidan oshadi).


Urbanizatsiya darajasi 50% atrofida. Industrlashgan hududlarda bu ko‘rsatkich yuqori (Singapurda 100%), qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotida katta salmoqqa ega davlatlarda esa past (Sharqiy Timor 30% atrofida). Jakarta, Bangkok, Manila mintaqaning eng yirik shaharlari bo‘lib hisoblanadi.


Mintaqa davlatlari tarixiy rivojlanishida Xitoy va Hindistonning ta’siri katta bo‘lsada, ushbu davlatlarning aksariyat qismi o‘z ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini belgilashda yapon modeliga murojaat qilishgan. Natijada Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari ichida Singapur, Tailand, Malayziya kabi yangi sanoatlashgan davlatlar (so‘nggi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgan rivojlanayotgan davlatlar guruhi) soni ortib bormoqda. Bundan tashqari, bu yerda Bruney kabi neft eksport qiluvchi davlat, Sharqiy Timor, Laos kabi iqtisodiyoti past darajada rivojlangan davlatlar ham mavjud.


Subregionda konchilik (deyarli mintaqaning barcha davlatlarida), yoqilg‘i-energetika (Indoneziya, Malayziya, Bruney va b.), rangli metallurgiya (Indoneziya, Malayziya, Tailand, Vyetnam va b.), mashinasozlik (Indoneziya, Singapur, Malayziya va b.), kimyo (Indoneziya, Malayziya, Singapur, Vyetnam va b.), yengil va oziq-ovqat (deyarli mintaqaning barcha davlatlarida) sanoatlari tarmoqlari rivojlangan.




Qishloq xo‘jaligida dehqonchilik ustun soha bo‘lib, sholi asosiy ekin turi hisoblanadi. Bundan tashqari, mintaqa davlatlarida turli ziravorlar, choy, kofe, kopra, geveya (tabiiy kauchuk olish uchun) kabilar ham yetishtiriladi. Chorvachilikda baliqchilik rivojlangan. Geografik o‘rin xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uchun asosiy transport turlari suv va avtomobil transporti hisoblanadi.
Download 23.01 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling