Mustaqil ish mavzu: gegel georg vilgelm fridrix (1770-1831)


Download 58.5 Kb.
Sana21.09.2020
Hajmi58.5 Kb.
#130545
Bog'liq
GEGEL GEORG VILGELM FRIDRIX (1770-1831)


O‘ZBEKISTON XALQARO ISLOM AKADEMIYASI

ISLOMSHUNOSLIK FAKULTETI


MUSTAQIL ISH

MAVZU: GEGEL GEORG VILGELM FRIDRIX (1770-1831)


Qabul qildi: PhD, R.Urazova

Tayyorladi: Dinshunoslik yo‘nalishi

4-kurs talabasi (1-guruh) I. Nig‘matullayev

Toshkent – 2020



GEGEL GEORG VILGELM FRIDRIX (1770-1831)
Gegel Georg Vilgelm Fridrix 1770-yil 27-avgust kuni Shtutgartda dunyoga keladi. Yirik nemis faylasufi va nemis mumtoz falsafasining eng mashhur vakili Gegel 1788—1793- yillarda Tyubingen insititutida tahsil olgan. Bu yerda falsafa va ilohiyotni o’rgangan. 1793-1796-yillar Bernda, 1797-1800-yillar Frankfurt-Maynda zodagon oilalarda o’qituvchi, 1801-1807-yillar Iyena, 1815-1818-yillar Geydelberg unvesitetlarida professor, 1807-1816-yillar Nyurnberg gimnaziyasida direktor, ayni paytda, “Bamberg gazetasi” da muharrir, 1818-1828-yillar Berlin unversiteti professori, 1829-1830-yillar rektori bo’ldi.

Gegel o’z ta'limotini butun G’arb falsafasi rivojining yakuni, deb hisoblagan bo’lsa-da, aslida, uni Yangi davr Yevropa falsafasi taraqqiyotining so’nggi, yuqori bosqichi deyish mumkin. Gegel falsafiy ta'limotida barcha tabiiy va ijtimoiy hodisa hamda jarayonlarning tubida “olamiy ruh”, “olamiy aql”, “mutlaq ruh”, “mutlaq g’oya”, deb atalmish mavhum ruhiy ibtido borligini asoslashga harakat qilgan. Mazkur ruhiy ibtido shuning uchun ham olamiy, mutlaqki, uning mavjudligi hech qanday boshqa narsaga bog’liq bo’lmay, u tabiat va jamiyat vujudga kelgunicha mavjud bo’lgan. Bu ma'noda, “olamiy”, “mutlaq” ruh tushunchasi “ilohiy ong” tushunchasiga hamohang va mutanosibdir. Faylasufning e'tirof etishicha, falsafaning mazmuni, uning ehtiyoj va manfaatlari dinning ehtiyoj hamda manfaatlari bilan tamomila mushtarak, umumiydir, dinga xos narsa abadiy haqiqat, xudo va uni anglashdir, falsafa dinni qay darajada kashf qilsa, o’zini shu darajada namoyon etadi va aksincha, u qay darajada o’zini na- moyon etsa, dinni shu darajada kashf qiladi, din va falsafa o’zaro mutanosibdir.

Gegelning fikricha, agar xudo dinda e'tiqod shaklida tasavvur qilinsa, u falsafada mantiqiy yo’l bilan bilinadi. Gegelning ta'kidlashicha, xudo barcha narsalarda mavjud bo’lib, u faqat sof tafakkurdagina, o’zining mohiyatiga mutanosib shaklda, mukammal namoyon bo’ladi. Gegel falsafasida yakun topgan mutlaq bilim xudoning inson timsolidagi “o’zini o’zi bilishdan” boshqa narsa emas. Gegel ta'limotida rivojlanish “triada” — 3 bosqichlilik (tezis, antitezis va sintez) shaklida yuz beradi. Shunga muvofiq, mazkur falsafaning markaziy tushunchasi — “mutlaq ruh” dialektik rivojlanish jarayonida 3 bosqichni bosib o’tadi: 1. “Mutlaq ruh” ning tabiat yaratilganiga qadar bo’lgan sof tafakkur bosqichi. 2. “Mutlaq ruh” ning tabiatga aylanishi. 3. “Mutlaq ruh” ning tabiatning inkori sifatida yana o’ziga qaytishi. Gegel ta'limotiga binoan olam ruhiy tabiatga ega, uning rivoji shu sababdan ham yuz beradiki, sof ilohiy tafakkurning ichki mazmuni, muayyan bosqichda, unga hech ham mutanosib bo’lmagan jismiy borliq — tabiat shakliga o’tadi va shu bois, uning uchun mudhish holat — ziddiyat vujudga keladi. Harakat — dialektik rivoj- lanishning muhim tamoyili bo’lib, u ayni ziddiyatning mahsulidir. Xuddi tabiatning o’zida ruhning undan, ya'ni o’zining “o’zgacha borligi — begonalashuvidan” yana “o’ziga qaytishi” boshlanadi. O’z hayotining ilk bosqichlarida hali tabiat qo’ynida bo’lgan inson ongning vujudga kelishi (fenomenologiya) natijasida o’z mavjudligining ibtidoiy holatidan asta-sekin uzilib, ko’tarila, yuksala boshlaydi va u ruhiy mavjudot (“sub’yektiv ruh”) sifatida, o’zining bunday mohiyatini tegishli (anglovchi va xohlovchi) xususiyati va uning mazmuniga mos tarzda payqamas, o’zlashtirmas ekan, ibtidosi qanday bo’lsa, shundayligicha qolaveradi. “Obyektiv ruh” ning ko’rinishlari ijtimoiy hayot shakllari — huquq, axloq, urf-odat va davlat ham xuddi shunday tadrijiylik jarayonlarini bosib o’tadi. Bu yerda ham boshqa joylardagidek, uchinchi bosqich o’zidan avvalgi ikkitasining omixtasi (sintezi) hisoblanadi. Ijtimoiy hayotda huquqiy mazmun bilan ahloqiy e'tiqodning mushtarakligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Mazkur mushtaraklik davlat timsolida o’zining oliy ifodasini topadi. Xudo sub’yektivlik bilan ob’yektivlikning (biluvchi va biluvchiga bog’liq bo’lmagan mohiyatning) birligidir. Substansiya (mohiyat) va biluvchi (sub’yekt) ning mutlaq ayniyligini mushohada qilish, tasavvur etish va bilish, ya’ni “mutlaq ruh” ning uchta shakli “ob’yektiv ruh” ning tegishli ko’rinishlariga tayanadi. Mazkur mush taraklik san’atda “mushohada” qilinadi, dinda esa “tasavvur” etiladi, faqat mutlaq ilm falsafada u bilinadi, ya’ni ayni shu yerda pirovard maqsadga — inson cheklangan mohiyatining cheksizlikka daxldor bo’lishligiga erishiladi. Ilohiy aql bilan ana shu mushtaraklik Gegel falsafasining sir-sinoati, asl ma’nosini tashkil etadi.

Gegelning falsafiy ta’limoti davlat va tarixni tushunish sohalariga katta ta’sir ko’rsatdi. U umumiy jahon tarixiga “olamiy ruh” ning o’zini o’zi anglash jarayoni va shu bilan birga “ozodlikni anglashdagi taraqqiyot” sifatida qaraydi. Biroq ozodlik shundan iboratki, inson o’zining “mutlaq g’oya” bilan mohiyatan birligini biladi va o’zini ob’yektiv ruh hosilalari hamda uning xohish-irodasi (davlat va huquq) bilan tenglashtiradi. Bu hosilalar pirovard natijada “mutlaq ruh” tomonidan vujudga keltirilgandir. Ozod fuqaro o’zining umumozodlik bilan jiddiy o’xshashligini anglaydi, qonun tashqi buyruqqa o’xshab ko’rinishini uning o’zi biladi.



Gegel falsafasida tabiat va tafakkurning, ayni paytda jamiyat dialektik rivojlanishining poydor tamoyillari — ziddiyat, sifat va miqdor o’zgarishlari, inkorni inkor qonunlari ifodalangan. Gegel ta’limoti tizimining turli sohalarida Sharq, jumladan O’rta Osiyo xalqlari tarixi, falsafasi, diniy, badiiy va umuman ma’naviy dunyosi masalalari tegishli tarzda talqin topgan. Asosiy asarlari: “Ruh fenomenologiyasi” 1807-yil, “Mantiq fani” 1812— 1816-yillar, “Falsafa fanlari ensiklopediyasi 1817-yil, “Huquq falsafasi” 1821-yil, “Din falsafasi bo’yicha leksiyalar 1832-yil, “Falsafa tarixi bo’yicha leksiyalar” 1833—1836-yillar, “Estetika bo’yicha leksiyalar” 1835—1838-yillar, “Tarix falsafasi bo’yicha leksiyalar” 1837-yil.Mashhur falsafa vakili 1831-yil 14-noyabr Berlinda vafot etdi.
Ma'lumot: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2003
Download 58.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling