Mustaqil ish mavzusi: O'zbekistonlik tarjimon olimlarining ilmiy faoliyati


Download 16.35 Kb.
Sana02.01.2022
Hajmi16.35 Kb.
#187965
Bog'liq
Tarjima(4j.)Sapayeva Z.


Mustaqil ish mavzusi:O'zbekistonlik tarjimon olimlarining ilmiy faoliyati.

Jahon adabiyotidan o‘zbek tiliga va o‘zbek adabiyotidan dunyo tillariga o‘girilgan ko‘plab tarjima asarlari hali-hanuz o‘z bahosini yo’qotgani yo‘q.O’zbekistonlik tarjimon olimlari yildan yilga o’z ustida ishlab faoliyatlari va malakalarini oshirib bormoqdalar.

Jumladan,taniqli adabiyotshunos olim va tarjimon Ibrohim G‘afurovning jasorati, mashaqqatli mehnati samarasi o‘laroq o‘zbek kitobxoni mashhur irland adibi Jeyms Joysning “Uliss” romanini ona tilida o‘qishga muyassar bo‘ldi. Bu asar tarjimasining madaniy hayotimizda voqea bo‘lgani haqida matbuotda A.Saidov, X.Do‘stmuhammedov, T.Jo‘raev singari olimlarning maqolalari ham e’lon qilindi. Shuningdek, ingliz tili mutaxassisi, O‘zMU doktoranti Tohir Umrzoqovning “Jahon adabiyoti” (2010, 1-son), “Zvezda Vostoka” (2011, 1-son), “Sharq yulduzi”(2012, 1-son) jurnallarida “Uliss” romanining ruscha va o‘zbekcha tarjimalariga doir kuzatishlari bosildi. Maqolalarining birida muallif shunday yozadi: “Asliymonand tarjimaga erishish uchun asliyat badiiy-estetik qimmati, ikki til lisoniy vositalarining lug‘aviy muvofiqliklari hamda asliyat mansub bo‘lgan xalqning moddiy, ma’naviy, siyosiy va iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq omillar tarjimada to‘laqonli aks ettirilishi lozim”. Bu o‘rinli, ayni paytda, amalga oshirilishi o‘ta mushkul talab. Ayniqsa, “Uliss”dek murakkab matnli asarni hatto ingliz tilini mukammal egallagan tarjimon ham asliyatga adekvat holatda o‘girishning uddasidan chiqolmasa kerak. Zotan, “Uliss” (1922) nashr etilgandan buyon bu asar haqida yuzlab ­tadqiqotlar yaratilgan bo‘lsa-da, romanning tub mohiyati va mazmuni, uslubi va tili, muallifning mahorat qirrallari haqida olimlar hanuz yakdil bir fikrga kelolganlari yo‘q.

Umuman, keyingi yillarda tarjima amaliyoti va nazariyasiga oid izlanishlar bir qadar jonlanayotir. Chunonchi, tarjimon va tadqiqotchi Begoyim Xolbekovaning “Robert Byorns she’riyati o‘zbek tilida” (“Poeziya Roberta Byornsa na uzbekskom yazыke”, “Zvezda Vostoka”, 2011 3-4-sonlar) maqolasi ingliz-o‘zbek tarjimachiligi mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lsa, taniqli tilshunos, Abduzuhur Abduazizov va dotsent Nosir Qambarovning “Filologiya masalalari” jurnalida chop etilgan maqolasi tarjimaning lingvistik tamoyillariga bag‘ishlangan. Shuningdek, Toshkent davlat pedagogika universitetida “Olmonshunoslik va tarjimashunoslik muammolari”, O‘zbekiston Jahon tillari universitetida “Adabiy aloqalar, adabiy ta’sir va tarjimashunoslikning dolzarb masalalari” hamda Jizzax davlat pedagogika institutida “Badiiy tarjima: tilshunoslik, adabiyotshunoslik va madaniyatlararo aloqalar kontekstida” mavzularida bo‘lib o‘tgan Respublika ilmiy anjumanlarida ham tarjima nazariyasi va amaliyotining dolzarb masalalari haqida qizg‘in fikr yuritildi, o‘rinli takliflar, g‘oyalar o‘rtaga tashlandi.

Badiiy tarjima nazariyasiga bag‘ishlangan monografiya va qo‘llanmalar ham bu sohaning rivojiga turtki berayotir. Masalan, filologiya fanlari doktori Shuhrat Sirojiddinov va tadqiqotchi Gulnoza Odilovaning “Badiiy tarjima asoslari” (“Mumtoz so‘z”, 2011) risolasida badiiy tarjimaning nazariy va amaliy aspektlari, xususan, badiiy tarjimada ekvivalentik va adekvatlik masalasi, tarjimaning pragmatik (o‘quvchining matnga nisbatan munosabati) jihatlari, tarjimada tabdil (transformatsiya) usullari va tarjima modellari haqida nazariy aspektda fikr yuritiladi. Shuningdek, mualliflar yirik tarjimashunos olimlar Ya.Retsker, A.Shveytser, L.Barxudarov va V.Komissarovning lingvistik tarjima nazariyasiga doir fikrlariga tayanib: “Adekvat tarjima ekvivalentlikning oliy darajasi bo‘lib, unda asliyatning janriy-stilistik talablari, barcha lisoniy va g‘ayrilisoniy (ekstralingvistik) omillar hisobga olingan, maksimal darajada hissiyot va asliyat ruhi saqlangan bo‘ladi. Har bir adekvat tarjima, albatta, ekvivalent bo‘ladi, ammo har bir ekvivalent tarjimani adekvat deb bo‘lmaydi”, deb yozadilar. To‘g‘ri, tarjimada ekvivalentlik(muqobillik)ka erishish mumkin. Masalan, Lermontovning “Demon” (U.Nosir tarjimasi), Pushkinning “Yevgeniy Onegin” (Oybek tarjimasi), Shekspirning “Hamlet” (M.Shayxzoda tarjimasi), Gyotening “Faust” (E.Vohidov tarjimasi), Dantening “Ilohiy komediya” (A.Oripov tarjimasi), Homerning “Iliada” (Q.Mirmuhamedov tarjimasi) asarlarining o‘zbek tiliga o‘girilgan tarjimalarini asliyatga muqobil (ekvivalent) tarjimalar, deb baholash mumkin. Ammo bu tarjimalar nechog‘li mahorat bilan o‘girilgan bo‘lmasin, ular adekvatlikka davo qilolmaydi. Umuman olganda, jahon tarjimachiligida ham bironta asliyatga adekvat tarjima asarining yaratilganini bilmaymiz. Badiiy tarjima amaliyotida tom ma’noda adekvatlikka erishish, ya’ni asliyatga “teng”, “aynan o‘xshash” (“ad-aequo”) tarjimani yaratish mumkin bo‘lmagan holdir.

Risolaning ikkinchi qismi she’riyat tarjimasida ma’no va milliy koloritni berish, ohang, qofiya va vaznni qayta yaratishga bag‘ishlangan bo‘lib, ko‘proq amaliy xarakterga ega. Undan oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat va magistratura tizimida tahsil olayotgan talabalar hamda tadqiqotchilar foydalanishlari mumkin. Kitobning nomi (“Badiiy tarjima asoslari”) yirik monografik tadqiqot rusumini talab qiladi. Mundarijada ham monografiyaga arzigulik muammolar qayd etilgan. Lekin mundarijadagi yigirmaga yaqin paragrafda keltirilgan muammoli masalalar to‘liq yechimini topmagan. To‘g‘risi, 162 sahifali kitobda qo‘yilgan muammolarni batafsil yoritishga imkon bo‘lmagan. Shunday ekan, Sh.Sirojiddinov va G. Odilovaning ushbu kitobini “monografiya” emas, risola rusumidagi tadqiqot, desak ma’qul bo‘ladi.

Yana bir “monografiya” — filologiya fanlari nomzodi Nigoraxon O‘rmonovaning “Tarjimada tarixiy-arxaik leksika va davr ruhini aks ettirish” (“Mumtoz so‘z”, 2011) nomli risolasi muallif tomonidan himoya qilingan nomzodlik dissertatsiyasining aynan matnidan iborat bo‘lib qolgan. Vaholanki muallif rasmiy opponentlar va taqrizchilar tomonidan bildirilgan fikrlar hamda e’tirozlarni hisobga olib, dissertatsiya mazmuni va ilmiy kontseptsiyasini nazariy jihatdan yanada boyitib nashr qildirganida, bu haqiqiy monografiya rusumiga javob berarli tadqiqot bo‘lardi. 128 sahifadan iborat nomzodlik dissertatsiyasining nashrini monografiya, deb atash maqsadga muvofiq emas. Uni risola yoki qo‘llanma sifatida qabul qilish mumkin, xolos.

Umuman tarjimashunoslikning nazariy masalalari bag‘ishlangan doktorlik va nomzodlik ishlari bilan tanishganda hali bu borada bir qator kamchiliklar borligiga guvoh bo‘lish mumkin. Masalan, Zohid Sodiqov “Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asari olmoncha va inglizcha tarjimalarining qiyosiy tahlili” mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasi asosiy maqsadi “qadimgi turkiy obida bo‘lmish “Qudatg‘u bilig” asarining hozirgi olmon va ingliz tillariga tarjimalarini asliyat bilan qiyosiy tahlil qilishdan iborat”, deb belgilangan. Asarning Q.Qayumov amalga oshirgan hozirgi o‘zbek tilidagi tabdili, akademik V.Radlovning olmoncha, R.Denkoffning inglizcha tarjima nashrlari ushbu tadqiqotning ob’ektini tashkil etgan. Vaholanki, Z.Sodiqov “Qutadg‘u bilig” asarining nemischa ilmiy-adabiy talqinlari” mavzusida 1994 yil nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan edi. Xulosa shuki, olim o‘zining nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarida bir mavzuni bir xil tahlil uslubi, ya’ni tarjimalarni asliyat bilan qiyosiy aspektda tahlil qilishdan nariga o‘tmagan. Holbuki, bugungi jahon tarjimashunoslik ilmida lingvokulturologik, lingvopoetik va lingvopragmatik tahlil metodlari keng qo‘llanilmoqda. Bu ilmiy ishda esa, asosan, o‘tgan asrning 70-80 yillaridagi nazariy fikrlar ustuvor bo‘lib, so‘nggi 10-15 yil ichida g‘arblik va sharqlik olimlarning tarjima nazariyasi borasidagi tadqiqotlari muallifning diqqat markazidan chetda qolgan.



Darhaqiqat, keyingi 5-6 yil mobaynida himoya qilingan tarjima nazariyasi mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyalarining aksariyatida bir xil tahlil uslubi ko‘zga tashlanadi. Jumladan, frantsuz-o‘zbek, o‘zbek-frantsuz tarjimachiligi muammolariga bag‘ishlangan ilmiy ishlarda nafaqat tahlil metodlari, balki mavzularning bir-biriga o‘xshashligi ham ko‘zga tashlanadi: e’tibor asosan milliy kolorit, tarixiy realiya va arxaik so‘zlarning tarjimada berilishi tahliliga qaratilgan. Tadqiqotchilar o‘tgan asrning 70-80 yillarida yaratilgan ilmiy tadqiqotlardagi tahlil qolipidan chiqib ketolmagan, yangicha ilmiy yondashuv, tahlil usullari ko‘zga tashlanmaydi.

Xulosa qilib aytganda, mustaqillik davrida tarjima amaliyoti uchun keng yo‘llar ochildi. Jahon adabiyotining eng sara asarlari tilimizga tarjima qilinmoqda. Ayni paytda o‘zbek adabiyoti namunalarining dunyo tillariga tarjima qilinayotgani, mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz haqida xorijda tadqiqotlar yaratilayotgani barchamizni quvontiradi. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek: “... boshqa sohalar qatori adabiyot sohasida ham xalqaro aloqalarni kuchaytirish zarur. Qaysi mamlakatda bizning adabiyotimiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimizga hurmat bilan qarashadi, xorijdan biz nimalarni o‘rganishimiz mumkin va, o‘z navbatida, ularga nimalarni taqdim etishimiz mumkin – bugun bu masalalar xalqaro maydonda o‘zligimizni namoyon etishda katta ahamiyatga ega ekanini doimo yodda tutishimiz lozim”. Demak, tarjima amaliyotini yanada jonlantirish, tarjima nazariyasini zamonaviy dunyo ilmi darajasiga ko‘tarishga barchamiz mas’ulmiz.
Download 16.35 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling