Okoz: 08. 00. 00. 00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xo‘jalik / 08. 03. 00. 00 Kommunal xo‘jalik / 08. 03. 05. 00 Uy oldidagi hududlarni obodonlashtirish va saqlash. Maishiy chiqindilarni yig‘ishtirish; 11


Download 0.78 Mb.
bet1/4
Sana06.11.2021
Hajmi0.78 Mb.
#171260
  1   2   3   4
Bog'liq
PQ-4291 17.04.2019




[OKOZ:

1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xo‘jalik / 08.03.00.00 Kommunal xo‘jalik / 08.03.05.00 Uy oldidagi hududlarni obodonlashtirish va saqlash. Maishiy chiqindilarni yig‘ishtirish;

2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.02.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash / 11.02.03.00 Ishlab chiqarish va maishiy chiqindilar]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xizmat]

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Qarori

2019 — 2028-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash sohasida izchil siyosat amalga oshirilmoqda.



Xususan, 2017-2018-yillarda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimining infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi, 13 ta sanitariya jihatidan tozalash davlat unitar korxonalari hamda ularning tuman va shaharlardagi 172 ta filiali, shuningdek, 9 ta maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klastyerlari tashkil etildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar aholining deyarli yarmini sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari bilan qamrab olinishiga imkon berdi.

Shu bilan birga qishloq aholi punktlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlarning yetarli darajada ta’minlanmaganligi, qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi infratuzilmaning qoniqarsiz holatda ekanligi, mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarining sanitariya talablari va ekologik me’yorlarga muvofiq kelmasligi mazkur sohada kompleksli chora-tadbirlarni qabul qilishni talab etmoqda.

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish bo‘yicha samarali tizimni yaratish, ularning fuqarolar sog‘lig‘i va atrof-muhitga zararli ta’sirini bartaraf qilish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi, 2019 — 2028-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

aholining qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlashga yo‘naltirilgan sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasini rivojlantirish;

qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish;

poligonlarga ko‘mish uchun yo‘naltiriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini kamaytirish, sanitariya va ekologik me’yorlar talablariga muvofiq keladigan zamonaviy qattiq maishiy chiqindi poligonlarini yaratish, shuningdek, mavjud poligonlarni yopish va rekultivatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rish;

sanitariya jihatidan tozalash sohasida narxlar shakllanishini takomillashtirish va tariflarni optimallashtirish;

qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish obyektlaridan muqobil energiya manbalari sifatida foydalanish.

2. Quyidagilar Strategiyaning asosiy prinsiplari etib belgilansin:

Strategiyani amalga oshirishning barcha bosqichlarida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish;

qattiq maishiy chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida ular bilan amalga oshiriladigan barcha jarayonlar ustidan nazoratni ta’minlovchi qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish;

chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha xarajatlar chiqindilarni hosil qiluvchilar tomonidan qoplanishini ko‘zda tutuvchi, tegishli huquqiy va iqtisodiy asoslarni yaratish zaruriyatini belgilovchi “ifloslantiruvchi to‘laydi” prinsipini joriy etish;

tanlov asosida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish jarayonining ochiqligi va shaffofligi.

3. Strategiya quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi belgilansin:

birinchi bosqich (2019 — 2021-yillar) — qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik bazasini va iqtisodiy tartibotlar mexanizmlarini takomillashtirish, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishning samarali tashkil etilishini ta’minlash maqsadida sanitariya jihatidan tozalashning moddiy-texnik bazasini va infratuzilmasini rivojlantirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida ekologik ta’lim tizimini rivojlantirish uchun metodik va axborot ta’minotini yaratish;

ikkinchi bosqich (2022 — 2028-yillar) — qattiq maishiy chiqindilarni saralab yig‘ish bo‘yicha infratuzilmani rivojlantirish, poligonlarni optimallashtirish, qayta yuklash stansiyalari va chiqindilarni qayta ishlash obyektlarini qurish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klastyerlari faoliyatini takomillashtirish, ularning qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, quyidagi maqsadli indikatorlarga erishish:

aholini qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan qamrab olishni 100 foizga yetkazish;

hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarning kamida 60 foizini qayta ishlashni ta’minlash;

o‘ziga xos qattiq maishiy chiqindilarni (tarkibida simob bo‘lgan chiqindilar, avtoshinalar, akkumulyatorlar, ishlatilib bo‘lingan moylar, qadoqlash chiqindilari va h.k.) qayta ishlash hajmini 25 foizgacha oshirish;

poligonlarga ko‘mish uchun yo‘naltiriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini 60 foizgacha kamaytirish;

barcha poligonlar holatini o‘rnatilgan talablarga muvofiqlashtirish, yopilgan poligon yerlarini to‘liq rekultivatsiya qilish;

qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish obyektlarida muqobil energiya manbalaridan 35 foizgacha foydalanish;

poligonlar holati monitoringini (yer osti (sizot) suvlari va atmosfera havosining holati ustidan nazorat) 100 foizgacha ta’minlash.

4. 2019 — 2028-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturi (keyingi o‘rinlarda — Harakatlar dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha Harakatlar dasturida ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi Harakatlar dasturida ko‘zda tutilgan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini, shuningdek, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli moliyalashtirish mablag‘larining xususiy sektorga jalb qilinishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi aholining ekologik madaniyatini oshirish bo‘yicha ishlarni, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga alohida e’tibor qaratgan holda, keng ko‘lamli targ‘ibot faoliyatini tashkillashtirishni kuchaytirsin.

8. Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri A.J. Ramatovga — Strategiya va Harakatlar dasturining amalga oshirilishida mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkillashtirish hamda muvofiqlashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.T. Kuchkarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari, mas’ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlariga — Strategiya va Harakatlar dasturida ko‘zda tutilgan tadbirlarning o‘z muddatlarida bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalarini yoritish bo‘yicha, shuningdek, Strategiya va Harakatlar dasturi amalga oshirilishining borishi to‘g‘risida maqolalar hamda mavzuga oid ko‘rsatuvlarni tashkil etsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 17-aprel,

PQ-4291-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-apreldagi PQ-4291-son qaroriga


1-ILOVA

[OKOZ:

1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar]

2019 — 2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish

strategiyasi

1-bob. Umumiy qoidalar



1. 2019 — 2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) qattiq maishiy chiqindilar (keyingi o‘rinlarda — QMCh) bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida uzoq muddatga mo‘ljallangan istiqbolli barqaror tizimni shakllantirish va rivojlantirishda davlat siyosatini amalga oshirishning bosqichlari, ustuvor yo‘nalishlari, rejalashtirish, maqsad va vazifalarni belgilash, ularga erishishning samarali yo‘llariga yo‘naltirilgan.

2. Ushbu tizimni shakllantirish QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida foydalanilayotgan eski usullardan bugungi kundagi jahon tajribasida mavjud bo‘lgan zamonaviy ilg‘or usullarga o‘tish orqali bosqichma-bosqich rivojlanishni nazarda tutadi.

3. Strategiya O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga asoslanadi.

4. Strategiyada QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar quyidagi ketma-ketlikda joylashtirilgan:

QMCh hosil bo‘lishining oldini olish — QMCh hosil bo‘lishining o‘sish sur’atlarini sekinlashtirish va ularning xavfli xususiyatlarini kamaytirishni o‘z ichiga oladi;

QMChdan takroriy foydalanish — QMChdan olingan xomashyo, energiya va materiallardan takroriy foydalanish;

QMChni qayta ishlash va utilizatsiya qilish — QMChga dastlabki ishlov bergandan so‘ng, ular tarkibidagi foydali moddalardan tovar mahsulotlarini ishlab chiqarishda ikkilamchi xomashyo sifatida foydalanish;

QMChdan energetik foydalanish — elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish maqsadida muqobil yoqilg‘i sifatida, shuningdek, maishiy maqsadlarda foydalanish uchun hosil bo‘lgan QMChdan biogaz va sintez-gazlarni ajratib olish;

QMChni ko‘mish — qoldiq (qayta ishlanmaydigan) QMChni xavfsiz joylashtirish, izolatsiya qilish va zararsizlantirish.

2-bob. Joriy holat tavsifi

5. Butun dunyoda bo‘lganidek O‘zbekistonda QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish masalasi dolzarb hisoblanadi. Chiqindilar ekologik xavfsizlikka va fuqarolar sog‘lig‘iga tahdid soluvchi muammoga aylanmoqda. Ular atrof-muhitga, xususan yer resurslari, yer usti va osti suvlari, o‘rmonlar va boshqa o‘simliklar, shuningdek, hayvonlarning yashash muhiti, havo muhiti va atrof-muhitning boshqa obyektlari hamda tarkibiy qismlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

6. QMChning hosil bo‘lishi ko‘p omillarga bog‘liq bo‘lib, ulardan eng muhimlari aholi daromadlari, iste’molchilarning xulq-atvori, bozorda yangicha qadoqlangan mahsulotlarning paydo bo‘lishi va demografik ko‘rsatkichlar hisoblanadi.

7. Hisob-kitoblarga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida QMChning hosil bo‘lishining yillik hajmi prognozi 14 — 14,5 mln tonna atrofida baholanadi. Aholining o‘rtacha 1,5 foizga ko‘payish sur’atini hisobga olganda esa, ushbu ko‘rsatkich 2028-yilga kelib 16 — 16,7 mln tonnaga yetishi mumkin.

8. Savdo tarmoqlari (supermarketlar, gipermarketlar va boshqalar) sonining aholi jon boshiga YIM o‘sishi bilan bir vaqtda ortishi qadoqlangan mahsulotlar uchun xarid qobiliyatining, pirovardida hosil bo‘ladigan QMChning ortishiga olib kelmoqda. Urbanizatsiya ham chiqindilar hosil bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatib, shahar hududlari aholisi qishloq aholisiga nisbatan ko‘proq chiqindi chiqaradi.

9. QMCh hosil bo‘lishining bunday o‘sish sur’ati aholining yashash sharoiti va respublika iqtisodiyotining o‘sishini aks ettiradi. Biroq, QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini modernizatsiyalash va takomillashtirishga tizimli, dasturiy yondashish zarurati yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki bunday yondashuvsiz sohadagi muammolarni hal etish imkonsizdir.

1-§. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi mavjud infratuzilma

10. So‘ngi yillarda mamlakatimizda aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalashni yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, respublika aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida 2014 — 2016-yillarda shaharlarda qo‘shimcha ravishda sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan 41 ta tashkilot hamda tuman obodonlashtirish boshqarmalarida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha 157 ta xo‘jalik hisobidagi uchastka tashkil etildi.

11. 2014 — 2016-yillarda sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar va tuman obodonlashtirish boshqarmalarini zamonaviy maxsus texnikalar bilan ta’minlash dasturlari amalga oshirilib, 1427 ta maxsus texnika, shundan 990 ta maishiy chiqindilarni tashish texnikasi xarid qilindi.

12. Respublika shaharlarida va tuman markazlarida, turar joy mavzelarida tasdiqlangan namunaviy loyihalar asosida 14 mingdan ortiq chiqindi to‘plash shoxobchalari tashkil etildi va 10 mingdan ziyod konteyner o‘rnatildi.

13. Respublikada ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sog‘lig‘iga zararli ta’sirining oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi PF-5024-son “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat ekologiya qo‘mitasi) etib qayta tashkil etildi.

Ushbu muhim vazifalarni inobatga olib, respublikaning shahar va tumanlarida, shuningdek, qishloq aholi yashash punktlarida sanitariya va ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 21-apreldagi PQ-2916-son qarori qabul qilindi.

Yuqorida qayd etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlariga muvofiq:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzurida 13 ta “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va ularning tuman va shaharlardagi 172 ta filiali tashkil etildi;

fuqarolar va mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima miqdorlari oshirildi;

2017-yilda aholi yashash punktlarida 2643 ta konteyner bilan jihozlangan 305 ta namunali chiqindi to‘plash shoxobchalari qurildi;

284 ta maxsus texnika, shu jumladan 273 ta chiqindi tashish mashinasi sotib olindi.

Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada rivojlantirish, aholining sanitariya jihatidan tozalash bo‘yicha sifatli xizmatlar bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish, shuningdek, ekologik muammolarni hal etishdagi mavjud imkoniyatlarni ishga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 18-maydagi PQ-3730-son qarori qabul qilinib, unga muvofiq:

2019 — 2021-yillarda “Toza hudud” DUKlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan maxsus texnika va uskunalar bilan qo‘shimcha jihozlashning prognoz parametrlari;

2019-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan chiqindi to‘plash shoxobchalarini qurish va ularni konteynyerlar bilan jihozlash bo‘yicha manzilli dastur;

2020-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan “Toza hudud” DUKlar faoliyat ko‘rsatayotgan amaldagi poligonlarni jihozlash bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlandi.

2-§. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish

14. Aholining QMChni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlardan foydalanish imkoniyati asosan respublikaning yirik shaharlarida qoniqarli bo‘lib, kichik shahar va qishloq joylarda (ayniqsa olis qishloq aholi yashash punktlarida) mazkur xizmatlarning yo‘qligi yoki yetarli darajada emasligi bilan ajralib turadi.

15. 2018-yilda 15,7 mln dan ortiq kishi yoki aholi umumiy sonining 48 foizi QMChni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari bilan qamrab olindi, shu jumladan:

15 ta sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan davlat tashkilotlari va ularning tuman hamda shaharlardagi 183 ta filiali tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan 12 mln kishi;

sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan 109 ta xususiy tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan 3,7 mln kishi qamrab olingan.

16. 2019-yilning 1-yanvar holatiga respublika hududida 2,8 mingdan ortiq chiqindi to‘plash shoxobchalari va 221 ta poligon faoliyat yuritadi, sanitariya jihatidan tozalash tashkilotlarining avtoparki 3,1 mingtadan ortiq maxsus texnika (chiqindi tashish mashinalari, samosvallar, traktorlar, buldozyerlar va h.k.)ni tashkil qiladi oladi.

3-§. QMChni utilizatsiya qilish va qayta ishlash

17. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha mavjud tizimini o‘rganish va tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘p yillar mobaynida shakllangan amaliyot asosan ularni ko‘mmagan holda, faqat to‘plash va poligonlarga tashishga yo‘naltirilgan. Ushbu maqsadlar uchun respublikada turli mulkchilik shaklidagi tashkilotlarga tegishli bo‘lgan 221 ta poligon faoliyat yuritmoqda.

QMChning hosil bo‘lishini minimallashtirish, chiqitsiz va kamchiqit texnologiyalarni joriy etish, QMChdagi ikkilamchi resurslarni qayta ishlash masalalari ikkinchi o‘rinda qolib ketgan.

QMChni utilizatsiya qilish va qayta ishlash muammosi ekologik jihatlardan tashqari iqtisodiy ahamiyatga ham ega. QMCh ikkilamchi xomashyo manbai hisoblanib, ularni qayta ishlash tabiiy resurslarni tejab qolishga imkon berishi, shuningdek, yangi ishchi o‘rinlarni yaratilishini ta’minlagan holda ijtimoiy muammolarni echishi mumkin.

Bugungi kunda respublikada asosan aralash holatdagi QMChni to‘plash va olib chiqib ketish tizimi amal qiladi. Ikkilamchi moddiy resurslarni tayyorlash ularni qabul qilish (tayyorlov) punktlari orqali nazoratga olinmagan (tartibsiz) shaklda amalga oshiriladi. Bunda, tayyorlov jarayoni faqatgina yuqori likvidli ikkilamchi xomashyoni (qog‘oz, plastik buyumlar, metall parchalari va shu kabilar) qamrab oladi va natijada qolgan ikkilamchi moddiy resurslarning katta miqdori qayta ishlanmasdan ko‘mib yuborilmoqda.

18. Hozirda respublika hududida umumiy quvvati yiliga 894 ming tonna QMChni qayta ishlaydigan 183 ta korxona, shu jumladan 72 ta polimer plyonka va plastmassani, 65 ta qog‘oz va karton buyumlarini, 17 ta shina va rezinotexnika buyumlarini, 10 ta metallni, 6 ta shishani, 2 ta moy va tekstilni, 11 ta boshqa chiqindilarni qayta ishlash korxonalari mavjud.

19. Shu bilan birga respublikaning 9 ta shahrida (Andijon, Nukus, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Navoiy, Termiz, Guliston va Urganch) umumiy quvvati yiliga bir million tonnadan ortiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan, QMChni to‘plash, tashish, saralash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish bo‘yicha klastyerlarning tashkil etilishi QMChning iste’mol qimmatiga ega tarkiblaridan foydalanish samaradorligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

Tashkil etilgan klastyerlarda qo‘llaniladigan texnologiyalar olib kelinadigan QMChdan ikkilamchi moddiy resurslarni ajratib olish va ularni qayta ishlash uchun saralash asosida ishlaydi.

4-§. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida tarif jihatdan tartibga solish

20. Amaldagi tariflar faqatgina QMChni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun hisoblangan bo‘lib, ularni saralash, utilizatsiya qilish va ko‘mish xarajatlarini o‘z ichiga olmaydi.

21. O‘rnatilgan tariflar QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi infratuzilmani yaratishning umumiy xarajatlari bilan taqqoslanganda juda ham past bo‘lib, ekspluatatsiya xarajatlarini qoplamaydi va korxonalarda sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va rivojlantirish hamda yangi texnologiyalarni joriy etish uchun aylanma mablag‘lar shakllanishini ta’minlamaydi va o‘z navbatida, investitsiyalarni jalb qilish imkonini bermayapti.

22. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimining barqaror ishlashi uchun bir vaqtning o‘zida aholining to‘lov qobiliyati hamda xususiy investorlar uchun mazkur sektorning jozibadorligini ta’minlashga mos tariflarni shakllantirish siyosatini shakllantirish talab etiladi.

23. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi barqaror moliyaviy tizimni yaratish bo‘yicha ishlar QMChni to‘plash, saralash, olib chiqib ketish va ko‘mish bo‘yicha xizmatlar xarajatlarining to‘liq qoplanishini ta’minlashga qaratilishi lozim.

5-§. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasini moliyalashtirish

24. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasini moliyalashtirish sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar va O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

25. Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 3-dekabrdagi 315-son “Respublika aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini ijro etish doirasida kompleks tadbirlar va dasturlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan 343,1 mlrd so‘m yo‘naltirildi va tijorat banklarining 20 mlrd so‘m miqdoridagi imtiyozli kreditlari jalb etildi.

26. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan 2017 — 2021-yillarda mazkur dasturlarni moliyalashtirish uchun 1,5 trln. so‘mdan ortiq pul mablag‘lari yo‘naltiriladi, shu jumladan investitsiya loyihalari amalga oshirish doirasida:

Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida umumiy budjeti 92,25 mln AQSh dollari miqdoriga teng bo‘lgan “Toshkent shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish” loyihasini amalga oshirish: Osiyo taraqqiyot bankining qarz mablag‘lari — 69 mln AQSh dollari, O‘zbekiston Respublikasining bojxona va soliq imtiyozlari ko‘rinishidagi ulushi — 5,82 mln AQSh dollari va “Maxsustrans” DUK mablag‘lari — 17,43 mln AQSh dollari;

Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida umumiy budjeti 37,1 mln AQSh dollari miqdoriga teng bo‘lgan “Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishni modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish: Agentlikning imtiyozli kreditlari — 23,5 mln yevro, Yevropa Ittifoqi investitsiya jamg‘armasining Markaziy Osiyo uchun grant mablag‘lari — 8 mln yevro, O‘zbekiston Respublikasining 5,6 mln yevroga teng, shu jumladan 3,2 mln yevro miqdoridagi bojxona va soliq imtiyozlari ko‘rinishidagi ulushi;

“Sejin G&E Co., Ltd” kompaniyasi (Koreya Respublikasi) ishtirokida 55 mln AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya mablag‘larini jalb qilgan holda “Toshkent viloyatining “Ohangaron” va “Maydontol” maishiy chiqindilar poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish.

3-bob. Mavjud muammolar

27. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi muammolar g‘oyat dolzarb hisoblanadi, chunki ekologik holatni yaxshilash, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish ularning yechimiga bog‘liq.

28. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimining rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolar quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilmagan va xalqaro me’yorlarga muvofiq emas;

qishloq aholi punktlarida QMChni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar yetarli darajada ta’minlanmagan (40 — 50%) va mazkur xizmatlar olis qishloq aholi yashash punktlarida deyarli mutlaqo mavjud emas;

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi infratuzilma qoniqarsiz holatda;

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasi davlat miqyosida ham, xususiy sektor darajasida ham yetarlicha moliyalashtirilmaydi;

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida davlat-xususiy sheriklik yetarlicha rivojlanmagan;

QMChni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun aholining to‘lov intizomi past darajada;

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasining amaldagi tizimida, shu jumladan ularni saralab yig‘ishda jamoatchilik ishtiroki past darajada;

sohada xususiy sektorning ishtiroki yetarli emas;

aholining ekologik madaniyati yetarli darajada rivojlanmagan.

4-bob. Strategiyaning maqsad, vazifa va prinsiplari

29. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida yangicha yondashuvlarni belgilashga ko‘maklashish, QMChni to‘plash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish bo‘yicha samarali, ishonchli va ijtimoiy maqbul kompleks xizmatlarni yaratish, QMChning fuqarolar sog‘lig‘i va atrof-muhitga zararli ta’sirini kamaytirish, QMChdagi foydali tarkiblarni imkon qadar yuqori darajada ajratib olish orqali QMCh hosil bo‘lishining oldini olish, ularni qo‘shimcha xomashyo, materiallar, yarimfabrikatlar manbai sifatida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda, tovarlar (mahsulotlar) ishlab chiqarish uchun xo‘jalik aylanmasiga jalb qilish, shuningdek, QMChning xavfsiz ko‘milishini ta’minlash Strategiyaning maqsadlari hisoblanadi.

30. Strategiya maqsadlariga erishishda uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirish;

sanitariya jihatidan tozalash sohasini takomillashtirish;

QMChni utilizatsiya qilish va qayta ishlash sohasini takomillashtirish;

sohaga iqtisodiy mexanizmlarni tatbiq etgan holda, maxsus QMChni (tarkibida simob bo‘lgan chiqindilar, avtoshinalar, akkumulyatorlar, ishlatilib bo‘lingan moylar, qadoqlash chiqindilari va h.k.) to‘plash va qayta ishlash usullarini joriy etish;

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida narxlarni shakllantirish tizimini takomillashtirish;

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasiga investitsiyalarni jalb qilish uchun sharoitlar yaratish;

QMChning resurs salohiyatini oshirish;

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish masalalarida ekologik ta’lim va tarbiya tizimini rivojlantirish;

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida kadrlar salohiyatini oshirish.

31. Strategiyaning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

Strategiyani amalga oshirishning barcha bosqichlarida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish;

QMChning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida QMCh bilan bog‘liq ishlarni barcha jarayonlar ustidan nazoratni ta’minlagan holda amalga oshirish;

chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha xarajatlar chiqindilarni hosil qiluvchilar tomonidan qoplanishini ko‘zda tutuvchi, tegishli huquqiy va iqtisodiy asoslarni yaratish zaruratini belgilovchi “ifloslantiruvchi to‘laydi” prinsipini joriy etish;

tanlov asosida QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat yuritish jarayonining ochiqligi va shaffofligi.

5-bob. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari

32. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini rivojlantirish quyidagi asosiy yo‘nalishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq:

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi infratuzilmani takomillashtirish;

QMCh hosil bo‘lishining oldini olish va kamaytirish;

QMChni qayta ishlash va energetik foydalanish;

poligonlar sonini va maydonini optimallashtirish (yopish, eski poligonlarni rekultivatsiya qilish va yangi poligonlarini qurish).

1-§. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish

33. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish ham tashkiliy, ham huquqiy jihatdan murakkab va tizimli muammolarga ega soha bo‘lib qolmoqda. Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasi ko‘p sonli qonun hujjatlari bilan tartibga solinishiga qaramay, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishning huquqiy asoslari takomillashtirishga muhtoj.

Bunda, QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida huquqiy bazani ham qayta ko‘rib chiqish va o‘zgartirish, ham texnik va ekologik jihatdan tartibga solishning kompleks tizimini yaratish zarur.

34. Strategiyani amalga oshirish doirasida QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashish uchun normativ-huquqiy baza takomillashtiriladi.

Normativ-huquqiy bazani muvofiqlashtirishga quyidagi yo‘l orqali erishiladi:

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish;

sohaga davlat-xususiy sheriklikni samarali tatbiq etish va iqtisodiy samarali va shaffof usullarda investitsiyalarni jalb qilish uchun huquqiy asoslarni yaratish;

atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlash bo‘yicha iqtisodiy mexanizmlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish;

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun texnik normativ asosni takomillashtirish.

2-§. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida infratuzilmani takomillashtirish

35. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimi samarali ishlashining asosiy omili QMChni o‘z vaqtida to‘plash hamda ularni qayta ishlash va (yoki) joylashtirish joylarigacha tashish hisoblanadi.

36. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida organik, qayta ishlanadigan va qayta ishlanmaydigan QMChni to‘plash va olib chiqib ketish jadvallari maqbullashtiriladi, QMCh hosil bo‘ladigan olis uchastkalar uchun maxsus zichlovchi qurilmalar bilan jihozlangan qayta yuklash punktlari quriladi.

37. Sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan davlat tashkilotlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasining ekologik yig‘imni joriy etish jarayonida to‘plangan mablag‘lari hisobidan 57 ta yangi avtopark quriladi va 44 ta avtopark mukammal ta’mirlanadi.

38. Sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashgan korxonalarning maxsus texnikalariga texnik xizmat ko‘rsatilishini tashkillashtirish uchun Osiyo taraqqiyot bankining kredit mablag‘larini jalb etgan holda respublikaning viloyat markazlarida 13 ta servis markazlari yaratiladi.

39. Tasdiqlangan davlat dasturlari doirasida davlat unitar korxonalari 4 233 ta maxsus texnika bilan ta’minlanadi, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar uchun 14 367 ta konteyner va mavjud multiliftlar uchun 257 ta transport konteynyerlari xarid qilinadi.

3-§. QMCh hosil bo‘lishining oldini olish va kamaytirish

40. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida infratuzilmani takomillashtirish tadbirlari QMCh hosil bo‘lishining oldini olish va kamaytirish choralari bilan birga olib boriladi.

41. 2022-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda respublika shaharlarining ko‘p kvartirali turar joy sektorida quyidagilar uchun besh turdagi alohida belgili konteynyerlar o‘rnatish asosida QMChni saralab yig‘ishni joriy etish ko‘zda tutilmoqda:

qayta ishlanadigan QMCh (polimyerlar, qog‘oz va metall);

organik QMCh (oziq-ovqat va boshqa biologik chiriydigan materiallar);

qayta ishlanmaydigan QMCh (kompozitli materiallar, tozalanmagan materiallar va boshqa aralash QMCh);

xavfli maishiy chiqindilar (akkumulyatorlar, batareykalar, tibbiyot chiqindilari va boshqalar);

shisha idish buyumlari.

42. QMChni saralab yig‘ish tizimini tatbiq etish bilan bir qatorda, quyidagi ustunliklarga ega bo‘lgan iste’mol qadoqlash buyumlari (taralar)ning depozit tizimini joriy etishga tayyorgarlik boshlanadi:

QMChni to‘plash, saqlash, saralash, tashish va ko‘mish bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish;

QMChning hosil bo‘lishi va to‘planishini kamaytirish;

poligonlarga kelib tushadigan ikkilamchi moddiy resurslar hajmini kamaytirish;

ikkilamchi moddiy resurslarni yig‘ish hajmini va ularni xo‘jalik aylanmasiga jalb qilishni oshirish;

yuqori sifatli xomashyoni sotishdan olinadigan daromadni ko‘paytirish;

QMChni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar tannarxini kamaytirish.

4-§. QMChni qayta ishlash va undan energetik foydalanish

43. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi mavjud holat va ular hosil bo‘lishining o‘sish sur’atlari QMChni poligonga ko‘mish usulidan ularni sanoatda qayta ishlashga bosqichma-bosqich o‘tishni ta’minlagan holda QMChdan eng yuqori foyda olib, ularning butun hajmini kompleks qayta ishlashni amalga oshira oladigan tizim yaratishni talab etadi.

44. Qayta ishlash texnologiyalarini tanlash QMChning tarkibi va xususiyatlariga, hududiy jihatlar hamda ro‘yobga chiqarishning iqtisodiy imkoniyatlari kabi qator omillar bilan birga atrof-muhitni muhofaza qilish va fuqarolar sog‘lig‘i ham asosiy jihatlardandir.

45. Texnologik prinsiplar va xalqaro tajribaga ko‘ra, QMChni qayta ishlash usullarini mexanik, biologik, termik va aralash usullarga ajratish mumkin.

46. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi mavjud vaziyat va hududlarning texnik imkoniyatlarini hisobga olgan holda, Strategiyani amalga oshirish doirasida QMChni qayta ishlash bo‘yicha qo‘llaniladigan texnologiyalar baholanadi va tanlab olinadi hamda pilot loyihalar amalga oshiriladi. Amalga oshirilgan loyihalarni baholash yakunlariga ko‘ra QMChni ikkilamchi resurs ko‘rinishida xo‘jalik aylanmasiga jalb qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar qabul qilinadi.

47. Shu bilan bir qatorda, QMChdan energetik foydalanish (hosil bo‘lgan QMChdan biogaz ajratib olish, aralash QMChni yoqish, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun chiqindilardan olingan yoqilg‘idan muqobil yoqilg‘i sifatida foydalanish) texnologiyalarini tatbiq etish uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida QMChni xomashyo sifatida ishlatish orqali ishlab chiqariladigan energiyani umumiy tarmoqqa qabul qilish va undan foydalanish bo‘yicha mexanizmlar takomillashtiriladi.

48. QMChni qayta ishlash bo‘yicha loyihalar davlat-xususiy sheriklik asosida, shuningdek, xorijiy va mahalliy investitsiyalar hisobiga tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali amalga oshiriladi.

49. Loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun yetarli tajribaga ega bo‘lgan xalqaro ekspertlar hamda korxonalarni loyihalashtirish, qurish va kelgusida foydalanishni ta’minlay olishga qodir investorlarni jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.

5-§. Poligonlar sonini va maydonini optimallashtirish (yopish, eski poligonlarni rekultivatsiya qilish va yangi poligonlar qurish)

50. Hozirda faoliyat yuritayotgan poligonlardan (chiqindixonalar) lozim darajada foydalanilmayapti, jumladan: yong‘inlar va yoqimsiz hidlar tarqalishining oldini olish uchun chiqindilarni zichlash hamda belgilangan tartibda izolatsiya qilish ishlari olib borilmaydi, poligonlarga olib kelinayotgan chiqindilar miqdorining hisobi va qat’iy nazorati yuritilmaydi, yig‘iladigan biogazni rekuperatsiya qilish yoki filtratni rekuperatsiya qilish/ishlov berish uchun qurilmalar mavjud emas, shuningdek, aksariyat poligonlarning atrofi o‘ralmagan.

51. Mavjud holat poligonlarning bunday infratuzilma obyektlari uchun qo‘yiladigan talablarga muvofiqlashtirish orqali ularning texnik, sanitariya va ekologik holatini tubdan yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rishni taqozo etadi.

52. Ko‘riladigan chora-tadbirlar doirasida poligonlarning atrof-muhitga va fuqarolar sog‘lig‘iga salbiy ta’siri xavfini baholash ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.

53. Xatarlarni baholash natijalarga ko‘ra, hudud maydonlarini bo‘shatish, atrof-muhitga va fuqarolar sog‘lig‘iga salbiy ta’sirni kamaytirish uchun poligonlarning sonini va maydonini optimallashtirish, shuningdek, tartibsiz chiqindixonalarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘riladi.

54. Birinchi navbatda Sirdaryo, Jizzax va Xorazm kabi viloyatlar hududida joylashgan, suv havzalari va yer osti suvlariga bevosita yaqin poligonlar yopiladi va rekultivatsiya qilinadi.

Ushbu yo‘nalishda 183 ta tuman va shaharlarni o‘z ichiga olgan, QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha 56 ta shartli hududlarga bo‘lish asosida mamlakatni hududlashtirish amalga oshirildi. Geografik joylashuv, iqtisodiy rivojlanish, poligonlarga kirish yo‘llarining mavjudligi, geologik va gidrogeologik sharoitlar, aholi soni va boshqalar hududiy rejalashtirishning asosiy mezonlari hisoblanadi.

Strategiyani amalga oshirish doirasida QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha shartli hududlarda umumiy maydoni 1 108,6 gektarga teng 167 ta poligon yopiladi va rekultivatsiya qilinadi. Faoliyat yuritayotgan poligonlar o‘rnida umumiy maydoni 693,3 gektarga teng 54 ta zamonaviylashtirilgan poligon yaratiladi va umumiy maydoni 80 gektarga teng 5 ta poligon ochiladi.

Optimallashtirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida poligonlarining soni 221 tadan 59 taga qisqaradi. Bu 770,2 gektar maydon yoki QMChni joylashtirish uchun foydalaniladigan umumiy maydonning 50 foiziga tengdir.

2020-yildan 2028-yilga qadar kelgusida foydalanib bo‘lmaydigan poligonlar (chiqindixonalar)ni yopish va rekultivatsiya qilish, 2028-yilga qadar davrda esa poligonlarning atrof-muhit va fuqarolar sog‘lig‘iga salbiy ta’siriga qarshi himoya tizimlari bilan jihozlashni nazarda tutuvchi modernizatsiyalash amalga oshiriladi.

55. Poligonlarni optimallashtirish ushbu Strategiyaga 1.1 — 1.13-ilovalarga muvofiq amalga oshiriladi.

6-bob. Jamoatchilikning xabardorligini oshirish bo‘yicha tadbirlar

56. Jamoatchilikning xabardorligini va ishtirokini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishning yangi usullarini ilgari surish va tatbiq etishda juda katta ahamiyatga ega.

57. Jamoatchilikning QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha xabardorligini oshirish vazifalari quyidagi tadbirlardan iborat:

QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi dolzarb masalalar, respublikadagi mavjud muammolar va ularning yechimini, shu jumladan, aniq maqsadli ijtimoiy guruhlar (bolalar, o‘quvchi yoshlar, uy bekalari, shahar va qishloq aholi yashash punktlari aholisi)ga mo‘ljallangan ma’lumotlarni bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida keng yoritish;

aholi va tadbirkorlik subyektlari orasida QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi masalalarni tushuntirish maqsadida uchrashuvlar, seminarlar, treninglar va davra suhbatlarini o‘tkazish;

ruxsat etilmagan (tartibsiz) chiqindixonalarni bartaraf etish bo‘yicha ekologik hashar (shanbalik)larni, obodonlashtirish obyektlarida — “Toza shaharda bahor” va “Toza shaharda kuz” yoshlar aksiyalarini, Butunjahon atrof-muhit kuniga bag‘ishlangan “Toza shahar” ekologik aksiyalarni tashkillashtirish va o‘tkazish;

bolalar va yoshlarning QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan bilim darajasini oshirish, shu jumladan bolalar va yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish hamda ekologik madaniyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan uslubiy qo‘llanma va dasturlar ishlab chiqish.

7-bob. Strategiyani amalga oshirishning resurs ta’minoti va bosqichlari

1-§. Strategiyani amalga oshirishning resurs ta’minoti

58. Strategiya maqsadlariga erishish uchun rejalashtirilgan tadbirlarni bajarish mazkur sohaga katta investitsiyalarni talab etadi. Strategiyani amalga oshirishni moliyalashtirish uchun ham ichki, ham tashqi manbalardan foydalaniladi, shu jumladan:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan iborat ichki moliyaviy resurslar;

tashqi moliyalashtirish xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlar tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy va texnik ko‘mak, shu jumladan, grant va kredit mablag‘lari doirasida olinishi mumkin.

59. 2019 — 2028-yillar davomida umumiy investitsiya hajmi 2188,2 mln AQSh dollariga teng miqdorda baholanmoqda, shu jumladan:

2019 — 2021-yillarda — 321 mln AQSh dollari;

2022 — 2025-yillarda — 747,2 mln AQSh dollari;

2026 — 2028-yillarda — 1 120 mln AQSh dollari.

2-§. Strategiyani amalga oshirish bosqichlari

60. Strategiyani amalga oshirish bosqichlari quyidagi davrlarni nazarda tutadi:

birinchi bosqich (2019 — 2021-yillar) — QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik bazasini va iqtisodiy tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, QMChni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlarning samarali tashkillashtirilishini ta’minlash maqsadida sanitariya jihatidan tozalashning moddiy-texnik bazasini va infratuzilmasini rivojlantirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida ekologik ta’lim tizimini rivojlantirish uchun metodik va axborot ta’minotini yaratish;

ikkinchi bosqich (2022 — 2028-yillar) — qattiq maishiy chiqindilarni saralab yig‘ish bo‘yicha infratuzilmani rivojlantirish, poligonlarni optimallashtirish, qayta yuklash stansiyalari va chiqindilarni qayta ishlash obyektlarini qurish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klastyerlari faoliyatini takomillashtirish, ularning qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, quyidagi maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish:

aholini qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan qamrab olish ko‘lamini 100 foizga yetkazish;

hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarning kamida 60 foizini qayta ishlashni ta’minlash;

o‘ziga xos qattiq maishiy chiqindilarni (tarkibida simob bo‘lgan chiqindilar, avtoshinalar, akkumulyatorlar, ishlatilib bo‘lingan moylar, qadoqlash chiqindilari va h.k.) qayta ishlash hajmini 25 foizgacha oshirish;

poligonlarga ko‘mish uchun yo‘naltiriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini 60 foizgacha kamaytirish;

barcha poligonlar holatini o‘rnatilgan talablarga muvofiqlashtirish, yopilgan poligon yerlarini to‘liq rekultivatsiya qilish;

qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish obyektlarida muqobil energiya manbalaridan 35 foizgacha foydalanish;

poligonlar holati monitoringini (yer osti (sizot) suvlari va atmosfera havosining holati ustidan nazorat) 100 foizgacha ta’minlash.

8-bob. Kutilayotgan natijalar

61. Ushbu Strategiyaga 2-ilovaga muvofiq hududlarning ekologik xavfsizligini ta’minlash, resurslarni tejash va chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish, QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimi va tuzilmasini utilizatsiya qilish va qayta ishlash tomon o‘zgartirish, atrof-muhitni chiqindilar bilan ifloslantirish natijasida unga zarar yetkazilishining oldini olish, chiqindilarni utilizatsiya qilish, qayta ishlash va zararsizlantirish bo‘yicha texnologiyalarning ekologik, texnik va sanitariya-gigiyenik xavfsizligi darajasini oshirishni ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish Strategiyaning natijalari hisoblanadi.

62. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi texnologik bazani rivojlantirish va takomillashtirish borasidagi vazifalarning hal etilishi sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari ko‘rsatishning sifat darajasini muttasil o‘sib borishiga hamda QMChni utilizatsiya qilish, qayta ishlash va zararsizlantirish bo‘yicha ekologik va iqtisodiy samarali texnologik yechimlarni joriy etishga olib keladi.

63. QMChni joylashtirish obyektlarini optimallashtirish va modernizatsiyalash ularning ekologik xavfsizligini ta’minlaydi hamda mazkur obyektlardagi mavjud QMChning atrof-muhit va fuqarolar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga to‘sqinlik qiladi.

64. Rag‘batlantirishning iqtisodiy va huquqiy mexanizmlarini o‘z ichiga olgan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ushbu sohaga zarur va yetarli hajmdagi investitsiyalarni jalb qilishni ta’minlash imkonini beradi hamda respublika hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

65. Sanoat infratuzilmasining ishlashi QMChdan utilizatsiya qilingan qimmatli ikkilamchi resurslarni imkon qadar ko‘proq xo‘jalik aylanmasiga jalb qilish, ikkilamchi resurslardan bozorbop yangi raqobatbardosh, sifatli va ekologik mahsulotlarni ishlab chiqarish, uning umumiy tovar aylanmasidagi ulushini ko‘paytirish, qayta tiklanmaydigan manbalardagi tabiiy xomashyo tejalishini ta’minlaydi.

66. QMChning ikkilamchi xomashyo hisoblanmagan qismidan energetik foydalanish qayta tiklanmaydigan manbalardagi tabiiy xomashyoning o‘rnini bosish orqali uni saqlab qolishni, shuningdek, QMChni poligonlarda ko‘mishdan ularni sekin-asta sanoatda qayta ishlashga o‘tishini ta’minlaydi.

67. QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ilmiy bilimlarni ommalashtirish maqsadida ma’rifiy dasturlarni yaratish va amalga oshirish shubhasiz jamoatchilik fikrining shakllanishiga olib keladi. Bu esa QMCh bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishning zamonaviy tizimlarini yanada tezroq joriy qilish, shuningdek, ularning hosil bo‘lish hajmlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan bir qatorda rivojlanayotgan ekologik madaniyat atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga yordam beradi va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar yo‘liga to‘siq bo‘ladi.

2019 — 2028-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasiga


1.1-ILOVA

Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman va shaharlarida qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash ko‘chma stansiyalarini yaratish, yangi qattiq maishiy chiqindi poligonlarini qurish va amaldagi poligonlarni optimallashtirish

SXEMASI


Download 0.78 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling