«oliy maktab psixologiyaSI» fanidan ma’ruzalar matni


Download 1.16 Mb.
bet1/3
Sana04.12.2020
Hajmi1.16 Mb.
#159311
  1   2   3
Bog'liq
олий мактаб психологияси



O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

PSIXOLOGIYa KAFEDRASI

«OLIY MAKTAB PSIXOLOGIYaSI»
fanidan ma’ruzalar matni


(1 kurs magistratura boskichi uchun)

Ushbu o’quv qo’llanmada talabalarning psixologik xususiyatlari va faoliyatlari, ta’lim-tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish yo’llari va shart-sharoitlari, o’qituvchi faoliyatining psixologik xususiyatlari, kafedra jamoasi, oliy o’quv yurtini boshqarishning psixologik asoslari haqida fikr yuritiladi.



O’quv qo’llanma magistratura bosqichi talabalariga «Oliy maktab psixologiyasi» bilan tanishish, ularga bu yo’lda chuqur bilim va ko’nikmalarni egallashda katta yordam beradi. Magistrlar va yosh o’qituvchilar uchun mo’ljallangan.

Taqrizchilar: - Sharafutdinova.X.G’. - psixologiya fanlari nomzodi.

- Qodirova A.T. - psixologiya fanlari nomzodi,





© Termiz Davlat Universiteti



Ilm namoyondalariga baxillik qilma, zero ilm xazinadirki, undan qancha foydalansang ham boylikdan farqli, o’laroq baribir ko’payib boraveradi.

Majid Xavofiy.

1-mavzu: OLIY MAKTAB PSIXOLOGIYaSI FANI TADQIQOT SOHASI (2 soat).

Reja:

1.Oliy maktab psixologiyasi fanining predmeti, mazmuni, maqsadi va vazifalari.

2. Oliy maktab psixologiyasi fanining metodlari.

3. Talabalarga ta’lim berishning psixologik xususiyatlari.

4. Oliy maktabga yo’llash va tanlash

Maqsadi: Talabalarda oliy maktab psixologiyasi fanining predmeti, mazmuni, maqsadi va vazifalari, metodlari, oliy maktabga yo’llash va tanlash haqida tushuncha hosil qilish.

«Bugun qilayotgan yaxshi ishlarimiz yosh avlod barkamolligi uchun xizmat qilishi shubhasiz. Bugun qanday ko’chat eksak, ertaga shunday meva olamiz. Yosh avlodni el-yurtga, Vatanga sadoqatli, iymon-e’tiqodli, mard va jasur, yuqori malakali, ma’naviyati yuksak insonlar qilib tarbiyalashda ta’lim o’choqlarining alohida o’rni bor» - deya ta’kidlaydi I.A.Karimov. (3, 203)

Mustaqillik davridagi ta’lim-tarbiya sohasidagi o’zgarishlar tom ma’noda barkamol yetuk komil shaxsni tarbiyalab yetishtirishdan iboratdir. «Aql - zakovatli yuksak ma’naviyatli kishilarni tarbiyalay olsakkina oldimizga qo’ygan maqsadlarga erisha olamiz, yurtimizda farovonlik va taraqqiyot qaror topadi»- deb ta’kidlaydi prezidentimiz I A. Karimov.

Psixologiya individual va guruhiy psixologik hodisalarni, ularning mohiyatini, ularning shakllanish va rivojlanish qonuniyatlarini, inson xulq-atvorida ularning o’rnini va rolini o’rganadi. Oliy maktab psixologiyasi oliy o’quv yurti

rahbarlarining, o’qituvchilari, talabalari faoliyatining psixologik xususiyatlarini va psixikasini o’rganadi.

Inson psixikasi psixologik jarayonlarni, holatlarni va xususiyatlarni o’z ichiga oladi. Psixik jarayonlar - bilish, hissiy va irodaviy jarayonlarga bo’linadi.


Bilish jarayonlariga - sezgi, idrok, tasavvur, xotira, hayol, tafakkur va nutq kiradi. Ular bilimlarni egallash, muammolarni hal qilish imkonini beradi.

Hissiy jarayonlar - insonning ichki dunyosini aks ettiradi, tevarak atrofda ro’y berayotgan hodisalarning ehtiyojlar va maqsadlarga mos o’z-o’zini boshqarishda, o’z xulq-atvorini ongli boshqarishda ko’rinadi.



Psixik holatlar psixikaning vaqtinchalik holati bo’lib, o’ziga ishonish, tayyorlik, qoniqish,ikkilanish,amaliy harakatdagi muvaffaqiyat shularga bog’liq bo’ladi.

Psixik xususiyatlarga yo’naltirilganlik, xarakter,
temperament va qobiliyatlar kiradi. Yo’naltirilganlik shaxs
xususiyati bo’lib - maqsadga intilishdir. Yo’naltirilganlik
asosi - ehtiyojlar, qiziqishlar, layoqatlar, ideallar,
dunyoqarashdir. Psixik xususiyatlarga qarab, insonning
individual xususiyatlari haqida bilish mumkin. Individual
psixika bilan birgalikda insonlarning jamoa va guruhlarida
vujudga keladigan ijtimoiy psixologik hodisalar ham mavjud.
Ularga an’analar, baholar, qiziqishlar, urf-odatlar kiradi.
Ijtimoiy psixologik hodisalar oliy o’quv yurti hayotida,
talabalar ta’lim va tarbiyasi masalalarini hal qilishda muhim rol o’ynaydi.

Oliy maktab psixologiyasi predmeti - oliy o’quv yurti sharoitida vujudga keladigan individual va ijtimoiy psixologik hodisalar hisoblanadi. Oliy maktab psixologiyasi psixik jarayonlar, holatlar, xususiyatlar, tajribaning o’rni va rolini, oliy o’quv yurti rahbarlari, o’qituvchilari va talabalari faoliyatida ularning ko’rinishi va rivojlanishini o’rganadi.

Oliy maktab psixologiyasi psixologiyaning nisbatan yangi tarmoqlaridan biridir. U pedagogik, ijtimoiy va yosh psixologiyasi, mehnat psixologiyasi va boshqa fanlarning yutuqlarini birlashtiradi. O’zining asosiy mazmuniga ko’ra, u oliy o’quv yurtining pedagogik psixologiyasi hisoblanadi.




Oliy maktab psixologiyasining asosiy vazifalari - quyidagilar:

1. Zamonaviy oliy ma’lumotli mutaxassis timsolini ishlab chiqishda ishtirok etish.



2. Oliy o’quv yurti rahbarlarining, kafedralarining, o’qituvchilarining, talabalarining faoliyatini psixologik tahlil qilish, shu asosda o’quv jarayoni, ta’lim tarbiya mahsuldorligini oshirishning psixologik omillarini aniqlash.

3. Talabalar jamoasi psixologiyasini, uning o’qishga, talabalarning jamoat, ilmiy, ishlab chiqarish faoliyatiga ta’sirini o’rganish.

4.Bo’lajak oliy ma’lumotli mutaxassis kasbiy muhim
xislatlarini va shaxsini rivojlantirishning
qonuniyatlarini aniqlash.

5.Talabalarning oliy o’quv yurtini tugatgandan so’ng amaliy faoliyatga psixologik tayyorligi muammolarini ishlab chiqish.



6.O’qituvchi mehnati va shaxsi psixologiyasini, uning pedagogik mahorat va ijodining psixologik asoslarini o’rganish.

7. Oliy o’quv yurtlariga tanlash va yo’llash muammolarini tekshirish.

8.Talabalarning oliy o’quv yurtidagi ta’limga moslashish jarayonini, bitiruvchilarning mehnat faoliyati, sharoitlariga moslashish jarayonlarini tahlil qilish.

Oliy maktab psixologiyasining muhim vazifalaridan biri talaba faoliyatini psixologik tahlil qilishdan iborat.

Oliy maktab psixologiyasidagi tadqiqotlardan olingan ma’lumotlar turli fanlarni o’qitish metodikalarini yaxshilashga, talabalar ta’lim-tarbiyasi mahsuldorligini va o’zlashtirishni oshirishga yordam beradi.

Oliy maktabdagi psixologik tadqiqotlar metodikasi va metodologiyasiga to’xtalamiz.

Metodologiya - borliqni o’zgartirish va bilish metodlari haqidagi, bilish va tajriba jarayonlariga dunyoqarash tamoyillarini qo’llash haqidagi ta’limotdir. Oliy maktabdagi psixologik tadqiqotlar metodologiyasini dialektik materializm qonunlari va psixologiya fanini psixikaning mohiyati, ong va faoliyat birligi haqidagi, oliy maktabdagi ta’lim va tarbiya sharoitida psixik hodisalarni o’rganish jarayoniga umumiy talablar tashkil qiladi.

2.Oliy maktab psixologiyasi metodlari - rahbar o’qituvchilar, talabalar, faoliyatining psixik xususiyatlarini o’rganish usulidir. Oliy maktab psixologiyasining muhim metodlari kuzatish va eksperimentdir. Kuzatish metodining obyekti o’qituvchilar va talabalar xatti - harakatlarini kuzatish hisoblanadi. Eksperiment metodi kuzatish metodiga qaraganda faolroq: a/ laboratoriya eksperimenti, b/ tabiiy eksperiment.

Yordamchi metodlari

Suhbat - kuzatish va eksperimentni to’ldiradi. Suhbatiing muffaqiyati tadqiqotchiga ishonch, qulay psixologik iqlim yaratish hisoblanadi.

O’qituvchi va talabalar faoliyatini tahlil qilish metodi talabalar haqida muhim ma’lumotlar beradi. Test metodi - talabalar qobiliyatini, intilish darajasini va boshqalarni aniqlash imkonini beradi. So’rov va anketa metodi talabalarning turli hodisalarga munosabatini, fikrini o’rganish imkonini beradi.

Oliy maktab psixologiyasida tajribali o’qituvchilar fikrlaridan ham foydalaniladi. Psixolog tadqiqotlarda elektroensefalografiya metodi, miya biotoklarini yozib olish, talabalar holati va psixologik jarayonlarining obyektiv nazorat qilish uchun qo’llaniladi.

Shunday qilib, oliy maktab psixologiyasida turli metodlardan

foydalaniladi.

3. Talabalarga ta’lim berishning xususiyatlari.



Oliy mutaxassislik ta’lim bakalavrlik hamda magistraturaga bo’linadi.

Bakalavrlik - yo’nalishlardan biri bo’lib, bazaviy oliy ta’lim berish demakdir. Unda o’qish kamida 4 yil davom etib, u oliy ma’lumot va tayanch mutaxassislik diplomini olish bilan tugaydi.

Magistratura - aniq mutaxassislik bo’yicha oliy kasbiy


ta’lim bo’lib, bakalavrlik negizida kamida ikki yil davom
etadi. Undagi tahsil yakuniy kvalifikasion davlat
attestasiyasi va magistrlik dissertasiyasini himoya qilish
bilan nihoyasiga yetkaziladi. (2, 25)

Talabalarga ta’lim berish bu ularni bilimlar, ko’nikmalar va malakalar bilan qurollantirish maqsadida ular faoliyati va psixikasiga ta’sir qilishdir. Ta’lim jarayonida uning mohiyati asosida talabalar psixikasining turli tomonlari shakllanadi. Ta’lim bo’lg’usi mutaxassis shaxsining shakllanishida, ilmiy dunyoqarashining takomillashuvida, aqliy va boshqa xislatlarining rivojlanishida bevosita ahamiyatga ega.

Oliy o’quv yurtidagi ta’lim demokratik jamiyat qurilish nazariyasini yaxshi bilishni o’z ichiga oladi. Istiqloldan keyin ta’lim jarayonida qo’llanilib kelayotgan saboq berish va tarbiyalashning yo’l-yo’riqlari, vosita va uslublari tizimiga o’zbek xalqining o’ziga xos xususiyatlarini, muomala madaniyatini qadrlash va ma’naviyat durdonalarini kiritmasdan turib oliy maktabda o’qitish samaradorligini oshirish, sharqonona tarbiya nazariyasini talabalar ongiga singdirish mumkin emasligi darrov ko’zga tashlanadi.

Jahon madaniyati va maorifining ilg’or g’oyalaridan oqilona va unumli foydalanish bilan birga bir necha o’n asrlik tarixga ega bo’lgan, hatto unutilish darajasiga borib qolgan milliy tuyg’u, milliy xarakter, milliy qiyofa, milliy did va hokazolarsiz iymon, e’tiqod, vatanparvarlik, soflik, vijdonlilik, rostgo’ylik, ma’suliyat va burch hislarini tarkib toptirib bo’lmaydi. Milliy psixologik xususiyatlarni hisobga olgan holda ta’lim -tarbiya ishlarini yo’lga qo’yish, bunda tarbiyaga asosiy e’tiborni qaratish, uning birlamchi ekanligini tan oldirish muhimdir.

Zamonaviy oliy ta’limning muhim elementi bu metodologik tayyorgarlikdir. Fan va amaliyot shunday darajaga yetdiki, talaba bo’lg’usi ishida zarur bo’ladigan barcha narsalarni o’zlashtirishi va eslab qolishi mumkin emas.

Shuning uchun prof. N.F.Talizina talabalarga ortiqcha vazifa yuklashlarni yo’qotish uchun ma’lumotlarni saralashning yangi usulini taklif etadi:"Ko’p tayyor bilimlarni saqlash o’rniga xususiy hodisalarning barcha sistemasini tahlil qilish va qayta tiklash imkonini beradigan metodni saqlash zarur".



Oliy maktab o’qituvchisining vazifasi - mustaqil ish yo’nalishini ko’rsatish, metodika bilan tanishtirishdan iborat, O’qituvchining cho’qqiga kutarib olib chiqib qo’yishini kutmasdan shu cho’qqiga talabaning o’zi intilishi kerak. Shunday qilib, talabalarni ta’limning metodlari va tamoyillarining mazmunini asosiy o’quv tarbiya maqsadida bo’lishini, ularni har tomonlama kamol topgan, yuqori malakali mutaxassislar bo’lib yetishishlarini ta’minlashga bo’ysundirilmog’i lozim.

M.G.Davletshin, S.X.Jalilova (10) hozirgi zamon ta’limining asosiy yo’nalishlarini quyidagicha belgilagan:

a) Ta’limning har bir darajasini uzluksiz ta’lim tizimining tarkibiy qismi sifatida anglash. Bu yo’nalish maktab bilan oliy o’quv yurti o’rtasidagi1 aloqa muammolarinigina emas, balki talabalarning kasbiy tayyorligini oshirish vazifasini hisobga olgan holda oliy o’quv yurti bilan mutaxassisning ishlab chiqarish faoliyati urtasidagi aloqani ham ko’zda tutadi;

b) "Ta’limni industriallashtirish"ya’ni kompyuterlashtirish va texnologiyalashtirish asosida hozirgi zamon jamiyatining aqliy faoliyatini kuchaytirish;

v) Ta’limning hozirgi vaqtgacha ustunlik qilgan axborot beruvchilik shakllaridan faol o’qitish metoddari va shakllari o’tish. Bu yo’nalish "xotira maktabidan", "tushunish maktabi", "tafakkur maktabi"ga o’tishdan iborat;

g) o’quv tarbiyaviy jarayonni tashkil qilish va boshqarishning qat’iy belgilangan nazorat usullaridan rivojlantiruvchi, faollashtiruvchi, takomillashtiruvchi usullar va o’yin usullariga o’tish. Bu esa ta’lim oluvchilarning tashkiliy-ijodiy, mustaqil faoliyatini qo’llab-quvvatlash va uni rivojlantirishni toqazo etadi;

d) ta’lim oluvchi bilan muallim o’rtasidagi o’zaro ta’sirni tashkil etish, ta’limni ta’lim oluvchilarning birgalikdagi jamoa faoliyati sifatida tashkil qilish zaruriyati qayd qilinadi. Bunda asosiy urg’u "o’qituvchining bilim berish faoliyatidan talabaning bilim olish faoliyatiga" o’tkaziladi.

4. Oliy maktabga yo’llash va tanlash

1936 yil 4 iyundagi MK "Pedalogik qarashlarni to’xtatish haqidagi" qaroridan so’ng kasbga yo’llash, kasb tanlash bo’yicha maslahatlar berish ishlarining barchasi to’xtatib qo’yildi.

Fakat 60-yillarning o’rtalarida kasbga yo’llash ilmiy asoslangan xarakter kasb etdi. Kiyevda 1967 yilda bu muammoga bag’ishlangan anjuman bo’lib o’tdi. 1969 yilda I Umumittifoq anjuman bo’lib o’tdi. Qator shaharlarda ishga joylashish bo’yicha informasion byurolar tashkil etiladi /Kasb nimani talab qiladi, ish xarakteri, maoshi va hokazo.
Kasb - mehnat faoliyatining turi bo’lib, uni bajarish uchun inson maxsus bilimlarga, ko’nikma va malakalarga, qobiliyatlarga ega bo’lishi zarur. Kasbga yo’llash va oliy maktabga tanlash ishlari professiografiyaga asoslanishi kerak.

Kasblarni va mutaxassisliklarni psixologik nuqtai nazardan o’rganmasdan, kasbiy faoliyat xususiyatlarini, shaxsga qo’yiladigan talablarni tushunish mumkin emas. Kasbga yullash asosan 2 maqsadni ko’zlaydi:

1. Yoshlarga zarur kasblarni tanlashga yordam beradi, har bir inson o’ziga berilgan ishni a’lo darajada bajarilishi uchun.

2. Yoshlarda mehnatdan ijodiy zavq, qoniqish hissi paydo bo’lishi uchun, ular o’zlari eng yaxshi xislatlarini namoyon qila olishlari zarur.

Kasbga yo’llash asosan maktablarda olib boriladi. Kasbga yo’llash 3 bosqichdan iborat: tayyorlov, asosiy, aniqlovchi. Tayyorlov bosqichda o’quvchiga kasbga yo’llash va kasb haqida ma’lumotlar berishadi. Asosiy bosqichda o’quvchi o’z qobiliyatlaridan kelib chiqib bo’lg’usi tanlagan kasbida kerak bo’ladigan fanlar bo’yicha to’garaklarga, fakul’tativlarga qatnaydi, zarur adabiyotlar bilan tanishadi /badiiy/. Kasb tanlash bo’yicha maslahatlar berish, 9-10 sinf o’quvchilariga o’z imkoniyatlariga qarab tanlashga yordam beradi. Aniqlovchi bosqichda maktab bitiruvchilari siz bergan maslahatlar asosida kasb tanlab, o’qiyotgani yoki ishlayotganini nazorat qilishdan iborat.

Respublikamiz mustaqilikka erishgandan so’ng 1993 yilda psixologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini berish bo’yicha K.113.18.05 Ixtisoslashgan kengash psixologiya fanlari doktori,professor M.G.Davletshin tashabbusi bilan, bevosita uning rahbarligida ochildi. Ana shu Kengashda birinchi bo’lib, N.Majidov «O’qituvchi kasbiga yo’llash ishlarining psixologik jihatlari» mavzuida nomzodlik dissertasiyasini himoya qildi. N.Majidov o’z tadqiqotida o’rta maktablarda tashkil etilgan pedagogik sinflar misolida o’kituvchi kasbiga yo’llash ishlarini olib borgan. Uning bu ishlari qatoriga o’qituvchilik kasbining ijtimoiy ahamiyatini tushuntirishda psixologik-pedagogik fanlar imkoniyatlaridan foydalanish, pedagogik sinf o’quvchilarini har xil mehnat ishlariga, jumladan, pedagogik mehnat elementlariga tortish, (boshlang’ich sinf o’quvchilari bilan ishlash, kuni uzaytirilgan guruxlarda o’zlashtirmovchi o’quvchilar bilan ishlash) va boshqalarni kiritish mumkin. (18)

Oliy o’quv yurtiga tanlash

Kasb tanlash - bu tanlovchining shaxsiy xususiyatlariga bog’liq ravishda bo’lg’usi tanlagan kasbida eng ko’p kasbga yaroqliligini namoyon qila olishga imkon beradigan tanlash jarayonidir. Insonning individual hususiyatlari bilan u tayinlangan lavozimga mosligi kasbga yaroqlilikning psixologik ta’rifidir. Kasb tanlash shunday amalga oshirilishi kerakki, abituriyentlarning shaxsiy xususiyatlari, psixik jarayonlari, tajribasining xususiyatlari aniqlanishi kerak.

Mavzuni mutahkamlash uchun savollar:

1.Oliy maktab psixologiyasi fanining predmeti nima?

2.Oliy maktab psixologiyasi fanining metodlari?

3.Oliy maktab yo’llash va tanlash sizningcha, nimalardan iborat?

Bilim tufayli odam buyuklashib, shuhrat topadi.

Kishilar orasida yuqorilashadi, barcha ishi unadi.

Bilimsiz kishi quruq bo’yoq va suratdir.

Bilimli kishining o’rni ko’kdan ham baland.

Yusuf Xos Hojib



2-mavzu. Talabalik davrining psixologik xususiyatlari (2s)

Reja:

1 .Talabalarni tarbiyalashning psixologik xususiyatlari.

2. O’qish – talabalarning yetakchi faoliyati sifatida.

3. Talabalar jamoatchilik faoliyatining psixologik xususiyatlari.

4. Talabalar ilmiy faoliyati



Maqsadi: talabalarning asosiy faoliyat turlari haqida tushuncha hosil qilish.

1 .Talabalarni tarbiyalashning psixologik xususiyatlari

"Talaba" atamasi lotin tilidan kelib chiqqan bo’lib, bilimlarni egallovchi, o’z ustida tinmay mustaqil ishlovchi degan ma’noni bildiradi. Talaba bu ishlab chiqarish faoliyatiga tayyorlanayotgan yoshlardir. Talabalarni tarbiyalash - bu qobiliyat, onglilik, burch hissi, intizomlilik, odamlar bilan ishlash, o’z-o’zini tanqid qilish kabi shaxs xislatlari va xususiyatlarini shakllantirish maqsadida ularning psixikasiga va faoliyatiga ta’sir qilishdir.

U yoki bu xislatning tuzilishi va tabiatini bilgan holda, turli predmetlarning tarbiyaviy imkoniyatlaridan foydalanish mumkin: Oliy maktabda tanlangan kasbga qiziqish va tanlangan kasbni yoqtirishni tarbiyalash - talabalarda tanlangan kasbning ijtimoiy ahamiyatini to’g’ri tasavvur qilish, har bir talaba o’z kasbiga yaroqliligi haqida qat’iy ishonch, oliy o’quv yurti o’quv rejasida ko’zda tutilgan barcha fanlarni egallash zarurligini tushunish, ish foydasiga o’z-o’zini tarbiyalay olishga yo’llash o’z bilimlarini doimo to’ldirib borish kabi yo’llar bilan amalga oshiriladi.



Yoshlar kattalardan farqli ravishda hayot maktabidan o’tmagan bo’ladilar. Ularda mehnat tajribasi, kattalarni hurmatlash, ularning eng yaxshi an’analarini va ma’naniy qadriyatlarni qadrlash tajribasi yetishmaydi. Talabalarni tarbiyalashning so’nggi natijasiga xususiy, har kungi doimo o’zgaruvchi tarbiyaviy vazifalarni hal qilish yo’li bilan erishiladi.

Inson shaxsining shakllanishi butun hayoti davomida ro’y beradi, lekin aynan oliy o’quv yurtida mutaxassis xislatlarining asosi qo’yiladi. Shaxs xislatlarini shakllantirishda, tarbiya tamoyillari va metodlari qo’llaniladi.



Tarbiya tamoyillari quyidagilar:

Jamoada tarbiyalash, indivudual yondashuv, maqsadga intiluvchanlik, ijobiy xislatlarga suyanish va boshqalardir. Tarbiya metodlari: ishontirish, mashq qildirish, taqdirlash, namuna bo’lish va boshqalar kiradi.

2. O’qish talabalarning yetakchi faoliyati sifatida

Ma’lumki, talabalarning yetakchi faoliyati o’qish
hisoblanadi. O’quv faoliyati jarayonida mutaxassislarni
tayyorlashning asosiy maqsadlariga erishiladi. O’qish faoliyati talabani psixik jarayonlarining xususiyatlari
rivojlanishiga kasbiy muhim bilimlar, ko’nikmalar va
malakalarni egallashga ta’sir ko’rsatadi. Agar o’qish ijodga
aylansa, talabalarning hissiy sohasiga ijobiy ta’sir qiladi, diqqat va xotirasini rivojlantiradi, qoniqish hissini paydo qiladi, bilish faoliyatiga qiziqish ortadi.

A.A.Abdurazzoqov va E.Nazirovlarning o’tkazgan tadqiqotlaridan ma’lum bo’lishicha, birinchi va ikkinchi kurslarda auditoriyada beriladigan vazifalarga qiziqish kuchli bo’ladi. Yuqori kurslarda esa, auditoriyadan tashqari vazifalarga va mutaxassislikka bog’liq fanlarni chuqur o’rganishga qiziqish kuchayadi. Shuning uchun talabalarning o’quv faoliyatini rejalashtirishda ularning bu xususiyatlarini e’tiborga olish maqsadga muvofiq.

Oliy o’quv yurtidagi o’quv yuklamalari hajmi shundayki, ularni muvaffaqiyatli bajarish uchun kuchli motivlar kerak. A.N. Leontyev, L.N. Bojovich, P.Ya. Yakobson, V. Okon va boshqalarning tadqiqotlaridan ma’lum bo’lishicha, ijobiy motivasiyasiz talaba va o’quvchilar shaxsining tashqaridan majburlab o’qitilsa, kutilgan natijaga erishish mumkin emas. Demak, agar talaba tashqaridan majburlab o’qitilsa, kutilgan natijaga erishish mumkin emas ekan.

Talabalarning o’quv faoliyati bilan o’z-o’zini baholashlari o’rtasidagi bog’liqlik ham ancha qiziqish uyg’otadi. Tadqiqotlarda shaxsning 27 ta ijobiy psixologik xislatlariga (talabalar o’zlariga o’zlari baho berishgan hamda guruh a’zolari ularga)



baho berishgan. O’z-o’ziga baho va guruhiy bahoni taqqoslab, quyidagi qonuniyat aniqlandi. O’quv faolligi yuqori, ya’ni yaxshi o’qiydigan talabalarda guruhning bahosi o’z-o’zini baholashdan yuqori. Yomon o’qiydigan talabalarda esa, teskari bog’liqlik ko’rinadi, ya’ni ular o’zlarini o’zlari guruhning bahosiga qaraganda yuqori baholaganlar.

Tadqiqotchilar shaxsning o’z-o’zini anglashi tuzilishida o’z-o’zini baholashni muhim element sifatida qarab quyidagi xulosalarga keldilar. Past o’zlashtiruvchi talabalar o’zlarining asosiy ijtimoiy psixologik xislatlarini baholashda notanqidiy yondashuv bilan ajralib turadilar.



O’quv motivasiyasi o’zgaruvchandir: o’qishning birinchi oylarida u juda kuchli bo’ladi, talabalarning uchdan bir qismida u o’zgarishsiz qoladi. O’quv motivasiyasiga quyidagi omillar ta’sir qiladi; mashg’ulotlarning mazmuni, o’qitish metodikasi, o’qituvchining shaxsi, talabalar jamoasidagi o’zaro munosabat, erishilgan natijalar, musobaqalar. Ko’pincha talabalar o’qitish darajasidan norozi bo’ladilar. Ijodiylik, tadqiqotchilikka e’tibor berilgan o’quv faoliyati ular uchun qiziqarlidir.

Talabalar bilan o’tkazilgan eksperimental tadqiqotlar ijobiy o’quv motivlarini shakllantirishga bog’liq bo’lgan ba’zi sharoitlarni aniqlash imkonini beradi. Ular: 1. /ta’limning - yaqin/bevosita/ va oxirgi /perspektiv/ maqsadlarini anglash, 2./o’zlashtirilgan bilimlarning nazariy va amaliy ahamiyatini anglash /N.F. Dobrinin/, 3/ilmiy ma’lumotni hissiy shaklda bayon etish, 4/ o’quv materialining yangiligi va uning mazmunini yetkazish, 5/ o’quv materialining kasbiy yo’nalganligi, 6/ o’quv faoliyatida qarama-qarshi ma’lumotli vazifalarni tanlash, 7/ guruhlarda bilishga intiluvchanlikni va qiziquvchanlikni qo’llab-quvvatlash.

Talabalarning o’quv faoliyati respublikamizda E.G’.G’oziyev rahbarligida uning shogirdlari tomonidan zo’r qiziqish bilan
o’rganildi. Jumladan, X.A.Ruxiyeva «Talabaning o’quv faoliyatini o’zi boshqarishning psixologik xususiyatlari» mavzuidagi nomzodlik dissertasiyasida unumlashgan o’quv faoliyati usullari sistemasi orqali o’quv faoliyatini o’zi boshqarish metodlarini ishlab chiqdi. X.A.Ruxiyeva tadqiqotida o’quv faoliyatini boshqarish deganda, maqsadga yo’naltirilgan, rejalashtirilgan, nazorat qilinadigan, sistemalash tiriladigan, tashkil qilinadigan, mustaqil bilim olishga qodir bo’lgan faoliyatni tushunildi. Tadqiqotda o’z-o’zini boshqarishning barcha komponentlari, tarkibiy qismlarining jamiki darajalari o’zaro bir-biriga ta’sir o’tkazish xususiyatlariga egaligi, professional qiziqishni takomillashtirish va faoliyatni amalga oshirishda uchraydigan to’siqlarni yengish orqali talaba o’quv faoliyati subyektiga aylanishi isbotlangan (21).

Shunday qilib, talabalarning o’quv faoliyati uchun kuchli aqliy zo’riqish, turli motivlar xos.

3.Talabalarning jamoatchilik faoliyatlarining psixologik xususiyatlari

Talaba shaxsini har tomonlama rivojlantirish uchun o’quv faoliyati bilan birgalikda boshqa faoliyat turlari ham zarur. Ijtimoiy siyosiy faollikni oshirish talabaning ma’naviy yetilishida, ijtimoiy tajribani to’plashda, amaliy ishda uchraydigan tashkiliy vazifalarni hal qilishda jamoatchilik faoliyatlari muhim zamin hisoblanadi.

Jamoatchilik ishlari bilan shug’ullanadigan talabalar uning bo’lg’usi faoliyat uchun ahamiyatini tushinib yaxshi o’qishadi, ularda ijobiy o’quv motivlari kuchli.

Oliy o’quv yurtiga topshirgunga qadar jamoat ishlari bilan shug’ullangan abituriyentlarning ko’p qismi, u yoki bu jamoat topshiriqlarini bajarishni davom ettiradilar, bu esa oldingi malaka va qiziqishlarning barqarorligidan dalolat beradi. Jamoatchilik faoliyatiga to’g’ri munosabatni shakllantirishning o’zi yetarli emas, balki har bir jamoat topshirig’i talaba tomonidan ijobiy idrok etilishi muhim.

«Jamoat ishlari bilan shug’ullanishga sizni nima undaydi?» degan savolga talabalar o’zlarini ko’rsatish va shaxslarini rivojlantirish motivlari yuksak ahamiyatga egaligini ko’rsatganlar. Birinchi o’rinda ijtimoiy siyosiy yo’nalgan motivlar odamlarga foyda keltirish motivi ko’rsatildi. Ikkinchi o’rinda topshirilgan ish uchun guruh jamoasi oldida javobgarlik hissi, oliy o’quv yurtidagi ishlardan xabardor bo’lish istagi turadi.Jamoatchilik ishlari bilan shug’ullangan talabalarda muloqotga kirishuvchanlik, ko’pchilik oldida o’zini tuta bilish, ma’suliyat, mustaqil fikrlash kabi shaxs xislatlari rivojlanadi. Shunday qilib, jamoatchilik ishining psixologik xususiyatlari talabalarning ularga munosabatida, jamoat ishlarida ishtirok etish motivlarida, uning shaxs sifatida shakllanishiga ta’sirida ko’rinadi.

4. Talabalar ilmiy faoliyatining xususiyati.

Ko’pchilik oliy o’quv yurtlari yirik o’huv ilmiy markazlarga aylandilar. Ilmiy tadqiqotlarni o’tkazgan oliy o’quv yurti bitiruvchilari, o’z kasblariga ijodiy yondashadilar, ularda mehnatga tayyorgarlik yuqori, mehnatga ko’nikishga oz vaqt ketadi.



Ilmiy ishlarda ishtirok etish ijodiy tafakkur, tashabbuskorlik, mustaqillikni, ko’p ma’lumotlar ichidan zarurlarini tanlab olishni rivojlantiradi. Talabalar ilmiy faoliyatining muhim xususiyatlari quyidagilar hisoblanadi; 1/ uning maqsadlarining o’quv maqsadlariga bo’ysundirilganligi, 2/ asosiy motivlar bilish motivlari hisoblanadi, 3/ilmiy ishlar o’qituvchilar va ilmiy xodimlar rahbarligida amalga oshiriladi.

Talabalarning ilmiy ishlarda ishtirok etishdan maqsadi - kasbiy mustaqillikni, mehnat faoliyatiga borganda amaliy vazifalarni ijodiy hal qilish qobiliyatini rivojlantirishdan iborat.

Shu bilan birga talabaning ilmiy faoliyati bu shaxsning ma’lum darajada o’zini ifodalashi, hayotiy o’zini ko’rsatishga intilishidir. Ilmiy ishlarda ishtirok etish motivlari I kursdayoq paydo bo’ladi. Ilmiy ijod motivlarini kuchaytiradigan muhim omillar I kurs talabalariga o’qituvchilarning, yuqori kurslarda o’rtoqlarining ta’siri katta. Talabalarning ilmiy tadqiqot faoliyatining maqsadi va motivlarni shakllantirishning asosiy sababi ularning mustaqil ishini tashkil qilish hisoblanadi. Talabalarning ilmiy tadqiqot ishlari quyidagi ishlarni o’z ichiga oladi:



1. Kurs ishlari.

2. Ilmiy referatlar.

3. Olimpiadalarda ishtirok etish.

4. Talabalar anjumanlarida ishtirok etish.

5. Diplom ishlari.

6. Magistrlik dissertasiyalari

Talabalarning ilmiy tadqiqot ishlarining mahsuldorligi haqida nafaqat ularning seminarlardagi chiqishlarining ijodiy darajasiga qarab emas, balki, kurs va diplom ishlarining sifatiga qarab, yuqori reyting ballariga qarab ham xulosa chiqarish mumkin. Talabalarning ilmiy tadqiqot ishlariga o’rganayotgan sohalari bo’yicha ilmiy tadqiqotlarni o’tkazish metodikasi va metodologiyasi bo’yicha bilimlarni chuqurlashtirish, ilmiy topilmalar tarixi bilan tanishtirish ijobiy ta’sir qiladi.

Birinchi kurslardan boshlab, hamma tadqiqotlarning natijasi kurs va diplom ishlari himoyasi hisoblanadi. Ular dastlabki chuqur ilmiy ish hisoblanadi. Bu ishlarni talabalar ilmiy to’garaklarida qatnashgan talabalar muvaffaqiyatli bajaradilar.

Oliy maktabda talabalarning ilmiy tadqiqot ishlari tizimi

  1. O’zbekiston Respublikasi kadrlar tayyorlash milliy modelining tarkibiy qismlaridan biri fan - yuqori malakali mutaxassislar tayyorlovchi va ulardan foydalanuvchi, ilg’or pedogogik va axborot texnologiyalarini ishlab chiquvchi xisoblanadi. Kadrlar tayyorlash tizimiga ilm-fanning uzviy ravishda kirib borishi uchun quyidagilar zarurligi milliy dasturda belgilangan:

    • ilg’or pedogogik texnologiyalarni yaratish va o’zlashtirish yuzasidan maqsadli innovasion loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish yo’li bilan ilm fanning ta’lim amaliyoti bilan aloqasini ta’minlash;

- ilg’or axborot va pedagogik texnologiyalarni joriy etish uchun eksperemental maydonchalar barpo etish orqali ilmiy tadqiqot natijalarini o’quv-tarbiya jarayoniga joriy etish mexanizmini ro’yobga chiqarish;

- yuqori malakali kadrlar sifatini oshirish, yoshlarning ilmiy ijodiyotini har tomonlama qo’llab- quvvatlash;

- talabalar va yosh olimlarning ilmiy yutuqlari uchun maxsus mukofotlar, sovrinlar, stipendiyalar ta’sis etish, yoshlar ilmiy texnika ijodiyotini doimiy ishlaydigan ko’rgazma va ekspozisiyalarini tashkil etish.

2. Oliy ta’limning davlat ta’lim standartida bakalavriyat va magistratura ta’limiga qo’yilgan umumiy malaka talablari qatorida quyidagilar belgilangan:

- o’z ustida mustaqil ishlash va mehnat faoliyatini ilmiy asosda tashkil qila olish;

- ilmiy va ilmiy texnik axborot bilan ishlash ko’nikma va malakalarini shakllantirish;

- ilmiy ijodiyot metodologiyasi, bilishning umumiy usullari, empirik va nazariy tadqiqot usullari, qonunlar, qoidalar mantig’ini asoslash va inkor etish yo’llariga doir bilimlarni egallash.

Magistratura ta’limining ilmiy faoliyat bloki, ilmiy tadqiqotlar metodologiyasini o’zgartirishni, ixtisoslashgan ilmiy va ta’lim muassasalarida talabalar muayyan ilmiy tadqiqot va ilmiy-pedogogik ishlarni bajarishlarini nazarda tutadi.

3. O’zbekiston ijtimoiy ishlab chiqarish, madaniy ma’rifiy sohalarida jahonning rivojlangan mamlakatlari darajasiga erishishi uchun mehnatni ilmiy asosda tashkil etish lozim. Xalq xo’jaligining barcha tarmoqlari, madaniyat, ma’naviyat, ta’lim, sohalarida, mehnatni ilmiy tashkil etish hayotiy zaruriyatga aylandi. Shuningdek, pedagogik xodimlar mehnatini ham ilmiy asosda tashkil etish davr talabidir. Bu, avvalo, barcha ishlarni aniq va puxta uyushtirish, ta’lim-tarbiya ishlarini tashkil etishga ilmiy yondoshish demakdir. Bo’lajak mutaxassislar oliy ta’lim muassasasida o’qish davrida faqat fan bloklari va kasbiy bilimlarni chuqur egallashlarining o’zigina kifoya qilmaydi, ulardagi iqtidor va qobiliyatlarni o’stirish, talabalarni ilmiy tadqiqot ishlariga kengroq jalb etib, tadqiqotchilik malaka va ko’nikmalarini hosil qilish, ilmiy ijod metodologiyasi va usullarini egallab olishga erishish zarurligi, yuqorida keltirilganidek, O’zbekiston Respublikasining me’yoriy hujjatlarida aniq belgilangan,

4. Oliy ta’lim muassasasida talabalarning ilmiy tadqiqot ishlari o’z navbatida ulardan chuqur, mustahkam bilim egallashni talab qiladi. Mustaqil, puxta bilimlarsiz amaliy ishlarga ijodiy yondoshish, o’quv tadqiqot, ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish mumkin emas.

5. Oliy maktabda talabalarning ilmiy tadqiqot ishlari asosi, kasbga doir pedagogik, o’quv-tarbiyaviy yo’nalishlarda amalga oshiriladi. Uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- talabalarda tadqiqotchilik faoliyatiga, ijodiy izlanishga qiziqish o’stirish, o’quv-tarbiyaviy ishlarga ilmiy yondoshish malakasini hosil qilish;

- mutaxassislikka oid va boshqa fanlar blokini o’rganish jarayonida o’quv tadqiqot ko’nikma va malakalarni shakllantirish;

- adabiyotlar va boshqa ilmiy manbalarni o’rganish va tahlil qilish qobiliyati, malakalarini o’stirish;

- o’quvchilar bilan olib boriladigan ta’lim-tarbiya ishlari, shuningdek, mutaxassislik fanlari sohasida muammolarni ko’ra olish va shu sohada ilmiy tadqiqot ishlarini bajara olish ko’nikma va malakalarni egallash;

- ilmiy tadqiqot metodlarini bilib olish va ularni amalda qo’llay olishni o’rganish.

6. Talabalar bajaradigan ilmiy tadqiqot ishlari ikki yo’nalishda tashkil etiladi: birinchisi, o’quv mashg’ulotlari bilan bog’liq tadqiqot ishlari; ikkinchisi, kafedralarning ilmiy yo’nalishlari bilan bog’liq ilmiy tadqiqot ishlari.

7. O’quv mashg’ulotlari bilan bog’liq tadqiqot ishlariga qo’yiladigan talablarga quyidagilar kiradi;

- ilmiy adabiyotlar va manbalarni, internet axborotlarini, vatan va chet el olimlarining asarlarini, shuningdek, ilmiy tadqiqot metodologiyasi va metodlariga doir adabiyotlarni o’rganish va tanqidiy tahlil qilish;

- o’quv fanlaridan amaliy mashg’ulotlar uchun tajriba va eksperiment materiallarini to’plash, tayyorlash;

- laboratoriya mashg’ulotlariga tayyorlanish va uni bajarish bilan bog’liq tadqiqot ishlari;

- maxsus kurs va seminarlarni o’rganish bilan bog’liq o’quv tadqiqot ishlari;

- to’plangan tadqiqot materiallari asosida referat, doklad va ma’ruza matnlarini tayyorlash;

- pedagogik, ishlab chiqarish va dala amaliyotlari davomati, o’quv ekspedisiyalari vaqtida o’quv topshiriqlari bo’yicha yakka va jamoaviy tadqiqot ishlari olib borish; o’quvchilarning qiziqishlari, indivudal xususiyatlarini o’rganish; jamoada shaxslararo munosabatlar, bir maqsadga qaratilgan pedagogik, psixologik va sosiologik tadqiqotlar; yoshlar e’tiqodi va ideali, ta’lim-tarbiya usullarini qiyosiy o’rganish; arxeologik, etnografik tadqiqotlar; gerbariylar to’plash, fenologik va metereologik hodisalarni o’rganish; o’quv ustaxonalarida mehnat ta’lim usullarining samaradorligini tadqiq etish kabilar;

- kurs ishlari, doklad, ilmiy ma’ruzalarni tajriba-tadqiqot yo’nalishida bajarish kabilar.

8. Kafedralarning ilmiy tadqiqot yo’nalishlari bilan bog’liq talabalarning ilmiy tadqiqot ishlariga quyidagilar kiradi:

- talabalarning ilmiy (fan) to’garaklaridagi ishlari. To’garaklarda talabalar mavzu tanlashni, bibliografiya tuzishni, ilmiy bilish metodlari va tadqiqot usullarini o’rganadilar, adabiyotlar,Internet va boshqa manbalar asosida ilmiy doklad, ma’ruzalar tayyorlaydilar, o’zlarinig tadqiqot ishlari haqida chiqishlar qiladilar, ilmiy muammolarini muhokama qilishda, munozaralarda qatnashish;

- kafedra o’qituvchilari, aspirant, doktorantlar bajaradigan ilmiy ishlarda, shuningdek, korxonalar, xalq ta’limi tizimidagi ilmiy metodik muasassalar tomonidan olib boriladigan tadqiqot ishlarida qatnashish;

- ilmiy tadqiqot muassasalari tomonidan o’tkaziladigan arxeologik, etnografik va boshqa ekspedisiyalarda ishtirok etish;

- konstruktorlik byurolaridagi ishlarda, grant, shartnoma asosida olib boriladigan tadqiqot ishlarida qatnashish; asboblarni konstruksiya qilish, ta’limning texnik vositalari, ko’rsatmali qurollarni yasash, jamoa xo’jaliklarida, ta’lim muassasalarida mehnatni ilmiy tashkil etishni o’rganish;

- o’zining ilmiy tadqiqot natijalari asosida konkurslar, olimpiadalarda qatnashish;

- malakaviy bitiruv ishlari, magistrlik dissertasiyalarini tayyorlash, himoya qilish, ilmiy maqolalar, risolalar tayyorlash, chop ettirish va boshqalar.

Shunday qilib, talabalarning ilmiy tadqiqot faoliyati ularning aqliy faolligini oshiradi, o’quv materialini ijodiy o’zlashtirishga yordam beradi, ilmiy tafakkurni rivojlantiradi, shaxsning kasbiy muhim xislatini shakllantiradi.

Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:

1. Talabalarning yetakchi faoliyati?

2. Talabalar ilmiy faoliyatiga nimalar kiradi?

3. Jamoatchilik faoliyati bilan shug’ullangan talabalarda qanday shaxs xislatlari shakllanadi?


3-Mavzu. Talabalar jamoasining shakllanishi va rivojlanishining psixologiyasi (2 soat)

Reja:

I. Jamoa va uning turlari.

2. Talabalar jamoasini shakllantirish yo’llari.

3.Murabbiylarning talabalar jamoasini

mustahkamdagi roli.

4. Talabalar faoliyatining xususiyatlari.

5. Talabalar jamoasi faoliyatining psixologiyasi

Maqsadi: Talabalar jamoasi rivojlanishining psixologik xususiyatlari haqida tushuncha hosil qilish.
I. Jamoa va uning turlari.

Talabalar jamoasi deganda, biror umumiy maqsad yo’lida birlashgan kishilar guruhi, biror vazifani bajarish uchun jamiyat tomonidan maxsus ravishda tashkil etilgan odamlar birlashmasi tushuniladi. Odatda, umumiy va boshlang’ich jamolarga bo’linadi.

A’zolari bir-biri bilan doimiy, bevosita aloqada bo’lgan jamoa boshlang’ich jamoa deb ataladi. Boshlang’ich jamoada yigit va qizlar birgalikda bajariladigan faoliyat jarayonida, yagona maqsad uchun bevosita kurashib bir-birlari bilan ijtimoiy aloqada bo’ladilar. Boshlang’ich jamoa eng yaqin ijtimoiy muhitdir. Oliy maktabda o’quv guruhi, ilmiy to’garak kabilar boshlang’ich jamoa o’quv ishlari, ilmiy ishlar, ijtimoiy foydali mehnat, jamoat topshiriqlari kabi vazifalarni bevosita bajaradi.

Boshlang’ich jamoada ijtimoiy xulq tajribasi hosil qilinadi, odatlar shakllanadi. Talabalar guruhda har kuni o’zaro aloqada, munosabatda bo’ladilar, har bir talabaning yaxshi yoki yomon barcha qiliqlari o’rtoqlarining ko’z oldida sodir bo’ladi va beixtiyor ravishda ularning xatti-harakatlari, xulqi to’g’risida o’ylashni bu xatti-harakatlarga nisbatan ma’lum munosabatda bo’lishni, unga baho berishni talab etadi.

Fakultet va oliy o’quv yurti jamoasi bir qadar umumiy birlashma bo’lib, umumiy jamoa hisoblanadi. Lekin u boshlang’ich jamoalarning mexanik ravishda birlashuvidan iborat emas, balki undan sifat jihatidan farq qiladi. Fakultet va oliy o’quv yurti jamoasida yoshlarning aloqa va bog’lanishlari birmuncha murakkablashgandir. Agar boshlang’ich jamoada kishilar bevosita bog’lanish asosida va birgalikda bajariladigan faoliyat jarayonida aloqada bo’lsalar, birlashsalar, umumiy jamoada esa, avvalo, tashkilotning ish rejasi, prinsiplari, qurilishi tufayli umumiy maqsadni, umumiy vazifalarni bajarish uchun birlashadilar. Fakultet va o’quv yurti jamoasida talabalar bir-birlari bilan bevosita bog’lanadilar va bu bog’lanishlar oliy o’quv yurti faoliyatining tashkiliy va ma’naviy yo’nalishiga bog’liq bo’ladi.

O’quv guruhi oliy o’quv yurti jamoasining bir qismi hisoblanadi. Uning samarali ishlari fakultet va oliy o’quv yurti jamoasida tashkiliy va tarbiyaviy ishlarning qay darajada uyushtirilganligiga bog’liq. Agar oliy o’quv yurtining faoliyatida yagona tartib-intizom, yagona reja mavjud bo’lmasa, ayrim guruhning faoliyati samarali bo’lishi juda qiyin. Umumiy jamoada ishlarning tashkil etilishi boshlang’ich jamoaning faoliyatini belgilaydi, unga ta’sir etadi, chunki boshlang’ich jamoaning faoliyati umumiy jamoa faoliyatining aniq ifodasidir.

Umumiy jamoaning barcha yutuqlari, shuningdek, uning faoliyatidagi ba’zi kamchiliklar boshlang’ich jamoa va uning ayrim a’zolari faoliyatiga ta’sir o’tkazadi. Shuning uchun ham boshlang’ich jamoadagi tarbiyaviy ishlarni yaxshilash uchun jiddiy kirishish umumiy jamoa yaratish sohasidagi ishlarni kuchaytirishni talab etadi. Oliy o’quv yurtidagi barcha ishlarni izchil, rejali umumiy maqsadga yo’naltirilgan bo’lishi boshlang’ich jamoa faoliyatining sermazmun bo’lishi uchun zaruriy shartdir. Guruhning ish rejasi har qancha mukammal o’ylab tuzilgan bo’lsa ham, uni amalga oshirish uchun qancha faol kirishilsa ham, baribir, agar oliy o’quv yurtidagi ishlarning umumiy rejasiga asoslanmagan bo’lsa, kutilgan natijaga erishib bo’lmaydi.

Kishilarni rasmiy ravishda ma’lum guruhga to’plash bilan jamoa hosil bo’lmaydi. Guruhga to’plangan odamlar jamoa tashkil qilishi uchun ular orasida o’zaro mustahkam ma’naviy-ruhiy aloqalar bo’lishi lozim. Boshqacha aytganda, obyektiv ijtimoiy faoliyat va demokratik boshqaruv asosida guruhdagi kishilarni bir-biriga mahkam birlashtiradigan, ularning hatti-harakatlarini tartibga soladigan va ma’naviy o’sishiga, rivojlanishiga imkon beradigan holat vujudga kelgan taqdirdagina jamoa yaratish mumkin.

Shunday qilib, pedagogika va psixologiya fanlari jamoada quyidagi belgilar mavjud bo’lishi lozim, deb hisoblaydi.

Jamoa a’zolari, avvalo, umumiy maqsad yo’lida birlashadilar.

Jamoaning yagona maqsadi va umumiy intilishlari shaxsiy hamda ijtimoiy qimmatga ega bo’ladi.

Jamoa uchun muhim belgilardan yana biri-birgalikda faoliyat ko’rsatishdir. Bunday faoliyat shaxsiy va ijtimoiy foydali maqsadni ko’zda tutadi. Ana shu faoliyat jarayonida jamoa a’zolarida mas’uliyat, talabchanlik, prinsipiallik, bir-biriga do’stona ko’maklashish, o’zaro bir-biriga itoat etish munosabatlari vujudga keladi. Bu munosabatlar jamoada shaxsning shakllanishi uchun asosiy vosita hisoblanadi.

Jamoaning shakllanishi muammosiga doir ilmiy tadqiqot o’tkazgan olimlar unda ikki xil munosabatlar mavjudligini ta’kidlaydilar.

Birinchisi – rasmiy, ya’ni starosta bilan talaba o’rtasidagi munosabatlar;

Ikkinchisi – norasmiy (shaxsiy): yoqtirish, yoqtirmaslik, samimiyat va adolat kabi munosabatlar. Bu xil munosabatlarning ikkalasi ham bir guruhda va shu guruh a’zolari o’rtasida mavjud bo’ladi. Bu munosabatlar bir-biriga ta’sir o’tkazadi. Xizmat vazifasiga oid munosabatlar jamoada yetakchi munosabat hisoblanadi. Lekin jamoa a’zolari o’rtasidagi norasmiy (shaxsiy) munosabatlarni ham e’tiborga olmaslik mumkin emas.

Shakllangan jamoada bu munosabatlar bir-biriga mos, uyg’un bo’ladi. Rasmiy va norasmiy munosabatlarning birligi jamoada qulay ma’naviy-ruhiy va ahloqiy muhitni vujudga keltiradi, bunday muhit jamoaning va jamoa a’zolarining ma’naviy- ahloqiy o’sishiga imkon beradi.

Faollar bo’lmasa tashkilot ham, jamoa ham bo’lmaydi. Jamoa, bu tirik organizmdir va har qanday tirik organizm singari jamoa ham o’z organlariga, a’zolariga ega bo’ladi. Agar a’zolar ishlamasa, tashkilot xarob bo’ladi. Ishchan, obro’li, barcha a’zolarini o’z ortidan ergashtira oladigan kishining, faolning mavjudligi jamoaning shakllanganligini ko’rsatuvchi muhim belgidir.

Jamoada hamma teng bo’lishi kerak: saylab qo’yilgan rahbar ham, unga itoat etuvchilar ham teng huquqga ega bo’lishlari lozim. Jamoaning rahbarlari alohida imtiyozlarga ega bo’lishi mumkin emas, chunki u notekis munosabat, nosog’lom, yomon kayfiyatni hosil qiladi, jamoa a’zolari o’rtasidagi munosabatlar murakkablashadi va jamoaning tarbiyaviy ta’siri kamayadi.



2. Talabalar jamoasini shakllantirish yo’llari

Talabalar jamoasini shakllantirishning yullari qanday?

Dastavval ta’kidlash joizki, jamoadagi munosabatlar shaxsning mustaqilligini har tomonlama rivojlantiradi, Har bir talabalar guruhi o’z murabbiylariga ega bo’lib, u jamoani jipslashtirishda, guruhning ijtimoiy burch hissini shakllantirishda. ijodiy tashabbuskorlik va mustaqillikni rivojlantirishda katta rol o’ynaydi. Murabbiylar uchun rag’batlantirish choralari ham mavjud: rektoratning, kasaba uyushmasining fahriy yorlig’i bilan taqdirlash, “Yilning eng yaxshi murabbiysi” tanlovida ishtirok etish, eng yaxshi murabbiylarni hurmat taxtasiga rasmini qo’yish, rektorat tomonidan ilmiy tadqiqot ishini tutatish uchun 3 oylik ta’til berish va hokazo.

Talabalar jamoasini jipslashtirishda guruhlar o’rtasida doimiy ravishda o’tkazilib turiladigan musobaqalar, kvnlar, turli bayram tadbirlari, bilimlar konkurslari katta ahamiyatga ega. Bunday musobaqalarning undovchi faolligi shu bilan tushuntiriladiki shaxsning jamoda o’zini ko’rsatish bilan chambarchas bog’liq.

Talabalar jamoasi rivojlanishining bir necha bosqichlari bor.

Birinchi bosqich- 1-kurs va qisman 2-kursga mos keladi Ikkinchi bosqich - qisman 2-kurs va 3-kurs. Uchinchi bosqich 3-4-kurslarga xosdir. Birinchi bosqich ishlab chiqarish ijtimoiy psixologik moslashuv bilan xarakterlanadi, ya’ni o’quv jarayoniga va yangi jamoaga faol ko’nikishdir.

Talabalar jamoasi o’z-o’zidan vujudga kelmay, balki murabbiyning muntazam tarbiyaviy ishlari natijasida shakllanadi. Boshlang’ich jamoa tuzish guruh a’zolarini o’rganishdan boshlanadi. Bu davrda murabbiy guruhning o’ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot to’playdi, guruhda boshlang’ich jamoaga xos qanday belgilar mavjudligini, guruh a’zolarining shaxsiy nuqtai nazarlarini va guruhdagi munosabatlarda ularning o’rnini, har bir talabaning boshqalarga qanday ta’sir o’tkaza olishini aniqlaydi. Olingan ma’lumotlar asosida guruh jamosini yaratish uchun tarbiyaviy ishlarning rejasini tuzib chiqadi. Bu vazifalarni bajarish uchun har bir talabaning shaxsiy xususiyatlarini, shuningdek, talabalar guruhini o’rganish talab etiladi. Guruh murabbiysi har bir talabaning shaxsiy xususiyatlarini o’rganishda quyidagilarga e’tibor berishi zarur: talaba to’g’risida umumiy ma’lumot; talabaning mayl va qiziqishlari, intilishlari; talabaning o’qish faoliyati, uning irodasi va xarakteriga xos xususiyatlar; o’qishdan tashqari vaqtini qanday o’tkazishi va nimalar bilan shug’ullanishi kabilar.

Talabalar guruhini o’rganishda quyidagilarga e’tibor berish talab etiladi: guruh to’g’risida umumiy ma’lumot; guruhning ma’naviy-ruhiy tuzilishi; talabalarda tashkilotchilik qobiliyatini rivojlanganlik darajasi; guruhda jamoatchilik fikrining o’sganlik darajasi; guruhning boshqa jamoalar (fakultet, oliy o’quv yurti jamoalari) bilan aloqasi.

Yuqoridagi masalalarni o’rganish asosida murabbiy talabalar va guruh to’g’risida mukammal ma’lumot to’play oladi. Shuni ta’kidlash lozimki, guruh yoki talabani har tomonlama o’rganish uchun murakkb ish. Guruh murabbiysi ta’lim-tarbiya jarayonida vujudga kelgan ayrim masalalarni va muammolarni chuqurroq o’rganishi lozim. Bunday muammo va masalalar turlicha bo’ladi. Masalan, ayrim hollarda guruh a’zolaridan ko’pchiligi yoki bir nechtasi o’qishga, tanlagan kasbni egallashga e’tiborsizlik bilan qaraydi. Ba’zan talabalar o’rtasida, shuningdek, guruh talabalari bilan faollar o’rtasida, talabalar bilan professor-o’qituvchi o’rtasida nizolar chiqishi, guruh a’zolari orasida ayrim odobsizlik hollari uchrab qolishi mumkin. Bunday paytlarda ana shu muammoni vujudga keltirgan sabablarni chuqur o’rganish zarur. Oliy maktablar tajribasida ahil, inoq talabalar guruhi ko’proq uchrab turadi. Bunday guruhlardagi talabalarning ko’pchiligida jamoaviylik, o’rtoqlik, do’stlik tuyg’ulari ancha rivojlangan bo’ladi. Lekin ana shunday guruhlarda ham boshlang’ich jamoa o’z-o’zidan vujudga kelmaydi. Bunday guruhlarga ham alohida e’tibor berish, guruh jamoasini mustahkamlash talab etiladi. Murabbiy va jamoat tashkilotlarining rahbarlari bunday guruhlarning a’zolari oldida murakkabroq vazifalarni qo’yishlari lozim.

Talabalar jamoasi sohasida maxsus tadqiqot o’tkazgan olimlar boshlang’ich jamoani tuzish va mustahkamlash uch bosqichdan iborat, deb ko’rsatadilar. Birinchi bosqich – yangi qabul qilingan talabalarning oliy o’quv yurtining an’analari, ichki tartib-qoida va talablarni o’zlashtirib olishlaridan boshlanadi. Oliy maktab hayotining butun tajribasi, ichki tartib-qoidalari, talablari talabalarga professor-o’qituvchilar va jamoat tashkilotlarining rahbarlari orqali o’tadi.

Bu davrda professor-o’qituvchilari va jamoat tashkilotlari rahbarlari yangi qabul qilingan talabalarga oliy o’quv yurtining maqsadi va vazifalarini, shuningdek, talabalarga nisbatan qo’yiladigan talablarni tushuntirishlari lozim. Ular oliy maktabda o’qish malakasi va ko’nikmalarini o’zlashtirib olishda, o’qishdan tashqari bo’sh vaqtni oqilona uyushtirishda ularga ko’maklashadilar. Guruhning har bir a’zosidagi xislatlarni aniqlaydilar. Ma’ruzalar, seminar va amaliy mashg’ulotlarga birga tayyorlanishga o’rgatadilar. Murabbiy talabalar orasidan faollar tanlab, jamoani tashkiliy jihatdan rasmiylashtirishda, faollarni sekin-asta obro’li va mohir tashkilotchilar bo’lib yetishishlarida ko’maklashadi.

Talabalarning oliy maktabda olgan dastlabki taassurotlari va orttirgan tajribasi ular ongiga kuchli ta’sir etadi, oliy maktabda ta’lim olish davridagi butun faoliyatida ma’lum iz qoldiradi. Shuning uchun ham boshlang’ich jamoa tuzishning dastlabki davri murabbiy va jamoat tashkilotlarining rahbarlaridan yuksak ma’suliyat va jiddiy ishlashni talab etadi. Ular bu davrda har bir talabani, uning ehtiyojlari, qiziqish va qobiliyatlarini sinchiklab o’rganadilar. Oliy maktabda aqliy mehnatni uyushtirishning ilmiy asoslarini – ma’ruza tinglash, yozib olish, seminar va amaliy mashg’ulotlarga tayyorlanish, kitob ustida mustaqil ishlash, kun tartibi va gigiyena qoidalariga amal qilish kabilarni o’rgatadilar. Shu bilan birga murabbiy va jamoat tashkilotlarining rahbarlari talabalarning moddiy-maishiy turmushi va dam olishini uyushtirishga katta e’tibor beradilar, har bir talabani uning qobiliyatiga mos keladigan jamoat topshiriqlarini bajarishga jalb etadilar.

Birinchi bosqichning oxirlariga kelib talabalar oliy o’quv yurtida ta’lim olishning yo’l-yo’riqlarini, oliy maktabning kun tartibi, an’ana va talablarini o’zlashtirib oladilar. Guruhda ishchan faollar paydo bo’ladi, o’quv ishlari sohasidagi topshiriqlarni bemalol bajara olishga, zavqli yashash va mehnat qilishga ishonch hosil bo’ladi. Bu davrda boshlang’ich jamoa talabalarning o’qish, mehnati va maishiy turmushini uyushtirishga doir kundalik masalalarni mustaqil ravishda hal qila oladi. Shunday qilib, boshlang’ich jamoa tuzishning dastlabki davri oliy maktab hayotining oddiy talablarini o’rganish, jamoani tashkilot sifatida rasmiylashtirishni, jamoaviy turmush sohasida dastlabki tajriba orttirishni o’z ichiga oladi.

Ikkinchi bosqichda faollarni tarbiyalash va o’stirish sohasida ishlar davom ettiriladi. Tanlangan kasbi muammosiga doir masalalar va pedagogik mahoratni egallash yo’llari keng muhokama qilinadi. Murabbiy va jamoat tashkilotlarining rahbarlari barcha talabalarni tashkilotchilik ishlariga jalb etish, berilgan topshiriqlarni ijodiy bajarish, guruhda vujudga kelgan tartib-qoidalarni har bir talabaning barqaror xulqiga aylantirish, an’analar hosil qilish kabi masalalarga alohida e’tibor beradi. Bu bosqichda murabbiy va jamoat tashkilotlari tanlagan kasb bilan bog’liq bo’lgan masalalarni chuqur anglab olishda bo’lajak mutaxassisni shakllantirishga qaratilgan amaliy ishlarni bajarishda, guruhda haqiqiy jamoaviy munosabatlarni qaror toptirishda talabalarga ko’maklashadilar.

Uchinchi bosqichda guruhda ishchan va obro’li faollar mavjud bo’ladi, ular bilan talabalarning birligi, ular orasida do’stona va talabchanlik munosabatlari qaror topadi. Har bir talaba umumiy ishga katta qiziqish bilan qaraydi, birlashib harakat qilishga tayyor turadi, umumiy jamoadagi ishlardan atroflicha xabardor bo’ladi. Bu esa jamoaga guruh va uning har bir a’zosiga taalluqli barcha masalalarni mustaqil ravishda, murabbiyning yordamisiz hal etish imkonini beradi. Boshlang’ich jamoaning oliy o’quv yurti jamoasi bilan aloqasi kuchayadi. Bu davrda guruhning har bir a’zosi oliy maktabdagi jamoaviy turmush tajribasini qat’iy egallab olgan bo’lib, jamoatchilikning fikri va talablarini faol ifodalaydi. Bu bo’lajak mutaxassisning ilm-fanni egallash, kasbiy va axloqiy jihatdan shakllanishida eng samarali davr hisoblanadi.


3.Murabbiylarning talabalar jamoasini

mustahkamdagi roli
Oliy maktabda talabalarning boshlang’ich jamoasini shakllantirish obyektiv shart-sharoitlarning mavjudligiga, shuningdek, rahbarlikning xarakteri va saviyasiga, umumiy jamoaning ish uslubiga ko’p jihatdan bog’liq. Guruhda talabalar jamoasini mustahkamlashda murabbiy katta rol o’ynaydi. Yaxshi va ishchan guruh rahbarini tanlash boshlang’ich jamoa tuzishning muhim shartidir.

Boshlang’ich jamoaning vujudga kelishi va ahilligi ko’p jihatdan murabbiyning ko’zlagan maqsadi va tutgan yo’liga bog’liq. Guruh rahbari ishchan, serg’ayrat, talabalarga ta’sir o’tkaza oladigan, ularning qalbiga yo’l topa biladigan, guruhda vujudga kelgan ayrim murakkab vaziyatlarni ham yumshata oladilar, hazil-mutoyibani ham biladigan kishi bo’lishi lozim. Tund, pismiq rahbar guruhda boshlang’ich jamoa tuza olmaydi.

Rahbarlik uslubi demokratik asosda bo’lsa, guruhda do’stlik, hamkorlik, xayrixohlik munosabatlari tezroq qaror topadi. Shuning uchun ham murabbiy prinsipiallik va talabchanlikni talaba shaxsini hurmat qilish bilan qo’shib olib bora bilishi, guruhdagi har bir talabaga nisbatan adolatli va g’amxo’r bo’lishi lozim.

Murabbiyning ishchanlik sifatlari boshlang’ich jamoa yaratishda muhim ahamiyatga ega. Murabbiy o’ziga topshirilgan ishni yaxshi bilish bilan birga jamoaning har bir a’zosi uning qobiliyatiga yarasha vazifa topshira olishi, boshlangan ishni oxirigacha yetkazadigan bo’lishi ham kerak. Ana shu sifatlarga ega bo’lgan rahbar talabalar orasida obro’ qozonadi, guruhda ahil jamoani yarata oladi.

Guruh rahbarlariga qo’yiladigan bu talablarning haqqoniyligini mutaxassislar tomonidan o’tkazilgan tadqiqot natijalari va talabalarning fikr-mulohazalari ham isbotlab turibdi. “Guruhga murabbiy kerakmi va u qanday bo’lishi kerak, guruh rahbaringiz haqidagi fikr-mulohazalaringiz qanday?,” – degan savolga IV kurs talabalari quyidagicha javob qaytardilar, “Guruh rahbarimiz Q.X. yaxshi kishi, ishbilarmon, mohir pedagog. U guruhimizdagi barcha talabalarni besh barmog’idek biladi Q.X. prinsipial, talabchan kishi, u bizlarni o’z kasbdoshi qatorida ko’radi, har birimiz uchun jon kuydiradi. Talabalarning ilmiy konferensiyasi uchun tayyorlangan dokladlarimiz u kishining tashabbusi bilan kafedra majlisida muhokama qilindi. U guruhimizning hayoti va ayrim talabalarning faoliyatiga doir fikr-mulohazalarimizga, takliflarimizga quloq soladi, ularni amalga oshirishda ko’maklashadi. Guruh sardorining tashabbusi, guruh rahbarimizning yordami bilan Samarqand va Buxoro shaharlarida safarda bo’ldik...”

Lekin hamma guruhlarga ham ana shunday ishbilarmon, mohir pedagoglar rahbarlik qilayapti, deb ayta olmaymiz. Boshqa bir guruhning talabasi o’z rahbari haqida bunday deb yozadi: “Murabbiy talabalar hayotida katta rol o’ynashini, guruhimizga murabbiy zarurligini tushunamiz. Afsuski, rahbarimiz R. o’zini osmon chog’lab yuradigan kishi. Ayrim odobsiz “erkatoy” talabalar bilan apoq-chapoq, uning biror fikrida e’tiroz bildirgan kishi baloga qoladi.”

Guruhda ahil jamoa tuzish uchun murabbiy har bir talabani, uning jamoadagi o’rni va shaxsiy xususiyatlarini kuzatib borishi, faollar hamkorlikda har bir talabaning jamoaga munosabatini, shuningdek, talabalar o’rtasidagi munosabatlarni tartibga solib turishi lozim. Bu ish, ayniqsa, quyi kurslarda boshlang’ich jamoa shakllanishi davrida juda zarur.

Talabalarni to’g’ri tarbiyalash uchun qulay vaziyatni vujudga keltirishda sardor, yoshlar tashkilotchisi va boshqa faollarning roli kata. Ayniqsa, sardor xushmuomala, shirinso’z, dilkash kishi bo’lishi, guruh a’zolari o’rtasidagi munosabatlarning eng nozik tomonlarini ham sezishi, payqashi kerak. Guruhdagi ishlarning borishi ko’p jihatdan unga bog’liq. Talabalar orasida bir amallab “qoniqarli” baho olish kayfiyati hukmronlik qiladimi yoki butun o’quv yili davomida jamoaning barcha a’zolari kuch-g’ayrat sarflab, bilim va ixtisoslik sirlarini o’rganadilar-mi, bu –sardor, guruh faollariga juda bog’liq. Shuning uchun ham faollar prinsipial, qat’iy kishilar bo’lishi lozim. Ular nizolardan qo’rqmasligi, g’ayratli, ruhi baland, tashabbuskor, boshqalarni o’z ketidan ergashtira oladigan bo’lishi zarur.

Boshlang’ich jamoani shakllantirishning muhim vositalaridan biri – guruh a’zolarini faol faoliyatga jalb etishdir. Istiqbolga intilish, faoliyat bo’lmasa, jamoa ham bo’lmaydi. Jamoa birgalikda bajariladigan amaliy faoliyat natijasida yaratiladi. Jamoaviy faoliyatda kishilarni his-tuyg’ular, kechinmalar yaqinlashtiradi va birlashtiradi. Birgalikda boshdan kechirilgan taassurotlar yoshlarni ruhiy yaqinlashtiradi. Bu taassurotlar qanchalik xilma-xil va chuqur bo’lsa, ruhiy yaqinlik shunchalik kuchli buladi. Boshqalarning ahvolini tushuna bilish sekin asta yaqin o’rtoqlaridan keng doiradagi boshqa kishilarga ham ko’chadi.

Birgalikda bajariladigan faoliyatda g’amxo’rlik, sezgirlik, rahmdillik kabi yuksak axloqiy hislar, bir-biriga kuchli qiziqish vujudga keladi, kishilar bir-birini tushunadigan bo’ladi. Insoniy munosabatlarni qadrlay olishni o’rganadi. Boshqacha so’z bilan aytganda, birgalikda bajarilgan faoliyat natijasida jamoaning shakllanishiga ma’naviy asos bo’ladigan ruhiy sifatlar vujudga keladi. Psixolog olimlar ma’naviy-ruhiy birlikni jamoa a’zolarini birlashtiradigan yetakchi omil deb hisoblaydilar.

Shuningdek, jamoaviy faoliyat jarayonida o’zaro bir-biriga talabchanlik, ma’suliyat, o’zaro yordam ko’rsatish munosabatlari paydo bo’ladi, hamkorlik natijasida kishida o’zining yoki o’rtoqlarining xatti-harakatlaridan qanoat hosil qilish yoki qoniqmaslik tuyg’ulari, o’z xulqiga va o’rtog’ining xulqiga ma’lum bir munosabat vujudga keladi. “Men ishlayapman, sen esa ishlamayapsan. Nega?”, “Sen topshiriqni o’z kuching va qobiliyating imkon beradigan darajada bajarmayapsan. Nega?” Agar o’rtog’i orqada qolayotgan bo’lsa, tevarak-atrofdagilar uning ham, o’zlarining ham bu ishdan, qo’lga kiritilgan umumiy yutuqdan manfaatdor ekanliklarini bilib, unga astoydil yordam beradilar. Shu tariqa ish-harakat paytida umumiy talabchanlik fikri va o’zaro yordam berish vaziyati vujudga keladi.

Har qanday faoliyatda ham jamoaviy munosabatlar, aloqalar paydo bo’lavermaydi, balki faqat jamoa qadrlaydigan, shaxsiy va ijtimoiy qimmatga ega bo’lgan, guruhning barcha a’zolariga yoki ko’pchilikka ahamiyatli bo’lgan faoliyat jarayonidagina bunday munosabatlar vujudga keladi. Shunday qilib, hamma uchun muhim bo’lgan jamoaviy faoliyatda guruh a’zolari ma’naviy-axloqiy jihatdan birlashadi, ularda do’stlik, o’rtoqlik, hamkorlik kabi sifatlar o’sib rivojlanadi. Ayniqsa, jamoa shakllanayotgan dastlabki davrlarda murabbiy talabalarning ko’pchiligi bajara oladigan shaxsiy va ijtimoiy qimmatga ega bo’lgan ishlar, topshiriqlar tanlashda guruh faollariga ko’maklashishi lozim. Shu yo’l bilan u guruhning barcha a’zolarini harakatga keltiradi, ularning o’sishiga imkon yaratadi.

Birgalikda bajariladigan ishlar boshlang’ich jamoa tuzishga imkon beradigan muhim vosita bo’libgina qolmasdan, balki jamoani mustahkamlashning ham asosiy yo’lidir. Har xil faoliyat: o’quv, jamoat ishlari, ilmiy tadqiqot, madaniy ommaviy va sport ishlari, ijtimoiy foydali mehnat kabilar jarayonida jamoa shakllanadi.

Jamoa pedogogik ta’sirlar tizimi natijasida o’sib mustahkamlanadi. Xilma-xil faoliyat turlari guruhni va uning har bir a’zosini turli vaziyatlarga qo’yadi. Faoliyatning bir turida talaba rahbar vazifasini bajarsa, boshqa bir turida esa bo’ysunuvchi rolini o’ynaydi. Faoliyat jarayonida har xil vazifalarni bajarish, jamoa a’zolarini o’rganish uchun o’ziga xos mashq rolini bajaradi, guruhda murakkab bog’lanishlar tizimini vujudga keltiradi.

Xilma-xil faoliyatdan, albatta, ishning biron muhimroq turi jamoani va axloqiy munosabatlarni shakllantirish uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Talabalar hayotida o’quv faoliyati yetakchilik rolini o’ynaydi. O’quv faoliyati boshlang’ich jamoa tuzish uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Oliy o’quv yurtining talabasi uchun asosiy vazifa yaxshi o’qish, tanlagan kasbini mukammal egallashdan iborat. Demak, talabalarni, avvalo, guruhda o’quv ishini to’g’ri uyushtirish, “a’lo” va “yaxshi” o’qish, yuqori reytingni egallash uchun safarbar etish zarur. Shunga erishish lozimki, guruhning har bir a’zosi ma’ruzalar, seminar va amaliy mashg’ulotlarda, o’quv ishining boshqa turlarida faol qatnashsin. Guruhda va fakultetda o’quv intizomini mustahkamlash uchun har bir talaba kurashishi, barcha talabalarning chuqur bilim olishi, tanlagan kasbini egallashi uchun zarur bo’lgan barcha sharoitlar yaratilishi lozim. Chunki o’quv faoliyati jamoaviy munosabatlarning vujudga kelishi uchun asosiy baza, zamin bo’lib xizmat qiladi. Talabalar faoliyatining boshqa barcha turlari o’quv faoliyatida paydo bo’lgan aloqa va munosabatlarni mustahkamlash va chuqurlashtirish uchun yordamchi vosita hisoblanadi. O’quv ishi guruhdagi barcha talabalar uchun qiziqarli, zavqli bo’lgan taqqdirdagina sog’lom ma’naviy-ruhiy munosabatlarning shakllanishi, mustahkamlanishi uchun samarali omil bo’la oladi.

4. Talabalar faoliyatining xususiyatlari
Talabalar faoliyati o’z tuzilishi va mazmuniga ko’ra o’ziga xos xususiyatga ega. Talabalar faoliyati xususiyatlariga quyidagilar kiradi:

a/ maqsad va natijalarning o’ziga xosligi /mustaqil hayotga tayyorgarlik, bilim, ko’nikma va malakalarni egallash, shaxsiy hislarni rivojlantirish.

b/ o’rganish obyektining maxsus xarakteri /ilmiy bilimlar,bo’lajak mehnat haqida ma’lumot va boshqalar/



v/ talabalar faoliyati rejalashtirilgan sharoitda amalga shiriladi /dasturlar, ta’lim muddati/.

g/ faoliyatning maxsus vositalari - kitoblar, laboratoriya qurollari.

d/ talabalar faoliyati uchun aqliy zo’riqish xos /imtihonlar, sinovlar, nazorat ishlari, referatlar topshirish, kurs ishlari, bitiruv malakaviy ish himoyasi va h/.

O’quv va jamoat ishlaridai qiynalgan paytda ba’zi salbiy o’zgarishlar ko’zga tashlanadi: psixik jarayonlar ichki jamlanganligining yo’qolishi, xotiraning pasayishi, tafakkurning yomonlashuvi, amaliy harakatlar aniqligining kamayishi, faollikning kamayishi, ish qobiliyatining pasayishi.

Shunday qilib, talabaning faoliyati mustaqil hayotga tayyorlanish, buning uchun zarur bilimlar, ko’nikmalar, malakalarni rivojlantirish va shakllantirish maqsadiga erishish jarayonidir.

Talaba faoliyatining xususiyatlari birinchi kursdayoq namoyon bo’ladi. Talabaning oliy o’quv yurtidagi faoliyati uning maktabdagi faoliyatining maxsus shaklda davom etishidir, Lekin tadqiqotlardan ma’lum bo’lishicha, maktabda yaxshi o’qigan talabalarning 80% oliy o’quv yurtida yaxshi o’qimagan.

Talabalar faoliyatida ayniqsa yuqori kurslarda, ularning ishlashi ham muhim hisoblanadi. Talabalar maqsadi motivlari quyidagilar:

Vatanga xizmat qilish, yaxshi mutaxassis bo’lish, yaxshi o’qish, jamoat ishlarida qatnashish, sportda va boshqa faoliyatlarda ma’lum natijalarga erishish. Shunday qilib, talabaning faoliyati oliy ma’lumotli bo’lg’usi mutaxassisni shakllantirishda asosiy usul hisoblanadi.



Talabalar faoliyatini boshqarishda shaxsning yo’nalganligi, temperament, xarakter va qobilyatlarni hisobga olish muhimdir. Yo’nalganlik - talaba shaxsining muhim xislatlaridan biridir. U hulq-atvor maqsadi va motivlarida, ehtiyojlarda, qiziqishlarda, e’tiqodda namoyon bo’ladi.

Talabalar faoliyati va hulq-atvoridagi farqlar ular temperamentidagi farqlarga bog’liq bo’ladi. Talabalar faoliyatida ularning xarakteri ham namoyon bo’ladi. Xarakter inson hulq-atvoriga ta’sir etuvchi nisbatan barqaror psixik xislatlar majmuidir. Talabalar faoliyatida ularning qobilyatlari ham namoyon bo’ladi. Qobiliyatlar bu oliy o’quv yurti dasturini muvaffaqiyatli egallash, bo’lg’usi mutaxassis sifatida yetishishga yordam beradigan psixologik xususiyatlardir.

S.X.Jalilova «Pedagogika instituti talabalarida shaxsiy sifatlar shakllanishining psixologik xususiyatlari» mavzuidagi nomzodlik dissertasiyasida talabalarda shaxsiy sifatlar shakllanishining dinamikasini aniqlashga uringan. (11). Pedagogika institutlaridagi ta’lim jarayonida talabalarni sistemali o’rganish shuni ko’rsatdiki, «retrospektiv», «real», «ideal» va «refleksiv - Men»ni bir-biri bilan taqqoslash talabalarning shaxsiy-ehtiyoj sohasiga hamda ularning shaxsiy professionallashuv jarayoniga ta’sir qiladi. Tadqiqotlardan olingan ma’lumotlar asosida pedagogika institutlari talabalarini psixologik pedagogik tayyorlashni takomillashtirish bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan bo’lib, bu tavsiyalar milliy psixologiya va pedagogikaning eng yaxshi an’analarini hisobga olgan holda tuzilgan.

Muallifning ta’kidlashicha, pedagogika oliy o’quv yurtida bo’lajak o’qituvchilarni psixologik-pedagogik jihatdan tayyorlashni takomillashtirish talabalardagi o’z kasbiga bo’lgan psixologik qayta qurish hamda «idayel o’qituvchi» obraziga tayangan holda olib borilishi zarur. Kasbiy faoliyat bo’lajak o’qituvchi shaxsini rivojlantirishning asosiy vositasi ekanligi sababli talabalarning uzluksiz amaliyotda qatnashish jarayonini sifat va mikdor jihatdan kuchaytirish lozim. S.Jalilovaning fikricha, talabalarni psixologik-pedagogik tomondan tayyorlashda mashg’ulotlarning usul va turlari, avvalom bor, talabalarning ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirishga, ularning o’zlariga, atrofdagilarga, jamiyatga bo’lgan subyektiv munosabatlarini psixologik jihatdan qayta qurishlariga yo’naltirilgan bo’lishi kerak.

5. Talabalar jamoasi faoliyatining psixologiyasi

Talabalar jamoasining muhim maqsadlaridan biri - bo’lajak kasbiy faoliyatga tayyorlanishda hamkorlik ko’rsatish, buning uchun zarur bo’lgan shaxsiy xislatlarning shakllanishiga ta’sir ko’rsatish hisoblanadi. Talabalar jamoasi boshqa jamoalardan quyidagi xususiyatlari bilan farq qiladi:

a/ faoliyatning asosiy turi /oliy ma’lumot olishga yo’naltirilgan ta’lim/

b/ yosh va ma’lumotning bir xilligi bilan,

v/ tarkibning barqarorligi bilan,

g/ o’quv ishlarining rejaliligi va qatiy ketma-ketligi bilan,

d/ o’z-uzini boshqarishning yuqori darajasi bilan /guruh starostasi, kasaba uyushma qo’mitasi raisi va boshqalar/.



ye/maqsadning birligi jamoa a’zolarining mutaxassislikni egallashga intilishi va turli oilaviy sharoitdagi kishilarni birlashtiradi. Masalan, talabalarning ba’zilari oilali, ba’zilari bolali hamdir. Hozirgi vaqtda ko’pchilik talabalar to’g’ridan to’g’ri maktabdan kelganligi uchun, bilimlarni egallash jamoada tarbiyachi va tashkilotchi rolini bajarish hayotiy ehtiyoj bo’lib qoldi.

Talabalar jamoasi psixologiyasi ularning hayot va faoliyatini o’zaro munosabatlarini, jamoa kayfiyati, an’analarini o’z ichiga oladi. Talabalar jamoasi kasbni egallashga ijtimoiy yo’nalganlik, ehtiyojlar, qiziqishlar, maqsadlar va vazifalarning umumiyligi bilan xarakterlanadi.

Talabalar akademik guruxlari oliy o’quv yurtlari sistemasida dastlabki asosiy jamoa hisoblanadi. Guruhning talabaga ta’sir kuchi undagi psixologik iqlimga bog’liq bo’ladi. I kurs talabalari guruhlardagi munosabat va o’qish bo’yicha munosabatga eng yuqori baho beradilar. Talabalar yuqori kurslarga o’tgan sayin shaxslararo munosabatga beriladigan baho pasayib boradi. Talaba yoshlar chin do’stga, yaqin insonga, ochiq va ishonchli munosabatga ehtiyoj sezishadi, taqlid qilish uchun insonni izlaydi.

Talabaning guruh bilan o’zaro ta’siri do’stona munosabat o’rnatishga bog’liq bo’ladi. Psixologlar olgan ma’lumotlarga qaraganda, kayfiyati doimo yaxshi, hazilkash, kelajakka ishonchni 71,3% sinaluvchilar yoqtirishadi, 63,1 % sinaluvchilar yuksak madaniyatli do’stlarni yoqtirashadi. O’zga kishilarni tushuna oladigan va qiyin paytda yordam beradigan do’stlarni 62,8% sinaluvchilar, mustaqil fikrlaydiganlarni 61,5% sinaluvchilar, yuksak axloqiy xislatlarga ega bo’lishni 6% sinaluvchilar, do’stlarning kasbiy bilimlarini bilishni 35,4% tashabbuskor, harakatchan bo’lishni 32,2% talabalar bildirishgan.



Har bir talaba guruhining peshqadami bo’lib, ular o’zlarining shaxsiy sifatlari bilan o’rtoqlariga - ijobiy ta’sir ko’rsatadilar. Talabaning guruhdagi psixologik statusi /o’rni/ o’quv faolligiga bog’liq.

Guruxdagi yaxshi o’qiydigan talabalar shaxslararo munosabatda yetakchi o’ringa ega bo’lishadi. Lekin ba’zi a’lochilar ham guruhga qarshi chiqishsa, xo’rlanib qolishlari mumkin.

Shunday qilib, shaxslararo munosabat va muloqot jamoa faoliyatining tomonlaridan biri hisoblanib, ular talabalar xulq-atvoriga katta ta’sir ko’rsatadi.



Talabalar jamoasini o’rganishning asosiy metodlari:

1 / turli vaziyatlarda kuzatish.

2/ jamoa va har bir talaba bilan suhbatlashish,

3/ jamoat tashkilotlarining ishini tahil qilish uchun anketalar o’tkazish,

4/ sosiometrnya metodi.

Jamoadagi o’zaro munosabatlarni o’rganish uchun gorizontal va vertikal bo’yicha kesimlar metodidan ham foydalaniladi. Gorizontal kesim talabalarning katta o’rtoqlari bilan o’qituvchilari bilan munosabatni aniqlash imkonini beradi. Shunday qilib, talabalar jamoasini o’rganish qiyin bo’lib, bu ishni I chi kursdanoq boshlash kerak.

Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:

1.Talabalar jamoasini o’rganish metodlari.

2.Talabalar jamoasini shakllantirish yo’llari.

3.Talabalar jamoasi rivojlanishining bosqichlari


Download 1.16 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling