O’zbek tili darslarida pеdagogik vazifalar: mazmun va mohiyat


Download 16.72 Kb.
Sana07.08.2020
Hajmi16.72 Kb.
#125686
Bog'liq
O'zbek tili maqola


O’ZBEK TILI DARSLARIDA PЕDAGOGIK VAZIFALAR: MAZMUN VA MOHIYAT

Annotatsiya

Maqolada o’zbek tili darslarida o‘quv materiali bilan ishlashda o‘spirin psixologiyasining o‘ziga xos jihatlari tahlil qilingan. Shuningdek, muallif o’zbek tili darslarining adabiy qismida o‘quvchilarning tafakkurini o‘stirishda ko‘mak beradigan bir qancha metodlarni tavsiya qilib bergan.

Kalit so‘zlar. O‘quvchi psixologiyasi, badiiy matn, o‘quv materiali, o‘quv jarayoni, badiiy asar tahlili, aqliy faoliyat, o‘spirinlik davri.

Ezgulik, oliyjanoblik, bunyodkorlik va insonparvarlikka alohida urg‘u berilayotgan ta’lim-tarbiyada milliy va ma’naviy qadriyatlarimizning o‘quvchilar ongi, his-tuyg‘ulariga, ma’naviyatiga kuchli ta’siri hayotiy ahamiyatga ega. Tarbiya jarayonida ajdodlarimizning boy ma’naviy merosidan unumli foydalanish o‘quvchilarning nafaqat salohiyatlari ortishiga, balki mutafakkir olimlarning jahon ilmi va madaniyatiga qo‘shgan hissalaridan faxrlanish, xalqining taqdiri uchun jon kuydirib mehnat qilish, ajdodlarga munosib voris bo‘lishga intilish, hech kimdan kam emaslikga bo‘lgan ishonch tuyg‘ularining yuksalishiga yordam beradi. Bunda badiiy asarlarni qay tarzda tahlil qilib yetkazib berish ahamiyatlidir.

O‘quv predmeti sifatida o’zbek tili darslarning adabiy qismida o‘quvchida hissiy, intellektual, ijodiy, ruhiy-ma’naviy sifatlarni boyitib, dunyoqarashini shakllantiradi. O’zbek tili darslaridagi o‘quv materiallarini o‘rganish o‘quvchilarga faqat bilim beribgina qolmasdan ularning ma’naviyestetik didini tarbiyalaydi. O‘quvchilarning yosh xususiyatlarini bilish, eng avvalo, ularning ta’lim-tarbiyasini to‘g‘ri tashkil etish uchun muhimdir. Chunki, inson yoshi uning rivojlanishiga obyektiv mezon bo‘lib, hatto undagi individual farqlarga ham bog‘liq bo‘lmay, me’yorda o‘sadiganlar uchun bir xil bo‘ladi. Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limining o‘qituvchisi o‘zining pedagoglik faoliyati davomida o‘z kelajagini belgilagan yoki hali ham tanlagan yo‘lining to‘g‘riligiga ikkilanayotgan o‘spirin bilan ishlashiga to‘g‘ri keladi. O‘qitishning sifati va darajasiga bog‘liq holda hosil bo‘ladigan qiziqish bilan munosabatda bo‘ladigan o‘smirdan farqli ravishda o‘spirin o‘quv fanlariga tanlab munosabatda bo‘la oladi. O‘zi tanlagan sohani egallash maqsadida oldiga qo‘ygan vazifadan kelib chiqib munosabat bildiradi. Bu esa o‘qituvchiga ma’lum bir mas’uliyat yuklaydi. Har bir mashg‘ulotini o‘quvchi psixologiyasini hisobga olgan holda tashkillashtirishga undaydi. O‘spirinning o‘zi uchun foydaliligini his qilishi dars jarayoniga bo‘lgan munosabatga ta’sir etadi. Zero, o‘quv faoliyatining o‘ziga xos tarzda tashkil etilishining ta’siri ostida o‘quvchining fikrlashida, aqliy ishlar xarakterida muhim o‘zgarishlar sodir etish mumkin. Aqliy faoliyati barqarorlashgan o‘spirinning so‘z boyligi oshib, o‘z fikrini to‘g‘ri ifodalay oladi. Kuzatishlardan ma’lum bo‘lmoqdaki, darsliklarda berilgan asarlarni o‘rganish faqat an’anaviy tarzda tashkil etilsa, badiiy asar mutolaasiga ta’lim muassasasi bitiruvchisi oliy o‘quv yurtiga kirish testida ball olish uchun kerak deb o‘ylaydi. Bu esa darsdan kutilgan tarbiyaviy maqsad natijasini yo‘qqa chiqaradi hamda o‘quvchining dunyoqarashida, ma’naviyatida kemtiklik hosil qilishi mumkin.

O‘qitishninig sifati va darajasiga bog‘liq holda hosil bo‘ladigan qiziqish bilan munosabatda bo‘ladigan o‘smirdan farqli ravishda o‘spirin o‘quv fanlariga tanlab munosabatda bo‘la oladi. O‘zi tanlagan sohani egallash maqsadida oldiga qo‘ygan vazifadan kelib chiqib munosabat bildiradi. Bu esa o‘qituvchiga ma’lum bir mas’uliyatni yuklaydi hamda har bir mashg‘ulotni o‘quvchi psixologiyasini hisobga olgan holda tashkillashtirishga undaydi. O‘quvchi o‘zi uchun foydali fanni his qilishi uning dars jarayoniga bo‘lgan munosabatiga ta’sir etadi. Zero, o‘quv faoliyatining o‘ziga xos tarzda tashkil etilishining ta’siri ostida o‘quvchining fikrlashida, aqliy ishlar xarakterida muhim o‘zgarishlar sodir etish mumkin

O‘quvchi bilimining ko‘lamini aniqlashtirishda “Ha va yo‘q” usulidan foydalanish mumkin. Unga ko‘ra o‘quvchi o‘qituvchi bilan savol-javob qiladi va o‘quvchi bilimi baholanadi. “Ha va yo‘q” usulida savolni to‘g‘ri qo‘yish va bu orqali javobni topish mumkin bo‘ladi. Savollarga o‘qituvchi tomonidan izoh berib boriladi. Darslarda foydalanish bilan keyinchalik bu usulni o‘qituvchi ishtirokisiz faqat o‘quvchilar o‘rtasida qo‘llash mumkin bo‘ladi va bu bir vaqtning o‘zida bir necha o‘quvchi bilimini nazorat qilish imkonini beradi. Metodik o‘yin shartiga ko‘ra ishtirokchi o‘zi ishonch hosil qilmagunicha savolning javobini (asar nomi yoki asar muallifining ismini) aytmasligi lozim. Agar noto‘g‘ri javob berib qo‘ysa, savolni bilmagan hisoblanadi va qoniqarsiz baholanadi. Shu sabab savol-javobni aniqlash uchun savol beruvchiga aniqlashtiruvchi savollar beradi. O‘zi berayotgan savollar bilan bilim bazasini nechog‘li ekanligini ko‘rsatishi barobarida o‘zlashtirganlarini takrorlaydi, mustahkamlaydi. Mushohada qobiliyati tarbiyalanadi. Jarayonda dastlabki savol bergan o‘quvchi ham darsda olgan bilimlarini namoyish etadi. Badiiy asar matnini sinchkovlik bilan o‘qishga, muallif qahramon tilidan berayotgan asar g‘oyasiga, badiiy tasvir vositalariga sinchkovlik bilan qarashga odatlanadi. O‘quv materiali bilan ishlashning aynan ijodiy fikrlashga yo‘natirilgan bir necha usullarini ko‘rib chiqsak.

1.“Mozaika” usuli: Bunda asar matni bir necha qismlarga bo‘lib chiqiladi va o‘quvchilarga tarqatiladi. Agar hikoya kattaroq bo‘lsa, bo‘lingan qismlar soni ham shunga muvofiq ko‘paytiriladi. Hikoyani qismlarga bo‘lishda asar voqealarining yaxlitligiga iloji boricha putur yetkazmaslik, voqealar tasviridagi keyingi ketma-ketlik boshlanadigan o‘rinlarga e’tiborni qaratish lozim.

Masalan, Rahmat Fayziyning “Hazrati inson” asarini o‘n yetti qismga bo‘lish mumkin. Bo‘lingan qismlar o‘quvchilarga tarqatiladi. Birinchi bo‘lak o‘qituvchi tomonidan o‘qilishi mumkin, keyingi bo‘lak kimda ekanligini faqat o‘qituvchi va syujet tuzilishi, voqealar rivojiga qarab o‘zining parchasi navbatdagi parcha ekanligini topgan o‘quvchi biladi. Agar o‘quvchi topishga qiynalsa, o‘qituvchi yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi mumkin. Lekin kim o‘qishini aytib turishi mumkin emas. Bu o‘quvchida mashg‘ulotga qiziqishni so‘ndirishga olib keladi. Adabiyot nazariyasi haqida ma’lumotga ega, kitobxonlik borasida ma’lum tajribaga ega o‘quvchi asar voqealar oqimining yo‘nalishini topishi qiyin bo‘lmaydi.

2. “ Psixologik tashxis” usuli: – Agar rahbar o‘ziga ish beradigan munosib yordamchi tanlay bilsa, bu uning qanday fazilat egasi ekanligidan darak beradi. Asarda tasvirlangan Mahkam otaning xarakteri va tasvir o’rinlarini savol tarzida berilsa , uning yana bir jihatini o‘ylab ko‘rishga undaydi. Asarga yuzaki emas, yozuvchi mahorati, hayot falsafasidan kelib chiqib munosabat bildiriladi. Kitobxonlik darajasi oshadi. Estetik did shakllana boradi.

Topshiriq: Berilgan misralardan qaysinisi she’rning davomi?: “Sen ona emassan, jallodsan, dunyo! Sen beshik emassan, dorsan, tabiat. Nahotki dunyoda shuncha g‘am bordir” Kech kuz edi, men seni ko‘rdim, Derazamdan boqardi birov. U sen eding, o,__________ Topshiriq: Parcha qaysi she’rdan olingan? Misrani to‘ldiring (temir odam, musofir, sevgilim, yurtim)

“Bumerang” texnologiyasidan foydalanish mumkin bo‘ladi. “Pedagogika” ensiklopediyasida “Bumerang” texnologiyasi o‘quvchini muammoli vaziyatlarning mazmuni bilan tanishtirish, fikrini erkin bayon etish hamda muayyan tajribani bajarish davomida uni baholashga qaratilgan texnologiya sifatida ta’riflanadi Tahlilning individual va guruhli turlari xususiyatlarini o‘zida aks ettirgan bu texnologiya adabiy asarni didaktik tahlil etish jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchi faoliyati ko‘proq uyushtiriladigan uch usuldan biri: badiiy obrazlar asosidagi didaktik tahlilni amalga oshirish uchun qulaydir. Obrazlarga tayanib tahlil qilishda katta hajmli epik asarlar timsollarining ruhiyati, o‘y-kechinmalari, xatti-harakatlari, sajiyasi tasviri mantiqiylik, hayotiylik, badiiylik va tarbiyaviylik nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. Timsolli tahlil deb atash mumkin deyilgan bu tahlil turida o‘quvchilar faolligi talab etiladi.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, adabiy matn bilan ishlashda o‘quvchining yosh va psixologik xususiyati, materialning turi, mashg‘ulotni tashkil etishga e’tibor berilishi belgilangan tarbiyaviy va rivojlantiruvchi maqsadlarning bajarilishini ta’minlaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Yusupova Sh.J. Hozirgi o‘zbek tili darslarida o‘quvchilarning tafakkurini o‘stirishning ilmiy-metodik asoslari: Ped.fan.dok...diss. – T., 2005. 277-b.

2. Yadgorov Q.M. Adabiy asar tilini o‘rgatishning lingvodidaktik asoslari: Ped.fan.nom...diss. – T., 2007.150-b.

3. Pedagogika: ensiklopediya. Tuzuvchilar: Jamoa. – T.: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2015, 173-174-b.



4. M.To’ychiyeva “XALQ TA’LIMI” ilmiy-metodik jurnali. 2017

5. Badiiy asar tahlili. [Matn]. Q.Yo‘ldosh, M.Yo‘ldosh. – T.: Kamalak, 2016. 167-b.
Download 16.72 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling