O’zbekiston saylov tizimining shakllanishi va takomillashib borishi


Download 21.54 Kb.
Sana14.02.2023
Hajmi21.54 Kb.
#1198188
Bog'liq
ozbek


O’zbekiston saylov tizimining shakllanishi va takomillashib borishi
Saylov tizimini murakkab mexanizmlardan, tarkibiy qismlardan tarkib topgan qurilmaga o’xshatish mumkin. Uning mexanizmlarining yangilanishi, takomillashuvi, ishlamay qolganlarini almashtirilishi, oxir oqibatda tizimni mazmuniga, sifatiga ta’sir qiladi.
Biror-bir mamlakatning saylov tizimi birdaniga hozirgi holatida vujudga kelmagan. Ularning shu vaqtdagi saylov tizimining vujudga kelishi uchun ko’p vaqtlar o’tgan, mablag’lar sarflangan, ba’zi paytlarda jamiyatda to’qnashuvlar, kurashlar bo’lgan. Saylov tizimidagi umumiylik, tenglik, ixtiyoriylik, xohish-irodani erkin bildirish o’z-o’zidan yoki birdaniga vujudga kelmagan. Saylovlarda yosh chegarasini kamaytirish, ayollarni saylovlarda ishtirok etishiga erishish, saylovlardagi ortiqcha cheklashlarni olib tashlash uchun uzoq vaqt kurashilgan.
Mamlakatdagi saylov tizimi bo’lishi davlat xarakteriga, u еrdagi rejimga bog’liq, ya’ni davlatning suverenligi, demokratik yoki avtoritar rejim, diktatura ko’rinishida bo’lishligi saylov tizimiga ta’sir qiladi. Lekin har qanday rejim ham o’z saylov huquqini demokratik qilib ko’rsatish uchun turli choralarni ko’radi. Sobiq ittifoq davrida ham saylov eng demokratik deb ko’rsatilar, hatto fashistlarni hokimiyat tepasiga keltirgan Germaniya saylov tizimi ham demokratik hisoblangan.
O’zbekiston ittifoq tarkibida turgan vaqtda uning mustaqil saylov tizimi bo’lmagan. O’zbekiston saylov tizimi SSSR saylov tizimining tarkibiy qismi bo’lib, u qanday bo’lsa bu ham shunday bo’lgan. XX asr 80-yillarining ikkinchi yarmidan SSSR, shuningdek, O’zbekiston saylov tizimiga o’zgartirishlar kiritishga o’rinishlar bo’lgan. Shu davrda SSSR saylov tizimi va tajribasiga kirib kelgan, muqobil saylov, ko’p mandatli okrug, dеputat o’rinbosarlari degan institutlar O’zbekiston saylov tizimiga ham kirib kelgan. O’zbekiston saylov tizimining shu vaqtda mustaqil emasligini har qanday saylov qonunlari va qonuniy hujjatlar asosan markazda qabul qilinishi, respublikada qabul qilingan qonunlar, hujjatlar aslo ulardan chetga chiqishi mumkin emasligida ko’rishimiz mumkin.
O’zbekiston saylov tizimining mustaqillik yo’lidan borishi 1989-yil 20-oktabrdagi saylov to’g’risida qonun qabul qilinishi va 1990-yil 18-fevralda o’tkazilgan saylovlardan boshlandi. Natijada nomzodlar soni cheklanmay saylovlar muqobillik asosida o’tkazish sharoiti vujudga keldi, takroriy ovoz berish, takroriy saylov degan yangi saylov institutlari vujudga keldi va bu esa saylov munosabatlarining kengayishi, ularni tartibga soluvchi huquqiy normalarning saylov tizimida bo’lishini nazarda tutdi. O’zbekiston saylov tajribasida saylovlarni haqiqiy emas deb topish faktlari paydo bo’ldi.
O’zbekiston saylov tizimining shakllanishi O’zbekistonning mustaqilligi bilan bog’liq bo’lsa, uni rivojlanishi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga bog’liq.
O’zbekiston Respublikasining mustaqil, demokratik saylov tizimini shakllanishi, O’zbekiston Respublikasining 1992-yil 8-dekabrdagi Konstitusiyasini qabul qilinishi 1991-yil 18-noyabrdagi “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”, 1993-yil 28-dekabrdagi “O’zbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga saylov to’g’isida”, 1994-yil 5-maydagi “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to’g’risida”gi qonunlar qabul qilinishi bilan bog’liq va bular saylov tizimini yanada takomillashtirish, demokratlashtirishga olib keldi.
Yuqoridagi qonunlar saylov munosabatlarini keng ravishda tartibga solish bilan yangi munosabatlarni vujudga keltirdi, masalan saylovlarni ko’p partiyaviylik asosida o’tishi, nomzodlarni fuqarolar va vakillik hokimiyati organlari tomonidan ko’rsatilishi va boshqalar.
Mamlakatimizda olib borilgan demokratik islohotlarga monand ravishda saylov tizimi ham isloh qilib borildi. Yuqorida tilga olingan qonunlarga ko’plab o’zgartirishlar kiritilib, saylov tartiblari o’zgartirildi. Saylov tizimidagi (tartibidagi) eng muhim va sezilarli o’zgarishlar:
- vakillik hokimiyati va fuqarolar nomzod ko’rsatish huquqiga ega sub’ektlar qatoridan chiqarib tashlandi va nomzod ko’rsatishga faqat siyosiy partiyalar (quyi vakillik organlariga, fuqarolarni o’zini-o’zi boshqarish organlari ham) ega bo’ldi;
- saylovlarni bo’lib o’tgan deb hisoblash uchun ro’yxatga olinganlarning yarmidan ko’pi emas, 33 foizi qatnashishi еtarli miqdor deb belgilandi;
- siyosiy partiyalar nomzod ko’rsatishda nomzodlarning kamida 30 foizi ayollardan iborat bo’lishi belgilandi;
- Oliy Majlis Senati tashkil etilishi munosabati bilan saylov tizimiga pog’onali saylov kirib keldi;
- Qonunchilik palatasida deputatlar soni 150 ta qilib belgilanib, ularning 15 tasi Ekoharakatdan ularning anjumanlarida saylanadigan bo’ldi;
- siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etishi uchun to’planadigan imzolar miqdori oltmish mingdan qirq mingga tushirildi;
- saylov uchastkalarida ovoz natijalarini aniqlashda nomzod ko’rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan vakolatli vakil ishtirok etishi belgilandi;
- Qonunchilik palatasi deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillari soni 10 ta qilib belgilandi.
O’zbekiston Respublikasi saylov tizimining rivojlanishida “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish” Konsepsiyasi muhim rol o’ynaydi. Uning ko’rsatmalari asosida saylov qonunchiligiga ancha o’zgartirishlar kiritildi va bu o’z-o’zidan saylov tizimida namoyon bo’ldi. Konsepsiya asosida:
- Bosh vazir nomzodi saylovlarda eng ko’p o’rin olgan siyosiy partiyalar tomonidan ko’rsatiladigan bo’ldi;
- Markaziy saylov komissiyasining tashkil bo’lish tartibi, vazifasi, faoliyat shakli va prinsiplari Konstitusiyada belgilab qo’yildi;
- saylovoldi tashviqotlarining tushunchasi, usullari, shakllari, qachon to’xtatilishi qonunlarda belgilab qo’yildi;
- muddatdan oldin ovoz berish tartibi yangicha o’rnatildi;
- sudgacha qamoq joylarida saqlanayotganlar ovoz berishda ishtirok etishi belgilandi.


Saylov tizimini takomillashuvida mamlakatimizda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, o’tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanlar, ayniqsa, markaziy saylov komissiyasi tomonidan o’yushtirilayotgan xalqaro anjumanlar muhim rol o’ynamoqda.  Saylov tizimining prinsiplari
Saylov tizimi demokratik bo’lishi va rivojlanishi uchun u ma’lum prinsiplar asosida tashkil bo’lishi kerak. Saylov tizimining prinsiplari ham saylov huquqining prinsiplariga o’xshab Konstitusiyaga asoslanadi.
Saylov tizimi prinsiplari quyidagilar hisoblanadi.
Birinchi – saylov tizimining Konstitusiyaga to’la mos kelishi.
Ikkinchi – davlatchilik va hokimiyatning legitimligi (qonuniyligi).
Uchinchi – saylov tizimi tartibotlari va vazifalarining qonuniylik va huquqiy jihatdan ta’minlanganligi.
To’rtinchi – saylov tizimining demokratiyaviyligi, fuqarolarning, siyosiy partiyalarning teng huquqliligi.
Beshinchi – saylov tizimining barqarorlik, taraqqiyot, qonuniylik, huquqiy tartibot, inson huquqlarini himoya qilishga yo’naltirilganligi.
Oltinchi – saylov tizimining xalqchilligi, barcha fuqarolar uchun tushunarli, qulay bo’lishi.
Еttinchi – saylov tizimining uyushganligi Konstitusiyaviy, huquqiy, sud nazorati ostida bo’lishi va qonuniy boshqarilishi.
Sakkizinchi –saylov tizimining tejamli bo’lishi.
To’qqizinchi – ovoz berish va saylanishni ziddiyatsiz bo’lishi, uning uchun еtarli bo’lgan natijalarni olishga kafolat yaratilishi1.
Bu prinsiplarning maqsadi va qo’llanilishini ko’rib chiqamiz.
1. Saylov tizimini Konstitusiyaga to’la mos kelishi prinsipi.
Avvalo Konstitusiyada saylov tizimi haqida maxsus bobni borligi, saylov munosabatlarining konstitusiyaviy-huquqiy normalari bilan tartibga solinishi, saylov qonunlarining asosini konstitusiyaviy normalar tashkil etishi – bu prinsipni namoyon qiluvchi belgilardir. Saylov tizimining elementlari – tarkibiy qismi hisoblanuvchi fuqarolarning saylov huquqlari, saylov huquqining prinsiplari, saylov o’tkazish tartiblari Konstitusiyada belgilangan.
2. Davlatchilik va hokimiyatni legitimligi (qonuniyligi) prinsipi – bu davlat hokimiyati tuzilmalari konstitusiya asosida tashkil qilishda va konstitusiya hamda qonunlarda belgilangan vakolatlarni, qonunlarda belgilangan shakl va usullarda amalga oshirilishida ifodalanadi. Hokimiyatning yagona manbai xalq ekanligi saylov tizimi orqali xalqni hokimiyatni tuzishda faol va bevosita ishtiroki ta’minlanishini ko’rsatadi. Davlat hokimiyatini xalq manfaatlarini ko’zlab Konstitusiya va uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshirilishi davlat hokimiyatining lеgitimligini bildiradi va u saylov tizimini belgilashga ta’sir qiladi.
3. Saylov tizimining tartibotlari va vazifalarning qonuniyligi va huquqiy jihatdan ta’minlanganligi.Saylov o’tkazish tartiblari Konstitusiya va saylov to’g’isidagi maxsus qonunlarda va boshqa qonunlarda, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadigan hujjatlar bilan belgilab qo’yilgan. Qonunlarda saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qilishdan tortib, saylov yakunlari e’lon qilinguncha bo’lgan davrda amalga oshiriladigan tadbirlarning aniq muddatlari, tartibi aniq belgilab qo’yilgan. Saylovning (saylov tizimining) vazifasi fuqarolarni davlat jamiyat ishlariga jalb qilish hamda demokratik hokimiyat tuzilmalarini tashkil etish vazifasi qonunlarda u yoki bu ko’rinishda belgilangan.
4. Saylov tizimining demokratligi, fuqarolarning, siyosiy partiyalarning teng huquqliligi.
Bu saylovlar umumiy ekanligida, qonunda belgilangan hollardan tashqari hеch kim saylov huquqidan mahrum qilinmaslikda, saylovlar umum e’tirof etilgan prinsiplarda o’tkazilishida namoyon bo’ladi. Saylov tizimining demokratligi yana saylovlarda fuqarolar o’z xohish-irodasini erkin, ixtiyoriy bildirishida aks etadi. Saylov tizimining muhim shartlaridan biri unda barcha fuqarolarning, siyosiy partiyalarning teng huquqligidir. Bular qonun bilan ta’minlangan. Bu prinsip faqat fuqarolar va siyosiy partiyalar teng huquqligi bilangina xarakterlanmay, umuman saylovlardagi barcha saylov ishtirokchilarini teng huquqligi bilan xarakterlanadi.
5. Saylov tizimining barqarorlik, taraqqiyot, qonuniylik, huquq-tartibot, inson huquqlarini himoya qilishga yo’naltirilganligi.
Saylov huquqi orqali davlat hokimiyati tuzilmalari tashkil qilinadi. Ularning natijasi, qabul qilgan qarorlari mamlakat taraqqiyotiga ta’sir qiladi. Saylovlarning adolatli o’tishi fuqarolar, jamiyatning turli a’zolari o’rtasida totuvlik bo’lishini, bu esa barqarorlik bo’lishini ta’minlaydi. Saylov tizimi natijasida vujudga kelgan hokimiyat organlari legitim bo’lib, mamlakatda qonuniylikni ta’minlash, huquqiy-tartibotni o’rnatilishida muhim rol o’ynaydi. Saylov tizimi fuqarolar tengligini ta’minlash bilan birga, uning natijasida vujudga kelgan hokimiyat tuzilmalari fuqarolarning birinchi navbatda saylov huquqlarini, qolaversa, boshqa barcha huquqlarini himoya qilinishini ta’minlaydi.
6. Saylov tizimini xalqchilligi, uni barcha uchun tushunarli bo’lishi.
Saylov-huquqiy normalari oddiy fuqarolar tushunadigan tilda vujudga keladi. Bu sohadagi munosabatlarda barcha bir xil ishtirok etadi. Huquqiy normalar orasida saylov huquqlari eng ko’p tashviqot ob’ekti bo’ladi. Uning mazmun-mohiyati har bir fuqaroga еtkazilishi uchun katta ishlar olib boriladi. Uning normalarida hamma bir xil naf ko’rishi choralari belgilangan.
7. Saylov tizimi konstitusiyaviy, huquqiy va sud nazoratida bo’lishi, u qonuniy boshqarilishi prinsipi, avvalo, saylov tizimini himoyalashni, uning buzilishlari oldini olishning, ma’lum sabablar bilan unga zarar еtkaziladigan bo’lsa, unga qarshi еtarli choralar ko’rish mexanizmi mavjudligini bildiradi. Eng muhim yuridik faktlar, munosabatlar singari saylov tizimi ham Konstitusiya bilan, turli maxsus va boshqa qonunlar bilan, shuningdek, maxsus normativ hujjatlar bilan belgilanib nazorat qilinadi. Saylov tizimi sud tomonidan alohida himoya qilinadi. Konstitusiyaviy sud saylov qonunlarini, boshqa qonuniy hujjatlarni Konstitusiyaga mosligini nazorat qiladi, zarur deb topsa qonun va boshqa qonuniy hujjatlarni bekor qilishi mumkin. Odil sudlov organlari fuqarolarning, nomzodlarning, siyosiy partiyalarning shikoyatlarini ko’rib chiqib adolatni tiklaydi. Saylov tizimi doirasidagi barcha tadbirlar qonun asosida boshqariladi.
8. Saylov tizimini tejamli bo’lishi prinsipi ortiqcha harajatlarni oldini oladi, hammaga (saylov ishtirokchilari – siyosiy partiyalarga) bir xil moliyaviy mablag’ ajratadi. Saylov komissiyalarining faoliyat yuritishi uchun ham bir xil, dabdabalarsiz mablag’ ajratiladi. O’zbekiston saylov tizimining tejamkorligi O’zbekistonda o’tadigan saylovlarni boshqa mamlakatlarda o’tadigan saylovlar bilan solishtirganda aniq bilinadi.
9. Saylovlarni ziddiyatsiz o’tishi, kerakli natijalarga erishish maqsadi saylov tizimining muhim prinsipidir. Saylovlarning ziddiyatsiz o’tishida saylov tizimini qonuniy asoslarini mustahkamligi, saylovlarga tayyorgarlik ko’rish adolat asosida o’tishi asosiy sabab bo’ladi. Bundan tashqari saylovlarning oshkora o’tishi, siyosiy partiyalar sog’lom raqobat doirasida bellashishi, bir-birini hurmat qilishi, ularga teng imkoniyatlar yaratishi sabab bo’ladi. Mo’ljallangan natijalarga ziddiyatsiz erishishda olib borilayotgan tashviqotlarning sifati, aholining siyosiy va huquqiy madaniyat darajasi muhim rol o’ynaydi.
Bu prinsiplar bir-biri bilan bog’liq, biri ikkinchisini to’ldiradi. Ular maqsadi va vazifasiga qarab bir-biridan farq qiladi va birgalikda saylov tizimiga baho berishda muhim ko’rsatgich hisoblanadi.
 Saylov tizimi tushunchasi
Saylov huquqi bilan birga saylov tizimi atamasi ham ko’p ishlatiladigan atamadir. Saylov tizimi haqida yuridik adabiyotlarda, darsliklarda bir-biriga o’xshash hamda bir-biridan farq qiluvchi ta’riflar mavjud.
“Saylov tizimi – jamiyatda davlatning vakillik organlarini saylash yo’li bilan yuzaga keluvchi davlat-siyosiy munosabatlari tizimidir”1 – degan tushuncha saylov tizimining ba’zi tomonlarini chetda qoldirgan. Bu tushuncha faqat davlat vakillik organlariga saylov bilan bog’liq munosabatlarnigina e’tiborga olib, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlariga saylov munosabatlarini yoki umuman saylov tizimining muhim elementi (qismi) saylov munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy normalarini chetda qoldirgan.
Ko’pchilik adabiyotlarda saylov tizimi ikki-keng va tor ma’noda ishlatilishi ta’kidlanadi.Rossiyalik olimlar I.V.Graf hamda D.G.Sharomskixlar tomonidan tayyorlangan “Хorijiy mamlakatlar konstitusiyaviy huquqi” darsligida saylov tizimi keng ma’noda saylov bilan bog’liq ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishni bildiradi, deb ko’rsatilgan bo’lib unda ham saylov tizimi faqat davlat organlariga saylov bilan chegaralanadi.
Alеbastrova I.A. tomonidan tayyorlangan darslikda, saylov tizimi keng ma’noda saylov bilan bog’liq barcha narsalarni yig’indisi hisoblanib u o’z ichiga saylov huquqini va saylov o’tkazish amaliyotini ham oladi degan ta’rif mavjud.
Bu tushuncha ancha keng bo’lib, saylov tizimini to’laroq ifodalaydi. Chunki saylov bilan bog’liq barcha harakatlar yig’indisi saylov tizimini tashkil etishi haqiqatdir.
Darsliklardagi yana bir fikrga asosan saylov tizimi barcha saylov o’tkazilishi bilan bog’liq tartiblar, tadbirlarni mustahkamlovchi, o’rnatuvchi huquqiy normalar yig’indisidir. Saylov tizimi – bu saylov o’tkazilishi tartibi va shu tartiblarni mustahkamlovchi huquqiy normalar yig’indisidir. Saylov o’tkazish tartiblari huquqiy normalar bilan belgilanadi va ular birgalikda saylov tizimini tashkil etadi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining XXIII bobi (117-modda) “Saylov tizimi” deb nomlangan. Unga ko’ra: “O’zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o’z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga, viloyatlar tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitusiyaviy vakolati tugaydigan yilda – dekabr oyining uchinchi o’n kunligi birinchi yakshanbasida o’tkaziladi. Saylovlar umumiy, teng, to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi. O’zbekiston Respublikasining o’n sakkiz yoshga to’lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.
O’zbekiston Respublikasining Oliy Majlisining Senati a’zolari Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, viloyatlar tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining qo’shma majlislarida mazkur deputatlar saylanganidan so’ng bir yil ichida saylanadilar.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas va saylovda qatnashmaydilar. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to’g’ridan-to’g’ri yoki bilvosita cheklashga yo’l qo’yilmaydi.
O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning o’zida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo’lishi mumkin emas.
Saylov o’tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi”1.
Saylov tizimi haqida normalar hamma mamlakatlarning (Rossiya Konstitusiyasida ham) konstitusiyalarida alohida bobda mustahkamlanmagan.
O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasidagi “Saylov tizimi” haqidagi normalar, saylov tizimi xususidagi ilmiy ta’riflarni asosli ekanligini ko’rsatadi. Konstitusiyaviy normalar saylov munosabatlarining vujudga kelishiga ta’sir qiladi va ularni tartibga soladi, saylov tartiblarini o’rnatadi va tartibga soladi, saylov huquqining muhim prinsiplarini mustahkamlaydi va saylov tizimining muhim elementlaridan hisoblanuvchi – qonunchilikni vujudga kelishiga asos bo’ladi.
116-aprel 2014-yilgi Kоnstitusiyaga kiritilgan о‘zgartish va qо‘shimchaga asоsan Kоnstitusiyaning 117-mоddasi 6-9-qismlar bilan tо‘ldirildi. Ular Markaziy saylоv kоmissiyasi faоliyatiga taall’uqli nоrmalardan ibоrat.
Bu saylоv tizimi haqidagi ta'riflarni umumlashtirib aytadigan bо‘lsak, saylоv tizimi – saylab qо‘yiladigan оrganlarni, mansabdоrlarni (fuqarоlarni о‘zini о‘zi bоshqarish оrganlarini saylash ham buni ichiga kiradi) saylash jarayonida vujudga keladigan munоsabatlar, tartiblar va ularni о‘rnatuvchi, tartibga sоluvchi huquqiy nоrmalar yig‘indisidir.
Avval qayd qilganimizdek saylov tizimining tor ma’nodagi tushunchasi ham bo’lib, uni ta’riflashda turli mualliflar o’rtasida yakdillik mavjud.
Download 21.54 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling