Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizom
Download 21.07 Kb.
|
lex
Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida NIZOM 1-bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Nizom paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi. 2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi: agrotexnologik xarita — paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan har yili oktyabr oyiga qadar tasdiqlanadigan hamda mavsum davomida barcha qilinadigan ishlar va taxminiy xarajatlarni (oylar kesimida) aks ettiruvchi hujjat; ixtisoslashuv bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish — paxta-to‘qimachilik klasterining biznes reja va agrotexnologik xaritasida ko‘rsatilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish, ekish va yetishtirish; paxta-to‘qimachilik klasteri — bir yoki bir nechta tashkilotlar tomonidan paxta xomashyosini yetishtirish va (yoki) shartnoma asosida sotib olishdan uni, shu jumladan boshqa xo‘jalik subyektlari bilan hamkorlik asosida chuqur qayta ishlash jarayonlarini o‘z ichiga olgan ishlab chiqarish majmuasi; talabgor — paxta-to‘qimachilik klasterini tashkil etish uchun ariza bergan bir yoki bir nechta yuridik shaxslar. 3. Paxta-to‘qimachilik klasteri quyidagi shaklda tashkil etiladi: qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda paxta xomashyosini yetishtirish; qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga olmasdan paxta xomashyosini shartnoma asosida fermer xo‘jaliklari va boshqa paxta xomashyosi yetishtiruvchi xo‘jalik subyektlaridan (keyingi o‘rinlarda — paxta xomashyosi yetishtiruvchilar) sotib olish; qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda paxta xomashyosini yetishtirish hamda paxta xomashyosi yetishtiruvchilardan shartnoma asosida paxta xomashyosini sotib olish. 4. Paxta-to‘qimachilik klasteri bilan paxta xomashyosi yetishtiruvchilarning o‘zaro munosabatlari taraflarning manfaatlaridan kelib chiqqan holda paxta xomashyosini yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuziladigan shartnoma (keyingi o‘rinlarda — shartnoma) asosida amalga oshiriladi. 5. Paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Respublika komissiyasi) qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi. 6. Paxta-to‘qimachilik klasteri O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va ushbu Nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlari asosida faoliyat yuritadi. 2-bob. Paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish tartibi 7. Paxta-to‘qimachilik klasteri O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida paxta xomashyosini yetishtirish uchun mo‘ljallangan yer uchastkalari negizida mazkur Nizomning 3-bandida ko‘rsatilgan shakllarda tashkil qilinadi. 8. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik), “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi (keyingi o‘rinlarda Uyushma) hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari o‘zaro kelishgan holda yangi paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etiladigan hududlar, ularning maydonlari va hosildorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har yili 20-avgustga qadar o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qiladi. Bunda, paxta-to‘qimachilik klasterlari mazkur Nizomning 3-bandining ikkinchi va to‘rtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaklda tashkil etilayotgan bo‘lsa tanlov ma’lumotlarida yer uchastkasining o‘lchami, konturi, ball bonniteti va normativ qiymati haqidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi. 9. Paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish uchun talabgor ixtiyoriy ravishda har yili 10-sentabrga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza bilan murojaat qiladi. 10. Talabgor arizada paxta-to‘qimachilik klasterining shakli, paxta xomashyosiga bo‘lgan talabining hajmi va yer uchastkasining maydonini (yer uchastkasini ijaraga olish istagi bo‘lgan taqdirda) aniq ko‘rsatib quyidagi hujjatlarni ilova qiladi: a) talabgorni davlat ro‘yxatidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar (guvohnoma va ustavi hamda ta’sis shartnomasi (agar mavjud bo‘lsa) nusxasi; b) sohaga oid ishlab chiqarish quvvatlari mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar; v) paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati doirasida zarur bo‘ladigan aktivlar to‘g‘risida ma’lumotlar; g) talabgor tomonidan tasdiqlangan, shu jumladan quyidagilardan iborat biznes-reja: paxta xomashyosi yetishtirishdan boshlab uni tayyor mahsulot sifatida sotishgacha bo‘lgan ishlab chiqarish jarayonining uzluksiz zanjirini, shu jumladan hamkorlik asosida tashkil etish; mexanizatsiya darajasini va ekinlar hosildorligini oshirish, resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, shu jumladan zamonaviy sug‘orish usullaridan foydalanish, yerlarning unumdorligini va melioratsiya holatini yaxshilash (qishloq xo‘jaligi yer uchastkasi ijaraga oluvchi talabgor uchun); investitsiya loyihalari, shu jumladan ularning quvvatlari, moliyalashtirish manbalari, yaratiladigan ish o‘rinlari hamda eksport prognoz ko‘rsatkichlari to‘g‘risida ma’lumotlar; d) tanlovga qo‘yilgan yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravaridan ortiq miqdordagi pul mablag‘lari depozitga qo‘yilganligi haqidagi bank ma’lumotnomasi (qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga oluvchi talabgorlar uchun). 11. Davlat xizmatlari markazi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn vaqt rejimida talabgor tomonidan paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish bo‘yicha taqdim qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun Vazirlikka yuboradi. 12. Vazirlik Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yuborilgan arizani va unga ilova qilingan hujjatlarning to‘liqligini ikki ish kunida ko‘rib chiqadi. Agar hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan taqdirda Vazirlik tomonidan talabgorga kamchiliklarni bartaraf etish uchun besh ish kuni beriladi. Bunda, ushbu muddat o‘tgandan keyin talabgor tomonidan yetishmaydigan hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, Vazirlik arizani qaytarishga haqli. 13. Vazirlik besh ish kunida Uyushma hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishgan holda talabgor tomonidan mazkur Nizomda belgilangan talablarga muvofiq va kamchiliklarsiz taqdim qilingan arizani hamda unga ilova qilingan hujjatlarni Respublika komissiyasiga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritadi. 14. Respublika komissiyasi kotibi paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqish uchun yig‘ilish vaqti haqida Respublika komissiyasi a’zolariga xabarnoma yuboradi. 15. Respublika komissiyasi yig‘ilishlari unda a’zolarning uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli (kvorum) hisoblanadi. 16. Respublika komissiyasi xulosasi qaror shaklida komissiya a’zolarining ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Bunda, Respublika komissiyasining har bir a’zosi bir ovozga ega va ularning ovoz berish jarayonida betaraf qolishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 17. Respublika komissiyasi kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqib, aniq asoslarni ko‘rsatgan holda quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: talabgorlarning arizalarini rad etish to‘g‘risida; eng yaxshi taklif foydasiga ijobiy va qolgan takliflar yuzasidan salbiy qaror qabul qilish. 18. Respublika komissiyasi talabgorlarning arizalarini har yili 1-oktabrga qadar ko‘rib chiqib, eng maqbul taklif foydasiga qaror qabul qiladi. Bunda talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligi davlat organlari va idoralarining elektron ma’lumotlar bazalari orqali tekshirilishi mumkin. 19. Respublika komissiyasi tomonidan talabgorlarning arizasini rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Vazirlik ikki ish kunida paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etiladigan hududlar, ularning maydonlari va hosildorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rasmiy veb-saytida qayta e’lon qiladi. Bunda, arizalari rad etilgan talabgorlar Respublika komissiyasi qaroridagi kamchiliklarni tuzatgan holda paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish bo‘yicha bir oy muddatda ariza berishlari mumkin. Qayta tanlov yuzasidan kelib tushgan arizalar mazkur Nizomning 12 — 17-bandlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. 20. Vazirlik bir oy muddatda Respublika komissiyasi yig‘ilishining ijobiy qaroriga muvofiq paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida hujjat loyihasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. 21. Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjati qabul qilingandan so‘ng: uch ish kunida Vazirlik talabgorlarni, ularning arizalari qanoatlantirilganligi to‘g‘risida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali belgilangan tartibda xabardor qiladi; besh ish kunida Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan talabgor o‘rtasida paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida o‘ttiz yil (talabgor chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona yoki chet el yuridik shaxsi bo‘lgan taqdirda yigirma besh yilgacha bo‘lgan) muddatga to‘rt tomonlama bitim (keyingi o‘rinlarda — bitim) tuziladi. Bunda faoliyat yuritayotgan paxta-to‘qimachilik klasteri bitimning amal qilish muddati tugaganidan keyin bitimni yangilashda ushbu paxta-to‘qimachilik klasteri boshqa teng sharoitlarda ustunlik huquqiga ega bo‘ladi; uch ish kunida paxta-to‘qimachilik klasteri tegishli tuman (shahar) hokimi bilan yer ijarasi shartnomasi tuzadi (paxta-to‘qimachilik klasteri yer uchastkasini ijara olgan holda tashkil etilgan taqdirda). Bunda, Vazirlar Mahkamasi tomonidan, istisno tariqasida, faqat quyidagi hollarda yer uchastkalari to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi: yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi pul mablag‘i depozitga qo‘yilganda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimining taklifiga asosan; eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida (yer maydoni hajmiga ko‘ra ortib boradi) bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun — loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng mablag‘ avvaldan maxsus hisobraqamga joylashtirilganda; chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga — ijaraga olish huquqini olganlik uchun bozor qiymatida haq to‘lagan holda (xalqaro birlashmalar va tashkilotlardan tashqari). 22. Bitimda quyidagilar nazarda tutiladi: bitimning predmeti; tashkil etilayotgan paxta-to‘qimachilik klasteri shakli; taraflarning huquq va majburiyatlari; bitimda belgilangan majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda taraflarning javobgarligi; paxta-to‘qimachilik klasterining yillar kesimida investitsiyalar kiritish va ish o‘rinlarini yaratish hamda ularni amalga oshirish muddatlari; auditorlik tashkilotlarini jalb qilgan holda har yili paxta-to‘qimachilik klasterining faoliyatini tahlil qilish, bitim, shu jumladan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi, samaradorlik va moliyaviy auditni amalga oshirish shartlari; bitimni bekor qilish shartlari; nizolarni hal qilish tartibi; majburiyatlarni buzish holatlarini aniq belgilash; bitim tuzilgan sana va joy, taraflarning rekvizitlari, pochta manzillari. Tomonlarning kelishuviga ko‘ra bitimda boshqa qo‘shimcha shartlar ham aks ettirilishi mumkin. 23. Bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taraflarning kelishuviga ko‘ra amalga oshiriladi. 24. Taraflardan birining bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi taklifi qolgan taraflar tomonidan rad etilgan taqdirda, ushbu masala yuzasidan sudga murojaat qilinishi mumkin. 25. Paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish tartibi ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi. 3-bob. Paxta-to‘qimachilik klasterining huquqlari 26. Paxta-to‘qimachilik klasteri quyidagi huquqlarga ega: o‘z faoliyatini yuritishda ishlab chiqaradigan mahsulotlarini, tijorat banklaridan oladigan kreditlarni, o‘zining tasarrufidagi ko‘chmas mulk obyektlarini, texnika vositalari va ishlab chiqarish texnologiyalari asbob va uskunalarini sug‘urtalashda mustaqil ravishda xohlagan sug‘urta tashkiloti xizmatlaridan foydalanib amalga oshirish; zarurat bo‘lganda, agrotexnologik xaritaga o‘zgartirishlar kiritish; g‘o‘za navlari urug‘lik chigitlarini mustaqil ravishda ishlab chiqarish; suv resurslarini o‘z vaqtida yetkazib berishni mutasaddi tashkilotlardan talab qilish; paxta xomashyosini o‘zining yoki ijaraga olingan paxta tozalash zavodida yoxud tegirmon usulida dastlabki qayta ishlashni amalga oshirish; yetishtirilgan paxta xomashyosidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni erkin tasarruf etish (paxta tolasini eksport qilish bundan mustasno); ishlab chiqarilgan paxta tolasining o‘z ishlab chiqarish quvvatlari ehtiyojidan ortiq qismini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sotish; paxta xomashyosidan olinadigan chigit va boshqa mahsulotlarni mustaqil ravishda qayta ishlash yoki ularni, shu jumladan qayta ishlangan mahsulotlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sotish. Paxta-to‘qimachilik klasteri qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 27. Qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasteri quyidagi qo‘shimcha huquqlarga ega: g‘o‘za navlarini mustaqil joylashtirish; ajratilgan yer uchastkalarida almashlab ekishni joriy etgan holda, ushbu yerlarning konturlarini tuzish; tasdiqlangan agrotexnologik xaritadagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun imtiyozli moliyaviy resurslardan foydalanish; mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i-moylash materiallarini import qilish; qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni tashkil etishning bozor tamoyillariga asoslangan klaster — fermer, klaster — dehqon xo‘jaligi, klaster — oilabay pudrat va qishloq xo‘jaligida ish yuritishning boshqa zamonaviy usullarini joriy etish; o‘ziga biriktirilgan yer uchastkalarini shartnomaga asosan yuridik va jismoniy shaxslarga bir yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijara (ularni uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) asosida berish. 28. Qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga olmasdan tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasteri quyidagi qo‘shimcha huquqlarga ega: o‘zi faoliyat yuritayotgan hududdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bekor qilingan taqdirda, bo‘shagan yer uchastkasini qayta ijaraga berishda teng sharoitlarda ustunlik huquqidan foydalanish; paxta xomashyosi yetishtiruvchilarga g‘o‘za navlarini joylashtirish bo‘yicha tavsiya berish; paxta xomashyosi yetishtiruvchilardan tasdiqlangan agrotexnologik xaritaga muvofiq tegishli chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini talab qilish; paxta xomashyosi yetishtiruvchilarga yangi zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari, yoqilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘itlar va boshqa zarur tovarlarni xarid qilish va texnologiyalarni joriy qilishda ko‘maklashish; paxta xomashyosi yetishtirish uchun yer uchastkasini, shu jumladan qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan yer uchastkasini ijara shartnomasi asosida ajratish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilish; paxtadan yuqori hosil olgan paxta xomashyosi yetishtiruvchilarni rag‘batlantirish. 4-bob. Paxta-to‘qimachilik klasterining majburiyatlari 29. Paxta-to‘qimachilik klasteri quyidagi majburiyatlarga ega: biznes-reja va bitim parametrlariga rioya qilish hamda bir yilda kamida bir marta hisobotlarni Vazirlikka, Uyushmaga hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga va viloyatlar hokimliklariga taqdim etish; ajratilgan imtiyozli moliyaviy resurslardan tasdiqlangan agrotexnologik xaritaga muvofiq foydalanish; paxta xomashyosi yetishtirishdan boshlab uni tayyor mahsulot sifatida sotishgacha bo‘lgan ishlab chiqarishning uzluksiz zanjirini, shu jumladan kooperatsiya asosida tashkil etish hamda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotish; raqamli va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish; Uyushma bilan paxta-to‘qimachilik klasteri o‘rtasida tuzilgan a’zolik shartnomalari doirasida olingan majburiyatni bajarish hamda a’zolik badallarini belgilangan muddatlarda to‘lab borish. Paxta-to‘qimachilik klasteri qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 30. Qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasteri quyidagi qo‘shimcha majburiyatlarga ega: paxta yetishtirishda mexanizatsiya darajasini oshirib borish hamda suv tejaydigan zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish; erlarning irrigatsiya va melioratsiya holatini yaxshilash, tuproq tarkibini laboratoriyadan o‘tkazish; erlarning hosildorligini oshirish, ball bonitetini doimiy nazorat qilib borish. 31. Qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga olmasdan tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasteri quyidagi qo‘shimcha majburiyatlarga ega: o‘zi faoliyat yuritayotgan hududdagi paxta xomashyosi yetishtiruvchilar bilan paxta xomashyosini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzish; paxta xomashyosi yetishtiruvchilar bilan tuzilgan shartnoma talablariga qat’iy rioya etish; paxta xomashyosini yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha barcha tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish hamda zarur tovar va materiallarni yetkazib berish (agar shartnomada paxta xomashyosi yetishtirishni moliyalashtirish paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo‘lsa); paxta xomashyosi yetishtiruvchilar tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosini shartnomada belgilangan narxlarda sotib olish va yakuniy hisob-kitoblarni hosil yig‘ib olingan yilning 31-dekabriga qadar amalga oshirish. 5-bob. Paxta xomashyosi yetishtiruvchilarning huquq va majburiyatlari 32. Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar quyidagi huquqlarga ega: o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda (tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar) istalgan paxta-to‘qimachilik klasteri bilan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda shartnoma tuzish; tasdiqlangan agrotexnologik xaritadagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun imtiyozli moliyaviy resurslardan foydalanish; o‘z faoliyatini yuritishda ishlab chiqaradigan mahsulotlarini, tijorat banklaridan oladigan kreditlarni, o‘zining tasarrufidagi ko‘chmas mulk obyektlarini, texnika vositalari va ishlab chiqarish texnologiyalari asbob va uskunalarini sug‘urtalashda mustaqil ravishda xohlagan sug‘urta tashkiloti xizmatlaridan foydalanib amalga oshirish; suv resurslarini o‘z vaqtida yetkazib berishni mutasaddi tashkilotlardan talab qilish; tasdiqlangan agrotexnologik xaritaga muvofiq ajratilgan imtiyozli moliyaviy resurslardan foydalanish; o‘ziga biriktirilgan yer uchastkalarini shartnomaga asosan yuridik va jismoniy shaxslarga bir yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijara (ularni uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) asosida berish. Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 33. Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar quyidagi majburiyatlarga ega: paxta-to‘qimachilik klasteri bilan tuzilgan shartnomaga qat’iy amal qilish; ajratilgan imtiyozli moliyaviy resurslardan tasdiqlangan agrotexnologik xaritaga muvofiq foydalanish; yetishtirgan paxta xomashyosini shartnomada belgilangan narxlarda sotish; paxta yetishtirishda mexanizatsiya darajasini oshirib borish hamda suv tejaydigan zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish; erlarning irrigatsiya va melioratsiya holatini yaxshilash, tuproq tarkibini laboratoriyadan o‘tkazish; erlarning hosildorligini oshirish, ball bonitetini doimiy nazorat qilib borish. Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar qonunchilik hujjatlari va paxta-to‘qimachilik klasteri bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 6-bob. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining huquq va majburiyatlari 34. Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari quyidagi huquqlarga ega: paxta-to‘qimachilik klasteridan biznes reja va investitsiya loyihalarida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishi bo‘yicha ma’lumotlarni talab qilish; bitimni bekor qilish to‘g‘risida asoslantirilgan takliflarni Respublika komissiyasiga kiritish. Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari qonunchilik hujjatlari va paxta-to‘qimachilik klasteri bilan tuzilgan bitimga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 35. Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari quyidagi majburiyatlarga ega: bitimda nazarda tutilgan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish; erlarning melioratsiya holatini yaxshilash maqsadida xo‘jaliklararo irrigatsiya va melioratsiya inshootlarini kapital ta’mirlash va tiklash ishlarini amalga oshirishda ko‘maklashish; paxta-to‘qimachilik klasterining ishlab chiqarish obyektlarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishiga ko‘maklashish; paxta-to‘qimachilik klasteriga imtiyozli va tijorat kreditlari, shuningdek, subsidiya va kompensatsiyalar berilishiga ko‘maklashish; paxta-to‘qimachilik klasterining paxta xomashyosi yetishtiruvchilar bilan bog‘liq munosabatlarini barqarorlashtirishga ko‘maklashish; paxta-to‘qimachilik klasteri xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ko‘maklashish. Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari qonunchilik hujjatlari va paxta-to‘qimachilik klasteri bilan tuzilgan bitimga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 7-bob. Paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatining kafolatlari 36. Paxta-to‘qimachilik klasterining yer uchastkalaridan foydalanishi va ijara huquqlari, shuningdek, tomonlar kelishuvi bo‘yicha tuzilgan shartnomalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda kafolatlanadi. 37. Paxta-to‘qimachilik klasteriga ajratilgan yer uchastkalari mazkur Nizomning 41-bandida va bitimda nazarda tutilgan asoslardan tashqari boshqa asoslar bilan qayta taqsimlanishi va olib qo‘yilishi mumkin emas. 8-bob. Paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati monitoringini yuritish 38. Vazirlik Uyushma hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish majburiyatlari, shuningdek, shartnomaviy majburiyatlarga rioya etilishi va paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati samaradorligi bilan bog‘liq boshqa masalalar yuzasidan bir yilda kamida bir marta monitoring o‘tkazadi. Bunda, Vazirlik paxta-to‘qimachilik klasterining biznes-reja va bitim hamda boshqa ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yuritadi. 39. Vazirlik Uyushma, tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan birgalikda tahliliy ma’lumotlar asosida sohadagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi. 40. Vazirlik Uyushma hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini har tomonlama chuqur tahlil qilgan holda o‘rganib, monitoring natijalarini hisobot yilining oxirida Respublika komissiyasiga taqdim etib boradi. 9-bob. Bitimni bekor qilish tartibi 41. Quyidagilar bitimni bekor qilishga (to‘liq yoki muayyan hududga nisbatan) asos bo‘ladi: paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini amalga oshirish uchun ajratilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksida belgilangan tartibda bekor qilinganda; bitim tarafi bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari faoliyati qonunchilik hujjatlariga muvofiq tugatilishi; bitim tarafi bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining bitimni bekor qilish bo‘yicha Vazirlikka, Uyushmaga hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga murojaatlari; paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan bitimda nazarda tutilgan majburiyatlar belgilangan muddatda bajarilmaganda (fors-major holatlar va (yoki) o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra vujudga keladigan holatlar bundan mustasno); paxta xomashyosi yetishtiruvchilarning uchdan ikki qismi paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan shartnoma munosabatlarini uch yil davomida bajarilmay kelganligini asoslovchi yozma murojaatlari bo‘lganda. Bitimni mazkur bandda va bitimning o‘zida ko‘rsatilmagan boshqa asoslarga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mazkur bandning ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan hollarda bitimni bekor qilish O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi va Fuqarolik kodeksi hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Mazkur bandning beshinchi va oltinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan hollarda bitimni bekor qilish Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari yoki boshqa manfaatdor shaxslarning murojaatlariga asosan sud tomonidan amalga oshiriladi. 42. Mazkur Nizomga 41-bandning beshinchi va oltinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan hollarda Uyushma hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining bitimni bekor qilish to‘g‘risidagi murojaatlari yozma ravishda Vazirlikka yuboriladi. Vazirlik uch ish kunida murojaatni o‘rganib chiqib, tahlillarga asoslangan takliflarni Respublika komissiyasiga qaror qabul qilish uchun kiritadi. 43. Respublika komissiyasi bitimni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish uchun yig‘ilish vaqtini belgilaydi va bu haqida Respublika komissiyasi a’zolariga xabarnoma yuboradi. Bunda Respublika komissiyasining qarori mazkur nizomning 16 va 17-bandlarida nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi. 44. Respublika komissiyasi ikki hafta muddatda mazkur nizomga 41-bandning beshinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda bitimni bekor qilish to‘g‘risida Vazirlikka, Uyushmaga hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga tavsiya beradi. 45. Vazirlik yoki Uyushma yoxud tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Respublika komissiyasining tavsiyasiga asosan ikki ish kunidan kechiktirmay bitimni bekor qilish to‘g‘risida sudga murojaat qiladi. 46. Sudning bitimni bekor qilish to‘g‘risidagi qarori paxta-to‘qimachilik klasteriga hamda Vazirlik yoki Uyushma yoxud tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi. 47. Paxta-to‘qimachilik klasteri bilan tuzilgan bitim bekor qilingan taqdirda, Vazirlik tomonidan ularning klasterlik faoliyatini tugatish yuzasidan bir oy muddatda tegishli hujjat loyihasi belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Faoliyati tugatilayotgan paxta-to‘qimachilik klasteriga tugatilayotgan yildagi mavsum bo‘yicha paxta hosilini to‘liq yig‘ib (sotib) olishga ruxsat beriladi. 48. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tugatish to‘g‘risida normativ-huquqiy hujjatni qabul qiladi. 49. Vazirlik paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tugatish to‘g‘risida normativ-huquqiy hujjat qabul qilingandan so‘ng, uch ish kunida bu haqda faoliyati tugatilgan paxta-to‘qimachilik klasterini xabardor qiladi. 10-bob. Yakunlovchi qoidalar 50. Paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatida vujudga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlari va ushbu Nizomda nazarda tutilgan qoidalar asosida belgilangan tartibda hal etiladi. 51. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar. Download 21.07 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling