Qadimgi turklar va yunon adabiyoti mushtarakligi qoraqalpoq davlat universiteti O’zbek filologiyasi fakulteti


Download 26.23 Kb.
Sana07.05.2023
Hajmi26.23 Kb.
#1439128
Bog'liq
Taylakova Moxinur ¹




QADIMGI TURKLAR VA YUNON ADABIYOTI MUSHTARAKLIGI
Qoraqalpoq davlat universiteti
O’zbek filologiyasi fakulteti
f.f.f.d. (PHd) M. Allambergenova
2-bosqich talabasi M. Taylakova


Annotatsiya: Ushbu maqolada qadimgi turklar va yunon adabiyotining o’xshash jihatlari haqida so’z yuritilgan.Maqolada «Alpomish» va «Odisseya» dostonlaridagi o’xshash taraflari ko’rib chiqilgan.Ushbu ikki dostonlar o’rtasidagi o’xshashlik syujet va badiiy tasvir vositalarida ko’rinadi.
Kalit so’zlar: Doston , syujet , ertak , rivoyat , qahramonnoma , skif, obraz, qahramon , badiiy tasvir vositalari.
Dunyodagi har bir xalqning o’ziga xos betakror tarixi ,madaniyati , adabiyoti bor.Muayyan xalqning tarixi shunchaki kechmish , voqea-hodisalardangina iborat bo’lmaydi , balki shu voqea-hodisalar ro’y bergan vaqtda bunyod etilgan san’at va adabiyotdan ham tarkib topadi.Turk va yunon xalqi ham qadimiy tarixga ega.Ular yaratgan nodir asarlar dunyo bo’ylab o’rganilgan. Ana shunday mashxur turk asarlardan biri «Alpomish» dostonidir.
«Alpomish»-oʻzbek xalqining boy tarixidagi buyuk namoyonda. Turk xalqlarida ogʻizdan ogʻizga oʻtib kelayotgan biylarning sardori. Turk xalqlari orasida keng tarqalgan. «Alpomish» ning qoraqalpoq, qozoq, oltoy versiyalari doston shaklida, tatar va boshqird versiyalari ertak va rivoyat shaklida bizgacha yetib kelgan. Oʻzbeklar «Alpomish», qoraqalpoqlar «Alpamis», qozoqlar «Alpomish batir», oltoyliklar «Apip-Manash», qozon tatarlari «Alpamsha», boshqirdlar «Alpamisha va Barsin hiluu» deb nomlaganlar.[4.]
«Alpomish»ning yunonlarning antik qatlamga mansub asarlari bilan juda o‘xshash tomonlari bor. Bunday yaqinlikni «Alpomish» va «Odisseya» dostonlari misolida ko‘ramiz.
«Odisseya» va «Alpomish» dostonlari syujetida yaqinlik ko‘rinsa-da, lekin asardagi qahramonlik ideallari birbirlaridan farq qiladi. Qadimshunos A.Alimuhammedov shunday yozgan edi: «Gomer asarlarini «Alpomish» asarlariga muqoyasa qilish, O‘rta Osiyo xalqlarining mashhur qahramonnomasi «Iliada» va «Odisseya» poemalarining bevosita ta’siri ostida maydonga kelgandir, degan fikrni bildirmaydi. Bu asarlar o‘rtasidagi yaqinlikni faqatgina Yunon va O‘rta Osiyodagi ijtimoiy hayotning ma’lum tarixiy sharoitlarda bir-biriga yaqin bo‘lganligi bilan izohlash mumkin, xolos».
«Alpomish» va «Odisseya» dostonlari o‘rtasidagi yaqinlik syujet hamda badiiy tasvir vositalarida ko‘rinadi. «Odisseya» 24 qo‘shiqdan iborat. Asarning teng yarmi - 13 dan 24 gacha b o'lgan qo‘shiqlar syujeti, hatto qahramonlar taqdiri «Alpomish»ga hamohangdir. Jangga ketgan Odissey va Alpomish uzoq vaqt vataniga qaytib kelmaydi. Alpomish yetti yil Qalmoq elida zindonda yotadi, Odissey urushdan so‘ng yana o‘n yil dengiz to‘foni natijasida sarson -sargardonlikda yuradi. Har ikki dostondagi yaqinlikning bosh o‘zagi ko‘p yillar yurtidan uzoqda yashagan qahramonlaming o ‘z xotinlari to‘yiga yetib kelishidir. Yigit uylanganidan so‘ng jang, sayohat va boshqa tasodifiy voqealar sababli yosh xotinini tashlab ketib qolishi, xotini eri o'lganligi to ‘g‘risida yolg‘on xabarni eshitib, xushtoriga tegishga rozi bo‘lishi, to‘y belgilangan kuni erning yetib kelishi voqeasi jahon xalqlariningko‘pgina epos va ertaklarida o‘z aksini topgan. Chunonchi, o‘rta asrlar jahon xalq og‘zaki ijodida yaratilgan frantsuzlarning Ulug‘ Karl haqidagi epopeyasida, inglizlarning «Shoh Gorn» dostonida, ruslarning «Dobrinya va Alyosha», «Churila va David Popovich» blinasida yigitlarning o‘z xotinlari to'yiga yetib kelishi tasvirlari mavjud. V.M.Jirmunskiyning «Alpomish» tadqiqiga bag‘ishlangan maqolasida bu mavzu keng o‘rganilgan. Shuningdek, «Alpomish» va «Odisseya»da qahramonlarning keksa otasi (Boybo‘ri va Laert), balog‘atga yetmagan o ‘g‘illari (Yodgor va Telemax), sodiq qul cho‘ponlari (Qultoy va Evmiy) ham asar syujetidagi yaqinliklarni ko‘rsatuvchi omillardandir. Lekin ular o ‘zlarini birdaniga tanishtirmaydilar. Qahramonlar taqdiridagi yaqinliklami solishtirib ko'raylik .[1.193-194.]
«Odisseya» va «Alpomish»da qahramonlar taqdirining yaqinligiga Barchinoy va Penelopaning o‘z sevgisiga sadoqati asosiy vazifani bajaradi. E’tibor bersak, har ikkala asarda ham ularning erlari o‘lgan deb hisoblanadi. Lekin xotinlar erlarining kelishiga ishonishadi, shu sababli xushtorlariga shartlar qo'yishib , visol daqiqalarini kechiktira boshlaydilar. Har ikki asarda ham shart kamondan o‘q otish bilan bajariladi, musobaqada esa ularning o‘ldi deb hisoblangan, boshqa bir qiyofadagi erlari g‘olib kelishadi va so‘ngra o‘zlarini tanishtirishadi. Kamondan o‘q otish voqeasi qahramonlar taqdirida hal qiluvchi detallardir. Ayni paytda bu detal ikki dostondagi syujet yaqinligining asl sababini ochib beruvchi vosita ham hisoblanadi. V.M. Jir -munskiy «Alpomish» va «Odisseya»da kamondan o‘q otish voqeasi yaqinligini Gerodot asarlarida berilgan skiflar afsonasiga bog'laydi.[3.]
Kamon majoziy mazmunga ega. «Alpomish»da kamon qabilaning qadimgi ota-bobolardan qolgan va so‘nggi avlodlarga ham meros bo‘lib kelayotgan bir belgisi sifatida ko‘rinadi. Kamon Alpomishning bobosi Alpinbiyniki, Hakim yetti yoshida kamondan o‘q uzib, odamlarni qoyil qoldirib, Alpomish nomini olgan edi. Bu kamon unga butun umr bo‘yi hamrohlik qiladi, taqdiridagi haqiqatni tiklash - Barchinoyga yetishishida ko‘maklashadi. Alpomish ham kamonni o‘g‘li Yodgorga meros qilib qoldiradi. Yetti yoshli Yodgor o‘n to‘rt botmonlik yoyni ko‘tarishda Alpomish unga ilohiy kuchdan madad so‘rab turishida bu mazmun aks etgan. Demak, kamon - to‘g‘rilik, bosqinchilarga shafqatsizlik, haqiqat qoshida egilmaslik ramzidir. Bunday ramziy ma’noni «Odisseya»dagi kamon voqeasida ham ko‘ramiz.
Kamon voqeasi dastlab turkiylar mifologiyasidagi Skif obrazi bilan bog‘lanadigan bo‘lsa, «Alpomish» ham jahon adabiyotida tamali juda erta qo‘yilgan asarlar qatoriga kiradi. Dostonda o‘n to‘rt botmonlik kamon egasi Alpinbiy skiflar - qadimgi turkiy qabilalarining bobosi, Alpomish shu boboning qahramonligini davom ettirib, o‘z qabilasi uchun kurashib kelgan xoqonlari, Yodgor qavmning orzu etilgan so‘nggi qahramonidir.
Odisseyning taqdirida ham minglab jangchilaming hayoti umumlashtirilgan, deb aytish mumkin. Odissey o‘z xotini va yolg’iz farzandini 20 yil ko‘ra olmaydi. Urush va qiyinchiliklar tufayli vatanidan uzoqda yuradi. Skif shohlari Protofey va uning o‘g‘li Madi 28 yil Kichik Osiyoga hukmdorlik qilar ekan, ular bilan jangu jadal yo'llarini bosib o‘tgan skif yigitlar ham shuncha yil davomida o‘z xotinlaridan uzoqda yashaydilar. Gerodot «Tarix» kitobida bir voqeani keltiradi (albatta, bunga ishonish qiyin): uzoq yillar davomida erlarini ko‘rmagan skif ayollari o‘z qullariga erga chiqib ketadilar. Qullar esa skif jangchilari yurtiga qaytib kelishi, xotini va bolalarining oldiga yaqinlashishiga qurol olib qarshilik ko‘rsatishadi. Barchinoy va Penelopa uzoq yillar jangda ayriliqda yurgan jangchi yigitlarning xotinlaridagi sadoqatni umumlashtiruvchi obrazlardir.[1.198.]
Xulosa qilib aytganda, xalq dostonlariga asos bo‘lgan syujetlarning qiyosiy tahlili bu durdonalarni tushunishimizda muhim ahamiyat kasb etadi. «Odissey» va «Alpomish» dostonlari syujet jihatidan bir-biriga yaqin ko’rinsa-da, lekin asardagi qahramonlar bir-birlaridan farq qiladi. Ushbu dostonlari o’rtasidagi o’xshashlik syujet va badiiy tasvir vositalarida ko’rinadi. Ikkala asarning syujeti tomonidan o’xshashlik haqida gapiradigan bo’lsak, «Odissey» dostoni 24 qo’shiqdan iborat bo’lib, bundan tashqari mazkur “Odissey” dostonidagi qahramonlar taqdiri ham «Alpomish»ga hamohangligining guvohi bo’lamiz. Ayniqsa, ikkala dostonning ko’zga yaqqol tashlanadigan o’xshash syujeti Odissey ham, Alpomish ham jangga ketgan, uzoq vaqt vataniga qaytib kelmaganligidir. Dostonni o’qir ekanmiz, Alpomish yetti yil Qalmoq elida zindonda yotganligi, Odissey esa urushdan so’ng yana o’n yil dengiz to’foni natijasida sarson-sargardonlikda yurganligi namunasida ham ko'rishimiz mumkin. Har ikki dostondagi asosiy o’xshashlik – bu ko’p yillar yurtidan uzoqda yashagan qahramonlarning o’z xotinlari to’yiga yetib kelishidir. Ikki dostonning qiyosiy tahlilini qahramonlar taqdiri timsolida solishtiradigan bo’lsak, «Odissey» va «Alpomish»da Barchinoy va Penelopaning o’z sevgisiga bo’lgan sadoqati, ularni erlarining qaytib kelishiga bo’lgan ishonchi va shu sababdan ham shartlar qo’yishib, daqiqalarini kechiktira boshlashlashlari kabi o’xshash syujetlarda ko’rinadi. Har ikki asarda ham bir xil shart ya’ni kamondan o’q otish, musobaqada esa ularning o’ldi deb hisoblangan, boshqa bir qiyofadagi erlari g’olib kelishi va so’ngra o’zlarini tanishtirishi ham qiyosiy tahlilga yaqqol misol bo’la oladi. Bu yerda kamondan o’q otish voqeasi qahramonlar taqdirida hal qiluvchi detal bo’lib, ikki dostondagi syujet yaqinligining asl sababini ochib beruvchi vosita ham hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Abdurashid Abdurahmonov. «Turkiy adabiyotning qadimgi davri». «Yangi asr avlodi», 2005-yil

  2. (“Alpomish”) – Toshkent: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti davlat korxonasi – 2018. – 368 b.

  3. Жирмунский В. М. Сказание об Алпомише и богатырская сказка. - М.: Изд-во вост. Лит. - 1960, стр.385.

  4. https://uz.m.wikipedia.org/wiki/Alpomish

Download 26.23 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling