Reja: kirish


Download 72.5 Kb.
Sana16.11.2021
Hajmi72.5 Kb.
#174892
Bog'liq
Aksiologiya - qadriyatlar falsafasi

Aksiologiya - qadriyatlar falsafasi


REJA:

  1. KIRISH

  2. ASOSIY QISM

1. Qadriyatlarning tabiati va mohiyatini tushunishga nisbatan yondoshuvlar.

2. Qadriyatlarning turlari.

3 Jamiyat va inson hayotida qadriyatlarning roli.

  1. XULOSA

  2. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

KIRISH


Atrof borliqda odamlar e'tiboridan chetda qoladigan, ular qadriyat sifatida qaramaydigan hodisalar juda kam. Shu sababli qadriyatlar tabiat hodisalari, jamiyatdagi jarayonlar, insoniy xatti-harakatlar va tuyg‘ular kabi ko‘pdir. Ammo bu fikr biz ayrim insonni emas, balki butun insoniyatni nazarda tutgan taqdirdagina o‘rinlidir. Ayrim insonda qadriyatlar, ya'ni uni qiziqtirgan hodisalar doirasi juda tor, cheklangan bo‘lishi ham mumkin. Inson shaxsiyatining torligi uning hayot qadriyatlari, qiziqishlari sonining ozligi va ularning xususiyatida namoyon bo‘ladi.

Jamiyatda mavjud qadriyatlarning rang-barangligi ularni tasniflash zaruriyatini belgilaydi. Shuni qayd etish lozimki, hozirgi zamon aksiologiyasida bu muammoni yechishga nisbatan yagona yondashuv mavjud emas. Shu sababli, turli konsetsiyalar doirasida ilgari surilgan bu muammoni yechishga nisbatan yondashuvlarni umumlashtirib, qadriyatlarni ijtimoiy hayot sohalariga ko‘ra; qadriyatlarning sub'ektlari yoki manbalariga ko‘ra; qadriyatlarning jamiyatdagi roliga ko‘ra tasniflash mumkin. Quyida ularni tahlil qilishga harakat qilamiz

Qadriyat tushunchasi va uning umumiy tavsifi. Qadriyatlar va baholar. Qadriyatlar haqidagi ta'limot yaqinda vujudga kelgan deb hisoblash odat tusini olgan. Ammo bu noto‘g‘ri. Falsafa tarixida ildizlari ilk falsafiy tizimlarga borib taqaluvchi ancha kuchli qadriyatlarga doir an'anaga duch kelish mumkin. Qadimgi davrdayoq faylasuflarni qadriyatlar muammosi qiziqtirgan. Ammo o‘sha davrda qadriyat borliq bilan ayniylashtirilgan, qadriyatga xos bo‘lgan xususiyatlar esa uning mazmuniga kiritilgan. Masalan, Zardo‘sht, Moniy, Suqrot va Platon uchun yaxshilik va adolat kabi qadriyatlar haqiqiy borliqning bosh mezonlari hisoblangan. Bundan tashqari, qadimgi faylasuflar qadriyatlarni tasniflashga harakat qilganlar. Xususan, Moniy zulmat va ziyo dunyosi mavjud, birinchi dunyoda adolatsizlik, zulm, zo‘ravonlik, ikkinchisida esa abadiy, yengilmas doimiy qadriyatlar hukm suradi deb xisoblaydi Aristotel o‘ziga to‘q qadriyatlarni (ular jumlasiga faylasuf inson, baxt, adolatni kiritgan) va anglab yetish imkoniyati insonning oqilligiga bog‘liq bo‘lgan nisbiy qadriyatlarni farqlaydi.

Turli falsafiy davrlar va ularda mavjud bo‘lgan falsafiy maktablar qadriyatlar tushunchasining shakllanishiga o‘z hissasini qo‘shgan. Masalan, O‘rta asrlarda g‘arbda ham sharqda ham qadriyatlar diniy xususiyat kasb etgan va ilohiy mohiyat bilan bog‘langan. Uyg‘onish davrida A.Navoiy, A.Jomiy, Rumiy, Leonardo da Vinche ijodida insonparvarlik va hurfikrlilik qadriyatlari birinchi o‘ringa chiqqan. Jumladan A.Navoiyning odil jamiyat qurish haqidagi g‘oyasida umuminsoniy qadriyatlar tizimi, komil inson ta'limotida esa eng yetuk inson qiyofasiga xos shaxsiy qadriyatlar tizimi ifodalangan.

Yangi davrda qadriyatlar haqidagi ta'limotga nisbatan yondashuvlar ratsionalizm nuqtai nazaridan tavsiflana boshlanganki, bu hol fanning rivojlanishi va yangi ijtimoiy munosabatlarning shakllanishi bilan izohlanadi. Bu davrda qadriyatlar va ularning mezonlari muammosi Rene Dekart, Benedikt (Barux) Spinoza, Klod Adrian Gelvetsiy, Pol Anri Golbax, A. Avloniy, A.Donish, Furqat, Muqumiy va boshqa mutafakkirlarning asarlarida o‘z aksini topgan. Jumladan A.Avloniy ”Turkiy guliston yohud axloq” asarida “yaxshi xulqlar- muhabbat, yaxshilik, adolat, haqiqat, shijoat, ibrat kabi ijobiy qadriyatlarni va razolat, g‘iybat, jaholat, adovat kabi “yomon xulqlar”ni farqlaydi. Keyinroq XX asrda o‘zbek faylasufi S.Shermuxamedov Avloniy g‘oyasini davom ettirib insonga tabiat 36 ta ijobiy fazilat va 36 ta salbiy illat ato etganligini, ularning qay darajada namoyon bo‘lishi inson o‘z hayotining qadriga yetishida ko‘rinishini e'tirof etadi.

Immanuil Kant falsafasi qadriyatlar haqidagi ta'limotning rivojlanish jarayonida tub burilish yasadi. Kant mavjudlik va joizlik, voqyelik va ideal, borliq va yaxshilik tushunchalarini birinchi bo‘lib farqladi, erkinlik sifatidagi axloqiylik muammosini zaruriyat qonuni ta'siri ostida bo‘lgan tabiat sohasiga qarama-qarshi qo‘ydi va h.k.

Qadriyatlar nazariyasi falsafiy bilimlarning ilmiy tizimi sifatida XIX asrning ikkinchi yarmida Vilgelm Vindelband, Rudolf Lotse, German Kogen, Genrix Rikkert kabi nemis faylasuflarining asarlarida shakllana boshladi. Ayni shu davrda

R. Lotse va G.Kogen ob'ekt ma'nosidagi qadriyat tushunchasiga ilk bor falsafiy ta'rif berdi. XX asrning boshida fransuz faylasufi P.Lapi qadriyatlar nazariyasini ifodalash uchun «aksiologiya» (yunon. axios - qadriyat, logos – fan, ta'limot) atamasini muomalaga kiritdi. Keyinchalik aksiologiya muammolari fenomenologiya, germenevtika, ekzistensializm va boshqa falsafiy yo‘nalishlarning vakillari tomonidan tadqiq etildi.

Mamlakatimizda aksiologiya qadriyatlar haqidagi fan sifatida sho‘ro davrida, uning nazariy asosini idealistik falsafa tashkil qilgani uchun rad etildi. XX asrning 80-yillaridan e'tiboran bu nazariya rivojlana boshladi. Bu dastlab X. Shayxova, Q. Nazarov ijodida milliy qadriyatlarning asosiy shakllari, inson qadri va shaxsiy qadriyatlarning tahlilida, so‘ngra bir qancha yosh olimlar ijodida o‘z ifodasini topdi. Xususan, Q.Nazarov inson qadri haqida fikr yuritar ekan, “Qarilik iborasini insonga nisbatan biologik ma'noda ishlatish mumkin, ammo bu tushunchani inson qadriga va qadriyatlariga nisbatan ishlatish nojoiz. Zero, qarilik qadrsizlanish bo‘lmagani kabi yoshlik ham beqadrlik degani emas”1 deb ta'kidlaydi. Binobarin o‘z shaxsi va boshqalarning qadrini anglash uchun insonning ma'naviy dunyosi ezgulikka xizmat qilishi, yuksak ijtimoiy sifatlarga ega bo‘lishi, uning o‘zi esa hayotning bebaho ne'mat ekanligini anglaydigan darajada tarbiyalangan bo‘lmog‘i lozim.

Demak, qadim zamonlardan boshlab hozirgi vaqtgacha falsafada qadriyat muayyan narsaning atributimi yoki u shaxs va jamiyat ehtiyojlari bilan belgilangan baholash mahsulimi, degan masala atrofida turli falsafiy maktablar va yo‘nalishlarning vakillari o‘rtasida muhokama qilingan va u hozir ham davom etmoqda. Birinchi holda qadriyat insondan qat'iy nazar mavjud bo‘lgan ob'ektiv narsa yoki hodisa sifatida talqin qilinadi. Ikkinchi holda qadriyat tushunchasi erkin xususiyatga ega bo‘lgan sub'ektiv nisbiy mulohazalar bilan bog‘lanadi. Qadriyatlar mazmuni ob'ektlardan emas, balki insonning ehtiyojlaridan kelib chiqadi. Bu ikki qarama-qarshi nuqtai nazar qadriyat tushunchasining ba'zi bir xususiyatlarini aks ettiradi, lekin u haqda aniq tasavvur hosil qilish imkonini bermaydi.

Qadriyat voqyelikning, ya'ni tabiat, jamiyat yoki madaniyat hodisalarining xossasi, degan fikrga qo‘shilsak, haqiqat va qadriyatning ayniylashtirilishi muqarrardir. Ammo aksiologiyaning: «Baxt-saodat nima?», degan asosiy masalasini birinchi bo‘lib ta'riflagan Suqrot haqiqat va qadriyat o‘rtasida jiddiy farqlarni ko‘rsatib bergan. Bilim baxt-saodatga erishishning muhim sharti, lekin u mazkur qadriyatga erishishning birdan-bir sharti emas. Bu hol shu bilan izohlanadiki, tabiat va jamiyat predmetlari va hodisalari o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, ularni anglab yetish yo amalda nima mavjudligi haqidagi bilim shaklida, yo bu borliq qanday bo‘lishi lozimligi, inson tabiatga va boshqa odamlarga nisbatan o‘zini qanday tutishi kerakligi haqidagi tasavvur ko‘rinishida amalga oshirilishi mumkin. Birinchi holda predmet haqidagi bilim uning haqiqiyligi yoki soxtaligi nuqtai nazaridan, ikkinchi holda – predmetning qimmati, ya'ni uning inson uchun ahamiyati nuqtai nazaridan tavsiflanadi.

Xo‘sh aksiologiya nimani o‘rganadi? Aksiologiya – falsafaning qadriyatlarni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi alohida bo‘limi (yunon. axios - qadriyatlar, logos – bilim: qadriyatlar haqidagi fan). Qadriyatlar ulkan falsafiy ahamiyatga ega. Qadriyatlar tushunchasi insonning dunyoga bo‘lgan munosabatining alohida jihatini namoyon etadi. Ular inson faoliyati, jamiyat va madaniyatning o‘ziga xos xususiyatlarini yanada teranroq anglab yetish imkonini beradi. Qadriyatlar inson va jamiyat hayotida muhim o‘rin egallaydi, chunki insonning hayot tarzini, uning hayvonot dunyosidan ajralish darajasini aynan qadriyatlar tavsiflaydi. Qadriyatlar shaxsning hayot faoliyatida fundamental ahamiyat kasb etadi. Qadriyatlar odamlarni jipslashtirish, ularni hamjamiyatlarga birlashtirishning muhim omili hisoblanadi. Umumiy qadriyatlarning mavjudligi fuqarolar, ijtimoiy birliklar va guruhlarning tinch-totuvligini ta'minlaydi. Qadriyatlar muammosi jamiyat rivojlanishining o‘tish davrlarida, tub ijtimoiy o‘zgarishlar jamiyatda mavjud bo‘lgan qadriyatlar tizimlarida o‘zgarishlar yasab, odamlarni yo o‘zlari ko‘nikkan eski qadriyatlarni saqlash, yo turli partiyalar, jamoat birlashmalari, diniy tashkilotlar, harakatlarning vakillari tomonidan taklif qilinayotgan, hatto majburiy tarqatilayotgan yangi qadriyatlarga moslashishga majbur etuvchi davrlarda alohida ahamiyat kasb etadi. Qadriyatlar va mo‘ljallarni yo‘qotish yoki vujudga kelgan qadriyatlar tizimidan voz kechish esa muqarrar tarzda jamiyatning tanazzulga yuz tutishi va parchalanishiga olib keladi. Qadriyatlar – madaniyatning tizim yaratuvchi muhim omili. Qadriyatlar mazmuniga qarab butun jamiyat haqida hukm chiqarish mumkin. Shu sababli qadriyatlar nima, qadriyat va bahoning o‘zaro munosabati qanday, qaysi qadriyatlar inson uchun eng muhim va qaysilari ikkinchi darajali, degan savollar bugungi kunda olamshumul ahamiyat kasb etadi. Aksiologiyaning predmetini barcha turdagi qadriyatlar, ularning tabiati, turli qadriyatlarning bir-biri, ijtimoiy va madaniy omillar hamda shaxs strukturasi bilan aloqasi tashkil etadi. Aksiologiya ta'limotiga ko‘ra, qadriyatlar muayyan normativ kategoriya bo‘lib, ular maqsad, ideal, mayl, intilish, qiziqish predmeti sanalgan hamma narsani qamrab oladi. Quyidagilar bu nazariyaning asosiy tushunchalari va kategoriyalari hisoblanadi: yaxshilik, qadr-qimmat, foyda, ahamiyat, baho, g‘alaba, hayotning mazmuni, baht, hurmat va h.k.

Qadriyatning tabiati va mohiyatini tushunishga nisbatan bir necha yondashuv mavjud bo‘lib, ular aksiologiya falsafiy tadqiqotlarning mustaqil sohasi sifatida vujudga kelganidan so‘ng paydo bo‘lgan. Quyida ularning ayrimlarini ko‘rib chiqamiz.

1. Naturalistik psixologizm (Aleksius fon Meynong, Ralf Barton Perri, Jon Dyui, Klarens Irving Lyuis) qadriyatlarga manbai insonning biologik va psixologik ehtiyojlarida mujassamlashgan ob'ektiv omillar sifatida qaraydi. Mazkur yondashuv inson o‘zining muayyan ehtiyojlarini qondirish jarayonida foydalanuvchi har qanday predmetlar va harakatlarni qadriyatlar qatoriga kiritish imkonini beradi.

2. Personalistik ontologizm. Mazkur yo‘nalishning eng taniqli namoyandasi Mark Sheler ham qadriyatlarning ob'ektiv xususiyatini asoslashga harakat qilgan. Ammo, Sheler konsepsiyasiga binoan, muayyan predmetlar, hodisalar qadriyatini ularning empirik tabiati bilan ayniylashtirish mumkin emas. Aytaylik, rang o‘zi tegishli bo‘lgan predmetlardan qat'iy nazar mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lganidek, qadriyatlar ham (go‘zallik, ezgulik, fojeaviylik) o‘zlari tavsiflovchi narsalardan qat'iy nazar idrok etilishi mumkin.

Sheler fikriga ko‘ra, qadriyatlar dunyosi muayyan ierarxiyaga ega. Bu ierarxiyaning quyi pog‘onasini hissiy mayllarni qondirish va moddiy ne'matlar bilan bog‘liq bo‘lgan qadriyatlar egallaydi; yuksakroq qadriyatlar – bu «go‘zallik» qadriyatlari va «ma'rifiy» qadriyatlar; «ilohiylik» va Xudo g‘oyasi eng oliy qadriyat hisoblanadi. Bu qadriyatlar dunyosining realligi ilohiy shaxsning qadriyatiga asoslanadi. Inson shaxsining tipi esa unga xos bo‘lgan qadriyatlar ierarxiyasi bilan belgilanadi. Ayni shu ierarxiya mazkur shaxsning ontologik asosi hisoblanadi.

3. Aksiologik transsendentalizm (Vilgelm Vindelband, Genrix Rikkert) qadriyatlarni ob'ektiv borliq sifatida emas, inson ehtiyojlari va mayllariga bog‘liq bo‘lmagan ideal borliq sifatida tushunadi. Bunday qadriyatlar qatoriga mustaqil mazmun kasb etadigan va ideal me'yorlar tarzida mavjud bo‘lgan qadriyatlar – haqiqat, yaxshilik, adolat, go‘zallik kiradi. Shunday qilib, mazkur konsepsiyada qadriyat borliq emas, balki manbai muayyan transsendental, ya'ni g‘ayrioddiy ong sanalgan idealdir.

4. Madaniy-tarixiy relyativizm. Aksiologiyaning bu yo‘nalishi asoschisi Vilgelm Diltey bo‘lgan. Uning ta'limoti zamirida aksiologik plyuralizm g‘oyasi yotadi. Aksiologik plyuralizm deganda Deltey tarixiy metod yordamida farqlanuvchi va tahlil qilinuvchi teng huquqli qadriyatlar tizimlarining ko‘p sonliligini tushungan. Mohiyat e'tibori bilan bu yondashuv real madaniy-tarixiy kontekstni mavhumlashtirib, qadriyatlarning birdan-bir to‘g‘ri, mutlaq konsepsiyasini yaratish yo‘lidagi urinishlarni tanqid tig‘i ostiga olgan.

5. Qadriyatlarning sotsiologik konsepsiyasi. Bu konsepsiyaning asoschisi qadriyatlar tushunchasini sotsiologiyaga kiritgan va undan ijtimoiy harakat va ijtimoiy bilimni talqin qilish uchun foydalangan Maks Veberdir. Veber fikriga ko‘ra, qadriyat – ijtimoiy sub'ekt uchun muayyan ahamiyatga ega bo‘lgan me'yor.

Keyinchalik Veberning bu yondashuvini amerikalik sotsiolog Uilyam Tomas va polyak sotsiologi Florian Znanetskiy rivojlantirdi. Bu olimlar qadriyatlarni ularning ijtimoiy ahamiyati nuqtai nazaridangina emas, balki ijtimoiy mo‘ljallar orqali ham tavsiflay boshladilar. Ularning fikriga ko‘ra, tavsiflash mumkin bo‘lgan mazmunga va muayyan ijtimoiy guruh a'zolari uchun ahamiyatga ega bo‘lgan har qanday predmet qadriyat hisoblanadi. Mo‘ljallar esa guruh a'zolarining qadriyatga bo‘lgan sub'ektiv munosabatini anglatadi.

Hozirgi zamon falsafiy va sotsiologik adabiyotlarida ham qadriyatlarning tabiati va mohiyatini tushunishga nisbatan yagona yondashuv mavjud emas. Ayrim tadqiqotchilar qadriyatga insonning ma'lum bir ehtiyojini qondirishga yoki unga muayyan foyda keltirishga qodir bo‘lgan predmet sifatida; ayrimlar – ideal, me'yor sifatida; yana bir guruh olimlar – biron-bir narsaning inson yoki ijtimoiy guruh uchun ahamiyati sifatida yondashadilar. Zikr etilgan yondashuvlarning har biri mavjud bo‘lish huquqiga ega, chunki ularning barchasi qadriyatlarning muayyan jihatini aks ettiradi; ularga bir-birini istisno etuvchi yondashuvlar sifatida emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi yondashuvlar sifatida qarash kerak. Mazkur yondashuvlar sintezi hozirgi zamon qadriyatlar umumiy nazariyasini tashkil etadi.

Qadriyat kategoriyasining mazmuni. Qadriyatlar umumiy nazariyasi muammolariga va uning eng muhim kategoriyalariga batafsilroq to‘xtalamiz. Avvalo mazkur nazariyaning asosiy tushunchasi - qadriyat kategoriyasining mazmuniga oydinlik kiritamiz. Bu so‘zning etimologik ma'nosi ancha sodda bo‘lib, atamaning o‘ziga mos keladi: qadriyat – odamlar qadrlaydigan narsa. Narsalar yoki buyumlar ham, tabiat hodisalari ham, ijtimoiy hodisalar ham, insonning xatti-harakatlari ham, madaniyat hodisalari ham qadriyat bo‘lishi mumkin. Ammo «qadriyat» tushunchasining mazmuni, uning tabiati oddiy ong tasavvur qilganidek sodda emas. Qadriyat, xuddi haqiqat kabi, xossa emas, balki fikr va voqyelik o‘rtasidagi munosabatdir. Inson o‘zining individual tajribasiga asoslanib, o‘zi uchun muhim bo‘lgan ob'ekt bilan o‘z ehtiyojlari va manfaatlari o‘rtasida aloqa mavjudligini anglab yetadi.

Inson uchun ijobiy ahamiyatga ega bo‘lgan narsa yoki hodisa qadriyat hisoblanadi. Muhimlik narsaning o‘zidagi xossalari bilan emas, balki ularning inson hayotidagi ahamiyati bilan belgilanadi. Kant tafakkur qadriyatlarning manbalarini va ularni maqbul narsaga aylantiruvchi qadriyatlar o‘lchovini anglab yetishga qodir ekanligini qayd etadi. Tabiat va madaniyat predmetlari sanalgan manbalar bo‘lmasa, qadriyatlar ham bo‘lmaydi. Qadriyatlar o‘lchovi esa, ayrim mezonlarning mavjudligini nazarda tutadi. Muayyan predmetning mazkur mezonlarga muvofiqligi uni shaxs yoki jamoa uchun qadriyatga aylantiradi. Maqbullik sub'ektiv darajada baholash, ya'ni turli hodisalarning inson uchun ahamiyatini aniqlash tarzida amal qiladi. Mazkur hodisalarning inson uchun ahamiyati uning ijtimoiy pozitsiyasi, dunyoqarashi, madaniyat, aql-zakovat va ma'naviyat darajasi bilan belgilanadi. Shu sababli qadriyatning borlig‘i intellektual darajadagina emas, balki emotsional darajada ham anglab yetiladi. O‘z-o‘zidan ravshanki, sub'ektiv maqbul narsa yoki hodisa bilan qadriyat o‘rtasida to‘qnashuv yuz berishi mumkin. Masalan, inson uchun muhim madaniy hodisa – o‘yinni ko‘pchilik faqat bolalikdagina kechishi mumkin bo‘lgan behuda va befoyda faoliyat deb hisoblaydi. Shiller, aksincha, o‘yinning inson uchun ahamiyatini qayd etib,: «Inson so‘zning to‘liq ma'nosida inson bo‘lgan holdagina o‘ynaydi va u faqat o‘ynayotgan paytdagina to‘laqonli inson bo‘ladi»2 deb yozadi.

Ammo baholargina emas, balki qadriyatlar dunyosi ham insoniyatga bog‘liq bo‘lib, uning rivojlanish darajasi, faoliyat sohasining kengayishi, madaniyat va sivilizatsiyaning xususiyati bilan belgilanadi. Tabiat aksiologik jihatdan neytral bo‘lib, u qadriyat sifatida insoniyat bilan bir kontekstda, insoniyat mavjudligi va rivojlanishining muayyan tarixiy sharoitlaridagina aktuallashadi. Turli sivilizatsiyalarga xos bo‘lgan me'yorlarni taqqoslash qadriyatlar dinamikasi haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Masalan, qadimgi Yunonistonda inson hayoti to‘laqonli tarzda uyg‘un namoyon bo‘lishi, Misrda esa – inson hayotining o‘limga bo‘ysunishi oliy qadriyat hisoblangan.

XULOSA

Qadriyatlar individual bo‘lib, ular anglanishi yoki anglanmasligi yoki noto‘g‘ri anglanishi mumkin. Ammo qadriyatlarni sub'ektiv darajada maqbul hodisa sifatida anglashning har qanday varianti baholash ko‘rinishida amal qiladi. Haqiqatdan farqli o‘laroq, baholash narsalarning haqiqiy holatiga bilimning muvofiqligiga erishishdan emas, balki narsalarni va ularning xossalarini inson uchun zarur va muhim deb anglab yetishdan iborat. Predmetning ob'ektiv mazmuni (ahamiyati) bilan sub'ekt baholash jarayonida eksplikatsiya qiluvchi shaxsga doir mazmun o‘rtasida kuchli tafovut mavjud. Shu sababli baholashda dunyoni anglab yetishning shaxsiy xususiyati bilan izohlanuvchi sub'ektiv omil ustunlik qilishi mumkin. Bu tafovutga qaramay, haqiqat va qadriyat o‘rtasida uzviy aloqa mavjud. Ma'lumki, haqiqiy bilim baholash predmeti bo‘lishi, qadriyat sifatida tavsiflanishi mumkin. O‘z navbatida, hodisalar dunyosining inson uchun ahamiyatini faqat ular haqidagi bilimlar yordamida aniqlash mumkin. Narsaning ahamiyati haqida xulosa chiqarish u sub'ektga zarur bo‘lgan sifatlarga ega ekanligi haqida tasavvurga ega bo‘lish demakdir. Qadriyatlar sub'ektning ehtiyojlari, manfaatlari, mayllari, maqsadlari va ideallari bilan ob'ektning amaldagi aloqasini aks ettiradi. Shu sababli qadriyatlar haqidagi mulohazalar to‘g‘risida ularning haqiqiyligi yoki soxtaligi nuqtai nazaridan so‘z yuritish mumkin. Shunga qaramay, qadriyatlar haqidagi mulohazalar, ular haqiqiy bilimga yoki xurofiy aqidalarga, fanga yoki bid'atga, hayot tajribasiga yoki uning mavjud emasligiga asoslanganidan qat'iy nazar, qadriyatlarni aniqlaydi, ularni qayd etadi. Qadriyatlar inson va jamiyat hayotida o‘z holicha emas, balki vujudga kelgan qadriyatlarga munosabatlar tizimi zaminida muhim o‘rin egallaydi,



Qadriyatlarning butun rang-barangligini uch asos: ijtimoiy hayot sohalariga, sub'ektlarga, qadriyatlarning jamiyat hayotidagi roliga ko‘ra tasniflash mumkin.

Quyidagilar inson uchun eng oliy qadriyat hisoblanadi: qadriyat sifatidagi hayot, qadriyat sifatidagi sog‘liq va qadriyat sifatidagi erkinlik.


ASOSIY:

  1. Romanenko Y.M. Bitiye i yestestvo: Ontologiya i metafizika kak tipi filosofskogo znaniY. – M., 2003. 784 s.

  2. Falsafa asoslari. Nazarov Q tahriri ostida. –T.: Sharq, 2005

  3. Shermuxamedova N.A. GnoseologiY. –T.O‘FMJ. 2007

  4. G‘arb falsafasi. Nazarov Q tahriri ostida. –T.: Sharq, 2005.

  5. Nazarov Q.N. Bilish falsafasi. –T.: Universitet, 2005.

  6. Falsafa. Ahmedova M. Tahriri ostida –T.: OFMJ, 2006

  7. Jahon falsafasi tarixidan lavhalar. Nazarov Q. tahriri ostida. –T.: Sharq, 2004

  8. Shermuxamedova N. A. Falsafa va fan metodologiyasi. –T.: Universitet, 2005.




1



2



Download 72.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling