Salohiddin Muso ibn Muhammad ibn Mahmud Qozizoda Rumiy


Download 16.72 Kb.
Sana29.10.2020
Hajmi16.72 Kb.
#137847
Bog'liq
Qozizoda Rumiy


Salohiddin Muso ibn Muhammad ibn Mahmud Qozizoda Rumiy (taxminan 1360-yil Bursa - 1437-yil Samarqand)
XV asr boshlarida Movorounnahrda shuhrat qozongan ulkan matematik va astronomlardan biri Qozizodadir. Qozizoda aslida hozirgi Turkiyaning shimoli-g’arbidagi Bursada tavallud topgan. Uning otasi Muhammad “Xoja Afandi” laqabi bilan ma’lum bo’lib, Salohiddinning bolalik yillarida vafot etgan. Xoja Afandi ancha olim va komil odam bo’lib, ko’p yillar Bursaning qozisi lavomizida xizmat qilgan. Qozizoda boshlang’ich ma’lumotlarini Bursadagi madrasada olib, astronomiya va matematika bilimlarini mavlono Shamsiddin Fanoriydan o’rganadi. Lekin u yoshligidan Movorounnahr va Xurosonda ilm-fanning yuksak darajada ekanligini eshitib, u yerga ketishga taraddud ko’radi. Bu haqda XX asr boshlaridagi turk tarixchisi Solih Zakiy bunday yozadi: “Mavlono Fanoriydan Xuroson va Movorounnahr ulamosining ulumi riyoziyadaki ovazai shuhratini eshita-eshita, nihoyat iqmoli tahlil uchun u joniba getmakka qaror vermish”. Oila a’zolarini bu sayohatga monelik qilishlaridan qo’rqib, buni sir tutadi.

Qozizoda XIV asr oxirlarida bir kun to’satdan Bursadan g’oyib bo’ladi. Avval u Xurosonga borib, u yerda poytaxt Samarqandga yo’l oladi. Yo’lda Amir Temur lashkariga qo’shilib, yeti yillik yurishda qatnashgan holda ustozi mullo Fanoriyning “Anmuzaji ulum” asariga sharh yozadi. U Xuroson Va Movorounnahrga kelib olimlardan tahsil olib, bilimlarini kuchaytiradi. Xususan, u Temurning saroy astronomi Mavlono Ahmaddan astronomiya va matematika fanlaridan chuqur ma’lumotlar oladi. 1404-yil yozida Salohiddin birinchi marta Samarqandga keladi. Tez orada Salohiddin Movorounnahr va Xuroson olimlari orasida “Qozizoda Rumiy” nomi bilan taniladi.

1405-yildan keyingi taxt uchun kurashlar davrida Qozizoda Ulug’bek bilan Xurosonga ketadi. Bu yerda alloma shahzodaga bir necha yil astronomiya va matematikadan saboq beradi. Ulug’bek keyinchalik o’z “Zij”ida Qozizodani minnatdorchilik bilan ustozim deya tilga oladi. 1417-1420-yillardda Samarqandda Ulug’bekning madrasasi qurilgach, bu ilm dargohiga Qozizoda rais ul-muallimin lavozimiga tayinlanadi. Uning Ulug’bek ilmiy maktabining yaratilishidagi xizmati katta bo’lib, Rumiy tashabbusi bilan G’iyosiddin Jamshid Koshiy va boshqa olimlar taklif etiladi.

Uni zamondoshlari “Aflotuni zamon” deb atashgan. Rumiy shogirdi va hukmdori Mirzo Ulug’bekning rasadxonasiga nozirlik qilib, bu yerda o’tkazilgan barcha ilmiy tadbirlarga bosh-qosh bo’lib kelgan. Qozizoda Samarqanddaligida juda ko’p shogirdlar yetishtiradi. Bularni eng buyugi Ulug’bek bo’lsa, ikkinchisi Fathulloh Shervoniy edi. Allomaning Samarqandagi oilasidan bo’lajak yirik olim Miram Chalabiyning otasi Qutbiddin dunyoga keldi.

Qozizoda Rumiy G’iyosuddin Jamshiddan biro z keyin, astronomik jadvallarni tuzish ishi tugamasdannoq 1437-yilda vafot etadi. Qozizoda Rumiyning qadrdon do’sti va kasbsoshi Ulug’bek olimning qabriga maqbara qurdirgan. Bu maqbara Samarqandda “Shohi ZInda”dagi bir guruh maqbaralar yonidan joy olgan.
Olimning qalamiga mansub asarlar quyidagilardir:
1. “Risola fil hisob (Hisob haqida risola)”. Arifmetikaga doir arab tilida yozilgan risola bo’lib, unda kasr va butun sonlarning o’nlik uslublaridagi hisobi bayon etilgan. Risola 1382-yili Bursada yozilgan. Ikkita qo’lyozmasi Mashhadda imom Rizo kutubxonasida saqlanadi. Bu risolaga noma’lum muallif tomonidan sharh ham yozilgan.
2. “Sharhi mulaxxis fil haya (Astronomiya haqida qisqacha risolaning sharhi)”. Asar Mahmud ibn Muhammad ibn Umar al-Xorazmiy al-Chag’miniyning (XIII asr) “Mulaxxis fil-xaya” nomli asariga arab tilida yozilgan sharhidan iborat. Sharh hijriy 1412-yili Ulug’bek uchun Samarqandda yozilgan. Risolaning 150 dan ortiq qo’lyozma nusxalari dunyodagi turli kutubxonalarda saqlanadi. Bu sharh astronomiya fanini o’rganuvchilar orasida keng tarqalgan va talabalar qo’lida eng zarur qo’llanma bo’lib qolgan edi.
3.”Sharhi ashkol at-ta’sis”. Bu risola XV asrda yashagan matematik Shamsiddin Samarqandiyning “Ashqol at-ta’sis fil handasa” (Handasa ilmida shakllar asosida) nomli geometriyaga doir risolasiga arabchada yozilgan sharhidir. Bu ham 1412-yili Samarqandda Ulug’bek uchun yozilgan. Bu sharh 1851 va 1857-yillarda Istambulda ikki marta nashr qilingan. Bu risolaning ham 70 dan ortiq qo’lyozmalari bo’lib, turli kutubxonlarda mavjuddir.
4. “Risola al-jayb (Sinus haqida risola)”. Bu risolada bir darajaning sinusini aniqlashning yangi bir usuli bayon etilgan, Arab tilida Samarqandda yozilgan. Uning ikki qo’lyozmasi Istambulda Sulton Muhammad kutubxonasida saqlanadi.
5. “Dar bayoni istirohati jaybi yak daraja” (Bir daraja sinusini aniqlash usulining bayoni haqida). Bu risola ham oldingi risola mavzusiga bag’ishlangan va fors tilida Samarqandda yozilgan.
6. “Dastur al-amal va tas’hiq al-jadval” (Amal dasturi va jadvallarini tuzatish). Arabchada yozilgan va Ulug’bek “Zij”idagi bir matematik masalaning sharhiga bag’ishlangan. Birgina qo’lyozmasi Tbilisida saqlanadi.
7. “Misoxa” (O’lchash). Arab tilida yozilgan, yuzalarni o’lchashga bag’ishlangan risola. Bir nusxasi Mashhadda Mavlaviy kutubxonasida saqlanadi.
8. “Risola fil hayya val handasa” (Astronomiya va geometriya haqidagi risola). Birgina nusxasi Turkiyada, Bursa shahrida saqlanadi.
9. “Sharh at-Tazkira”. Nasiriddin Tusiyning “At-Tazkira” nomli arab tilidagi risolasiga sharh.

10. “Sharh Tahriri al-Majistiy” arab tilida yozilgan. Astronomiyaga doir risola, ikki qo’lyozmasi Berlin va Londonda saqlanadi.


11. “Risola di ilm il-haya” (Astronomiya ilmiy haqida risola). Birgina qo’lyozmasi Sankt-Peterburgda saqlanadi.
12. “Risola fi rub al-majayab” (Sinus kvadrat haqida risola). Arab tilida. Qo’lyozmalari Sankt-Peterburg, Mashhad va Tehron kutubxonalarida saqlanadi.
13. “Lima kana halla kavni nisba irtifa a’zam al-jibol ila qutri al-arz kanisba sub ard sha’ira ila zira” (Nima uchun tog’larning eng balandining Yer diametriga nisbatan arpa donining bir gazga nisbati kabi ekanligi qabul qilingani). Yer o’lchamiga bag’ishlangan arab tilidagi risola. Birgina qo’lyozmasi Berlinda saqlanadi.
14. “Risola fi samiy al-qibla” (Qibla azimuti haqida risola). Qo’lyozmasi Bursada saqlanadi.
15. “Sharh hikmat al-ayn”. Al-Qazviniyning “Hikmat al-ayn” nomli risolasiga sharh, arab tilida. Qo’lyozmalari Bog’achsaroy (Qrim), Berlin, Dushanbe, Qozon, Qohira va boshqa ko’plab shaharlardagi kutubxonalarda saqlanadi.

O’zMU Tarixi fakulteti 1-kurs magistranti Javohir Bo’ronov
Download 16.72 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling