Tarbiyachi va ota-ona: kim nohaq?
Download 16.88 Kb.
|
Tarbiyachi va ota-ona: kim nohaq? Madina shoshib bog‘chaga keldi. O‘g‘lini ko‘rib, ishdagi barcha charchoqlarini unutdi. Farzandining kiyimiga yopishgan ovqat qoldiqlarini ko‘rib, ich-ichidan xafa bo‘ldi. Buning ustiga ishtoni ham ho‘l. Tarbiyachiga nimadir desa, kayfiyati buziladi. Oldin ham aynan shu muammolarning ustida gap talashib qolgandi. Gapiray desa, tarbiyachi o‘zini oqlashdan charchamaydi. Gapirmay desa ahvol bu. Ichidagilarni sirtiga chiqarmay, o‘g‘lining ishtonini almashtirdi, tarbiyachiga “xayr” ham demay uyiga otlandi… Orqadan tarbiyachining “Xayr” deyishniyam bilmaydi, bu ota-onalar” degan gaplari qulog‘iga chalindi… Har bir ota-ona bog‘chada bolasi yig‘lamasligi, hyech kim uni turtmasligi, tarbiyachi ham unga yaxshi munosabatda bo‘lishini istaydi. Ota-onalardan «tarbiyachi bolam bilan kam shug‘ullanadi», «sog‘lom bo‘lishiga e’tibor qaratmaydi», «yaxshi muomala qilmaydi», «ovqat yeyishga majbur qiladi» degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Tarbiyachi va ota-onalar o‘rtasida talaygina muammolar mavjudki, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Gohida tarbiyachi va ota-onalar bir-birining ustidan shikoyat qilgani, janjal qilganiga oid gaplar quloqqa chalinib qoladi. Bunday vaziyatda masala MTTning o‘zida hal qilinar, biroq, arzimasdek ko‘ringan muammo sabab, tarbiyalanuvchining ozor chekib qolishi katta fojeadir. Ushbu maqolani yozish maqsadida ko‘plab tarbiyachi va ota-onalar bilan gaplashdim, fikrlarini qog‘ozga tushirishga harakat qildim. Tarbiyachi e’tirozi…. – Ota-onalar farzandi bog‘chada bir o‘zi emasligini tushunishmaydi, – deydi Navoiy shahridagi 5-MTT tarbiyachisi Malohat Ochilova. – Guruhda 25 – 30 nafar bola bor. Har bir bolaga e’tibor qaratish lozim. Yashirmayman ko‘pchilik bola yig‘lab keladi, tarbiyachi va uning yordamchisi navbatma-navbat tinchlantiradi. Kun davomida mashg‘ulotlar olib boramiz. Ammo kechqurun ona norozi bo‘ladi. Biri tez-tez tuvakni tutishimiz lozimligini aytsa, yana biri uyidan olib kelgan o‘yinchog‘ini sindirib qo‘yganda qaramaganimizdan, yana biri bolasi yig‘laganda boshqasiga qaraganimizni aytib, janjal ko‘tarishadi. Aslida, bolalar talashib-tortishib ulg‘ayadi. Bu orqali ularning “men”i shakllanadi, o‘yin orqali o‘zini himoya qilishni o‘rganadi. Ba’zilar esa bolasi ertalabki ovqatni yemaganligidan yozg‘irishadi. Vaholanki, ertalabdan bolasining qo‘liga shokolad, sok, pechene kabi bir talay shirinliklarni berib yuborishadi. Shirinlik tufayli ishtahasi yo‘qolgan bola, nima yeydi, ayting? Ikki xil talab: bola kimga quloq soladi? Uyni to‘zitgan bolaga ona “Qo‘y, o‘zim qilaman, sen o‘ynayver” deydi. Bog‘chada esa tarbiyachi boladan o‘yinchoqlarni yig‘ishtirishni so‘raydi. Agar tarbiyachi talab qilsa, guruhda tozalikka rioya qilinsa, bolalarning hammasi bunga harakat qiladi. Uyda esa onalarning hamma ishni o‘zi bajarishi, bola ongida uy va bog‘chani solishtirishni yuzaga keltiradi. Keyin esa “Men bog‘chaga borishni xohlamayman” deydi. Kim seni xafa qildi? Yaqinda bir tanishim bilan farzandlarimizni bog‘chadan birga olib qaytdik. Bolasidan “Hech kim seni xafa qilmadimi, urmadimi, turtmadimi” deya so‘radi. Hayron qoldim. “Bolangizning kayfiyati yaxshiku, xafa qilsa, shunaqa yurarmidi” dedim g‘ashim kelib. Undan ko‘ra, bolaning qanday mashg‘ulot o‘tgani, uning qanday bilimlarga ega bo‘lgani, qanday rasmlar chizgani, nimalar yasaganini so‘rasaku, bola to‘lib-toshib gapirib berardi. Bolaga ijobiy savollarni berish uni optimist bo‘lib voyaga yetishida muhim. Bu kabi savollar natijasida bola bog‘chada xafa bo‘lish mumkin ekan, deya o‘ylay boshlaydi. Agar uni hyech kim xafa qilmagan bo‘lsa-da, nimadir o‘ylab topadi. Muammoning yechimi bor! Guliston shahridagi “Quvonch” nomli xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi Vazira Mamadalieva tarbiyachi va ota-ona o‘rtasidagi muammolarni bartaraf etish, ularning munosabatini muvofiqlashtirishga doir o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. – Har bir ota-onaning o‘ziga xos xarakteri bor. Ularning tilini topish, hamkorlikda ishlash tarbiyachidan katta mas’uliyat va mahoratni talab qiladi. Guruhimizdagi ota-onalarni yig‘ib, seminar-trening tashkil etganman. Avvaliga, matematikadan mashg‘ulot o‘tdim. Har bir bolaning faol qatnashishini ta’minlab, so‘ngra, ota-onalarni 4 ta guruhga bo‘lib, ikkita stolga turli shirinliklarni qo‘ydim, ikkitasiga esa hyech narsa qo‘ymadim. Stolida shirinligi borlar yeyishni taklif qildim. Qolganlar esa hayrat bilan qarab turishdi. Shunda ularga murojaat ыildim: “Aziz ota-onalar, meni qiynaydigan muammolardan biri farzandlaringiz qo‘liga turli shirinliklarni berib yuborishingizdir. Tasavvur qiling. Cho‘pa-chups yalayotgan Mardonga o‘rtog‘i havas bilan qarayapti. Uning qo‘lida hyech narsa yo‘q. Ich-ichidan onasi unga shirin qand olib bermaganidan og‘rinyapti, xafa bo‘lyapti. Shu payt Shahzoda Mardonga “menam bitta yalay”, dedi. U qizchaning xohishini qaytarmadi. Ehtimol, Mardonning tamog‘i og‘rigandir, tishlarida karies bordir. Buni unutmangki, tomoq og‘rig‘i, gepatit A kasalligi kabi xastaliklar boladan-bolaga tezda yuqadi. Buni tarbiyachi ilg‘ay olmasligi mumkin. Yoki boshqa narsalarni ham bolalar o‘zaro bo‘lishib yegisi keladi. Tushunaman, ertalab bog‘chaga kelmayman deb xarxasha qilgan bolangizga nimadir olib beraman desangiz, darrov rozi bo‘ladi. Keling, birgalikda mana shu muammoni hal qilaylik. Bolalarimiz salomatligini asraylik, ruhan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun hamkorlikda ishlaylik ”. Shu tajribadan keyin ota-onalarda darrov o‘zgarish sezdim, muammoni to‘liq bartaraf etishga erishdim. Ertalab xarxasha qilganlarni ovuntirish uchun turli o‘yinchoqlar, rasmli kitobchalar bilan guruhimizni boyitdik. Qolavesra, ota-onalarga kelib, mashg‘ulotlarni kuzatishini tavsiya qilaman. Har kuni bir nafardan ona kelib, farzandining xatti-harakatini kuzatsin, tengdoshlarining unga munosabatini ko‘rsin. Balkim, bolasining qaysidir holati o‘ylantirib qolar. Birgalikda shu kamchiliklarni bartaraf etarmiz… Qars ikki qo‘ldan chiqadi…. Tarbiyachida ham ota-onada ham bir-birini tushunmaslikka doir sabablar bisyor. Arzimagan narsani deb janjal ko‘tarayotgan ayol pedagog bo‘lmasligi mumkin. Ammo, tarbiyachi vaziyatga qarab, og‘ir bosiqlik bilan muomala qilishi, vaziyatni chiroyli qilib tushuntirishi maqsadga muvofiq. Tarbiyachi va ota-onaning hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilsagina, bolaning bog‘chada bilim olishi, yaxshi inson bo‘lib tarbiyalanishiga zamin yaratiladi. – Gohida onalarning baland ovozda tarbiyachi bilan bahslashayotganining guvohi bo‘laman, – deydi Shoyhontohur tumanidagi 468-MTM psixologi Zumrad Shukurova. –Ularni xonamga olib kirib, vaziyatni o‘rganaman. Bu vaziyatda tarbiyachiga yaxshi muomala qilib tushuntirishi, ular ham kun bo‘yi 30 ga yaqin bolaning shovqiniyu injiqligiga chidashi, ota-onalar ham tarbiyachini tushunishi kerakligini uqtiraman. Qolaversa, aynan shu mavzuda tarbiyachilarga seminarlar o‘taman. Tarbiyachi ota-onalarga hushmuomalalik bilan gapirishlarini tavsiya qilaman. Ota-ona ham tarbiyachi bilan tanishsin, faqat uning xarakterini kuzatmay, bolalar bilan ishlash qiyinchiligini ham e’tibordan qochirmasin. Onalar bola guruhda o‘zini qanday tutishi kerakligini, bolalar bilan qanday o‘ynayotganini, tengdoshlari bilan qanday chiqishishini, ilk bilimlarni qanday o‘zlashtirishini, bolaga qaysi yo‘nalishda yordam kerakligini bilib, shu kamchiliklar ustida uyda alohida shug‘ullanishi lozim. Har bir ota-ona farzandini bog‘chaga tashlab ketar ekan, ular o‘zlarining nusxasini tashlab ketishayotgan bo‘lishadi. Bugungi kunda ota-ona va tarbiyachi o‘rtasidagi hamkorlik maqtovga arzigulik emas. Tarbiyachini ayblab, ota-onani aybsiz deya olmaymiz yoki aksincha. Demak, farzandlarning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishida ikki tomonning kelishib, do‘stona munosabatda faoliyat yuritishi o‘ta muhim. Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiya MTTlarida tarbiyachilarga qattiq talab qo‘yilib, bolaning shaxs sifatida shakllanishi uchun tarbiyachi va ota-ona o‘rtasida turli dasturlar amalga oshiriladi. Masalan, kun bo‘yi bolaning xulq-atvori, gigienasi, ovqatlanishi haqidagi ma’lumotlar yozilgan maktubni kechqurun tarbiyachi ota-ona qo‘liga tutqazadi. Ota-ona esa ertalab uyda farzandining xatti-harakatlari yozilgan maktubni tarbiyachiga berar ekan. Yurtimiz MTTlarida mana shunga o‘xshash yangi tajribalar amaliyotga tatbiq etilsa, har bir tarbiyachi ota-onalar bilan ishlashda turli usullardan faoliyatida foydalansa, bu bevosita tarbiyalanuvchilar kamolotiga ijobiy ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Maktabgacha yoshidagi bolalar ongi va tafakkuri kengayadi, mantiqan fikrlashi rivojlanadi. Hurmatli mudira, tarbiyachi va psixologlar! Agar sizda ham ota-ona va tarbiyachi o‘rtasidagi muammolarni bartaraf etish, munosabatlarni yanada yaxshilashga doir samarali tajribalar bo‘lsa, “Maktabgacha ta’lim metodikasi” jurnali orqali hamkasblaringiz bilan o‘rtoqlashing. Download 16.88 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling