"Ulug‘ saltanat"ning yorqin yog‘dusi


Download 11.55 Kb.
Sana29.03.2023
Hajmi11.55 Kb.
#1306481
Bog'liq
Ulug saltanat maqola yoshlik jurnali


“Ulug‘ saltanat”ning yorqin yog‘dusi
Ilkso‘z

Yaxshi kitob – daryodir. Mutolaa jarayonida kitob o‘qiyotganing­­ni esdan chiqarib, asar qahramonlari bilan yashasang, quvonsang, iztirob cheksang, demak, sen o‘sha lahzalarda hayot va dunyo qonuniyatlarini teranroq anglayotgan bo‘lasan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Ulug‘ saltanat” epopeyasini qayta-qayta o‘qir ekanman, har safar yangi ma’naviy kashfiyotlarga oshno bo‘laman. Ulug‘ bobomiz huzuriga tavofga boraman. Ul zotning bag‘ri daryoligi, mehri beqiyosligi, har bir so‘zi, har bir harakati insoniylik nurlari ila yo‘g‘rilganidan ta’sirlanaman.


Ilohiy maslak sohibi

Amir Temir qudratli davlat tuzib, unda el-ulus halol, emin-erkin, farog‘atda yashashini orzu qildi. O‘z tasarrufidagi davlatlarda insofu diyonat, rahmu shafqat tuzuklarini o‘rnatdi. Bu yorug‘ olamni razolatu zalolatdan tozalamoq uchun umrini bedor o‘tkazdi. Bu juda mashaqqatli yo‘ldir. Bu yo‘lda ul zot qanchadan-qancha xiyonatlarni ko‘rdi, sotqinlikni, ochko‘zlikni kasb aylaganlarning zaharli changalzoridan o‘tdi. Bir inson vujudida shunchalik jur’atu jasorat jo bo‘lmog‘i mumkinmi? Ha, chunki Sohibqiron Yaratganning irodasi bilan dunyoga kelgan ilohiy maslak sohibi edi.

Kechirimlilik – Amir Temur qalbining bebaho duru-gavhari. U xiyonatkor Shibirg‘on hokimi Zindachashim Opardiyning gunohidan o‘tadi. Tutingan “o‘g‘li” To‘xtamishxonni kechirib, nomardlik ustiga nomardlik ko‘ravergach, nadomat ila deydi: “To‘xtamishxonni o‘g‘lim deb atag‘onimdan keyin to‘rt marta kechiribmen, non-tuz hurmatini o‘rniga qo‘ymag‘on “o‘g‘lim”ning insofga kelishiga ishoniblar yuribmen men sodda… Yo rabbiy! Kamina hali qafasda bo‘ronni tutmoqqa umid bog‘ladimmu? G‘alvirda suv olamen degan xayolga bordimmu hali? Ammo biror marta ham uning noshudligini yuziga solmadum, bu To‘xtamishxonning yigitlik, erkaklik sha’nini yerga urg‘on bo‘lurdi. Erkakning sha’nini yerga urmoq eng dahshatli narsa. Er kishining bor davlati – uning sha’ni. Agar erkak sha’ni poymol ersa, u holda unda nima qoladi?”

Rum qaysari Yildirim Boyazidni kechirib, “Qaysar banddan bo‘shatilsun, elik-oyog‘idan zanjirlar yechilsun! Hurmat bilan yaxshi liboslar kiydirilsun! U sultondir, sulton izzat-ikromi o‘zgacha bo‘lur!” deydi.

Asar 1370 – 1405 yillardagi tarixiy evrilishlar asosida yozilgan bo‘lib, voqealar tarixiy hujjatlardan og‘ishmasdan, ishonchli dalillar asosida bayon etilgan. Asar zamirida nafaqat iste’dodli yozuvchining, balki bilimdon muarrixning mashaqqatli mehnati yotibdi. Murakkab tarixiy muammolar, qonli to‘qnashuvlar, qirg‘inbarot jang maydonlari, inson vujudini qovuruvchi saraton olovlari-yu, odamni suyak-suyagigacha qaqshatuvchi qish qahrini o‘ziga bo‘ysindirgan insoniy metin bardoshni tasvirlashda yozuvchining olimligi, shoirligi, faylasufligi qo‘l kelgan.

Ildizi bir to‘rt chinor

Asarni alohida-alohida holda emas, yaxlit o‘qish o‘quvchiga voqealar silsilasini, sababu oqibatlar zanjirini to‘la his qilishga, tasavvur etishga yordam beradi. “Ulug‘ saltanat” Sohibqiron qalbining goh mag‘rur, goh armonga to‘liq qirralarini yoritadi. Jahongir Mirzo, Umarshayx Mirzo, Mironshoh Mirzo, Shohrux Mirzo haqidagi kitoblarning har birida ulug‘ Sohibqironning nurli qiyofasi, faqat o‘zigagina xos boshqaruv salohiyati, ilm-fan sohiblari suhbatiga oshiqishi, yuksak aql egalarini taniy bilishi, har bir navkarini o‘z farzandidek yuragiga yaqin olishi kabi insoniy fazilatlari yorqin bo‘yoqlarda aks etgan. Epopeyaning to‘rt kitobi to‘rt shahzodaga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, bu to‘rt chinorning o‘q ildizi bitta, ya’ni Sohibqirondir.

Farzandlarining ichida Jahongir Mirzoning o‘rni boshqa! To‘ng‘ich o‘g‘il, bamisli kishi yiqilsa, eng avval yordamga yetib keladigan o‘ng qo‘lday padari buzrukvoriga suyanchiq, ha, Temurbekning o‘ng qo‘li…

Jahongir Mirzo jang san’atini puxta egallagani bilan birga tabiatan yumshoq ko‘ngil va xayolparast bo‘lib o‘sdi. Endi o‘n besh yoshga qadam qo‘yayotgan esa-da, tutumining bosiqligi, o‘zining salobatliligidan katta yigitlarga mengzardi, bunga durkun, bo‘ychanligi ham sababchi edi, albatta. “Bo‘larining bolasi o‘n beshida bosh bo‘lar, bo‘lmasining bolasi yigirma beshida yosh bo‘lar”.

Olam ahlining shahzodasi, saltanat valiahdi Jahongir Mirzo har taraflama Sohibqironga tortgan edi.

Asarda Umarshayx Mirzo ham mard va jasurligi bilan nom qozongan shahzoda sifatida talqin etiladi. U ko‘p janglarda zafar quchib, Sohibqiron ishonchini oqlagan munosib bahodir edi. Uning shiddatiga To‘xtamishxondek o‘zini yaktoyu tanho botir hisoblovchi Chingizxon avlodi ham tan bergan edi.

Umarshayx Mirzo – juda yorqin obraz. U Sohibqiron tomonidan tinimsiz rag‘batlantirib turilsa-da, ulug‘ ehtiromni biror joyda suiiste’mol qilmaydi. Kutilmaganda olamdan o‘tgan Umarshayx Mirzo Amir Temurga munosib farzandi arjumand bo‘lib yashab o‘tadi. Uning ham fitrati onalariga, opa-singillariga, o‘z haramiga rahm-shafqat ila bezangan edi.

Asardagi eng murakkab obraz bu Mironshoh Mirzo obrazidir. Mast-alast holda Sohibqironga qarshi beandisha maktub yozgan ham shu. Uning baxtiga, maktub manzilgacha yetib bormaydi.

Mironshoh Mirzo o‘z haramiga xiyonat qilgan yagona temuriy shahzoda. U hatto Jahongir Mirzo vafotidan so‘ng o‘sha davr odatiga ko‘ra, qolaversa, begona qo‘llarda xor bo‘lmasin deb Saroymulkxonim va Amir Temur xohishiga binoan Mironshoh Mirzo nikohiga kirgan Xonzoda xonimni haqorat qiladi. Bu holatdan xabar topgan Sohibqiron uni hokimligidan mahrum etib, yasoqqa hukm qiladi.

Amir Temur Mironshoh Mirzoni Xonzoda xonimga qo‘l ko‘targani uchun shunday jazolaydi, deb yoziladi ayrim asarlarda.

“Ulug‘ saltanat”da Xonzoda xonim Saroymulkxonimdan keyin turadigan tabarruk ayol sifatida tasvirlanadi. U ko‘z o‘ngimizda vafo va sadoqat, ibo-hayo, sabru bardosh timsolida bo‘lib gavdalanadi. Sohibqiron uni kelin emas, qizim deb, hatto matonati uchun o‘g‘lim deb ardoqlaydi. Xonzoda xonim shu qadar jafokash, g‘amdiyda, nozik qalb egasiki, unga qo‘l ko‘tarib bo‘lmaydi. Uning munglig‘ qismati oldida hatto Amir Temurdek zot ham o‘zini aybdordek sezadi.

Sohibqironning Xonzoda xonimga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligida ul zotning zaifalarga – xotin-qizlarga nisbatan naqadar e’tiborli, mehr-shafqatli bo‘lgani aks etgan. Zero, Amir Temurgacha hech bir hukmdor kelinining ko‘z yoshlari uchun o‘g‘lini jazolamagan bo‘lsa kerak.

Shohrux Mirzo shahzodalar ichida eng saodatlisidir. Hazrati Sohibqiron Shohrux Mirzoda ulug‘ saltanat uchun mas’ullik va javobgarlik tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Unda saltanatga tirgak va ustun bo‘ladigan qudratni kamol toptirdi. Hamisha xushyor, g‘ofillikdan yiroq, el-ulus ahvolidan xabardor Shohrux Mirzoni Yaratgan Egam Ulug‘bek Mirzodek o‘g‘il bilan siylaydi. Xuroson hukmdori Shohrux Mirzoning padari buzrukvoriga ko‘rsatgan oqibatlari o‘ziga o‘g‘li – Turon hukmdori Ulug‘bek Mirzodan qaytadi. U talon-taroj qilingan xazinaga kirarkan, bir chetda tushib qolgan bir dinor oltin tangani yengi bilan artib, o‘pib, ko‘zlariga surtgancha shunday deydi:

– Ollohga shukr, bizga ham otamizdan ulush tegdi!

Ha, “Ulug‘ saltanat” epopeyasi o‘quvchi ko‘ng­lida shukronalik bog‘larini parvarishlaydi. Ezgulikning mangu bedor buloqlari tomon chorlaydi.


yuksaltirganing, ongu shuurimni buloq suvidek tiniqlashtirganing, bu muqaddas zaminga, ona tuproqqa nisbatan farzandlik mehri va qarzdorlik tuyg‘usi ila chambarchas bog‘laganing, olam ahli qoshida, tarix sahnida bizdan-da baxtiyor, boshi baland xalq yo‘qligini muqaddas qo‘shiq singari eslatganing uchun rahmat senga, Adabiyot! Ta’zim senga, Iste’dod, Mehnat!

Zulfiya MO‘MINOVA

1959 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini tamomlagan.

“Azizim, baxtiyorman”, «Vatan tashlab ketmaydi», «Beshiklarni asragin, dunyo», «Yonayotgan ayol» kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.


Yoshlik jurnali, 2017-yil 9- son.
Download 11.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling