Uzoq masofada joylashgan va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarda qurilish-montaj ishlarini tashkil qilish


Download 53.69 Kb.
Sana19.02.2023
Hajmi53.69 Kb.
#1215127
Bog'liq
636 09.10.2020




[OKOZ:

1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.02.00.00 Mehnat / 05.02.25.00 Ish vaqti / 05.02.25.01 Ish vaqtining muddati;

2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.12.00.00 Qurilish / 09.12.08.00 Sanoat qurilishi]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Uzoq masofada joylashgan va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishning vaxta usuli to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 19-maydagi PF-5997-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Uzoq masofada joylashgan va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishning vaxta usuli to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
uzoq masofada joylashgan va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarda qurilish-montaj ishlarini tashkil qilish;
vaxta usulida ishlayotgan xodimlarning dam olish vaqtida hayoti va ish faoliyatini ta’minlash uchun vaxta shaharchalarini tashkil qilish;
ishlarni vaxta usulida tashkil qilishda mehnat va dam olish rejimi, ish vaqti hisobini yuritish;
vaxta usulidagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash, imtiyozlar va kompensatsiyalar tartibi;
Oldingi tahrirga qarang.
ishlarni vaxta usulida tashkil qilishda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan kafolatlar.
(1-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
2. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 9-oktabr,
636-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-oktabrdagi 636-son qaroriga
ILOVA
Uzoq masofada joylashgan va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishning vaxta usuli to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom uzoq masofada joylashgan va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlardagi qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlarini mehnatni tashkil qilishning vaxta rejimida amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Vaxta usuli korxonadan uzoq masofada joylashgan sharoitda ishlarni mehnat resurslaridan foydalanish asosida tashkil qilishning shakli hisoblanadi. Vaxta usuli chekka va uzoq hududlardagi ijtimoiy soha va muhim obyektlarda qurilish, ta’mirlash, ishlab chiqarish obyektlarini rekonstruksiya qilish, boshqa sanoat ishlari amalga oshiriladigan, lekin mahalliy mehnat resurslari bilan ta’minlamagan hududlarda qurilish muddatlarini qisqartirish maqsadida qo‘llanadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-maydagi 255-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.05.2022-y., 09/22/255/0412-son)
Xodimlarni kontrakt bilan ishga qabul qilishda ishlar vaxta usulida bajariladigan mehnat sharoitlari nazarda tutiladi.
Xodimlarning mehnat faoliyati amalga oshiriladigan ishlab chiqarish obyektlari vaxta usulida ishlash joyi hisoblanadi.
Ish joyi o‘zgargani sababli xodimlarning boshqa joyga ko‘chib o‘tishi ularning boshqa ishga o‘tkazilishi deb hisoblanmaydi.
Xodimning vaxtaga jo‘natilishi xizmat safari hisoblanmaydi.
Obyekt joylashgan hududda ishlarni bajarish va smenalararo dam olish davrlari vaxta vaqti hisoblanadi.
Vaxtaning davomiyligi bir kalendar oydan oshmasligi lozim.
3. Vaxta xodimlari obyektda bo‘lgan davrda maxsus tashkil qilinadigan vaxta shaharchalarida yoki yashash uchun moslashtirilgan boshqa maxsus xonalarda (keyingi o‘rinlarda — vaxta shaharchalari) istiqomat qiladi.
4. Ishlarni vaxta usulida tashkil qilish haqidagi qaror kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tashkilot rahbari tomonidan qabul qilinadi.
5. Qurilish obyektlarida vaxta usulini qo‘llashning maqsadga muvofiqligi qurilishni tashkil etish loyihalari va boshqa loyiha-texnologik hujjatlarni ishlab chiqish jarayonida ishlar bajarilishini tashkil qilish sharoitlari hisobga olingan holda texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni bajarish orqali asoslanadi.
6. Vaxta usulini qo‘llash bilan bog‘liq xarajatlar Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq hisobga olinishi lozim.
Ishlarni vaxta usulida bajarish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar, shuningdek, vaxta usulida ishlayotgan mehnat jamoalariga xizmat ko‘rsatish uchun jalb etilgan ijtimoiy-maishiy soha tashkilotlarining qo‘shimcha xarajatlarini qoplash uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar ham obyekt qurilishi uchun kelishilgan narxni belgilashda, tomonlarning kelishuviga ko‘ra kelishilgan narx tarkibida hisobga olinishi lozim.
7. Vaxta usulida bajarish uchun mo‘ljallangan ishlarning aniq hajmlari va turlari pudratchi hamda buyurtmachi tomonidan qurilishni bajarish uchun pudrat shartnomasi tuzilayotganda, subpudratchi tashkilotlari uchun esa — subpudrat shartnomasi tuzilayotganda belgilanadi.
Tashkilot joylashgan joydan ish joyigacha yetib olish va u erdan qaytish uchun xodimlar uch soatdan ko‘proq vaqt sarflaydigan bo‘lsa yoki favqulodda vaziyatlarda, tashkilotlarning rahbarlari, agar bu iqtisodiy nuqtai nazardan maqsadga muvofiq deb topilsa, ishlar vaxta usulida bajarilishini tashkil etishga haqli hisoblanadi.
Agar ishlarni vaxta usulida tashkil qilish uchun amaldagi xarajatlar hisoblangan ko‘rsatkichlardan oshib ketadigan bo‘lsa, ularning qiymatlari orasidagi farq qurilish bo‘yicha bosh pudratchi (subpudratchi) tashkilotning asosiy faoliyati hisobiga qoplanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Ishlarni vaxta usulida tashkil etish bilan bog‘liq, biroq ushbu Nizomda nazarda tutilmagan masalalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
2-bob. Ishlarni tashkil etish
9. Vaxta usulining tashkil etilishi obyektlardagi ishlar bir maromda, uzluksiz va kompleks ravishda, asosan, ularning uzluksiz amalga oshirilishi bo‘yicha o‘zgaruvchan grafikka binoan bajarilishini ta’minlashi lozim.
Ishlar, qoida tariqasida, yiriklashtirilgan komleks brigadalar tomonidan, ishlar bajarilishi va mehnat uchun to‘lovning pudrat prinsiplarini qo‘llagan holda, shuningdek vaxta xodimlari ketma-ket almashinishi va moddiy boyliklar saqlanishini ta’minlash bilan bajarilishi zarur.
10. Vaxta usulida ishlaydigan xodimlar tarkibini butlash tashkilot shtatida ro‘yxatga olingan va kontrakt bo‘yicha vaqtincha jalb etiladigan, ushbu usulda bajarilishi ko‘zda tutilgan ishlarni amalga oshirishni rad etuvchi tibbiy ko‘rsatmalarga ega bo‘lmagan xodimlar bilan ta’minlanadi.
11. Vaxta usulida bajariladigan ishlarga 18 yoshga to‘lmagan ishchi va xizmatchilar, homilador ayollar va 3 yoshga to‘lmagan farzandlari bo‘lgan ayollar jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
12. Vaxtalarni kadrlar va mutaxassislar bilan tartibli ravishda ta’minlash maqsadida tashkilot xodimlar bilan kelishgan holda ularni ishlarning bir uchastkasidan boshqasiga o‘tkazishga haqli. Bunda bir ish uchastkasidan boshqasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq (farmoyish)da tashkilot rahbari “vaxta” muddati yakunlanganidan so‘ng xodimlar avvalgi ish joyi (lavozim)da tiklanishi, agar ish joyi tugatilgan bo‘lsa, ushbu ish joyi (lavozim)ga tenglashtirilgan tashkilotdagi boshqa ish joyi (lavozim)ga o‘tkazilishini ta’minlashi lozim. Shuningdek, buyruq (farmoyish)da “Vaxta usulida ishlash uchun” o‘tkazish maqsadi ko‘rsatiladi.
13. Xodimlarni tashkilot joylashgan joydan yoki yig‘ilish punktidan vaxtaga yetkazish va qayta olib kelish iqtisodiy nuqtai nazardan maqsadga muvofiq hisoblangan transport turlari bilan, imkon qadar idoraviy transport vositalaridan foydalangan holda pudrat tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
Vaxta shaharchalariga yetib kelgan barcha xodimlarga mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berilishi shart.
3-bob. Vaxta shaharchalarini tashkil etish
14. Vaxta shaharchalari vaxta usulida ishlayotgan xodimlarning vaxtadagi dam olish vaqtida hayot va ish faoliyatini ta’minlash uchun mo‘ljallangan turar-joy, madaniy-maishiy, sanitariya xonalari, shuningdek, qurilish texnikasi va maxsus texnikaga, avtotransportga xizmat ko‘rsatiladigan, tovar-moddiy boyliklar zaxirasi saqlanadigan xo‘jalik bino va inshootlari kompleksidan iborat. Vaxta shaharchalariga texnik va maishiy xizmat ko‘rsatish, odatda, ushbu maqsadlar uchun jalb etiladigan tegishli xizmatlar tomonidan amalga oshiriladi.
15. Vaxta shaharchalarini saqlash, shaharchada yashayotgan xodimlarga maishiy xizmat ko‘rsatish, ular bilan madaniy-ommaviy ishlarni tashkil etish balansida vaxta shaharchasi bo‘lgan tashkilot ma’muriyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasiga yuklanadi. Ushbu tashkilotlar ma’muriyati tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishgan holda ushbu shaharchada barcha yashovchilarga xizmat ko‘rsatishning ichki tartibi tasdiqlanadi.
16. Vaxta shaharchasi, hudud sharoitlariga bog‘liq ravishda, namunaviy yoki yakka-tartibdagi loyiha bo‘yicha qurilib, ushbu loyihada ijtimoiy-maishiy soha obyektlari, elektr, suv, issiqlik ta’minoti, aloqa vositalari, kirish yo‘llari va uchish-qo‘nish polosasi (texnik zarurat mavjud bo‘lsa), vaxta xodimlarini yetkazib kelish usuli, shuningdek, shaharchani qurish va faoliyatini ta’minlash xarajatlarining smetasi ko‘zda tutiladi. Shuningdek, loyihada shaharchada ishlayotgan va istiqomat qilayotgan xodimlar ovqatlanishi, dam olishi va ishdan bo‘sh vaqtini tegishli tarzda tashkil qilish, ularga tibbiy, savdo-maishiy va madaniy xizmat ko‘rsatish masalalari ham hal qilinadi. Vaxta shaharchasi joylashuvini tanlashda xodimlarni vaxta shaharchasidagi yashash joylaridan ish joyigacha yetkazish va qaytib olib ketish vaqtini qisqartirish talabi majburiy hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vaxta shaharchasining loyihasi tegishli kasaba uyushmasi tashkilotlari, sanitariya-epidemiologiya xizmati va yong‘in nazorati organlari bilan kelishiladi va tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-noyabrdagi 694-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.11.2021-y., 09/21/694/1075-son)
17. Vaxta shaharchasi foydalanishga mahalliy hokimliklar tomonidan tayinlanadigan va tarkibi tashkilot ma’muriyati, mahalliy hokimiyat organlari, kasaba uyushmasi tashkiloti, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda yong‘in xavfsizligi xizmatlari, shuningdek sog‘liqni saqlash organlari va hududiy qurilish sohasida nazorat inspeksiyalari vakillaridan tashkil topgan komissiya tomonidan qabul qilinadi.
18. Vaxta xodimlarining vaxtalararo dam olish davrida shaharchada yashashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
4-bob. Mehnat va dam olish rejimi, ish vaqti hisobini yuritish
19. Ishlarni vaxta usulida tashkil qilishda, odatda, bir oy, bir chorak yoki boshqa uzoq muddatli, lekin bir yildan ortiq bo‘lmagan davr uchun ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hisobga olingan davr umumiy ish vaqti, tashkilot joylashgan joydan yoki yig‘ilish punktidan ish joyigacha yetib olish va qaytish vaqti hamda vaqtning ushbu kalendar davrga to‘g‘ri keladigan dam olish vaqtini qamrab oladi. Bunda hisobga olingan davr uchun ish vaqtining davomiyligi qonunchilik hujjatlarida belgilangan bir haftalik ish vaqti soatlaridan oshib ketmasligi kerak.
(19-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Tashkilotlarda har bir xodim uchun ish vaqti va dam olish vaqtining oylar va hisobga olingan davr uchun qo‘shilib jamlangan yakuni bo‘yicha maxsus hisob-kitob yuritiladi.
20. Hisobga olinadigan davr doirasidagi ish vaqti va dam olish vaqti tegishli kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilib, tashkilot ma’muriyati tomonidan ish grafigiga muvofiq, odatda, bir yil uchun belgilanadi va amalga kiritilishidan kamida ikki oy oldin xodimlarga yetkaziladi. Grafiklarda, shuningdek, xodimlarni vaxtaga yetkazish va qayta olib kelish uchun zarur bo‘lgan vaqt ham nazarda tutiladi. Har kungi ish vaqti 12 soatdan oshmasligi kerak.
21. Xodimlarning har kungi dam olish vaqti, ovqatlanish uchun belgilangan vaqtni ham hisobga olganda, 12 soatdan kam bo‘lmasligi lozim. Ishlab chiqarish zaruriyati sababli har kungi dam olish vaqti qisqartirilganda, to‘liq foydalanilmagan har kunlik dam olish soatlari va har haftalik dam olish kunlari jamlanib, xodimlarga hisobga olingan davr davomida qo‘shimcha dam olish kunlari (vaxtalararo dam olish kunlari) shaklida taqdim etiladi. Joriy oy mobaynidagi haftalik dam olish kunlarining soni ushbu oydagi to‘liq haftalar sonidan kam bo‘lmasligi lozim. Haftalik dam olish kunlari haftaning istalgan kuniga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Hisobga olingan davr yakunlanishidan oldin ishdan bo‘shagan xodimlar uchun ishdan bo‘shash sanasi, ularning roziligi bilan, vaxtalararo dam olish kunlarini hisobga olgan holda ko‘rsatilishi mumkin.
22. Tashkilot rahbarlari kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishgan holda ustalar, prorablar, uchastka (smena) boshliqlari va obyekt (uchastka)da bevosita rahbarlik funksiyalarini amalga oshirayotgan boshqa sex xodimlari uchun asosiy xodimlar uchun belgilangan mehnat va dam olish rejimini o‘rnatish huquqi berilishi mumkin.
23. Hisobga olinadigan davr mobaynida xodim ishlab beradigan soatlarning normal yig‘indisi besh kunlik ish haftasi va 8 soatlik ish smenasi hamda bayram arafasidagi 7 soatlik ish smenasidan (40 soatlik ish haftasi uchun) kelib chiqqan holda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Noqulay mehnat sharoitlarida bajariladigan ishlar uchun ish vaqtining normasi qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan qisqartirilgan ish kunidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
(23-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Misol. 2019-yilning iyul oyida 23 ish va 8 dam olish kunlari bor. Ushbu hisobga olinadigan davr (1 oy) ichida xodim ishlab berishi kerak bo‘lgan soatlarning normal miqdori 184 soatga teng (23 x 8 = 184).
Vaxtadagi ish vaqtining normal uzunligi hisobga olingan davr uchun yuqorida belgilangan tartib bo‘yicha aniqlanadi.
Misol. Normal mehnat sharoitlari bo‘lgan 15 kunlik (2019-yil 1 — 15-iyul kunlari) vaxtadagi ish vaqtining uzunligi 88 soatga teng (11 x 8 = 88).
Vaxtada 15 kun (2019-yil 1 — 15-iyul kunlari) 12 soatdan ishlash grafigiga muvofiq xodimlar ikkala misolda ham 180 soatdan (15 x 12 = 180) ishlab berganlar. Bu xodimlarga 2019-yilning iyul oyida smenalararo va har haftadagi dam olish kunlarining yig‘indisidan iborat 15 kun taqdim etilgan (smenalararo foydalanilmagan dam olishning 4 soati x 10 kun — har haftadagi dam olishning foydalanilmagan 12 soati x 5 dam olish kuni + 4 dam olish kuni = 100 soat : 8 soat + 4 kun = 16 kun). Bunda 21-bandga muvofiq ishlab berilgan 4 soatga kirmagan vaqt xodimning vaxtalararo dam olishini hisoblashda e’tiborga olinadi.
Hisobga olinadigan davrda yoki vaxtada ish vaqti to‘liq bo‘lmaganda (mehnat ta’tili, kasallik tufayli ishga chiqmaslik va boshqalar) norma bo‘yicha belgilangan ish soatlaridan ishda bo‘lmagan kunlarga to‘g‘ri keladigan kalendar bo‘yicha xodim soatlari ayirib tashlanadi.
5-bob. Mehnatga haq to‘lash, imtiyozlar va kompensatsiyalar
24. Ishlarni vaxta usulida tashkil etishda xodimlarga mehnat haqi quyidagi tartibda to‘lanadi:
ishbay xodimlarga — bajarilgan ishlar hajmi bo‘yicha yiriklashtirilgan (kompleks) va amaldagi boshqa narxlarda;
vaqtbay xodimlarga — amalda ishlab berilgan hamma soatlar uchun razryadlar bo‘yicha belgilangan tarif stavkalariga muvofiq;
ustalar, prorablar, uchastka (smena) boshliqlari va obyektda bevosita rahbarlik funksiyalarini bajarayotgan sex xodimlariga grafik bo‘yicha ishlab berilgan vaqt (soatlar) uchun razryadlar bo‘yicha belgilangan tegishli tarif stavkasiga muvofiq to‘lanadi. Bunda xodimlarning soatlar bo‘yicha stavkasi bir oylik lavozim maoshini hisoblanayotgan oyning kalendar bo‘yicha ish soatlariga bo‘lish orqali aniqlanadi.
vaxtada ishlayotgan boshqa rahbarlar, mutaxassilar va xizmatchilarga mehnat haqi amalda ishlab berilgan vaqt (kunlar) uchun bir oylik lavozim maoshiga muvofiq to‘lanadi.
25. Xodimlarni mukofotlash tashkilotda amal qiluvchi jamoa shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunda mukofot vaxtada ishlagan davr uchun belgilangan ish haqi bo‘yicha hisoblanadi.
Tashkilot, tegishli xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarga muvofiq, vaxta usulida ishlab (korxona tarkibiga kirmagan holda), mehnat jamoasiga xizmat ko‘rsatayotgan tibbiyot, bolalar, madaniy-ma’rifiy va sport muassasalalari, umumiy ovqatlanish va boshqa tashkilotlar xodimlarini rag‘batlanirish uchun mablag‘ ajratishi mumkin.
26. Vaxta usulida ishlarni bajarayotgan barcha xodimlarning (shu jumladan vaxta usulida ishlayotgan jamoalarga xizmat ko‘rsatayotgan savdo va umumiy ovqatlanish, aloqa, transport, tibbiyot muassasalari va boshqa tashkilotlar xodimlari) ish haqiga nisbatan amaldagi qonunchilikda belgilangan o‘lchamlardagi koeffitsiyentlar (hududiy, baland tog‘li, cho‘l, suvsiz zonalar va boshqa omillar bo‘yicha koeffitsiyentlar) qo‘llanadi.
27. To‘liq ish kunlariga nisbatan karrali bo‘lmagan ortiqcha ishlab berilgan ish vaqtlari kalendar yil davomida vaxtalararo dam olishning to‘liq ish kunlarigacha jamlanib borilishi mumkin. Xodim ishdan bo‘shaganida yoki kalendar yil yakunlanganida ko‘rsatilgan soatlar uchun jamoa shartnomasiga muvofiq haq to‘lanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ortiqcha ishlab berilgan ish vaqti ishdan tashqari bajarilgan hisoblanadi va bu vaqt uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq haq to‘lanadi.
(27-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
28. Vaxta xodimlari obyektga o‘z vaqtida yetib kelmasa, ishlarni vaxta usulida bajarayotgan tashkilotlarning rahbarlari kasaba uyushmalari qo‘mitalari bilan kelishgan holda yangi smena yetib kelguniga qadar xodimlarni ish grafigida belgilangan ish vaqtidan ko‘proq vaqt ishlashga jalb etishi mumkin. Bunday holatlarda ma’muriyat vaxta xodimlari eng qisqa muddatlarda obyektga yetkazib kelishi bo‘yicha barcha choralarni qo‘llashi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
29. Vaxta usulida ishlarni bajarayotgan barcha xodimlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda, shu jumladan, vaxta usulida ishlayotgan jamoalarga xizmat ko‘rsatayotgan savdo va umumiy ovqatlanish, aloqa, transport, tibbiyot muassasalari va boshqa tashkilotlar xodimlariga vaxta davrida ishlar bajarilayotgan joylardagi har bir kun uchun, shuningdek, tashkilot joylashgan joydan (yig‘ilish punktidan) ish joyigacha va qaytish vaqti uchun vaxta usulida ishlash uchun to‘lanadigan ish haqiga ustama to‘lanadi.
(29-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Ish haqiga ustama miqdori jamoa shartnomasida belgilanib, respublika hududida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak.
Bunda ishlarning harakatli tusi va dala sharoitlaridagi xarajatlar uchun kompensatsiyaning boshqa turlari to‘lanmaydi.
Vaxta usulida bajarilgan ishlar uchun ustama summasini hisoblash xodimlarning vaxtada bo‘lgan amaldagi vaqtidan kelib chiqqan holda quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
mehnatga kunbay haq to‘lanishida — tegishli xodimning lavozim maoshi joriy oydagi kalendar kunlar soniga bo‘linadi. Kunlik stavka vaxtada ishlangan kunlar va yo‘lga sarflangan kunlar soniga ko‘paytiriladi va chiqqan summadan belgilangan miqdordagi ustama puli belgilanadi;
mehnat uchun ishbay haq to‘lanishida — xodimning amalda bajarilgan ishlar hajmi uchun hisoblangan oylik ish haqi bir oydagi kalendar kunlar soniga bo‘linadi. Keyingi hisob-kitoblar razryadlar bo‘yicha belgilangan tarif stavkasida haq oladigan ishchilarga bo‘ladigan to‘lovlar tartibida amalga oshiriladi.
30. Meteorologik sharoitlar sababli, transport tashkilotlarining aybi bilan yoki boshqa nazarda tutilmagan vaziyatlar tufayli yo‘lda ushlanib qolgan kunlar uchun xodimlarga avvalgi ikki kalendar oyda hisoblangan ish haqi bo‘yicha aniqlanadigan o‘rtacha kunlik stavka miqdoridan kelib chiqadigan kompensatsiya to‘lanadi. Bu holatlarda xodimlarga turar joy ijarasi bilan bog‘liq xarajatlarning qoplanishi xizmat safarlari to‘g‘risidagi normativ hujjatlarda nazarda tutilgan normalarga muvofiq amalga oshiriladi.
31. Xodim uzrli sabablarga ko‘ra vaxta xodimlari yig‘iladigan punktga o‘z vaqtida yetib kelmagan bo‘lib, ish obyektigacha mustaqil yetib borgan bo‘lsa, tashkilot ma’muriyati unga transport xarajatlarini xizmat safarlari to‘g‘risidagi qonunchilikda ko‘zda tutilgan normalarga muvofiq qoplab beradi.
32. Ustama va hududiy koeffitsiyent to‘lash, shuningdek, vaxtalararo dam olish kunlari uchun haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar tashkilotlarning ish haqi to‘lash normativ fondi doirasida amalga oshiriladi.
Ishning vaxta usuli uchun ustama to‘lash hamda yo‘lda bo‘lish va ushlanib qolingan vaqt uchun xaq to‘lash bilan bog‘liq harajatlar smeta va ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishga xarajatlar doirasida amalga oshiriladi.
6-bob. Ijtimoiy-maishiy ta’minot
33. Vaxta shaharchalarida yashovchilar transport, ijtimoiy-maishiy xizmatlar, shuningdek, kuniga uch marta issiq ovqat bilan ta’minlanadi.
34. Tashkilot kasaba uyushmasi qo‘mitasi va tashkilot ma’muriyati mehnat jamoasining roziligi bilan vaxta usulida ishlayotgan xodimlar uchun sanatoriy-kurortlarda davolanish, dam olish va turizm bo‘yicha yo‘llanmalarni imtiyozli tarzda birinchi navbatda taqdim etilishi masalalarini hal qilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
7-bob. Amaldagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan kafolatlar va kompensatsiyalarni taqdim etish tartibi
(7-bobning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
35. Vaxta usulida bajariladigan ishlarda band bo‘lgan xodimlarga navbatdagi mehnat ta’tili, u dam olish kunlaridan foydalanganidan keyin, belgilangan tartibda taqdim etiladi.
Har yilgi asosiy ta’til va zararli mehnat sharoitlarida ishlagani, tashkilotdagi uzluksiz staji uchun qo‘shimcha ta’tilga chiqish huquqini beruvchi stajga dam olish kunlari ham qo‘shiladi.
Agar har yilgi mehnat ta’tilining yakunlanishi u ishlaydigan jamoaning vaxtalararo dam olish davriga to‘g‘ri kelib qolsa, uning roziligi bilan vaxta boshlanganiga qadar boshqa ish taklif etiladi. Tomonlarning kelishuviga ko‘ra ushbu xodimga haq to‘lanmaydigan mehnat ta’tili taqdim etilishi haqidagi masala ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
36. Har yilgi ta’til kunlari uchun to‘lanadigan o‘rtacha ish haqi, hisobga olingan davr ichida taqdim etiladigan dam olish kunlarini hisobga olgan holda belgilangan tartibda hisob-kitob qilinadi.
Agar xodimga ishlangan vaqt uchun haq to‘lanadigan dam olish kunlari (otgullar), shuningdek, ishdan bo‘shayotganida otgullar uchun kompensatsiya taqdim etiladigan bo‘lsa, otgul kunlari uchun to‘lovlar oylik ish haqini hisob-kitob qilishda hisobga olinadi.
37. Xodimning umumiy ish vaqtini hisobga olgan holda o‘rtacha ish haqi bo‘yicha to‘lovni bajarishda bir soat uchun o‘rtacha ish haqining miqdori hisoblanadi. Buning uchun so‘ngi uch oy davomida ishlab berilgan barcha soatlar uchun hisoblangan ish haqi ushbu soatlar soniga bo‘linadi. Ushbu xodimning ish grafigi bo‘yicha to‘lov bajarilishi lozim bo‘lgan vaqt oralig‘idagi ish soatlari uchun haq to‘lanadi.
38. Vaxta usuli qo‘llanadigan tashkilotlar xodimlarining davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar bilan ta’minlanishi amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
39. Ishni vaxta usulida bajarayotgan xodimlarda ularga berilgan dam olish davrida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boshlangan taqdirda dam olish kunlariga to‘g‘ri kelgan mehnatga layoqatsizlik kunlari uchun nafaqa berilmaydi. Agar vaqtincha mehnatga layoqatsizlik dam olish muddati tamom bo‘lgandan keyin ham davom etsa, nafaqa xodim ishga tushishi kerak bo‘lgan kundan boshlab beriladi. Bunda nafaqa mehnatga layoqatsizlik oqibatida o‘tkazib yuborilgan ish soatlari uchun qonunchilikda belgilangan ish vaqti normasi doirasida tuzilgan grafik bo‘yicha beriladi.
8-bob. Tibbiy yordamning tashkil etilishi
40. Ishlarni vaxta usulida amalga oshirayotgan tashkilot ma’muriyati xodimlarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi va ularning tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida tashkilot joylashgan hududdagi sog‘liqni saqlash organlari bilan xodimlarni davolash-profilaktika muassasasiga biriktirish masalasini hal qiladi, xodimlarning tibbiy ko‘rik va tekshiruvlardan o‘z vaqtida va tartibli ravishda o‘tishlari uchun javob beradi.
41. Balansida vaxta shaharchalari bo‘lgan tashkilotlar ma’muriyati sog‘liqni saqlash muassasalari bilan birgalikda vaxta shaharchalari jamoalariga tibbiy yordam ko‘rsatilishini, shaharchalarni tibbiyot va farmatsevtika xodimlari, dori-darmon va tibbiy uskunalar bilan butlanishini tashkil qiladi va kasallar evakuatsiyasini ta’minlaydi.
42. Vaxta usulida bajariladigan ishlarga jo‘natilayotgan shaxslarni ishga kirayotgandagi dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasasida amalga oshirilishi mumkin.
43. Vaxta shaharchasiga yoki obyektga jo‘natilishidan 2 — 4 kun oldin xodimlar tashkilot shifokori tomonidan yoki yashash joyidagi poliklinikada ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak, tibbiy ko‘riklardan o‘tish ustidan nazorat qilish tashkilot ma’muriyati tomonidan amalga oshiriladi.
44. Hududida vaxta shaharchalari va obyektlari joylashgan sog‘liqni saqlash organlari va muassasalari qurilishning umumiy qiymati hisobidan vaxtada:
feldsherlik punktlari (xodimlar soni 50 va undan ko‘proq bo‘lganida);
tibbiyot punktlari (xodimlar soni 500 va undan ko‘proq bo‘lganida);
vrachlik punktlarini (xodimlar soni 1500 dan ko‘proq bo‘lganida);
ishlovchilar soni 50 nafargacha bo‘lganda — vaxtaga kelib-ketishlarning davriyligi tashkilot ma’muriyati bilan kelishiladigan tibbiy brigadalarni tashkil qilgan holda vaxtada ishlovchilarni tibbiy yordam bilan ta’minlaydi.
Tibbiy brigadalarni obyektlarga qatnovi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
45. Vaxta shaharchalarining qurilishi, ularda ijtimoiy-maishiy soha obyektlarining ishga tushirilishi ustidan ogohlantiruvchi sanitariya nazorati, shuningdek, sanitariya-gigiyenaga oid va epidemiyaga qarshi norma va qoidalarga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmati bo‘limlari tomonidan o‘tkaziladi.
(45-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-noyabrdagi 694-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.11.2021-y., 09/21/694/1075-son)
46. Ishga kirishdagi dastlabki va xodimlarni vaxtaga jo‘natishdan oldin o‘tkaziladigan davriy tibbiy ko‘riklar natijalari bo‘yicha tibbiy xulosalarni qayd etib borish maqsadida har bir xodim nomiga amalga oshirilgan emlashlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar qayd etilgan ixtiyoriy shaklda tuzilgan sanitariya daftarchalari ochiladi.
47. Vaxta usulida ishlaydigan tashkilotlarga “Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi” orqali jo‘natilgan va tanlangan mutaxassislik bo‘yicha ishlash rad etadigan tibbiy ko‘rsatmalar olgan xodimlar boshqa ishga xuddi shu organlar tomonidan joylashtiriladi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
48. Uzoq masofada joylashgan va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlardagi qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlarini mehnatni tashkil qilishning vaxta rejimida amalga oshirishda kelib chiqadigan kelishmovchiliklar va nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
(48-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
49. Arizalar, murojaatlar va shikoyatlarni ko‘rib chiqishning batafsil mexanizmi shartnomalarda keltirilgan bo‘lishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
50. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(50-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)


(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.10.2020-y., 09/20/636/1362-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.11.2021-y., 09/21/694/1075-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 13.05.2022-y., 09/22/255/0412-son)

Download 53.69 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling