Vaziyatga huquqiy baho bering


Download 23.61 Kb.
Sana08.06.2020
Hajmi23.61 Kb.
#116196
Bog'liq
fuqarolik


3-Kazus

Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “Charm-poyabzal” fabrikasi oyoq kiyimlar ishlab chiqarish bilan shug’ullanib keladi. Fuqaro A.Matyoqubov 2019-yil 1-fevralda ushbu fabrikaga poyabzal buyurtma qildi va buyurtmani o’n kun ichida tayyor bo’lishiga kelishildi.

Poyabzalga keladigan material fabrika tomonidan beriladigan bo’ldi. Shartnomada materialning narxi 100000 so’m etib belgilandi. Xizmat haqi esa 50000 so’m bo’lishiga, to’lov buyurtma tayyor bo’lgach, hisob-kitob qilishga kelishildi. Lekin oradan besh kun o’tgach, A.Matyoqubov qaytib kelib, do’sti xuddi shunday turdagi poyabzal sovg’a qilganini, endi bunday poyabzalni tayyorlashga ehtiyoji yo’qligini ma’lum qildi. Shuningdek, shu vaqtgacha shu poyabzal uchun qilingan xarajatlarni to’lashini aytdi. Fabrika xodimi esa, poyabzalning bir jufti tayyor bo’lganini, A.Matyoqbuvning shartnomadan bir tomonlama bosh torta olmasligini, agar bosh tortadigan bo’lsa, poyabzalning butun narxini to’lashini talab qildi. Chunki fabrika boshqa xaridorlarni rad qilib, aynan A.Matyoqubovning buyurtmasini olganligini, agar shartnoma bekor qilinsa, ko’zlangan foydani ololmay qolishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, xodim shartnoma tuzish paytida kelishilgan material 100000 so’m deb belgilangan holda, oxirgi ikki kunda materialning narxi ko’tarilgani, ya’ni 120000 so’m bo’lganini eslatib o’tdi va bu ham to’lanishini talab qildi.

A.Matyoqubov esa bunday shartnomadan voz kecha olishini, shuningdek, ayni vaqtgacha bajarilgan ishga haq to’lagani holda, bajarilmagn ishga haq to’lamasligini ma’lum qildi. Bundan tashqari, kelishilgan material haqi keyinchalik o’zgarganda, bu inobatga olinmasligini aytib o’tdi. Natijada ular o’rtasida nizo kelib chiqdi.



Vaziyatga huquqiy baho bering.

Ta’kidlash joizki, fuqarolik huquqi huquq sohasining asosiy, muhim va ajralmas qismi bo’lishi bilan birga, huquq tizimi sohalari ichida ham eng qadimgisi hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasida amal qilivchi huquq tizimi sohalaridan biri bo’lib, mamlakatimizda iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirish, bozor iqtisodiyoti munosabatlariga bosqichma-bosqich o’tish davrida fuqarolar va boshqa subyektlarning moddiy, ma’naviy ehtiyojlarini tobora to’laroq qondirish maqsadida mulkiy munosabatlar hamda mulkiy xarakterda bo’lmagan shaxsiy munosabatlarni tartibga solish, mustahkamlashga qaratilgan huquq normalari yig’indisidan iboratdir.



Bizga berilgan ushbu muammoli savolni hal qilishimiz uchun MIRAT usulidan foydalanamiz.

  • M. Ishga doir barch mavjud faktlarni aniqlab olishimiz;

  • I. O’rganilishi lozim bo’lgan masalalar;

  • R. Kazusdagi muammoli vaziyatlarni tartibga soluvchi qonunchilik huquq normalari;

  • A. Tegishli huquq normalarini muammoli vaziyatlarga tadbiq etish, ularni tahlil qilish;

  • T. Kazus yuzasidan dastlabki xulosa.

(M) Mavjud faktlarni aniqlash bosqichi:

  • “Charm-Poyabzal” fabrikasi oyoq kiyimlar ishlab chiqarish bilan shug’ullanishi;

  • Fuqaro A.Matyoqubov 2019-yil 1-fevralda ushbu fabrikaga poyabzal buyurtma qilgani;

  • Buyurtmaning 10 kun ichida tayyor bo’lishiga kelishilgani;

  • Poyabzalga ketadigan material fabrika tomonidan berilishi;

  • Shartnomada material va xizmat haqining belgilanishi;

  • Fuqaro Matyoqubov 5 kun o’tib poyabzal tayyorlashga ehtiyoj yo’qligini aytgani;

  • Shu kungacha poyabzalga qilingan harajatlarni to’lashini aytishi;

  • Poyabzalning bir jufti tayyor ekanligi, shartnomadan bir tomonlama bosh tortishga haqli emasligini fabrika xodimi tomonidan aytilgani;

  • Fabrika xodimi tomonidan material narxining 2 kun ichida ko’tarilganligi sababli buning ham naxini to’lashini talab qilishi va boy beriladigan foydani ham to’lanishini aytishi.

(I) O’rganishimiz lozim bo’lgan birinchi masala. “Charm-Poyabzal” fabrikasi va fuqaro A.Matyoqubov o’rtasida tuzilgan shartnoma, shartnomaning qaysi turiga muvofiq keladi va ular o’rtasidagi kelishuv qanchalik asosli?

(R) Mazkur masalani tartibga soluvchi qonun hujjatlari va huquq normalari: Fuqarolik Kodeksining 656-moddasiga ko’ra tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan pudratchi maishiy pudrat shartnomasi bo’yicha buyurtmachi-fuqaroning topshirig’i bilan uning maishiy yoxud boshqa shaxsiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan ma’lum ishlarni bajarish majburiyatini, buyurtmachi esa ishni qabul qilish va haqini to’lash majburiyatini oladi.

(A) Huquq normalarini o’rganishimiz lozim bo’lgan birinchi masalaga qo’llash, analiz qilish: Bizga berilgan ushbu kazus hozirgi kunda keng qo’llaniladigan maishiy pudrat shartnomasi hisoblanadi. Bu shartnomaning o’ziga xos tomonlari shartnoma subyektlari va predmetida ko’rinadi. Chunki maishiy pudrat shartnomasida bir taraf tadbirkorlik faoliyati amalga oshirish huquqiga ega bo’lgan shaxs ya’ni tadbirkorlik faoliyatining subyekti bo’lishi lozim. Buyurtmachi esa faqat fuqaro hisoblanadi. Bizga berilgan kazusda ham aynan shunday holat mavjud, shuning uchun ham boshqa shartnomadan farqli jihati bilan maishiy pudrat shartnomasi deb atadik. Predmeti bo’yicha ham aniqlashtirib oldik. Chunki maishiy pudrat shartnomasining predmeti faqat maishiy yoxud boshqa shaxsiy ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan ma’lum ishlarni bajarish uchun tuziladi. Masalan, tikish, ta’mirlash,texnika tuzatish va xokazolar”1. Shartnomada ishni bajarishning boshlang’ich va oxirgi muddatlari ko’rsatiladi. Shartnomada kelishuvga muvofiq, ishning ayrim bosqichlarini tugallash muddatlari ham nazarda tutilishi mumkin. Xuddi shuningdek ular o’rtasida 10 kun muddat ichida tugallanishi kelishib olingan.

(I) O’rganishimiz lozim bo’lgan ikkinchi masala: Maishiy pudrat shartnomasiga muvofiq ishni pudratchining materialidan foydalanib bajarish tartibi va material narxining oshishidagi hisob-kitoblar qay tartibda amalga oshiriladi?

(R) Mazkur masalani tartibga soluvchi qonun hujjatlari va huquq normalari: Fuqarolik Kodeksining 660-moddasida agar maishiy pudrat shartnomasi bo’yicha ish pudratchining materialidan foydalanib bajarilsa, buyurtmachi material haqining hammasini shartnoma tuzish vaqtida to’laydi yoki uning shartnomada ko’rsatilgan qismi to’lanib, pudratchi bajargan ishni buyurtmachi qabul qilib olayotganida to’la hisob-kitob qilinadi. 660-modda 3-qismga ko’ra pudratchi tomonidan berilgan material bahosining maishiy pudrat shartnomasi tuzilganidan keyin o’zgarishi qayta hisob-kitob qilishga sabab bo’lmaydi.

(A) Huquq normalarini o’rganishimiz lozim bo’lgan ikkinchi masalaga qo’llash, analiz qilish: Ish buyurtmachining materialidan foydalanib bajarilganida maishiy pudrat shartnomasi bo’yicha hisob-kitob qilinish tartibi belgilangan. Pudratchining materialiga buyurtmachi tomonidan to’liq yoki agar shartnoma tuzilgan bo’lsa, shartnomada ko’rsatilgan qismi bo’yicha haq to’lanadi. Agar shartnoma tuzilishi vaqtida material haqi to’liq to’lanmagan bo’lsa, uning uchun uzil-kesil hisob kitob buyurtmachi bajarilgan ishni qabul qilishi vaqtida amalga oshiriladi”2. A.Matyoqubov va Charm-Poyabzal firmasi material uchun to’lanadigan narxni belgilab pudratchi tomonidan ish bajarib bo’lingandan keyin to’lanishi kelishib olingan. Ular o’rtasida yuzaga kelgan yana bir vaziyat buyurtmachining shartnomadan bir tomonlama voz kechayotganligi shu vaqtgacha ketgan barcha harajatlarni to’lab berishni aytishiga qaramasdan, pudratchi buyurtmachidan material uchun belgilangan narxning oshganligi va uni ham to’lashni talab qilishi o’rinsizdir. Chunki 660-moddaning 3-qismini sharhlaydigan bo’lsak, maishiy pudrat shartnomasida ko’rsatilgan pudratchiga tegishli material bahosining o’zgartirilishiga yo’l qo’yilmaydi. Shuning uchun agar shartnoma tuzilgandan keyin o’xshash materiallarning bahosi oshgan yoki tushgan bo’lsa, shartnomada ko’rsatilgan baholar qayta hisob-kitob qilinmaydi. Demak pudratchining qo’ygan talabi o’rinsizdir.

(I) O’rganishimiz lozim bo’lgan uchinchi masala: Maishiy pudrat shartnomasida bajariladigan ishning bahosi.

(R) Mazkur masalani tartibga soluvchi qonun hujjatlari va huquq normalari: 356, 636-moddalarida pudrat shartnomasida bajariladigan ishning bahosi yoki uning aniqlash usullari ko’rsatiladi.

(A) Huquq normalarini o’rganishimiz lozim bo’lgan uchinchi masalaga qo’llash, analiz qilish: Mazkur modda bahoni aniqlash tartibini belgilaydi. Ular o’rtasida baholar kelishilganligi uchun maishiy pudrat shartnomasida ishning bahosiga oydinlik kiritib ketamiz. Bahoni belgilashning asosiy sharti uning shartnoma shartlariga kiritilganligidir. Agar shartnomada baho ko’rsatilmaganida Fuqarolik Kodeksining 356-moddasi 4-qismi bilan belgilangan bo’lar edi. Shartnoma tuzilgan vaqtda belgilangan baho shartnomada belgilangan muddat bo’yicha amalda bo’ladi, ishchi kuchi va tovarlar baholari o’zgarishi shartnoma bahosiga ta’sir qilmaydi”3. ularning o’rtasidagi baho umumiy qilganda 150000 so’m miqdorda belgilangan va pudratchi tomonidan ish bajarilib bo’lingandan keyin hisob-kitob qilishga kelishilgan.

(I) O’rganishimiz lozim bo’lgan to’rtinchi masala: Buyurtmachi huquqlarining kafolatlari.

(R) Mazkur masalani tartibga soluvchi qonun hujjatlari va huquq normalari: Fuqarolik Kodeksining 642-657 moddalariga ko’ra agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo’lmasa, buyurtmachi ish natijasi o’ziga topshirilgunga qadar istagan vaqtda shartnomadan voz kechib belgilangan bahoning buyurtmachi shartnomadan voz kechganligi to’g’risidagi ogohlantirish olingunga qadar bajarilgan ishga mutanosib qismini to’lashi mumkin. Buyurtmachi pudratchiga shartnomaning bekor qilinishi tufayli yetkazilgan zararni ham, bajarilgan ishning bahosi bilan xamma ish uchun belgilangan baho o’rtasidagi farq doirasida to’lashi shart. 657-modda buyurtmachi ish unga topshirilguncha istagan vaqtda belgilangan haqning u pudrat shartnomasini bajarishdan voz kechganligi to’g’risidagi bildirishni pudratchi olgunga qadar bajarilgan ishga mutanosib qismini va shartnomani bajarish maqsadida shu paytgacha qilingan harajatlarni pudratchiga to’lab beriladi.

(A) Huquq normalarini o’rganishimiz lozim bo’lgan to’rtinchi masalaga qo’llash, analiz qilish: Kazusimizning eng dolzarb bo’lgan joyi ham aynan shu masala bilan bog’liq. Fuqaro A.Matyoqubov shartnomadan ba’zi obyektiv sabablarga ko’ra voz kechishga to’g’ri kelganligi uchun muddati tugamasdan oldin shartnomani bir tomonlama bekor qilib, shu kungacha pudratchining qilgan harajatlarini qoplashni o’z zimmasiga oladi. Ammo pudratchi shu kungacha qilingan barcha harajatlarni to`lashni aytadi. Biz ushbu vaziyatga huquqiy baho berishimizda Fuqarolik Kodeksining 642-657 moddalariga asoslanib sharhlaymiz. Demak 642-modda dizpozitiv norma hisoblanib agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo’lmasa, buyurtmachi ish natijasi o’ziga topshirilgunga qadar istagan vaqtida shartnomadan voz kechib, belgilangan bahoning buyurtmachi shartnomadan voz kechganligi to’g’risidagi ogohlantirish olinguniga qadar bajarilgan ishga mutanosib qismini to’lashi mumkin. Bundan tashqari, buyurtmachi pudratchiga shartnoma bekor qilinishi tufayli yetkazilgan zararni ham bajarilgan ishning bahosi bilan xamma ish uchun belgilangan farq doirasida to’lashi shart. Bundan ko’rishimiz mumkinki, Charm-Poyabzal firmasi buyurtmachiga shartnomadan bir tomonlam voz kechishga haqli emasligini aytib o’tgan edi. Vaholanki, yuqoridagi normamiz bo’yicha buyurtmchai ish unga topshirilgunga qadar istagan vaqtda shartnomadan voz kechishi mumkinligi ko’rsatilgan. Demak bir tomonlama voz kechishi asoslidir. Shuningdek, poyabzalning butun narxini to’lashini talab qilishi o’rinsizdir. Yuqorida biz ushbu holatni kerakli normativ hujjatlar yordamida izohlab o’tdik. Buyurtmachi A.Matyoqubov shartnomadan voz kechganligi uchun yetkazilgan zarar, bajarilgan ishning bahosi bilan shartnoma tuzilishidan oldin xamma ish uchun belgilangan baholar o’rtasidagi farq to’lanadi. Buyurtmachi qonunga zid ravishda xatti-harakatni amalga oshirmagan. Uning harakatlarida Fuqarolik Kodeksida belgilangan normalarning buzilish holati mavjud emas.

(T) Xulosa: Yuqoridagilarni inobatga olib xulosa qiladigan bo’lsak, bizga berilgan ushbu kazus ikki tomonlama, haq evaziga tuziladigan konsessual shartnoma hisoblanadi. Yuqorida biz MIRAT usulidan foydalangan holda bizga berilgan kazusimizni atroflicha ochib berishga harakat qildik. Xulosalarimizni umumlashtiradigan bo’lsak, buyurtmachi tomonidan bir tomonlama shartnomadan voz kechishga haqqi bor. Biz bularni yuqorida tegishli normalar asosida aytib o’tdik. Shuningdek, pudratchi buyurtmachi shartnomadan voz kechgani uchun poyabzalga nisbatan to’lanadigan butun narxni to’lashini va shartnomani boshida kelishib qo’yilgan narx o’zgarganligi sababli uni ham to’lashni, boy berilgan foydani to’lashni talab qilishga Fuqarolik Kodeksining normalari buzilishiga olib kelmoqda. Chunki normaning o’zida pudratchi tomonidan berilgan material bahosining maishiy pudrat shartnomasi tuzilgandan so’ng o’zgarishi qayta hisob-kitob qilishga sabab bo’lmaydi deb ko’rsatib o’tilgan. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining “Aholiga maishiy xizmat ko’rsatish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarorida: O’zbekiston Respublikasi aholisiga maishiy xizmat ko`rsatish qoidalari belgilangan bo`lib, unga ko`ra buyurtmachi shartnomada ish tugallanishidan oldin istalgan vaqtda, xo`jalik yurituvchi subyektga ishning bajarilgan qismidagi qiymatini to’lab va zararlarni shartnomani bekor qilish vaqtida amalda bo`lgan narxlarda qoplab, bekor qilishi mumkin. Demak ular o’rtasida yuzaga kelgan nizo buyurtmachining foydasiga hal qilinishi kerak. Albatta pudratchiga yetkazilgan zarar, bajarilgan ishning bahosi bilan umumiy belgilangan ishning bahosi o’rtasidagi farqni qoplab berish orqali ular o’rtasidagi nizo hal qilinadi.


1 Fuqarolik huquqi. Mualliflar jamoasi. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Toshkent Davlat Yuridik Instituti.-T:.Adolat 2007 y 237-b

2 Fuqarolik kodeksiga sharh

3 O;zbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksiga sharhlar.


Download 23.61 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling