Xx asrning 10-20-yillari oxirida yosh neorealist yozuvchilar


Download 87 Kb.
Sana05.01.2022
Hajmi87 Kb.
#233673
Bog'liq
Akutagava Ryunoske (1)


1.1. XX asr Yapon adabiy jarayoni va Akutagava Ryunoskening ijodi.
XX asrning 10-20-yillari oxirida yosh neorealist yozuvchilar1 guruhi yapon adabiyotida alohida o`rin egalladi. Bu guruh a’zolari adabiyotdan borliqni aniq aks ettirish, tipologik tahlil qilish va muallif nuqtai nazari bo`rtib ko`rinishini talab qilar edilar. Neorealist yozuvchilar ijodida mahorat va mazmunning teranligi birinchi o`rinda turadi. Neorealizm adabiyotning pafosi insonparvarlik ideallarini ulug`ash, insonni kamsituvchi, uning erkini chegaralovchi hamma narsani rad etishdan iborat.

XX asr yapon adabiyotini ikki davrga: 1945 yilgacha bo`lgan davr va undan keyingi davrga ajratish mumkin. Urushdan oldingi davrni tugab borayotgan mumtoz adabiyot davri deb aytish mumkin. XX asrning boshi yapon adabiyotida ko`plab oqimlar paydo bo`lishi bilan tavsiflanadi. Realizm vujudga keldi. Realizm - bu badiiy bilish, obyektiv borliqni xaqqoniy tasvirlash metodi, xayot shakllarining obyektiv mazmunini ham, rang - barangligini ham haqqoniy aks ettirishga intilish. Realizm kurtaklari Futabatey Simeya va Tsubuoti Seyo asarlarida paydo bo`ldi. 1885 yilda adabiyotshunos-anglist Seyo Tsubuoti yangi yapon adabiyotining xususiyatini ko`p jihatdan belgilab bergan “Roman mohiyati” degan traktatni e`lon qildi. U yozuvchilarni kuchli metafora va o`tkir fabulaga intilish bilan tavsiflanuvchi an’anaviy yapon poetikasi prinsiplaridan vos kechishga chaqirdi, Yevropa adabiyotiga xos sidzensyugi2 deb nomlangan yangi adabiy metodni ta’riflab berdi. Bu metod yozuvchining nigohi ilg`agan hamma narsani aniq aks ettirish, birinchi navbatda inson tuyg`ularini ifodalashni nazarda tutar edi. Amalda bu traktat G`arbning rang-barang va ko`pincha bir-biriga zid adabiy yo`nalishlarning jo`shqin oqimida suzayotgan yapon yozuvchilariga tashlangan o`ziga xos qutqarish chambaragi bo`ldi. G`arb adabiy an’anasi o`z tadrijiy rivojlanishning bir necha asri mobaynida erishgan barcha yutuqlar: romantizm, sentimentalism, realizm, naturalizm, dastlbki modernistik tajribalar Yaponiyani bir nafasda qamrab oldi.

“Sidzensyugi” adabiy metodi zamirida yapon adabiyotida naturalizm oqimi vujudga keldi. Oradan ko`p o`tmay, yozuvchi Katay Tayama “aniq” va “bo`yab-bejalmagan tasvir” prinsiplarini ilgari surdi. Bu prinsiplar mazmuni quyidagi deklaratsiyadan iborat edi: “Biz san’atdan barcha ko`ngilochar unsurlarni quvib chiqaramiz; mahorat bilan bog`liq bo`lgan hamma narsani quvib chiqaramiz; nimaiki ideallar bilan bog`liq bo`lsa, hammasini quvib chiqaramiz”3. Voqelikni qanday bo`lsa, shunday aks ettirish prinsipi o`z-o`zidan yozuvchi faqat o`z o`ylari va kechinmalarini haqqoniy aks ettirishi mumkin, degan fikrga olib keldi. Yozuvchilarga dardini to`kib solish taklif qilindi. Shu tariqa ego belletristika yuzaga keldi va jurnallar va kitoblarning sahifalarini mashhur yozuvchi va shoirlarning dil izhori aks ettirilgan asarlar qopladi.

Bu davrda yapon adabiyotida naturalistik metod keng tarqaldi. Uning yorqin vakillari Kunikida Doppo va Tayama Kataylar edi. Biroq, shu bilan bir vaqtda, yapon adabiyotida naturalizm g`oyalariga qarshi bo`lgan nuqtai nazarni himoya qiluvchi yozuvchilar paydo bo`ldi. Ularning orasida romanist Mori Ogay 4, Natsumei Soseki (1867-1916) bor edi. “Bolakay”, “Kamtarin qulingiz mushuk” va boshqa romanlar muallifi bo`lgan Natsume Soseki butun jahonda dovruq qozondi. Uning ismi afsonaga aylandi. Natsume Soseki yapon adabiyotida faol ijod qilgan o`n yillik “Natsume yillari” deb ataladi. Akutagava Ryunoske bu yozuvchi o`z ustozi sifatida ardoqlangan.

Akutagavaning qiziqishlari keng va rang-barangdir. O`sha davrda yashab ijod qilgan juda ko`p yozuvchilar qatori, Ryunoskening ijodiy yo`liga ham chet el adabiyoti kuchli ta’sir ko`rsatdi. Akutagava Yevropa, shu jumladan rus adabiyotining bilimdoni edi. O`zining bu bilimlaridan Ryunoske ijodiy faoliyatida keng foydalandi. Xususan, Dostoevskiy, Gogol, Chexov, Tolstoy kabi rus mumtoz adabiyoti vakillarining asarlari Akutagavada kuchli ta`surot qoldirdi, uning adabiy didi shakllanishiga ko`maklashdi. Rus adabiyoti ta’sirida yaponlarda Akutagava Ryunoskening “Batat bo`tqa”, “Bog`”, “O`rgimchak to`ri” kabi va boshqa novellalari paydo bo`ldi.

Akutagava Ryunoske 1892 yil 1 martda yoki qadimgi vaqt hisobi bo`yicha ajdar oyi, Ajdar kunining Ajdar soatida Tokio shahrida tug`ildi va ayni shu sababli uning ismini Ryunoske qo`ydilar (ismining “Ryu” degan bosh ieroglifi “Ajdar” degan ma’noni anglatadi5).

Ryunoskening otasi Niixara Nosidzo Tokio shahrining chekkasidagi o`toqlar egasi bo`lib, sut bilan savdo qilardi. Ryunoske ota-onasi ancha yoshga borib qolganda tug`ildi va ular qadimgi odat bo`yicha bolani ularga birov tashlab ketgandek qilib ko`rsatishdi. Ryunoskening haqiqiy otasiga qarashli bo`lgan sud rastalaridan birining boshqaruvchisi uning rasmiy otasi deb e`lon qilindi. Garchi uruf odatdan kelib chiqib shunday ish tutilgan bo`lsa-da, Ryunoskening haqiqiy otasi amalda ham uni o`z o`g`li deb hisoblamay qo`ydi. Ryunoske tug`ilganidan so`ng oradan ko`p vaqt o`tmay uning onasida ruhiy kasallik alomatlari paydo bo`ldi va bola o`n yoshga to`lganida u vafot etdi. Ryunoskening bolaligi onasining ruhiy kasalligi va otasining befarqligi ostida o`tdi. Onasining o`limi arafasida Ryunoskeni opasining oilasi o`z qaramog`iga oldi. Opasining eri Akutagava bo`lib, Ryunoske uning familiyasiga o`tdi.6 Opasining eri bilimli odam bo`lib, Tokio shahar munisipalitetida bo`lim boshlig`i vazifasida xizmat qilardi. Rasm chizar, she`rlar yozardi. Uning kattagina kutubxonasidan yapon va xitoy mumtoz adabiyoti keng o`rin olgan edi. U eski mumtoz ta’lim tarafdori bo`lib, asardan o`g`lida ham qadimiyatga qiziqish uyg`otishga harakat qilardi. Agar Yaponiya o`zining ko`p asrlik an’analarini unutsa, u muqarrar tarzda halokatga uchraydi, deb hisoblardi. Asrandi o`g`lini ham shu ruhda tarbiyalar edi. U o`zining birinchi niyatiga yetdi – Ryunoske yapon mumtoz adabiyotining chinakam bilimdoni bo`lib voyaga yetdi, bu bilimlar u yozuvchilik bilan shug`ullana boshlaganida unga juda asqotdi. Ryunoske yashaydigan Xondzyo tumani o`sha paytda o`tib borayotgan feodal Yaponiyaning xilvat xududlaridan biri edi. Bu yerda qadimgi rivoyatlarda ta`riflangan Yaponiya hali tirik edi. Ayni shu qadimgi va yangi unsurlarning o`ziga xos uyg`unligi keyinchalik yozuvchi ijodida o`z aksini topdi. Akutagava Ryunoske novellalarning ko`pgina syujetlari qadimgi va o`rta asrlar adabiyotidan olingani bejiz emas. Mumtoz adabiyot ta’sirini yozuvchining adabiy uslubida ham sezish mumkin. Aniqlik, qisqalik, lo`ndalik, ortiqcha tasvir va tavsiflardan butunlay voz kechish, yuz bergan voqeani bayon etmasdan harakatning o`zini ko`rsatish – bularning barchasi yozuvchiga xos bo`lib, hech shubhasiz qadimgi qissalar uslubi bilan bog`lanadi.

Akutagava o`zining qadimgi va o`rta asrlar syujetlariga murojaat etishi sabablarini ko`rsatish ekan, qadimgi material olish zarurati unda qadimgi davr haqida so`z yuritish uchun emas, balki mavzuni katta badiiy kuch bilan yoritish kerak bo`lgan holda tug`ilishini qayd etadi.

Akutagava Ryunoske bu haqda so`z yuritar ekan, “Qadimgi inson qalbi va hozirgi odam qalbi ko`p jihatdan birdir”7, degan edi. Bu so`zlar zamirida yozuvchi ijodiy metodining mazmun – mohiyati mujassamlashgan.

Akutagava qadimgi dunyoda o`z zamondoshlarining xatti – harakatlari, fikr – mulohazalari, ruhiyati, qilmishlariga javob qidirdi. Shuning uchun bo`lsa kerak, uning tarixiy novellalarida davr alomatlari umuman mavjud emas, qahramonlar esa xuddi bizning oramizda yashayotgandek harakat qiladi. Novellalarning afsonalardan olingan qahramonlari afsonaviy qahramonlar bilan bir emas, aksincha, biz yashayotgan hayot bilan uzviy.

Akuagava nafaqat atoqli yozuvchi, balki XX asr boshidagi yapon ziyolilari, aniqrog`i ularning mamlakat madaniy uyg`onish yo`lini G`arb bilan keng aloqa qilishda ko`ruvchi qismining yorqin vakili edi. Jamiyat taraqqiyotiga faqat milliy va xalqaro hamkorlik, o`zaro aloqalar, bir – biriga kirish va bir – birini boyitish orqali erishish mumkin edi. Akutagava ham mansub bo`lgan ilg`or yapon yoshlari shu g`oyani ilgari surar va qo`llab – quvatlardi. Vaholanki Yaponiya ikki yuz yildan ko`proq vaqt davom etgan maxdudlikdan so`ng tashqi dunyo bilan o`z aloqalarini tiklaganiga endigina ellik yil to`lgan edi. Chegaralar ochilishi bilan mamlakatga Yevropa madaniyati o`zining yaxshi – yomon ko`rinishlarida kirib kela boshladi. Yapon ziyolilari bu hodisaga ikki xil yondashardi. Yoshlar (adabiyotda, san’atda, falsafada) dam u, dam bu yo`nalishini shak – shubhasiz qabul qilar, G`arbdan o`zlashtirilgan narsalarni ko`pincha tanqidiy anglab yetishga ulgurmas, o`zlari “Eskilik mamlakati” deb ataydigan Yaponiyaga chetdan kiruvchi hamma narsaga taraqqiyot omili sifatida qarar edi. Milliy an’analarga mamlakat taraqqiyotiga to`g`anoq bo`lgan eskilik sarqiti sifatida yondashilardi. Keksa avlod esa, aksincha, chetdan kelgan hamma narsaga shubha va ishonchsizlik bilan qarar, unda milliy an’analarga taxdidni ko`rardi. Bunda an’analar yaxlit, bir butun deb qaralar, shu sababli ularning Yaponiya ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyoti yo`liga to`g`anoq bo`layotgani uchun voz kechilishi lozim bo`lgan qismi e’tiboriga olinmasdi. Shunday qilib, yoshlar G`arbdan kelayotgan hamma narsaga ijobiy, milliy an’analariga esa tanqidiy yondashar, keksa avlodda esa buning tamomila aksi kuzatilardi. Biroq eng yomoni bu yerda “Yaponiya – G`arb” o`zaro nisbati aksariyat hollarda teran bilimlar emas, balki emotsiyalar nuqtai nazaridan qaralar edi. Yapon an’analari kabi, G`arb adabiyoti ham yaxlit bir butun hodisa sifatida namoyon bo`lar ediki, bu haqiqiy manzaraning buzilishi, tanqidga munosib bo`lgan narsalar ijobiy qabul qilinishi va buning aksiga sabab bo`lardi. Tradisionalistlar va Yaponiyani zamonaviylashtirish tarafdorlari o`rtasidagi kurash jarayonida ziyolilar mamlakatni yangilash yo`llarini izlar edilar. Akutagava bu bahsda aniq va izchil pozitsiyani egalladi – u G`arbdan o`rganish, undan taraqqiyotga xizmat qilishi mumkin bo`lgan barcha narsalarni o`zlashtirish, biroq, shu bilan bir vaqtda, o`z milliy zaminida qolish tarafdori edi. Akutagava yozgan maqolalar va xatlar u G`arb adabiyotining nufuzli vakillari asarlarini qay darajada chuqur o`rgangani, ba’zan hatto ularni tanqid qilgani, ularni teran anglab yetishga uringanini ko`rsatadi. G`arb adabiyotining yutuqlarini ham, uning kamchiliklarini ham tanqidiy baholash qobiliyati, uning eng yaxshi namunalari va yutuqlarida saboq olishga intilish Akutagava siymosida begona madaniyatga noxolis munosabatdan, uni to`g`ri idrok etishga xalaqat beruvchi millatchilik unsurlaridan xoli bo`lgan yozuvchining paydo bo`lishiga olib keldi.

1913 yilda Akutagava Tokio univarsitetiga o`qishga kirdi. U ingliz adabiyotini yanada chuqurroq o`rganish, kollejda olingan bilimlarini tizimga solish va chuqurlashtirishni orzu qilardi. Akutagava universitet o`z qarshisida ingliz adabiyotining serbo`yoq, jonli manzarasini namoyon etishi, uning jahon madaniyati rivojlanishidagi rolini ko`rsatishi, yozuvchilik mahorati sirlarining tagiga yetishiga ko`maklashishi, keng va obyektiv fikrlashga o`rgatishga umid qilgan edi. Biroq, afsuski, uning umidlari puch bo`lib chiqdi. Eski an’analar qal’asi bo`lgan universitet uning hafsalasini pir qildi. O`sha davrda universitetning adabiyot bo`limida talabalar miyasiga mumkin qadar ko`proq bilim joylashtirishga intilish hukm surar, bu bilimlarning aksariyati eskirgan va amalda hech kimga kerak emas edi. Shu sababli universitetda saboq olish Akutagavaning ma’naviy o`sishi, uning yozuvchi sifatida shakllanishida juda kam ro`l o`ynadi. Universitet o`rnini “Sinsite” jurnali egalladi. Akutagava va uning do`stlari tomonidan 1914 yilda ochilgan ayni shu jurnal yapon adabiyotida chuqur iz qoldirgan yozuvchilar avlodini shakllantirdi va ijod maydoniga olib chiqdi. Shu tariqa neorealizmni, yana ham aniqroq aytganda, Yaponiyada asr boshida keng tarqalgan naturalizm va uning ko`rinishlaridan biri – ego belletristikaga qarama – qarshi qo`yilgan realizmni o`z ijodiy metodi deb e’lon qilgan “yangi mahorat” guruhi vujudga keldi.

1916 yil universitetni tamomlagach, Akutagava Iokosukadagi mexaniklarining harbiy – dengiz maktabida ingliz tili o`qituvchisi bo`lib ishlay boshladi. Biroq pedagog kasbi Akutagavani qiziqtirmas, uni adabiyot ko`proq o`ziga tortardi. 1919 yildayoq Akutagava maktabni tark etdi. “Endi men o`zimni to`liq ijodga baxshida etaman, - deb yozadi u xatlarining birida. – Imperator flotiga kelsak, uni faqat mendek qobiliyatsiz o`qituvchidan qutulgani bilan tabriklash mumkin”.8 Akutagava hayotining oxirgi sakkiz yili yozuvchi ijodining juda ko`p novellalar, esselar va miniatyuralar yaratilgan gullab – yashagan davri bo`ldi. Akutagava xayotining so`ngi yillarida o`sha davrning muxim mavzulari – ijtimoiy adolatsizlik, insonning himoyasizligi jamoatchilikning keng qatlamlarini qamrab olayotgan harbiy vasvasa ko`tarildi. Akutagava yashagan jamiyat kamchiliklari aniq pozitsiyalardan turib tanqid qilindi. Yozuvchi o`z asarlarida militarizmni kuchli tanqid tig`i ostiga oldi. Bu adibning nafaqat “Uch deraza”, “Momotaro” novellalari, balki esselar, xatlar, ko`p sonli maqolalarda ham kuzatiladi. Akutagava o`z asarlarida nafaqat jamiyatning ayrim kamchiliklari va qusurlarini, balki so`zning keng ma’nosidagi insonparvarlikka zidligini tanqid qilib, yetuk ijtimoiy tafakkurni namoyish etdi. Bu hol uning “Bir hovuch tuproq”, “Muhabbat qissasi”, “Ona” novellalarida ayniqsa bo`rtib ko`rinadi.

O`z ijodining dastlabki davrida Akutagava asosan ma`naviy – axloqiy muommolar bilan qiziqqan, ijtimoiy – siyosiy masalalardan o`zini chetga olishga harakat qilgan bo`lsa, 1921-1927 yillarga kelib unda ijtimoiy adolatsizlikka nisbatan murosasizlikka nisbatan murosasizlik, siyosiy muammolarga qiziqish paydo bo`ldi. Bu uning “Bir sotsialist”, “Tishli g`ildiraklar”, “Pigmey so`zlari” asarlarida o`zining yorqin ifodasini topdi. Biroq Akutagava muhim ijtimoiy muammolarga murojaat etib, insonning ma’naviy dunyosini tahlil qilishdan butunlay voz kechdi, deb aytish ham to`g`ri bo`lmaydi. Inson hayotining ma’naviy jihati Akutagava umrining so`ngi kunlarigacha adib ijodining o`zagi bo`lib qoldi. Shu sababli Akutagava o`zining shu davrda yaratilgan novellalarida ko`targan eng muhim ijtimoiy muammolar ham o`ta psixoligik xususiyatga ega. Biroq bu yerda shu narsaga e’tibor berish lozimki, ilgari insonning ruhiyati, uning ichki dunyosiga Akutagava jamiyat hayoti shart – sharoitlaridan qat’i nazar, inson tabiatiga xos narsaga deb qaratgan bo`lsa, adib ijodining so`nggi davriga mansub novellalar makon va zamon doirasidan tashqaridagi qandaydir anonim ijtimoiy tuzilmaga emas, balki aynan o`sha yillardagi yapon jamiyatiga bag`ishlangan. Yapon jamiyati qattiq tanqid tig`i ostiga olingan va o`ziga xos satirik bo`yoqlarda tasvirlangan “Suv alvastilari mamlakatida” pamfleti Akutagavaning g`oyaviy va ijodiy izlanishlari mahsuli, uning ijtimoiy illatlarini fosh qiluvchi adib sifatidagi yetukligini namoyish etuvchi muhim asar bo`ldi.

Akutagava – to`g`ri so`z yozuvchi. U inson fojeasi haqida ochiq va to`g`ridan – to`g`ri so`z yuritadi, uning yelkasiga tushayotga qiyinchiliklarni mubolag`asiz, aslida qanday bo`lsa, shunday ko`rsatishga harakat qiladi. Uning quroli – haqiqat. Kitobxon Akutgavani mutolaa qilish jarayonida chiqaradigan bosh xulosani quyidagicha ta’riflash mumkin: inson va mashaqqatlardan o`tib, o`z yelkasidan yolg`onchilik, manmanlik, ma’naviyatsizlik yukini uloqtirib tashlagan, o`zi yashaydigan jamiyatning ikkiyuzlamachilik va bohqa illatlariga qarshilik ko`rsatgan va unda o`z o`rnini topgan, biroq uning nog`orasiga o`ynamasdan o`zini qurshagan yovuzlik bilan qarashni davom ettirgan, ya`ni inson o`zligini anglagan xoldagina u g`olib chiqishi mumkin va bu g`alaba ijtimoiy munosabatlarni qayta qurish, aqlning zulmat ustidan g`alabasi sari tashlagan birinchi qadam bo`ldi.

1927 yil 4 iyulda Akutagava o`z joniga qast qilib hayotdan o`tdi. Uning bu fojiali qarorni qabul qilishga turtki bergan har xil sabablar ko`rsatiladi. Biroq asosiy sabab – adib ijodida boshi berk ko`chaga kirib qolgani, onasining taqdirini takrorlash bo`lsa kerak. 9




13 neorealist yozuvchilar- yangi realizm vakillari

2 Sidzensyugi -(“Qanday bo`lsa, shunday aks ettirish”)

3 Акутагава. Новеллы. М.: Художественная литература, 1989.стр.17

4 Mori Ogay - Raqqosa” romani muallifi

5芥川龍之介 日本の文学29(中央公論社  昭和39年)

6 http://fictionbook.ru/author/akutagava_ryunoskye/


7芥川龍之介 日本の文学29(中央公論社  昭和39年)

8http://lib.aldebaran.ru/author/akutagava_ryunoskye/akutagava_ryunoskye_muki_ada/


9 Конрад Н.И. Очерки по истории японской литературы М: главная Редакция восточной литературы. 1972.стр.46


Download 87 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling