Zaruriyati yo‘q narsani ixtiro qilmang Edison haqida qiziq faktlar
Download 30 Kb.
|
Tomas Edison
Zaruriyati yo‘q narsani ixtiro qilmang – Edison haqida qiziq faktlar Tomas Alva Edison 1847-yilning 11-fevralida AQSHnig Ogayo shtatida tug‘ilgan. U Kanadada tug‘ilishi ham mumkin edi. Chunki, uning ota-onasi asli Kanadalik bo‘lishgan. Biroq, Edisonning otasi Kanadadagi 1837-yilgi qo‘zg‘olonda ishtirok etgani uchun hukumat ta’qibidan qochib yurgan va qochqin oila o‘shanda Ogayodagi Maylen shaharchasiga kelib o‘rnashib qolgan. Tomas Edison tug‘ilganida juda nimjon va tez-tez kasallanadigan nozik bola bo‘lgan. Lekin, uning ziyrakligi hammani hayratda qoldiradigan darajada bo‘lgan ekan. U to‘qqiz yoshida, o‘zining ilk ilmiy-ommabop kitobi - «Tabiiy va eksperimental falsafa» asarini o‘qib chiqadi. O‘zida ilm-fanga bo‘lgan ishtiyoqni aynan ushbu kitob uyg‘otganini u bir umr eslab yurgan. Mazkur kitobda XIX-asrning birinchi choragigacha amalga oshirilgan barcha muhim ilmiy kashfiyot va ixtirolar haqida sodda va tushunarli tilda bayon qilingan bo‘lib, oddiy odamlar uy sharoitida qilib ko‘rishi mumkin bo‘lgan kichik ilmiy tajribalar ham keltirilgan edi. Edison kitobdagi barcha tajribalarni qilib ko‘rgan va texnik ixtirolarga qattiq qiziqib qolgan. Insoniyat tarixidagi eng ko‘zga ko‘ringan ixtirochilardan birining tarixi shu tariqa boshlangan. Albatta, Tomas Edison hayoti haqida shu paytgacha ko‘p va xo‘b yozilgan. Ba’zilar uni tarixda tengsiz daho ixtirochi desa, yana ba’zilar uni «patent o‘g‘risi», birovlarning ixtiro va kashfiyotlarini o‘zlashtirib olgan muttaham deb ham qaraydilar. Har ikki tomonning o‘zga yarasha isbot va dalillari ham mavjud. Biz esa, bunday tafsilotlarga berilib o‘tirmay, Edisonning hayoti va faoliyatiga oid ayrim faktlarni keltirish bilan chegaralanamiz. Qoloq
Ehtimol Tomas Edison haqida yarim afsona va yarim chin bo‘lgan o‘sha mashhur hikoyani eshitmagan odam kam bo‘lsa kerak. Unga ko‘ra, maktabdagi o‘qituvchisi, Edisonning o‘ta qoloq o‘zlashtirishidan xunob bo‘lib, ota-onasiga bu haqida maktub berib yuboradi. Tabiiyki, o‘zi qoloq o‘quvchi bo‘lgan Edison unda nima yozilganini bilmaydi. U o‘qituvchisining xatini oyisiga keltirib beradi. Onasi xatni o‘qisa, unda «Bolangiz juda qoloq, u fanlarni o‘zlashtira olmaydi, uni boshqa maktabga olib keting!» - qabilidagi gaplar bo‘ladi. Oyisi esa, o‘g‘lining bundan ko‘ngli cho‘kishini istamagani uchun, unga xatni ovoz chiqarib, lekin, mazmunini butunlay o‘zgartirib o‘qib beradi: «O‘g‘lingiz ajoyib bolakay, u sinfda eng a’lochi, hamma fanlarni yaxshi o‘zlashtiradi. Sizga rahmat!». Aslida bu xatda butunlay boshqa narsa yozilganligini esa, Edison oradan ancha yillar o‘tib, allaqachon yirik ixtirochi va puldor tadbirkor sifatida nom qozongan paytlarda bilib qoladi. O‘shanda, u onasining eski kiyimi cho‘ntagidan, o‘sha, o‘zi bir paytlar maktabdan olib kelgan xatni topib oladi. O‘qib ko‘rsa, unda boyagiday, xunuk ta’rif yozilgan bo‘lgan... Xo‘sh, bu voqea haqiqatdan ham bo‘lganmi, yoki, Edisonning o‘zi bo‘rttirib ko‘rsatgan to‘qima hikoyasimi, hozir buni bilish qiyin. Har holda, Tomas Edison maktab paytida haqiqatan ham qoloq o‘quvchi bo‘lgani maktab hujjatlarida o‘z aksini topgan. Uni haqiqatan ham keyinchalik maktabdan chetlatishgan va uyda, faqat onasi tomondan o‘qitilib, harf taniy boshlagan. O‘qishni bilib olgach esa, u turli kitoblarni o‘zi mustaqil mutolaa qilib, mustaqil shug‘ullana boshlagan. «Gazetchi bola» Edisonlar oilasi ancha kambag‘al oila bo‘lgan. Uning onasi mahalliy bozorchada sabzavotlar bilan savdo qilgan. Edison juda kichik yoshidanoq bozorda onasiga qarashib, o‘zi ham ishlab pul topishga o‘rgangan. 12 yoshida esa u shaharchadagi temiryo‘l vokzalida gazeta sota boshlaydi va poyezd yo‘lovchilari orasida baqirib yurib, gazeta pullaydi. Topgan pullarini katta qismini oilasiga yordam sifatida onasiga bersa-da, muayyan qismini o‘zi uchun qoldirib, unga kitoblar va kimyoviy tajribalar uchun moddalar sotib olgan. Yaxshilikka yaxshilik 1862-yilda vokzalda gazeta sotib yurgan paytda, stansiya boshlig‘ining o‘g‘li katta tezlikda harakatlanayotgan poyezd yo‘liga o‘tirib olganini ko‘rib qoladi. Edison yugurib borib, jon holatda bolakayni tortib oladi va uni o‘limdan qutqaradi. Bolaning otasi voqeadan qattiq ta’sirlanib, Edisondan bir umr minnatdor bo‘lib o‘tgan. U ushbu «gazetachi o‘spirin»ga qanday qilib minnatdorchilik bildirishni uzoq o‘ylab, oxiri uni vokzalning telegraf markaziga ishga kiritib qo‘yadi va unga oyiga 25 dollar maosh tayinlaydi. «Be’mani ixtiro» Yoshlik paytidayoq, telegrafda ishlab katta tajriba to‘plagan Edison, ushbu uskuna asosida unga o‘xshash yana boshqa ko‘plab foydali narsalarni yasash mumkinligini fahmlagan. Uning ilk ixtirolaridan biri – parlamentda muayyan masala yuzasidan berilgan ovozlar sonini avtomatik sanash va natijani ko‘rsatish apparati edi. U o‘zi yasagan shunday apparat namunasini mahalliy kengash deputatlariga namoyish qilgan. Deputatlar esa, ushbu apparatni ko‘rib, Edisonni rosa kulgiga olishgan ekan. Ulardan biri esa hattoki «bu eng be’mani ixtiro bo‘libdi!» - deb masxara ham qilgan. Hozirda esa, butun dunyodagi parlament binolarida o‘rnatilgan ovozlarni hisoblovchi uskunalarining barchasi, o‘sha Edison ixtiro qilgan qurilma asosida yaratilgan. «Tomim ketib qolay degan...» Telegraf markazida ishlab, telegraf apparatining ishlash mohiyatini juda yaxshi o‘rganib olgan Edison, 1869-yilda telegraf qurilmasining mukammallashtirilgan mutlaqo yangi modelini yasaydi. Uning yangi telegrafi turli sharoitlarda qo‘llashga mo‘ljallanganligi va ishonchlilik darajasining yuqoriligi bilan harbiylarning e’tiboriga tushadi. Marshall Lefferts ismli shaxs Tomas Edisonga ushbu apparatini sotishni taklif qilgan. Edison ichida 3000 dollar so‘rashni xohlab tursa-da, lekin, «buncha pul so‘rasam xaridor aynib qolmasin» - deb o‘ylaydi va undan, o‘zi ko‘nglidan chiqqan pulni beraverishini iltimos qiladi. Marshall o‘shanda Edisonga 40000 (qirq ming!) dollar berib, apparatni olib ketgan ekan. Edison esa, keyinchalik «buncha pulni ko‘rib, tomim ketib qolay degandi» - deb eslagan. Aynan shu voqea uni yangidan-yangi texnik ishlanmalar va ixtirolar qilish kerakligiga va shu yo‘l bilan katta pul topish mumkinligiga ishontirgan. 45-soatlik ish kuni Tomas Edison juda qattiq ishlaydigan va ishlayotgan paytda deyarli chalg‘imasdan, butun diqqat-e’tiborini ishga qaratadigan, favqulodda ishchan kishi bo‘lgan. U hatto qarib qolgan paytlarda ham kuniga 16-19 soatlab ishlagan. Agar biror o‘ta muhim masala ustida ish borayotgan bo‘lsa Edison uxlamasdan ham ish olib bora olishi mumkin edi. Masalan, cho‘g‘lanma lampani ixtiro qilish jarayonida, u ingichka ko‘mir tolasining xossalarini tekshirish asnosida naq 45 soatni hordiqsiz ravishda laboratoriyada o‘tkazgan. Gunglik ham bir qulaylik... Edison bolaligida juda nimjon bo‘lganini yuqorida ham aytdik. U 15 yoshlik paytida yuqori nafas yo‘llari shamollashining juda og‘ir shakli bilan og‘rigan. Natijada, uning bir qulog‘i deyarli eshitmaydigan bo‘lib qolgan. Ixtirochining o‘zi esa, bu holatni taqdirning o‘ziga bergan «tuhfasi» deb hazillashar edi. Chunki, o‘zining aytishicha, qulog‘i gung odam hech narsaga chalg‘imay, butun diqqatini qo‘yilgan masalani ham qilishga qaratishi mumkin ekan... Ishdagi «ishq» 1871-yilda Edison o‘zining laboratoriyasida birga ishlaydigan xodimasi Meri Stivell degan qizga uylanadi. Bu nikoh hech qanday romantika va boshqa tuyg‘ularga asoslanmagan bo‘lib, balki, Tomas Edisonning hamma narsadan faqat foyda va naf chiqarishni o‘ylaydigan o‘ziga xos fikrlash rejasi mahsuli deyish mumkin. Pragmatik Edison, begona qizga uylangandan ko‘ra, laboratoriyada unga istalgan payt yordam bera oladigan va ish jarayonini yaxshi tushunadigan shu qizga uylangan afzal deb bilgan. Ya’ni u hatto nikohda ham ishni o‘ylagan. Ularning oilasida bir o‘g‘il va bir qiz farzand dunyoga kelgan. O‘g‘li va qizini ular erkalatib «dash» va «dot» deb chaqirishar edi. Bu so‘zlar telegrafchilarning norasmiy leksikasiga tegishli bo‘lib, u Morze alifbosidagi nuqta va tireni anglatadi. Allo! Biz har safar telefon qo‘ng‘irog‘iga javob berganda aytadigan birinchi so‘z - «allo!» - xitobining muallifi ham aynan Tomas Edison bo‘ladi. Albatta, telefonni u ixtiro qilmagan. Lekin, telefon so‘zlashuvida gapni «hello!» deb boshlash eng yaxshi variant ekanligi haqida Pittsburg telegraf markazi prezidentiga aynan Edison uqtirish bergan. Ushbu so‘z shu darajada muvaffaqiyatli chiqdiki, mana hozirga kelib, dunyoning deyarli barcha millatlari telefon so‘zlashuvini aynan shu so‘z bilan boshlaydilar. 1093 ta patent O‘z umri davomida Edison AQSHning o‘zida 1093 ta va boshqa mamlakatlarda 3000 dan ziyod patentni o‘z nomiga ro‘yxatdan o‘tkazgan. Uning eng asosiy ixtirolari orasida cho‘g‘lanma lampa, kinetoskop, saylovlarda ovoz hisoblagich, temir-nikelli akkumulyator, fonograf kabilarni eslab o‘tish mumkin. Lekin, deputatlardan kulgiga qolgan holati Edisonning o‘ziga juda alam qilgan ekan. U har safar bu haqida eslaganda, «zaruriyati yo‘q narsani ixtiro qilmanglar...» - der edi. Download 30 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling