“ mavzusidagi magistrlik asosnomasi


Download 69.24 Kb.
bet1/2
Sana18.02.2023
Hajmi69.24 Kb.
#1212519
  1   2
Bog'liq
АСОСНОМА


Navoiy davlat pedagogika instituti Magistratura bo’limi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar o’qitish metodikasi” (tarix) mutaxassisligi magistranti Botirov Nodir Sadir o’g’lining “Shayboniylar davrida Karmanada ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayot“ mavzusidagi magistrlik


ASOSNOMASI
Ma’lumki, “Ta’lim to’g’risida”gi qonunda va Kadrlar tayyorlash milliy dasturida ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplarida ta’lim va tarbiyaning insonparvar demokratik xarakterda ekanligi muhim tamoyil sifatida ko’rsatib o’tilgan. Shuni nazarda tutgan holda bitiruv malakaviy ishimizning mavzusi ham o’ta dolzarb mavzulardan biri hisoblanadi. Birinchidan O’zbekiston tarixi darslarida shaxsni har tomonlama shakllantirish, uning qobiliyati va imkoniyatlarini to’liq namoyon etish va rivojlantirish uchun qulay shart–sharoit yaratish uchun ta’lim jarayonini to’g’ri tashkil etish, o’quvchilarning ongiga to’g’ri yo’l topa bilish muhim ahamiyatga ega. Vatan tarixining ilmiy tahlil va izchil yondashuvni talab qiladigan yo’nalishlaridan biri XVI–XVII asrlarda hukm surgan shayboniylar davlati tarixidir. Ikkinchidan XV–XVII asrning boshlarida Movarounnahrdagi iqtisodiy tushkunlik va siyosiy porokandalikni vujudga keltirgan sabablar, shu davr tarixiy jarayonlarining salbiy oqibatlari tegishli saboq bo’lib, mazkur voqealarni chuqur anglab, haqqoniy talqin qilish muhimdir. Mustaqillik yillarida O’zbekiston tarixini yangi konseptual – metodologik asoslarda tadqiq etish, turli ilmiy muammolarni asl manbalarga tayangan holda tahlil etish muhim masalaga aylandi. O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan tarixiy – madaniy merosni o’rganish va targ’ib etish, ta’lim tizimida yangi pedagogik texnologiyalarni joriy etish, o’quvchilarni komil inson darajasida tarbiyalashga katta e’tibor berilib, bu sohada ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Uchinchidan O’zbekiston tarixining muhim burilish nuqtasi hosoblanmish shayboniylar davrini ilmiy manbalar asosida tahlil etish oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biridir. O’quvchilarga O’zbekiston tarixi fanini o’qitishda shayboniylar davri tarixining pedagogik asoslarini aniqlash hozirga qadar yaxlit ilmiy tadqiqot sifatida o’rganilgan emas. Bu esa mavzuning dolzarbligini yanada oshiradi. Tariximizda Somoniylar, G’aznaviylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar va Mang’itlar kabi sulolalar hukmronlik qilganini bilamiz. Shu nuqtai nazardan olganda Shayboniylar davri Karmana tarixini o’rganishning dolzarbligi shundan iboratki, biz bu davrni yanada muhimroq o’rganmog’imiz, o’sha davrda hukmronlik qilgan hukmdorlar qilgan ishlarini chuqurroq tahlil qilmog’imiz, ochilmagan, siru-sinoatlarni ochib bermog’imiz darkor. Bu davrda Karmanada faoliyat olib borgan Shayboniy hukmdorlari haqida to’xtalsak, quyidagi ma’lumotni keltirib o’tish joiz: Iskandar Sulton-Jonibek bin Xojag’um bin Abulxayrning o’g’li (Jonibek Sulton Shayboniyxonning amakivachchasi bo’lib, Movarounnahr fath etilganda, dastlab, u (1503-1509-yilda) Farg’ona (Axsi)da, so’ng (1510-yilda) Karmanada o’g’illari bilan hukmronlik qilgan va 1529-yilning 20-martida Karmanaga qarashli Miyonqol nohiyasining Kufin qishlog’ida vafot etgan. Uning 12 nafar o’g’li bo’lib, shulardan Iskandar sulton (1561) Isfandiyor sulton, Kepak sulton, Rustam sulton (vafoti 1554) lar asosan Karmana atrofidagi nohiyalarda, Kistan Qaro sulton esa 1526-yildan 1544-yilgacha va Pirmuhammadxon 1546-yildan 1567-yilgacha Balx viloyatlarini boshqarganlar.
Iskandar sulton Jonibek sultonning Toshkent hokimi Mahmudxon (Boburning tog’asi) qizi bo’lmish xotinidan dunyoga kelgan farzandidir va u
15 yoshida Samarqand So’g’di (Miyonqol) ga qarashli Ofarinkent nohiyasida hokimlik qilgan, otasi vafot etgach, Karmanaga uning o’rniga keladi va siyosiy jarayonlarda ishtirok etadi. Karmana tarixini o’rganishda o’sha davrdagi tarixiy shaxslarning asarlari, faoliyatlarini o’rganish zarur bo’lib, ular qimmatli manba hisoblanadi.
Bizga ma’lumki, bir qator tarixchilarimiz shayboniylar davriga oid bir qancha asarlar yozishgan. Jumladan, B. Axmedovning “Tarixdan saboqlar”, “To’rt ulus tarixi”, Z.M. Boburning “Boburnoma”, Abdulg’ozixonning “Shajarai turk”, M. Solihning “Shayboniynoma”, H.T. Buxoriyning “Abdullanoma” asarlari mavzuning yoritilishida muhim asarlar hisoblanadi. Shayboniy hukmdorlar Karmananing siyosiy va madaniy hayotida alohida iz qoldirdi. Mamalakat obodonchiligida ishlar olib borildi, yurt ahlini ilmu- ma’rifatga da’vat qildi, ilm-fan rivojiga hissa qo’shdi, homiylik qildi. Mamlakat ahlini yagona sulola ostida birlashtirdi. Shayboniylar sulolasi davrida mamlakat ijtimoiy-siyosiy va madaniy jihatdan hukmdorlarning oqilona olib borilgan siyosati natijasida rivojlanishda davom etdi. Muhammad Shayboniyxon katta jismoniy kuch va harbiy tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo’lib, u haqda o’z davrida yaratilgan tarixiy asarlarda ko’plab muhim ma’lumotlar keltiriladi. Ushbu ma’lumotlarda Muhammad Shayboniyxon iste’dodli shoir va zamonasining o’qimishli, bilimdon kishilaridan biri sifatida tasvirlangan. U hokimiyatni qo’lga olgunga qadar, Buxoro madrasalarida ta’lim olib, diniy hamda dunyoviy ilmlarni puxta o’rgangan. Tarixiy asarlarda keltirilishicha, Muhammad Shayboniyxonga mashhur diniy ulamolardan Muhammad Xitoyi ustozlik qilganligi aytib o’tiladi. Shayboniyxonning yetuk shaxs sifatida shakllanishida, albatta, temuriylar tomonidan Movarounnahrda yaratilgan o’ziga xos ilm-fan va madaniyatning ham o’rni katta bo’ldi. Muhammad Shayboniyxon, Abdulazizxon, Ubaydullaxon, Abdullaxonlar kutubxonalar tashkil qilishib, o’z atrofida ilm ahllarini yig’gan va rag’batlantirganlar. Buxoroda qurilgan Mir Arab madrasasi ham aynan shayboniy hukmdorlardan bo’lmish Ubaydullaxon homiyligi ostida bunyod etilgan bo’lib, ilm-madaniyat maskani bo’lib xizmat qilgan, bugungi kunda ham shunga xizmat qilmoqda. Karmanada shakllangan shayboniylar davri ilmiy, adabiy, diniy va madaniyatning tamal asosi bo’lgan tasavvuf ilmi ya’ni islom tasavvufi o’z tarixi shakllanishi va takomillashish jarayoniga ega bo’lgan. O’sha davr mashoyixlari va ilmli qatlamni haqiqat manziliga yetaklagan islomiy tasavvuf-e’tiqod, axloq, adabiyot, falsafa va hayotning turli-tuman jabhalaridan chuqur joy olgan yangi bir muhit ilmlilar muhiti jadal shakllandi. Shu davrda Buxorodan va Samarqanddan Karmanaga taklif qilingan mudarrislar, ilm ahli, sufiylar ibodatda, axloqda, muomalada, himmatda, sahovatda, barcha insoniy fazilatlarda ko’pchilikka o’rnak bo’lishgan. Shayboniylar davri Karmananing ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotini o’rganishda hali ancha manbalar bor bo’lib, ularni topib o’rganish, arab va fors tilidan o’zbek tiliga tarjima qilib, xalqimizga yetkazish, olimlarimiz, siz-u bizning oldimizda turgan muhim vazifalardandir.

Download 69.24 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling