1 – amaliy mashg'ulot mavzusi: Tazkira, badia va xotira janri Topshiriq
Download 47.77 Kb.
|
Adabiy tanqid 1-topshiriq
- Bu sahifa navigatsiya:
- 2. Olimlar ijodi bo’yicha “Bibliografik jadval”ni to`ldiring
- 1. Munaqqidning fidoyiligi.
- 3. U.Normatov qodiriyshunos
- 4. B.Qosimovning ilmiy faoliyati
- 2. Olimlar ijodi bo’yicha “Bibliografik jadval”
Toshkent viloyati Chirchiq Davlat Pedagogika Instituti Sirtqi bo`lim Tarix va tillar fakulteti
2. Badiiy matnni o‘zlashtirish nafosati 3. U.Normatov qodiriyshunos 4. B.Qosimovning ilmiy faoliyati 5. Tanqidchi uslubi va mahorat muammosi 2. Olimlar ijodi bo’yicha “Bibliografik jadval”ni to`ldiring
1. Munaqqidning fidoyiligi. Abdug'afur Rasulov 1937-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan olim SAGU (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetida o‘qidi (1954~1959), o‘zi tahsil olgan fakultet aspiranturasida tahsil oldi (1961-1964). “Hozirgi o'zbek qissalarida yoshlar xarakteri” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi (1966). Olim yuzlab maqola, taqriz va o‘nlab kitoblari bilan tanqidchilar orasida o‘ziga xos o‘rin egallaydi. «Yangi zamon – yangi qahramon», «O‘zbek prozasi kamoli», «Olim va taijimon» (O. Sharafiddinov bilan hammualliflikda), «Ilmi g'aribani qo'msab», «Iste’dod va e ’tiqod», «Ardoqli adib», «Sharafli Sharafiddinovlar», «Betakror o‘zlik» va boshqa kitoblari ana shunday izlanishlar mahsulidir. «Hozirgi o‘zbek tanqidchiligida talqin va tahlil muammosi» (2002) mavzuida filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilgan olim «O'zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» (2003), «O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi» (2007) unvonlariga sazovor bo'ldi. 2004- yildan O‘zMU o'zbck filologiyasi fakulteti «Jahon adabiyoti va nazariya» kafedrasining professori sifatida talabalarga saboq berib kelmoqda. A.Rasulov sinchkov tanqidchidir. Sinchkovlik, har bir narsaga e’tibor bilan qarash uning tabiiy, tug'ma xususiyatlaridan hisoblanadi. Sinchkovlik, adabiy hodisalarga teran e’tibor bilan qarash, tushunish, tahlil qilish, doim ijodiy jarayonlar ichida bo`lish – adabiy tanqidchining yetakchi xususiyatlaridan. Munaqqid qalamini taqrizda sinab ko'rishi, qayrashi ma'lum. A.Rasulov ham taqriz janrida faol ijod qilib, iste’dodlarning birinchi kitoblariga taqrizlar yozib, ularni katta ijodga yo'lladi. Olim dastlabki taqrizlardan tortib, 70 yosh bo‘sag‘asida yozganlarigacha, tanqidchilikning mana shu ixcham janrida katta mehnat qildi, yuzlab go'zal taqrizlar yaratdi. Taqriz qay yo‘sinda yozilmasin, qanday maqsadni ilgari surmasin, undan murod asarni tushunish, baholash, tushunganlarini kitobxonlar ommasiga yetkazish ekanini munaqqid yaxshi anglaydi va har bir taqrizni yozayotganda badiiy matnga ana shu azaliy va porloq talab bilan yondashadi. U asarni dastlab o'qish, uqish, tushunish, o`zlashtirish, badiiy idrok etish lozimligiri ilmiy ijodiy jarayon sifatida qabul qiladi va bu jarayonda o‘zini ham kitobxon, ham mutaxassis deb biladi. Asarning yozilishidan to uning kitobxonlar tomonidan qabul qilinishigacha bo‘lgan bosqich – tanqidchining bu jarayondagi dolzarb faoliyati qanday natijalaiga olib kelishi mumkinligini u olimona anglaydi. Ko‘rinadiki, taqriznavislik munaqqiddan hissiy tayyorgarlik, adabiy fahmlilik va ifoda salohiyati talab qiladigan ilmiy ijodiy jarayondir. «Abdug'afur Rasulovning ixcham taqrizlari asarni ommaga tanitibgina qo`ymay, uning qatida yotgan pinhoniy ma'nolarni imkoni qadar ochishga yo‘naltirilgan bo`ladi». Haqiqatan, taqriz yozish uchun iste’dod, sinchkovlik va bilim zarur. Olimning taqrizlari shuning uchun ham o'qishli, u tavsiya etayotgan asarni kitobxon darhol topish, o‘qishga kirishadi. Asarni chuqurroq tushunishida tanqidchi taqrizlari yo‘lboshchilik qiladi, desak adashmaymiz. Shu bilan birga, taqriz qilinayotgan asarni yozgan adibning yoki shoirning avvalgi asarlarini yaxshi biladigan munaqqidgina uning yangi asari shu adib ijodida qanday o‘rin tutishini belgilay oladi. Uni adabiy jarayondagi shu xildagi boshqa asarlar bilan qiyoslagandagina asarning milliy adabiyotimizdagi o‘rnini ko‘rsatib berish imkoni tug’iladi. A.Rasulov ana shu imkoniyatlaming mohir ustasi ekani uning devarli har bir taqrizidan yaqqol sezilib turadi. Tanqid nazariyasi sohasidagi tadqiqotlar. Olimning «Tanqidchilik ufqlari» (1985) nomli adabiy-tanqidiy maqolalar to ‘plamida XX asrning 70 – yillarida faoliyat yuritgan munaqqidlar hamda tanqidchilik nazariyasi haqidagi atroflicha qarashlar e’tiborni tortadi. U adabiy tanqid muammolarini adabiyotshunoslik, badiiy ijod, falsafa, estetika bilan mustahkam aloqadorlikda tekshiradi va tafakkur yo`siniga ko’ra uning o`ziga xos mustaqil xislatlarini ochib beradi. A.Rasulovning «llmi g‘aribani qo'msab...» nomli mo`jazgina risolasi o'zbek adabiyotshunosligida hali o'rganilmagan muammolarni, ayniqsa, mumtoz adabiyotshunoslikdagi tanqidiy tafakkurning xosliklarini, talqin masalasidagi mumtoz nazokatlarni o‘rganishga qaratilgan. Ilmi g‘ariba kitobxonni hayratga solish darajasida tasvirlash, san’atini tushunish, his qilish ilmidir. Sharq mutafakkirlari so‘z san’atida ifodalangan ichki ma’nolar tizimiga alohida e’tibor berganlar. Bir bayt qatlariga bir qancha ma’no va lafziy san’atlarni singdirib yuborganlar. Bunday go‘zal ifodalarni tushunish uchun o‘zbek mumtoz adabiyotshunosligidagi ilmi qofiya, ilmi bade’, ilmi sharh kabi ilmi g‘ariba madrasalarda maxsus ilm sifatida o‘rgatilgan. Afsuski, sho‘rolar davrida «san’at san’at uchun» g‘oyasiga qarshi kurash, xalqchilik niqobi ostida bunday go‘zal san’atlar unutilayozdi, noyob badiiy so‘z jo`nlashtirildi, siyqalashtirildi. A.Rasulov hozirgi tanqidchilikni mumtoz adabiyotda katta e’tiborda bo`lgan «ilmi g‘ariba», «ilmi dark» bilan bog`laydi. G ‘arbdagi germenevlika, aksiologiya tahlili mumtoz sharq adabiyotshunosligidagi tafsir, sharh ilmi bilan yaqin jihatlarini asosli tadqiq etadi. Bu kitobga atoqli o‘zbek adibi P.Qodirovning yuqori baho bergani bejiz emas. Asarning ahamiyati shundaki, muallif mumtoz tanqidchiligimiz qa’riga chuqur kira olgan, o'tmishning Rabg'uziy, Sayfi Saroyi, Alisher Navoiy, Voiz Koshifiy, Atoulloh Husayniy kabi ulug‘ ijodkorlari tanqidiy qarashlarini o‘ziga xos tadqiq etgan va hozirgi zamon adabiy tanqidchiligi bilan bog`lagan. Olim «Tanqid, tahlil, baholash» deb nomlangan monografiyasida o‘zbek tanqidi bosib o‘tgan yo`lni teran tahlil qildi. Tanqidning talqin va tushunish bilan bog‘liq keng sohalarini jahon tanqidshunosligining bugungi darajasidan kelib chiqib yoritdi. Aksiologiya, semiotika, interpretatsiya, strukturalizm, baholash, modern adabiyoti to‘g‘risida kuzatishlarni o`zbek tanqidchiligiga olib kirdi. Tanqid ham endi o‘z e’tiqodlari, tushunchalari, qarashlarini o'zgartirishi, yangilashi, dunyoda kezayotgan g`oyalar bilan hamohang bo`lishi zarur, degan fikrni ilgari suradi munaqqid. A.Rasulov adabiy – badiiy tanqiddagi baholash tabiati va fazilatini uning bosh vazifasi deb tushunadi, lekin baholash madhiyabozlikka aylanmasligi lozimligini to‘g‘ri ta’kidlaydi. Uning baholash faqat matn yuzasidan emas, badiiy asarning butun borlig`idan kelib chiqishi, ya'ni baholashda asardan tashqari, yozuvchi shaxsiyati, butun ijod yo‘li va adabiy jarayon yaxlitligi ham hisobga olinishi lozimligi haqidagi fikrlari, ayniqsa, e’tiborlidir. Olimning ushbu tadqiqoti so‘nggi davr o'zbek adabiyotshunosligining jiddiy yutuqlaridan biri sifatida baholanishga loyiqdir. Unda ilgari surilgan ilmiy-nazariy xulosalar, dolzarb muammolar o‘zbek adabiyot nazariyasi va adabiy tanqidining metodologik asoslarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. 2. Badiiy matnni o‘zlashtirish nafosati Adabiyot oddiy so‘zga hayotbaxsh qudrat ato etib, insoniyatning eng nozik tuyg‘ularini harakatlantiradi, ko‘ngil atalmish sirli va mo‘jizakor dunyosini taftish qiladi; olam va odamning mohiyati, ular o‘zaro munosabatlarining sabab va oqibatlari, yashash mezonlari bilan tanishtiradi. Badiiy adabiyot insoniyat hayotini charog‘on etishi, inson umriga nurafshonlik baxsh etib, ma’naviy olamini shakllantirishi va yuksaltirishi, porloq kelajak uchun munosib to‘g‘ri yo‘lni tanlashga yordam berishi, kitobning insoniyat tomonidan yaratilgan eng buyuk kashfiyot ekanligi bois har qanday davr va zamonda kitob o‘qish, kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Ayniqsa, bugungi kunda davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev tashabbuslari bilan mazkur masalalarga davlat siyosati darajasida qaralib, yanada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yurtimiz rahbarining quyidagi fikrlarida ham yaqqol aks etgan: “Ayni paytda, axborot-kommunikatsiya sohasidagi oxirgi yutuqlarni o‘zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do‘st bo‘lishga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Buning uchun, avvalo, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor berishimiz muhim ahamiyat kasb etadi”. San’at inson evristik faoliyatining oliy ko‘rinishidir. Badiiy adabiyot san’atning boshqa turlari orasida alohida mavqega ega ekanligi tan olingan haqiqatdir. G‘oyat ko‘p o‘lchovli murakkab butunlik bo‘lmish badiiy adabiyot namunasi o‘quvchi tomonidan to‘liq his etilib, anglanib, nafis adabiyotning sehru jozibasidan atroflicha xabardor bo‘lingandagina ta’sirchan estetik-ma’naviy energiyaga aylanadi. His etilmagan, anglanmagan go‘zallik ma’naviyat shakllanishiga xizmat qila olmaydi. Shuning uchun ham adabiyot o‘qitishda badiiy asar tahlili alohida mavqega egadir,- deya ta’kidlaydi adabiyotshunos Q.Yo‘ldoshev. Ta’lim bosqichlarida adabiy asarni o‘rganish – uni badiiy-estetik tahlilga tortish, o‘ziga xos talqinini yaratishdir. Chunki tahlil va talqinsiz hech qanday asarni o‘qib-o‘zlashtirib, o‘rganib bo‘lmaydi. Badiiy tahlil vositasida o‘quvchi asarga chuqurroq sho‘ng‘ib, uning mohiyatini tayin etgan poetik unsurlarni, badiiy-estetik tafakkurni, so‘z sehri va jozibasini teran ilg‘aydi va haqiqiy kitobxon darajasiga erishadi. Zero, asarni uqish – uni o‘qishdan ko‘ra muhimroq. Buni professor A.Rasulov quyidagicha izohlaydi: “O‘qish, uqish jarayonidagi ijodda aql-hush yetakchilik qiladi. Aniqrog‘i, kitobxon bus-butun holda qabul qiluvchi, o‘zlashtiruvchiga aylanadi. Asarni o‘qish, aslida, o‘zi uchun ijro etishdir. Kitobxon voqealarga aralashadi, qahramonlarni jonlantiradi, ularning gap so‘zlarini eshitadi, ruhiy holatlarini yurakdan his etadi”. Ayni shu holatda badiiy matn estetik zavq manbaiga aylanadi. Zotan, o‘quvchida badiiy tahlil malakasi, asar mohiyatini anglash idroki shakllanmasa, u asarni shunchaki ko‘rib chiqadi, uquvsiz o‘quvda esa syujet voqealari bilan tanishadi, qahramonlar taqdiri haqidagi axborotga ega bo‘ladi, nari borsa asar janrini, nima haqda ekanligini anglaydi, xolos. Bunday o‘qish o‘quvchi tuyg‘ulariga, sezgilariga yetarli ta’sir qila olmaydi, ma’naviyatida yangi sarhadlar kashf eta olmaydi, yanayam achinarlisi, bu darajadagi kitobxon badiiy-estetik jihatdan puxta va pishiq asarlarni shunchaki voqealar bayoni, hodisalar tafsilotidan iborat bo‘lgan, badiiyat qonunlariga bo‘ysunmagan sayoz asarlardan farqlash imkoniyatidan mahrum bo‘ladi, tor va biqiq dunyoqarash bilan cheklanib qoladi. Bu holatda adabiy matnni o‘rganishdan ko‘zlangan asosiy muddao – badiiy asardan estetik zavq olib, ruh va e’tiqodni poklash, ma’naviy yuksaklikka erishish tamoyili o‘z ta’sir kuchini yo‘qotadi. Shu bois adabiy ta’lim jarayonida asosiy e’tiborni, pedagogik maqsadni – o‘quvchilarda badiiy tahlil malakasini takomillashtirish orqali ularda yuksak badiiy didni tarkib toptirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va shu asosda ma’naviy-estetik tafakkurini boyitishga, insoniy e’tiqodini mustahkamlashga, shaxs sifatida o‘z-o‘zini kamol toptirib borishga yo‘naltirish lozim. Badiiy matn bilan tanishganda undagi estetik jozibani his qila oladigan, ko‘ngil qatlamlarida turli hayajonlar, insoniy kechinmalar harakatga keladigan, ruhiy kayfiyati o‘zgaradigan, hayolot dunyosi tebranadigan kitobxongina o‘z shaxsiyatidagi kemtikliklarni anglab yetadi, o‘zligini taftish qilish orqali tafakkurini tarbiyalay oladi, ma’naviy olamini yuksaltiradi, komillik bosqichlarini egallashga intiladi. Zotan, badiiy adabiyotning har bir ta’lim bosqichida uzviylik va izchillik asosida o‘qitib borilishi, adabiy ta’limning muayyan sinf, guruh yoki yo‘nalish, oliy ta’limda esa muayyan soha tanlamasligi ham ayni shu xususiyatlar bilan belgilanadi. Muhimi, adabiy ta’lim jarayonida badiiy tahlil malakasini puxta egallagan o‘quvchi-talaba har qanday badiiy asardan estetik zavq tuyadi, uning mohiyatini teran ilg‘aydi va o‘z vaqtini qanday asarlarni o‘qib-o‘zlashtirishga sarflashni juda yaxshi bilib oladi. Badiiy asarni o‘qiganda uning zamirida yotgan botiniy tushunchalarni, falsafiy mushohadalarni anglab yetmaslik, asardan hissiy ta’sirlanmaslik, badiiyatni shakllantirgan vositalar jozibasidan hayratlanmaslik, bir so‘z bilan aytganda “estetik zavq” tuya olmaslik uni tashkil etgan “harflar, gaplar, bo‘lim va boblarni, sahifalarni shunchaki ko‘rib chiqish”, kimningdir, yoki nimaningdir taqdiri to‘g‘risida axborot qabul qilishdan iborat, xolos. Bunday besamar faoliyat uchun vaqt sarflash ham o‘rinsiz. Ammo badiiy tahlil malakasini o‘zlashtirgan kitobxon badiiyatning asl mohiyatini anglab yetadi, undan estetik zavq oladi, ma’naviy barkamollik sari yuzlanadi. Shu bois adabiy ta’lim jarayonida asosiy etirborni o‘quvchilarning kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga, badiiy tahlil malakasini takomillashtirishga qaratish joiz. Adabiyot darslarida asarni o‘rganish bilan bog‘liq jihatlarni, asosan, badiiy tahlil shaklida tashkillashtirish lozim, natijada o‘quvchining badiiy adabiyotga qiziqishi va muhabbati kundalik ma’naviy ehtiyojga aylanadi, chunki, nafosatga intilgan qalbda hamisha ezgu niyatlar yashaydi, yovuzliklar ortga chekinadi. Ana shunda bugungi adabiy ta’limdan ko‘zlanayotgan yuksak ma’naviyatli barkamol shaxslar safi ham kengayib boradi. Ko‘ramizki, bu boradagi asosiy vazifa adabiyot o‘qituvchilari zimmasida. Shu bois, avvalo, har bir adabiyot o‘qituvchisining o‘zida kitobxonlik madaniyati shakllangan bo‘lishi, badiiy adabiyot mohiyatini teran ilg‘ashi, badiiy tahlilning nazariy va metodik asoslarini puxta o‘zlashtirgan bo‘lishi shart. “Adabiyot o‘qituvchisi badiiy asarlarni tahlil etish yo‘l-yo‘rig‘ini fanniy asoslarda o‘rganmas ekan va har qanday janrdagi asarni tahlil qila olish malakasiga ega bo‘lgan holda o‘quvchilar bilan yuzma-yuz bo‘lmas ekan, adabiy ta’limdan kuzatilgan maqsad amalga oshmaydi”- deya uqtiradi Q.Yo‘ldoshev. Zero, adabiyotning butun borlig‘i, badiiy asarning ma’naviy-estetik mohiyati tahlil va talqin jarayonidagina to‘la namoyon bo‘ladi. Adabiyotni, adabiy asarni o‘rganishdan ko‘zda tutilgan maqsad mukammal tahlil vositasidagina o‘zining oliy yechimini topa oladi. Badiiy tahlil tamoyillariga tayanib ish ko‘rgan pedagog dars jarayonida badiiy matn mavzusi va mazmunini so‘zlab berish, undan “ijtimoiy nasihat” ufurib turgan xulosa chiqarish bilangina cheklanib qolmasdan, o‘z o‘quvchilari bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘ladi, ularni adabiy-estetik tahlilga to‘g‘ri yo‘naltira oladi. O‘quvchilar badiiy tahlilsiz adabiyotning noyob durdonalarini, sara asarlarni shunchaki bilishlari, sanab o‘tishlari mumkin. Ammo bu o‘lmas asarlarning barhayotligini tayin etuvchi badiiy qimmatni, asl mohiyatni tajribali o‘qituvchi amalga oshirgan tahlil va talqin vositasidagina teran idrok qilish imkoniyatiga erishadilar. Ana shundagina ular Navoiy dahosining buyukligi, Bobur shaxsining dilbarligi, Mashrab ruhiyatining sarkashligi,Cho‘lpon shaxsiyati to‘kisligi, Qodiriy tafakkurining qudrati va jozibasini ruhan va qalban his qiladilar, bu buyuk so‘z san’atkorlarini abadiyatga daxldor etgan badiiy-estetik latofatni chuqur ilg‘aydilar, umuman olganda, adabiyot va badiiy asar mohiyatini anglab yetadilar. O‘z navbatida esa yuksak badiiy didga, barkamol ma’naviyatga ega bo‘ladilar. Demak, adabiy ta’lim jarayonida, badiiy asarni o‘qib-o‘zlashtirishda, badiiyatga daxldor nazariy ma’lumot va tushunchalarni shakllantirishda, shu asnoda ma’naviy barkamol shaxslarni tarbiyalashda, o‘quvchilar qalbida badiiyatga, nafosatga, ezgulikka muhabbat uyg‘otishda, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va rivojlantirishda ham badiiy tahlil birlamchi vazifa bajaradi. 3. U.Normatov qodiriyshunos Umarali Normatov (1931). O`zbek adabiyotshunoslari va tanqidchilari orasida filologiya fanlari doktori, professor O‘zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi, Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti sovindori Umarali Normatov o‘z o‘rni va uslubiga ega hozirjavob ijodkor, iste’dodli tanqidchi sifatida mashhur. U yarim asrdan buyon adabiy jarayonga faol qatnashib, kitobxon didini shakllantirishga, o`zbek adabiy tanqidiy tafakkuri taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. U.Normatovning Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor ijodlari haqidagi tadqiqotlari, maqolalari adabiy jarayonda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Chunonchi, A.Qodiriyning «Obid ketmon» asari haqidagi «Orttirmay va kamitmay» degan maqolasi 90-yillar o'zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligida ham, qodiriyshunoslikda ham badiiy asarga yangicha yondashuv namunasi bo`ldi. «O‘tkan kunlar» hayrati» deb nomlangan qo`llanma umumta'lim maktablari adabiyot o‘qituvchilari va yuqori sinf o'quvchilariga mo`ljallangan bo`lib, unda o‘zbek adabiyoti dasturi va darsligidagi Abdulla Qodiriyga oid, ayniqsa, adibning shoh asari «O‘tkan kunlar» romani, uning ijodiy tarixi, yangi o‘zbek adabiyoti rivojidagi o‘rni haqidagi ma’lumotlar ancha yangilandi. Bu risolaning ahamiyati shundaki, unda A.Qodiriy ijodiga mustaqillik mafkurasi nuqtayi nazaridan baho beriladi. Asar va uning qahramonlari haqidagi yangicha talqinlar o‘quvchilarni Qodiriy romanlarini qaytadan o‘qishga chorladi. Olim «O‘tkan kunlar» romani bilan o‘zbek adabiyotining obrazlar, xarakterlar silsilasida yangi davr boshlanganligini hazrat Navoiyning ijodiy jasorati bilan qiyoslaydi. Kitobning «Qismat va jasorat», «Otaga ta ’zim » bo`limlaridagi izlanishlar qahramonlar talqinining yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan darak beradi. Olimning A.Qodiriy haqidagi izlanishlarini umumlashtirgan «Qodiriy mo‘jizasi» kitobi istiqlol davri o ‘zbek adabiyotshunosligi va qodiriyshunosligini boyitishda muhim rol o'ynadi. U.Normatov mustaqillik davri adabiy jarayonini muttasil va sinchkovlik bilan kuzatib, salmoqli tadqiqotlarini e’lon qildi. «Umidbaxsh tamoyillar» deb nomlangan risolasida, «Ijod sehri» kitobida buni yaqqol ko‘rish mumkin. «Universitet saboqlari va ilhomlari» deb nomlangan maqola (2007) A.Qahhor tavalludining 100 yilligi munosabati bilan yozilgan. Unda adibning shaxs va ijodkor sifatida shakllanishida hayotiy ma’naviy omillar qatorida u ta’lim olgan muhit, ustozlar ta’sirining o‘rniga e ’tibor qaratiladi. «Ustoz ibrati» risolasi, «Qahhorni anglash mashaqqati» kitobi yozuvchi ijodi, shaxsi, shijoati, asarlarining ijodiy tarixi, bahslarga sababchi bo`lgan asarlari haqidagi yangicha qarashlar, mushohadalarga undovchi xulosalarga boyligi bilan e’tiborni tortadi. Ayni paytda, bu kitob shogirdning ustozga chinakam ehtiromi hamdir. Istiqlol mutaxassislar oldiga barcha fanlar, xususan, ijtimoiy gumanitar yo‘nalishlar bo‘yicha yangi tuzum talablariga javob bera oladigan darslik, qo`llanmalar yaratishdek muhim sohada ham U. Normatov faolligini namoyish etdi. U N.Karimov va B.Nazarovlar bilan hammualliflikda 11-sinf uchun «XX asr o‘zbek adabiyoti» darsligini yaratdi. Unda milliy uyg'onish davrining buyuk namoyandalari ijodi mustaqillik g‘oyalari ruhida talqin etildi. 9-sinf uchun yaratilgan adabiyot darsligining mualliflaridan biri ham U.Normatovdir. Universitetlar va pedagogika institutlari talabalari uchun yozilgan «XX asr o‘zbck adabiyoti tarixi» darsligi ham O.Sharafiddinov, N .Karimov, S.M am ajonov, B.Nazarov va U.Normatov hamkorligida yaratildi. 4. B.Qosimovning ilmiy faoliyati Begali Qosimov (1942–2004) – adabiyotshunos. Begali Qosimov 1942-yil 19-dekabrda Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani Devov qishlogʻida tugʻilgan. Ilmiy-pedagogik faoliyati Oʻzbekiston Milliy umiversiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti bilan bogʻliq: 1958–1963-yillarda talaba, 1963–1968-yillarda aspirant, 1966-yildan oʻqituvchi, dotsent, professor, kafedra mudiri lavozimlarida ishlab kelmoqda. Doktorlik dissertatsiyalari. 1968-yili „Mirmuhsin Shermuhamedov (Fikriy) va uning adabiy muhiti“ mavzuidagi nomzodlik, 1984-yili „XX asr boshi oʻzbek poeziyasi (inqilobiy she'riyatning shakllanishi va taraqqiyoti) masalalari. 1905–1917“ mavzuidagi doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Begali Qosimov oʻzbek mumtoz va yangi adabiyoti muammolari boʻyicha tadqiqotlar yaratgan. Lekin ijodining mohiyatini milliy uygʻonish, maʼrifatchilik adabiyoti muammolari, siymolari ijodi, taqdiri masalalari qiziqtiradi. Bu hol uning ilmiy asarlarida yaqqol koʻrinadi. Faoliyati. U turkiy olamdagi uygʻonish, adabiy aloqalararo bogʻliqlik masalalarini mufassal oʻrgandi va oʻrganmoqda. Turkiya Otaturk kultur markazi faxriy aʼzosi, Turkiya Otaturk Arashtirma markazi muxbir aʼzosi (1998). Anqarada nashr etilayotgan 33 jildlik „Turk dunyosi adabiyoti“ nashrining oʻzbek adabiyoti boʻyicha mutasaddisi. Ilmiy ishlari. Begali Qosimov Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi (1999), oʻndan ortiq darslik va qoʻllanmalar, 10 nomda alohida asarlar, 200 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi. Oʻzbekiston Milliy universiteti Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti kafedrasi asoschisi (1993), mudiri. Kafedraning keng xalqaro ilmiy-pedagogik aloqalari mavjud. Olimning asarlari rus, turk, fransuz va tatar tillariga tarjima qilingan. Asarlari Mirmuhsin Shermuhamedov. T.: „Bilim“ jamiyati, 1967. Abdulla Avloniy. T.: Oʻqituvchi, 1979. Izlay-izlay topganim. T.: Adabiyot va sanʼat, 1983. Salom, kelajak. T.: Adabiyot va sanʼat, 1986. Maʼrifat dargʻalari. T.: Oʻqituvchi, 1990. Revolyusiya i literature. T.: Fan, 1991. Ismoilbek Gaspirali. T.: Adabiyot va sanʼat, 1992. Maslakdoshlar (Behbudiy, Ajziy, Fitrat). T.: Sharq, 1994. Milliy uygʻonish: jasorat, maʼrifat, fidoyilik. T.: Maʼnaviyat, 2002. Matnshunoslik ishlari[tahrir] Navoiyning nigohi tushgan… (Navoiy antologiyasi). T.: Adabiyot va sanʼat, 1987. Tavallo. Ravnaqul islom. T.: Fan, 1993. Behbudiy. Tanlangan asarlar. T.: Maʼnaviyat, 1997(1-nashr), 1999 (2-nashr). Abdulla Avloniy. Tanlangan asarlar. I–II jildlar. T.: Maʼnaviyat, 1998. Sidqiy-Xondayliqiy. Tanlangan asarlar. T.: Maʼnaviyat, 1998. Ibrat, Ajziy, Soʻfizoda. Tanlangan asarlar. T.: Maʼnaviyat, 1999. Yusuf Saryomiy. Tanlangan asarlar. T.: Maʼnaviyat, 2002. 5. Tanqidchi uslubi va mahorat muammosi Haqiqiy oʻtmishimizni chuqur bilish, milliy iftixor tuygʻularini oʻstirish asosida, oʻzligimizni yanada teran anglash uchun adabiy tanqidchilik haqida bahs yuritish muhim ahamiyatga ega. Zero, adabiy tanqid jamiyat va adabiyot hodisalarini haqqoniy baholash orqali xalqning maʼnaviy saviyasini yuksaltirish, estetik didini tarbiyalab, komil insonni shakllantirishdek ezgu ishga katta yordam beradi. Milliy istiqlol mafkurasi va hozirgi kunda kechayotgan shiddatli hayotiy oʻzgarishlar jarayoni ham oʻzbek adabiy tanqidchiligi bosib oʻtgan tarixiy yoʻlga ilmiy jihatdan haqqoniy baho berish va teran yoritishni taqozo etadi. Yangilanayotgan davr muammolari adabiy tanqid oldiga muhim vazifalar, qator maʼnaviy talablarni qoʻymokda. Shuning uchun ham milliy iftixor tuygʻularini oʻstirish, mustaqillik ruhini chuqur anglash uchun jamiyat taraqqiyoti va adabiy jarayon haqida ilmiy bahs yurituvchi adabiy tanqid xususida soʻzlash, uning bosib oʻtgan yoʻli, shoʻro davrida duch kelgan muammo, tazyiqlarni tahlil etish va ulardan zarur saboqlar chiqarish muhim ahamiyat kasb etadi. Maʼlumki, adabiy tanqidning paydo boʻlishi va rivojlanishida, avvalo, kitobxonning ijtimoiy estetik ehtiyojlari yetakchi ahamiyatga ega boʻlgan. Chunki biror-bir badiiy asarni oʻqib chiqqan savodxon oʻquvchida oʻz fikr-mulohazalarini bayon etish, qolaversa, muallif bilan fikrlashish istagi paydo boʻladi. Ana shu maʼnaviy ehtiyoj davrlar oʻtishi bilan adabiy tanqidchilikning yuzaga kelishiga, maxsus fan sifatida shakllanishiga sharoit tugʻdirgan. Adabiy-tanqidiy asarlarda badiiy asarning yutuq va kamchiliklari, ijodkorning badiiy mahorati haqida ilmiy mulohaza yuritilibgina qolmasdan, muayyan bir jamiyatning ijtimoiy manfaatlari ham aks etgan boʻladi va, umuman, bu soha qadimdan falsafa, estetika, etika fanlari bilan uzviy aloqadorlikda rivojlanib kelgan. Shuning uchun ham Epikur va Aristotel zamonidan boshlab, adabiy tanqidchiga faylasuf, tarixchi – siyosatshunos, huquqshunos, ruhshunos sifatida ham qarab kelingan. Xullas, tarixiy-adabiy manbalar “adabiyotshunoslik”, “adabiy tanqid”, “tanqidchi” atamalari, jahon adabiyoti va ilmiy tafakkuri taraqqiyotida koʻp yillik tarixga ega. Agar oʻzbek adabiyoti tarixiga nazar tashlasak, yigirmanchi asrgacha boʻlgan davrlarda adabiyotshunoslik va adabiy-tanqidiy qarashlar zamonaviy tanqidchilikdan farqli tarzda mavjud boʻlganini kuzatish mumkin. Oʻtmishda adabiyotshunoslik va adabiy tanqid fan sifatida mustaqil bir yoʻnalishda boʻlmagan. Shunday esa-da, bu soha qadim-qadimdan boshlab sheʼriy shaklda tazkiralardan, adabiyotshunoslikka oid baʼzi bir risolalardan, tarixiy-badiiy yodnomalardan oʻrin olib, rivojlanib kelgan. Ayniqsa, sheʼr va sheʼriyat ilmiga oid risolalar hamda tazkiralardagi adabiy-tanqidiy tafakkurga oid turli xil fikr va qarashlar mumtoz adabiyot taraqqiyotida muhim oʻrin tutgan. Taʼkidlash joizki, Sharqda Navoiygacha va undan keyin ham adabiyotshunoslik bobida koʻp xayrli ishlar qilinib, bir talay asarlar yozilgan. Sheʼriyat nazariyasi va tanqidchiligiga oid fikr-mulohazalar oʻtmishda nafaqat tazkiralarda, balki Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Bobur kabi maʼnaviyatimizning ulugʻ namoyandalari asarlarida ham keng ifoda etilganki, bu jihatdan ularning sheʼr va shoirlik masʼuliyati haqidagi qarashlari adabiyotshunoslik, adabiy tanqid ilmining rivojiga sezilarli taʼsir etgan. Masalan, Forobiy sheʼr sanʼati va uning vazifasini shunday belgilaydi: “Bu sanʼat – biror maqsadni amalga oshirayotgan paytda, yoʻldan chiqib ketmaslikka yordam beruvchi va inson xayolini qogʻozda namoyon etuvchi sanʼatdir. Sheʼrning olti xili bor. Shundan uchtasi yaxshi va uchtasi yomondir. Yaxshilardan biri shuki, uning yordamida inson aqliy quvvatini mukammallashtiradi, saodatga olib boruvchi fikri oydinlashadi, yaxshi ishlarga, fazilatli boʻlishga ilhomlanadi, xasislik, yomon va qabih ishlardan saqlanadi. Ikkinchi yaxshi xili kishining ruhiy sezgilarini yuksaltiradi, haddan tashqari ehtiyotkorlikdan xoli qiladi, izzat-nafsni saqlaydi, gʻazablanishdan, yomon ishlardan ehtiyot qilishga yordam beradi. Uchinchisi kishini zaiflikdan saqlaydi, uning nafsini, hirsini tiyadi, gʻamdan xalos qiladi, yomonlik oldida ana shu yuqorida qayd qilingan ijobiy xislatlarni namoyon etishga yordam beradi”. Oʻzbekistonda adabiy-tanqidiy qarashlar va adabiyotshunoslik ilmining rivoji XIX asrning ikkinchi yarmidan yangicha tamoyillar kasb eta boshladi. Taniqli adabiyotshunos olim Baxtiyor Nazarovning taʼkidlashicha, XIX asrning ikkinchi yarmidagi oʻzbek matbuotiga, xususan, “Turkiston viloyatining gazeti”ga nazar tashlansa, bugungi tushunchamizga oʻxshash xususiyatlarga ega boʻlgan adabiy-tanqidiy maqolalarga duch kelish mumkin va, aynan, oʻsha davrdan boshlab tom maʼnodagi malakali tanqidchilikka asos solindi. XX asr shoʻro tanqidchiligi esa adabiy jarayon va yozuvchi erkiga zoʻrakilik bilan taʼsir oʻtkazishga moslashgan edi. Bu hol xatolarni keltirib chiqardi. Lekin kommunistik mafkuraviylik va davr siyosatidan qatʼi nazar, adabiy tanqidning bosib oʻtgan ogʻir yoʻlida maʼlum ijodiy samaralar, jumladan, badiiy mahorat, ijodiy oʻziga xoslikning xususiyatlarini ochib bergan tadqiqotlar yuzaga keldiki, ularni bugungi kunda har tomonlama oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Masalan oltmishinchi yillardan boshlab, adabiy tanqidchilikda yozuvchining hayotiy voqealarning falsafiy mohiyatini chuqur tushunishiga va istiqbolni koʻrishiga yordam beradigan dolzarb maqolalar yuzaga keldi. Tanqidchilikdagi bir qolipli qarashlar va sunʼiylikdan bar qadar voz kechildi. Badiiy asarni sanʼat hodisasi tarzida tahlil qilishga, yaʼni, koʻproq badiiy-estetik masalalarga eʼtibor berildi. Izzat Sulton, Homil Yoqubov, Vohid Zohidov, Gʻulom Karimov, Matyoqub Qoʻshjonov, Aziz Qayumov, Ozod Sharafiddinov, Laziz Qayumov, Salohiddin Mamajonov, Umarali Normatov, Ibrohim Gʻafurov, Nuriddin Shukurov, Sobir Mirvaliyev, Baxtiyor Nazarov, Norboy Xudoyberganov singari tanqidchilar adabiy jarayonda yuz berayotgan hodisa va oʻzgarishlarni oʻzlarining maqolalari hamda ilmiy ishlarida umumlashtirdilar. Ularning adabiyotimizning tarixi, oʻsha davrdagi adabiy jarayon haqidagi mulohazalari natajasida oltmishinchi-yetmishinchi yillar oʻzbek adabiy tanqidchiligida uslubiy rang-baranglik, risolalar yaratish tanqidchining tarixiy-biografik yondashuvi borasida maʼlum muvaffaqiyatlarga erishildi. Maʼlumki, oʻzbek adabiy tanqidchiligining yaxlit tarixi XX asrning saksoninchi yillarigacha ham yaratilmagan edi. 1987 yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Til va adabiyot institutining adabiyot nazariyasi va adabiy tanqid boʻlimi ilmiy xodimlari oʻzbek adabiy tanqidi tarixini yozib, chop ettirdi. Oʻzbek adabiy tanqidining tugʻilishi va rivojlanish bosqichlari tahlil etilgan mazkur ikki tomlik milliy adabiy tanqidchilik haqida toʻliq tasavvur bera oladi. Lekin, unda adabiy tanqidning juda koʻp muhim masalalari xususida umumiy tarzda fikr yuritilgan. Masalan, oltmishinchi-yetmishinchi yillar adabiy tanqidchiligidagi mahorat va uslub rang-barangliklari hamda oʻzaro taʼsir masalalari, tarixiy-biografik yondashuv tarzidagi risolalar talqini, yozuvchi-tanqidchi faoliyatining oʻziga xos jihatlari haqida umumiy fikrlar bilan chegaralanib qolgan. Shuning uchun ham mazkur masalalar atroflicha tahlil etilib, ularga doir maxsus tadqiqotlar yaratish zarurligi oʻz-oʻzidan ravshandir. XX asr tanqidchiligida oʻzbek romani, qissachiligi, dramaturgiya, poema va hikoyachiligi kabi adabiy tur va janrlarning tarkib topishi hamda taraqqiyot bosqichlarini ham keng tahlil kiluvchi tanqidiy biografik tadqiqotlar amalga oshirilishi va ularning dunyoga kelishida jahon adabiy tanqidchiligining bu sohada qoʻlga kiritgan yutuqlarining taʼsiri sezilarli boʻldi. Adabiy tanqid rivojiga jurnallar va gazetalar sahifalarida badiiy adabiyot va adabiy tanqidchilikning muhim masalalariga bagʻishlangan yozuvchi va tanqidchi bahs-munozaralari ham salmoqli taʼsir oʻtkazdi. Bunday tadbirlar adabiy tanqidchilik yutuq va kamchiliklarini oʻz vaqtida aniqlashda muhim ahamiyat kasb eta bordi. Ayni paytda, tanqid nazariyasiga oid ilmiy-nazariy fikrlar ham rivojlandi. Oʻzbek mumtoz va XX asr boshidagi jadid adabiyotining atoqli namoyandalari ijodi yangicha talqinlarini yaratish borasida bir qator ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi, qolaversa, jadidlar hayoti va ijodini oʻrganish bobida dastlabki qadamlar tashlandi. Bugungi kunda XX asr adabiy tanqidchiligi qoʻlga kiritgan yutuq va kamchiliklar haqida bahs ochish, ularni ilmiy tadqiq etish hozirgi davr oʻzbek adabiyoti va tanqidchiligining tayanch nuqtalarini yanada kengroq idrok qilish, mustaqillik sharofati asosida oʻzligimizni anglashdagi vazifalarimizni yanada chuqurroq tushunishimizga yordam beradi. Ayni paytda, oʻzbek adabiy tanqidchiligida yutuqlar bilan birga, Gʻarb tanqidchiligidagi shablon va sxemalar toʻgʻridan-toʻgʻri olib kirilganligi, uning oʻziga xos milliylik qiyofasiga maʼlum darajada putur yetishiga sababchi boʻlgan. Bu holatlarning tub mohiyatini, endilikda, jiddiy oʻrganish zaruriyati va imkoniyati yetilganligi ham sezilmoqda. Qolaversa, adabiy tanqidchilik bosib oʻtgan yoʻlni bugungi istiqlol va mustaqillik tafakkuri va mafkurasi nuqtai nazaridan turib tadqiq qilish adabiy tanqid tarixi haqidagi yangicha tafakkur yoʻlini kengaytiradi. Adabiy tanqid birinchi navbatda, badiiy asarning yutuq va kamchiliklari, mahorat sirlari, hayot bilan adabiyotning chambarchas aloqasi haqida fikr yuritadi. Demak, u, ayni zamonda, maʼlum ijtimoiy tuzum, maʼlum muhitda faoliyat koʻrsatgan ilgʻor ziyolilarning falsafiy, huquqiy, axloqiy qarashlarini ham oʻzida mujassam etadi. Adabiy tanqidda sanʼat turlari va estetikaning uygʻunligini tabiiy hol deb qaramoq lozim. Bu uygʻunlik adabiyot va sanʼatning obrazlilik asosidagi fikrlash doirasini yanada kengaytirishga xizmat qiladi va adabiy tanqidning baʼzida sanʼat darajasiga koʻtarilishiga ham olib keladi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, tanqidchi faylasuf, huquqshunos, siyosatshunos sifatida faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, sanʼatkor, yozuvchi yoki huquqshunosdan koʻp hollarda adabiy tanqidchi erishgan fazilatlarga ega boʻlish ham talab etilgan. Fransuz maʼrifatparvarlarining faoliyatida bunday uygʻunlik, mushtaraklik, ayniqsa, yaqqol koʻrinadi. Shuningdek, adabiy tanqidchi yoki huquqshunosning yozuvchilik faoliyati bilan shugʻullanishi koʻp hollarda amaliy muvaffaqqiyatlarga sabab boʻlishi azaldan maʼlum. Shu bois, shaxsning oʻz haq-huquqlari uchun kurash, sinfiy, siyosiy, iqtisodiy tengsizliklarning barcha koʻrinishlariga barham berish gʻoyalari ifodalangan badiiy detektiv asarlar va filmlarning mualliflari koʻproq huquqshunos-yozuvchilar ekanligi ham tabiiy holdir. Shu narsani alohida qayd etish kerakki, Qodiriy, Oybek, Ayniy, Choʻlpon, Fitrat kabi mashhur yozuvchilarimiz ham badiiy asar yozishga kirishishdan oldin, eng avvalo, mavzu taqozosiga koʻra, qalamga olinayotgan maʼlum tarixiy davrni chuqur ilmiy va huquqiy asoslarida oʻrganib chiqqanlar. Masalan, Choʻlpon oʻzining “Kecha va kunduz” romanini yozishdan oldin chor Rossiyasi mustamlakasi boʻlgan tuzumdagi oddiy mehnatkashlarning ogʻir ahvoli va ularning huquqiy jihatdan nihoyatda himoyasiz ekanligini chuqur his etgan va tahlil qilgan. Yozuvchi asarida chor Rossiya idora usuli va davlat boshqaruvidagi maʼmuriy tartib-qoidalar faqat hukmron doira uchun xizmat qilib, mahalliy xalqni qullik kishanida ushlab turishga qaratilganligini sanʼatkorona aks ettirolgan. Romanda Akbarali mingboshining zaharlab oʻldirilishi bilan bogʻliq sahna vositasida uning kichik xotini Zebining mazkur jinoyatda ayblanishi va sud qilinishi jarayoni tasviri bu borada ahamiyatlidir. Sud hayʼati begunohligi shundoqqina koʻrinib turgan, aybsiz aybdor Zebi ustidan nohaq hukm chiqaradi. Hakamlar sud hukmi bilan begunoh bir ayolning hayotiga zomin boʻlayotganliklarini ich-ichidan tan oladilar hamda yerli xalqning qanchalar himoyasiz va huquqsiz ekanligidan rohatlanib, kinoyali kulib qoʻyadilar. Koʻramizki, Choʻlpon ijodkor sifatida mazkur parchaga chuqur hayotiy mazmun bagʻishlagan, uni oʻsha tuzumni fosh etuvchi qurolga aylantira olgan. Umuman, oʻzbek yozuvchilari ijtimoiy-huquqiy mavzularda muntazam qalam tebratib, jamiyatdagi adolatsizliklarni fosh etganligi haqida yana koʻplab misollar keltirish mumkin. Oybek, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Mirmuhsin, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev asarlarini tahlil qilar ekanmiz, ularni hayot muammolaridan, xususan, dolzarb ijtimoiy-huquqiy masalalardan xoli holda oʻrganib boʻlmaydi. Ularning ijodida zamondoshlarimiz hayotining turli qatlamlari jiddiy toʻqnashuvlar, keskin ziddiyatlar, qarama-qarshi kuchlar kurashi vositasida yorqin obrazlarda jonlantirildi. Adolat, haqiqat uchun faol kurashuvchi qahramonlar taqdiri koʻplab kishilarga maʼnaviy saboq berdi, dunyoqarash, huquqiy madaniyatni yuksaltirishda muhim omil boʻldi. Xullas, adabiy tanqid atrofidagi munozaralar, ilmiy bahslar, bir-birini tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi turli xil qarashlarning yuz berishi tabiiy hol boʻlib, ular sogʻlom adabiy muhit shakllanishida asosiy tamoyil sifatida xizmat qiladi. 2. Olimlar ijodi bo’yicha “Bibliografik jadval”
Download 47.77 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling