Mashinalar quyidagicha tasniflanadi: 1. Mehnat vositalarining rasmini, xossalarini, holatini va joylanishini o’zgartiruvchi ishchi mashinalar. 2. Har qanday turdagi quvvatni mexanik ishga aylantiruvchi harakatlantiruvchi mashinalar (ichki yonuv dvigatellari, gaz turbinalari, reaktiv va elektr dvigatellar, bug’ mashinalari). 3. Mexanik ishni boshqa turdaga quvvatga aylantiradigan mashinalar - generatorlar deyiladi (dinamomashinalar, sovutgichlar). 4. Nazorat qiluvchi va boshqaruvchi mashinalar. 5. Axborotni to’plash, saqlash, qayta ishlash, uzatish va qo’llash uchun ishlatiladigan mashinalar kibernetik mashinalar deyiladi. Hozirgi zamon texnikasini elektron hisoblash mashinalari, avtomatik boshqarish tizimlarisiz tasavvur qilish qiyindir. Demak, mashina uzellardan, uzellar esa detallardan tuzilgan bo’lar ekan. Boltlar, gaykalar, tishli uzatmalar, tasmali uzatmalar, podshipniklar, vallar va boshqalar shular jumlasidandir. Bunday detal va uzellar mashinalarda umumiy vazifalarni bajaradi. Ularning tuzilishi hamda loyihalanish usullari «Mashina detallari» fanida o’rganiladi. - Mexanika (Mashina detallari) fani muhandislik amaliyotida ko’plab uchraydigan, deyarli barcha turdagi mashinalar uchun umumiy bo’lgan detal va uzellarning tuzilishini hamda ularni iqtisodiy jihatdan tejamli qilib hisoblash va loyihalash usullarini o’rganuvchi fandir. Shu bilan birga, u mexanika-mashinasozlik ixtisosliklarini o’rganuvchi maxsus fanlarning asosi hisoblanadi.
- Mexanika(Mashina detallari) fanida o’rganiladigan asosiy detal va uzellar quyidagilardan iborat:
- 1. Detallardan uzellar, uzellardan mashina hosil qilish uchun ularni o’zaro qandaydir vosita bilan bir-biriga biriktirish zarur. Anna shunday vazifani o’taydigan birikmalar va ularni tashkil qiluvchi qismlar guruhi mazkur fanda o’rganiladigan detallarning birinchi turkumini tashkil etadi.
- 2. Mashinaning energiya manbai bilan ish bajaruvchi qismlari orasida joylashib, harakat tezligini talab qilinganicha boshqarishga imkon beradigan vosita har turli uzatmalardir. Bunday uzatmalar va ularni hosil qiluvchi detallar «Mashina detallari» kursining yana bir qismini tashkil qiladi.
- 3. Ma’lumki, aylanadigan har qanday detalning harakatini ta’minlash va ularni o’rnatish uchun val va o’qlar deb ataladigan detallardan foydalaniladi. Val va o’qlar o’zlarining tayanchlariga ega bo’lishi kerak. Bundan tashqari, harakatlanadigan bir uzel ikkinchi uzel bilan o’zining vallari orqali ulanadi. Vallarni ulash uchun esa har turli muftalardan foydalaniladi. Binobarin, talab qilingan aylanma harakatni ta’minlaydigan vallar, o’qlar va ularning tayanchlari hamda vallarni bir-biri bilan ulaydigan muftalar mashina detallarining navbatdagi turkumini tashkil qiladi.
- 4. Yuqorida ko’rsatilganlardan tashqari, turli prujinalar, moylash tizimini tashkil qiluvchi qismlar, korpus detallar va shu kabilar ham deyarli barcha mashinalarda uchraydi va mazkur fanda o’rganiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |